Xalq barcha davr va zamonda ham go‘zal xulq, ezgu fikr va tushunchalar bardavom bo‘lishini istagan. Tarix bilan zamonni o‘zaro bog‘lab turadigan oltin bir xalqa ana shu boqiy istakdir. Xohlasin, xohlamasin, inson tarixdan ajralolmaydi: qaysi bir tarzda bo‘lsa ham u ajdodlar fikr va tuyg‘u hayotini qayta yashaydi. Adabiyot tarixi namunalari faqat moziyga mansubligi uchun emas, oradan ko‘p vaqt, uzoq davr o‘tishiga qaramay, ma’no, mohiyat qimmatini saqlab qolganligi uchun qiziqarli. So‘z yo‘li, birda ma’ni, tushuncha yo‘li bo‘lsa, birda xotira va tarix yo‘li. Ildizi olis o‘tmishga uzangan so‘z yo atama mazmunini zamonaviy fikr-qarash doirasida tugal izohlab bo‘lmaydi. Ularni to‘g‘ri anglash, tarixiy ma’nosi ila qabul qilishning chorasi mushohadada oqsamaslikdir.
Sharq mutasavvif shoirlari asarlarida “ma’no” kalimasi haqiqat, ma’rifat, ruhiy bilim, nukta, olam mazmunlarida ishlatilgan. Ma’noning eng asosiy sifati, oxirigacha uni ochiq-oydin ifodalab bo‘lmasligida. Demak, ma’noda nimadir hamisha yashirin qoladi. Shuningdek, ma’no oxirgi hukm mazmunidagi gaplarni ham tan olmaydi. Unga qiziqishning susaymasligi shundan. Da’vo esa ma’noning ziddi, ya’ni — quruq, e’tiborsiz ilm, haqiqati puch iddaodir.
So‘nggi paytlarda adabiyotshunoslikda, xususan, mumtoz adabiyotga doir ishlarda da’vokashlik bois “ilmiy to‘qima” ko‘payib ketdi. Tahlil va talqinlardagi soxtalik, xatoliklarni mayli, qo‘ya turaylik. Na badiiy ijod tabiati, na san’atkorlik shuuriga muvofiq keladigan diniy-ma’rifiy, tarixiy-siyosiy xarakterdagi ayrim bir asarlarni ham adabiy hodisa o‘laroq o‘rganilishiga nima deysiz? Adabiyotni his qilish va anglashdan nahot biz shunchalik yiroqlashdik? O‘zboshimchalik, g‘ayrilmiylikka yon berilaversa adabiyot va adabiyotshunoslikning holi ne kechadi? Buni jiddiy o‘ylash kerak. Sen menga tegma, men senga tegmayman – bu xosiyatsiz qanoat. Hamma jabhada bo‘lganidek, ilm-fanning istiqboli ham yoshlarda. Yoshlik g‘ayrati, dadilligi, erkin izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash lozim. Faqat dadillik o‘zbilarmonlikka, izlanish uydirma to‘qishga aylanmasligi zarur. Badiiy ijoddagi kabi yozishda tabiiy ehtiyojni his qilish ilmda ham alohida holat. Aks tarzda maqsad xolis bo‘lgani bilan natija mag‘zsiz, ya’ni puch bo‘ladi. Andijon davlat universiteti doktoranti Valijon Qodirovning “Bobur Navoiy bilan adashmi?” (“O‘zAS”, 2009 yil, 13 fevral) nomli maqolasini o‘qib, men yana bir karra bunga ishonch hosil qildim.
Har qanaqa shaxsiy fikr-mulohazada ham o‘quvchini, ozdir, ko‘pdir, haqiqatga inontiradigan cho‘g‘ kerak. V.Qodirov esa bor-yo‘g‘i taxminga suyangan. Va “anglatgan ma’nolariga ko‘ra” Boburning, ustozi Alisher (Navoiy)ga “nomdosh”ligini isbotlash uchun asossiz gaplarni ilgari surgan. Holbuki, Hazrati Alining tarixiy va manoqibiy hayoti bilan chuqurroq qiziqqanida, hech shubhasiz, masalaga butunlay o‘zgacha nigohda qarar, yozish kerakmi shu mavzuda, yo‘qmi — buni ham o‘zi xolis hal etardi.
Avvalo shuni aytish joizki, Aliy, Ali deyilganda hamma payt ham Hazrati Ali nazarda tutilmagan. Baland, oliy, yuksak sifatini anglatgan bu so‘z Haq taolo nomlaridan biri. Alimardon – odamlarning eng a’losi, komili, degan mazmunni ifodalasa, Aliqul – Ollohning oliy xulqli quli demak. Bas, shundoq ekan, Hazrati Alini xotirda tutmasdan, Xudoning sheri bo‘lsin, degan niyat ila Alisher deb ism qo‘yish mumkin bo‘lgan.
