OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Halima Ahmedova (1960)

 Halima Ahmedova 1960 yilda Buxoro (hozirgi Navoiy) viloyatining Qiziltepa tumanidagi Po‘loti qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning filologiya fakultetini tamomlagan (1983). Birinchi she’riy to‘plami — «Ko‘zimning tili» (1986). Shundan so‘ng shoiraning «Tungi marvaridgullar» (1987), «Erk darichasi (1996), «Tiyramox» (2005) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.



Xayol kechalari qismat bog‘ida, 
Yolg‘izlikda adashgan manmu? 
Olloh, kaftlaringda bir kuni 
Maysa bo‘lib egilamanmu? 

Yomg‘ir kabi yog‘ilsa jonim, 
Qarog‘larim bo‘larmikin jom? 
Tig‘ urilgan bag‘rim qoniga 
Yuragini chayarmu oqshom? 

Men nur bo‘lib o‘psam jimgina, 
Dil shahrining ertaklarini, 
Tillarida so‘zlashamanmu 
Onam qabrin chechaklarini? 

Qushlar ko‘zin qorachig‘ida, 
Asir etib ko‘milgan manmu? 
O, jahannam otashi, sandan
Qochib, sanga intilamanmu? 

Ko‘z yosh kabi silqigan jonni 
Ichkanida ichikkan diydor, 
Dil qonidan man sarhush o‘lsam, 
Bandangmanmu, ayt, Parvardigor?!

Xayol kechalari qismat bog‘ida, 
Yolg‘izliqda adashgan manmu?..

* * *

Ko‘ksimga qamadim haydalgan ishqni, 
Kishanlar yasadim qorong‘u tundan. 
Qonagan oyog‘in ko‘zimga surtib, 
Bir yurak so‘radim telba Junundan.

Vujudni xokistar etdi alanga, 
Yaproqni kuydirdi tiyra bo‘zlarim. 
Qayta daraxt bo‘lib yuksatarmanmi, 
Tuprokqa to‘lganda ishqli ko‘zlarim?

Yaratgan, azobing ichra ochildim, 
Garchi nigohingda nihon edim man. 
Zaminga xokistar bo‘lib qorishdim, 
Qushlar ko‘zidagi osmon edim man.

Ko‘ksimga qamadim haydalgan ishqni, 
Ashkim daryosidan yurakkinam nam. 
Dilning ko‘z yoshini qurita olmas 
O’n sakkiz ming olam quyoshlari ham.

So‘ngagim ichida oqqan bahorlar, 
Yo rab, muzlagaymi umrim so‘ngida? 
Mening ishqqa to‘la o‘jar yuragim 
Chirsillab yonmoqda ko‘zim o‘ngida.

Yongan yuragimni ko‘maman o‘zim, 
Yaprokdar bandida qolar dog‘larim. 
Bir kun daraxt bo‘lib yuksalsam, Olloh, 
Meni tanigaymi kuzgi bog‘larim?!

* * *

Ufqlar ortida zangori yo‘l bor, 
Balki u xayolim, balki afsonam. 
Pokiza kunlarin shu yo‘lga boglab, 
Kechmoqda qismatim - yo‘lovchi sanam.

Ufqlar ortida zangori yo‘l bor... 
Yuragim vujuddan ketar sitilib, 
Yashayman kimningdir yodidan qochgan –
Adashgan arvohday unga intilib.

Ufqlar ortida zangori yo‘l bor... 
Ruhimni izlayman, qayda u, evoh? 
Osmon, yulduzlarning qabrini ko‘rsat, 
Unda ko‘milganmi ruhim begunoh?

Ufklar ortida zangori yo‘l bor, 
O’lim erk ustiga qadalgan tug‘dir. 
Ketaman, qontalash ufq ortiga, 
Xayolim munavvar, yo‘lim yorug‘dir.

Ufqlar ortida zangori yo‘l bor, 
Hayqir, dalli dilim, sen nechun nigun? 
Nega jim kechasan, la’livash qonim, 
Sen kimni izisan, ko‘zimdagi mung?
Ufqlar ortida zangori yo‘l bor...

O’G’LIMGA DARSLIKLAR

1. Tabiat darsi

Har bitta daraxtda bir dil yashaydi, 
Tiqilgani sari o‘sadi ko‘nglim. 
Ularga quloq sol, ularni tushun, 
Daraxtlar aldashni bilmaydi, o‘g‘lim.

Jajji yuragingda kimning sog‘inchi, 
Sezaman, ne qilay, boshqadir yo‘lim.
Senga dadangdan ham mehribon, yaqin, 
Daraxtlar nomardlik qilmaydi, o‘g‘lim.

Jasur bo‘l, ko‘zingda ko‘rmay sira yosh, 
Har qanday alamni ichingga yut jim. 
Do‘stlardan azizroq, do‘stlardan baland, 
Daraxtlar hech qachon sotmaydi, o‘g‘lim.

Qachondir barvasta yigit bo‘lursan, 
Toleingni ko‘rib to‘lgaydir ko‘nglim. 
Ulardan sadoqat sabog‘ini ol, 
Daraxtlar xiyonat qilmaydi, o‘g‘lim.

