OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G'ayrat Majid (1976)

 Gayrat Majid 1976 yil, 14 yanvarda Qashqadaryo viloyati, Kitob tumani, Xo`jailmkoni qishlog`ida tug`ilgan. O`zb?kiston Milliy Universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Ayni damlarda u "Yoshlar” teleradiokanalida xizmat qiladi. O`zbekiston yozuvchilar uyushmasi a'zosi.
G`ayrat Majidning nashr etilgan kitoblari ro`yxati:
1. "Gul sanam” (1997 y. G`afur G`ulom nomidagi adabiyot va san'at nashriyoti.)
2. "Hech kimga o`xshamaysan” (2000 y. "Yozuvchi” nashriyoti)
3. "Ko`zlaringni sog`inaman” (2006 y. "Akademiya” nashriyoti)
4. "Ko`ksimdagi yulduzlar” (2008 y. "Sharq” nashriyoti)
5. "Ishqqa borar yo`l” (2009 y. "O`zbekiston” nashriyoti)

* * *

Vatan osmonlardan yuksakda, bilsang,
Eng toza maslagu tilakda, bilsang.
Ey odam, avvalo, yurakni ulg‘ayt,
Vatan yurakdadir, yurakda, bilsang.

* * *

Bulbul nolasini gulga to‘kkaydir,
Osmon yoshlarini gilga to‘kkaydir.
Dunyo, sen dard nima — bilmay ketasan,
Chunki dil ohlarin dilga to‘kkaydir.

* * *

Zamon ne, sen dilning zamonida bo‘l,
Zabon ne, sen dilning zabonida bo‘l.
Boshingga qismatning toshi yog‘sa ham,
Hamisha yaxshilik tomonida bo‘l.

* * *

Tog‘lar sari yo‘llar tuman hamisha,
Bahor kelsa olam chaman hamisha.
Bobom aytar edi, vijdon bu — eldir,
Iymon deganlari — Vatan hamisha.

* * *

Bir ish og‘ir, biri yengil ko‘rindi,
Ular orasinda ko‘ngil ko‘rindi.
Purviqor bul tog‘lar og‘amdek go‘yo,
Har giyoh, har maysa singil ko‘rindi.

* * *

Toza iymon birla ko‘ngil bo‘lgay but,
Dunyo-chun g‘am chekmoq ishlarin unut.
Hazrat Navoiydan meros hikmat bu,
Ey do‘st, tiling birla dilingni rost tut.

* * *

Dilni soflik bilan bezatmog‘ing shart,
Senga ilhaqqa qo‘l uzatmog‘ing shart.
Noraso dunyoni tuzatmoq mahol,
Ey ko‘ngil, o‘zingni tuzatmog‘ing shart.

BAXTIYORLIK

Sirlashgim keladi yalpizlar bilan,
Quchgim kelayotir qizg‘aldoqlarni.
Biz bunyod etamiz bir ko‘shki azim,
Biz bunyod etamiz go‘zal bog‘larni.

Jannatiy iforlar sochadi gullar,
Bo‘ylarga to‘ladi yurak — gulxona.
Biz shunday yashaymiz o‘zimiz bilan,
Biz shunday yashaymiz go‘zal, mastona.

* * *

Ey yangajon, toping menga,
Oydan go‘zal jononani.
Dudoqlari gulg‘unchayu
Ham tishlari durdonani.

Ko‘rganimda ruxsorini
Kiprikda yosh tizilsin-ey,
Tanimga jon kirsin, yana
Jonim ipi uzilsin-ey.

Odobiyu hayollari
Momolarga o‘xshab ketsin.
Kelin bo‘lib kelganida
Ko‘nglim, uyim yashnab ketsin.

Alpomishdek mard, pahlavon
Ullar o‘ssin beshigida,
Barchinoyu Qaldirg‘ochdek
Gullar o‘ssin beshigida.

Ey yangajon, tezroq toping,
Guldan go‘zal jononani.
Gulruxsori Shirin, Layli,
Zuhro kabi afsonani.

KETMA

So‘rama gullarning otini,
Gulim,
Men, axir, bilmayman,
Tanimayman,
Yo‘q.
Qachon ko‘zlarimga kirib ulgurding,
Qadamlaring kutlug‘,
Tashrifing qutlug‘.

Muzaffar kelding sen,
Muqaddas kelding,
Ey mening sevgilim,
Jonim,
Jahonim.
Bir umrga qolgin,
Eshiklarni yop,
Ketma,
Ko‘zlarimga kelgan mehmonim.

 

AYLANAYIN

Ko‘zlarimdan ko‘z yosh emas, dilim tomsa,
Jon-ey, ko‘zim, dilim senga gulim tomsa,
Dunyo-dunyo ko‘ngillarga tilim tomsa,
Aylanayin yorim, gulim, jonim Vatan.

Barchinlarga eltadi bu otlar yaxshi,
Yuragimjon, o‘zing topgan zotlar yaxshi,
Alvon-alvon xotiralar, yodlar yaxshi,
Aylanayin yorim, gulim, jonim Vatan.

