OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mirtemir (1910-1978)

Mirtemir (Tursunov Mirtemir) 1910 yil 30 mayda Turkiston shahrining Iqon qishlog‘ida tug‘ilgan. O’zbekiston xalq shoiri (1971). Eski maktabda ta’lim olgach (1919—20), Toshkentga kelib, Almaiy nomidagi namuna ish maktabi (1920—23) va O’zbek erlar bilim yurtida taxsil ko‘rgan (1925— 29). Ilk she’rlar to‘plami — «Shu’lalar qo‘ynida» (1928) milliy o‘zbek she’riyati uchun yangi janr — sochma (nasriy she’r) janrida yozilgan. «Zafar» (1929), «Qaynashlarim» va «Bong» (1932) she’riy to‘plamlari muallifi. «Barot» (1930), «Xidir» (1932), «Dilkusho», «Suv qizi» (1937), «Oysanamning to‘yida» (1938), «Ko‘zi» (1939) kabi dostonlar yozgan. «Qoraqalpok, daftari» (1957) turkumidan o‘rin olgan «Surat» lirik qissasi esa 60—70-yillarda o‘zbek she’riyatida doston janriga e’tiborning kuchayishi va lirik doston janrining kamol topishiga katta ta’sir ko‘rsatgan. A. S. Pushkinning she’rlarini, N. A. Nekrasovning «Rusiyada kim yaxshi yashaydi», Sh. Rustavelining «Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon», Abay, Maxtumquli va Berdaq asarlarini hamda kirg‘iz xalq, eposi «Manas»ni o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti (1979), Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston Davlat mukofoti (1977) laureati. 1978 yil 25 yanvarda Toshkentda vafot etgan. «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni soxibi (2002).


* * *

Ka’bamsan, she’riyat, ezgu ehromim, 
Og‘u ham bol to‘liq bebaho jomim.
Amalim va ishqim, umidu armon, 
Uyqusiz tunlarim - jindak ilhomim... 
Kerakmas inju ham sensiz, haqiq ham, 
Kerakmas shaddod ham sensiz, daqiq ham, 
Hayot ham men uchun sensiz bema’ni, 
Sensiz o‘tmasin-da hatto daqiqam.

* * *

Qorong‘ulik tushar,
Bag‘rim uvishar,
Tanholikda qayta tug‘ilaman men.
Yorilib ketguday
Tamom yitguday,
Toki tong otguncha bo‘g‘ilaman men.

Ko‘zimga yorug‘lik,
So‘zimga yorug‘lik,
Sog‘ jonga yorug‘lik so‘rayman tongdan.
Armonli yo‘lchiman,
Armonli kuychiman,
Jahonga yorug‘lik so‘rayman tongdan.

 

BETOBLIGIMDA

Majnuntol tagiga o'tqazing meni,
Qovrilmay g'ashlik alangasida,
Majnuntol tagiga o'tqazing meni,
Nafasimni rostlay ko'lankasida.

Majnuntol tagiga o'tqazing meni,
Qushlar ovoziga quloq solayin.
Majnuntol tagiga o'tqazing meni,
Xayol og'ushida orom olayin.

Majnuntol tagiga o'tqazing meni,
Shu kungacha o'zni men cheklab bo'ldim.
Majnuntol tagiga o'tqazing meni,
Men uchun yig'lasin men yig'lab bo'ldim.

* * *

Ko‘zingni o‘ynatma, kulma, qarama, 
Nozli nigohlaring kerakmas sening.
Bog‘lab olarman, deb endi o‘ylama... 
Tortgan u «oh»laring chin emas sening.

Ko‘p kunlar sudrading tusmol yo‘llarda, 
Men-da tilsizlarcha ergashdim-ketdim. 
Adashgan ekanman, bilsam, cho‘llarda, 
Mana endilikda tushunib yetdim...

Tushundim: u totli xayollar - xayol, 
Aldanmas bu yurak shirin so‘zingta.
Yo‘qol, ey aldamchi, yondashma, yo‘qol, 
Termulish yo‘q endi orsiz yuzingga!

Jilmayma, qarama, so‘zlama menga, 
Eski afsonani kuylama menga...

XO’RSINIQ...

Qo‘limdan har nima keladi, yurtdosh, 
G’ariblik, yupunlik - barin ko‘rganman. 
Qo‘sh ham haydaganman, o‘roq o‘rganman, 
Ayrilikda ko‘zdan to‘kkanman ne yosh...

G’o‘za ham ekkanman, juvari, kunjut, 
Qo‘limda raqs etur teshayu randa, 
Yo‘l ham, qo‘nalg‘a ham mo‘l bu Vatanda, 
Kamchil ham bo‘lganman, to‘q, quvnoq va but... 

