Orif To’xtash 1976 yilda Samarqand viloyati, Ishtixon tumani, Beshbola qishlog`ida ziyoli oilasida tug`ilgan. Bolalik chog`laridan buyon ijod bilan shug`ullanib keladi. 5-sinfda o`qib yurgan kezlarida O`zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov mashqlari bilan tanishib, bolalar gazetasi orqali “Bolakay shoir” nomi bilan oq yo`l tiladi. Shundan so`ng 1988 yilda Do`rmonda o`tkazilgan ijodkorlarning V seminarida eng yosh ishtirokchi sifatida qatnashdi.
Bugunga qadar she’riy turkumlari “Har doim bo`lsin quyosh” (1988 yil), “Boychechak” (1989 yil), “Dovon oshgan avlodlar” (1990 yil), «Oltin belanchak» (2001 yil), «Zarband» (2002 yil), «Vatanim, deb seni, uyg`ondim» (2003 yil) va shu kabi ijodiy bayozlardan o`rin olgan. «G’unchalar tabassumi» (1991 yil), «Quyosh yo`li» (1995 yil) hamda «Ko`ngilga tashrif» (1998 yil) deb nomlangan alohida she’riy to`plamlari chop qilingan.
Orif To’xtash 1993-1998 yillar davomida Samarqand Davlat universitetida jurnalistika ixtisosligi bo`yicha tahsil olgan. 1997 yil Respublika Ulug`bek jamg`armasi mukofoti laureati bo`lgan. U O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
U dastlab 1998 yil O`zbekiston Milliy Axborot agentligi nashrida ish boshlagan. Keyinchalik turli nashrlarda, ijodiy uyushmalarda faoliyat ko`rsatdi. Ayni paytda O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasining «O’zbekiston» teleradiokanalida bo`lim boshlig`i vazifasida xizmat qilib kelmoqda.
SEVISH KERAK
"...Harom bo`lsin muhabbatsiz o`tgan kunim..."
Muhammad YUSUF
Kunlar o`tar shoshib-shoshib,
Tashvishlari boshdan oshib.
Kech angladim, eh, men noshud -
Sevib yashash kerak ekan!
Hayotiga izlab mazmun,
Muhabbatni topdi Majnun,
Kulfatidan Layli mamnun,
Sevib yashash kerak ekan!
Umrkim - bir martalikdur,
Jon - bu hurkak andalibdur,
Sevmaganlar aldanibdur,
Sevib yashash kerak ekan.
Ishq nima?
Bilganim bordir,
Bag`rida kulganim bordir,
Lek hajrdek g`anim bordir,
Sevib yashash kerak ekan.
Sevgisiz, hissiz kunlarim -
Besamar, izsiz kunlarim,
Degayman, esiz kunlarim,
Sevib yashash kerak ekan!
HOLAT
Qishloqda tug`ildim,
Qishloqda o`sdim,
Qishloqda tanidim oq-u qorani.
Qishloq edi mening eng yaqin do`stim,
Ochiq qilib ketar bo`ldim orani.
- Yaxshi qol azizim, xayr-xo`sh endi,-
Shunday xitob qildim ketarim oldi.
Bilmadim, u meni qanday tushundie-
Uzoq o`yga botib, kuzatib qoldi.
Izimdan ergashdi ancha yo`lgacha,
Bir so`z aytmoqchiday bog`ldi-yu lekin -
Qaradi, qarorim qat'iy, o`zgacha,
Xo`rsinib, ortiga qaytdi u sekin.
Olisdan ko`zida yoshlar ko`rindi,
Bu ham bir ayriliq saboqlari-da!
Kentman, deb kerilgan toshlar ko`rindi,
Orzumning olis bir adoqlarida.
So`ngi bor qaradim ortimga nogoh,
Yog`llar o`z holicha - yo`lday turardi.
...Ikki qir yon bag`ri joylashgan qishloq -
Duoga ochilgan qo`lday turardi!
KECHKUZ
Sarosima boshlandi kuzgi,
Sho`xligini oshirdi shamol.
Xazon to`ldi har botgan izga,
Uryon shoxlar tebranar malol.
Ko`chib yurar xazon lashkari,
Yopib yerning badanlarini.
G`ijirlatib daraxt tishlarin -
Tuflar so`ngi alamlarini.
O`TGAN KUNLAR
...Toshkentga qiz berma, Marg`ilon,
Qodiriy yo`q, Zaynablar omon.
Muhammad YUSUF
O`tgan kunlar - bosilgan qadam,
Men moziyga qaytgim keladi.
Va Kumushga boqib damo-dam,
Sevaman, deb aytgim keladi.
"Siz o`shami"e -
so`rasa mendan,
Chiqqanday baxt istiqboliga.
Hayratini yashirolmaskan...
Lablarimni bossam xoliga.
Tanimasak aslo Zaynabni,
Yuraklarda ishq yonib tursa.
Vujudida sho`xlik qaynabmi -
Yuzlarimga juftona ursa.
Mayli edi, Marg`iloniga -
Tutash bo`lsa ravon yo`llarim.
Har kun borar edim yoniga,
Va...
kelmoqda shunday so`ylagim:
Kumush kutar meni shodumon,
Bugun yo`qlab Begim keladi!
...Samarqandga qiz ber, Marg`ilon,
Zaynabi yo`q! -
degim keladi.
HAYRAT
Musavvir do`stim ORIFJONga
Bu hayot ko`hna va shu qadar mangu,
Bu hayot oddiy va shundoq mukammal.
Ajab, musavvirning tasavvur, ongi -
Shoironaligin bilmas ekanman.
Qarang, ko`zlarida nimalar jodir,
Qarang, yuzlarida balqiydi junun.
Haqiqat ko`yida har nega qodir,
U ham bedorlikda o`tkazar tunin.
Uning ham qo`lidan tushmaydi qalam,
Unga ham lozimdir bir enlik qog`oz.
Asarlarin esa o`qiydi olam -
Sokin hayrat bilan, chiqarmay ovoz.
Shoirning she'rida aks etsa hayot,
So`z ila mujassam aylar tasvirin.
Musavvir ortiqcha rang ishlatmayoq -
Chizib qo`ya qolar yaqqol rasmini.
