UMID...
Bilaman bir kun kelib,
Ruhim oppoq bo‘lgaydur.
Bilmam qirq yildan keyin,
Holim qandoq bo‘lgaydur.
Xazon bo‘ldi gullarim,
Xazon bo‘ldi yillarim.
Bu xazonlar qaytadan
Qachon yaproq bo‘lgaydur.
Guldan yaralgandimku,
Nurdan yaralgandimku
Nahot oppoq qo‘llarim,
Qaro tuproq bo‘lgaydur.
Goh g‘amlarga to‘larman,
Ay ne bo‘lsam bo‘larman.
Ne bo‘lsam ham so‘zlarim
Elga bayroq bo‘lgaydur!
DO‘STIJON
«Qani anhor, manikim oqibat daryoga yetkazgay!»
(Rumiy)
(Gulnora opaga)
Ay do‘stijon, ko‘zlaringni bir ko‘ray,
Xudo bizga baxt berganmi bilmadim.
Mening uchun borligingni o‘zi baxt
Dunyo senday gul ko‘rganmi, bilmadim.
Yuragimni qiynab yotar diydoring,
Sochlaringni tolasicha ozoring.
Yig‘ishtirsang bo‘lmasmi bu bozoring,
Axir men ham g‘amsiz yurtdan kelmadim.
Do‘stijonim, dunyo bizdan qolarku,
Qolganda ham o‘z haqqini olarku.
Boshimizga ne savdolar solar u,
Baxt bozordan bir bozorlik qilmadim.
Yuzlaringda Xudoyimdan nur ko‘rdim,
Ko‘zlaringda hech kim bilmas sir ko‘rdim.
Yolg‘iz seni hur ko‘rdima-a, hur ko‘rdim,
Sendan o‘zga nurni ko‘zga ilmadim.
Diydoringni ko‘rolmayin dog‘daman,
Holingni bir so‘rolmayin dog‘daman.
Bag‘rim yerda, turolmayin dog‘daman,
Ming yil bo‘ldi jilmaymadim, kulmadim.
Mag‘rur edim, tikka ketgan yo‘l edim,
Sog‘inchingda olov bo‘ldim, kul edim.
Erta indin so‘ladigan gul edim,
Seni bir bor ko‘ray deya so‘lmadim.
O‘tib qo‘ysang bo‘lmaydiku bag‘rimdan,
Qahratonlar qo‘rqar emish qahringdan.
Senga bollar yasab beray zahrimdan,
O‘zim bemor, hech tabibing bo‘lmadim.
G‘animatman, ko‘zlarimni ko‘rib qol,
Bu oftoblig‘ yuzlarimni ko‘rib qol.
Ketayapman, izlarimni ko‘rib qol,
Mehr tilab ostonangdan jilmadim.
Do‘stijonim, aytgin qachon sensizman.
Poying o‘pganlaring aro tengsizman.
Men mehrdan bunyod bo‘lgan dengizman,
Bag‘ringni och, hech bahrga to‘lmadim.
Bu el ichra shoir degan shonim bor,
Sharaflarga to‘lib ketgan nomim bor.
Bu lazzatlig‘ ne’matlarga to‘ydimu,
Sening munglig‘ diydoringga to‘ymadim.
Xudoyimning dunyosida zerikdim,
Boshdin oxir ro‘yosida zerikdim.
O‘zing menga bir dunyo bo‘l do‘stijon,
Bu dunyoda man sani deb o‘lmadim.
Kel do‘stijon ko‘zlaringni bir ko‘ray.
Men sizni bezovta qilmasman ortiq,
Bildim, bo‘g‘zingizga keldi malolim.
Ammo men netayki ishqsiz dunyoda,
Mudom bo‘yningizda qolmish zavolim.
Yodingizga yodim maloli kelmish,
Ko‘zingiz zerikkan mendan bilaman.
Go‘zal tuyg‘ularim xo‘rlangan joyda,
Men nima qilaman?
Yig‘lab chorlamasman ilojin topsam,
Endi ko‘zingizda otmas tonglarim.
Nurdan tuproqqacha sirli dunyoda,
Men Sizni angladim?
Nur izlab kelgandim dunyoingizga,
Zulmatlar darchasin yopolmadim hech.
Ayriliq ranglari to‘lgan dunyoda,
Men yashil rangimni topolmadim hech.
Xayr, men o‘ziga begona odam,
Sizga ham qadrdon bo‘lmog‘im qiyin.
Mabodo sog‘inib qolsangiz agar,
Qo‘ng‘iroq qilarman...
Ming yildan keyin.
San o‘zing do‘stijonim,
Ham o‘zing qasdi jonim.
Senga g‘am tutsa sinsin,
Dunyoning dasti jonim.
Qachon jabr yetkazding,
Oncha sabr yetkazdi.
Jannatlardan ko‘rindi,
Bo‘yingni basti jonim.
Ko‘zlaringda o‘lmasam,
So‘zlaring deb o‘lmasam.
Bo‘larmidir ko‘zlaring,
Ko‘zimning masti jonim.