Chuvak ham tikkanman, mol ham boqqanman, 
Kuduq ham qazganman naq o‘n bir quloch, 
Zilol suvlarida yuvishardi soch, 
Ne-ne qiz sochiga lola taqqanman. 

Taqdirimga hech ham o‘pka qilmayman, 
Qo‘limdan kelmaydi degan pesha kam. 
Ba’zan ko‘zlarimda tomchi-tomchi nam...
Hanuz she’r yozishni bilmayman.

O’LAN AVJLARIDA...

O’lan avjlarida gul ochadi dasht, 
O’lan avjlarida zamon uyg‘onur. 
O’lan avjlarida dunyo-dunyo gasht, 
O’lan avjlarida olam to‘lg‘onur.

O’lan avjlarida tug‘ilur suygu, 
O’lan avjlarida tug‘ilur jujuq. 
O’lansiz na rang bor, na yorug‘ tuyg‘u, 
Hayot lablariga toshadi uchuq...
 

O'ZIM BILAMAN...
Tagorga ergashib...

Qulog'imda yangrar doim bir nido,
Xo'rsinaman,ko'z yoshimni silaman.
Shu nidoga ne sababdan jon fido -
Bitta o'zim bilaman.

Yuragimda yonar bir o't betutun,
Go'yoki der: qovuraman, tilaman.
Dosh beraman nechun hanuz men beun -
Bitta o'zim bilaman.

Oylar botar,tonglar otar,umr o'tar,
Olislarni ko'zlab- ko'zlab jilaman.
Mening qalbim kimni kutar,qon yutar -
Bitta o'zim bilaman.

Kelurmikan ko'klam yanglig' kutganim,
Umidvorman,ishonmay ne qilaman?
Qachon kelur,qandoq u ko'z tutganim -
Bitta o'zim bilaman.

SARATONDA

Saratonda soyaboning bolayin,
Toqqa oshsang,ko'k dovoning bo'layin,
Ketma,jonim, ayriliqdan jon bezor,
Yarim kecha kahkashoning bo'layin.

Ketar bo'lsang, xazon yog'ar bog'imga,
Sanchiq botar dilimdagi dog'imga,
Ketma,jonim, ayriliqdan jon bezor,
Og'u sochma mening xushvaqt chog'imga.

Kerak emas sensiz gul ham, chaman ham,
Kerak emas Qandahor ham, Yaman ham.
Ketma, jonim, ayriliqdan jon bezor,
Kerak emas bo'z tarlon ham, saman ham.

Pok olamim bulg'anmasdan jilmaygin,
Olam g'amga chulg'anmasdan jilmaygin,
Ketma, jonim, ayriliqdan jon bezor,
Yurak dir-dir to'lg'anmasdan jilmaygin.

To tirikman, o'sha qaysar bolaman,
Na tinim bor, na izlashdan tolaman,
Ketma,jonim, ayriliqdan jon bezor,
Bari bir men seni topib olaman.

"QORAQALPOQ DAFTARI" TURKUMIDAN

YENGAJON 
Hazil

Yengajon! - dedim.
Qaynim-ov ! - dedi.
Berroq kel! - dedim.
Aynima! - dedi.

Davra quvnoq edi,suhbat sho'x edi,
Ko'ngilda zarra ham g'ubor yo'q edi.
Yoshlik esga tushdi, avjida hazil,
Hazilga ko'p qulay edi bu manzil.

Ko'z tikib, oh chekib:- Yengajon,-dedim,-
Berroq kel, sadag'a senga jon,- dedim...

Qaynijon,inimsan,qaynim-ov,- dedi,-
Esi past boladay aynima,- dedi.

AGAR MEN...

