OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nabi Jaloliddin (1962)

http://www.ziyouz.com/images/nabi_jaloliddin.jpgNabi Jaloliddin (Jalolov) 1962-yili 2-may kuni Andijon viloyati Izboskan tumanidagi Jonobod qishlog`ida tug`ilgan.
Afg`on urushi qatnashchisi (1981-83-yy.). 1993-yili Toshkent davlat universiteti(hozirgi — O`zMU)ning jurnalistika fakultetini (sirtqi) bitirgan. O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi. 
Nabi Jaloliddinning she`riy — “Hur nido”, “Yalpizli kecha”, “Sen bilan qolmayman”, “Ko`ngil ozod” va nasriy — “O`limning rangi”, “Erkagi bor uy” kitoblari nashr etilgan. “Xayyom” romani (Umar Xayyom haqida) 2006-yili “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilgan. U “O`limning rangi”, “Yig`i”, “Bolalar”, “Jin” kabi qissalar muallfi ham. 
O`ziga xos uslubda yozilgan “Qurb” romani esa yozuvchining hozircha so`nggi asarlaridan. 


BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM 

* * *

Ilohi, bir kuni uyg‘onsam
To‘kilgan yuragim quchoqlab,
Kipriklarim poxoldek yonsa,
Tanamda qayrilsa pichoqlar.
“Sabr! Sabr!” – desa Sarvarim,
Sabrni yutolmay yutinsam.
Qismat bitik falak daftarin
Qayta yozmog‘ini o‘tinsam.
Bilaman, so‘zlarim shamol,
Ko‘zlarim o‘choq bo‘lishin.
Kech otguvchi orzular xayol,
Xayollarning erta o‘lishin,
Bilaman!..
Ilohi, baribir uyg‘onsam...

1994


TILAK

Kunlarim ohista sudralib o‘tar,
Mungli hissiyotlar qiynar beomon.
Qalbimga sevgini orttirib  ketar,
Xayollar chekini tutmoq noayon.

Behuda o‘ylarga yo‘q menda toqat,
Chalkash xayollardan bezgan bu yurak.
Qalbimdan joy olar sitamlar qat-qat,
Og‘ir tuyg‘ulardan jon bo‘lib halak.

Shukuhsiz xayollar, mungli xayollar,
Behuda kelmang siz, yo‘q bo‘ling, mayli.
Umrim o‘taqolsin shu muhabbatda,
Men bo‘lay Majnunu yor bo‘lib Layli.

1980


U MENMAN

Yorim, yellar seni beozor turtsa,
Uning so‘zlariga quloq sol bir on.
Yellarning tilida hijron o‘tining
Dardu fig‘onidan so‘ylaydi inson.
U menman,
Olis o‘lka sari chorlagan Vatan.

Ba’zan xayolingni qushlar chug‘uri
O‘g‘irlab, qo‘lingga gul tutsa nogoh,
Qushning qo‘li ila nafis dil rozin,
Yoring tutayotir, bo‘lolgin ogoh.
U menman,
Olis o‘lka sari chorlagan Vatan.

Tabiat qo‘ynida yurganing mahal,
Yomg‘ir tomchilari qo‘nsa labingga.
Bilgilki, sog‘inchdan o‘rtangan yurak
Hadya eta oldi bo‘sa labingga.
U menman,
Olis o‘lka sari chorlagan Vatan.

1982, Hirot


VAQT

Otamni olib ketdi,
Onamni olib ketdi,
Hali yurakdan yig‘lashni o‘rganmay.
Non oqizoq qilgan damlarim o‘tdi.
Endi u suvlarda 
O‘ylarim oqadi tinmay.

Yosh boshimga qorlar yog‘di ayozli,
Quyoshsiz umrimda muzga aylandi.
Dilga g‘amgin xotiralar yozdi
Ham ma’yus she’rlarga ayladi bandi.

Ana, u sevgimni opichlab borar,
Ana, orzularni quvmoqda.
Hali men uyqudan uyg‘onmay,
U yuz-qo‘lini yuvmoqda.

1987


MEN SENI KUTAMAN

Qotib tursang qorachig‘imda,
Jisming qolsa qarog‘imda ham,
Bardoshlarning yoqasin yirtib,
Qonishlarga yetkazib alam,
Men seni kutaman!

