OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Orif Hoji (1966)

http://ziyouz.com/rasmlar/poets/orif_hoji.jpg

Orif Hoji 1966 yilning 22 martida tavallud topgan. O‘n yetti yoshdan bugungi kungacha Samarqand shahrida  yashaydi. Uning “Bandi ruh” (1994y.), “Ozod ruh” (1994y.), “Yangi ohanglar” (2001y.), “Samarqand sayqali” (2007y.), “Qirq hadis va bir rivoyat” (2008y.),  “Onalar oyog‘i ostida jannat” (2011y.),  “Ishq yo‘li” (2012 y.) nomli she’riy, “Oppoqqina qushginam” (2009y.), “Oq tulpor” (2010y.) nomli  hikoyalar to‘plamlari chop etilgan. 
Orif Hoji  badiiy tarjima bilan ham  shug‘ullanadi. Teodor Drayzer, Lui Vilkens Frimen, Aleksandr Bondar kabi jahon adabiyotining taniqli namoyandalari hikoyalarini rus tilidan, Bolta Ortiqzodaning “Samarqand Yusufi”  qissasini,  Asadullo Shukurovning “Taqdir tegirmoni” hikoyalar to‘plamini tojik tilidan, Kenesboy Karimovning bir qator she’rlarini qoraqalpoq tilidan tarjima qilib,  nashr ettirdi. 

MA’RIFAT DURDONASI

Nafsiga qullik kishi 
        dumbulligin nishonasi,
Nafsiga bek bo‘lsa 
        qulningdur yorug‘ peshonasi.

Ko‘zi to‘qning ko‘zlariga 
        kulba ko‘ringay bir qasr,
Ko‘zi ochning ko‘zlariga
        vayronaday koshonasi.

Bu jahonning molini bersang 
        ko‘zi to‘ymas valek,
Bir siqim tuproq bilan
         to‘lgay aning paymonasi.

Nafsi shayton ilkina
        tushganni maymun aylagay
Kimki shayton volasi,
        iymon aning begonasi.

Ruh qushini xush tuting,
        g‘urbatta abgor bo‘lmasin,
Unga oltindan qafasdir 
        bul vujud vayronasi.

Rizqini tergay vujud 
        bul moddalar dunyosida,
Ma’naviyatdan bo‘lur
        ruh to‘tisining donasi.

Nafsini yenggan kishi
        insoni komil bo‘lg‘usi,
Ko‘kragida ma’rifat 
        daryosining durdonasi.

Orifo, shukring bilan
        sabring murodga yetkazur,
Noshukr zotlarni ko‘r, 
        o‘z nafsining hayronasi.


         SHO‘X

Oldi ko‘nglimni mani
        bir jilva birla yosh, sho‘x,
Bemuruvvat berahm 
        bedardu ham bebosh, sho‘x.

Ko‘ngli toshmi yo metindan
        bilmadim, nedin ekan,
Shisha ko‘nglimga mudom 
        o‘ynab urodur tosh, sho‘x.

Men uni har ko‘rganimda
        ming o‘lib turgan bilan,
Munchaning mingdan birin 
        bilsaydi hamki kosh, sho‘x.

Qolmadi joy dil uyida 
        naqshini ul urmagan,
Ko‘nglimi o‘z naqshi-la 
        to‘lg‘azdi ul naqqosh sho‘x.

Endi sen-la til topib bir 
        manzilobod aylayin,
Bo‘lmasa sarmanzilimdan
        opketarman bosh, sho‘x.


         TIL

So‘ylaganda bol tomadur 
        nayshakar yo tilmi bu,
Yo yuraklarni tilib,
        malham qo‘yishlik ilmi bu?

So‘z ila joning olur,
        ham tirgizur bir so‘z ila,
Qayta-qayta mahv etarga 
        shunchalar moyilmi bu?

Turki ko‘zlar tegrasin
        tutgan qaro kiprikmi yo,
O‘zgalarni ko‘r etarga
        soz etilgan milmi bu?

Yor lutf aylab biror 
        so‘zga og‘iz ochgan zamon,
Suv bo‘lib oqqay o‘t uzra
        muzmi bu yo dilmi bu?

Orifo ogohmisan, 
        yor ilkingga tutqazgani,
Rishtai ko‘ngilmidur 
        yo qirq yorilgan qilmi bu?

 ILOJ

Necha dardida dilim oshufta, 
        ul qilmas iloj,
Tavba-tavba fe’lu xo‘y ham 
        shunchalar bo‘lgaymi koj.

Bizga navbat kelmagay
        o‘zgalarni dastidan,
Endi men ham o‘zgaman deb, 
         aldagayman noiloj.

Ey alif qadlig‘ sanam
        dol qomatimdan aynima,
Dolni ham qilgay alif 
        Qodir xudo bersa rivoj.

Qol meni ko‘nglim aro
        hokimi mutloq bo‘lib,
Har bir a’zo bir faqirdir, 
        joni shirinim-xiroj.

