Men 1976 yilning 14 martida Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanidagi “Kildon” fuqarolar yig’iniga qarashli Sartyuzi qishlog'ida tug‘ilganman.
Qishlog'imiz kichkina bo‘lib, o‘sha paytlari tabiiy gaz, toza ichimlik suvi bormagan, 20-25 chog‘li xonadon uchta hovuz suvidan foydalanar edi. O’sha hovuzlardan biri bizning hovlimiz oldida joylashgan. Hali ham odamlarning koriga yarab turibdi. Yoz kechalari hovuz chetiga o‘tirvolib, suvdagi oyning aksi-yu, yulduzlarning jimir-jimirini tomosha qilish juda maroqli edi.
Ilk mashqlarimni 12-13 yoshimda, o‘sha paytlari she’rlari "G’uncha", "Gulxan" kabi jurnallarda chop etilgan tengdoshlarimga havas qilib qoralaganman. Garchi u bitiklarni she’r deb bo’lmasa-da, oila a]zolarimiz – dadam, ayam, uka-singillarim tomonidan favqulodda hodisa sifatida qabul qilingani esimda. Axir, yaqin ajdodlarimiz, qavm-qarindoshlar orasida qofiya tizguvchi odam bo’lmagan-da! Xullas, shu-shu, qofiyabozlik kasaliga chalindim. Sal keyinroq - qalbga muhabbat oralagach, bitiklarimda taft paydo bo‘la boshladi...
Shoir kim? She’r nima uchun yoziladi? Haqiqiy she’r qanday bo‘lishi lozim? Bu savollarga o‘tgan yillar mobaynida ko‘p javob izlaganman. Har gal javob topganday bo‘laman-u, biroz o‘tib, fikrimdan qoniqmayman. O’ylab qarasam, she’r yozaman deya, so‘zlarni ko‘p uvol qilibman - gunohidan qo‘rqaman endi. Harholda, she’r yozish shunchaki ermak ham, pand-nasihat yoki targ‘ibot quroli ham emas. Ijod – shoirning o‘ziga ham bo‘ysunmaydigan favqulodda ziddiyatli jarayon. Bu holat osmonu-falakka o‘rlayotgan quyunga o‘xshaydi: shoirni bir lahza yuksakka olib chiqib, u bexabar bo‘lgan ufqlarni ko‘rsatadi.
Bir gal yondaftarimga yozib qo‘ygandim: "Shoir xuddi daraxtga o‘xshaydi. Daraxt karbonat angidridni yutib atrofga kislorod tarqatgani kabi, shoir ham odamlarning dard-alamlarini hazm qilib, tevarakka yorug‘ tuyg‘ularni, orzu-umid bo‘ylarini sochadi". Hali ham shu fikrdaman.
She’rlarim - bezovta yuragimning kardiogrammasi. Navoiy, Mashrab kabi buyuk shoirlari bor xalqqa o‘zingni shoir deya tanitish juda ham noqulay. Lekin o‘zingcha biron narsa qoralagandan keyin uni o‘qimaslikning, chop etmaslikning ham iloji yo‘q. Hech bo‘lmaganda, bironta she’rim kimgadir ma’qul bo‘lsa - baxtiyorman. Nima bo’lganda ham, Этот адрес электронной почты защищён от спам-ботов. У вас должен быть включен JavaScript для просмотра. elektron pochtasi fikr-mulohazalaringiz uchun hamisha ochiq. Sizga yorug‘ tuyg‘ular tilab,
XAT
Aya,
Ayajonim,
Mehribon ayam,
Ayting, yuribsizmi
Masrur, salomat?
O’zingizni asrang,
Men uchun ayang:
Siz borsiz - meni tark aylamas omad.
Mehringiz tuyaman har bir qarichda,
Olisdan sezaman duongiz kuchin.
Sizdan nur tashiydi yuz ming farishta
Mening yo‘llarimni yoritmoq uchun.
O’ylanmang,
Tetikman,
Ishim joyida -
Ko‘ksimda orzular yotibdi chaqnab.
Zuvalam pishganmi oyning loyidan,
Gohida mehrga qolsam-da chanqab -
Olamga muhabbat purkagim kelar,
Sevgiga g'arq bo‘lsin deyman ona yer.