Shoir va musavvir dunyosi bitta,
Boshqa dunyolardan farqli negadir.
Ular topishadi ayro muhitda,
Ular bahorni va...
kuzni sevadi.
Quvvat manbai ham yagona ildiz,
Ajratib bo`lmaydi birin birovdan.
... Agar shoir bo`lay, desang rasm chiz,
Rassom bo`lay, desang
she'r yoz, birodar!
ENDI...
Yurak, mendan nolima bugun,
Surishtirma bor-u yo`g`imni.
Seni vujud kuliga ko`mib,
Saqlab qoldim qatra chog`imni.
To`zonlarda to`zg`ib boraman,
Kundan - kunga kichrayar tanim.
Tor ko`ksimni endi yoraman,
Rost-ku sig`may borayotganing.
Quruqshagan novda singari,
Bu tanamning qolmadi holi.
Sevib yashar edim ilgari,
Edim ishqning erka niholi.
Endi senga yo`qdir keragim,
Ustixonim jonsiz, buyumday.
Senga arzimayman, yuragim -
Meni...
yechib tashla kiyimday!
BIR SO'Z DE
Tinglayin nafassiz,
Xalqumda tutgancha havoni.
eSiz mendan baribir xafasiz!? -
Sukunat - so`zingning davomi.
Ne sabab egasan boshingni,
Ko`zingda ko`z ochar marvarid?..
Labim-la sidiray yoshingni,
Sevgini o`zingga sarvar et!
Bir so`z de!
De bir so`z!
So`z de bir!
Sabrimning kosasin toshirma.
Aslida dil gapi ko`zdadir,
Hech qursa ko`zingni yashirma!
Olmasang sevgimning yukini,
Tillaring bormasa hujumga.
Ko`zimga shu qadar tikil-u
Yurakni maktubday g`ijimla.
Baribir javobsiz ketmayman,
Gapir jon!
Gapir moh!
Gapir gul!..
So`zlasang atringga yetgayman,
Ey, aqiq lablari atirgul!
ROZIMAN
Sog`inchi o`rtaydi.
O, nechuk damki -
Bolalik qoldirgan izdan roziman.
Kelar ko`klamlarga ko`z tutsam hamki,
O`tgan bahorlarim, Sizdan roziman!
Yetishdim umrimning chorak asriga,
Xotira qaytarar dilni asliga,
Tomirlarim tutash har bir fasliga -
Yugurgan yoz-u qish, kuzdan roziman.
Bepoyon o`lkamning bag`irlarida,
Tog`ni yelkalagan adirlarida,
Hislar terib o`sdim yomg`irlarida,
Poyim o`pgan dala - tuzdan roziman.
Nimadir yalt etdi tafakkurimda,
Unga bo`lsin mehrim, tashakkurim-da!
So`zlar bilan qoldim yashab, umrimda,
Ko`nglimni qurshagan so`zdan roziman.
...Bilmam, qancha fursat bo`loldik hamdam,
So`ng yuzim sarg`aytdi firoqdan, g`amdan.
Mayli, qalbim, yana ming bora aldan,
O`sha...
aldab ketgan Qizdan roziman!
MAKTUB
Ota, qishlog`imga qaytgim keladi,
Orziqib ketaman o`ylagan damda.
O`z boshimga o`zim solib nelarni,
Shundoq orzularga ergashibman-da !
Bu yerlarga kelib nima ham topdim,
Asli nima edi izlagan narsame
Yugurik yillarga qo`shilib chopdim,
Tovonimni tildi necha tosh-xarsang.
Kimgadir bosh egdim, xushomad qildim,
Tilimga ko`chirib shahar lahjasin.
Endi begonasan, deganday xuddi -
Mendan yuz o`girdi she'rday dardkashim.
Eng yaxshi she'rlarim qishloqda qoldi *
Onamning nigohi she'r edi menga.
Bugun o`sha ko`zlar mushtoqda qoldi,
Sog`inchdan yuragi bo`linib tengga.
Biroq... Biroqlarim bir dunyo, biroq -
O`zni ovutaman orzular ila.
Shaharga sig`maydi to`pori yurak,
Faqat kechalari menga yorilar:
Yur, deydi, ketamiz kengliklar sari,
Zarbandning sarbaland Oqtovlariga! -
O, bunda vujudim haryon, sar-sari,
Uchib ikki yonning maqtovlariga.
Shahar bunda qilar shirin va'dalar,
Qo`limdan tutadi tannoz xonimday.
Ammo qishloq mehri dilga qadalar,
Ko`ksimga o`rnashib olar jonimday.
Xullas, arosatda yuribman ota,
Qachondir qay birin tutgaydir yurak.
Balki adasharman, qilarman xato -
Harqalay... jonimdan kechmasam kerak!
* Q. Norqobil misrasi
YURAGIM SENIKI...
Yuragim seniki -
nima qilsang qil!
Ixtiyor sendadir, sendandir hukm.
Ko`ksim kengligidan kelib qo`rg`on qur,
U menga qalb, senga vatandir chunki.
Ozod yashagaysan unda, azizam,
Yog`iylar dastidan chekmagaysan dard.
Butun mamlakating uzra men o`zim -
Xitoy devoridan mustahkam sarhad.
Barcha balolarga o`zim nishonman,
Toshmi u, nayzami va yoki o`qmie..
Yurting osmonida uchmas, ucholmas,
Shunday ekan, nechun hadik va qo`rquve!
Baralla qo`shiq ayt ishqning madhida,
Jannatiy bir ko`rkka bo`lursan shohid.
Hech kim xalal bermas, gohi-gohida
Borsa mehrim borar darvozang qoqib.
Unda o`y surasan tiniq, bokira,
Huzuringda bahor, tegrang - lolagun.
Kulgichingga chopar labing sohili,
Baxtning quchog`ida masrur malagim!
Kipriging qitiqlar tuyg`ular tongi,
Shafaqdagi she'r ham senga atalgan.
Vatan senikidir, sen uchun mangu,
Sen qanday kechasan bunday vatandan!
...Bir umr sen bilan yashagim keldi,
Biroq meni qiynar shunday ehtiyoj:
Mening vatanimni topib ber endi,
Mening mamlakatim darvozasin och!
