OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jumaniyoz Jabborov (1930-2010)

 Jumaniyoz Jabborov 1930 yil 25 oktyabrda Qashqadaryo viloyati Koson tumanida tug‘ilgan. O’zbekiston xalq shoiri (1997). O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1980). ToshDUning filologiya fakultetini tugatgan (1952). «Bahor nafasi» (1956), «Maqsad yo‘lida» (1958), «Subhidam xayollari» (1964), «Sahro sanami» (1967), «Lirika» (1970), «Dostonlar» (1974), «E’tiqod» (1978), «Xayolimda o‘zing» (1985), «Ko‘nglim go‘zali» (1991), «Ajab dunyo — sevgi dunyosi» (1996), «Yulduzlarda xayolim», «Sevgim samosi» (2006) kabi asarlar yozgan. Nasriy asarlari ham bor («20 kun daftari, 1967; «Sohillar hikoyasi», 1974). M. Yu. Lermontov, Bayron va Firdavsiy («Shohnoma») asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Dramalar ham yozgan («O’jarlar», 1973; «Yillar o‘tib...», 1977; «Neksiya», 2007 va boshqa). Jumaniyoz Jabborov 2010 yil 13 dekabr kuni vafot etgan.



YO’QLASH

To‘kis bo‘lmas insonning baxti, 
Bir qusurdan xolimas taqdir. 
Yashnayotgan umr daraxti 
Nelargadir yana ilhakdir.

Yuragimda yotar bir tugun, 
Tanga solib alamli titroq, 
Yechilmaydi, afsus, kunma-kun 
Tug‘iladi balki qattiqroq.

Barcha baxtli soatlarimga 
Bir dog‘ bo‘lib uradi muhr, 
Tabiatim, odatlarimga 
Tamg‘a chekib ketmish bir umr.

Yuragimda dardlarim nihon, 
O’rtanaman, yonaman jim-jim. 
Go‘yo bo‘ron qayirgan nihol, 
Topolmayman aslo ilojin.

Bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolaman birdan, 
Hazm etolmay yashash tuyg‘usin. 
Topib bo‘lmas seni hech yerdan, 
Yo‘qotganim, onajon, bu sen!

Qancha senga bo‘lmayin xumor, 
Yo‘qlik sari qo‘ygansan qadam. 
Ko‘zlarimga olam bo‘lsa tor, 
Chigilimni yozadi qalam.

Hamma narsam yetarli bugun, 
Baxtu obro‘ - bari mukammal. 
Orzularim ochilib gulgun, 
Ishq, ijodda sevinchim tugal.

Qani, shodlik, hayajonimga, 
Sherik bo‘lib, jilmaysang bir zum. 
Eshikdan shod kirgan onimda, 
Ko‘zlaringda yonsa tabassum.

Orzularim so‘zlasam bir-bir, 
O’gatlaring tinglasam kulib. 
Mayli, koyi, o‘tsa biror sir, 
Men eshitay tasliming bo‘lib.

Biroq endi mumkinmas bular, 
Bular endi sarob bir xayol. 
Xayol ba’zan aldamchi bo‘lar, 
Xayollardan g‘olibdir hayot.

Dildan yoding sizib o‘tarkan, 
Tiqiladi birdan nafasim.
Onalarni boshga ko‘targan, 
O’g‘illarga kelar havasim.

Shunda seni izlab qolaman, 
Farzandlarim qoshu ko‘zidan. 
Achchiq o‘ylar ichra tolaman, 
So‘zlaringni izlab so‘zidan.

Yana mehring bo‘ladi dalda, 
Deysan: «Endi ko‘p kuyma, o‘g‘il!». 
Sal yengillik sezaman dilda 
Va ish bilan bo‘laman mashg‘ul.

Hamma narsam yetarli, to‘liq, 
Ko‘z o‘ngimda yop-yorug‘ jahon. 
Faqat endi yonimda sen yo‘q, 
Gunohimni kechir, onajon.