Hijron – 
Bir oyoq siqqulik o‘lcham,
Yurak –
Panjalarga tutilgan titroq.
O‘shal shirin hijronni bosib,
Yuragimni aylabon quchoq,
Men seni kutaman!

Sochlaring –
Yuzimni siypagan sabo,
Jisming –
Bag‘rimdagi bir hovuch visol.
Lablaring – boyvuchcha,
Men esam gado,
Jismingni suv kabi sipqorib, halol,
Men seni kutaman!

1988


XOTIRA

O‘rikning gullari to‘kilar,
Uning uchishlari – xotira.
Yaproqlar uyg‘onmay uyqudan
Kurtakni o‘ylarga botirar...

Otam barmoqlari cho‘kkan loy suvoq – 
Xotira yam-yashil tomlardan.
Tuproqqa qorishgan non uvoq
Yodnoma to‘qchilik onlardan.

Uydagi bolamning beshigi
Uyqudan ayrilgan tonglarim.
Xonamning lang ochiq eshigi,
O‘zingga intizor onlarim.

1988


VATANNI ANGLASH

Bir oz to‘xtang!
Samoga boqing!
Chekkasini ko‘roldingizmi?
Axir osmon shunchalar yaqin – 
Aytguncha  bor faqat bir so‘zni.

Endi esa ko‘zingiz yuming!
Qattiqroq,
Og‘rib ketsin kipriklar joni.
Og‘ridimi?..
Aylandimi boshginangiz ming?!..
Asrang o‘shal achishgan joyni.
Asrang ming-ming aylangan joyni.

1988


HAQIQAT

Egildi,
Egilaverdi
Sinaqolmadi!..
Yana juldur bo‘ldi to‘nimiz.
O‘yinchog‘in talashib
Olgan boladek –
Shu bukriga qoldi kunimiz...

1989


KO‘RSHAPALAK

Yorug‘ning dastidan dod deya zulmat,
Qaro bag‘rlarga uradi o‘zin.
Tun bir siqim ziyoni yamlab,
Yana ko‘r sharpaga beradi izn...

Zulmat, sen o‘zingsan nurli jahonim!..
Ziyo bandalari yoturlar uxlab.
Pinjiga tiqilgan kichik ayvonning –
Ul yorug‘ yuziga o‘turman tuflab...

1990


ARMON

Umrim kushandasi odamxo‘r yillar
Bolalik bekatin olib qochishdi.
Notanish oqayotgan ariqlar yig‘lar,
Dardiga chidolmay men aytgan tushning.
Faqatgina Siz yo‘q.

O‘ttizga to‘lguvchi men g‘arib go‘dak,
Devorga boshimni urib yoraman.
Bu sarg‘ish devorda siz qilgan tilak –
Uvali-juvali bo‘lib boraman.
Faqatgina Siz yo‘q.

Sog‘inchning ranglari qo‘nar boshimga,
Bolam onasini chorlagan sayin.
Bola bo‘lib qolgim kelgan yoshimda
Endi men kimlarni siz deb atayin?!
Axir...
Axir Siz yo‘q!

Meni qoqintirgan ostona yotdir,
Mehribon jilmaygan yorim begona.
Imtihon olayotgan foniy hayotdin 
Ketib qolgim kelar tonib devona,
Chunki bunda Siz yo‘q!..

Mana, kirib keldi ketmoniy fasl,
Sizning ketmoningiz yetimdir lekin.
Sizni ado qilgan uning dastasin
O‘zbek bo‘lsam hamki sindiraymikin?!
Axir u bor...
Siz yo‘q,
Faqatgina Siz!..

1990


UMAR XAYYOM

Oy qamalib g‘arib hujraga,
Suzuk ko‘zda jilva qiladi.
Nigoh so‘lg‘in,
Yurak ichra gar,
Mastona his o‘ksik kuladi.

Olam darvozasi to‘rt devor aro
Mastona hislarga turar lang ochiq.
To‘rt satr oralab oyning jilvasi
Devona falsafa o‘tadi sochib.

So‘lg‘in nigoh ichra 
Sonsiz oyoqlar,
Chalishib, qoqilib o‘tar har yona.
Oyoqlar bir yonu 
Bosh bir yon oqar,
Dunyo mayxonadir
Dunyo mayxona!..

1990


GO‘ZAL ISMLAR MADHI
(Asmai husna)

Bismillahir Rohmanir Rohiym 

1.