Eshikko'l etagida qadimgi bir jangchining qabrini topishibdi. Kafanigacha oltin emish. Xanjari, etigi, qilichi, dubulg'asi, engil-boshi, qo'ying-chi, kosasi, piyolasigacha quyma oltin,tobuti ham...
Bu bizning bobolarimizning bobolariga xos burungi yer tagi sag'analaridan.Nomdor va saltanat egalaridan birining sag'anasi.Qabr ichida ustixonga bog'liq va yonma-yon to'rt yuzga yaqin o'likka kerakligu keraksiz oltin buyum sanashibdi. Ettinchi asrga qadar ko'milgan o'lik - sahroyi yigit, jangchi.Yo o'n sakkiz,yo yigirma uch yil umr ko'rgan, xolos.
Agar men mahgulik uyquga ketar kun biron bir buyum ola ketish erki berila qolsa...
Nima olib ketarkinman?
Eng avvalo hovlimdagi oq gullarning bir hovuch atri;
Keyin Halimaxonim avjida Navoiyning o'sah bir satri;
Ustoz Oybek bermish o'sha bir qalam;
Olis g'urbatlardan qaytganimda,onamning qabrini topolmaganim vajidan suyak-suyaklarimga singgan o'sa qirq yillik alam;
Suygulimning tirnoq yuzidekkina surati ham;
Nozim hikmatning dengiz suvlariday moviy ko'zlaridagi o'sha mung,o'sha uchqun,bir so'z bilan aytsam, uning xayolimdagi armonli siyrati ham;
Bir g'ujum Farg'ona uzumi;
Samarqanddagi yigitlik bazmi;
Qozoq qimizidan bir ko'za;
Toshkent dengizidan bir ko'za;
Hech bo'lmasa o'sha Olatov yaylovida qimiz ichgan zarang kosa;
O'sha unutilmas o'g'rincha bo'sa;
Oqsoq bobo* sag'anasidan lojuvard g'isht sinig'i;
O'lganda ham otini atashim nojo'ya birovning ko'zlaridagi tubsiz mehrdan kiprikchasi va tinig'i;
Andijon adirlarida bitgan g'o'zadan bir lo'ppi chanoq ham;
Tag'in nima? Bo'ldi, shekilli.
Yo'q,onamdan qolmish yagona esdalik - kichkina parqu bolish - tobutimda boshimga qo'yilsa-yu,o'sha bolish tagiga bir juft rayhon shoxchasi qo'yilsa...
O'lgandan keyin biron buyum olib ketish erki berilsa,men shularnigina ola ketishni istar edim.Lekin hali o'ladigan tentak yo'q,gap shunda...

TONG QUSHLARI

Tong qushlari kuylashur, bog’larda shovqun... 
Buvijon, imtihonga boraman bugun. 
Takrorlayman qoldirmay yorug’ dilimda 
Biron chigal masala, savol yo tugun...

Muallimlar o’tirar, zal to’lgan bo’lur, 
Qancha ko’zlar men sari termulgan bo’lur. 
Buvijon, a'lo o’tsam bu sinovdan ham — 
Otam dilida g’urur zab ulkan bo’lur!

Vatanim durdonamdir — aziz onamdir! 
Oq yo’lga boshlaguvchi maktabxonamdir! 
Yoshligim ko’p baxtiyor, bilaman buni, 
Yuksalaman, zab zamon — o’z zamonamdir!

Ha, imtihon damlari — zab talabgor dam, 
Burro javob beraman, hech bo’lmayman kam... 
Ma'rifat tarixida qolur umrbod, 
Daftarga naqshi tushgan nom qanday ko’rkam!

Tong qushlari kuylashur, bog’larda shovqun... 
Buvijon, imtihonga boraman bugun. 
Takrorlayman, qoldirmay yurakkinamda 
Biron chigal masala, savol yo tugun...

HANDALAK

Polizdan handalak hidi anqiydi, 
O’qariq bo’yida sahar uyg’onsam. 
Atir og’ushida odam balqiydi, 
Havo eliksirday, qaniydi qonsam...

Ko’krakka uradi yoqimtoy salqin, 
Chechaklar tovlanur — chechaklarda noz. 
Hammasi, hammasi ko’ngilga yaqin,
 Hammasi dilrabo, suyuk, so’lim, soz...

Handalak uzaman muzdek va yorqin, 
Beqasam handalak — chipor handalak. 
Qo’limda lovullar go’yoki yolqin, 
Quymadek bejirim, ifor handalak.

Ha, aslida quyosh zarrasi bu ham, 
Ona tuproq toti, tuproq shirasi. 
Yemishlarning tengsiz barrasi bu ham, 
Jannatda yo’q o’zi, gapning sirasi!..
 

JALA

Qo’qqis jala quyib o’tdi qishloqdan, 
To’lqin urgay yashil ko’kat dengizi, 
To’lqin urgay chechaklar oq, qirmizi, 
Bu darakchi sut, qaymoqdan, pishloqdan.. 
Qo’qqis jala quyib o’tdi qishloqdan,
 Chuchmoma-yu rovoch yesak arziydi, 
Qo’ziqorin, lola tersak arziydi, 
Tepalardan, soydan, hatto toshloqdan...


HALIHAM

... Onam non yopadi bo’g’riqib-bo’rtib, 
Dam-badam kuyadi qo’li yengsakda. 
Chiviq toycham gijing, yo’rg’alab-yo’rtib, 
Hadeb aylanaman shu tevarakda.

Nari ketolmayman o’choq boshidan, 
Yuguruk bo’lsa ham toycham nechog’Iik. 
Mazaliroq ba'zan qiyma oshidan, 
Har gal bitta patir menga atog’liq...