Ko'zgudagi sanam



Muallif: Jumaniyoz Jabborov
Hajmi: 229 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
 Saqlab olish
 

BIR KUNI...

Men moviy deb yozdim samoni, 
Ta’rifladim tongni, saboni.
-    Hayotdan uzilgan, - dedilar.

Sevgi ko‘rki - hijronu visol, 
Deb yaratdim ming lavha, misol.
-    Sof tuyg‘u buzilgan, - dedilar.

Doston qildim mehnatni, shonni, 
Yo‘llar, yillar bergan ehsonni.
-    Ortiqcha, cho‘zilgan, - dedilar.

Lekin bir kun xayolga toldim, 
O’zligimni qo‘shiqqa soldim.
-    Yurakdan tuzilgan, - dedilar.

* * *

Ich-ichimga sho‘ng‘ib ketmoq istadim, 
Istadim, sho‘ng‘isam qalbim qa’riga. 
Xayolim otini necha qistadim, 
Vale o‘tolmadim sendan nariga.

Yetti mo‘‘jiza bor, derlar, jahonda, 
Kim bilsin yettidir yo balki yetmish. 
Faqat sen barqaror erursan jonda, 
Olloh seni menga mo‘‘jiza etmish. 

* * *

Donolar kitobin ko‘p o‘qib chikdim. 
Dilbar o‘lkalarni etdim tomosha. 
Hayrat manzillari ichra chinikdim, 
Senga yetmoq bo‘ldim tog‘ma-tog‘ osha.

Sen hamon olisda, hamon oldinda, 
Qancha yurgan sarim bo‘lursan yiroq. 
Goho qorong‘uda, goho oydinda 
Seni qidirishdan tolmasman biroq.

UMR MAZMUNI

Beshiqtsan to qabrga qadar 
Odam umri ajabdir, ajab. 
Bog‘cha fasli tugalsa agar, 
Quchog‘iga olgaydir maktab.

Bir entikish, ma’yus bir lahza 
Go‘dak qalbin imtihon etar. 
Bu ayriliq - ilk og‘ir larza –
Huvillatib bog‘chani... ketar.

So‘ng maktabda o‘n yillik hayot, 
Yoshlik kechar soyday guvillab. 
Bir kun kelib «xayr», der, hayhot, 
Maktab qolar ortda huvillab.

So‘ngra esa oliy ilmgoh, 
Bunda umr sabog‘in olar. 
Bul qasr ham bir kun qolur, oh, 
Oltin davr huvillab qolar.

So‘ng... hayotda ming sinov kechib, 
Ko‘rajakdir uzoq-yovuqni. 
Goho shirin, goh achchiq ichib, 
Ko‘p ko‘rajak issiq-sovuqni.

Har bir odam o‘zi bir olam, 
Yo‘q o‘xshashi, takrori aslo. 
Dunyo ichra dunyodir odam, 
Bir-biridan farkli, mustasno.

Ko‘z oldida evrilar zamon, 
Farq etadi baxtni, ro‘yoni. 
Avj nuqtaga yetganda inson 
Huvillatib ketar dunyoni.

AYLANUR

Toki o‘z mehvoridan bul charxi gardun aylanur, 
Vaqtu soat o‘zgarib, kunduz bilan tun aylanur.

O’zgarur mehru muhabbat, o‘zgarur dardu alam, 
O’zgarur taxtu itob, oshkoru maknun aylanur.

Neki tingay bu jahonda, unga o‘lmakdir nasib, 
Charx urib losh ustina, shul lahza quzg‘un aylanur.

Ey tiriklik, ming tashakkur sevgi iqboling uchun, 
Sevgi borkim, tovlanib ming tusli ochun aylanur.

Goh visolu goh firoqning o‘rtasinda o‘rtanib, 
Qalbim ichra ishq degan tug‘yonli mazmun aylanur.