Har zamonda bir xabar,
        yo bir xatingni yo‘llasang,
Boshim osmonda bo‘lur, 
        ul xating boshimga toj.


 * * *

Yori jonimdan nasimlar 
        mujda kelturdi saboh,
Sog‘inib o‘lgan dilimni
        qayta tirguzdi nogoh.

Hajrida gul bargidan ham
        sarg‘ayib so‘lgan yuzim,
Qaytadan gulgun bo‘lib ham 
        nurlanib topdi saloh.

Buncha yosh go‘dak kabi dil
        sakrab irg‘ishlar desam,
Bir sabiy yorning xayoli
        aylamishdur jilvagoh.

Oshiqi sodiq degan so‘z
        o‘zdan o‘tganni atar,
O‘zdin o‘tmog‘im uchun bas
        ko‘z uchidan bir nigoh.

Shu nigohdan noumid 
        qilmas esa har bandani,
Ul nazarkarda bo‘lur
        oshiq ahliga panoh.

 ISMI GUL

Ismi Guldir, husni gulob,
Ishqida dil selu silob.

Oz aningdek ko‘zi otash,
Yo‘q meningdek bag‘ri kabob.

Zuloliga qonsa dilim,
Lablaridan tutsa sharob.

Rashk aylasa raqiblarim,
Kuya-kuya bo‘lsa xarob.

Kiprigini dilga qadab,
“Ishq” so‘zini yozsa savob.

Oshiq ko‘ngilga yoqadur,
Nozlar qilib bersa azob.

Ishqida dil selu selob,
Ismi Guldir, husni gulob.

 

O‘ZBEK

O‘zbekcha so‘ylash bilan o‘zbek bo‘lmaydi odam,
O‘zbekka bag‘rikenglik meros Odam Atodan.

O‘zbekning o‘zbekligi adlu adolatdadir,
O‘zbekning o‘zbekligi xayru saxovatdadir.

Mehru oqibat bilan o‘zbek o‘zbek bo‘ladi,
Urf bilan, odat bilan o‘zbek o‘zbek bo‘ladi.

O‘zbek orini sotmas, sotsa, sotar otini,
Besh barmog‘iday bilar o‘zbek yetti zotini.

Ardoqlar ajdodini, pirim der ustodini,
Qorday musaffo bo‘lar asl o‘zbek botini.

Non deb yashamas o‘zbek, o‘zbek shon deb yashaydi,
Yetti yashar o‘g‘lini xon-sulton deb yashaydi.

Kamsitmaydi bir-birin ulug‘laydi hamisha,
O‘zbek yaxshi biladi: kishining ko‘ngli shisha.
 
Ardoqlar Navro‘zini, ayamas, non-tuzini,
Otasining so‘zini farmon deb yashar o‘zbek.

O‘zbek yot-yog‘iyga ham yaxshilik sog‘inadi,
Zaminni  onam, deydi, Xudoga sig‘inadi.

O‘ziga tilamasdan, el-yurtga tilar o‘zbek,
Qo‘shnisidan qarz olib, xudoyi qilar o‘zbek.

Bunyodkorlik qonida, misoldir Sohibqiron,
Qo‘lidan obod bo‘ldi, arabu hindu eron.

Ishonmasang, Agraga borib ko‘r Tojmahalni,
Binolardan xalqiga qo‘yib ketgan haykalni.

Shohruh eron-turonni qirq yil obod ayladi,
Ulug‘bek osimonni «Zich»lab mahkam boyladi.

Xayru hasanot qilgan o‘zbekning bobolari,
Hirotni Hirot qilgan, o‘zbekning bobolari.

Navoiyning himmati bir davlatdan boy edi,
O‘ngida Xurosonu so‘lida Xitoy edi.

Yeru ko‘k orasida  nek niyatdir o‘zbegim,
Yomonlikni o‘ylamoq ayb-uyat, der o‘zbegim.

Qancha yomonlik ko‘rsa, o‘zbek ichga yutadi,
Hattoki dushmandan ham bir ezgulik kutadi.

Sanab bir-bir barchasin vaqtingizni olmayman,
O‘zbek bunyodkor bo‘lar, degan so‘zdan qolmayman.

Kimki buzmakor bo‘lsa, o‘zbek emasdir mutloq,
O‘zbekman, deb aldagan Ultontozday besiyoq.

O‘zbekning o‘ng qo‘lida saxovat kafgiri bor,
Uning Yalong‘och ota – nazarkarda piri bor.

Gar Iskandar bo‘lsa ham hech pirsiz yurmas o‘zbek,
Yiqilganni tepmaydi, yetimni  urmas o‘zbek.

Uch yuz oltmish tomiri haq deb urar o‘zbekning,
O‘g‘lonlari kunduzi yulduz ko‘rar o‘zbekning.