Qalbimni parilar qo‘lma-qo‘l elar,
Tunlari uxlolmay yozarkanman she’r.
To‘g'ri, siqilaman ba’zan,
Nima naf,
Kimga kerak, deyman, quyma baytlarim.
Shoirlik men uchun edi-ku sharaf
Yoningizda o‘ynab yurgan paytlarim...
Sizday silamadi boshimni hayot,
Qozonda qovrildim, qaynadim, pishdim.
Va bugun o‘zimga qarasam, hayhot,
Nigohim begona odamga tushdi!?
U menga o‘zicha beradi tanbeh,
Og'amday turtkilab yo‘liga solar:
"Bolangga osh bo‘lmas qofiya, tashbeh,
Nima kerak senga quruq g'avg'olar?!
Odamday yashagin,
Yasha sho‘x-xandon,
Axir, yo‘q emas-ku senda layoqat.
Qadringga yetishmas kuysang-da chandon,
Uy qur,
Mashina ol,
Qilgin sayohat..."
Unga jim boqaman,
Qilmasman ta’na,
Uni tushunaman - o‘zicha haqdir.
Lekin nima qilay, ayajon, yana
Meni olovlarga yo‘llasa taqdir?!
Netay, yasholmasam xotirjam, sokin,
"Qo‘lingga qalam ol, - desa bir ovoz, -
Har bir so‘zimizni yozib ol, yoki
Biz sendan butunlay kechajakmiz voz!"
Aya, bu men uchun eng og'ir kulfat,
Aya, menga bundan ortiq g'am yo‘qdir.
U - mening ruhimga azaliy ulfat,
U borki qornim ham, qalbim ham to‘qdir.
Ko‘zimga ko‘rinmas gohida dunyo,
Uning vasli bilan yashayman sarmast.
U kelsa - mo‘‘jiza bo‘ladi bunyod,
U kelsa - har qanday og'riq pisandmas.
Bilaman,
Siz uchun so‘zlarim chigal,
Behuda o‘yinga o‘xshaydi balki.
Go‘yoki kirvolib g'ilof ichiga,
"Koinot - shu", deya etyapman talqin.
Biroq maslagim shu,
Tetikman, aya,
qo‘limdan tutganday Xizrning o‘zi.
Damba-dam to‘siqlar, g'ovlar chiqsayam,
Manzilga yetamiz yovlardan o‘zib.
Mehringiz tuyaman har bir qarichda,
Olisdan sezaman duongiz kuchin.
Sizdan nur tashiydi yuz ming farishta
Mening yo‘llarimni yoritmoq uchun.
Qalbimday chechakka to‘lganda qishloq,
Qonimday gupirsa loyqa ariqlar -
Men kirib boraman toychoqday kishnab,
To‘zg'ib ketar barcha alam, og'riqlar.
Ungacha chidang Siz,
Charchamang, aya,
Masrur bo‘ling doim,
Bo‘ling salomat.
O’zingizni asrang,
Men uchun ayang:
Siz borsiz - meni tark aylamas omad...
2007
QISHLOQ
Baribir qaytaman...
Olifta shahar -
yaltiroq yo'llaru sun'iy guzarlar
ilonu chayonday chirmashib chaqar...
Dod solib qolsa-da dardsiz go'zallar -
baribir qaytaman,
qaytmasam bo'lmas;
qaytaman eng toza she'rlarim bilan.
Qishloq peshvoz chiqar,
chiqar basma-bas -
men suygan qizlar ham...
...erlari bilan!
1997
* * *
O'layapman - ranjimang tag'in,
Qololmayman bu yerda sobit.
Atirgulning shoxchalaridan
Yasaganman o'zimga tobut.
Jar soladi mushfiqim - sabo,
Chorlayverar do'stu g'animni.
Mehmon bo'lgan Azroil bobo
Shabnam bilan yuvar tanimni.
Hayotimni muqaddas bilib,
Urfu-rusum qilurlar ul-bul.
She'rlarimni tilovat qilib,
Janozamni o'qiydi bulbul.
Yaproqchalar soladi uvvos,
O'ksimasin maysalar nega?!
Ko'milaman eng toza, eng soz,
Eng chiroyli gulning tagiga.