Suhbatingda bir nafas bo‘lmoq buyuk orzum erur, 
Bul jasorat qoshida ming bitta Majnun aylanur.

Ikki sochingkim, urib to‘lqin, oqar yelkang uza, 
Birda Sayxun mavj otib, ul birda Jayxun aylanur.

Ko‘zlaringda bul jahonning ko‘rki yaqqoldir ayon, 
Shul sabab dunyo o‘zi boshingda maftun aylanur.

Sen omon bo‘l, sen abad bo‘l bul jahon gulzorida, 
Boqishingdan bog‘ o‘zi ming rangda gulgun aylanur.

NAVRO‘Z QADAMI

Navro‘z, qadaming gulga to‘lib, shod kezavergil,
Ozod Vatanim bag‘rida ozod kezavergil.
 
Har bir kelishing mehru safo, fayzu barokat,
Yurtimni etib doimo obod kezavergil.
 
Sen lolayu gul, zavqu sharaf, erku muhabbat,
Qalblardan olib qudratu imdod kezavergil.
 
Bir dunyo go‘zallikni namoyon etib elga,
Navro‘zim, o‘zing Moniyu Behzod kezavergil.
 
Majnunki agar senda go‘zal Layloni ko‘rdi,
Tog‘larda kutar Shirinu Farhod, kezavergil.
 
Dillarni mehr nuri ila ayla munavvar,
Har lahza etib yaxshilik ijod, kezavergil.
 
Yurtim — go‘zalim bag‘rin ochur oshig‘u shaydo,
Har yil yaratib yangicha bunyod, kezavergil.
 
KO‘KLAM MUXAMMASI

Keldi ko‘klam, yerga yoyib cho‘g‘ gilam, 
gulgun namat,
Tol butog‘i uzra sa’va qildi bulbulni da’vat,
Sayr etar gulzorin ul qiz,
ilgida zarrin savat,
Egnida gulrang libosu dilda orzu qatma-qat,
Bu bahordir, qizga yordir,
menga jondan ham aziz.
 
Oh, uni har yil ko‘rishdan rohatim olamcha bor,
Assalom, Navro‘z! — deyinmu
assalom gulgun bahor,
Shul bahor sahnida yayrab lola tergan guluzor,
Istaram, albatta bir kun
bo‘lg‘usidir menga yor,
Buncha dilbar, buncha barno,
sarvqaddu ham nafis.
 
Dilda orzular jo‘sharkan soy bo‘lib, daryo bo‘lib,
Men kutarman ul go‘zalni oshig‘u shaydo bo‘lib,
Ul o‘tib ketgay nahotki menga beparvo bo‘lib,
Unda ohimdan jahon yongayku vovaylo bo‘lib,
Ushbu ojiz holatimga ne degay ahli tamiz?
 
Bul xitob ortiqcha balkim,
to jahonda mehr bor,
Shafqatu yog‘du bilan yo‘g‘rilgan asli navbahor,
Shunga undaydir hayot —
daryoda mavj, tog‘larda qor,
Ey ko‘ngil, o‘rtanma ortiq,
tashvishu darding bekor,
Barqaror bo‘lgay ishonchu shubhalar bo‘lgay g‘aliz.
 
Dov-daraxt oq-pushti rangdan
bosh-oyoq taqmish zirak,
Ushbu yil hosil, demakki,
bir jahon bo‘lsa kerak,
Nogahon qo‘zg‘oldi ko‘kda ham yashin,
ham guldirak,
Yel chopib, tebrandi minglab
oq badan tolu terak,
Bir ajoyib dam erurkim, larzakoru ham laziz.
 
Yaxshilar vaslu visoli —
bu jahonning ne’mati,
Shul bois ko‘p bebahodir
Navro‘zimning hikmati,
Ey, muhabbat ahli, yog‘sin sizga Olloh himmati,
O‘zligin etsa namoyon lahzalarning qimmati,
Sevgidir olam kitobi ichra eng oliy hadis.
 