Yalpizlik, rayhonlik yo jindak jizza, 
So’lqildoq, yumaloq, cho’g’day va qumoq.
Gohi bo’lsam hamki kimdandir izza, 
Sinib yotsa hatto kichik arg’umoq.

Menga o’sha patir tegsa bo’ldi, bas 
Otlanib, ovloqqa jo’nayman darrov. 
Ayiqmi yo qoplon — menga pisandmas, 
Patir to’qligida o’ljalik-da, ov.

...Dilda armon qoldi, umrga tatir, 
Ne kunlar bor ekan manglayginamda. 
Qishloqda yodimga tushdi shu patir, 
Hanuz ta'mi borday tanglayginamda.


BUVIM CHO’PCHAKLARIDAN

Ola qarg’a

Ola qarg’a yashar emish uch yuz yil, 
Qarg’achalik yasholmasmish hatto fil, 
Bobolar der: cho’qda emish bir ko’zi, 
Quv va sergak. O’qda emish bir ko’zi. 
Oshyoni ham tik cho’qqida — tog’damish, 
Ne olg’ir qush ololmayin dog’damish, 
Ola qarg’a tashlamasmish qo’shog’in, 
Ardoqlarmish oshyonida ushog’in. 
Qo’shog’iga hech olalik bilmasmish, 
Ushog’iga hech dag’allik qilmasmish, 
Agar noxos qo’shog’iga tegsa o’q, 
Bu ham darhol qilar emish o’zin yo’q. 
Vafodormish, ko’ngilchakmish, kuyinchoq, 
Shu vajdan ham qanotida yo’l-yo’l oq. 
Arzir emish oq qanotlik bo’lsa ham, 
To’kis-tugal yaxshi otlik bo’lsa ham...


Qora qarg’a

Qora qarg’a olasidan kam yemas,
«Men sal kamroq yashayman» deb g’am emas.
Tik tog’larda qoraning ham uyasi,
Elga ayon qanotining kuyasi.
U ham qishda tushib kelar dovondan,
Qolib ketmas qarg’a zotlik karvondan,
U ham sergak, cho’qda doim bir ko’zi,
Olazarak, o’qda doim bir ko’zi...
U ham g’oyat sabrlik qush, chapdast qush,
o’rgatolsang — el bo’lg’ulik bor es-hush.
Qadrlamas emish biroq qo’shog’in,
Tashlab ketar emish hatto ushog’in,
Agar noxos qo’shog’iga tegsa o’q,
o’zgasini izlar emish — ko’ngli to’q.
Shu sababdan qora emish yuzi ham,
Yuz ham gapmi — qora emish o’zi ham...
1975

 QUNDUZ
Sochma

Esingdami, Qunduz! Salqin yellar sochlaringni to‘lqinlatib es-gan, qalbimizda suyunch o‘sgan bir kun?
Ko‘klam.
Quyosh tabassumkor, to uzoqlarda yasharib ko‘ringan qirlar jilodor, sen esang, ma’sum qiz! - nimalarnidir to‘plovding, gunohlardan pok, ishsevar do‘stim! - Esingdami, o‘rim-o‘rim sochlaring-la shafaqday yuzingni qoplovding...

* * *

Bolalik..
Yurakda qayg‘u kezsa-da, yurakni o‘ragan muhitda baxtsizlik kezsa-da, - o‘yin sevgan bolalik!
Tush payti - barcha ko‘lankaga oshiqadi, tol ostlariga oqadi. Bolalik mavj urgan sof qalbimiz buyrug‘ida biz soy bo‘ylab ketdik. Uzoqlashib, o‘ynoqlashib ketdik...
Suv bo‘yi...
Ko‘klam bezaklari to‘la sochilgan suv bo‘yi...
- Qo‘chqor, huv... Qo‘chq-oo-r!
Yoningta bordim, sening bilan ko‘klam chechaklari terdim, senga berdim va tarqoq sochlaringga chechaklar takdim, chechaklardek ochilgan yuzingga suq bilan boqdim...
Esingdami shu?
Erta ko‘klamning shunday yoqimli kezlarida armon o‘raydi meni...
Omochlar sudragan qirlar usti, baxtsizlik kezgan dalalar siynasi kulib turgan paytlarda orzular o‘raydi meni!
Qetsammikin?
Balki, Qunduz - ma’sum Qunduz, tag‘in,barno bo‘lgandir... Kular yuz qiz bo‘lib, to‘lgandir...
Ketsammi?

* * *

- Qunduz!
Esingdami, qirlarda uyquli omochlar tentirardi - bolalikda -biz o‘ynab yurgan kunlarda...
Bu kunlarda o‘t omochlar kuylaydirgandir-a?
Sochlaring yellarda tarqalib, ko‘zlaring o‘ynaydirgandir-a?
Esingdami, to‘lqin sochgan, bola qalbimizga so‘ngsiz suyunch bag‘ishlagan bir kun...