2. Adabiyot darsi

Goho bo‘m-bo‘sh ko‘nglim oralab 
Sudraladi kuzak shamoli. 
Sarg‘aygan gul yaproklariga 
Dilim chizar ishqning xayolin.

To‘kilmoqda tomchilab umr 
Malaklarning gul kosasidan. 
Men tug‘ilgan edim-ku bir kun
Yomgirlarning sirli sasidan.

Daraxt edim, egilmas daraxt, 
O’sardim nur emganim sayin. 
Yashil dunyo sog‘inchlarida 
Bir kun xazon bo‘lmog‘im tayin.

Shoir edim, bebosh yuragim, -
Talashardi ruhim, samo, yer. 
Men sendayin paytimda, o‘g‘lim, 
Dalalarga o‘rgatardim she’r...

O’g‘lim, sendan boshqa kimim bor, 
Ko‘zlaringda oqadi dilim. 
She’rday Majnun kunlarim haqqi, 
Sen dunyoni shoir qil, o‘g‘lim!

3. Matematika darsi

Men ancha bo‘sh edim, toliqar edim, 
Aqlim chalkashtirib ketganda sonlar. 
Hali ham qalbimni o‘rtaydi ba’zan –
Qalbi tenglamaga o‘xshash insonlar.

Sen esa miriqib yechasan misol, 
Jajji barmoqlaring yayrab sanaysan. 
Meni g‘amlarimdan ayirgin, desam, 
Ishonib-ishonmay kulib qaraysan.

Hayot masalalar turkumi ekan, 
Kimnidir kimidan ayirar o‘lim. 
Kimdir ko‘paytirar cho‘ntakda cho‘g‘ni, 
Sen qalbda cho‘g‘ingni ko‘paytir, o‘g‘lim.

Haqni nohaqlarga qo‘shib qo‘ymagin, 
Kambag‘alni boydan ayirma hech vaqt. 
Mening bilimdonim, kichik oqilim, 
Senga nasib bo‘lsin men ko‘rmagan baxt.

Bir kun vujudimdan ayriladi jon, 
Qay ildiz ostida chirqirar dilim. 
O’shanda men sevgan bir tup rayhonni 
Qoraygan qabrimga qo‘shib qo‘y, o‘g‘lim.

* * *

Kunday yorug‘ qorong‘uliqda 
Oyning nafasiga yediring dilni. 
Bedil bo‘lib kiring mastona –
Ma’yus xayoliga qaro sunbulning. 
Kunday yorug‘ qorong‘ulikda 
Kiprikda chizingiz tunning suratin. 
Yiqilgan osmonga sekin shivirlang, 
Tongda ochilguvchi g‘uncha hayratin. 
Kunday yorug‘ qorong‘uliqda...

Bir yaproq shaklida, Allohim, aytgin,
Yam-yashil xayollar surdingmi?!
Ko’nglim kulbasini nigohing bilan
Sog’inch sohillari aro qurdingmi?!
Beorom chayqalar umr daryosi,
Talpinib ishqingga yetolmadim man.
Miskin qaldirg’ochday aylanib nechun
Ko’nglim kulbasidan ketolmadim man.
Xotira bog’lari bunchalar mahzun,
Olamdan o’tgan barg xazonmi edi.
Qaldirg’och ko’z yoshin ichib uyg’ongan-
Jo’nimdan o’tgan dard armonmi edi.
Qadim xarsangtoshday bunchalar og’ir
Ko’zlarim tubiga cho’kkan bu dunyo?
Sog’inib charchadim, sog’inib toldim,
Meni bu sohildan olib ket, daryo.
Bir yaproq shavqida Allohim, aytgin,
Yam-yashil xayollar surdingmi?!
Ko’nglim kulbasini nigohing bilan
Sog’inch sohillari aro qurdingmi?!

* * *

Qaynoq bo’sa ta’mi chiqdi yodimdan,
Yirtib tashlaganman ishqning xatini.
Buncha qo’msagayman, bilmayman nega,
Ona, qo’llaringiz haroratini.
Quvnoq davralardan qochaman sekin,
Sezmayman hayotning muhabbatini.
Injiq bola kabi sog’ingaydurman,
Ona, qo’llaringiz haroratini.
Go’zal bir tushdayin o’tdimi kunlar,
Tinglamayman tongning bashoratini,
Yo’lsiz sog’inch misol ichikdim bugun
Istab qo’llaringiz haroratini.
Karaxt soyamanmi, sezmayman nechun
O’tgan kunlarimning tilovatini?
Ayting, qay dunyodan tilab olayin,
Ona, qo’llaringiz haroratini.

* * *

Tongotarda uyg’oting meni,
Shudringlarni tinglayin bir oz.
Taskin beray yolg’iz daraxtga
Yuragimning titrog’iga mos.
Tongotarda uyg’oting meni,
O’qiy osmon ochgan kitobni.
Maysalarga yuzimni bosib,
Ular bilan kutay oftobni.
Tong, otarda uyg’oting meni,
Chalay suvlar qo’ng’irog’ini.
Kapalaklar uyidan topay
Bolaligim ko’zmunchog’ini.
Tong, otarda uyg’oting meni,
Qizg’aldoqni qo’yay erkalab.
Har giyohga, har bitta gulag
Go’zal tushdek boqayin yayrab.
Tong, otarda uyg’oting meni,
Ko’kdan so’ray ishqning yo’lini.
Ufqlarga ko’mib kelayin
Sarkash Halimaning ko’nglini.