Osmonlar past, osmonlarga bormayman men,
Tufroq turfa, bariga qalb qormayman men,
Bo‘ldi, sendan boshqaga dil yormayman men,
Aylanayin yorim, gulim, jonim Vatan.

Ko‘ngilchamga bulbullarim in qo‘ydilar,
Bahorlar gul adirlarni chin qo‘ydilar,
So‘ng ko‘ksimga boshlarini jim qo‘ydilar,
Aylanayin yorim, gulim, jonim Vatan.

Aytmaysanmi, bu qandayin ohlar bo‘ldi,
Ohlar dilni gul shoxiga bog‘lar bo‘ldi,
Bog‘lar boqing, biram go‘zal chog‘lar bo‘ldi,
Aylanayin yorim, gulim, jonim Vatan.

HAYRAT

Lolarux tonglarda uchgan xazonlar,
Zaminga beozor tushgan xazonlar,
Tufroqni yoriday quchgan xazonlar,
Men kimning baxtiman,
Sen kimning baxti?

To‘lqin-to‘lqin bo‘lib oqqan adirlar,
Tovlanib ko‘klarga boqqan adirlar,
Alanga bo‘lib dil yoqqan adirlar,
Men kimning baxtiman,
Sen kimning baxti?

Shivirlab-shivirlab esgan shamollar,
Gullarning qalbini sezgan shamollar,
Dunyoni ming marta kezgan shamollar,
Men kimning baxtiman,
Sen kimning baxti?

Ichi to‘la gavhar, marjon daryolar,
Goho marjonlari arzon daryolar,
Go‘yo yo‘lga chiqqan karvon daryolar,
Men kimning baxtiman,
Sen kimning baxti?

Ko‘zimdan dumalab tushgan yulduzlar,
Ko‘ksimni timdalab tushgan yulduzlar,
Dil bo‘lib, dil tilab tushgan yulduzlar,
Men kimning baxtiman,
Sen kimning baxti?

ZULFIJON

Zulfi, zulfi, zulfi jon,
Nadir qalbning urfi, jon.
Mehr bilan ochilur
Ko‘ngillarning qulfi, jon.
Orzu dilim arki, jon,
G‘am ham uning ko‘rki, jon.
Sog‘inch nima bilmasam,
Qilsam yaxshi tarki jon.
Armon umrim sharhi, jon,
Ishonchlarim barqi, jon.
Zarlar bilan o‘lchanmas,
Yuraklarning narxi, jon.
Zulfi, zulfi, zulfi jon,
Sevgi qalbim urfi, jon.
Ochiladi ishq bilan,
Ko‘ngilchamning qulfi, jon.
Ruhim butkul she’rga jon,
Ruhday toza sirga jon.
Sensiz yashab bo‘lmaydi,
Sen-la, sen-la birga jon.

QO‘SHIQ

Dildagi ohim go‘zal,
Ko‘kdagi mohim go‘zal.
Kelmaysan kelgin desam,
Nadir gunohim, go‘zal.
Sochlari dengiz, dedim,
Olamda tengsiz, dedim.
Oh, senga eltar yo‘llar,
Bunchalar so‘ngsiz, dedim.
Kuz, sening xazoning ko‘p,
Ey shamol, to‘zoning ko‘p.
Oshufta ko‘nglim uchun
Atalgan armoning ko‘p.
Sen oyga ko‘zgu, bilsang,
Umidim ezgu, bilsang,
Dunyoda muhabbatu
Sadoqat mangu, bilsang.

 

* * *

Bir munis iforlar dimog‘imdadir,
Toki, qizg‘aldoqzor yurak bor tokim.
Bir hovuch tun kaftu barmog‘imdadir,
Ayt, kim u quyoshga ketayotgan, kim?!

Namchil havolar ham ketdilar titrab,
Hamisha qalbimda o‘ylari hokim.
Qarashlari menga o‘xshaydi, yo rab,
Ayt, kim u quyoshga ketayotgan, kim?!

Olamni qopladi yam-yashil tuyg‘u,
Dunyo yig‘lamoqda... so‘kildi chokim.
Ezilib, ham ezib yangragan cholg‘u,
Ayt, kim u quyoshga ketayotgan, kim?!

G‘amlar sayxonida qalblarim quroq,
Chindan ham o‘zimmi, o‘zimman balkim.
Baribir koinot qadar bir so‘roq,
Ayt, kim u quyoshga ketayotgan, kim?!

Bir munis iforlar dimog‘imdadir.


* * *

O‘zicha quyoshdek porlar surayyo,
Umidim tonglarga aylasam safar.
Ko‘zim yoshlarida gullagan dunyo,
Nilufar, nilufar, nilufar.

Mehr yulduzlari ko‘klarda olis,
Ko‘zim uchqunidan sachragan gavhar.
Telba yuragimday, g‘amimday xolis,
Nilufar, nilufar, nilufar.

Nafisa ohanglar sochdi dil guli,
Bu qanday tarovat, bu qanday ifor.
Kun desam kunlardan taftli, yog‘duli,
Nilufar, nilufar, nilufar.

