OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zulfiya Mo‘minova (1959)

 Zulfiya Mo‘minova 1959 yil 15 iyulda Samarqand viloyatining Narpay tumanida tug‘ilgan. ToshDUning filologiya fakultetini tamomlagan (1985). Dastlabki she’riy to‘plami — «Vatan tashlab ketmaydi» (1888). Shundan so‘ng shoiraning «Beshiklarni asragin, dunyo» (1988), «Yonayotgan ayol» (1993), «Azizim, baxtiyorman» (1997) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan (2000).



* * *

Ayolga baxt bering, saodat bering, 
Demang yuribdi-ku kulib, jilmayib. 
Ayol kulib turib o‘lishi mumkin, 
Dunyoni olishi mumkin jilmayib. 

Ayolga baxt bering, saodat bering, 
Gar ko‘zlari kulib tursa-da, 
Bo‘g‘zining ostida necha ming hasrat, 
Oy yuzlari kulib tursa-da... 

Ko‘nglini ko‘taring hech bo‘lmaganda, 
Qo‘lini silashga shafoat toping. 
Yig‘lab turganida hech bo‘lmaganda, 
Yoshini artishga muruvvat toping. 

Nogoh yerga tushsa oppok ro‘moli, 
Bosib o‘tmaslikka shafoat toping.
Chaqaloq yalagan etaklarini 
Toza deb aytishga adolat toping. 

Ayolga baxt bering, saodat bering, 
Demang yuribdi-ku kulib, jilmayib. 
Ayol kulib turib o‘lishi mumkin, 
Dunyoni olishi mumkin jilmayib. 

Ayolga baxt bering, saodat bering, 
Illohi nur toping, hidoyat toping. 
Illohi baxt bergan ayol yonidan 
Baxtiyor o‘tmokqa inoyat toping. 

Illohi qalqonsiz, illoh qo‘rg‘onsiz 
G’iybatlar yirtmasin ko‘ylakkinasin. 
Illohi hushyorsiz, illoh bedorsiz, 
Itlar tishlamasin yurakkinasin. 

Ayolga baxt bering, saodat bering, 
Tog‘ qimirlab, toshlar so‘zga kirsa-da, 
Ayolga baxt bering, saodat bering, -
Oltmishga kirsa-da, yuzga kirsa-da.

* * *

Mana turna qaytdi, qaytdi qumrilar, 
Qay daraxt yiqildi, qay tosh surildi, 
Boshga tushganini ko‘z-la ko‘rilar, 
Turnalar qaytguncha omon bo‘laylik.

Qay kun turna qaytdi, onam qaytmadi, 
Ko‘ngli yarim-ku, deb hech kim aytmadi. 
Dunyo vaslu, vido uchrar baytmidi, 
Turnalar qaytguncha omon bo‘laylik.

Umr - mahzungida matal, kutaylik, 
Eshiklar yonida mahtal, kutaylik, 
Turnalarni to‘rtko‘z tugal kutaylik, 
Turnalar qaytguncha omon bo‘laylik.

Men ko‘nglimning quli, o‘zing hushyor bo‘l, 
Menga tosh otsalar, tani devor bo‘l. 
Do‘stim, sen o‘lmagin, yonimda bor bo‘l, 
Turnalar qaytguncha omon bo‘laylik.

Izlasak - anqo ne, anqo topilar, 
Har kimga bir joni fido topilar, 
«Odam topilmaydi, dunyo topilar», 
Turnalar qaytguncha omon bo‘laylik.

Goh bilib-bildirmay o‘tar odamlar, 
Suvga ketgan kabi ketar odamlar, 
Dunyo barchamizga yetar, odamlar... 
Turnalar qaytguncha omon bo‘laylik.

VATAN

Shu Vatanni sevaman jondan, 
Sevdim - yana go‘zal bo‘ldi u. 
Oqqush bo‘ldi har tushgan qori, 
Har yomg‘iri asal bo‘ldi u.

Qo‘limga suv quydi bulog‘i, 
Shamollari tugdilar sochiq. 
U qo‘lini ochgani sayin, 
Yo‘li bo‘ldi shunchalar ochiq.

Shu Vatanni sevaman jondan, 
Sevdim - yana dilbar bo‘ldi u. 
Oq kaptarlar - opam, singlimu 
Jayronlari jigar bo‘ldi u.

Gulzor ichra xonqizchalari 
Labin qo‘ydi barmoqlarimga. 
Musichasi tunlari yuvvosh, 
Yurib chiqdi qaboqlarimda.

Shu Vatanni sevaman jondan, 
Sevdim - baxti bekam bo‘ldi u. 
Bo‘richalar emishganlarim, 
Qoplonlari akam bo‘ldi u.

Shu Vatanni sevaman jondan, 
Sevdim - qatra qonim bo‘ldi u. 
Ko‘zim, so‘zim, umri bayonim, 
Jonim bo‘ldi, jonim bo‘ldi u.

FOZIL EL TARAFDAMAN

Qaydasan, deb so‘rmagin, 
Men ko‘ngil tarafdaman, 
Sen mening jonimdasan degan 
Shirin til tarafdaman.

Qirmizi qabokdaman, 
Qizil gul tarafdaman, 
Bargida durri shabarro‘z 
Atirgul tarafdaman.

Chuchmomalar chiroq yoqqan 
Nurli yo‘l tarafdaman. 
O’zbekiston, deb kuylagan 
Shod bulbul tarafdaman.

Oydin oqshom g‘azal aytgan, 
Oydin dil tarafdaman. 
Parishtalar olma otgan 
Oynako‘l tarafdaman.

Devonai dalli emas, 
Sof aql tarafdaman, 
Navoiyda, Yassaviyda, 
Men Bedil tarafdaman.

Bayramdaman, xurramdaman, 
To‘y, sayil tarafdaman. 
Yurtni g‘aflatdan uyg‘otgan 
Fozil el tarafdaman.

Qaydasan, deb so‘rmagin, 
Men ko‘ngil tarafdaman, 
Sen mening jonimdasan degan 
Shirin til tarafdaman.

Qirmizi qaboqdaman, 
Qizil gul tarafdaman, 
Bargida durri shabarro‘z 
Atirgul tarafdaman.

ALISHMASMAN

Jonim Vatan, jon tomiring
Tillolarga alishmasman. 
Shiroq o‘tgan sahrolaring 
Daryolarga alishmasman.

Ko‘zim Vatan, qaro ko‘zing 
Qiyolarga alishmasman. 
Qahratonda qorlarining 
Javzolarga alishmasman.

Navoiyning hasratlarin 
Havolarga alishmasman. 
Shoh Boburning furqatlarin 
Ro‘yolarga alishmasman.

Qadrim Vatan, dil daftaring 
Insholarga alishmasman. 
Zangi otam duolarin 
Shifolarga alishmasman.

Jonim Vatan, jon tomiring 
Tillolarga alishmasman. 
Shiroq o‘tgan sahrolaring 
Daryolarga alishmasman.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.