* * *

Turnalar ovozi meni uyg’otdi,
Sarg’aygan bir ilinj o’rtabmi jonni.
Shamol qovurg’asin sindirib qo’ydi
Ustidan qah-qaha urgan xazonni.
Men uzoq uxladim, ko’zimda hamon
Quyoshsiz kechaning g’amgin uyqusi,
Qadim suvoriyday chopar to’rt tomon
Shamol yelkasida hayot qayg’usi…
Uyg’onib, men yo’lga tushaman sokin
Sudralib, sarg’aygan nurlar izidan,
Bemor dilni tashlab ketmoqchi edim,
Ammo o’tolmadim uning yuzidan.
Kuzak ohangiday kuy izlab mendan,
Bemor tomirlarim chertadi xudo.
Sillam qurib borar, tugamaydi yo’l,
Baxt bilan yashashga kechikdimmi yo?
Turnalar ovozi uyg’otdi meni…

* * *

Dada, to’g’ri, hech kimmasman.
She’rlar yozdim dil yig’latib.
O’taverdi umrim mening,
Tonglar otib, kunlar botib…
Chang bosgan shu ko’chalarning
Bir toshicha bo’lolmadim,
Ko’zingizda to’lib turgan
Ko’z yoshicha bo’lolmadim.
Tomirimga Alloh quydi
Qon o’rniga ishq degan may,
Shundan balki telbadurman,
Ayting, dada, nima qilay?
Odammanmi?
Atirgulning –
Bir xoricha bo’lolmadim,
Bog’imizning dilin yorgan,
Anoricha bo’lolmadim.
Men seniki desam hamki,
Tanimadi ona tuproq,
Ko’zlarimga begonaday
Boqayapti bugun qishloq,
Onam qabrin yopgan kuzning
Xazonicha bo’lolmadim.
Uyingizning devorlarin
Somonicha bo’lolmadim…
Dadajonim, hech kimmasman.

* * *

Ummon menday bir g’aribdan
Kichik irmoqni qizg’anding,
Ajab bog’san, poyingdagi
Sariq yaproqni qizg’anding.
Tashna eding, dil qonimni –
Tutsam, simirdingu – qonding.
Tabibi Hoziqim, aytgil –
Nechuk darmonni qizg’anding.
Mening sarkash bu jonimda
Jununvor ohday uyg’onding,
Hayot, ochiq boshimga sen –
Bir soyabonni qizg’anding.
Men zor bo’lib umidingga –
Qo’lim cho’zsam yana yonding,
Hosilu mo’l dehqonsanu,
Hatto somonni qizg’anding.
Do’stimmisan yo g’animim,
Desam kulib, o’zdan tonding.
Ajal so’rab kelganida
Menday yomonni qizg’anding.
Ajab bog’san, poyingdagi
Sariq yaproqni qizg’anding…

* * * 

Qirq bitta chirog’im, yonib – yonmadi,
Bahorni haydadim umidvor kuzdan.
Siz menga intilib – izlab yurganda,
Balki sezmay o’tdim yonginangizdan.
Ko’zlaringiz rangi kirar tushimga,
Sizni topaman deb yashadim tanho.
Yo’qlikning ortidan siz kelar yo’lga
Dilimni vujuddan ayladim judo.
Sizga asrab qo’ygan o’nta gulimni
Qaylargadir boshlab ketdimi xazon.
Sizni ko’rmay turib, sizdan ayrilsam
Menga alam qiladi yomon.
Balki xazonligim yoqmaydi sizga,
Menga sezdirmayin boqyapsiz karaxt.
Mening baxtli bo’lgim kelayapti juda.
Ayting, siz meniki bo’lmaysizmi, baxt?!

* * *

Ko’ngil uyin xarob etdik bilib-bilmay,
Qayg’ularni sharob etdik bilib – bilmay,
Yolg’onlarga javob etdik bilib-bilmay,
Gunohlarni tavob etdik bilib-bilmay.
Qiyomat mendadur, ey do’st.
Qiyomat sendadur, ey do’st.
Omonlik yo’q shamol qurgan imoratdin,
Olib bo’lgaymi ruhni hech bu g’oratdin,
Qachon kechdik birov uchun halovatdin,
Qochib bo’lmas bu ilohiy bashoratdan:
Qiyomat mendadur, ey do’st,
Qiyomat sendadur , ey do’st.
Daryo edik, bugun kelib ko’lmak bo’ldik,
Mansab uchun kimga poyu patak bo’ldik,
G’iybat, fisqu fasodlarga yo’lak bo’ldik,
Kimxob to’ndan yirtiq cho’pon bo’lak bo’ldik.
Qiyomat sendadur, ey do’st,
Qiyomat mendadur, ey do’st.

