RUHIM
Ahay-aha-hay. Ahay-aha-hay!
Men qushlarning tushlarida ko‘rinay,
Men tushlarning qushlarida ko‘rinay.
Ahay-aha-hay. Ahay-aha-hay!
Men tillarning gullarida ko‘rinay,
Men gullarning tillarida ko‘rinay.
Ahay-aha-hay. Ahay-aha-hay!
Men to‘ylarning kuylarida ko‘rinay,
Men kuylarning to‘ylarida ko‘rinay.
Ahay-aha-hay. Ahay-aha-xay!
Men ko‘zlarning so‘zlarida ko‘rinay.
Men so‘zlarning ko‘zlarida ko‘rinay.
Ahay-aha-hay. Ahay-aha-hay!
* * *
Suv ustida, suvlar ustida
Yuraklarim chisirlaydi-ey.
Ishq dastidan, hijron dastidan,
Suyaklarim qisirlaydi-ey.
O’t ustida, o‘tlar ustida
Ko‘z yoshlarim daryo bo‘ldi-ey.
Ishq qasdida, hijron qasdida
Bardoshlarim ado bo‘ldi-ey.
Tosh ustida, toshlar ustida
Ko‘nglim erir oy kabi ma’yus.
Ishq faslida, hijron faslida
Yig‘la, Bahor, mening ismim - Kuz.
Yo‘l ustida, yo‘llar ustida
Oyoqlarim yurak bo‘ldi-ey.
Ishq kasridan, hijron kasridan
Umrim faqat tilak bo‘ldi-ey.
OLAPAR
Olaparni shundoq ko‘zim oldida
Otdilar - do‘stini bolaligimning...
Onam o‘rgatganday: «Rozi bo‘l» dedim,
Shu ilk bor rozilik so‘rashim mening.
Jigarrang, alamli ko‘zlarin tikib,
Olapar vidolar aytarkan beso‘z...
Birdan o‘q otildi. Ortga burildim –
Yelkamga qadalib qoldi ikki ko‘z.
Yillar o‘tib ketdi. O’z o‘tmishim bor –
Kechganim goh dushman, goho do‘st bilan.
Men endi qarayman bolashgimga
Yelkamga qadalgan bir juft ko‘z bilan...
SEHR
Kecha tildan qoldi, qoldi-ya tildan...
Hilol etagida yig‘layotgan sen...
Qadimiy oyatlar bitilgan yo‘lda,
Eshqobil emasman endi men.
Dengizlar ko‘karib tortadi chilim,
Baxmal bulutlarni kiyayotgan sen.
Oltin baliqchaga aylandi tilim,
Eshqobil emasman endi men.
G’uborli tumanlar chimildig‘ida,
Olov qanotida titrayotgan sen.
Qara, ko‘zlarimning topildig‘iga,
Eshqobil emasman endi men.
Kecha tildan qoldi, qoldi-ya tildan,
Nafas torlarimda uxlayotgan sen.
Qushdan ildiz oldim, qanotni guldan,
Eshqobil emasman endi men.
ARUZ
Temir xalajidan
Ters o‘tgan momo,
Kurbaqaning butiga shardoz boylab ber endi,
Yig‘layapman... Yog‘li-yog‘li ilik chakib ber endi.
Kelim-ketim dunyodan
O’ng o‘tgan momo,
Suruv-suruv qayg‘ulardan suluv saylab ber endi,
Ola toshdan qoq yelkamga tumor taqib ber endi.
Temir xalajidan Ters o‘tgan momo,
Qurbaqaning sol butiga ko‘k tomirim boylandi,
Ko‘r qurbaqa meni sudrab zindon bo‘ylab aylandi.
Kelim-ketim dunyodan
Keng o‘tgan momo,
Talonzada ko‘kragimga avrab gulmix qokdilar,
Ichidan qo‘sh daryo oqqan iligimni chakdilar.
Temir xalajidan Ters o‘tgan momo...
* * *
O, meni yig‘latma...
Yomon tushlar ko‘rib namozshomgulim,
meni yig‘latma.
Men poyi-pataging bo‘lay qayg‘ulim,
meni yig‘latma.
Otingdan aylanay, og‘rima gulim,
meni yig‘latma.
Uh tortsang, ustuni qular falakning,
iig‘latma.
Ko‘krak qafasiga yanglishdan xudo
Ayolning yuragin qo‘ygan erkakni
yig‘latma.
LAHZANING UMRI
Payg‘ambar eshigin taqillatgan men,
Shaytonni o‘ttiz yil laqillatgan men,
Qo‘ynida hurlarni so‘lqillatgan men,
Sen axir nimasan? NIMAsan, o‘lim.