Chorlamading, kelmadim,
Hech bilmadim, bilmadim,
Poylaringda bul qadrim,
Xazonmi, xasmi jonim.
Derlar: chin ishq nuramas,
Oshiq qadr so‘ramas.
Lek beqadr dunyongda ,
Dilni g‘am bosdi jonim.
Ne g‘amlarni ko‘rdimku,
Alamlarni ko‘rdimku,
Chikora endi dunning,
Balandu pasti jonim.
Qonlaringda oqmasam,
Jonlaringni yoqmasam.
Dunyolarni yoqarman
Gapimning rosti jonim.
San o‘zing do‘stijonim,
Ham o‘zing qasdi jonim.
Senga g‘am tutsa sinsin,
Dunyoning dasti jonim.
«Ortiq sig‘dirmadi meni bu dargoh»
G. Otaboeva
Yaxshi bo‘ldi sendan ayrildim,
Ketmog‘im chun topib berding yo‘l.
Bu dunyoda seni topdim deb,
Yo‘qotibman o‘zimni butkul.
Yaxshi bo‘ldi yechildi bugun,
Oyog‘imdan bu zanjir, bu g‘ul.
Ikki dunyo seni shohim deb,
Qul qilibman, o‘zimni butkul.
Yaxshi bo‘ldi yomon bo‘lsa ham,
Yuragimni ezsa ham darding.
Men aqlini topgan telbaday,
Poylaringdan boshim ko‘tardim.
Kechir, ozor berib mehrimla,
Zeriktirdim, men sodda, men go‘l.
Bu dunyoda seni borsan deb,
Boshqalardan kechibman butkul.
Xudoyimning jazosi qutlug‘,
Sendan ketdim, ey qahrli gul.
Shukr, shukr seni yod etib,
Unutmabman Xudoni butkul.
Shuning chun ham omon bo‘l endi,
Men bariga silkib qo‘ydim, qo‘l.
Angladimki seni yo‘qotsam,
Xudoyimni topaman butkul.
Endi xayr, endi alvido!
Bari ro‘yo, bari sarob, kul.
Dargohingga sig‘maganimday,
Yuragimga sig‘massan butkul.
Men mehrmand, telba go‘dakday,
Ko‘z yoshimga yomon toyrildim.
Yaxshi edi... seni topganim,
Yaxshi bo‘ldi... Sendan ayrildim.
Kuyarmish ko‘rgan ko‘ngil,
Ishqqa yuz burgan ko‘ngil,
Yoshlikda bergan ko‘ngil,
Yomon bo‘lar deydilar.
Yillar qoqsalar changing,
Ketkazarmidir zanging.
Sevganingda ol ranging,
Somon bo‘lar deydilar.
Ko‘ksida bo‘lsa boshing,
To‘kilmasa ko‘z yoshing.
Vasl onlarinda qoshing,
Kamon bo‘lar deydilar.
Holim g‘am siyohinda,
Unsam har giyohinda,
Boshing yor oyog‘inda
Omon bo‘lar deydilar.
Ishq yo‘linda g‘am cheksang,
Hajringda cho‘ksang, cho‘ksang.
Ko‘z yoshlaring yuzingda
Ravon bo‘lar deydilar.
Ikki dunyo yo‘q visol,
Visoling menga zavol.
Yorni ko‘rsa Guljamol,
Tamom bo‘lar deydilar.
Onang ketsa savlatlaring ketgaydir,
Otang ketsa davlatlaring ketgaydir.
Shu ikkala qo‘rg‘oningdan ayrilsang,
Manglaydagi zar xatlaring ketgaydir.
Otasi yo‘q cho‘lda qolgan giyohday,
Onasi yo‘q rangi ro‘yi siyohday.
Kimning agar qo‘rg‘onlari yiqilsa,
To‘rt tomondan to‘rt ming ozor yetgaydir.
Nari borsa to‘rt yil kutar dildoring,
O‘n yil kutar sadoqatli do‘st-yoring.
Lekin otang sabr toshga aylanar,
Onang qirq yil ko‘z yummayin kutgaydir.
Otang o‘lsa, o‘ldi dema hayot u,
Ko‘ksingdagi so‘nmaydigan bayot u.
Nogoh agar yo‘llaringda qoqilsang,
Onang ruhi qo‘llaringdan tutgaydir.
Boshingga ish tushganida sinab ko‘r,
G‘amingga g‘am qo‘shganida sinab ko‘r.
Kimlaringdir sen deb ko‘z yosh yutar lek,
Otang qilich, onang qonlar yutgaydir.
Shon-shuhrating ketsa ketar do‘stlaring,
Mol-davlating ketsa ketar do‘stlaring.
Otang-onang qolar senla, qolgani
Shunchaki... ko‘changdan bir-bir o‘tgaydir.
Menam banda, xudoyimdan bir nur so‘rab yuribman,
Atrofim loy, men qalbimni gulga o‘rab yuribman.
Do‘stu yor ko‘p, lek baribir azal qonun bittadir:
O‘z boshimga yoqqan qorni o‘zim kurab yuribman.