XAYOL

Atirgul bo’lsaydim agar men,
Belanib kulmasdim quyosh qoniga,
Sharrtta jo’nar edim hech kimga aytmay
Oshiq buloqlarning yoniga…
Men haqiqat bo’lsaydim agar,
Sanchilardim yolg’on po’stiga.
Dunyoning teng yarim pallasin
Boshlab borar edim dorning ostiga.
Men qadr bo’lsaydim mabodo,
Qasrlarda qoldirmasdim iz.
Ketmon chopgan dehqonga borib,
Men sizniki, derdim shubhasiz.
Men nelarni qilmadim orzu,
Umrim keldi xayolimga teng.
Dadam hayqirig’i buzdi xayolim:
“Halima, sen odam bo’lmading”.
Bir kun odam bo’lsaydim agar…

* * * 

Bergan har kuningni kechirdim jondan,
Yashash gunoh bo’lsa shudir gunohim.
Ismingni pichirlab qildim ibodat,
Mendan o’tgan bo’lsa kechir, Allohim.
O’zingni g’arq aylar ko’z yoshing deding,
Senga ont ichganman yig’lamaslikka.
Menga tupursalar yuragimni yeb,
Qanday chiday axir bunday pastlikka?!
Garchi qarg’amadim zaminni mushtlab,
Ularni men sening qahringga soldim.
O’zimdan charchagan o’zimni olib,
Munavvar nigohing ichra yo’qoldim.
Goho xazon bo’lib tushdim kaftingga
Do’zax otashini yoqqanda ohim.
Mayday dardim bilan huda-behuda
Men seni bezovta qildim, Allohim.
Endi tortinaman bir so’z demoqqa,
Tog’day og’irlashib bormoqda loshim.
Alloh, noming aytib yiqilsam bir kun –
Poyingga og’irlik qilmasmi boshim?
Bergan har kuningni kechirdim jondan…

* * * 

Ko’z yoshingni artib ol deya,
Xazonini tutadi daraxt.
Meni kuzga topshirib qo’yib,
Sen qaylarda qolib ketding Baxt?
Buncha uzun nolishing, shamol,
Nega buncha titrayapsan, gul,
Nur va zulmat, gul va xazonning
Qismatiga to’ldingmi, ko’ngil.
Daraxt, menga boqma achinib,
Baxtsizmanmi, baxtning qasdida
Men o’zimni shunday yupatay
Yig’layotgan osmon ostida.

G’IYBAT

G’animlar davrasin gullatding uzoq,
It bo’lib chaynading ustixonimni.
O’ynab nurday toza tuyg’ularimni,
Yashashdan charchatding mening jonimni.
Halol daryolarim bulg’agan sensan,
Boshimga yo’q joydan yog’dirgan g’urbat,
Men-ku bor gunohim sevib yashadim,
Sen kimning haromi bolasi, g’iybat?!
Qo’ling qon,
Ko’plarni etgansn qurbon,
Yemirasan toshday sabrlarni ham.
Zerikkan chog’ingda o’yinchoq qilib
O’ynaysan tili yo’q qabrlarni ham.
Mudom yuraklarga boshqorong’usan,
Kezasan hasaddan bo’lib ikki qad
Sendan hazar qilar do’zax olovi,
Iblisning xandasi senmisan, G’iybat?!
Men sendan qo’rqmayman,
Garchi ayyorsan…
Ko’nglimni xudoga etganman tortiq.
Ayt-chi, Yaratganga yetarmi kuching?..
Endi sening bilan oramiz ochiq.
 
* * *

Hayvonot bog’ida temir qafasda
Bir bo’ri yashaydi, ko’zida hazar,
Kimdir non tashlaydi, yana kimdir go’sht,
Ortini o’girib qilmaydi nazar.
Tomoshabin hayron, non bersa agar,
Dumin likillatib qo’yar baliqlar.
Hatto so’laqmonday gavdasi bilan
Non berganga qulluq qilar ayiqlar.
Garchi madori yo’q, yemas hech narsa,
Xiralashib borar ko’zlarin nuri.
Tirnog’in qonatib tirnar devorni
Ozodlikdan umid uzmagan bo’ri.
Negadir ko’zimda halqalandi yosh.
Nogoh ravshan tortib qalbimning qo’ri.
Rost gap, odamligim esimdan chiqib,
Senga ta’zim qildim, ey mag’rur bo’ri.
Har gal eslaganda yuragim yonib,
Ko’zimga olovli ko’zing urilar.
Qonli tirnog’ingga arzimas hatto
Non talashgan odam – chiyabo’rilar.

* * * 

Qadr degan bozorlarda meni arzon sotding, ey do’st,
Suyagimni davralarning itlariga otding, ey do’st.
Olloh slogan nazar edi, malakalardan xabar edi –
Gul ko’nglimning sirlaridan to’qib yotding, ey do’st.
Men nur dedim nigohingni, savob balsam gunohingni –
Yuzimga qoralar chaplab, yana kulib qotding, ey do’st.
Umidimni xarob aylab, ko’zimni makrda boylab,
Jonimga gulxanlar joylab, dil qonimga botding, ey do’st.
Halimani badnom etib, pinhon ajalini kutib,
Hasaddan zardoblar yutib, do’zaxni uyg’otding, ey do’st.

ISTAMA SEVGUVCHI DIL...

Istama sevguvchi dil, sen istagan yor mandadur,
Ishq uyida avliyo etgan qizil xor mandadur.

