OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Farida Husainova (1959)

http://ziyouz.com/rasmlar/poets/farida_husainova.jpgFarida Husainova 1959-yilda tug‘ilgan. 1976-1980-yillarda Qo‘qon Davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetida o‘qigan. Shoiraning “Sunbulginam”, “Porlayotgan shu’la” nomli she’riy to‘plamlari nashr etilgan.


 Kuz manzarasi

Qushlar tashlab ketdi daraxtni, 
Qalbi to‘la nolalar qoldi. 
Zumrad barglar sog‘inch ranggida, 
Qarog‘ida jolalar qoldi.

Iztirobdan titraydi tani, 
Kiyar faqat hijronrang libos.
Sog‘inchini barg – maktubiga 
Yozar tinmay oshiqlarga xos.

Taskin berar rahmat yomg‘iri,
Boshlarini mayin silaydi.
Tortiq etar billuriy sirg‘a, 
Poklantirib baxtin tilaydi.

Sinchkov shamol sirin o‘g‘irlab, 
Qalb izhorin o‘qiydi ochib. 
Haddan oshsa tortqilab olib, 
Zamin uzra yuborar sochib.


 Qaldirg‘och

Hofizlar qolgaydir qaldirg‘och bo‘lib. 
Oydin Hojieva.

Charx uradi sodiq qaldirg‘och, 
Moviy ko‘kning keng quchog‘ida. 
U sodiq do‘st, gulmi yo bo‘znoch, 
Muhabbatdir dil ardog‘ida.

U mehrni chuqur qilar his, 
Bormi yoki dil tarozisi?
Keng osmondan yumolmaydi ko‘z, 
Keng osmondir mudom orzusi.

Ayriliqda bo‘zlaydi nolon, 
Ko‘zlariga yoshlar to‘ladi. 
Hatto, yovi – ayyor ilonning 
Qo‘ynidagi g‘ashlar o‘ladi.

Charx uradi sodiq qaldirg‘och,
 Yuksaklarda, ko‘kning toqida. 
Boshlarida sadoqatdan toj, 
Muhabbatdir dil ardog‘ida.


To‘ldirib kel hayotning kamin

Ko‘zlaringday musaffo osmon,
Nur sochadi ziyobaxsh umid. 
Nur – kamalak tortilgan kamon,
Parqularin sudraydi bulut.

Isming yodga soladi shamol, 
Quvonchingni ardoqlar ko‘ngil.
Hayrat ichra quyosh turar lol, 
Iforlarin nisor etar gul. 

Gar masofa yiroq bo‘lsa ham, 
Ko‘ngil yaqin, axir, azizim. 
Armonlarin quchoqlab mahkam, 
Sog‘inchlarim bedordir har zum. 

Kim aytadi, osmon, deb, yiroq, 
Xayollarim qanoti uchqur. 
Tuyg‘ularim gul ochar bodroq,
Sim qoqqanda e’tibor bir qur. 

Umidlarim maysasi durkun, 
Yumshoq tortib boradi zamin. 
Borliq tutar mo‘‘jiza har kun, 
To‘ldirib kel hayotning kamin.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.