TASALLI
Erka ko`nglim!
Erka ko`nglim!
Erka ko`nglim!
Na ko`ksimga sig`asan, na yerga, ko`nglim.
Endi olis osmonlarga ketsak bo`lar,
Turnalarning safi bilan birga, ko`nglim!
Azaldan ham oshiq dardi sir sanalgan,
Oshkor bo`lsa doston bilan bir sanalgan.
O, ishqimiz tushgan edi bir sanamga,
Ishimizni tushirdi-ku she'rga, ko`nglim.
Iltijolar ijro etdik kuyga solib,
Orzularni tiniq xayol, o`yga solib.
Achinmadi bizni shunday ko`yga solib,
Daryo bilan o`ynashdikmi, jilg`a ko`nglim..
Undan mehr, muhabbatdan sehr kutib,
Boraverdik jonimizni o`tga tutib,
Sabrimiz va ishonchimiz oxir tutdek -
To`kilmoqda oyqiz o`tar yo`lga, ko`nglim.
Unab bersa dunyo bizga tor emasdi,
Tunlarimiz hecham oyga zor emasdi.
Ammo sanam sukut saqlar yor emasdek,
Til bormaydi so`nggi so`zni derga, ko`nglim.
Biroq sevib kam bo`lmadik, yozganimiz -
Asta-sekin o`xshab borar she'rga, ko`nglim.
Shoir bo`lib qolishimiz ajab emas,
O`sha bir qiz tegib ketsa erga, ko`nglim!..
DO`STING BO`LSIN
Sirpanchiqdir bu dunyoning yo`llari,
Bu dunyoning xilvatlari xatarli.
Madad uchun uzanguvchi qo`llari -
Do`sting bo`lsin to qiyomat qadarli.
Bu hayotning sinovlari bisyordir,
Hammasiga hamisha shay, hushyor tur,
Bir kuch bilan yengib o`tmoq dushvordir,
Do`sting bo`lsin to qiyomat qadarli.
Gar tatisin, desang o`ynab-kulganing -
Dunyosiga uchma yolg`on dunyoning,
Chin do`st bilan to`lib turar bir yoning,
Do`sting bo`lsin to qiyomat qadarli.
Birovlar bor - egri sanar to`g`ringni,
Oshnalardan biri ikki bo`ldingmi
Qurbingnimas, so`raguvchi ko`nglingni -
Do`sting bo`lsin to qiyomat qadarli.
Adashmaydi, yiqilmaydi do`sti bor,
Do`sti borning qanday kam-u ko`sti bor
Yashay, desang sen ham g`olib, ustivor -
Do`sting bo`lsin to qiyomat qadarli.
Do`st bog`lmagay do`stlarning ham barchasi,
Kulib qochar ko`zingdan yosh sachrasa,
Ulki dusting - og`ir kunda uchrasa,
Do`sting bo`lsin to qiyomat qadarli.
Bir kalomning keldi ayni fursati,
O`z o`rnida mayli, uni deyin ham.
Chin do`st bo`lsa! -
sadoqatin ko`rsatib,
Do`sting bo`lsin Qiyomatdan keyin ham!
ISHQ BALLADASI
Men daraxtman!
Qo`llarim - novda,
Xuddi chinor kabi mevasiz.
Borolmayman, poyim tushovda,
Siz-chi, erkinlikni sevasiz.
Qushday ozod parvozlar qilib,
Qo`llarimga kelib qo`nmaysiz.
Yaproq yozib, pardozlar qilib -
Yoningizga bormoq o`ng`aysiz.
Ildizimni sug`urib yerdan,
Qadamimdan sochilib tuproq,
G`aroyibhol borar bo`lsam ham,
Deysiz, - yo`q-ku sizda hech yaproqe! -
O, bu so`zlar qiynaydi takror,
Loyqalanar tegra - atrofim.
Deyman, - menda bitta yaproq bor,
Yuragimdir o`sha yaprog`im!
Ko`p to`fonlar ko`rsatdi kuchin,
Yulqilandim, rosa talandim.
Ammo sizga tuhfalik uchun -
Bitta yaproq saqlab qololdim.
- Xo`sh! -
Otasiz savolnigohlar, -
Nima bo`ptie
Ne qilish kerak -
Men so`zlasam yuragim ohlar,
Men oh ursam so`zlaydi yurak:
Siz baxtga yor bo`ling, ilohim,
Izingizdan tolegul unsin.
Ammo...
mening so`nggi yaprog`im -
Qo`llaringiz bilan yulinsin!
- 2 -
Kutganingiz shumie -
jilmayib -
Ko`ksim yorib, qo`lni solasiz.
...Men ham baxtli!
Chunki bilmayin -
Quchog`imga kirib borasiz
Azob bilan rohat birlashar,
Oh, azizam, his qildingizmi?!
Belingizga qo`lim chirmashar,
Qaytib qo`yib yubormas Sizni!
Tandan ruhim chiqar otilib,
Mag`rur turib, beradirman jon.
Mendan ketolmaysiz, qotilim,
Axir
Sizning
Qo`llaringiz
Qon!
SEN KETDING...
Sen ketding.
Va lekin ketaring oldi -
Deding: "Bo`ldi. Tamom! Nuqta qo`ying, bas!"
Ortiq savollarga na o`rin qoldi...
Bildikki, taqdirning hukmi o`yinmas.
Men qotdim.
Osonmas alvido demoq,
Ortingdan termulib, ko`zim yoshlandi.
"...Nuqta qo`ying, tamom!" deding-u biroq -
Men uchun hammasi... keyin boshlandi!
BU DUNYO...
Bu shafqatsiz dunyo, rahmsiz dunyo,
Goh yoqimli, gohi yoqimsiz dunyo.
Birodar, shodlig-u g`amingni emas,
Ko`proq Haqqa qilar nolangni o`yla.
Rahmatlarga loyiq ko`rsang nomingni,
Tiniq tafakkur-la tikla shoningni.
Bir parchasi bo`lib turgan joningni -
Ortingda qolguvchi bolangni o`yla.
Biri kam dunyoning kamiga chida,
Kami to`lar bo`lsa g`amiga chida.
Kimga naf keltirmish qilingan nido
Qiyomatga qadar chorangni o`yla.