MING SHUKUR

Ismaloqqa chiqib oldik qishdan, ming shukur,
Navbat yetdi lovullagan qulupnayga ham.
Yana oppoq sadaf tutdan olgaymiz huzur,
Haqiq labday dilni tortar gilos ham tam-tam.
 
Yana o‘rik pishib qolur tilloday sarxil,
“Mana man” deb asallanur luchchak shaftoli.
Ora-chira chiqaverar mevalar har xil,
Bir-biridan nafis, xushbo‘y, totli, safoli.
Ishtahani yondiradi barra bodiring,
Pomidor ham tandirdagi cho‘g‘ kabi yal-yal.
Ishtiyoqu mehr bilan tishni botiring,
Qoningizda ming tuyg‘ular ko‘rsatur amal.
 
Olma chiqar, anor chiqar —
ming marjon-marjon,
Saxovatin keng ochgaydir o‘zbek zamini.
Bir tomonda tarvuz degan silsila karvon,
Qovunlardan biz olgaymiz
jannat ta’mini.
Quyoshimiz qozonida yuz xil masallig‘,
Bir-biridan jilvagaru hayotbaxsh, shirin.
Kaftda tutar — tatib ko‘rdim,
boldan mazzalik,
Mag‘zi-mag‘zi ichra buyuk mehnat yashirin.
 
Har bir meva haroratda oftobga o‘xshash,
Biz tahsinlar aytib
yana anjir, kishmishga,
Tomirlarni kuch-quvvatga to‘ldirib yakkash,
Yana dadil kirishgaymiz ijodga, ishga.
 
HAMAL KELDI

Bahor keldi, Navro‘z keldi, hamal keldi,
Dov-daraxtu ekinlarga amal keldi.
 
Diyorimda Navro‘z bugun, bayram bugun,
Ko‘ngil uyin ravshan etib, g‘azal keldi.

Bog‘larga yur, tog‘larga yur, yayra ko‘ngil,
Navro‘z faslim har galgidan go‘zal keldi.
 
Oshiqlarning taronasi dil yayratar,
Har ko‘ngilga Ishq atalmish mash’al keldi.

Osmonimning qubbasidir oltin quyosh,
Nurlar sochib, dilni ochib yal-yal keldi.
 
Yoshlik to‘yi, sevgi to‘yi Navro‘z erur,
Yer yuziga to‘shab yashil baxmal keldi.
 
Yayrab ketdi, sayrab ketdi o‘zbek elim,
Meva-cheva, daryo-daryo asal keldi.
 
Navro‘z kezar O‘zbekiston husnin ochib,
Xushxabari bizga nurdan avval keldi.
 
ZILOLLARINGDAN

Navro‘zim, o‘rgilay jamollaringdan,
Osmoning, oftobing, hilollaringdan.
 
Baxsh etur dillarga bir dunyo orzu,
Tog‘laring, bog‘laring, nihollaringdan.
 
Naqsh etib ko‘ksimga ko‘rku chiroying,
Bahralar olurman zilollaringdan.
 
Muattar bo‘ldiku bu olam sahni
Lolalar ufurgan shamollaringdan.
 
Yur, jonim, Navro‘zim bag‘rin kezaylik,
Zavq olib dilrabo savollaringdan.
 
Kuylagil, o‘ynagil, yayra Diyorim,
Ma’nolar olurman maqollaringdan.

ISTADIM

Tasviring chizmoqqa, Yurtim, eng asl rang istadim,
Ta’rifing aytmoqqa dildan sirli ohang istadim.

Istadim daryoyi Sayxun birla Jayxundan jilo,
Ham baland tog‘dan poyingga taxti avrang istadim.

Safha-safha axtarib oltin kitoblardan javob,
Ma’nilar asroridan eng toza farhang istadim.