Ehtimolki zohirimga tog‘lik bermish xudoyim,
Oh, netayki, yuragimni dog‘lik bermish xudoyim.
Ayturlarki: siz bir tog‘siz, g‘amlar sizga kor qilmas,
Bilmaslarki, ich-ichimdan nurab-nurab yuribman.
Bilmay qoldim, o‘z umridan bezorlikmi tiriklik,
Yo shunchaki bir o‘yinmi, bekorlikmi tiriklik.
El koriga yarayman deb qo‘lga qalam tutgandim,
Bu ne zamon, o‘z korimga o‘zim yarab yuribman.
Munofiqlar ichra qolib ketgan toshman ehtimol,
Qiblasini topolmayin qolgan boshman ehtimol.
Tilimdagi tilovatni qushlar olib ketdilar,
Ne baxt, bugun xudoyimni dilga joylab yuribman.
Bir umrida bir gullashga zoriqqan daraxtdekman!
Bahorini kutaverib, zerikkan daraxtdekman!
Bir paytlar ajal manim yo‘lim poylab yurardi,
Ne tong bugun ajal yo‘lin o‘zim poylab yuribman.
Bir umrida bir gullashga zoriqqan daraxtdekman.
Qachon gul ocharkinman,
Qachon nur socharkinman.
Xudoyim-a, xudoyim,
Aytgil o‘zi man KIMMAN?
Aytgil o‘zi man KIMMAN?
Dunyoingdek zolim yo‘qdir,
Zahrim ko‘p, bolim yo‘qdir.
Man kurashib charchadim,
Yashashga holim yo‘qdir.
Yashashga holim
Yo‘qdir!!!
Yor ko‘zim boyla mani,
Kel telba ayla meni,
O‘lib qolsam netarsan
Joningga joyla meni,
Joningga joyla
Meni!
Zamon holim so‘rmadi,
Makon holim so‘rmadi,
Menam tomchi edimku,
Ummon holim so‘rmadi,
Ummon holim
So‘rmadi!
Qachon gul ocharkinman,
Qachon nur socharkinman.
Xudoyim-a, xudoyim,
Aytgil o‘zi man KIMMAN?
Aytgil o‘zi man KIMMAN?
Sizning
borligingiz
naqadar
yaxshi,
Dunyoda
gullarning
borligi
kabi...
Sizning
borligingiz
naqadar
yaxshi,
Yashil
Maysalarning
ovozi
yanglig‘.
Sizning
Borligingiz
naqadar
yaxshi,
Muqaddas
so‘zlarning
mavjudligidek...
Sizning
borligingiz
naqadar
yaxshi,
Samimiy
qo‘llarning
ehtiromidek.
Sizning
borligingiz...
Bu go‘zal ma’vo,
Osmon kabi go‘zal,
osmon kabi keng.
Sizning
borligingiz
naqadar
yaxshi,
Dunyoda
borligi
kabi XUDOning!!!
Endi baxtli bo‘larmikanmiz,
Dilda yana qayg‘ular, g‘amlar.
Endi baxtga kechikkandaymiz,
So‘ngandayin biz yoqqan shamlar?
Biz deb kuygan fasllar o‘tdi,
O‘tdi bizni o‘pgan sabolar.
Tark etganday ishq shivirlari,
Dilda tag‘in g‘amgin navolar.
Bir paytlar ey oshiq yigit
Aytar eding: Hayotimga kir!
Oldda meni kutyapti baxt deb,
Seni tashlab ketgandim kechir!
Juda baxtli bo‘lgim kelyapti,
Ko‘zimdan yosh quyilar kulsam.
Nima gunoh axir menda ham,
Saroblarga ishongan bo‘lsam.
Bugun shundoq bir g‘arib holman,
Yurak to‘la qayg‘uday, ohday.
Ne qilarim bilmayin lolman,
Oltinlari mis chiqqan shohday.
Maysa bo‘lib kelsam dunyoga,
Bo‘larmidim balki baxtliroq.
Xudoyimning bandalargamas,
Yalpizlarga shafqati ko‘proq.
Daraxt bo‘lib kelsam dunyoga,
Yaproqlarda yashardi sirim.
Daraxt bo‘lsam gunoh ichramas,
Ibodatda o‘tardi umrim.
Men na maysa, na daraxt bo‘ldim,
Qayg‘ularga o‘raldi satrim,
Odam bo‘lib yasholmayapman,
Qachon tuproq bo‘laman tangrim?!
Yaxshi farzand bo‘lolmadim hech,
Ko‘paytirdim boshimda g‘amni.
Na otamning duosin oldim,
Na duosin oldim onamning.
Birovlarga egilaverib,
Ketdi otam bergan g‘ururlar.
Poygaklarda ezilaverib,
O‘ldi onam bergan sururlar.
Men shaydondek quvg‘indi odam,
Yuraklardan haydalgan itman.
Men o‘zimga qazilgan qabr,
Men o‘zimga kelgan tobutman.