Olamni kezmoqqa moyilsan, biroq -
Ko`ngilni vatandan tutmagil yiroq,
Kindik qoning tomgan mana shu tuproq,
Mana shu uyingni, xonangni o`yla.
Ko`ksing sitamlardan bo`lsa-da xoli -
O`ylama, meniki bo`ldi, deb tole,
Fursat qo`lidadir inson iqboli,
Kun kelib to`kkuvchi jolangni o`yla.
Hayot mazmunini angla, fikr qil,
Yaxshilik nomini ming bor zikr qil,
Ezgulik ko`rsatib, ko`rib, shukur qil,
Har yurakka ekar lolangni o`yla.
U yurgan yo`llarning tuprog`i oltin,
Kim u, otangdan ham qarigan oldine
...Barchasidan oldin, baridan oldin -
Sochlari oqargan onangni o`yla!
ALAM
Erga tegib ketyapsan,
"Voy alam, jon alam, jon..."
Istasang, jonimni ham
Bermasmidim, sanamjon?
Dilga cho`kdi nolalar,
O`tda yondi nomalar,
Senga atab lolalar -
Termasmidim, sanamjon?
Yor-u do`st boqar zimdan,
Xatolik o`tdi kimdan?
Lahzalik quvonchimdan -
Sarmastmidim, sanamjon?
O, yuragim og`ridi,
Bu dardim ham bormidi?
Ko`ksimni el oldida -
Kermasmidim, sanamjon?
Sevmas, dermiding yoki,
Shul ilinjim idroki -
Sening yo`linga toki -
Zormasmidim, sanamjon?
Nelar kechdi o`yingdan?
O`rgilayin bo`yingdan!
Sevmas bo`lsam... to`yingga -
Bormasmidim, sanamjon?!
"Voy alam, jon alam, jon...!"
HURLIK ISHTIYOQI
Ko`ksimdagi kabutarim,
Nogohonda potirlaydi.
Qafasiga qanot urib,
Nelarnidir xotirlaydi.
Ozod uchib yurmoq yo`lin,
Orom bilmay axtaradi.
Qonga bo`yab o`ng-u so`lin,
Ko`ksimni xo`p laxtaladi.
Sezib hurlik safosini,
Ko`zlarida yoshlar bilan.
Sindiray, deb qafasini,
Urayotir toshlar bilan.
Qo`lim tutsam, ko`ksimdagi -
G'alayonlar tingani yo`q.
Kabutarim o`ksinadi,
Hali qafas singani yo`q.
Ammo uning shashti baland,
Maqsudiga yetmoq istar.
Ozodlikning gashti bilan
Osmonlarga ketmoq istar.
Bor vujudim ezilmoqda,
Tugamas tosh zarbalari.
Ko`ksim uzra sezilmoqda,
Magelubiyat sharpalari.
Kabutarim, biroz chida,
Kechir meni gap avvali.
Foniy dunyo kurashida,
Ishtirokim bordir hali.
Hali kimning oldidagi,
Uzilmagan qarzim turar.
Navniholning bargi kabi,
Burchday buyuk orzum turar.
- 2 -
Hammasiga yetmoq qiyin,
Bunda sen ham tinch turmasang...
Ko`zi ortda ketmoq qiyin,
Rahming kelsin hech bo`lmasa.
Mayli, qancha qasosing bor -
Kuchaytirma zarblaringni.
Balki bunga asosing bor,
Bilmay keldim dardlaringni.
Xudbin yashab keldim, chogi
Seni ozod qo`yolmadim.
Bu dunyoga to`g'rirog'i -
To`yolmadim, to`yolmadim!
Qancha ozor bergan bo`lsam,
Olay shuncha jazolarni.
Erta-indin sen ham hursan,
Qucharsan keng fazolarni.
Faqat!
Buncha shoshma, jonim,
Sabring menga marhamatdir.
Hozirchalik ozodman-u
Kelar kunim qaro, baddir.
Qaytar dunyo degani rost,
O`shanda ko`r tomoshani -
Sen samoga etsang parvoz,
Meni go`rga qamashadi!
SHAHARDAN MAKTUB
Qushday qanot yozdi derazam,
Tong shamoli kirdi xonamga.
Bu tun bedor qolib bir o`zim,
Qog`oz qoraladim onamga.
"Salom, sizni sog`indim, ona,
Tushlarimga kirasiz har tun.
Mehringizga mushtoqman yana,
Sog`inch - mening eng yuksak dardim.
Ozorlarga qo`ydimmi sizni,
Shoirman, deb haddimdan oshibe
Olovlatib tandiringizni,
Yo`l qaraysiz intiqib, shoshib.
Qishloq joyda mudom ish qaynar,
Qo`lingizga tegmas qo`lingiz.
Sizga kelin bo`lsam, der Zaynab,
Biroq Kumush izlar o`g`lingiz.
O`z-o`zimdan nolib ketaman,
She'r ham olmas alamlarimni.
Bunda hech kim boqmas beta'ma,
Va o`lchaydi qadamlarimni.
Qishloqdagi oqibat qaydae
Holing so`rmas hech qursa bir kas.
Shovqinlarga ko`milgan joyda,
Xayol surib bo`lmaydi bir pas.
Farzand bo`lsam, devdim, munosib,
Bunga qurbim yetmadi, afsus.
She'r daftarim bag`rimga bosib,
Orzularga ergashdim hadsiz.
-2-
Balki rizqim sochilgan shu yon,
Ammo buni yo`ymang xatomga,
Baxtim uchun bo`lingiz omon,
Salomimni ayting otamga.
Xayr endi, ko`rishguncha to,
To`rt mucham sog`, olmang xavotir.
Sog`inchimni olqishlab go`yo -
Ayni damda tong otayotir.
Xatga nuqta qo`ydim, ko`zda yosh,
Ilk shu'lalar kirdi xonamga.
Olislardan termulgan quyosh -
O`xshab ketdi munis onamga.
SEVGI YAKUNI
Ko`zimni yumaman. Senda xayolim,
Ko`zimni ochaman. Bunda ayolim.
eNimalarni o`ylab, buncha xomushsiz??
Savolga tutadi kunda ayolim.