Mulki Gangu yo Farangni birma-bir kezganda ham,
To‘tiyo qilmoqqa har tomchiyu zarrang istadim.

Sha’ningga bir tosh otishni dilga tugsa bir yovuz,
Badniyatlar holu ahvolin mudom tang istadim.

Necha yuzming qiz-yigitlar ko‘rkida mavjud o‘zing,
Necha yuz gulshan aro ozoda chehrang istadim.

Bir tomon Chotqolu Chortoq, bir tomon Urgut, Kitob,
Zominu Baxmal kezib har faslu lahzang istadim.

Buncha izzat, buncha lazzatkim ko‘ngilni rom etar,
Tasviring chizmoqqa, Yurtim, eng asl rang istadim.


FAXRIYA

Ey, Vatan, madhing necha aytgan bilan kam bo‘lg‘usi,
Faxr ila husningga boqib, kiprigim nam bo‘lg‘usi.

Tog‘laringkim, bo‘y cho‘zib osmon qadar, mag‘rur boqar,
Bag‘rida har bir bulog‘ing obi zamzam bo‘lg‘usi.

Mag‘ribu Mashriq, kelib yurtimni ko‘r, sayron etib,
Yo‘qsa dunyo ko‘rganing kemtik va mubham bo‘lg‘usi.

Qaydakim ozod ijod, ozoda ruh payvand erur,
Mehnatu ijod ko‘ngillarda mujassam bo‘lg‘usi.

Necha avlod hikmatin ko‘ngilga singdirgan nasl
Bul Vatanga qudratu qalblarga malham bo‘lg‘usi.

Buncha parvoz, buncha yuksaklik nedan, deb so‘rsangiz,
Bitta Istiqlol so‘zinda bor javob jam bo‘lg‘usi.

Qo‘ng‘iroqlar sho‘x jaranglar, karvon o‘tmoqdadir,
Ushbu yo‘lda barcha ellar do‘stu mahram bo‘lg‘usi.

O‘zbekistonim bu yurt, Olloh nazar solgan diyor,
To jahon boricha olamda mukarram bo‘lg‘usi.


CHOTQOL BAG‘RIDA

Faylasuf tog‘lar bilan suhbatdan oldim men safo,
Ham shoir qalbli dengizdan tingladim sirli sado.

Ey, tabiat, bizga ustozsan hamisha, har nafas,
Sen bilan sirlashmog‘u birlashmoq — oliy muddao.

Bir jahon hikmat mujassam tog‘u tomchingda, Diyor,
Bag‘rida asrar seni oftobga chulg‘angan samo.

Bunda har bir o‘t-o‘lan ming doru darmondan ziyod,
Turfa gullar atridan jismimda jon topgay davo.

Ey, sabo, ohista tebran, tinglayin olamni men,
Tinglayin oltin buloqlardan munavvar bir navo.

Sen yonimda, men yoningda, baxtiyor erdik, sanam,
Ishqu hayratdan ikkovlon mastu lolu mahliyo.

Shul buloqdan bir piyola suv olib, boqdim to‘yib,
"Yor aksin mayda ko‘r deb jomdin chiqdi sado"1.


CHORTOQ ICHRAMEN

Ne ajab, do‘stlar, tag‘in men nurli Chortoq ichramen,
Dema, Chortoq, muntazam, ming ko‘rkli chorbog‘ ichramen.

To‘ymagay ko‘z necha sayronu sayohat qilmag‘il,
Bul go‘zallikdan mudom men sirli chanqoq ichramen.

Sharqirab oqqan buloqlar ne hikoyatlar qilur,
Sirli ohang mazmunin hayrat-la chaqmoq ichramen.

Intiqib keldim bu manzilni ziyoratgoh bilib,
Garchi ko‘p qiynalmagan bo‘lsam-da charchoq ichramen.