Yo Rahiym, shafqating yomg‘irday yog‘ar, 
Yomg‘irda erigan tuproqman o‘zim.
Karam ummonida baliqman magar, 
«Karam qayda?» degan gumrohman o‘zim. 
Yo Rahiym, yo Rahiym, yo Rahiym, Olloh!

2.

Yo Rahmon, izzatu ikrom odamga, 
Rizq bergan, barchaga shaklu shamoyil.
Zohirbinlar butkul unutgan damda, 
Sen foniy ne bo‘lsa berursan, qoyil. 
Yo Rahmon, yo Rahmon, yo Rahmon, Olloh!

3.

Yo Malik, dunyo-yu oxirat uzra, 
O‘n sakkiz ming olam yoritar charog‘. 
Tuproqqa bosh urib, go‘dakday bo‘zlab,
Ismingga to‘ladi har nafasim, oh. 
Yo Malik, yo Malik, yo Malik, Olloh!

4.

Yo Aziz, bu shirin jon qadar aziz, 
Jonimning egasi avvalu oxir. 
Foniy nigohlarga nihondir hargiz, 
Har jonli, jonsizda qudrati zohir. 
Yo Aziz, yo Aziz, yo Aziz, Olloh!

5.

Yo Quddus, zoti borki aybdan holi, 
Ey, ko‘kda quyoshni yaratgan oftob. 
Sen Arshdan esguvchi rahmat shamoli,
Nuqsonlar ahliga benuqson xitob. 
Yo Quddus, yo Quddus, yo Quddus, Olloh!

6.

Yo Salom, olamlar mehvarin toji, 
Ko‘ngilga ilmi hol jolagan olim. 
Faxri koinotning tanho me’roji, 
Nafasim poklagan ismi halolim, 
Yo Salom, yo Salom, yo Salom, Olloh!

7.

Yo Jabbor, jabringdir jahannam jabri, 
Jom tutgan johillar jabringdan g‘ofil.
Dilga g‘assol o‘lsa hidoyat abri, 
Hamisha quloqda suri Isrofil, 
Yo Jabbor, yo Jabbor, yo Jabbor, Olloh!

8.

Yo Mo‘‘min, nabiylar keltirgan payg‘om,
Kiprikda billurday titragan sog‘inch. 
Sen uqbo tasdig‘i va dunyo yolg‘on-
Odamning boshida o‘ynagan qilich, 
Yo Mo‘‘min, yo Mo‘‘min, yo Mo‘‘min, Olloh!

9.

Yo Muhaymin, ayon zohiru nihon, 
Haddan kuzatguvchi, hardan ogoh u. 
Qibla bo‘lganda ham, ayo, to‘rt tomon, 
Har yaproq, har maysa ko‘zi beuyqu, 
Yo Muhaymin, yo Muhayman, yo Olloh!

10.

Yo Mutakabbir, o, tanho kibriyo, 
Jamolda toqqinam, Arshusi yuksak. 
Alhol kibr tutmish yo qilmish riyo 
Odamni aylagay nafsiga eshak. 
Yo Mutakabbir, yo Ollohu Akbar!

11.

Yo Holiq, tutmish dil ishqing bayotin, 
Shu ishqda keturmiz jismi adamga. 
Zikringda qalbni mahv etmas shayotin, 
O‘zing yaratguvchi, sohib odamga, 
Yo Holiq, yo Holiq, yo Holiq, Olloh!

12.

Yo Boriy barorim, haqqul mustaqiym,
Sharafli ayladi Uning bir dami. 
Tufroqni o‘ziga qilgandi yaqiyn 
Odami Atoni yaratgan dami, 
Yo Boriy, yo Boriy, yo Boriy, Olloh!

13.

Yo Musavvir, olamga shakl va surat 
Bergan jamolidan oqar tajalliy. 
«Iqro»dek hayotbaxsh «Bo‘l» degan sur’at 
Va «bo‘l»dek Qazoi Qadar azaliy. 
Yo Musavvir, yo Musavvir, yo Olloh!

21.

Yo Bosit, ruhlantirib ruhila bizni, 
Ruh va jon ahliga aylagan dohil. 
Yerda xalifalik – bu uning izni, 
Ruhul tajalliyga asos Ul oqil. 
Yo Bosit, yo Bosit, yo Bosit, Olloh!

22.