So`roqqa tutguncha qo`limga may tut!
Sukut ila ketgum xayolga qaytib.
Tushimda yuborsam ismingni aytib,
Uyg`onib, yig`laydi tunda ayolim.
To`g`ri, hammasiga yakun yasalgan,
Tugab, tamom bo`lgan tuyg`u - asal-qand.
Ushbu kun senda ham, menda ham farzand,
O`g`il tug`ib berdi zumda ayolim.
Hijron yo`llarida dilimiz - xarsang,
Qo`nib ham ulgurdi unga g`ubor-chang.
...O`g`limdan qizingga sovchi yuborsam,
Anglab yetarmidi shunda, ayolim!?
BOLALIK
Bolaligim, ortda qolgan bolaligim,
Sofligicha sodda qolgan bolaligim.
Axir qanday unutayin, kunlar emas,
Har bir daming yodda qolgan, bolaligim.
Haqgo`y eding, yolg`onlarga unamasding,
Bitta ertak tinglamasdan tunamasding,
Hammani do`st bilar eding, sinamasding,
Sinoviga meni solgan bolaligim.
Sen umrimning bahorimi eding unda?
Hayotimning ohorimi eding unda?
Nega menga eBiz birgamiz!? - deding unda?
Shu bir so`zing chiqdi yolg`on, bolaligim.
Payqamabman, ortda qolib ketganingni,
Opichlardim, sezsam tolib ketganingni,
Bu yo`qotish - mendan nolib ketganingmi? -
Bilolmayin dilda armon, bolaligim.
Qo`msayman-u ko`rmoqlikka hech chora yo`q,
Lahza sayin umidlarim kech, chora yo`q.
Hozir senday baxtli, menday bechora yo`q,
Izlaringga intizorman, bolaligim.
Endi menga sho`xliklar ham erish bo`lar,
Sen - tanaffus, endi darsga kirish bo`lar,
Riyozatdan peshonalar tirish bo`lar,
Bo`lmaysanmi menga darmon, bolaligime!
Katta hayot sari men ham qadam qo`ydim,
Bo`ynim uzra bo`yinbog`lar qadab qo`ydim,
Havas bilan suratingga qarab qo`ydim,
Tugmalari qadalmagan bolaligim.
Xayolimda sen hamisha birgadursan,
Hali-hanuz bilmaganim o`rgatursan,
Yuragimni yuksaklarga o`rnatursan,
Qishlog`imda, tog`da qolgan bolaligim,
Sofligicha sodda qolgan bolaligim!
OTAMGA
Ota, yuzingizga tushgan ajinning -
Har biri mening har sho`xligimmidi?!
Bu oq tolalar-chie -
Olisda yurib -
Har dam yoningizda yo`qligimmidi?
O`qib, odam bo`lgin, - derdingiz ko`proq,
Ilm istab yurgan tolibman, ota.
Bugun sochingizning teng yarmi oppoq -
Bo`lganin ham sezmay qolibman, ota!
Bilaman, qishloqning yumushlarini,
Boqqa qarash kerak, ham bug`doy ekish...
Taxt qilish - mol-holning yemishlarini,
Bu ham yetmaganday, maktabdagi ish.
Bugun zimmangizda bularning bari,
Sizga ko`makdoshlik qila olmadim.
Orzular oldinda turibdi hali,
Yetib bo`larmikan, bila olmadim?!
Aslida, qishloqqa oshiqar yurak,
Aslida shaharga yo`qdir toqatim.
O`z-o`zimga sabr-u qanoat tilab,
Yozib o`tiribman musofir xatim.
Ota, yuzingizga yarashmas ajin,
Ota, bardam bo`ling, suyanganim - Siz!
Yoqalari tekis, yuragi g`ijim -
Bo`lib yurgan bu men - shoir o`g`lingiz!
VISOL
Ko`ksim uzra ekkan guling,
O`saverdi, o`saverdi.
Nafasingga nafas urdim,
Labing menga bo`sa berdi.
Barmoqlarim bo`yning uzra -
Bilagingda sirg`alarkan,
Sen o`zingni yashnatasan,
Bezab ajab sirg`alardan.
Mehr - muhabbatga doya,
Mehrim mening iyib ketdi.
Hayajonda qoldim vo-ya,
Ko`ksimga gul tegib ketdi!
Bir juft tutqun kabutarday,
Gulbandlarda asir edi.
Men ko`zimni ochganimda
Dunyo ko`zi basir edi.
Haroratli quchog`ingdan,
Halovatlar ichdi qalbim.
Inonmasdim men o`zimga,
Borligingga ishonardim.
Barmoqlarim suzib yurdi,
Ne baxt, qumrol sochlaringda!
Kiprigingga kiprik urdim,
Qoshim tegdi qoshlaringga.
Bu dunyoning baxti nadire
O`zing baxtim, o`zing baxtim.
Tuyg`ularim ming bittadir,
Selobida sen-la oqdim.
Gul - bahorning ko`rki bo`lsa,
Ko`ksimdagi ko`rkim - yurak.
Nahot bizni birlashtirsa -
Sog`inch degan bitta yo`lak?!
- 2 -
Hozir yonimdasan, yo`q, yo`q -
Jonimdasan sog`inarim!
Ko`zlarimda yonadi cho`g`,
Taqdirimiz ko`ngli yarim.
Qo`y, yig`lama, hayot - gulzor,
Ko`klam bizga ishq faslidir.
Yuragimni ol - dastro`mol,
Dardli ko`z yoshingni sidir.
Yelkam uzra osib qo`ygin,
Oq shoda gul - bilaklaring.
Yuragimga yozib qo`ygin,
Isming qo`shib tilaklaring.
Toki oqib turgay qonim,
Sof sevgiga yon beraman.
Mehring qo`msab, mehribonim -
Men bir kuni jon beraman.
O`shanda ham senga bo`lgan
Sevgim sehri bilinadi.
Qabrim uzra alvon-alvon,
Bahorlarda gul unadi.
...Ko`ksim uzra ekkan guling,
O`saverdi, o`saverdi.
Biz boy berdik ko`p narsani,
Ishq atigi g`ussa berdi.
Qismat tilga kirib, dedi:
- Tamom, dilni uzsalaring! -
Tabriklagin jonim meni!