Bunda kunlar sho‘x sadosidan vujudim mavjlanur,
Sa’vayu to‘ti, zag‘izg‘on, zag‘cha-chorloq ichramen.

Goh muattar xush havodan mastu mustag‘riq esam,
Rohat etdim goh adirlar uzra chaqmoq ichramen.

Hayratu ilhom degan dunyoda bor bo‘lsang agar,
Kel dilimga yoprilib, mo‘’jiza Chortoq ichramen.


ROHAT TOPASIZ
(Hazil)

O‘tsangiz agar, hu ana, gulzor tarafinnan,
Albatta oling qo‘lga, oyoqqa parafinnan.

Qaynab keladir yer qa’ridan garm buloqlar,
Yayrab ketasiz Chortog‘imiz sof sadafinnan.

O‘zni sezibon endi tug‘ilgan chaqaloqdek,
Rohat topasiz ona zaminning sharafinnan.

Gar xastalik tortmoqchi esa domiga sizni,
Bir-bir otasiz barchasini siz karabinnan.

Xohlang ichingiz to‘ldiribon kaftni, hovuchni,
Xohlang quyingiz mayda qadahga grafinnan.


HUSNI CHAROG‘INGNI KO‘RIB

Tong xijolatdan qizardi ol yonog‘ingni ko‘rib,
Tun uyatdan parda tortdi ko‘z-qarog‘ingni ko‘rib.

Etdilar qadding tomosho sarvlar saf-saf bo‘lib,
Ta’zim aylab dilrabo boshdin-oyog‘ingni ko‘rib.

Tun shivirlar, tong jimirlar hayrat ichra mubtalo,
Qosh-qovog‘ing birla ul siymin saqog‘ingni ko‘rib.

Yayragay butkul tabiat faxr ila jondan sevib,
Husnu odob bobida tengsiz sabog‘ingni ko‘rib.

Tahsin aytdim men diyorga, dilrabo oydin sanam,
Ona yurtga mahliyo oshufta chog‘ingni ko‘rib.

Men Niyoz ahli, sening shaydolaring shahzodasi,
Intilib parvonadek husni charog‘ingni ko‘rib.


KO‘NGIL KO‘ZGUSI

Qay kun ul jonon jamol ko‘rsatdi ko‘ngil taxtida,
Unga yetmoq orzusi yuz ochdi oshiq ahdida.

Aks etar olamni dil-mo‘’jiza ko‘zgu har nafas,
Gar uni yoritsa idrok eng munavvar vaqtida.

Har odam bir mamlakatkim, barcha iqlim unga xos,
Aqlu qalb hamkoru hamdast bo‘lsa azmu jahdida.

Nasyada aslo ko‘rinmas mohiyat — jon moyasi,
Balki inson ruhi barq urgay hamisha naqdida.

Shu ko‘ngul mulki — Vatan, biz ham uning bir mulkimiz,
Unga sodiqlik yashar har bitta farzand baxtida.

Ko‘zga surtib biz Vatanni har nafas, har lahzada,
Saqlagaymiz mehrimizning jon degan poytaxtida.


MUHABBAT

Uyg‘onur oliy muhabat bir qarashda, zumda ham,
Mehr ila yo‘g‘rilgay ul do‘stona tabassumda ham.

Ikki dilning o‘rtasinda bog‘lanish bo‘lsa agar,
Bir-birin topgay muqarrar Hindu Misru Rumda ham.

Zarra-zarra o‘rnashib, jismingni zabt etgay tamom,
Hush olib ham tovlanib, oltin misoli qumda ham.

Ul huzurbaxsh bir sharobkim, qatrasi obi hayot,
Deydilar, aslo buzilmas yotsa ming yil xumda ham.

Ey, hayot, insonni mahrum etma oliy tuyg‘udan,
Bag‘ringga ol ushbu ishda mahrumu mahkumni ham.