Yo Hofiz, berguvchi insonga davlat, 
Farovon qilguvchi ham hayotini. 
Baxsh etib sarbaland uylar va savlat, 
Yerga qoriguvchi darajotini. 
Yo Hofiz, yo Hofiz, yo Hofiz, Olloh!

23.

Yo Rofiy, gadoy etgay, qalandar ham, 
Yer tirnab yashagay garchi fanoda. 
Voh, Ajr kunida ko‘rsatib karam,
Tirnoqlarin hurlar yuvar xinoda. 
Yo Rofiy, yo Rofiy, yo Rofiy, Olloh!

24.

Yo Muizz, so‘rganga berguvchi avlod, 
Dunyoda siymu zar, obro‘ e’tibor. 
Ham nasib aylagay ikkinchi hayot, 
Jannatda vasliga etgay sazovor. 
Yo Muizz, yo Muizz, yo Muizz, Olloh!

25.

Yo Muzill, U istadi, bo‘ldi haqir, 
Gar istasa, kelguvsi nochorlik ham. 
Ayo, baland-pastdir ilohiy taqdir, 
Jannatdan quvilmish sharafli Odam. 
Yo Muzill, yo Muzill, yo Muzill, Olloh!

26.

Yo Samiy, tinglagan botin so‘zimni, 
Oshkora zikrimdan ogoh hamiyda. 
Kitobday o‘qigan yoshli ko‘zimni, 
Men g‘ofil qolganni bilmish fariyda. 
Yo Samiy, yo Samiy, yo Samiy, Olloh!

27.

Yo Basiyr, har joyda qutlug‘ nazari, 
Yaxshi-yomonlarni ko‘rguvchi uldir.
Zikrullohdan ruhlar borar tozarib, 
Zikr ko‘ngillarda ochilgan guldir. 
Yo Basiyr, yo Basiyr, yo Basiyr, Olloh!

34

Yo G‘ofur, istasa, gunohlar hechdir, 
Savobim mo‘l degan oh-vohlar hechdir. 
O‘zi hisobchidir, o‘zi kechguvchi, 
Yerdan unib chiqqan ilohlar hechdir. 
Yo G‘ofur, yo G‘ofur, yo G‘ofur, Olloh!

35

Yo Shokir, siylaguvchi o‘zing oxir, 
Kichik amalimni ziyoda sanab. 
Ayo, qalbimdagi mangu javohir, 
Zikringda zokirman men rahmat talab. 
Yo Shokir, yo Shokir, yo Shokir, Olloh!

36.

Yo Oliy, Arshudan sohib jamolim, 
O‘zga anglayolmas buyuk kamolim. 
Sifati hisobsiz, qamrovi behad, 
O‘zi javobimdir, o‘zi savolim. 
Yo Oliy, yo Oliy, yo Oliy, Olloh!

37.

Yo Kabir, boru bor, vujudul vujud,
Mavjudlar ichinda yagona mavjud. 
Nabiylar, valiylar, sohibi hollar 
Isming zikridan ham bo‘lganlar behud. 
Yo Kabir, yo Kabir, yo Kabir, Olloh!

38.

Yo Hafiz, asragay jumla jahonni, 
Osmonni qulashdan, Yerni cho‘kishdan.
Quritmayin suvni, to‘smay havoni, 
Saqlagay Quyoshning shamin o‘chishdan. 
Yo Hafiz, yo Hafiz, yo Hafiz, Olloh!!

39.

Yo Muqit, u rizqlar yaratgan, sochgan, 
Saxiy qudratiga qilgan egalik. 
Himmat eshigini baralla ochgan, 
Sonsiz hotamlarning egasi Malik 
Yo Muqit, yo Muqit, yo Muqit, Olloh!

40.

Yo Hasib, boshimda hamisha qoyim, 
Bilguvchi tirnoqdan sochimga qadar. 
Sening hukming ila qorilgan loyim, 
Demak, bir nafasim ketmagay badar. 
Yo Hasib, yo Hasib, yo Hasib, Olloh!

48.

Yo Majid, ikromi mo‘l, shoni yuksak, 
Shoni yuksaklarda sharaflangan zot. 
Oyga boqib imdod so‘raydi har sak, 
Ne ko‘yda jannatdan tushgan odamzot. 
Yo Majid, yo Majid, yo Majid, Olloh!

49.