O'ynashur jon shu'lasida umrimi margi xazon,
Ul xazon kaftida yotgan do'zzaxiy zor mandadur.

Dayri mug' savdosida may bo'lsa gar ko'ngil qoni,
Ich, g'amim sarxush bo'larsan mayxona bozor mandadur.

Haq agar oshuftadur, oshuftadur jonim mening,
Mansuri Xallojda ketgan sohiri zor mandadur.

Qayg'uning ehsonida yeldagi oshiq oy kabi,
Bemurod baxtni yopingan qayg'uchan attor mandadur.

Befasl o`tgan umr darvozasi dard zangidir,
So'ngagimi ichida yotgan beqalov qor mandadur.

Bu ko'ngil vayron etilgan chorasiz ishq shahridir,
Sen xiyonat toshin otgan Kabai-g`or mandadur.

O'ldimu ikki ko'zim qabrim bo'lib qoldi mening,
Ruhlar orzusida bezovta mozor mandadur.

Garchi jannat qayg'usi etmas meni devonahol,
Bir yorug' qayg'u o'zim arosat devor mandadur.

Sen G'ulomsan qismati Shayxi Sa'non sandadur,
Hur balo dashtidagi ul zulfi zunnor mandadur.


                    * * *

Qachondir boshini urar toshlarga 
Ismimni yo'qotib qo'ygan etim g'am
Qachondir osmonni ko'tarib turar
Olis er ostida ti turib yelkam

qachondir osmondan ertak so'zlaydi
Meni topib ma'yus yomg'irlar
Qachondir bog'larda ochilar gulday
mendan ortib qolgan ilohiy sirlar

Qachondir ko'ksimga botib ketadi
Men sevgan kimsaning og'ir oyog'i
Qachondir ko'zimda chirib tugaydi 
Muhabbatning menga tutgan so'rog'i.

Qachondir falakning ostida yolg'iz,
kimnidir chorlaydi yig'lab gunohim.
Qachondir sen sevgan yo'lning boshidan
Ma'yus qaytib kelar g'arib arvohim.

Qachondir bu dunyo mening dilimdan
Telba oshiqlarga tutadi sharob.
Qachondir sen sevgan tuproq ostida 
Mening umidlarim bo'ladi xarob.


             * * *

Xayol k?chalari qismat bog'ida, 
Yolg'izlikda adashgan manmu? 
Olloh, kaftlaringda bir kuni
Maysa bo'lib egilamanmu?

Yomg'ir kabi yog'ilsa jonim, 
Qaroqlarim bo'larmikin jom? 
Tig' urilgan bag'rim qoniga, 
Yuragini chayarmu oqshom?

M?n nur bo'lib o'psam jimgina, 
Dil shahrining ertaklarini, 
Tillarida so'zlashamanmu 
Onam qabrin ch?chaklarini?

Qushlar ko'zin qorachig'ida, 
Asir etib ko'milgan manmu? 
O, jahannam otashi, sandan 
Qochib, sanga intilamanmu?

Ko'z yosh kabi silqigan jonni 
Ichganida ichikkan diydor, 
Dil qonidan man sarxush o'lsam, 
Bandangmanmu, ayt, Parvardigor?!

Xayol k?chalari qismat bog'ida, 
Yolg'izlikda adashgan manmu?!

             * * *

Ko'zimda ingragay tunlar, 
Ko'zim paymona istaydi. 
K?tarkan yor kabi kunlar, 
Ko'ngil mayxona istaydi.

Rafiqi b?murodim g'am, 
Dilimni yig'lagay shabnam. 
O'charkan jon aro bir sha'm, 
So'zim so'zona istaydi.

Yaratgan, t?gdimi noring, 
Qani g'unchang, qani xoring? 
Tugarmu ko'hna bozoring, 
O'zim vayrona istaydi.

Yonarsan, charxi vayronim, 
Adashdi Nuhi to'fonim. 
Sog'inch, bas, ichmagil qonim, 
Ko'ngil mayxona istaydi.


             * * *

B?dil daraxtlarning t?lba qalblari, 
Samoga umidsiz tikkanida ko'z: 
Ma'yus m?zonlarda uchgan xayollar, 
Biram afsonavash, biram dilafro'z. 
Jannat sog'inchida, kuygan zaminday, 
O't qo'yib yashadim o'zimga o'zim, 
Yillar sarg'aymoqda horg'in, b?najot, 
Saharlar uyg'onar b?so'z, b?to'zim, 
Intiho ufurgan yillar ochadi 
Olis xotiraning darchalarini, 
S?zaman bir qushcha t?rib ?moqda 
Singan yuragimning parchalarini... 
Rayhonlar ufurgan sirli oqshomlar 
Ishqning sog'inchida kuygandik, dilim. 
Majnuntol qo'yniga qo'l solgan oyning 
Yorug' azobini suygandik, dilim... 
Xayrigul bargid?k titragan ruhning 
Ozoda nafasin xo'playman b?un: 
Siz m?ni unutmang, siz m?ni kuting, 
Xazon, tushingizga kiraman bu tun...


            * * *

Qo'y, yig'lama, dilim, bu tun, 
Ich, bu g'amlar sharob asli. 
Bir kun bizni olib k?tar, 
Qaylargadir kuzak fasli.