Tug‘ildimu ko‘zguga boqsam,
Ko‘zimda yosh turar jovdirab.
Ota sening duoingni izlab,
Sarson ruhim yurar dovdirab.
Men hek kimni rozi qilmadim,
Sirtmoqlardek taqdirim chigal.
Qarg‘a meni, otajon qarg‘ab,
Ajalimni chaqirib bergil.
Jannatlarga yarashmas ruhim,
Tirikligim o‘zimga xatar.
O‘z o‘zimga jabrim ko‘p mening,
Bir jazom bor do‘zaxdan batdar.
Kimman o‘zi, odammanmi men,
Bosgan har bir qadamim gunoh.
Na yashashni eplagan go‘lman,
Na o‘lishni eplagan gumroh.
Bir kun ketsam dunyoni tashlab,
Ota, rizo qilmasam seni.
Sen ruhimga oyatlar aytma,
Baxtli bo‘l deb duo qil meni!
Yaxshi farzand bo‘lmadim kechir.
***
Ona qandoq o‘yin boshlab qo‘ydim men,
Qandoq savdolarga boshimni berdim.
Qandoq sahrolarda yurgandim ona,
Qirq yil tovonimdan tikanlar terdim.
Hayot egib borar mag‘rur boshimni,
Boqsam yuragimda mislsiz dog‘lar.
Lekin havasimni keltirar mudom,
Birovga suyanmay yuksalgan tog‘lar.
Men axir tuproqdan kuch olgan qizman,
Tuproqning ichida qotgan suyagim.
Onajon, bu o‘xshash qismatni qara,
Otamning qo‘lidek qadoq yuragim.
Hamon bolaligim chorlaydi meni,
Hamon turnalarga kelar havasim.
Men mudom go‘dakka o‘xshayman ona,
Oyning yog‘dusiga o‘xshar nafasim.
Hanuz maysalarning boshini silab,
Shivirlab aytaman: Nurdek tozaman.
Mudom kapalakka egizdir ruhim,
Hamon yaproqlarga she’rlar yozaman.
Biroq qandoq o‘yin boshlab qo‘ydim men.
Bu qandoq janggohdir yeyar ruhimni.
Har tongki ortimga qarab aytaman,
Men bu olovlardan omon chiqdimmi?
Tobora ruhimni ezar bir azob,
Har lahza ruhimda chaqmoqda chaqin.
Bo‘g‘zimga qadalib kelmoqda bir oh.
Tobora boshimga qilichlar yaqin,
Onajon, men bir kun osmon bo‘laman,
Sen ishon ruhimda gullaydi bog‘lar.
Axir, havasimni keltirar mudom,
Hech kimga suyanmay yuksalgan tog‘lar.
Garchand bugun poygaklarda mening joyim,
Garchand bugun unutilgan bir dalaman.
Lek bir kuni poyim o‘pib kelar tog‘lar,
Bulutlarga oyoq qo‘yib yuksalaman.
Vatanimga yuragimdan qon ichirdim,
Hur ruhimga or ichirdim, shon ichirdim,
Shu vatanning yuragiga boshim qo‘yib,
Men quyoshga qo‘lim berib yuksalaman.
Azal abad shu tuproqning qiziman men,
To‘marisning qonda qolgan iziman men.
Garchi bugun osmon chorlar, lek baribir,
Men tuproqqa ko‘ksim berib yuksalaman.
Shu tuproqdan yuksalgaydur qo‘rg‘onlar ham,
Tuproq quchsa qaynagaydur qumg‘onlar ham.
To tuproqda ekan manim ildizlarim
Men toabad yuksalaman... yuksalaman!
Kechir seni asray olmadim,
Balolardan, zimistonlardan.
Hayotingga farishta bo‘lib
Kirolmadim meni kechirgil!
Kechir seni sevdimu lekin,
Bir tumordek asray olmadim.
«To o‘lguncha sevasanmi» deb,
So‘rolmadim meni kechirgil.
Sengacha yo‘l bir qadam edi,
Seni izlab kezdim dunyoni.
Lekin o‘sha bitta qadamni,
Yurolmadim meni kechirgil.
Qo‘llaringni qo‘llarim topdi,
Ko‘zlaringni ko‘rdi ko‘zlarim.
Ammo qalbing yaralarini
Ko‘rolmadim... meni kechirgil.
Men ishqingda ne bo‘lsam bo‘ldim,
Holim xarob, adolar bo‘ldim.
Faqat senga bitta ko‘zmunchoq
Bo‘lolmadim meni kechirgil.
Mana bugun keldim qoshingga,
Sahrolarni kezib sar-sari.
Eng so‘nggi dam seni bir ko‘rmay,
O‘lolmadim...meni kechirgil.
O‘lolmayapman meni kechirgil
Hayotinga farishta bo‘lib
Kirolmadim, meni kechirgil.
Men dunyoni ishqim bilan zabt etsaydim,
Oshiqlarning oyoq gardiga yetsaydim.
Dunyosiga xayr-xushlar aytib keyin
Tuproq bilan oshno bo‘lgali ketsaydim.