To‘g‘ri, musulmon olamida Hazrati Alining obro‘-e’tibori nihoyatda yuqori ko‘tarilgan. U — jasurlikning piri, matonat peshvosi, Sher yanglig‘ qo‘rqmas shaxs. Asrlar mobaynida uni chinakam fidoyilik, sadoqat, muruvvat timsoli sifatida sharaflashgan. Biroq hamisha va hamma joyda ham shunday bo‘lmagan. Mashhur arab olimi va sayyohi Ibn Fazlon “Sayohatnoma”sida yozadi: “Xorazmda shaharga bir kunda boriladigan Ardako‘ nomli bir qishloq bordir. Aholisiga kardalilar derlar... har namozdan keyin Amir al-mo‘minin Ali bin Abu Tolibni ular la’natlaydilar”. Balki bu qavm imon ila shubha oralig‘idagi bir holga tayanib mutazila aqidasiga inonganlardir, balki shia mazhabiga qarshi e’tiqod vakillari bo‘lishgandir. Gap shundaki, hech qanday salbiy munosabat va tanqid Hazrati Ali shoni-shavkatiga soya sololmagan. U murtazo (Olloh rizosiga noil bo‘lgan), asad Alloh al-g‘olib (Ollohning yengilmas arsloni), sheri Yazdon (Xudoning sheri), shohi valoyat, shohi mardon singari ko‘pdan-ko‘p laqabu unvonlar bilan sharaflangan. V.Qodirovning “kashfiyot”iga men tanqidiy munosabat bildirilmas, deb o‘ylagandim. Hayriyat, taxmin noto‘g‘ri chiqdi. “Aks-sado” rukunida filologiya fanlari doktori Nusratullo Jumaxo‘janing “Adash”tirmang” nomi ila (“O‘zAS”, 2009 yil 11 sentyabr) lug‘atga murojaat etilsa, xatoga yo‘l qo‘yilmasdi, mazmunidagi ixcham maqolasi e’lon qilindi.
V.Qodirov o‘quvchilarni chalg‘itishga uringani rost. Buni tan olish zarur. Biroq u “G‘iyos ul-lug‘ot”, “Farhangi zaboni tojiki” kabi lug‘atlarga murojaat qilib, Bobur so‘zining ma’nosini “sher” emas – “yo‘lbars” deb anglaganda nima o‘zgarardi? Bu hayvonlarning har ikkalasi ham mumtoz adabiyotda kuch-quvvat, jasorat, yengilmaslik ramzi. Xato qalqib chiqqan “zamin” esa oldin tilga olganimiz “ilmiy to‘qima”dadir.
“Payg‘ambarimizning ko‘p safdoshlari, — deb yozadi V.Qodirov, — dinning tayanchi sifatida tan olinganlar, lekin ana shu tan olinganlar ichida yolg‘iz Hazrati Ali Ollohning sheri sifatida ulug‘langan. Demak, Bobur ismida Alisher kabi aynan shu zotga iqtibos bor”.
O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: yolg‘iz Hazrati Ali nima sababdan Ollohning sheri sifatida ulug‘langan? Va qachondan boshlab? Hazrati Aliga bag‘ishlangan she’rlar, uning nomi bilan bog‘liq talmehlarni to‘g‘ri talqin qilish uchun ham ushbu savolarni javobsiz qoldirib bo‘lmaydi. Bunday paytda tasavvur yo taxayyulga suyanmoq juda-juda ziyon.
Birinchi bo‘lib Hazrati Alini “Sheri yazdon” — Ollohning sheri deb ta’riflagan zot payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom. Ammo V.Qodirov izohlagan sifat va xususiyatlari uchunmas, albatta. Naql qilinishicha, payg‘ambar Me’rojga ko‘tarilib, Olloh dargohiga yaqinlashganlarida bir bahaybat sher yo‘llarini to‘sadi. Sarvari koinot shunda qo‘llaridagi uzukni olib sherning og‘ziga irg‘itganlari hamon u yo‘ldan chetlashadi. Me’rojdan qaytib Hazrati Ali bilan ko‘rishgach, qarasalarki, o‘sha uzuk uning barmog‘ida turibdi. Bundan hayratlangan rasululloh: “Ey Ali, Ollohning sheri sensan...”, deydilar. Shu-shu Ali Ollohning sheri ekaniga ko‘pchilik hech shubhalanmaydi. Chunki u hayotda ham sheryurakligini qayta-qayta namoyish etadi.
Bundan tashqari, Sulaymon payg‘ambar uzugiga muqobil bir uzuk orqali Hazrati Ali valoyat, karomat sohibligini ko‘rsatadi. Bobil atrofida bir asrlon paydo bo‘lib, yoshu qarining ko‘nglini qo‘rquvga chulg‘aganda, xaloyiq najot istab amir-ul mo‘minin huzuriga keladi. Uzukni u bir kishiga berib, arslonga ko‘rsatishni buyuribdi. Arslon esa uzukni ko‘riboq g‘oyib bo‘libdi. Hazrati Alining kashfu karomatlari behisob. Ular orasida uning bir o‘likni tiriltirishi ham naql qilinganki, unda Iso payg‘ambarga uni tenglashtirish maqsadi yashiringan. Bulardan xabardor qaysi odam Alisher kabi Bobur ismida ham hazrati Aliga “iqtibos bor”, degan xulosaga inonadi? Inonadiganlar topilar, deylik. Ilmga bundan nima naf yetadi?
Mumtoz adabiyot sho‘ro davrida mas’uliyatsiz, xudkom tadqiqotchilikdan haddan ziyod aziyat chekib, javr ko‘rgan. Ularning o‘ndan birini ham biz hali tugal anglab yetganimiz yo‘q. Yangilik sifatida ma’qullanib, maqtalayotgan ishlarning aksariyati eski xato va nuqsonlarning boshqacha shaklda takrorlanishidan o‘zga bir nima emas. Hozir eng dolzarb masala mumtoz adabiyot tarixini umuman o‘rganishmas, badiiy matnni qanday tadqiq etishni bexato aniqlashdir. Bu — qiyin mehnat. Shu xususda mulohaza yuritgan xorijlik adabiyotshunoslardan biri shunday deydi: “Ba’zi birovlar shaxsiy hislariga sun’iy ilm to‘nini kiydirmoq bo‘ladilar. Afsuski, bu to‘n — zamonning og‘ir sinovlari bir yonda tursin — ilmning elementar mantig‘iga ham dosh berolmaydi”. “Sun’iy ilm to‘ni” nechog‘li yaxshi ko‘rinmasin, uning “moda”ga aylanishiga hech befarq qolmaslik kerak.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 43-sonidan olindi.