Qil ko‘prik ustidan o‘ynab o‘tgan men,
Bir hurga yetmish xil yurak otgan men,
Yetimga
Yetti qobirg‘amdan tirgak tutgan men,
Sen axir nimasan? NIMAsan, o‘lim.
Og‘zidan yuz bulbul uchirolgan men,
Isoni Ka’baga ko‘chirolgan men,
Ko‘nglini xudoga ichirolgan men,
Men KIMman. Sen esa, NIMAsan, o‘lim.
MOHIYAT
Men ham tangrining bir bitigidirman
Va toshga aylanib qolarman bir kun.
Nondai uzilarman, balki, tandirdan,
Sopolda yozuvga aylansam... mumkin.
Va shunda... bilmasman, yerdanmi, ko‘kdan,
Suvmi, nurmi bo‘lib qaytib kelarman.
Va shunda... dunyodan anglamay o‘tgan
Bitikni - O’zimni o‘qiy olarman.
Men ham tangrining bir bitigidirman.
* * *
Tilimni kuydirdi bulbulning suti,
Tanglayimni yoqdi gul ichirgan qon.
Men ikki dunyoni bir hatlab o'tib,
Og'zimga solganim bor yo'g'i talqon.
Ko'zimni muzlatdi jahannam o'ti,
Ko'nglimni xor qildi bu ' gulzor, chaman'.
Men ikki dunyoni bir hatlab o'tib,
Ko'z ochib kpo'rganim bor yo'g'i tuman.
Qulog'im kar qildi haqning sukuti,
Bu sukutmi va yo tilsiz qatag'on.
Men ikki dunyoni bir hatlab o'tib,
Eshita olganim bor yo'g'i yolg'on!
* * *
Suv ustida, suvlar ustida
Yuraklarim chisirlaydi-ey,
Ishq dastidan, hijron dastidan
Suyaklarim qisirlaydi-ey.
O't ustida, o'tlar ustida
Ko'z yoshlarim daryo bo'ldi-ey
Ishq qasdida, hijron qasdida
Bardoshlarim ado bo'ldi-ey
Tosh ustida, toshlar ustida
Ko'nglim erir oy kabi ma'yus.
Ishq faslida, hijron faslida
Yig'la, Bahor, mening ismim - Kuz.
Yo'l ustida, yo'llar ustida
Oyoqlarim yurak bo'ldi-yey,
Ishq kasridan, hijron kasridan
Umrim faqat tilak bo'ldi-ey.
OLAPAR
Olaparni shundoq ko'zim oldida
Otdilar - do'stini bolaligimning...
Onam o'rgatganday: 'rozi bo'l' dedim,
Shu ilk bor rozilik so'rashim mening.
Jigarrang, alamlik ko'zlarin tikib,
Olapar vidolar aytarkan beso'z...
Birdan o'q otildi. Ortga burildim -
Yelkamga qadalib qoldi ikki ko'z.
Yillar o'tib ketdi. O'z o'tmishim bor -
Kechganim goh dushman, goho do'st bilan.
Men endi qarayman bolaligimga
Elkamga qadalgan bir juft ko'z bilan
ATALA
Musofir ayolning ko'zi yoridi,
Atala qilishni bilmas edim men.
Derazada qolgan gulday sarg'aydi,
Atalani kutib musofir ayol.
Ayol uch kun kutdi. Uch kun yig'ladi.
Qozonning boshida musofir sevgi,
To'rtinchi kun kuldi g'amgin deraza,
Yig'ining ichida jilmaydi ayol.
Uddoburo chiqdi musofir sevgi,
Ko'z yoshdan atala qila bilarkan.
Shundan beri sira she'r yozmayman men,
Atala qilaman, faqat atala.
'MEN' TAJRIBASI
Sug'urib oldilar ichidan 'MEN'ni,
Hayotning shohtomiri kabi.
Ko'ziga tiqdilar Bugunni,
Kechasi, Ertasi ketdilar sabil.
Dardlar, xotiralar quvg'indi, daydi,
Tuyg'ular egasi o'lib dovdirar.
Vatan devorlarin tagin kovlaydi
Ichida ' Men 'i yo'q gavdalar.
* * *
Bunga bir yildan so'ng gullar keladi,
Eshikni yurakday qoqarlar 'duk... duk...'
Yalpaygan ostona javob qiladi:
'Eshqobil uyda yo'q!'
O'n yildan so'ng kelar beva shamollar,
Tog'larning ko'zidan sachrab ketar do'q:
'QAYTINGIZ, qarg'algan gumroh ayollar,
Eshqobil yerda yo'q!'
Turnalar keladi yuz yildan keyin,
Har biri tumshuqda keltirar bir cho'g'
Va moviy bayroqlar bosh silkir mayin:
'Eshqobil ko'kda yo'q...'