Ko'm-ko'k rangga kiradi jonib,
Chayqaladi zil-zambil hislar.
Yuragimni alvonday yopib,
Tobutimni ko'tarar qizlar!
1995
* * *
Birodarlar,
Mahallangizda
Bir ayol bor -
Befarzand ayol.
Ko'p ko'zikmas... iymanar sizdan,
Og'riqlari o'ziga ayon.
Manglayiga singib ketgan tuz
Kechalari milt-milt eriydi.
Eri yaxshi ko'radi... afsus...
U ham yaxshi ko'rar erini.
Bir-biridan yashirar tushin,
Yashaydilar bir-birin asrab.
Tushunadi hatto govmushi,
Berar ekkan oqqina hasrat.
Bir miskin u... hayotning barcha
Da'vosiga jimgina ko'ngan.
Bir miskin u... bevafolarcha
Kelajagi o'tmishga do'ngan.
Birodarlar,
Haq hukmi yetib,
Qabog'lari yopilar kuni -
Mozoriga beshikda eltib,
Alla aytib ko'minglar uni!..
1997
***
Nafasingiz - eng xushbo'y atir,
Orazingiz istamas g'oza.
Eron qizi - Shahina nadir,
Gulgunroqsiz undan, Shahnoza.
Ko'zingizda mavj uradi Baxt,
Siz yengilsiz, lekin cho'kasiz.
Sal jilmaysam - kulasiz qah-qah,
Sal injilsam - ko'zyosh to'kasiz.
«Meni shuncha suyasizmi?!» - deb
Rasmingizdan har kech so'radim.
«Uyaltirmang odamni hadeb» -
Qizardi u...
Mening suratim
Sizga neni qilar hikoya?
Bilmaydi-ku ichkin g'aybimni -
Surat siyrat emas-da, shoyad
Ko'pirtirmagandir aybimni...
Men haqimda mayda gaplar ko'p:
Qancha nozik qo'lchani o'pgan...
Siz ishonmang! Hammasi ko'pik,
Ko'nglim ayon emas-ku ko'pga.
Bilasiz-ku kasbu korimni,
Sevgi deya ne ko'yga tushdim.
Unutdimmi yigit orimni?!
Garchi bukun hammasi tushdir...
Siz ertakdan chiqib keldingiz,
Etagingiz o'par hurlar ham.
Qoshingizda - ikkita dengiz,
Har tomchisi jonimga malham.
Yosh to'kasiz - injilsam agar,
Sal jilmaysam - qah-qah kulasiz.
Ey, ruhimni kuydirgan axgar,
Qachon menga hamdam bo'lasiz?
Chayqalaman tig'day rasanda,
Tanhoman-ku, keling - toqsiz Siz.
Men Yesenin bo'lolmasam-da,
Shahinadan suluvroqsiz siz!
1998
* * *
May tugadi. Qishloqda
Boshlandi g'alla o'rim.
Ukamlar ishlamoqda,
Men bormayman, men - po'rim.
Shahardaman. o'zimga
O'zim xonman, o'zim bek.
Go'yo hamma ko'zimga
Boqar ta'na qilgandek.
«Arpangni xom o'rdimmi?!
Toshingni ter...» - kuyaman.
Yumshoqqina o'rnimni
Panaroqqa qo'yaman.
Yozish mumkin endi she'r,
Dehqonga she'r bitish shart:
«Uka, javlon uraver,
Topilmaydi senday mard.
Ko'zingga ter quyilsin,
Nafasing - issiq bug'day.
Xirmon-xirmon uyilsin -
Vatanga kerak bug'doy.
Xalq och qolmas sen bo'lsang,
Soya topar o'tda ham.
Tamom bo'lar sen so'lsang,
Menday qancha muttaham.
Demak, olov faslida
Qo'ldan tushmasin o'roq.
U o'roqmas aslida -
Menga yo'nalgan so'roq - ?
«Qaytmaysanmi?» - «Bilmayman,
Shahar qildi dabdala.
Tunda Oyga yig'layman,
Yuragim - yaydoq dala.
Nafrat mo'l-u mehr oz,
Qarashlar bir qolipda.
Go'zal hislarim - tannoz,
Fikrlarim - olifta.