Sevgiga yor bo‘lsa dil hosil bo‘lur har muddao,
Xatlay olgaydir piyoda Pomiru Qulzumni ham.

Bul jahonga nur berib turgan muhabbat yashnasin,
El dilinda shul niyat. Shuldir, Niyoz, orzumda ham.


O‘RIKLI SOY

Bul kecha O‘rikli soy uxlatmadi,
Naq tepamda turdi Oy, uxlatmadi.

Deydilar, hushyorlik — oliy muddao,
Baxtni qo‘ldan berma boy, uxlatmadi.

Bul salobatli zaminni sayr qil,
Qayda bor mundoq chiroy, uxlatmadi.

Butkul olam ushbu tog‘lar kaftida
Misli oydin bir saroy, uxlatmadi.

Bir havokim, jon huzuri, ko‘z nuri,
Yarmi qaymoq, yarmi moy, uxlatmadi.

Oy nurida kim kezar oq shu’ladek,
Bir parivash, hoynahoy, uxlatmadi.

Men shivirlab bul go‘zallik madhini,
Tongni kutdim — ushbu joy uxlatmadi.


TOG‘LAR QIZI DILBAR SAFINA

Ne bor, barno, go‘zal xolingdan ortiq,
Labingdan tomgan ul bolingdan ortiq.

Boshin hayratda egmish lolalar ham,
Ne bor, deb chehrayi olingdan ortiq.

Ayo, ey tog‘ qizi, dilbar Safina,
Bu el bag‘rinda sen tengsiz dafina.

Ko‘zimning oldidan jilma, iltimos,
O‘zing malham bu ko‘ngilning za’fina.

Kamolingdan shu tog‘lar ham olur dars,
Jamolingdan chamanlar ichradir bahs.

Diyoring ko‘rkini olamga ko‘rsat,
Bu dunyoda Vatandir eng muqaddas.

Jarang soch she’r ila ko‘rkam vaznda,
Muhabbat yangrasin oliy nazmda.

Shu orzum: senga omadlar ko‘p,
Yayrasam sen tuzgan nurli bazmda.


IKKI LAVHA

Dengiz va qiz


Qiz dilin tog‘laru dengiz tortadir,
Goh yolg‘iz-yolg‘iz, goh egiz tortadir.

To‘lqin qavat-qavat yoprilar, go‘yo
Lashkarin sohilga Chingiz tortadir.

Moviy bu go‘zallik qaynar betinim,
Goho qabarib, goh tekis tortadir.

Olloh qudrati bu dilbar salobat,
Aql ila qalbingni tengsiz tortadir.

Tog‘ qizga rashk etib dengizni quchar,
Bag‘riga dengizni ul qiz tortadir.

* * *

Mehringizdan istadim bir imtiyoz,
Hajr ayoz etgan ko‘ngilga o‘tli yoz.

Qahringiz-ku qilcha bo‘lsa, muncha ko‘p,
Mehringiz oftobcha bo‘lsa, muncha oz.

Kecha ko‘rdim, solmadingiz bir nazar,
Vo ajab, buncha tamanno, buncha noz!

Necha hofiz husningiz madh ayladi,
Ta’rifingiz aytdi dilda mingta soz.

Sevgi bu dunyoda eng oliy hakam,
E’tirof bir yonda, bir yon — E’tiroz.

To kutib bir yaxshilik umr o‘tkazur,
Necha shaydolar aro tanho Niyoz.

* * *

Ey, Vatan, sen mehrimiz sarchashmasi,
Biz sening ko‘rku jamoling tashnasi.

Yashnagaymiz bag‘ring ichra erta-kech,
Barq urib dillarda parvoz nash’asi.

Ishqu ijoddan agar dil bahramand,
Bo‘lgay ul doim go‘zallik oshnasi.

Osmonni kiftda tutmish tog‘lari,
Soylarida oftob o‘ynashmasi.