Qo'y, yig'lama, dilim, bugun, 
Bu dunyoda yo'qdur panoh. 
Bir kun bizni boshlab k?tar, 
Samolarga muqaddas moh.

Qo'y, yig'lama, dilim, bu tun, 
Sog'inch taxir, s?vgi taxir. 
Biz ko'rmagan falaklarda 
Kutayotir zo'r ishq, axir.

Qo'y, yig'lama, dilim, bu tun, 
Qonli ko'ylak kiydi osmon. 
Bu dunyodan k?tar chog'i, 
Yig'lamaydi h?ch bir m?hmon.

Qo'y, yig'lama, dilim, bu tun, 
Tonglar otar turna sasli. 
Bir kun bizni olib k?tar, 
Qaylargadir s?vgi fasli.


             * * *

Bir kuni dilingdan m?n k?tsam agar, 
Bulbul zaboninni olib k?tarman. 
Sho'xchan qaldirg'ochlar qo'shiq aytguvchi 
Baland osmoningni olib k?tarman.

K?tsam, jahannamning sahrolarida, 
Darbadar ruh kabi tanho-yu yakka. 
S?ni muzlataman jodugar kabi, 
So'ng osib k?taman g'amgin falakka.

K?tsam m?n - kuzakdan ortib qolgan g'am, 
Ertaklari bir tun tugagan ayol - 
S?ni shamollarga sochib k?taman, 
Xokisor xazonlar qismati misol.

K?tsam, ishonchlarning yuraklarini, 
M?n uzib tashlayman itlarga mag'rur. 
Toki, yovuz shubha olsin ayamay, 
Yuragingdan ishonch, ko'zlaringdan nur.

K?tsam, yolg'izgina boshimni olib, 
Quyoshi yo'q tubsiz bir olam sari - 
S?ni ko'zlarimda olib k?taman, 
Hayotni s?vmagan ajal singari.

K?tsam...


            * * *

Manam yo'l bilmagan oshiq, 
Ajab savdoga o'xshayman.

Sha'mi jon ichida kuygan, 
Shabi Layloga o'xshayman.

Sharobi n? edi bilmam, 
Mayxo'r baloga o'xshayman.

Qamar jonda, shams qonda, 
N?chun yaldoga o'xshayman.

Bu ko'ngil maylida o'ldim, 
Dag'i, rasvoga o'xshayman.

Ko'zingga surt gardi xokim, 
Dilga davoga o'xshayman.

Ikki dunyo qochar mandin, 
Olis samoga o'xshayman.

Yaproqlari nurdan bino, 
Sirli hulvoga o'xshayman.

Bu dilni m?nga b?rdi ul, 
Undan sadoga o'xshayman.


             * * *

S?n n?ga kulasan? 
M?ning dardlarimni anglamagan G'am! 
Uni s?vaman, d?b, ichmadim qasam, 
Shamollar tilida qo'shiqlar aytsam, 
S?n n?ga kulasan?

Loyqa daryolarday loyqa tafakkur, 
Chayqalsa dilimda bir shubha manfur, 
Shirin qayg'ularga aytsam tashakkur, 
S?n n?ga kulasan?

Uchdim, d?b m?n kirsam y?rning qa'riga, 
Ko'rsatsam, jannat bor cho'ldan narida, 
Bir kun aylanaman, d?sam, pariga, 
S?n n?ga kulasan?

So'rasam: aytingiz, n?chanchi bahor, 
Muhabbatga borsam, ayla, d?b, b?mor, 
Qurigan og'ochdan tilasam mador, 
S?n n?ga kulasan?

M?ning dardlarimni anglamagan G'am! 
M?n bir kun ko'zingda xok bo'lib cho'ksam, 
Bu noshud hayotning ustidan kulsam, 
Unga, s?vaman, d?b aytmasdan, o'lsam. 
S?n n?ga yig'laysan?


            * * *

Bir yorug' kun k?lar... 
Ko'ksimni t?shadi oyning nayzasi. 
O'ychan yulg'unlarning ostida 
M?ni ko'mib k?lar maysalar sasi.

Bir yorug' kun k?lar... 
Diydorlar vasliga to'yadi ko'zim, 
Moviy iztirobning oydin tushiga -
Ufq ko'ylagida kiraman o'zim.

Bir yorug' kun k?lar... 
M?ni aldamaydi na hasrat, na baxt. 
Xazonlarin bir-bir to'ka boshlaydi 
Ildizi dilimda qurigan daraxt.

Bir yorug' kun k?lar... 
Ko'zlarim kulolning hajrida yonar. 
Lablarim musallas nuri to'kilgan 
Sog'arning sohira guliga do'nar.

Bir yorug' kun k?lar...


         *  *  *

O'tajakman bu dunyodan, 
Dunyo mandan o'ta bilmas. 
Rohiba - oy, rohib - xayol 
Mani bunda tuta bilmas. 
M?n o'tarman, mungli-mungli 
Manimdan so'ng ko'zlar qolur. 
O'tarman ko'ksim arolab, 
Yergacha ildizlar qolur. 
M?n o'tarman bir tun kabi, 
Toshga to'la izlar qolur, 
O'tajakman bu dunyodan. 
Dunyo mandan o'ta bilmas, 
Rohiba - oy, rohib - xayol 
Mani bunda tuta bilmas...