Suyanchiq yo'q, ustun yo'q -
har odimda bitta jar.
Xudo bor-ku! Ko'nglim to'q...
Ne deyapti odamlar?
Kim aytdi?! Yiqilyapman!?
Yolg'on. Orzu-o'yim - oq.
Faqat... shu... siqilyapman...
Jonga tegdi bo'yinbog'!»
1999
QARIQIZ
Osuda, tinch yo'ldan ham yurak yutib o'tar jim,
Topilmaydi olamda yuragiga mutarjim,
Kim bilsin, balki u ham shahzodasin kutar jim,
Axir, o'z baxtin kutib yashaydi-ku bari qiz,
Singlisini uzatib, o'zi qolgan qariqiz.
Bolalikka yo'lak yo'q. Oldga ham. Bir joyda lol,
Halinchakka osilib o'z-o'zicha ochar fol:
Balki bugun yo erta yoki indin, ehtimol...
Foli o'zgaga to'g'ri - o'ziga teskari qiz,
Qo'shni uyda kul bo'lib yor-yor aytar qariqiz.
Chehrasi dog'li deya havas qiladi Oyga,
Sochining bir tolasi zarbidan sinar oyna.
Tushin aytmaydi hatto tushunmaydi deb soyga,
Ko'nglining girdobidan qo'rqar, tubsiz qa'ri, qiz,
Xayolida baliqlar bilan suzgan qariqiz.
Bormi unga dugona, bormi dardin so'rovchi?
Bormi uning zoriga yetadigan zo'r ovchi?
Bu eshikni har kimsa qoqar - ko'rinmas sovchi,
Ostona hatlab endi chiqmas o'zi nari qiz,
Soyasi - o'zi, soya bo'lib qolgan qariqiz.
Halqa-halqa mung sochar qaroqlari havoga,
«Kimning qobirg'asiman?» - bo'zlar Momo Havvoga,
U ham gul-ku - bir kuni ochilishga da'vogar,
Ochilsa, hovlisini jannat qilar pari qiz,
Yaproqlari ostida ifor to'la qariqiz.
Ona - tinsiz: keksargan yuragin timsoh g'ajir,
Ota - tilsiz: qarigan manglayi g'ij-g'ij ajin,
Yo, Xudoyo, sen bu uch qulingga o'zing achin,
Ketayapti kun sayin, oy sayin Sen sari... qiz,
Ko'zlaridan to'kilib duolari - qariqiz...
Ko'ksimga xanjar sanchdim-qonday chiqdi bu she'rim
O'ttiz uch yil to'lg'ongan jonday chiqdi bu she'rim,
Rosti, o'zim bilmayman, qanday chiqdi bu she'rim..
Ko'zyoshingday samoda omonat Yer shari, qiz,
To'kma, yo'qsa, yo'qlikka yo'l olamiz, qariqiz!..
1999
O'YIN
Bu qiz bilan har kuni
O'ynardik bekinmachoq.
Darrov topardim uni
Devorga bekingan choq.
Qo'l ushlashib adirga
Chopar edik hakkalab.
Qaytardik keyin birga,
Qo'ymas edim yakkalab.
Ishonmasdan, ko'zimni
Kafti bilan yopardi.
Bekinardi. Men uni
Osongina topardim.
Kapalakday beqaror,
Ohuday edi qochoq.
Keyin bilsam, aslida
Bu dunyo - bekinmachoq.
Bir kun ogoh qilmasdan
Bir burchakka chekindi.
O'zi bilib-bilmasdan
Chimildiqqa bekindi.
Ovoz berdim: «Bo'ldi, chiq,
Qanisan?..» - tinglar edi.
Lekin negadir piq-piq
Chiqmasdan yig'lar edi.
Kiray desam yoniga,
To'siq bo'ldi yangalar.
Igna sanchib jonimga,
Dil dardimni yangilar.
Tashqaridan so'z qotdim:
«Hammasi o'yin edi,
Ko'z yumdimu - yo'qotdim,
Buyog'i to'ying endi...»
Shundan beri har kuni
Yaramga teginaman.
Uzoqdan ko'rib uni,
Shu zahot bekinaman.
Ergasholmas izimdan,
Ortimdan chopolmaydi.