O‘ylaring changida to‘xtab qoldi vaqt,
Sohira tuyg‘ular rangida sahar.
Baxtlardan yasalgan ilohiy bir taxt,
Nilufar, nilufar, nilufar.


* * *

Oh, bunchalar go‘zal bu sukun,
Osmon jimdir, zamin ham jimdir.
Men kimnidir esladim shu payt,
Kimdir meni unutdi, Kimdir.

Shovqin-suron, baqir-chaqirlar,
Gulni sindir, ko‘ngilni sindir.
Men yo‘qotdim kimnidir shu choq,
Kimdir meni topdi, ha, Kimdir.


* * *

Sendan neni yashiray, dunyo,
Kimlar jasur, botir bo‘ladi.
To‘lqinlari qalbim daryosin,
Nigohimda sodir bo‘ladi.

Xarsanglaring eriydi qorday,
Yoshim-marjon, nodir bo‘ladi.
Qodir egam holim zabundir,
Sen bor dilim qodir bo‘ladi.

Oppoq gullar boshimda manim,
Qara, oppoq adir bo‘ladi.
Xolis-xolis orzularim mo‘l,
Bir kun go‘zal nadir bo‘ladi.

Kunlar kunga aylanar unda,
Zangor-zangor xotir bo‘ladi.
Ildizlarim dunyo boshidan,
Gul sochar, gul otur bo‘ladi.


* * *

Hech kimga ko‘rsatmayman,
Qalbimdagi yaramni.
Dunyoga bergim kelmas,
Ko‘ksimdagi nolamni.
Xudo o‘zing asragin,
Qaysargina bolamni.
Yolg‘izgina bolamni.
O‘jargina bolamni.
Erka o‘sgan aytganin,
Qildirmasadan qo‘ymaydi.
Men bilaman bu holda,
Ko‘plar uni suymaydi.
Men gul bo‘lsam ajralmas,
Yaprog‘im-da, bolamjon,
Avaylayman, asrayman,
Qarog‘im-da, bolamjon.
Er yigitdir, nokaslar
Otgan toshdan qo‘rqmaydi,
Yuragiga zil bo‘lib
Botgan toshdan qo‘rqmaydi.
Dil dardida, roziman,
Notinch kuni ko‘p bo‘lsin,
Lek umr so‘qmog‘ida
Sevinch kuni ko‘p bo‘lsin.
Olamlarga nurafshon,
Hayot bergisi kelar.
Hech kim ayta olmagan,
Bayot bergisi kelar.
Xudo, o‘zing asragin,
Yolg‘izgina bolamni.
Qaysargina bolamni,
O‘jargina bolamni.


* * *

Rost erur dil ertagi,
Bu gilam uchog‘im-da.
Lolami labingdagi,
Quyoshmi quchog‘imda.

Yaproqlar oqib borar,
Tuproqlar oqib borar.
Titroqlar oqib borar,
Bu rostu ushshog‘imda.

Oh, og‘riq uzun bo‘ldi,
Ming sirli afsun bo‘ldi.
Kimlardan izn bo‘ldi,
Ishqmi dil-o‘chog‘imda.

Ochilib yotursanmi,
Soch ilib yotursanmi.
Sochilib yotursanmi,
Har bo‘lak, ushog‘imda.


* * *

Baland-baland tog‘lardan,
Uchib borar tulporim.
Seni izlab bog‘lardan,
O‘tayapman, dildorim.

Bahor bergan tugunni,
Ochdim dunyo chamanzor.
Guldan go‘zal husningni,
Ko‘rmoqqa dil intizor.

Umrim o‘tib boradur,
O‘tmas sening g‘amlaring.
Dunyo, dilim so‘rodur,
Tugaydimi kamlaring.

Havas qilgan sarvlar,
Bo‘ylaringdan aylansam.
Shamollarda sarosar,
Sochlaringga boylansam.

Oy nimadir boqmayman,
Yuzing undan chiroyli.
Ohularga qarasam,
Ko‘zing undan chiroyli.

Sensiz hayot ayt, nadir,
Sen qo‘shig‘im, alyorim.
Bahor, menga topib ber,
Qayda mening bahorim.


* * *

Makr to‘la dunyo, sergakroq bo‘lgin,
Va barcha toshlarga tayyor tur yurak.
Axir, mo‘’jizaga ko‘mib olamni,
Baribir, baribir yashashing kerak.

Chayir qayg‘ularing bag‘rida, mahkam
Qaddingni tik tutgin, teraklar kabi.
Yo‘q, bunda hammaning bizga tikilgan
Pokiza emasdir ko‘zlar matlabi.

Eskirgan o‘ylarning bahridan o‘tgil,
Chirkin kulgularga berma e’tibor.
Bilaman, ming marta qiynab o‘zingni
Yana yupatasan o‘zingni ming bor.

Yurak, nasihatlar senga ne darkor,
Shunday ham hislaring nurli, ziyoli.
Senga yorug‘ baxtlar bermoq istayman,
Dunyoning eng munis, erka ayoli.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.