Qutlug` bo`lsin...
g`ussalaring!!!
QACHON ISHONASAN?
Xayol olib qochar hushimni,
Xiyobonda kezinaman jim.
Bu hol o`ngimmi yo tushimmi?!
Bilolmayman, bosar taajjub.
Tevarakni titratar ruhim,
Xazonlarga qorishar vujud.
Tanazzulga uchragan ruhim -
Ketmoq istar qushdayin uchib.
Talabalik. Qo`limda kitob,
Bir surat bor kitob qatida.
Tikilaman, yopaman shitob,
Ne hislarning arosatida.
Kitobimning ichidan boqib -
Suratdagi ko`zlaring menga,
Va der go`yo: - qilsang-da ta'qib
Ishonmayman aldoqlaringga! -
Ko`zlarimdan sochilar javob:
- Nahot mening bu ishqim ro`yoe
Ishonmasang kel, ko`ksimni chop,
Vujudimni qonimga bo`ya!
Tillarimni sug`urib tashla,
Borlig`imda qoldirma mazmun.
...Men shunda ham vaslingga tashna,
Men shunda ham ishqingda Majnun! -
Surating-la tugar suhbatim,
Ko`zlar ko`zga o`tli qaragan.
Sen his etgan ishonch nuqtadir -
Ko`ksimdagi o`kinch, na'raga.
Sen tomonga yana yo`l oldim,
Tillarimda baralla bir bayt:
eSuratingni ishontiroldim,
O`zing qachon ishonasan, ayt!?
QIZ KO`NGLI
Sovchida sabr qayda,
To`lab qo`ygach qalinni?
Uch kunda to`y boshlanib,
Nog`oralar chalindi.
Bir burchakda bechora -
Qiz yig`ladi, yalindi:
Tavakkal to`ychilardan
Uzoqlashing, yoronlar,
Qizning ko`ngli bilan ham
Hisoblashing, yoronlar!
Biz yigitlar o`jarmiz,
Boshqasini bilmaymiz,
Qizlarni gulday tanlab,
O`z ko`nglimiz tinglaymiz,
Sevganimiz boshqaga
Yor bo`lganda anglaymiz...
Sevgining sabosiga -
Yurak tuting, yoronlar.
Qiz ko`ngliga ham bir bor
Quloq tuting, yoronlar!
Ularda ham dil bor-ku,
Dilda sevgi vasfi bor,
Pinhon tutib yurgani -
Tuyg`ularin bahsi bor.
...Lek otasi nogoh der:
-Baxt tilayman, yaxshi bor! -
Ko`zlarida munchoq yosh,
Munchoqlashing, yoronlar,
Qizning ko`ngli bilan ham
Hisoblashing, yoronlar!
- 2 -
Bizda shunday aqida:
Ota rozi bo`lsa bas!
Qiz ko`ngliga qarash yo`q,
Yigit ko`ngli to`lsa, bas.
Sevgi degan tushuncha
Emas-ku oniy havas,
Birini qiz, birisin -
Singil sanang, yoronlar,
Va ular ko`nglini ham
Ko`ngil sanang, yoronlar!
Ishqni anglamaganlar
- Shu ham ish bo`ldimie-der,
Bilingki, oshiq ahli -
Toabad ko`nglini der,
...Shoir o`z sevgisidan -
Ajray turib, bitdi she'r:
- G`olibsiz-u, ustimdan
Kulolmaysiz, yoronlar,
Qiz ko`nglini ko`ksimdan,
Yulolmaysiz, yoronlar!
BO`YGA YETGAN QIZ
Bo`yga yetgan qizning bo`ylari go`zal,
Xayollari go`zal, o`ylari go`zal.
Sal gapga arazlab, gapirmayman, deb,
Ertasiga kulib so`ylari go`zal.
Buncha chiroylisiz, desangiz yetar -
Olmaday yonog`i ollanib ketar,
Mehri hayajonda tovlanib ketar,
Kamalakday rang-u ro`ylari go`zal.
Dunyo, tiniqlikni sen undan o`rgan!
Do`sti ibo bilan suhbatlar qurgan,
Suv bahona kelib, xayollar surgan -
O`sha anhor, soyning bo`ylari go`zal.
Ko`nglida-ku dunyo-dunyo havaslar,
Sevsa hamki ishqin izhor qilmaslar,
Muhabbat neligin, demang, bilmaslar,
Nozi ichra ko`ngil ra'ylari go`zal.
Kipriklari qoshga borib tekkuday,
Tegar bog`lsa qosh ham uchib ketguday...
Illo, o`z baxtiga bo`lsa yetguday -
Niyat qildik, o`tsin to`ylari go`zal!
VATAN NADIR
Vatan nadir, vatan nadire
Vatan - beshik, vatan - qabr.
Bu dunyoga kelmog`ing ham,
Ketmog`ing ham vatandadir.
Kindik qoning tomgan tuproq,
Bobolardan qolgan tuproq.
Qon kechilgan, jon chekilgan,
Alar bois alvon tuproq.
Ko`zing ochib ko`rding neni,
Va ne maftun etdi senie -
Ul vatandur, gul vatandur,
Quchog`iga ekdi seni.
Vatan nadir, vatan nadire
Vatan - mehr, vatan - qadr.
Sadoqat ham sofdilligi-
Oq yo`rgak, oq kafan kabi.
U senga bir sodiq hamroh,
Mehri do`stdan mustahkamroq.
Arzigaydur uning uchun -
Yuragingdan tiksang bayroq!
Ota vatan, ona vatan,
Vatanki, bir dona vatan.
Jahonim, deb atar bo`lsang,
Jo aylagil jona, vatan.
Vatan nadir, vatan nadir,
Bul shundoqkim atalmadir -
Jannat istab bo`lma giryon,
Asli rizvon vatandadir.
Ne topsang ul bag`ridin top,
Vatanni o`z atridin top.
Uning sog`inch iztirobin,
Boburning shoh satridin top.
- 2 -
Unga mehring serob bo`lsa,
Joningni tut, kerak bo`lsa.
O`ng ko`ksingda vatan o`stir,
Chap ko`ksingda yurak bo`lsa!