Bu o'tar dunyodan ming yil ham o'tar,
Kelarsan... yer-osmon botadi terga.
Shunda kesaklardan o't chiqib ketar,
'Eshqobil shu yerda'!
GUNG HIKOYASI
Avaz sukunatning bolasi edi,
Singilday suyardi musichalarni...
Tengdoshlari - odam bolalaridan
Itdan qo'rqqan kabi bezib yurardi.
Takabbur tengdoshlar goho ermakka
Ovlab o'ldirardi musichalarni...
Singillar o'ligin ko'rganda Avaz
Ovozsiz-ovozsiz hayqirar edi.
Bezib xo'rliklardan, haqoratlardan
Xilvat go'shalarga ketardi Avaz...
Ovloqda onasi sukunat bilan
Uzoq gurunglashar, uzoq o'ynardi.
Ovloqda Avazning g'arib boshini
Mehribon silardi buyuk bir ovoz.
Bunda halok bo'lgan musichalarning
Qanoti ostida kuylardi Avaz.
OSHIQ
Bir parcha non bo'lmas balki so'zimiz,
Valekin oshiqmiz, oshiqmiz.
Bir qultum suv bo'lmas balki ko'zimiz.
Valekin oshiqmiz, oshiqmiz.
Xayol va hijrondir nonu tuzimiz,
Voh, bul kun oshiqmiz, oshiqmiz,
Netong, ko'ngil bo'ldi rizqu ro'zimiz,
Ertan ham oshiqmiz, oshiqmiz,
Yo'q bo'lib ketsak-da tamom o'zimiz,
So'ng yana oshiqmiz, oshiqmiz.
SADO
Yo‘lda qolgan yo‘lovchining qo‘llovchisi,
Yo‘lsizlarni ravon yo‘lga yo‘llovchisi,
Qoq sahroda soya bergan, buloq bergan,
Qumda qolgan qulunlarning so‘rovchisi.
Suringanda tulporlarga madad bo‘lgan,
Aro yo‘lda qaqshaganga qanot bo‘lgan,
Qora boshning qorong‘ida qarovchisi,
Yo‘lda qolgan yo‘lovchining qo‘llovchisi.
Manzil yiroq, umid sendan, najot sendan,
O‘limlarning qurshovida hayot sendan,
Jon rishtasin Haq nuriga ulovchisi,
Yo‘lda qolgan yo‘lovchining qo‘llovchisi.
SUV VA OLOV SEVGISI
Kuylayotgan jilg‘a tovushida sen,
Ochiqqo‘l shamolning hovuchida men.
Osmon yelkalarin hurligida sen,
Sim-siyoh yo‘qlikning borlig‘ida men.
Sen gulday ochilgan so‘zlar atrida,
Men yo‘lga ekilgan izlar satrida.
Sen chaqmoq sutini ichib yashaysan,
Men daryo o‘tini kechib yashayman.
G‘aroyib sevgini yashaymiz ikkov,
Bitta chimildiqda suv bilan olov.
TOG‘DAGI YO‘L BO‘YIDA
Tog‘dan pastga qarab oqayotgan yo‘l,
Bolalik qayoqda, yoshlik qayoqda?
Xarsanglar ko‘ksida hilpiragan gul,
Muhabbat qayoqda, oshiq qayoqda?
Tog‘da jilg‘a kabi jildiragan yo‘l,
Sen asli yo‘lmisan, yo‘lovchimi yo?
Xarsanglar ko‘ksida hilpiragan gul,
Sen o‘zi gulmisan, gulovchimi yo?
Sayyoh bulut bilan gaplashib ko‘rdim,
Men bilgan bulutga o‘xshamadi u.
Keksa sukut bilan gaplashib ko‘rdim,
Men bilgan sukutga o‘xshamadi u.
Balki men o‘zimga o‘xshamadimmi,
Meni tanimadi devona shamol?..
Ko‘nglimni yetaklab qayga ketmoqda
Ularga yetti yot begona xayol.
Tog‘da jilg‘a kabi jildiragan yo‘l,
Sen asli yo‘lmisan, yo‘lovchimi yo?
KEYINGI KUNLAR
Bulutlar raqsini ko‘rsat, shamolim,
Mening haqqimga ham kuylagin o‘zing.
Men bu dalalarni yaxshi ko‘rganman,
Ko‘nglimga berganman non-suvi, tuzin.
Bulutlar raqsini ko‘rsat, shamolim,
Dunyolarni aylan mening haqqimga.
Men bu daryolarni juda suyganman,
Daryolar boshlangan mening qalbimdan.
Qachondir ko‘p sevib yashaganman men,
Chaqmoqlarga otash berdim bir zamon.