Taxtim baland bo‘lsa shoxlar taxtidan ham,
Baxtim go‘zal bo‘lsa hurlar baxtidan ham.
Ishq shahrida malikalar tojin kiyib,
Yor bag‘riga oyday to‘lgali ketsaydim.
Nedin axir ruhimdagi xavotirlar,
Siz qaydasiz ertakdagi bahodirlar.
Necha yilki dunyo dilim ma’yus qildi,
Endi baxtdan xushnud kulgali ketsaydim.
Gulman dedim, yor bag‘ringda yashnatmading,
Bir lahza ham obodlikda yashatmading.
Sening aziz diydoringni ko‘rarman deb,
Ostonangga gulday so‘lgali ketsaydim.
Bir bor to‘lsa ko‘zlarimga u qomatlar,
Keyin mayli bo‘lib ketsin qiyomatlar.
Ne bo‘lsa ham yor ko‘ksingga boshim qo‘yib,
Vasling ko‘rib, sarxush o‘lgali ketsaydim,
Yor bag‘riga oyday to‘lgali ketsaydim.
Men bir kun o‘lganimda
Yorimni bir ko‘ray deb,
Ochiq qolgan ko‘zimni
Yumib qo‘ysinlar dedim.
Men bir kun o‘lganimda
Esiz-a, esiz joni
Deya mahzun xayolga
Cho‘mib qo‘ysinlar dedim.
Yorijonim, vasling deb
Men bir kun o‘lganimda
Boshimni ostonangga
Ko‘mib qo‘ysinlar dedim.
Ona!
Davralarning guli bo‘ldim men,
Yolg‘on maqtovlarning quli bo‘ldim men.
Quyoshning tik ketgan yo‘li bo‘ldim men,
Qumlari to‘zg‘igan cho‘lcha qadrim yo‘q.
To‘kila olmasman to‘lganim bilan,
Kimning ham ishi bor o‘lganim bilan.
Narximni osmonlar qilganim bilan
Bozorda sotilgan qulcha qadrim yo‘q.
Yuragi uyg‘oqlar xor o‘tdilarmi,
Men kabi qabrida qon yutdilarmi.
Qandoq olov edim, unutdilarmi,
O‘choqda sovigan kulcha qadrim yo‘q.
Ishqlari qiyomat qadar edilar,
O, koshiki bilmasam, aldar edilar.
Daryodil shoir deb alqar edilar
Ay, bugun ko‘lmakcha, ko‘lcha qadrim yo‘q.
Vatan, ildizlaring vatan aylovdim,
Yalpizlardan yashil kafan aylovdim.
Ne-ne cho‘llaringni chaman aylovdim,
O bugun qurigan gulcha qadrim yo‘q.
Bir haq so‘zni izlab sayyora edim,
Bu yurtda eng mashhur favvora edim.
Ovvora edim-a, ovvora edim,
Hamonki, tuproqcha, gilcha qadrim yo‘q.
Men bir shoir edim, ohanglari xush,
Onamning qornida ko‘rgan edim tush.
Men ozod bog‘larda kuylagan bir qush,
Qafasida o‘lgan... bulbulcha qadrim yo‘q.
Qo‘llaringni qo‘limga ber, mehrim o‘tsin,
Ko‘zlaringni ko‘zimga ber sehrim o‘tsin.
Qattiqroq sev, bor borlig‘im ishqdir mani,
Poyimga cho‘k, poyim tillo ko‘shkdir mani.
Ko‘zing manim yuragimni dog‘lab qo‘ygan,
Xudo mani ko‘zlaringga bog‘lab qo‘ygan,
Ko‘zimga boq, Senga ishqimning asli bu,
Yonimga kel, gullaydigan ishq fasli bu.
O‘zimni o‘zimga qamab qo‘yganman,
Dilimning darzini yamab qo‘yganman.
Sochim tolasini sanab qo‘yganman,
Endi asramasang bo‘lmas Xudoyim.
Qayg‘uni o‘smadek qoshimga qo‘ydim,
Qandoq gunohim bor, loshimga qo‘ydim,
Neki dard berding sen, boshimga qo‘ydim,
Endi asramasang bo‘lmas Xudoyim.
Yuqtirmayin devdim dunyo nahsini,
Ko‘rdikku g‘animning turfa raqsini,
Yashay deganimda ketsam yaxshimi
Endi asramasang bo‘lmas Xudoyim.
Tumorlar taqqulik she’rlar yozdim men,
Oftoblar boqqulik she’rlar yozdim men.
Dunyoni yoqqulik she’rlar yozdim men,
Endi asramasang bo‘lmas Xudoyim.
Kimlardir musaffo tongdan ayturlar
Shuhrat istaganlar shondan ayturlar,
Qon kechib kelganlar qondin ayturlar,
Endi asramasang bo‘lmas Xudoyim.
She’rga jigar qonin ichirgan qizman,
Ko‘ksimni tog‘lardan ko‘chirgan qizman.
Manglaydan baxtini o‘chirgan qizman,
Endi asramasang bo‘lmas Xudoyim.
