OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘zbektosh Qilichbek (1986)

O‘zbektosh Qilichbek (Asqar Qilichev) 1986 yil 5 fevralda Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida tug‘ilgan.
Toshkent Davlat Agrar universitetini tamomlagan. 2010 yildan buyon Olim Xo‘jaev nomidagi Sirdaryo viloyat musikali drama teatrida rejissyor yordamchisi bo‘lib ishlaydi.
2006 yili “Quvonch” nomli hikoyalar to‘plami nashr etilgan. “O‘yin ichida o‘yin” (2010), “Turmush – musht!” (2011) filmlarining stsenariy muallifi. Yosh ijodkorlarning “Kaftdagi nihol” bayoziga hikoyalari kiritilgan. Respublika gazeta va jurnallarida turkum hikoyalari chop qilingan.


YAXSHILIKNOMA

Inson yashash kerak ismiga monand,
Solishtirish gunoh u past, men baland,
Ko‘zga tik qaraylik, bo‘lib mardga mard,
Birovni yomonlab yaxshi bo‘lmaysiz!

Bolangizga o‘rnak ko‘rsata oling,
Men yaxshi odamman deb ayta oling,
Yashil bog‘ qoldirgan bir ota bo‘ling,
Birovni yomonlab yaxshi bo‘lmaysiz!

Olamning eng yorug‘ rangiman demang,
Qolganlar eskirgan yangiman demang,
Faqat Xudo mangu. Manguman demang,
Birovni yomonlab yaxshi bo‘lmaysiz!

O‘zligin yo‘qotgan qora ko‘ngilsiz,
O‘zingizdan so‘rang: nega qodirsiz!?
Yov ketgandan keyin chiqqan botirsiz,
Birovni yomonlab yaxshi bo‘lmaysiz!

G‘iybatdan, hasaddan tilingiz tiying,
O‘zingizni biling, boshqani qo‘ying,
Qilichdan bu so‘zni yurakka o‘ying,
(Qilich bu so‘zlarni yurakka o‘ying,)
Birovni yomonlab kim yaxshi bo‘lgan!?

22 fevral, 2014 yil
     
     
* * *     
     
Dov davralar to‘rida to‘ra,
Savlati bor onasi borning.
Ming karra boy ming boydan ko‘ra,
Davlati bor onasi borning.

Do‘stlik dastin tutar dushmani,
Kuni cho‘ksa, oydir tushgani,
Bir gunohmas, ming adashgani,
Omadi bor onasi borning.

Kechasidan buguni ko‘p soz,
Yurishlari sultonlarga xos,
Qalbi butun, baxtdan bir ovoz,
Qudrati bor onasi borning.

Komilligi onasi sabab,
Halolligi onasi sabab,
Buyukligi onasi sabab,
Himmati bor onasi borning.

2012 yil 10-12-iyul


POLVON EL

Omonliklar topgan omon-omon elim,
Keng ko‘ngliga osmon siqqan osmon elim,
Shafqat qilmay changal solgan Iskandaru
Chingizlarni yengib chiqqan polvon elim!

Do‘stini deb ofatlarga o‘zin tutgan,
Toshlar otgan qo‘shnisiga oshlar tutgan,
“Qirq birning” bolasiga ko‘krak tutgan,
Dardin yutib dardmandlarga darmon elim!

Ikki daryo sarhadlagan o‘tlig‘ el bu,
Yaxshisidan yaxshisi ko‘p qutlug‘ el bu,
Hoziri ham kelajagi ulug‘ el bu,
Ilmu ijod bo‘stonida bog‘bon elim!

Temuri bor buyuklarga SOHIBQIRON,
Boburi bor boshqa yurtda qurgan TURON,
Islomi bor buyuk qalbli, qalbi QUR’ON
Iymon otli karvonlarga sarbon elim!

Samarqandi yeru samo kelinchagi,
Buxorosi dini iymon suyanchig‘i,
Shavkatli Shosh − islomiyat qalb munchog‘i,
Ona zamin bag‘ridagi marjon elim!

Asrlardan omon chiqqan polvon elim...

2012 yil 7-21 noyabr

     
* * *

Bo‘lgan sari bo‘lgim keladi,
To‘lgan sari to‘lgim keladi,
To‘ygan sayin to‘ygim keladi,
Men ham axir insonman, inson.

2012 yil 5-noyabr


* * *
     
Kuchi borning bari polvonmas,
Polvonlik bu xalq bergan unvon.
So‘zamollar...
Xushsuxanlar shoir sanalmas,
Shoirlik bu Haq bergan unvon.