* * *

Esingdami, Qunduz!

ONAGINAM

Tovonimga chaqir tikanakday botguvchi — g‘ashlik,
Bedavo sizloviqday sizlatguvchi — g‘ashlik.
Jigarimni qnymalab ahyon-ahyon,
Chuchvaraga chekkuvchi — g‘ashlik.
Meni o‘ylab notavon va nimjon,
G‘ashimga tekkuvchi — g‘ashlik.
Suyaklarimni sirqiratib,
och tevatday g‘ajiguchi,
Ko‘zimga yosh tirqiratib,
jig‘ildonimda achchiq bo‘zaday achiguvchi g‘ashlik...
Dunyoga qayta kelishimga ko‘zim yetsaydi,
Yigit yoshim to‘lmay turib,
Ayriliq zaylida qoq yog‘ochday qurib
Jon bergan onamni ko‘rishimga
ko‘zim yetsaydi,
Tizzasiga bir nafas bosh qo‘yishimga
ko‘zim yetsaydi,
Onalik mehriga o‘bdon to‘yishimga
ko‘zim yetsaydi,
Oq sutingni oqlay, deyishimga
ko‘zim yetsaydi,
Menda g‘ashlik netardi?
Yantoq o‘tinidek,
Tamaki tutunidek,
Tong paytida taralgan badbaxtlik tunidek —
Cheksiz fazolarga tarqab ketardi!
Onaginam!
Odam bo‘ldimmi menam?
Yigit yoshimgacha bir chelak suv keltirib
bermagan bo‘lsam,
Yo tashnaligingda bir kosa sharbat to‘ldirib
bermagan bo‘lsam,
Yo non yopishing uchun,
Hatto bir yo‘la, bir kun
Sahrodan o‘tin orqalab kelmagan bolangman...
Og‘zingdan so‘z chiqmay, yelmagan bolangman..
Sening arzimas bir yumushingni ado etolmaganim,
Sening bir ishorangga yuz o‘mbaloq oshib ketolmaganim!
Seni jindak xushvaqt qilgani,
Seni jindak xushbaxt qilgani —
Tagsiz jarlardan o‘tolmaganim,
Seni so‘nggi yo‘lga o‘zim uzatolmaganim —
Tog‘day zil.
Abadiyatday cheksiz armon bo‘lib qoldi dilimda,
onaginam!
Odam bo‘ldimmi menam?
Ha, odam sanashar meni elimda.
Senga qilolmagan xizmatim,
Sen deb chekolmagan zahmatim —
Jindak zehnim, jindak she’rim, jindak g‘azalxonligim
Onalik mehriga to‘ymagan mehrim,
jindak yaxshilik va yomonligim
Meni odam sanagan elimga baxshida,
jafodiyda onaginam!
Elga xizmatim — senga xizmatim emasmi axir,
El meni farzandim demasmi axir!
Rozi bo‘l, odam sanalay menam...
Dunyoga qaytib kelurman,
Lekin boshqa o‘g‘il bo‘lib...

1960


SHUDRING

Tong belgi bergandanoq
Utib osma ko‘prikdan,
Jar ketiga chopardim —
Jar keti o‘zga olam.

To‘ldirib chanoq-chanoq,
Go‘yo sutdek ko‘pikdan,
Tutgandek g‘oyib qo‘llar —
Jilvagar ko‘zga olam.

G‘o‘za yaproqlarida
Ko‘katlarning bargida,
Chechaklarning bag‘rida
Yaltirar lak-lak inju.

Sho‘x soy qirg‘oqlarida,
Nihollar kurtagida,
Sal epkinda simobday
Qaltirar lak-lak inju.

Yaltirar suyri tepa,
Yaltirar qir uzunchoq,
Kelinlar taqinchog‘i,
Uzuk ko‘zlarimi yo.

Chor atrof sabzalarda
Jimir-jimir ko‘zmunchoq,
Bo‘y-bo‘y dilrabolarning
Suzuk ko‘zlarimi yo?

Yo‘q, bu giryon ko‘zlarning
yarqiroq zamzamasi.
Kechasi onam tag‘in
yig‘labdi-da chamasi...

1965


SURAT
Lirik qissa

O‘limlardan xatlab...