Shundoq bir javobsiz savolman o‘zim,
Lek bir haqiqatga yetgaydir ko‘zim.
Meni o‘limdan ham qutqarar So‘zim
Faqat asramasang bo‘lmas Xudoyim.
Yuragimda tinchim yo‘q,
Dunyodan ilinjim yo‘q.
Xudodan o‘tinchim yo‘q
Sizga qolgan kunim bor.
Rangim somon azizim,
Bu ne zamon azizim?
Holim yomon azizim
Sizga qolgan kunim bor.
Tig‘lar zanglar ko‘ksimda,
G‘ubor changlar ko‘ksimda.
Mudom janglar ko‘ksimda
Sizga qolgan kunim bor.
Sizmi boshimda tojim,
Ishqim dunyoga bojim.
Boru yo‘q ehtiyojim,
Sizga qolgan kunim bor.
Ruhim bor nur, ziyoda,
Bugun qayg‘um ziyoda.
Hech narsam yo‘q dunyoda
Sizga qolgan kunim bor.
***
Men yo‘limni topib oldim...
O‘zim topgan yo‘lda yuribman
Adashib o‘zim...
***
Xudoyim!
Ba’zan yaratganingga shukr deymiz.
Ba’zan nega yaratding deymiz.
Shundoq o‘tyapti
Umrimiz.
***
Ibodatim chala,
Toatim chala
Chala mening
Yozgan she’rlarim
Chala imoratdek
Bitmadim sira...
Sochimdan tirnog‘im qadar sevildim,
Olovdan tuprog‘im qadar sevildim.
Bir yorug‘ yuz izlab dunyolar kezdim,
Ey xudo, yuzingdek yuzni topmadim.
Har kim muhabbatga har yo‘ldan borar,
Kim arqondan borar, kim qildan borar.
Ishqni o‘yin bilgan yigit ko‘rdim, lek.
Ishq deb yig‘lamagan qizni topmadim.
Menam yaxshi shoir bo‘laman chog‘i,
Senga she’r yozolmay o‘laman chog‘i.
Onajon sen mendan og‘rinma sira,
Ta’rifingga arzir so‘zni topmadim.
Tunlarim yonadi: Seni bir ko‘rsam,
Kunlarim yonadi: Seni bir ko‘rsam.
Yorni ko‘rganida vasl zavqida
Yulduzdek porlamas ko‘zni topmadim.
Kecha yuragimga nurdek to‘lgan do‘st,
Bugun qarg‘alarga oshno bo‘lgan do‘st.
Bag‘rimni ming bora paypaslab ko‘rdim,
Negadir...negadir... Sizni topmadim.
ICHIMDAGI IBODATIM
(Gulchiroyga)
Opa, qo‘llaringni sog‘inayapman
Mushfiq yekalarimni silovchi
mehribon qo‘llaringni...
Tinmay menga baxt so‘raysan
Xudodan!
To boshing omon ekan,
25 yoshimda angladim opa
Baxtsizlik yomon ekan
Baxtsizlik yomon ekan.
Opajon!
So‘zning orqasidan yuribsan deysan,
Tuzning orqasidan yuribsan deysan.
Ko‘zlaringga termulsam
peshonamdan o‘pasan,
go‘yo
Baxtim qulflarini ochadigandek...
Opa!
Otam 40 yil ketgan tuproq bo‘lsaydim,
Otam 40 yil o‘pgan tuproq bo‘lsaydim.
Baxtliroq bo‘larmidim?
Opa!
Otam ichgan sharobning quyqasicha
Qadrim bo‘lsaydi bu dunyosida.
Onam supurgan xazonlarcha
Qadrim bo‘lsaydi bu dunyosida.
Yaxshi odam bo‘lardim, balki...
Opajon!
Sarosar o‘tmoqda umrim.
Tiriklik shamiga parvona bo‘lib,
Bo‘g‘zimgacha iztirobim bor,
bo‘g‘zimgacha g‘amim bor mening.
Opajon!
Qandaysan, omonmisan deysan.
Hammasi yaxshi deyman jilmayib
Hech qachon hammasi yaxshi bo‘lmagan
deydi ko‘zlaring...
Ko‘zlarimni olib qochaman.
Opa!
Iztirobga qorilmish umrim.
Kim-kimlarga ulashdima mehrimni
Evaziga la’natlar oldim...
Opa!
Azoblardan qorilmish loyim.
Menga so‘z dardini bermishdir Xudo!
Hayron bo‘lib qarab turibman xudoyimga ham
O‘zi men rostdan ham shoirmanmi, deb.
Opajon!
Rozi qilolmayapman otamni.
Onam mendan rozimikan bilmadim.
Chumolidek uyimga rizq tashidim.
Jannatga aylantiray degandim
Men bu do‘zaxni...
Ko‘nglimda hech narsam qolmadi, opa!
Opa!
Sen Samarqanddasan
Men Toshkentdaman.
O‘rtamizda masofalar zalvori...