2013 yil 14 aprel


* * *

Menga yurak bergan, jur’atli qilgan,
Meni odam qilgan, qudratli qilgan,
Omad osmonida omadli qilgan,
El aro ijodda hurmatli qilgan,
Otam duolari, onam so‘zlari.

Dunyoda ulardek kuyunchagim yo‘q,
Boshqa ishonganim, suyanchig‘im yo‘q,
Balolardan asrar ko‘z munchog‘im yo‘q,
Otam saboqlari, onam duosi.

Faqat otamda bor men kutgan mehr,
Faqat onamda bor men kutgan sehr,
Insonga keragi shu bir kaft mehr,
Ko‘nglimga keragi shu bir kaft mehr,
Otam duolari, onam so‘zlari.

Bolalari uchun otalar sarbon,
G‘am olov purkasa ona soyabon,
Dunyoda ko‘rmadim ulardek qo‘rg‘on,
Otam duolari, onam so‘zlari.

Uyimdan ko‘nglim to‘q, shundan tik qaddim,
Yonimda to‘rt ustun, to‘rtta farzandim,
Tilimning ostida asragan qandim,
Bu go‘zal dunyodan go‘zalroq baxtim,
Bolamning so‘zlari, yorim ko‘zlari.

1 noyabr 2013 yil


* * *
     
Ohuko‘z, osmondil, Mohijon,
Qalbimda o‘t yondi, Mohijon.
Sen zo‘rsan, men g‘o‘rman, bilaman,
Ohimga yet endi, Mohijon.
Xiyonat izmiga yurmagan,
Vafodan yuzini burmagan,
Muhabbat neligin bilmagan,
Qo‘limdan tut endi, Mohijon.
Qalbimdan otilar chaqinlar,
Ko‘zimdan ehtiros uchqunlar,
Labimdan to‘kilar uchqunlar,
Bir boqib ketgin-e, Mohijon!?
Yig‘lagan ko‘nglimni ovut, ay,
Baxtga zor kunlarni unutay,
Gul tutsang, men senga nur tutay,
Baxt tortiq et endi, Mohijon.

6 noyabr 2013 yil


* * *

Alpbobomdan meros mehrqo‘rg‘onim,
O‘zbekistonimsan, Temuristonim,
Tojmahallar qurgan Boburistonim,
Yonimda duogo‘y otamsan, Vatan,
Hayot tuhfa qilgan onamsan, Vatan.

Yetmish yil soyamdan cho‘chib yashadim,
O‘zimdan or etib, qochib yashadim,
Kimdir O‘zbek desa, tilim tishladim,
Sen meni kechirgan bobomsan, Vatan,
Boshimni silagan momomsan, Vatan.

Nonga navbat turib yoshligim o‘tdi,
Qip-qizil ajdaho umrimni yutdi,
Sart degan sovuq so‘z bo‘g‘zimdan tutdi,
Ko‘ksimda portlagan nolamsan, Vatan,
Ko‘zimda potragan jolamsan, Vatan.

O‘zbek deyish go‘yo haqorat edi,
Onani ulug‘lash jinoyat edi,
O‘risga uylanish urf-odat edi,
Sen mening pokiza ko‘nglimsan, Vatan,
Munisim, munglig‘im singlimsan, Vatan.

Ota yo‘llarimga tushov solindi,
Nafas yo‘llarimga jilov solindi,
Bulbul zabonimga kishan solindi,
Kamtarin, kamsuqum olamsan, Vatan,
Sen mening arzanda bolamsan, Vatan.

1 noyabr 2013 yil, Do‘rmon.


MUHAMMAD YUSUF DARYOSI

2014 yil O‘zbekistonning oltin yuragi, Xalq shoiri marhum shoir Muhammad Yusufning 60 yilligini keng nishonlash haqida Muhtaram Prezidentimizning farmoni e’lon qilindi.

Elga jonin berdi Muhammad Yusuf,
She’rga jonin berdi Muhammad Yusuf.
Oltmish yoshlik to‘yin ko‘rmasdan ketib,
Oltmish yoshga to‘ldi Muhammad Yusuf!

Shoirlarga, she’rga, aziz Vatanga,
El mehrin oshirdi Muhammad Yusuf.
Istiqlol ko‘ksida yarqiragan dur,
Elni ulg‘aytirdi Muhammad Yusuf.