Yo Ba’is, tiriltirgay oxir kuni, 
Ham qabrdan daraxtday o‘sadi odam. 
Hazrati Iysoda ko‘rsatgan buni, 
Nabiy nafasidan o‘lik turgan dam. 
Yo Ba’is, yo Ba’is, yo Ba’is, Olloh!

50.

Yo Shohid, ogoh erur har narsadan, 
Shohidligi kitobida barqaror. 
Ona rahmidagi tomchi nutfadan 
Ruhsiz jasadgacha o‘zi xabardor. 
Yo Shohid, yo Shohid, yo Shohid, Olloh!

51.

Yo Haq, eshiklarning eshigi tavba, 
Sen tomon qaytishdir, qaytish sen tomon. 
Sen mutlaq Haqiqat, yagona haybat, 
Yuraklarga qo‘rquv solguvchi chunon. 
Yo Haq, yo Haq, yo Haq, Ollohu Akbar!

52.

Yo Vakil, yaratgan jumla jonzotni, 
Bitirguvchi ham ularning ishlarin.
Imtihonga joy qilgan bu hayotni, 
Almashtirgan yozini ham qishlarin. 
Yo Vakil, yo Vakil, yo Vakil, Olloh!

53.

Yo Qoviyy, misli yo‘q kuchu qudratin, 
Mahshar maydonida bo‘lurmiz qoyim. 
Mudom cho‘zar ekan sinov muddatin, 
Odam istig‘forga kelmaydi doim. 
Yo Qoviyy, yo Qoviyy, yo Qoviyy, Olloh!

54.

Yo Matin, abadiy sog‘u-salomat, 
Mevalar yaratib, aylagan turfa. 
Buloq suvlariga bergan barokat, 
Jonzotga tanu jon qilolgan tuhfa. 
Yo Matin, yo Matin, yo Matin, Olloh!

61.

Yo Mumiyt, «har kuni ish-amaldadir»,*
Ajal sharobini ichirguvchi U.
Gar nafsi shaytoniy xos qamaldadir,
Qazo-la vasliga yetkazar mangu.
Yo Mumiyt, yo Mumiyt, yo Mumiyt, Olloh!
________
  «U zot har kuni ish-amaldadir.», Qur’on, 55-sura, 29-oyat.

62.

Yo Hay, mangu boru abadiy tirik, 
Omon istaganga bo‘lguvchi panoh. 
Kuchu qudratiga topilmas sherik 
Va isboti «La ilaha illalloh». 
Yo Hay, yo Hay, yo Hay, Ollohu Akbar!

63.

Yo Qoyyum, nafsi o‘zgarmagay, nafsi yo‘q, 
Hech kimga ehtiyoj sezmagan Qodir. 
Tillarga, dillarga zikri solgan cho‘g‘. 
Hech yerda ko‘rinmas, har yerda sodir. 
Yo Qoyyum, yo Qoyyum, yo Qoyyum, Olloh!

64.

Yo Vajid, hukmida titraydi har barg, 
O‘zi bilguvchidir istaganini. 
Barchasi izmida-tiriklik va marg, 
Bandasi ololmas qistaganini. 
Yo Vajid, yo Vajid, yo Vajid, Olloh!

65.

Yo Mojid, dengizlar chayqalar, dovul    
Va to‘fonlar tursa, chaqsa yildirim, 
Karami oldida bir uchquncha, bil, 
Ehsoni barini qo‘yar tindirib. 
Yo Mojid, yo Mojid, yo Mojid, Olloh!

66.

Yo Vohid, misli yo‘q, yo‘qdir qiyosi, 
Har nedan voqif ul yagona iloh. 
Dunyoning jilvasi, hayot jilosi –
Do‘zax istig‘nosi, ishvai gunoh. 
Yo Vohid, yo Vohid, yo Vohid, Olloh!

73.

Yo Oxir, buyukligin yo‘q oxiri, 
Har narsa, hodisot adosi o‘zi. 
Jumla bokirlarning sohib bokiri, 
Odamga jon oziq bo‘lgandir so‘zi. 
Yo Oxir, yo Oxir, yo Oxir, Olloh!

74.

Yo Zohir, har yerda mavjud yagona, 
Sonsiz dalillarda borligi oshkor. 
«U buyukdir» degan o‘shal mardona 
Demoqchi - «Ikkinchi yana kimdir bor»*.
Yo Zohir, yo Zohir, yo Zohir, Olloh!
____________
Hazrati Rumiy so‘zi.

75.