Na oltin, na javohir edim...
Armonli bir yosh shoir edim.
Zuhro bo‘lmasang ham chiroyda,
Men ishqingda naq Tohir edim.
Toshlon o‘ldi, degan kim axir?
Gulday so‘ldi, degan kim axir?
Nihot poymol qutlug ishq ahdi,
Bol bo‘lurmi shunchalar taxir?
Barchinoyday kutganing qani?
Zardobu qon yutganiig qani?
Umr yo‘lida to yumguncha ko‘z,
Birga-birga ketganing qani?
Gunohim ne?—Jangda bo‘lganim,
Qon kechganim, yuz bor o‘lganim.
Diydoringni unutolmayin,
O‘limlardan hatlab ketganim...

Surat, surat!

Och nazarim tushar suratga...
Surat, surat! Nega sen tilsiz?
Termulaman suratda xatga...
Janglarda yor eding-ku, o, qiz!
Surat, surat! Nega sen tilsiz?..
Ko‘zlarimga boqasan qiyg‘och,
Kulasanu, ko‘zlaringda yosh.
Halqa-halqa, tarqoq sumbul soch,
Zap qiyilgan bir juft qalam qosh
Kulasanu, ko‘zlaringda yosh...
Esingdami so‘nggi bo‘salar,
Senga toqat tilaganlarim,
Yuz ochganda ayoz bir saxar,
Xayr! — deb soching silaganlarim,
Senga toqat tilaganlarim?
Surat, surat! Nega sen tilsiz?
Seni asrab to‘rt yil qo‘ynimda...
Topinardim, o‘pardim... esiz!
Evoh, qanday zil yuk bo‘ynimda,
Seni asrab to‘rt yil qo‘ynimda...

Ilk bag‘ishlovlardan...

I

Oqshom tushar... o‘ngu so‘lda
Oppoq-oppoq xirmonlar;
Tinmay o‘tar katta yo‘lda
Xirmon yukli karvonlar.
To‘lib ketar ko‘kka yulduz...
Kelinlar soch tarashur;
Sen ham horg‘in, sochi qunduz,
Senga hordiq yarashur...
Ko‘z tashla oqshomning so‘lim chog‘iga,
Kel sen ham Oysuluv,
Kel sen ham Oysuluv —
Soy qirg‘og‘iga...
Tun sochidan tutib sho‘x yel
Tortar olis tog‘larga.
Asta-asta taralur el
Soya-salqin bog‘larga..
Quyib o‘tdi bemahal sel,
Ko‘k charog‘on kechqurun;
Qo‘shiq yangrar: «Jononim, kel!—
Oydin, yorug‘ bo‘lar tun».
Ko‘z tashla oqshomning so‘lim chog‘iga,
Kel sen ham Oysuluv,
Kel sen ham Oysuluv —
Soy qirg‘og‘iga...

II

O‘xshatma

Sen kelgin tong chog‘ida,
Sen kelgin naq tong misol,
Tong bolqib yonog‘ingda,
Ko‘zlarim o‘ynata ol!..
Sen kel tush paytida ham,
Daryoda epkin misol;
Sochlarim to‘zg‘it bir dam,
Dilni ham qo‘zg‘ata ol!
Sen kelgin oqshom, mayli,
Oqshom qo‘shig‘i misol;
Go‘yo sahnada Layli,
Zavqimni uyg‘ota ol!
Sen kelgin oydin tunda,
Albatta kel oy misol;
Quchog‘imga afsunday,
To‘lin oyday to‘la qol...

III

Dilim ranjitsa ham do‘qu dag‘dag‘a,
Bog‘imda bu oqshom jonon o‘ynasin.
Gulday chiroyidan bo‘lay sadag‘a,
Ochilib-sochilib, chunon o‘ynasin.
Jo‘r bo‘lsin bulbullar chalgan torimga,
Qo‘shiqlar kuylayin vafodorimga,
Suqlanay Oysuluv otli yorimga,
Sho‘x ohudan aylab javlon o‘ynasin.

Xipcha belga bog‘lab yashil rang kamar,
Gullar-chechaklardan taqsin gulchambar,
Tengi kam o‘yinchi, tengi kam dilbar,
Tomoshaga kelib, osmon o‘ynasin.

Tovusday tovlangin, ey qoshi kamon,
Visol chamanida bo‘laylik omon;
Ayriliq g‘ussasi o‘limdan yomon...
Qolmayin zarracha armon o‘ynasin.

IV

Qo‘shiqlar to‘qisam — no‘noq bo‘lmasa,
Sendan o‘zga dilga qo‘noq bo‘lmasa!
Kuylasam tunu kun suluvlaringni,
Kuylash mumkinmi dil qaynoq bo‘lmasa?
Ko‘nglim o‘ksinadi, ko‘nglim sinadi
Ko‘nglim bilan ko‘ngling inoq bo‘lmasa!
Ko‘nglim o‘ksinadi uchrashganimda
Oysuluvjon sho‘xu quvnoq bo‘lmasa!

Sening har maqoming...