O'ZIMGA QASIDA

Kuzak bahor, 
Atirgul oy, 
S?vgi gadoy, 
Dil lolazor
      Bo'lmoqchi edi.

Daraxt shamol, 
Qayg'u b?hush, 
Xazon ayol, 
Ayriliq tush
      Bo'lmoqchi edi.

Zamin osmon, 
Xo'rlik kamon, 
Falak qaroq, 
Zulm tuproq
      Bo'lmoqchi edi.

Ular nima bo'ldi -
      Bilmadim. 
M?n Halima -
      Bo'laolmadim.


          *  *  *

Ovut m?ni, ovuggil m?ni, 
Yolg'on dil xunidan to'yganman, d?gil, 
Sochlarim kuylagan barmoqlaring-la 
Shodlikmi, baxtmidi suyganman, d?gil.

Ovut, zardoblari chayqalgan qalbim, 
Ertaning haqqidan k?chganman, d?b ayt. 
Ismim aytolmagan o'lim bo'g'zidan, 
Haqorat zanjirin ?chganman, d?b ayt.

M?n bu tun y?timman samoga, y?rga, 
Binafshalar kular bunchalar o'jar. 
Hayqir, s?vaman, d?, toki, dunyoning, 
Ko'zlari ko'r bo'lsin, quloqlari kar.

Ovut, og'ushingda to'lg'ongan daryo 
S?nga singib k?tsin t?lba-yu dalli, 
M?nsiz ochilajak gullar kulgusin 
Bir lahza his etib olay aqalli.

Ovut m?ni, ovutgil m?ni, 
Tongacha ruhingda qilayin safar, 
Shunday ovutgilki, yoshlarim kulsin,
G'amlarim kulsin,
Erta s?nsiz o'tguvchi damlarim kulsin, 
Parvonasi kuygan sha'mlarim kulsin, 
Ovut m?ni, ovutgil m?ni, 
Bizniki d?, faqat bizniki -
Jannatdan o'g'irlab olgan bu sahar.

Ovut m?ni, ovutgil m?ni...


          *  *  *

B?jirim k?chalar, sovuq k?chalar, 
Oyning laganida muzlagan afsun. 
Yalang'och daraxtning butoqlarida, 
Junjikib uxlaydi alamzada tun.

Balki, muzlayapti kimdir dilimda, 
B?jirim k?chaning afsonasiday. 
Jonimni kaftimga olib titradim, 
Ajal soch taragan ishq shonasiday.

'M?n kimman?' yulduzlar folida kuygan, 
Sog'inch junbushida qismat ko'rgan tush? 
Ko'zin tuproq ko'mgan orzu misoli, 
M?ni ham bu hayot etar faromush.

Har maysa qonida qalqiydi yodim, 
Garchi, y?r jismimga ochsa-da og'ush. 
Jondan sizilguvchi faryodday u kun, 
Oshig'im, ko'zingdan to'kilgum b?hush.

B?jirim k?chalar, sovuq k?chalar, 
Ruhim k?tib qolar, m?ndan so'ramay. 
Mahdud soya kabi, so'rayman Haqdan, 
O'lgan yuragimni qay?rga ko'may?

Oyning laganidan toshdi afsunlar, 
Osmonni sindirib hayqirdi zorim. 
Zaminda bir joy yo'q, ko'mayin d?sam, 
Dilimga qabr b?r, Parvardigorim.


        *  *  *

Toshk?ntnig tosh ko'chalarida, 
Sog'inchmi u, qaddim bukadi. 
Buxoroning bir qishlog'ida, 
Bodom gullarini to'kadi.

Darvozada o'ltirar dadam, 
Ma'yus maysalarday to'shalib. 
To'kiladi sog'ingan ko'ngli, 
Bodom gullariga qo'shilib.

Kunlar o'tar, shamolday b?sas, 
Dunyosiga nazar solmayman. 
Bir yildir-ki, dadajon, sizga, 
Boraman, d?b, bora olmayman.

Ilinjlarda muzlamoqda jim, 
Tomirimda oqayotgan qon. 
Qaldirg'ochning qanotlarida 
M?n boraman kuting, dadajon.

Huvillagan yurakday hovli, 
Onamnimi, eslab ezilar. 
M?n bilaman, har bir qadamda, 
Onajonim o'rni s?zilar.

Bag'ringizni quyoshga tuting, 
Dilingizga suyansin osmon. 
Bahorning xush sabolarida, 
Uchib borayapman, dadajon.

Toshk?ntning hur ko'chalarida,
Majnuntollar qaddin bukadi
Buxoroda - Po'lat qishloqda, 
Bodom gullarini to'kadi.


       *  *  *

To'liqib-to'liqib oqar kun,
Yodingni tiladi oy xanjar.
Qaydadir xotirang haqqini
Hur xayol o'padi mushtipar.

Bu latif kechaning bag'rini
Bir qo'shiq to'ldirar shikasta.
Nafis oy nuriga osilib,
Tushingga kiraman ohista.