Ustoziga ustoz bo‘lgan shogird u,
Osmoniy dil erdi Muhammad Yusuf.
(Tug‘ma shoir edi Muhammad Yusuf.)
Navoiy poyidan navo keltirib,
Uni she’rga soldi Muhammad Yusuf.

Tashna edi O‘zbek adabiyoti,
Ketmas bo‘lib keldi Muhammad Yusuf.
Bulbul nolasini she’rga o‘girdi,
Xudo bizga berdi Muhammad Yusuf.

O‘zbekning dardini kuylab to‘pori,
Dillarni sel qildi Muhammad Yusuf.
Tirik yurgan ba’zi ko‘r donolardan,
Ko‘p savobga qodir Muhammad Yusuf.

O‘zbekday o‘ylari, bo‘ylari uzu-u-u-u-un,
Terakday yiqildi Muhammad Yusuf.
Boburning yoshida, Bobur yoniga,
Jannatga yo‘l oldi Muhammad Yusuf.

Ko‘rmaganim armon zamondosh bo‘lib,
O‘zbektoshga ustoz...
Menga ustoz bo‘ldi Muhammad Yusuf.
Yigirmanchi asrning buyuk soddasi,
O‘chmas nur qoldirdi Muhammad Yusuf.

Naqorat:
Yoshlarda istiqlol faxrin uyg‘otdi,
Bugun har bir bola Muhammadyusuf.
She’r bitdi Alpomish, goh Shiroq bo‘lib,
She’riyat gavhari – Muhammad Yusuf.

5 fevral, 2014 yil


* * *

Yomonlarni yomon ko‘rmayman,
Havasim yo‘q, hasad qilmayman,
Ikki dunyo odam bilmayman,
Yomonlarga yomon bo‘ladi,
Tushida ham ayon bo‘ladi.

Yaxshiboylar ko‘paygan sayin,
Yomonboylar kamaysin deyin,
Ajalg‘orda manzili tayin,
Yomonlarga yomon bo‘ladi,
Bori umri vayron bo‘ladi.

Ojiz nonin tuya qilganlar,
Ko‘ngli to‘lmay, qorni to‘yganlar,
Adolatni nohaq urganlar,
Yomonlarga yomon bo‘ladi,
Bori umri vayron bo‘ladi.

Katta qorin, ko‘zlari yog‘li,
Boshida toj, yuragi dog‘li,
Ogoh bo‘ling, ey dunyo ahli-i,
Yomonlarga yomon bo‘ladi,
Bir kun rangi somon bo‘ladi.

Bolasiga tarbiya bermas,
Qo‘shnisi kim?! Bilgisi kelmas,
O‘z onasin ko‘rgisi kelmas,
Yomonlarga yomon bo‘ladi,
O‘lmay turib tamom bo‘ladi.

Laganbardor, poraxo‘r, kazzob,
Ichi qora, firibgar, qallob,
Loqayd xonim, olifta janob...
Yomonlarga yomon bo‘ladi.
Yoqasida ming qon bo‘ladi.

Adolatgo‘y yaratgan egam,
Yaxshilarga qiladi karam,
Bu dunyo-yu U dunyoda ham,
Yomonlarga yomon bo‘ladi,
Yomonlarga yomon bo‘ladi!

27 yanvar, 2014 yil


SENLASHNI SIZLASH...

Siz degan so‘z olifta so‘zday,
Siz deganda yaqin olisday,
Sizlab sevish mumkin emasday,
Sizni senlab sevgim keladi.

Senlash savob, sizlash bir aybday,
Senlash tirik, sizlash g‘oyibday,
Senlash sulton, sizlash g‘aribday,
Senlab-senlab sevgim keladi.

Sen so‘zida muhabbat pinhon,
Jonga malham issiq taft pinhon,
Yaqinlarga yaqin dard pinhon,
Shunday senlab sevgim keladi.

Birinchi naqorat:
Senlashtirgim kelar dunyoni,
Tenglashtirgim kelar dunyoni,
Senlaganlar bir-birin senlab,
Yelkasiga olar dunyoni.

Mehr boshi senlash bo‘ladi,
Do‘stlik shohi senlash bo‘ladi,
So‘z yakuni sizlash bo‘ladi,
Iliq senlab sevgim keladi.

Sen deb yurar rostlik kemasi,
Sen degan so‘z do‘stlik mevasi,
Siz shevasi yovning shevasi,
Shirin senlab sevgim keladi.