TILIM

Mening ona tilim,muzayyan tilim,
Maqomi manguga muayyan tilim.
Senda Navoiyning daho nafasi,
Ozar bulbulining xushilxon sasi.
Sen bois yurtimning zaki o‘g‘loni,
Tarjimasiz o‘qir Yunus Emroni.
“Devoni lug‘at”ning sarchashmasidan,
Suv ichgan pors-arablar chashmasidan.
“Qutadg‘u bilik”dan qut olgan bu til,
Bobur yuragidan o‘t olgan bu til.
Bunda Mashrab pok ishq mayin simurdi,
Dillarni mast qildi Turdining durdi.
Bu tilda kuyladi So‘fi, Huvaydo,
Munisu Ogohlar bo‘ldilar paydo.
Har neki san’atga imkoni bor til,
Amiriy, Feruz bor sultonivor til. 
Bugun chin tantana muborak bo‘lgay,
Muqaddas an’ana muborak bo‘lgay.
               

YO‘QLOV
     
      Oqtov bilan Qoratovning darasi,
      Yashab yotir o‘zbeklarning sarasi,
      Tinmagaydir alplarining na’rasi.
      Ergash bobo, bulbul bobo bormisiz,
      Yaxshi kunda eliga darkormisiz?
   
      So‘z aytganda lol aylagan nechani,
      Olov bo‘lib yoqqan qaro kechani,
      O‘zi biyron, izi Jayron chechanning,
      Baxshi bobo, bulbul bobo bormisiz,     
      Bu tovlarga yarashgan shunqormisiz?     

     Go‘ro‘g‘lidan qirq dostonni kuylagan,
     Qo‘ng‘ir yerni, ko‘k osmonni kuylagan,
     Dinu iymon, qirq chiltonni kuylagan,
     Ergash bobo, bulbul bobo bormisiz,
     Erksizga erk, ori yo‘qqa ormisiz,
    
  
     Faqirlarni maqtab, chimdib kiborni,
     El ichida topgan zo‘r e’tiborni,
     Qorajondan ortiq bilgan Chiborni,
     Baxshi bobo, bulbul bobo bormisiz,
     Chohlarda ham egilmagan ormisiz?  
    
     Yomonini yaxshi qilgan bir elni,
     Aytib-aytib baxshi qilgan bir elni,
     Boychiborni Raxshi qilgan bir elning,
     Ergash bobo, bulbul bobo bormisiz,
     Zo‘r shoirlar qatorida normisiz?
     
     Topganini bo‘lib bergan ochlarga,
     Terma aytgan toshlarga, og‘ochlarga,
     Og‘a bo‘lgan mungli qarindoshlarga,
     Baxshi bobo, bulbul bobo bormisiz,
     Qaldirg‘ochni asragan tumormisiz?


ONA VATAN

Ona Vatan! Sanjog‘ingni sanchib yuray jig‘aday,
Ko‘ngil ko‘shkin g‘ayr yetolmas, Kundek baland toqiga.
Sen haqingda yozgan eng zo‘r she’rlarimni ko‘chiray,
Daftargamas, ko‘ngil bilan ko‘zlarimning oqiga.

Ona Vatan! Sen mag‘rur bo‘l, sen obod bo‘l, barkamol,
Senga tonglar peshvoz chiqsin peshkash qilib Quyoshni!
Farzandlaring fido qilsin, fido qilsin bemalol,
Kerak bo‘lsa, sening uchun achinmay aziz boshni.

Ona Vatan! Nasib etsin, mendek shoir o‘g‘lingga,
Istiqloling kuylagandek istiqboling kuylamoq.
Atrofini o‘raganda baxtiyor nabiralar, 
Bu kunning tashvishlarin ertak kabi so‘ylamoq.

Ona Vatan! Qomusing bor – nomusimiz kitobi,
Baxtimizga kafolatdir uning har bir varog‘i.
Abadiy jaranglagay senda tinchlik xitobi,
Marsga ham qadalgaydur O‘zbekiston bayrog‘i!

Ona Vatan! Adolat deb asrlarki chekding jon,
Muhrlarga o‘ydirgan sen “Rosti – rusti” kalomin.
Jaloliddin, Temurmalik, shavkatli Sohibqiron,
Ruhlari yo‘llagaydur senga qutlug‘ salomin:

“Ona Vatan! Sen mag‘rur bo‘l, sen obod bo‘l, barkamol,
Senga tonglar peshvoz chiqsin peshkash qilib Quyoshni!”


***

Bahor hidi urib, qor erimoqda,
Musofir yuribman yurtdan yiroqda.
Ona diyorimda ko‘klam barqurar,
Qalb qo‘msar bahorni yonib firoqda.

Boychechak tergani chiqqan ukajon,
Uzmagin beayov chechakni nimjon,
Avayla, hidla, o‘p akang uchun ham,
Unda ham yashamoq ishqi bir jahon

Irimni bilmasman undan yiroqman,
Ammo ona yerga juda yiroqdan,
Qarasang, shu qadar mu’jaz ko‘rinar,
Tashvishga tushasan oan tuproqdan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.