* * *

Boshdan oyog‘im nur,
Boshdan oyog‘im...
Shaffof havolarga ketdim chirmashib,
Agar menga boqsang,
Shu lahza quyosh —
Raxshona ko‘zlaring ketar qamashib.
“Sog‘inib yashadim” —
Bu qanday kalom?
Boshqa so‘z na hojat,
Sharhga na hojat.
Hayotni boshimga ko‘tarib bugun —
Qayoqqa ketayapman, betoqat...
Ming yillik zindondan
Chiqqan mahbusday,
Ko‘zim mung libosin yirtib tashladi.
Hatto tegramdagi zulmatli olam,
Vo ajab,
Nurlarga aylana boshladi...
“Sog‘inib yashadim”... 
Nega buncha kech?!
Qismatning izmiga yo‘q hech bir sabab.
Asrashga qodirdir nahotki meni
Xazon g‘azabidan 
Shu bir og‘iz gap?!..
Boshdan oyog‘im nur,
Boshdan oyog‘im...
Begunoh parvardigor,
Gunohkorman oldingda...
Maysalarga aylansam —
Qolamanmi yodingda?
Rayhon bargi silkinib,
Yuz ochsa shabbodaga,
Shabnamga ko‘ngil bersam —
Qonamanmi bodaga?
Ishq faslidan adashib
Dil so‘rasa qaldirg‘och,
Karbalo dashti uchun
Jonim bo‘larmi xiroj?
Subhidam kokillarin 
Tarasa malak yog‘du,
Mendan umidin uzib,
Tashlab ketarmi qayg‘u?
Begunoh Parvardigor,
Gunohkorman oldingda...
Halimadan voz kechsam
Qolamanmi yodingda...
O‘zingni tiy, sharmanda qilma,
emasmiz-ku biz qadrtalab.
Shu ozgina ko‘rgulik uchun 
Axir shartmi ketishing qulab.
Har qancha g‘am, azob bo‘lmasin,
Dardkash yuragimda to‘lib tur,
Men qiynalib dard chekkan tunlar,
Ko‘zlarimda porlab, kulib tur.
Garchi bugun...
Toshdan ham og‘ir —
Yemirilib borarkan loshim,
Boshing uzra ko‘tar ko‘nglimni —
Meni yupat,
Yupat, ko‘z yoshim.
...Hozir esa yurak ichida
Kuyla, g‘animlarning qasdiga,
Kechirmayman agar yiqilsang,
Pastkashlarning oyoq ostiga...

VAQT

Xosiyat Rustamovaga

...Ishonmang, hayotda vaqt yo‘qdir,
Uni biz yaratdik,
deding entikib.
Rostdan shundaymikan, o‘yladim —
Olis ufqlarga ko‘z tikib...
Lahzalar sochilib yotibdi,
Maysalar, gullarda, daraxtda...
Kim tug‘ilib, kimdir o‘lyapti,
Tan olging kelmagan shu Vaqtda.
Bozor xaltalari yelkada,
Vaqt ketayapti ko‘chalarda jim.
O‘zin osib qo‘ydi bilmasdan —
Vaqtning yuragiga allakim.
Mozordagi har bitta qabr —
Ishdan chiqib zanglagan soat.
Yugurishdan charchab qolgan Vaqt
Shu makonda dam olar faqat.
Ammo kecha-kunduz tinmasdan,
Biz bilgan ilohiy Soatsoz
Zanglab ketgan qadim soatning
Millariga beradi pardoz.
Juda og‘ir Vaqt oyoqlari —
Shafqat qilmay yanchadi dilim.
Ishlab ketsa zanglagan Soat,
Keyin nima qilamiz, singlim?

SHAROB

Mezbon dasturxonga qo‘ydi maqtanib:
“Mana bu ming yillik qadimiy sharob”.
Billur qadah ichra chayqalib, sirli,
Sharob boqar edi etgancha itob.
Kimdandir eshitgan edim go‘yoki,
Odamning qoniga o‘ch bo‘larkan tok.
Qadimda shohlarning usta bog‘boni,
Pinhon keltirarkan kim bo‘lsa halok.
Ko‘markan so‘ng uni tok ildiziga,
Shundan gurkirarkan uzum daraxti.
Uning sharobidan sarxush podshohning 
Tillolari ekan — bog‘bonning baxti.
Jonimga alanga yugurdi nogoh,
Sharobdan simirib edim bir qultum.
Men sening qoningni ichdim,
Bilmayman —
Sen kimning qonini ichganding uzum?!

SURATKASH KO‘ZIM

Qorachig‘i qadoq mehnatkash ko‘zim,
Suratga olasan borliqni tinmay.
Kichik chumolidan koinotgacha,
Suratin ishlaysan sen hech erinmay.
Bunchalar mohirsan, bunchalar hushyor,
Ishingni ko‘zini yaxshi bilasan.
Nafis suratlarni pardozlab yana
Ko‘nglimning uyiga sekin ilasan.
Sen olgan suratga qarab har kuni,
Yoniq she’rlar yozdim,
yuragimda cho‘g‘.
Shuncha she’rlar yozib,
shuncha she’r bitib,
Hali ham hayotni tushunganim yo‘q.
Yaxshiyam bilmaysan,
qaysidir bir kun —
Qazo darvozasi ochilgan mahal,
Yagona musavvir parvardigor deb,
Barcha suratlaring yirtadi Ajal.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.