Ko'rib turaru zimdan,
Hech qachon topolmaydi...
2002
CHIROYLISIZ…
Chiroylisiz. Go‘zalsiz. Mag‘rur.
Tashlaysiz goh ko‘z qiringizni.
Talpinadi yurak qurmag‘ur,
Bilsam deydi dil siringizni.
Ammo sira buzmaysiz pinak,
Xotirjamsiz. Sokinsiz. Sipo.
Go‘yo yo‘q siz yetmagan tilak,
Go‘yo sizda dunyo baxti jo.
Holbuki har lahza betinim
Qalbingizda otilar vulqon.
Garchi qushday yursangiz-da jim,
Qoningizda uxlaydi to‘fon.
Beparvosiz. Vazmin. Osuda.
Oqqush kabi qilasiz pardoz.
Go‘yo beo‘y, beg‘amsiz juda,
Go‘yo issiq hislaringiz oz.
Adashdimmi yo ko‘ngil berib?
O’ylayversam – yuragim og‘rir.
Poyingizga to‘kildim erib…
Chiroylisiz. Go‘zalsiz. Mag‘rur.
2006
* * *
Oqish palto, qop-qora etik,
Oppoq ch?hra, qop-qora ko'zlar...
Aytgin, qanday baxtiyor edik,
Musiqaday oqardi so'zlar.
Boshimizdan zar sochardi tun,
Poyimizda oppoq poyandoz.
Go'yo dunyo olar edi tin,
Ikkimizni tanho qo'yib, soz.
Sovuq qotma d?ya avaylab,
O'rab qo'ydim qora sharfimni.
M?ni butkul so'zamol aylab,
Tinglar eding yurak zarbimni.
Jim k?tarding. M?n esa yonib,
So'z sochardim - qolmasdi yodda.
Koshki d?rdim butun dunyoni
K?zib chiqsam s?n-la piyoda.
Qo'llaringda qop-qora qo'lqop,
Oq qo'lingdan o'pay d?b yechdim.
Bu dunyoda m?n uchun shu tob
S?ndan boshqa yo'q edi h?ch kim.
Ey yo'llari toyinchoq qorqiz,
Dunyo - bozor: ol-ho, ur-yiqit.
Taloto'pda qolma d?b yolq'iz,
Bo'lay d?vdim, axir, qoryigit.
Va l?kin, s?n - xushro'y, rasida:
Go'zallarga yaktolik udum.
Ko'zlaringning alangasida
Erib k?tdi shamday vujudim.
Tun toraydi. K?taman, d?ding,
Sochlaringni s?kin tuzatib.
Oh, jonimdan ayrilgan edim,
B?ruh qoldim s?ni kuzatib.
Ko'rpasini tortdi qora tun,
Oyoq cho'zdi uzun shaharga.
Yaxshi dam ol. Bo'lmagin mahzun -
Yetajakmiz oppoq saharga...
2006, yanvar
* * *
Qayiradi bargin gulxayri,
Yuz ochadi kulib nastarin.
Sochlarimni silagin, mayli,
Titib ko‘rgin qalbim astarin -
So‘z topilmas ismingdan o‘zga,
Dunyodagi eng toza chechak.
Sen borsanki - chechanman so‘zga,
Sen borsanki - oydindir kecham.
Mayli, gullar barq ursin zimdan,
Atirga garq bo‘lsin tevarak.
Hidlamasman. Sening isingdan
O’zga hidlar menga ne kerak?!
Titramasin barg kabi labing,
Yuragingga cho‘kmasin g‘ubor.
Toki sevgi ekan matlabing,
Senga sodiq qolaman, dildor.
Faqat seni sog‘inaman men,
Faqat senga ilhaqman mudom.
Faqat sen deb og‘rinaman men,
Yuragim - bir sen uchun guldon!
Talpinadi garchi ming chechak,
Garchi pinhon yiglab-siqtaydi.
Nima qilay, iloj yo‘q hech ham -
Yuragimga ular sig‘maydi.
Qilolmasman muhabbat tuhfa,
Ko‘zyoshlari bo‘lsa-da ummon.
Nigohingdan arisin shubha,
Tuman kabi to‘zg‘isin gumon.