Ikkinchi naqorat:
Senlashtirgim kelar dunyoni,
Kenglashtirgim kelar dunyoni,
Balandparvoz so‘zlarni yanchib,
Jo‘nlashtirgim kelar dunyoni.

2012 yil 5-noyabr


* * *

Dil daryomni to‘sgan dilbarlarim bor,
Jigarimdan osgan jigarlarim bor,
Qanotimda o‘sgan xatarlarim bor,
Meni yaxshi ko‘rgan yomon odamlar.

Bulutlar xo‘rsinar, osmonim yig‘lar,
Yuragim ming sinar, iymonim yig‘lar,
Bu armon oldida, armonim yig‘lar,
Meni yaxshi ko‘rgan yomon odamlar.

Bag‘rimda ilonday yayrab yurganlar,
Tilida olqishlab sayrab yurganlar,
Ichida tishini qayrab yurganlar,
Meni yaxshi ko‘rgan yomon odamlar.

Sizni yomon ko‘rgan ko‘zim-mi aybdor,
Azaliy isyonkor ko‘nglim-mi aybdor,
E’tiroz yo‘q sizga o‘zim gunohkor,
Meni yaxshi ko‘rgan yomon odamlar.

Ismingiz boshqayu isingiz boshqa,
Ichingiz boshqa rang tashingiz boshqa,
Ko‘zdan nafrat yog‘ar so‘zingiz boshqa,
Meni yaxshi ko‘rgan yomon odamlar.

Gohida izimga pullar sochasiz,
Sevganday soyamga quchoq ochasiz,
Bildirmay iligim suvin ichasiz,
Meni yaxshi ko‘rgan yomon odamlar.

Sizni bilishimni biling-da endi,
Yaxshilar poyini oling-da endi,
Hayvonmas, odamday o‘ling-da endi,
Meni yaxshi ko‘rgan yomon odamlar.

Gunohim emas-mi, bas qil demasam,
Do‘zaxim bo‘lmas-mi, do‘stni demasam,
Allohim urmas-mi, rostni demasam,
Meni yaxshi ko‘rgan yomon odamlar...

Ta’zim qilay boshim yerga tekkuncha,
Na boshim yuragim yerda oqquncha,
Siz yerning sadafi − noyobsiz buncha −
Meni yomon ko‘rgan yaxshi odamlar!.
2012 yil 5-noyabr
     

* * *

Ismingni e’zozlab yozdim ko‘nglimga,
Ko‘nglimning mehmoni bo‘lib tur, go‘zal.
Badal so‘ramasman qurbon sevgimga,
Meni ko‘rganingda kulib tur, go‘zal.

Jufting bo‘lmaganni taqdir juft aylar
Bilmagandek bo‘lu bilib yur, go‘zal.
Yo‘lini berganing ko‘zingni boylar,
Meni ko‘rganingda kulib tur, go‘zal.

Do‘zaxga eltishar, jannatga yur deb,
Jannatni dilingga solib yur, go‘zal.
Yonimga kelma de, yodimda yur deb,
Meni ko‘rganingda kulib tur, go‘zal!..

Yorning bag‘ri senga, yovning bag‘riday,
Yuragingni ko‘ndir, ko‘nib tur, go‘zal.
Bahor deb bergani gulsiz sahroday,
Meni ko‘rganingda kulib tur, go‘zal.

Jannat ikkimizga atalgan bahor,
Hech kimlar yurtida kimdir bo‘lib yur,
Yo‘qolgan insonga yo‘q dema bir bor,
Meni ko‘rganingda kulib tur, go‘zal.

2012 yil 19-29 fevral

* * *

Nafsiga zanjirband inson ziyosi,
Arosatda sarson iymon duosi,
Dilga ters oqadi zamon daryosi,
Azaldan bilmasdim, hamon bilmayman.

Ko‘kning qo‘li bazo‘r boshimga tegar,
Sevgimga tor dunyo, g‘ashimga tegar,
Faqat qaro ko‘zing boshimni egar,
Avallam bilmasdim, hamon bilmayman.

Sevgidan olislar sevgingni tilar,
Ko‘nglingga yoqqanlar ko‘nglingni tilar,
O‘jar dil o‘lguncha ishqqa intilar,
Avval ham bilmasdim, hamon bilmayman.

2012 yil 22-yanvar, 29-fevral


* * *

Yorim, ming bor ketib, bir bora,
O‘zimga qaytolsang, bo‘lgani.
Dadang yaxshi odam, deb, jonim,
Bolamga aytolsang, bo‘lgani.
2013 yil 14 aprel

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.