Ikkovimiz ikki tomonda
Yuzlanib turibmiz Xudoga!
Sen menga baxt so‘raysan;
Singlim yolg‘iz yuribdi deysan,
Musofir yurtlarda xazonim deysan.
Sen meni o‘ylama opajon!
Xudo menga munojot lazzatin bermish
Menda shunday nodir imkon bor.
Har kuni Xudoyim bilan
Gaplashib olish imkoni...
Opa!
Irkit bu tashvish — tirikchilik bo‘lmaganda edi
O‘ylamaganimda edi, yuragimdan ko‘ra nafsimni,
Puldan baland qilsaydi qadrimni zamon
Taxtlardan ham baland bo‘lsaydi ruhim,
Kishanlardan qo‘rqmaganda edi qo‘llarim
Sirtmoqlardan yo‘g‘on bo‘lsaydi bo‘ynim,
Aziz qilsa edi boshimni Xudo,
Qandoq shoir bo‘lardima-a, opajon!?
Opa!
Qushga o‘xshaydi ukalarimiz,
Yig‘laging keladi soddaligiga.
Bizning shu uy, shu oila,
do‘zaxlari, azoblari bo‘lsa-da,
Qashshoqlikning nuqsi kelsa-da, ba’zan
agar qayta dunyoga kelsam,
shu uyda tug‘ilmoqni tanlardim,
Sening borliging uchun!
Opa!
Singildan ham yaqinroq so‘z izlaysan,
Ism topolmaysan menga bo‘lgan tuyg‘ularingga,
Yaqinsan jon tomirimdan ham deysan,
Aytasan boshimni quchib:
«Senga bir gap bo‘lsa, o‘laman Guli»
shuncha yil yashab
topgan mehrim shu bo‘ldi mening.
Shunchalar yashab,
Nima topganimni bilmadim.
lekin yo‘qotganlarimning
jarohati turibdi yuragimda
Ildizi qo‘porilgan daraxtlarning o‘rnidek...
Opajon!
Suvrati maloyiklardan olingan opam.
Sening jonbaxsh ovozing,
Ichingda aytgan duolaring,
Boshimdagi boyqushlarni haydaydi!
Boshimda bo‘l mudom,
Boshimda tur mudom.
Men Toshkentdaman,
Sen Samarqanddasan!
Joynamoz to‘shadim Samarqandgacha...
Opajon!
Ibodatlarim haqqi omon bo‘l!
Ishon bir kuni uyg‘onaman,
Men bu ro‘yodan.
Va bir kuni baxtli bo‘lamiz,
Akamning ko‘zidek g‘amgin dunyoda!
Opa!
Ichimda ibodat qildim:
Aziz boshing omon bo‘lsin deb!
Yuragingni topib borgaylar,
Yuragingga yozgan xatlarim.
Ikki dunyo asraydi seni,
Ichimdagi Ibodatlarim!
***
Nima bo‘ldi, nimalar bo‘ldi,
Ikki yonga ketdik ayrilib.
Ketarkanman qaragim keldi,
So‘ng bora ortimga qayrilib.
Qaramadim, qaray olmadim,
Egsam hamki bu mag‘rur boshni.
Hech ko‘rsatgim kelmadi Sizga,
Ko‘zlarimga to‘lgan ko‘z yoshni.
Men mehrlar bergandim Sizga,
Yonib yoniq otash mehrlar.
Bugun mening qo‘rlarim so‘ngan
Bugun Sizni kimlar sehrlar.
Ma’yuslanib qolasiz nogoh,
Nafratmidir ko‘ksimda o‘sgan.
Zor bo‘lasiz bir kun baribir,
Jannatlarda topilmas hisga.
Kimdan xato o‘tdi bilmadim,
Siz hanuz jim, men hamon jimman.
Qahratonli bir sovuq kunda,
Xudo bir o‘t olar ko‘ksimdan.
«Qaytarib ber mehringni» deysiz,
Bilmaysiz qalb g‘amdan tolganin.
Pichirlayman sovuq, xotirjam:
«Banda bermas Xudo olganin».
Umidlandim ko‘p umidlandim:
Manglayda baxt dastxati bordir.
Sendan ayrildimku bunda ham
Xudoyimning hikmati bordir.
Topganim ham bejizga emas,
Hikmat tuydim yo‘qotganim dam.
Men sendan o‘zimni topibman,
Ey o‘zini topmagan odam.
Seni topib, topdim o‘zimni,
Garchi bag‘rim yuragim yaro.
Axir umrim yig‘layotibdi,
Yo‘qotishlar topishlar aro.
Bir hikmatni angladim, yetdim,
Bejizga hech kirmamish tikan.
Topganim bu yo‘qotganimdir,
Yo‘qotganim topganim ekan.
«Diydor endi qiyomatgami?»
Dilga shunday qayg‘ular keldi.
Topganimda yig‘layman ma’yus,
Jilmayaman yo‘qotsam endi.
VATAN VA OSTONA
Assalomu alaykum! Ey moviy osmon,
Sen mening muqaddas beshigim Vatan.