Ko‘p titmagin qalbim astarin,
Ma’yus bo‘lma - o‘yna, sevin, kul:
Senga havas qilar nastarin,
Senga havas qilar atirgul!
2007
* * *
So‘z ochmagin eski sevgidan,
Behudaga qilaverma rashk.
Faqat seni suyaman bu dam,
Avvalgisi edi jinday mashq.
Bari o‘tdi. Bitdi jarohat,
Yuragimda qolmadi hech iz.
Bildim - sevgi emas ja-a rohat,
Qolsang agar oxiri yolg‘iz.
Seni topdim. Ey, munglig‘ ohu,
Seni topdim - xudoga shukur.
Tarqab ketdi jamiki ohim,
Hayotimga olib kirding nur.
Sen borsanki - kunlarim rangin,
Sen borsanki - quvonch uyimda.
Sevgimizning toza jarangi
Aks etadi she’ru-kuyimda.
Faqat ba’zan xayolga tolsam,
Hasratlarga berilsam mubham.
O’zim bilan bir o‘zim qolsam,
Yuragingni ezmasin shubha.
Ko‘z oldimga keladi goh-goh
Izimdagi dog‘lar - xatolar:
Bilib turib qildim ko‘p gunoh,
O’ylayversam - yuragim tolar.
Yaxshiyamki, sen borsan. Toza
Ko‘zlaringga cho‘milayapman.
Hislaringdan olib andoza,
Zavq-sururga ko‘milayapman.
Oy misoli yuksaldim tag‘in,
G‘uborlarim to‘kildi qat-qat.
Hech kimsa yo‘q sen kabi yaqin,
Bor hayotim seniki, faqat -
So‘z ochmagin eski sevgidan,
Behudaga qilaverma rashk.
Faqat seni suyaman bu dam,
Avvalgisi edi jinday mashq.
2007
MAKTUB
Singillarimga
Omonmisan, munis Nazokat,
Yaxshimisan, mushfiq Nigora?
Xijolatman oldingda behad,
Yo‘qlamadim yilda bir bora.
Taklifnoma sochaverar kuz,
Qish yo‘limga to‘shar poyandoz.
Yo‘l ko‘rsatar ko‘klamgi yulduz,
Terga botib otlanadi yoz.
Biroq mening parvoyim falak,
O’z-o‘zimdan ortmacan sira.
Hammol kabi chopaman halak,
Qiynasa-da ba’zan xotira -
Yuragimga quloq solmasman,
Hislarimga bermasman imkon.
"Tirikchilik..." deya tolmasman,
Vijdonim sal qo‘zg‘olgan zamon.
Yuragimni yuvadi ko‘zyosh,
Hammasini yutyapman ichga.
Sinovlarga berolmasdan dosh,
Qul bo‘ldimmi yolg‘on sevinchga.
Do‘stu-yorga sochib vaqtimni,
Davralarda so‘z aytaman xush.
Uyoqda-chi tilab baxtimni,
Har kun meni ko‘rasan sen tush.
Ro‘molchalar olaman gulgun,
Va tuhfalar bilan bir dunyo -
Seni yo‘qlab boraman har tun,
Tong otadi. Afsus, bu ro‘yo.
Ro‘yo kabi o‘tmakda hayot,
Bilmam, o‘zi, qolarmi izim.
O’g‘limga men yurgan yo‘llar yot,
Chang ko‘chada o‘ynamas qizim.
Ammo senga juda o‘xshar u,
Qiliqlari xuddi seniki.
Hech kimsaga bergisi kelmas -
Yaxshi ko‘rsa kimni, neniki.
Goho senga ichiksam yomon,
Erkalayman sochlarin iskab.
"Onam" - deyman kulib u tomon,
"Singlim" - deyman bir najot istab.
Bir lahzada tarqalar anduh,
Yig‘iladi yana dilda kuch.
Bo‘y cho‘zadi asta so‘lg‘in ruh,
Uyg‘onadi orzular g‘uj-g‘uj.
Tomirimda zamon shiddati,
Armonlarim ko‘pirar toshib.
Kun keladi - tugar muddatim,
Bo‘ynimda zil malomat toshi.
Singayapman sekin Toshkentga,
Oy - ko‘ksimning bitta tiligi.