Yana tolpinishing ko‘rdim sahnada...
Sening har maqoming — nechog‘liq tanish!
U kez uchratardim seni panada,
Dilda yonish bordi, yonish va yonish.

Keyin, toqatlar-toq, kutardik visol,
Keyin mangulikka berishdik va’da.
Keyin, quchog‘imga to‘lding baxt misol —
Innaykin... innaykin... men bo‘ldim dada.

Innaykin, ayriliq jafo toshini
Bizning peshonaga urdi ayovsiz.
Innaykin, yiroqda qalam qoshlimni —
Sog‘indim, sog‘indim, sog‘indim... Esiz!

Esiz, ayoz tunlar, uyqusiz tunlar!..
Jang va burch... Yor hajri... Qatma-qat jafo.
Nahot, men seni deb bo‘ldim tutunlar?
Nahot, shundoq dilbar beburd, bevafo?

Yana tolpinishing ko‘rdim sahnada...
Sening har maqoming menga oshino.
Hozir men ko‘rmasam seni panada,
Shukurlar qilaman ming marta, inon!

Ikki dard

Tushlarimda duch kelganda ham
Sho‘xligingni aslo qo‘ymaysan.
Dam qah-qahu, dam ko‘zingda nam,
Bu kulfatdan nechun to‘ymaysan!
Ham nafratim, ham ayanchim bor,
Yurak — ikki dardga mubtalo.
G‘amzalar... oh bekor-ku, bekor...
Qayta og‘ir bo‘ldi bu balo!
(Ko‘rmay desam, ko‘zim ko‘r emas,
Yurmay desam, oyog‘im butun.
Ammo yurak ortiq jo‘r emas,
Xayollarda bo‘laman tutun.
Tug‘ilmagan bo‘lsaydim, koshki,
Bo‘lur eding baxtli, ehtimol.
Ering bilan, mayli, yarashki,
Ering axir... Uvol-ku, uvol!

Xat...

Xating, jonon, obdan beta’sir,
Uzilgan ip nechuk bog‘lanur?
O‘zing axir, saqlayapsan sir,
O‘z aybingdan qalbing dog‘lanur.
Muncha uzun, muncha ohu voh,
Pushaymonga qoldimi o‘rin
Agar senda bo‘lmasa gunoh,
Bildirmading nega sal burun?
Bazmlarning guli bo‘lganing —
Yolg‘on bo‘lsa, boq-chi ko‘zimga.
Maqtovlarning quli bo‘lganing —
Yolg‘on bo‘lsa ayt-chn o‘zimga!
Qani ular? Soxta muhabbat?..
Nega fahming yetmaydi avval?
Sog‘inishga qoldimmi faqat?
Dunyo ishi shundoq... Galma-gal...

Taqillatsam...

Kichik uyda o‘chmagan chiroq,
Bilamanki, sen hali uyg‘oq,
Parishonsan, xayollar tarqoq,
Tun yarimdan ancha o‘tgan choq,
Bilamanki, sen hali uyg‘oq.
Bilamanki, o‘qiysan kitob,
She’rim seni etadi kabob.
Oh chekasan, bitar toqat-tob,
Bilamanki, yod bo‘lgan bir bob,
She’rim seni etadi kabob.
Yuragingda uyg‘onur u soz,
Taqillatsam berasan ovoz,
Xayolingda qishing bo‘lur yoz,
Ammo, qaytib ketaman... Ayoz...
Taqillatsam, berasan ovoz.
Bilamanki, chiqmas ko‘nglingdan,
Ne yomonlik ko‘rding sen mendan?
Shu vajdanki har kun singlimdan —
So‘roqlaysan ahvolimni san...
Ne yomonlik ko‘rding sen mendan?..

Bugun yo‘lda...

Bugun yo‘lda duch kelganingda,
Nega birdan to‘xtading, jonon?
Ering kelar edi yoningda,
Sal qoldiki chaqirsang: «Toshlon!»
Men panaga oldim o‘zimni,
Sen yo‘lingga tushding haytovur.
Ko‘rmaganga soldim o‘zimni,
Janjal bo‘lur albatta bir qur.
Sho‘rlik Toshlon, bechora Toshlon!
G‘amdiyda, hey ko‘zlarim, yoshlan!..

Amon!..

Xuddi shunday erta bahorda
Uchrashgandik ikkov kechqurun.
Ayrilgandik erta saharda,
Hali issiq ko‘rinur o‘rin...
Hamon o‘sha chinor — yam-yashil,
Daryo bo‘yi — zumrad soyabon...
Bezovta bo‘ldi-ku andak dil,
Amon, xayol! Amon, al-amon!..