Meni porloq kunlar chorlagan zamon,
Dunyoga ochilgan eshigim — Vatan.
Sen menga azizsan ona sutidek,
Go‘daklik yig‘imga guvoh bo‘lganim.
Ilk bor qadamimni qutlab, quvonib,
Sevgim sirlaridan ogoh bo‘lganim.
Yurt kezib sog‘insam tuproq gardini,
Sog‘inchimdan ko‘zi yoshlangan Vatan.
Mening yuragimga tutashib yo‘li,
Mening ostonamdan boshlangan Vatan.
Ilk bor aytgan so‘zim dunyoga kelib,
Yo‘llarga kuzatgan O‘zbekistonim.
Quyoshdek nur sochib, jilmayib, kulib,
Qo‘llarin uzatgan O‘zbekistonim.
Onamsan, otamsan, neki ulug‘ bor,
Sening noming bilan aytilar Vatan...
Bu dunyoga kelib Senga kelinar
Va bir kuni Senga qaytilar Vatan.
Mening ilk salomim alik olganim,
Ilk bor qadamimni qutlagan makon.
Sevgi izhorimdan entikkan yurak,
Mening muqaddasim, ey O‘zbekiston.
KELINCHAK ORZUSI
Mening g‘amim yig‘latguvchimas,
Kuch berar, qalb tig‘latguvchimas,
Men bolamga uxlatguvchimas,
Uyg‘otguvchi alla aytaman.
Uyg‘on deyman shu yurt haqqi deb,
Uyg‘onmasang bu xalq xalqmi deb,
Manglayimda nurdek balqi deb,
Uyg‘otguvchi alla aytaman.
Har yerlarni qilmagil havas,
Bayrog‘ingni berma bir nafas,
Iymoningni yemirmasin nafs,
Uyg‘otguvchi alla aytaman.
Sohibqiron bo‘l, bolam, deya
Poyingdadir bu olam deya,
Ko‘ksimdagi hur nolam deya,
Uyg‘otguvchi alla aytaman.
Uxla bolam, alla demayman,
Bu dunyo to‘y, yalla demayman,
Har devorni qal’a demayman,
Uyg‘otguvchi alla aytaman.
Ey botirim, o‘g‘lonim deyman,
O‘q o‘tolmas qo‘rg‘onim deyman,
Jonim deyman, jahonim deyman,
Uyg‘otguvchi alla aytaman.
U uyg‘onar qaddingni tut deb,
Yetmish ikki tomiri yurt deb,
El deganda olovlar yut deb,
Uyg‘otguvchi alla aytaman.
Shunda bolam bedor bo‘ladi,
Sarhadlarda hushyor bo‘ladi,
Unga Xudoyim yor bo‘ladi.
Uyg‘otguvchi alla aytaman.
MEN
Mening onam jasorat azal,
Mening otam shiddatdir asli.
Yovqur qizman, qasoskor qizman,
Qilichlardan ekanmi naslim.
To‘marisdan meros orim bor,
G‘anim boshin qonga solarman.
Men qasdimni nasya qoldirmay,
Naqdi-naqdi bilan olarman.
Javobi bor qilichlarimning,
Gar boshimga Chingiz kelsa ham.
Sipqoraman to so‘nggi qadar
O‘t kelsa ham, dengiz kelsa ham.
Aytadilar: bu ayol zoti
Nafosatga egizdir har dam.
Bilmaslarki, o‘t, olov ichra
Xirom aylab yuribman men ham.
Bo‘ronlarim kezadi ba’zan
Yuragimdan parchalar uzib.
Qalbim aro qancha ehtiros
Oqqushlardek yuribdi suzib.
Men bilaman bu baxt degani —
Yo hurligim, yo zo‘rligimdir.
Nazokatim — o‘t nigohimu,
Nafosatim — yovqurligimdir.
MUNOJOT
Qulab tushmas tom uchun shukur,
Kunduz uchun, shom uchun shukur,
Bir kun to‘lar jom uchun shukur,
Tangrim, kechir, gunohlarim bor.
Yashnarmidim mehring bo‘lmasa,
Sir topmasdim sehring bo‘lmasa,
Qo‘l urmadim muhring bo‘lmasa,
Parilardan guvohlarim bor.
Aytding: “Suvdek poyimda oqqil,
Olov bo‘lib suvlarni yoqqil”.
Ko‘zim, ko‘nglim, ruhimga boqqil,
Sendan har dam ogohlarim bor.
Najot bormi isming aytmasam,
Sendan kelib, senga qaytmasam,
Qasam, qasam, o‘zingga qasam,
Senga aytar dil ohlarim bor.
Har qadamda xatolar qildim,
Sen shunda ham atolar qilding,
Har tong, har tun angladim, bilding,
Tushib chiqar jar-chohlarim bor.
Ne naf mudom alam chekmoqdin,
Dil sindirib, daraxt ekmoqdin,
Bir zum tinmam seni sevmoqdin,
Ko‘ksimda ishq buloqlarim bor.
Tangrim, kechir, gunohlarim bor.