Ayt-chi, singlim, o‘xsharmi menga -
O’g‘lingning ham biron qilig‘i?!
2007
UYQU
Uxlayapsan. Shirin. Osuda.
Kiprigingda masrur halovat.
Tamshanasan. Avaylar juda -
G'ijirlamas esli karovat.
Uxlayapsan. Oydin. Sokin. Tinch.
Chiroylisan - barcha tasdiqlar.
Ich-ichiga sig'masdan s?vinch,
S?miradi ko'rpa-yostiqlar.
Uxlayapsan. Ma'sum. B?tashvish.
Ish tashlagan horg'in shaharda.
O'z-o'ziga topib olgan ish -
Oromingni qo'riqlar parda.
Jilmayasan. Balki shu mahal
Tushlaringda ch?chak t?rasan.
B?rmasin d?b h?ch kimsa xalal
Qalqon bo'lar eshik-d?raza.
Uxlayapsan. Uflay d?ya zar,
Oyo o'g'rincha qaraydi. Biroq
T?gmasin d?b husningga nazar,
Ko'zlarini yumadi chiroq.
Hamma s?nga m?hribon. Hamma
Urinadi - y?ydi g'amingni:
Ki h?ch narsa qilmasin hamla,
Ki xotirjam olgin damingni.
Uxlayv?rgin. T?ran. B?rilib.
Hamma mas'ul... Faqat m?n b?kor -
N? qilarim bilmay, t?rmilib
O'tiribman yoningda b?dor...
2008
TALABALIK QISSASI
M?n ham bir payt siz kabi
O'tyurak tolib edim.
Chorlab hayot maktabi,
So'ng bundan tonib edim.
Bugun dilda nadomat,
Bugun tilimda tavba:
Qani, kulsa-yu omad,
Bo'lsam bir pas talaba.
Afsus, hayot dilimni
Shamolday yulib k?tdi.
Sochib barcha ilmni,
Ustimdan kulib k?tdi.
Cho'kayapman kun sayin,
Dilda achchiq quyqalar.
M?n ham bir payt sizdayin
Oshiq edim, ukalar.
T?ng k?lmasdi damimga
Majnun, Farhodning ohi.
Goho singib g'amimga,
Ko'kka uchardim gohi.
Eh, u damlar zamin na,
Samoni buzsam d?rdim.
Yulduzlarni yig'ib va
Hilolni uzsam d?rdim.
Ko'z tikardi yo'limga
Go'zal, g'amgin nigohlar.
To'kilib o'ng-so'limga
Pinhon kuyish, oh-vohlar.
M?ni o'ylab tunlari,
N? qizlar b?dor edi.
M?n s?vmasdim ularni,
Ular-chi, b?mor edi...
Bir kun boshlandi nogoh
Dilda taka-pukalar.
Qayg'udan bo'ldim ogoh -
S?vib qoldim, ukalar!
Ichim yonardi gur-gur
Unga qaragan sari.
U maxliqo edi, hur,
Odam qizimas - pari.
Holim siniqib tun-kun,
Ich-etimni ?r edim.
“S?ni s?vaman, tushun...” -
Tushlarimda d?r edim.
Dardim - uni qo'msamoq,
B?zdim o'zga va'zlardan.
S?vgidan olib saboq,
Oyoq uzdim darslardan.
M?n ham sizday u mahal
Oshiq edim, ukalar.
Yigirmadan endi sal
Oshib edim, ukalar.
Xullas, m?ndan kuldi u,
D?di: “M?ni s?vmassan -
S?ning t?nging odam-ku,
S?n jin yoki d?vmassan...”
Qolav?rdim mung'ayib,
Qolav?rdim b?majol.
U bo'ldi ko'zdan g'oyib,
Boshqa ko'rmog'im mahol...
Yillar o'tdi. Ko'zimga
Kullarin s?pib o'tdi.
Yukin ortib ustimga,
Nuqib, goh t?pib o'tdi.
Mulla mingan eshakday
Tushib oldim bir izga.
Endi yoshlik ertakday,
Endi o'ylarim o'zga.
Osmondagi oy emas,
?rdagi toshga boqqum.