ORZU VA ALAM
Silasaydim sochingni,
Qo`llarimdan tutsayding.
Shuncha kutganning biri,
Yana biroz kutsayding.
Ne bo`lardi Dilijon,
Shuncha bag`ring toshmidi?
Bitta oshiq shoirning -
Ohlariga yetsayding.
Holim ko`rib do`stlarim,
Miyig`ida kulishar:
eO`ttizga ham kirmasdan,
Yaxshigina keksayding!?
Ishqing o`ti yurakdan
Otash bersa tanimga,
Ko`ksim uzra sochingni -
Suv singari to`ksayding!
Muhabbatda bir yo`l bor,
U ham bo`lsa - Yurakka!
Men dilingga singgisam,
Sen qalbimga cho`ksayding.
Afsus, endi bari kech,
Tishlarimda sinar so`z:
"Turmush qurib ketguncha,
Bir musht urib ketsayding!"
SHE'RIYAT OSMONI
She'riyat osmondir - bag`ri bepoyon,
Yulduzlari esa shoirlaridir.
Birida sokinlik, birida isyon,
Ularning qalami - oy nurlaridir.
She'riyat osmondir, ilohga yaqin,
Ilohiy mo`'jiza - eng to`g`ri ta'rif.
Har bitta satridan sachratib chaqin,
Baralla she'r o`qir Abdulla Orif.
Tun osmoni bejiz emas bu rangda,
Har she'rki yaralar qalbning sarfidan.
Yorishish istamay to`lg`ongan tongda,
Bir she'r eshitilar Rauf Parfidan.
Istasangiz qarang yuksak tog`larni,
G`olib boshlar bilan qilishar ta'zim.
Endi kezmoq kerak kuzgi bog`larni,
- Xazonlarni tinglang, - der Usmon Azim.
Nogoh bu osmondan bir yulduz uchdi,
Biz kimmize Biz jimmiz. Shafqat - Rahmondan.
Turkiston tomonga alanga tushdi,
So`nggi she'r o`qildi Shavkat Rahmondan.
Yo`qotishlar ichra kuydi, yondi jon,
Balolarning yo`lin bo`lmasmi to`sibe!
eNega yig`lamaysan ahli Andijonee
Ketib borayotir Muhammad Yusuf...
Nima ham der edik, kelganda vaqti,
Yorqin yulduzlar ham uzilgay ko`kdan.
Lekin bo`shab qolmas she'riyat taxti -
Mitti yulduzchalar talpinar o`ktam.
She'riyat osmonning Ko`hi-Qofida,
Misralar narvoni unga eltadi.
Lek ehtiyot bo`ling, chiqar chog`ida,
Omonat misralar sinib ketadi!
She'riyat - Osmondir, biz hali yerda!
MURAKKAB SAVOL
Ijodiy uchrashuvlardan birida
"Sizningcha, muhabbat nimae"
deb savol bergan eng go`zal qizga
Muhabbat shunday bir g`uncha-ki
O`stirib bo`lmaydi tuvakda.
Sen unga qarama shunchaki,
Ildizi yurakda.
Yurakda!
Muhabbat shunday bir hisdir-ki
Alishib bo`lmas hech tuyg`uga.
Jannatdan taralgan isdir-ki
Bir hidlab, izlaysan manguga.
Muhabbat shunday bir kasallik -
Diydordan bo`lak hech davo yo`q.
U bilan bu dunyo go`zaldek,
Uningsiz yer, suv va havo yo`q.
Muhabbat shunday bir mo`'jiza,
Insonga Ilohdan ehsondir.
Oshiqlik baxt emas bejizga,
Usiz tog` qadring ham yaksondir.
Muhabbat shunday bir ehtiyoj,
Boshingga ro`molday o`raysan.
...Muhabbat o`zing-ku, qarlug`och,
Nimaga sen mendan so`raysan?!
YORING BO`LAY
Hofizni tinglab
O`y suraman xayollarim ezgu bo`lib,
Qolsam edi qo`lingdagi ko`zgu bo`lib.
Chiroyingni kuzatardim mijja qoqmay,
Sen ko`chaga chiqmas eding menga boqmay.
Aksim deya, asli menga tik qararding,
Husning ila xumorimdan chiqararding.
Kipriklaring yuzlarimga tekkudayin,
Jilmayib ham qo`yar eding mayin-mayin.
Huzurimda bo`yoq surib dudog`ingga,
Isirg`alar taqar eding qulog`ingga.
Yonginamda kiyinarding, bo`yanarding,
Faqat menga ishonarding, suyanarding...
Afsus, ahdim - meva bermas chinor ekan,
Ko`zgular ham bir kun kelib sinar ekan.
Kel, yaxshisi, qo`llaringni qo`limga ber,
Ko`ngil bersang, mehri bog`day so`limga ber.
Qo`shiq aytay: "o`g`ing bo`lay, boring bo`lay,
Bir umrga yoningdagi yoring bo`lay!"
VATAN TUPROG'I
Asli tuproq naqadar g`arib,
Yashayapmiz hammamiz toptab.
Biroq chandon ketur yuksalib,
Vatan so`zi qo`shilgan tobda.
ARAZ
Huzurimda bir qiz g‘oyatda dildor,
G‘oyatda chiroyli iymanish bilan
Ko‘zimga boqardi hurkak, beozor,
Menga ham o‘ziday qiynalish tilab.
Jilmayib qo‘yardi kulgichi botib,
Bilmam, nimagadir urinar edi.
Xo‘rsinib qo‘yarkan, yuzimga latif
Va mayin nafaslar urilar edi.
Tushunmoq istamas edim ochig‘i,
Menga bog‘liq ekan uning qay dardi?..
Nozik barmoqlari qumrol sochini
Qulog‘in ortiga qo‘yib qaytardi.
Bir so‘z aytmas edim.
Balki tilim lole
Balki o‘jarligim bois...
Bilmadim!
Qadrimni oshirmoq bo‘ldim ehtimol,
Men faqat tingladim.
Tinglab... qiynaldim!
Birgina so‘z bo‘ldi darig‘ tutganim,
Hatto savollari javobsiz qoldi.
Tuhfa etolmadim balki kutganin,
Ko‘ksida erimay parcha muz qoldi.