Bul go‘zal vodiyga aylang bir nazar,
Ul betakror ona yurtning kashtasi.

Ushbu Yurtning ko‘rkiga payvand Niyoz,
Jonu jismining uzilmas rishtasi.


KO‘NGLIMDA OLIY SURATING

Ey, Diyor, ko‘ksimda oliy surating,
Har hujayramda mujassam siyrating.

Tomirimda oqsa gar daryolaring,
Tog‘laring — ko‘ksimda yuksak hikmating.

Tonglaring — ozodalik darsi menga,
Tunlaring bag‘rida oydin fikrating.

Bog‘laring — sharbat makon, xushbo‘y safo,
Dashtu vodiylarda kenglik xislating.

Yo‘llaring maqsud sari eltur meni,
Faxr baxsh etgay menga har jur’ating.

Ko‘nglim ichra bir jahonsan bepoyon,
Ishqu ijodda naoyon xilqating.

Bir qo‘shiq yozsam senga shaydo bo‘lib,
Shul o‘zi ham menga cheksiz himmating.


FARANGIZ


Shu dengiz malikasi erur go‘zal Farangiz,
Farangiz cho‘milganda siz dengizga qarangiz.

Yashnab ketadi suv ham shodligidan mavj urib,
Ey, to‘lqinlar, qiz sochin kiprik bo‘lib tarangiz.

Ana, suzib borar u, ufqlarga oshufta,
Bu sho‘x lavha qoshida ojiz har manzarangiz.

Farangizga baxt tilang, omad tilang, zavq tilang,
Tobe bo‘lsin yo‘lida og‘ir, olis marrangiz.

Sabab Farangiz bo‘lib ko‘zimga dur ko‘rindi,
Har zumurrad qatrangiz, har bir sadaf zarrangiz.


UMR QADRIN

Umr qadrin o‘lchagaydir aqlu hush torozusi,
Yaxshilik birlan ushalgay umrimiz bor orzusi.

Aks etar inson dilinda eng samoviy tuyg‘ular,
Qalb uyin yoritsa gar ishqu muhabbat yog‘dusi.

Bu jahonda eng ulug‘vor boyliging ne, desa kim,
Aytajakman, bul aziz boylik go‘dakning kulgusi.

Oftob mashshotasi olamga bergay jilvalar,
Ushbu nurdan soflanur insonda ko‘ngul ko‘zgusi.

Na go‘zal, ijodu zavqing birla bog‘lar gullasa,
Nozlanib oqsa poyingda chashmalarning injusi.

Senga olam ko‘rkidan dilbar hikoyatlar qilur,
Bog‘laring sharbatlariyu tog‘laringning ohusi.

Ey, Niyoz, boq ona yurtning husniga ming ko‘z bilan,
Yuksalib borsin tobora dilda farzand tuyg‘usi.


YAXSHI NIYAT

Yaxshi niyat senga yor etgay ulug‘ orzuni ham,
Zim-ziyo tun ichra bor etgay nogoh yog‘duni ham.

Yaxshi niyat bir buyuk qudrat erurkim jism aro,
Arshga eltgay, azm qilsang, eng chigal tuyg‘uni ham.

Sen qanot etsang uni, toshdan ipak hosil bo‘lur,
Istasang, baxtga do‘narsan tushni ham, uyquni ham.

Bir munavvarlik jahonni ko‘zga yaqqol aylagay,
Senga taqdir hadya etmish dil degan ko‘zguni ham.

Shodliging bor mavj ila unda charog‘on aks etar,
Boshlagaysan yaxshilikka dardni ham, qayg‘uni ham.

Eng og‘ir holatda ham niyatni dilda mahkam et,
Qutqazur sherdan, agar ahd aylasang, ohuni ham.

Ey, Niyoz, she’r ham ko‘ngilning dilrabo bir parchasi,
Yaxshi niyat hosil etgay she’r degan injuni ham.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.