Jo'shqin, asov soy emas,
Sokin daryoday oqqum.
Qaramayman oy, yillab
Na ko'ngilga, na sh?'rga.
M?ni s?vganlar yig'lab,
T?gib k?tdilar erga.
Nima qilay... Bu hayot
Saboq b?rdi har bobdan.
Endi m?nga g'o'rlik yot,
Endi pishiq arbobman.
O'ylayman manglay uyib,
Bo'ynimda gullik arqon.
Ulkan zafarni tuyib,
Qadam tashlayman har on.
Toliqib k?lsam uyga,
Xotin poyim uqalar
(Fido bo'ladi suygan),
Buyam bir baxt, ukalar.
Yashayapman taqdir d?b,
Qilib har dam murosa.
Yuz burmayman taxir d?b,
Shu m?n k?lgan xulosa:
Parilarning hislari
Erkka moyil bo'ladi.
M?ni s?vgan qizlarning
Og'li shoir bo'ladi!
2009
* * *
Qishki quyosh kabi k?lishing tansiq,
Binafsha nafaslim, yalpiz nafaslim.
Kulasan bahorni qilganday tasdiq,
M?ni sog'intirgan ma'suma faslim.
Holbuki, tashqari guvillar yomon,
D?raza ortida tinmay yog'ar qor.
Xonamga s?n kirib k?lganing zamon,
Qahraton qahri ham yitar mutlaqo.
Har so'zing - ko'klamning s?hridan darak,
Har imong - qaldirg'och kabi yoqimli.
Go'yoki s?n bois bu qari falak -
T?skari buradi havo oqimin.
Jimman m?n. Tomosha qilaman sassiz:
So'zlaysan. Kulasan. Barq urasan, barq.
Dunyoda bormikan m?n kabi xasis,
Husningdan bir o'zim olsam d?yman zavq.
Ming afsus, yalpizday tashrifing qisqa,
Dimiqqan xonam ham s?nga k?lar tor.
Dunyolar ko'z tikar s?n kabi qizga,
K?tasan qoldirib anvoyi ifor.
Iskayman... Og'riydi n?chundir ko'ksim,
So'ng yana sho'ng'iyman g'avvosday ishga.
Yuragim yo'l olar ko'chaga o'ksib,
Dardini aytgali qahraton qishga...
2009
YONDING…
Yonding - falaklarga o‘rladi tutun,
Kuyding - quyun bo‘lib o‘ynadi kukun,
Dilingdan aritib samoning yukin,
Yukun, faqat uning o‘ziga yukun,
Undan o‘zga seni seva olmaydi!
Arshidan soyangga nurlar quyilar,
Tegrangda malaklar g‘uj-g‘uj uyilar,
Har neki hasrating mayda tuyular,
Tuyilar, dardlaring qayta tuyilar,
Undan o‘zga seni seva olmaydi!
O’sha - seni zarra-zarralab yig‘gan,
Erkalab kiftiga ham olib chiqqan,
Poyingga Iblisni bandilab yiqqan,
Yuqqan, undan senga muhabbat yuqqan,
Undan o‘zga seni seva olmaydi!
Mayliga o‘zingni girdobga otgil,
Mayliga olovga chirmashib yotgil,
Har neki ma’dan bor - qalbingga qotgil,
Bot gil bo‘lajaksan, bilib qo‘y, bot gil,
Undan o‘zga seni seva olmaydi!
Axir, yal-yal senga ko‘zgu tutar u,
Kuysang, sendan oldin kuyib-tutar u,
Xavfsirab nafasin ichga yutar u,
Kutar u, to mahshar seni kutar u,
Undan o‘zga seni seva olmaydi!
Ey Odam! O’zingni zabun qilma ko‘p,
Sen kabi sherdillar o‘tishdi to‘p-to‘p,
Biri toshday cho‘kdi, biri sindi - cho‘p...
O’p, uning har zarra, tolasini o‘p,
Undan o‘zga seni seva olmaydi!
Sevsang uni - nurga to‘lar hamma yoq,
U - cheksiz olamda yagona mayoq,
U borki yo‘lidan adashmas sayyoh,
Sayoq, manzilingni topgin, ey sayoq,
Undan o‘zga seni seva olmaydi!!!
2007