Yo Botin, ilg‘amas odam idroki, 
Borligi yashirin tasavvurlardan. 
Qalbimda naqshin ul nomlarning poki, 
O‘zi ozodroqdir jami hurlardan. 
Yo Botin, yo Botin, yo Botin, Olloh!

76.

Yo Voliy, har jonli, jonsizning o‘zi 
Ishin bitirguvchi hojatbarori. 
Odamzot umrining bahaq kunduzi, 
Ikki dunyoda ham najotbaxsh yori. 
Yo Voliy, yo Voliy, yo Voliy, Olloh!

77.

Yo Mutaalo, a’lolardan a’lo, 
Ul buyuk zotini bilguvchi zoti. 
Zikrida qoyimga kelmagay balo, 
Iymon huzuridir hayotning toti. 
Yo Mutaalo, yo Ollohu Akbar!

78.   

Yo Barr, deganlar «Faqirlik-mening faxrim»,
Hazrati risolat Rasuli Akram. 
Me’roj kechasida Arshuning sahnin 
Faqrlikning nuri yoritgan ekan. 
Yo Barr, yo Barr, yo Barr, Ollohu Akbar!

85

Yo Muqsit, mazlumlar haqqini zolim 
Zotlardan olguvchi Haqqul Adolat. 
Ko‘ngildek ma’voni yaratgan olim 
Va komil dillarga solgan halovat.   
Yo Muqsit, yo Muqsit, yo Muqsit, Olloh!

86

Yo Jamiy, tilaging tilagi unda, 
Ko‘nglingda har kechgan istakdan voqif. 
Kunduzga orzumand bo‘lsang sen tunda, 
Olamni yoritar Oy, yulduz yoqib. 
Yo Jamiy, yo Jamiy, yo Jamiy, Olloh!

87.

Yo G‘aniy, u juda badavlat, g‘olib, 
Mustag‘niydir har kimsadan manguga. 
Shaytoni la’inni jannatdan olib, 
Odamzot qonidan joy bergan unga, 
Yo G‘aniy, yo G‘aniy, yo G‘aniy, Olloh!

88

Yo Mug‘niy, kimki ne istasa bergay, 
Mol-davlatga ko‘mar tanlaganini. 
Tafakkur kishisi hikmatlar tergay, 
Eslab Fir’avndan qolgan ma’nini.
Yo Mug‘niy, yo Mug‘niy, yo Mug‘niy, Olloh!

89

Yo Maniy, to‘sqinlik qilmagan aslo 
Bunyod bo‘lishiga narsaning biror. 
Bir qarang, ul sun’iy yurak va hatto 
Ajal urug‘iday qurollar ham bor. 
Yo Maniy, yo Maniy, yo Maniy, Olloh!

90.

Yo Zorr, qamashtirar dunyo ko‘zlarin, 
Olov yondiradi, to‘ydiradi suv. 
Dahrning yarmi foyda, ziyonli yarmi, 
Buyuk muvozanat sohibidir u. 
Yo Zorr, yo Zorr, yo Zorr, Ollohu Akbar!

97.

Yo Voris, ezilgan bir don ostida
Chumoli holi ham o‘ziga ayon.
Mahshar kuni qoyim yolg‘on-rostida
O‘z jismin izlaydi har bir foniy jon.
Yo Voris, yo Voris, yo Voris, Olloh! 

98.

Yo Rashid, na kerak dalilu isbot,
Aniq ko‘rguvchidir har nimarsani.
Mazmun-mohiyatga ega yolg‘iz zot,
Nohaq hukm etmagay biron kimsani.
Yo Rashid, yo Rashid, yo Rashid, Olloh!

99.

Yo Sobur, sabrimga sohib sarvarim, 
Zikrida tunlari bedor quliman. 
Bir kam dunyo axir, ko‘ngil ham yarim, 
Dunyo-armon, bino bo‘lgan kunidan. 
Yo Sobur, yo Sobur, yo Sobur, Olloh! 

100

Yo Olloh, asmai husna madhida 
Bir-ikki so‘z aytganim bordir. 
Nelar bitgan bo‘lsam nelar haqida 
Balki eng go‘zali ushbu ash’ordir. 
Yo Olloh, yo Olloh, yo Buyuk Olloh!

Ushbu zikrullohning savobini aziz ota-onamning tabarruk ruhlariga ehtirom ila baxshida etdim. Ollohu Akbar!

2001

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.