O‘zbek bolalar adabiyotining taniqli vakili Ilyos Muslim 1909-yilda Bishkek shahrida tug‘ilgan.
1931-yildaToshkent pedagogika bilim yurtini tugatgan. Shundan so‘ng u nashriyotda ishladi.
Ilyos Muslim 1928-yildan ijod bilan shug‘ullana boshladi. Birinchi she’rlar to‘plami „O‘suv“ 1932-yilda nashr etildi. U „Turnalar“, „Bizning maktab“, „Sening sovg‘ang“, „Tillaqo‘ng‘iz“, „Ko‘rik“, „Ishchan asalarilar“, „Oyxon va rayhon“, „Birinchi sovg‘a“ kabi 30 ga yaqin kitob yozdi.
Ilyos Muslim O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston xalq maorifi a’lochisidir.
DO‘STLIK
Yer yuzidagi amakijonlar,
Shunday iltimos bordir sizlarga:
— Chiqarmang qurol, oqmasin qonlar,
Kitob, o‘yinchoq bering bizlarga!
Bizlar urishib yirtmaymiz yoqa,
O‘ynaymiz doim biz musobaqa.
Turmushimiz shod o‘tadi shunda,
Yog‘liq patirlar yopilar kunda.
Juda mo‘l bo‘lar shokoladlar ham,
Stolga to‘lar marmeladlar ham.
Ko‘payar yana shirin kulcha-non
Holva-yu konfet, obakidandon.
Bog‘larimizda yayraymiz har dam,
Bilim olamiz, kuylaymiz bardam.
Dunyoda xalqlar kun kechirsa tinch,
Ota-onalar tashvish tortmas hech.
Temiryo‘limiz obod va ko‘rkam,
Vagonchalarda o‘ynab ketamiz.
Yiroq eldagi bolalami ham,
Gulbog‘imizga taklif etamiz!
SENING SOVG‘ANG
Chaqnab turgan quvnoq ko‘zingni
Qo‘lingdagi ishdan olmaysan.
Dildan toshib chiqqan so‘zingni
Aytish uchun gap topolmaysan.
Jajjigina barmoqchalaring
Harakatdan to‘xtamas bir zum.
Sen chizgan gul, bayroqchalaring
Bayram uchun sovg‘adir, qizim!
Ishni har kun olib yoningga,
Zehn qo‘yib kashta tikasan.
Endi bilsam, onajoningga
Bayram kuni sovg‘a etasan.
Onang shunda ochar keng quchoq,
Go‘yo ko‘kka yetgandek boshi.
Sansan unga doim ovunchoq,
Sen onangning kichik yo‘ldoshi!
ESHMATVOYNING QILIG‘I
Eshmatning zavqi jo‘shdi,
Chanaga itni qo‘shdi...
Havas qildi sayrga,
Yotib oldi it yerga.
Bir hiyla topdi o‘ylab,
Eshmatvoy ketdi o‘ynab.
Tayoqqa go‘shtni ildi,
Iti ko‘rib intildi.
Eshmat maqtanib turdi,
It go‘shtni paqqos urdi.
Keyin it yurmay qoldi,
Hamma kulgiga oldi.
Arqonni ushlab qo'lga,
Eshmatvoy tushdi yo‘lga..
BEFAHM ESON
Karam chopig‘iga tushganda Eson,
Hech yerda qolmadi ekindan nishon.
Kirishdi no‘sh piyoz, sabzi o‘toqqa,
Yovvoyi o‘tdir, deb yuldi u paqqa.
Atirgul ochilsin, deb shoshib-pishib,
G‘unchasin qoi bilan ochdi engashib.
Ishkomda uzumni tez yulib oldi,
Yeb ko‘rsa g‘o‘r ekan, uyalib qoldi...
ODOBLI QIZCHA
Ra’no kichkina hali,
Ishiga hamma hayron.
Qo'lda jajji supurgi,
Chinnidek hovli, ayvon.
Buvisi va oyisi
Ketishsa-chi, to‘ylarga,
Uyni poylab o‘tirar
Chiqmay ko‘cha-ko‘ylarga.
Plastilinni olib,
Yasar ba’zan uychalar.
Uni tabriklaganday
Radio sho‘x kuy chalar.
Uyni tartibli tutar,
Chang qo‘nmas divanga hech.
Buni ko‘rib qo‘shnilar
Maqtashadi erta-kech.
MAKTABIM
(qo‘shiq)
Ona kabi mehribon
Ilm-fanlarga makon,
Yayrab o‘qiyman har on,
Qadrdonim maktabim!
Senda darslar xilma-xil,
O‘qib, o‘samiz har yil,
Sevinchlarga to‘lar dil,
Qadrdonim maktabim!
A’lo o‘qishdir burchim,
Sarf etaman bor kuchim,
Ishlayman xalqim uchun,
Qadrdonim maktabim!
TURNALAR
Turnalar, hoy turnalar,
Pastlab uchingiz!
Bizning ko‘l va daryolar
Bag‘rin quchingiz!
Bizlarni xursand qilib,
Keldingiz shu chog‘.
Ko‘kimizda tizilib,
Soling arg‘imchoq!
Erkin-erkin uchingiz,
Osmonni bo‘ylab.
Qo‘rqmay yerga tushingiz,
Sayrashib-kuylab.
Bizlar ko‘l, dengizlarni
Etdik ko‘p obod.
Siz ham tushib bizlarni
Qiling juda shod.