Bolajon

Ey... Ko‘zlaring muncha ham qiyiq,
Muncha qiyiq, muncha betiyiq,
Kipriklaring muncha ham quyuq,
O‘g‘limga o‘xshaysan, bolajon!
Bilmas hatto yaqin hamxonang,
Ocharmidi yuragin onang?
Men-chi... Men-chi... Men-chi, begonang...
O‘g‘limga o‘xshaysan, bolajon!

Haftada, oyda...

Amaki de, xafa bo‘lmayman,
Ota dema, yuz berur balo.
Haftada kel, mayli, o‘lmayman.
Fahm etarsan axir bir yo‘la.
Haftada kel, mayli, oyda kel,
Amaki de, aka de, mayli...
Ammo qolmay albat mayda kel,
Uzoqmas-ku, hozir Kegayli!..

Ertak...

... Qissamizni yoyma olamga,
Yuragimiz bo‘lsin jim makon.
Ertak kabi so‘yla bolamga,
Ma’lum bo‘lsin unga bu doston...
Muhabbatning gavhar donasin —
O‘g‘irlatgan tentaklar, desin.
Har kun, har kun qistab onasin:
— Ertak, ertak, ertaklar!—desin!

Barini unut!

Yana bahor, shovillar anhor,
Boshlaringda nega yo‘q chambar?
Yana bog‘da kezasan tanho,
To‘lib-to‘lib yig‘laysan magar.
Boshlaringda nega yo‘q chambar?
Gul yuzingda g‘am ko‘lankasi,
So‘zladingmi suvga tushingni?
Adashganlik bo‘ldi hammasi,
Yaltiroq rang oldi hushingni?
So‘zladingmi suvga tushingni?
Nega ko‘zing bezovta, betinch,
Boqishlaring bu qadar mungli?
Barin unut, pushaymoning kech,
Og‘rimasin yangi yor ko‘ngli...
Boqishlaring bu qadar mungli?
Balki, esga tushdi may tuni,
Tabiatning to‘lin oy tuni,
Muhabbatga joyli-joy tuni,
Vafolarga mo‘l va boy tuni.
Tabiatning to‘lin oy tuni...
Balki esda u ilk muhabbat,
Muhabbatga qanot bo‘lgan xat?
Marmar toshga o‘yilgan kabi,
Ko‘z oldingdan ketmas u fursat
Muhabbatga qanot bo‘lgan xat...

Yor deguncha...

Oylar, yillar qiynadi jafong,
Jon ayading, bo‘lmadi vafong.
Yor deguncha, do‘st ataguncha,
Desang yaxshi: «Aylansin onang...»
Opa deyman, yor atamayman;
Hayhot!.. Opa, ayaga boyman,
Murdor ekan yurak naqadar,
Ba’zan tanho achchiq yig‘layman.

Dilda qoldi...

Qaydan chiqdi bu balo surat,
Balolarga mubtalo surat,
Xotirimga tushdi yigitlik,
Kayfim oldi ajdaho surat...
Dudoqlari yarqiroq la’li,
Pari desam yarashur, bali.
Shahlo ko‘zlar, qasdi jon ko‘zlar,
Yonarmisan shu xilda hali?
So‘ldi butun ishqim bog‘lari,
Yigitlikning bahor chog‘lari.
Sen yonasan, men o‘rtanaman,
Dilda qoldi hijron dog‘lari...

Sen dildorsan unga noiloj,
Suyuk yorsan unga noiloj...
Ikki yillik shirin umrdan —
Qoldikmi shu kunga noiloj?

Faqat!

Nega ko‘nglim, bo‘lding betoqat?
Tinchlan, dedim senga necha qat.
So‘narmidi g‘ussa otashi —
Yozgan bilan menga ba’zan xat?
U — yoshlikni sog‘inar faqat,
Esdaliklar jon qiynar faqat.
Yoshlikdagi muhabbat o‘chmas,
Ajal kelsa, u tinar faqat...

Yana surat...

Siynang toza oq marmar kabi,
Marmar emas, yumshoq par kabi.
Marmar sovuq ammo bu siyna —
Do‘zax kabi, yo‘q, battar kabi...
Siynang shundoq... Yuraging-chi, tosh
Ko‘zlaring-chi, beayov — bebosh.
Shahlo emish... Shahlo nimasi?
Oh, u ko‘zlar bir parcha quyosh.
Tasviringga no‘noqman, nochor...
Menga qoldi surat yodgor...
O‘xshashingni topolmayman hech,
Bu malohat faqat senda bor.
Hammasidan — kulishing yaxshi.
Dilkash, munis turishing yaxshi.
Ko‘kragimga boshingni qo‘yib,
Taslim bo‘lib turishing yaxshi.

1956—57, Qoraqalpog‘iston.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.