Ko‘zlarimga boqdi oxirgi marta,
Kitob o‘qiganday hijja-hijjalab.
So‘ng shitob jo‘nadi xo‘rsinish torta,
Ko‘z yoshini kesib qator mijjalar.
Yurak tolalarim uzildi, hayhot!
Mening-da ko‘zlarim yoshlana yetdi.
Endi mahrurligim bo‘lgancha barbod,
Unga muhabbatim boshlana ketdi.
O, uning holatin angladim endi.
O‘zimga qaytdi-ya ayblaganlarim.
Tuyg‘ular elitdi telba dilimni,
Jonimdan to‘kildi aytmaganlarim.
Biroq bu so‘zlarni tinglaguvchim yo‘q,
Yo‘qdir ko‘zlarimga ko‘z qadagan qiz.
Har kech tishlarimga kiradi gulruh,
Deydi: “Adashganman!... Adashmagansiz!”
Eh, mening g‘o‘rligim, kiborligim-a,
Oyning yag‘riniga yetdi ohlarim.
Bilib turib dilni g‘uborladim-a,
Tazarru tanimas bu gunohlarim.
Endi har bir so‘zim o‘zimga yovdir,
Sindiraman, ko‘rsam oynada aksim.
Xayollarim — xasta, o‘ylarim — dovdir:
Uzr so‘rab borsam haydamasmikan?..
Bordim... afsus, so‘zim eshitmadi u,
Nazar ham tashlamay ketdi yo‘lida.
Dunyoga qo‘l siltab qo‘ygan kabi u —
Borardi qaramay o‘ng-u so‘liga.
... Meni tushunguvchi ayting, dil bormi?
Sitamidan sabrim so‘ngiga yetdi.
Men tinglab... qiynagan edim dildorni,
U meni... tinglamay qiynadi — ketdi!
HIJRON MANZARASI
Sen bahorsan! Men esa —
Qovjiragan kuzakman.
Ishtiyoq dilni kesar,
Jonim, sendan uzoqman.
O‘rtamizga saraton
soya solar hovurdan.
Bir tomonim — qahraton,
Qars-qars sinar qovurg‘am.
Sen-chi, har bir novdaga
Qadab karomatingni,
Yo‘llaganing yo‘llagan
Men tomonga xatingni.
Bilamanki, har yaproq—
Sendan kelgan nomadir.
Qo‘llarimga tegmayoq
Ko‘z yoshimday tomadir.
Ag‘yorga bas kelmoqning
Topilmadi qalovi.
Xatni kuydirdi, yoqdi
Saratonning olovi.
Menga yetib kelguncha
Qovjiraydi barglaring.
(O, azizam, ko‘p muncha
Hasratlaring, dardlaring?!)
Har sarg‘aygan yaproqni
Uzarkanman bandidan,
Bosar baxtsizlik vahmi
Peshonamning pandidan.
Bir harf o‘qib bo‘lmadi,
Kuyib kul bo‘lgan xatdan.
So‘ng...
men maktub yo‘lladim,
Qiymaladi qish, attang!
Ne qilayin, o‘zing ayte
Olis bahorim mening.
Arosatda qolgan payt-
Kim madadkorim meninge!
Yuraklarni yondirdik,
Alamning achchig‘idan.
Bo‘shamadik yomg‘ir deb
Atalguvchi yig‘idan.
Boray, desam sen sari,
Qish qilichin yalanglar.
Muzlab yotgan ko‘zlari
Nogoh erib, alanglar.
Nahot, chora yo‘q endi,
Hijron zahmidan bo‘lak?..
Bizni uchrashtirmaydi
Bu dunyoda hech yo‘lak.
Sen bahorsan!
Men esa-
Qovjiragan kuzdirman.
Bir tomoni — alanga,
Bir tomoni muzdirman!
SARHISOB
So‘ngimni bilmadim.
Avvalim ayon —
Hanuz yodimdadir bolalik paytim.
Keyin o‘smirlikni kuzatdim shoyon,
Ko‘z ochib yumguncha ulg‘aydim.
Chorak asr yashab qo‘yganim hakdir,
Tayin hech narsaga ulgurmaganim.
Yana nelar va’da qilarkan taqdir?
Vaqtning hisobida har bir qadamim.
Kunlar shiddatidan uchoqlar ortda,
Tong otar, kun botar — yana oy sayri.
Yillar peshonamga qalamin tortar,
O, u bitiklarni o‘qib bo‘lsaydi!
Bir inson umrining mazmuni shulmi:
Tug‘ilmoq, shoshilib yashamoq, keyin...
Qachon erkalaymiz manov ko‘ngilni,
Uning so‘rog‘iga men nima deyin?
Qarang, u ko‘ksimni urgani-urgan,
Nola qilolmasdan tili yo‘q qushim.
Unga uqtirib ham bo‘lmaydi bir gap,
Desam, — fursatim yo‘q, sabr qil, tushun! —
Ammo anglaganday bo‘lar ba’zida,
Hatto hozir mana, shashti susaydi.
E’tibor qilolmam e’tiroziga,
Bilganim — u mendan nedir tusaydi.
... So‘ngimni bilmadim, bugunim bekor,
Besamar kechmoqda har lahza, paytim.
Yozganlarim esa shunchaki oshkor —
Yurak savolidan tug‘ilgan aytim!
HAMMASI QO‘LINGDA
Bu dunyoga kelib, topganim sensan,
Sen o‘zingsan mening suyanch, ardog‘im.
Seni shu holingcha sevaman, bilsang
Va oson ham emas qiyos topmog‘im.
Gul desam, labingning o‘zi bir g‘uncha,
O‘n sakkiz ming olam hayrati o‘zing.
Ammo qarashingdan sezaman shubha,
Nogoh xayollaring qochar betizgin.
Oyning ham yuzida dog‘i bor, biroq-
Sevgimni samoga mengzamoqchiman.
Sen o‘sha osmonni yoritgan hilol,
Men esa izingda shams-ul soqchiman.
Nechun hadikdasan, gumonlaring mo‘l?
Shu savol qalbimga azob ortadi.
Hammasi qo‘lingda.
Sen xotirjam bo‘l,
Oy chiqsa...
yulduzlar xira tortadi!