Baribir, sen mening shamolimsan, sen
Zangor vohalarda esarsan hamon.
Hayotning bag‘ri keng, osmoni cheksiz,
To unda turfa rang shamollar essin.
Toki, sen esganda o‘zgalar shaksiz:
“Bu — Eshqobil Shukur shamoli” desin.
AZAL KUYI
Sen bahordan oldin gullaysan,
Jilmayasan sahardan oldin.
Har gal oydan oldin to‘lgaysan,
Jon ichida javhardan oldin...
Sen oldin.
Sen oldin.
Sen yomg‘irdan avval yig‘laysan,
Yog‘ajaksan qorlardan avval.
Yangi yildan avval kirgaysan,
Dil tubida zorlardan avval...
Sen avval.
Sen avval.
Yuragimning bog‘chalarida
Yetaklaysan o‘n ikki oyni.
Dil daraxtin shoxchalarida
Kurtaklagan yetmish ming kuyni
Sen chalding.
Sen chalding.
Suvdan oldin daryo joni sen,
Sen yoriysan chaqmoqdan oldin.
Yig‘layotgan bulut qoni sen,
Har qadaming so‘qmoqdan oldin...
Sen oldin.
Sen oldin.
ERTAKLAR DALASI
Kesaklar kurtaklar qo‘ng‘ir shudgorda,
Qorday qanot yoyib suzar tumanlar.
Tilab olganimsan o‘zing bahordan,
Ertaklar o‘stirar bizning chamanlar.
Dala o‘rtasida yolg‘iz bir so‘qmoq
Ketmoqda boshiga ko‘tarib seni.
Oltin mevalarin uzatar chaqmoq,
Osmon sochib tashlar gavharlarini.
Kel, birga yashaylik afsonalarda,
Tuban dunyoparast dunyolardan kech.
Tuyg‘ular quvilgan koshonalarda
Yuraklar, sevgilar gullarmidi hech?
Sevgiday mastona, hayrona dala,
Niholday o‘stirar ertaklarini.
Dala osmonida yetmish ming malak,
Nurdan to‘qir sening ko‘ylaklaringni.
Kel, birga yashaylik afsonalarda...
MUSIQANI ANGLASH
Bu navoni rubobdan oldin
Bir qari tut kuylagan edi.
Bu nolani naydan ilgari
Bir qamishdan tinglaganlar bor.
Chanqovuzning po‘lat tilchasi
Bitta g‘arib turnadan qolgan.
Demak...
Demak...
Demak...
Kuylayotgan maysani bilmay,
Ilg‘amasdan shamol nolasin,
Eshitmasdan daraxt yig‘isin,
Kapalakning faryodin sezmay,
Sezmay turib qayg‘u kulgisin,
Musiqani yashay olmassan.
QO‘SHILUVCHILAR VA YIG‘INDI
Eshak esi — hashak, qo‘ng‘iz hushi — go‘ng,
Qurtdan qush chiqmaydi, to‘ng‘izdan bog‘bon?
“Nodon” degan so‘zni to‘g‘ri aytsang ham,
Teskari aytsang ham baribir — “nodon”.
6+2=(barobar) 8,
2+6, baribir 8.
“Nodon” degan so‘zni bejab aytsang ham,
So‘kinib aytsang ham “nodon”dir, shaksiz!
Qirq eshakning yuki bitta qilig‘i,
Yoxud bir qiliqqa yukdir qirq eshak.
“Nodon” degan so‘zga zar to‘n yopsang ham,
Janda kiygizsang ham “nodon”dir, beshak!
KO‘RISHARMIZMI YO KO‘RISHMASMIZMI?..
“Ey yo‘lovchi, bo‘laqol qo‘noq...”
Abdulla Oripov
Yo‘lovchi, ayt, qizg‘in diydorlar qayda,
Bir savolga toldim dardimni ayta,
Bu ko‘hna yo‘llarda biz yana qayta,
Ko‘risharmizmi yo ko‘rishmasmizmi?
Bu yo‘l osmon bilan tutashgan yo‘ldir,
Unda keluvchidan ketuvchi mo‘ldir,
Sen menga bir issiq tabassum qoldir,
Ko‘risharmizmi yo ko‘rishmasmizmi?
Uzrliman tanish-notanishlardan,
Kimga naf tan olish yo tonishlardan,
Bir hovuch qor qoldir menga qishlardan,
Ko‘risharmizmi yo ko‘rishmasmizmi?
Bu yo‘l ikki dunyo tutashgan yo‘ldir,
Yo‘lovchi, horigan ko‘nglimga qo‘l ber,
Menga bittagina shirin so‘z qoldir,
Ko‘risharmizmi yo ko‘rishmasmizmi?