Jabbor Eshonqul 1966-yilda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida tavallud topgan. 1996-yilda «O‘zbek folklorida dev obrazi va uning badiiy talqini» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. «Folklor: obraz va talqin», «O‘zbek folklorida tush va uning badiiy talqini» kitoblarining muallifi. She’riy turkumlari bir qator matbuot va to‘plamlarda nashr etilgan.
* * *
Sochilib ketadi tovushlar
hadya etadi tusini olma
yaproqday to‘kilar sog‘inchlar
shabnamday kiprikda hayajon qapqir
bag‘riga chorlaydi bir osmon
umrim tushlarga ochilar
ko‘ksimga yog‘ilar tomchilar
musiqa oqadi tomirlarimda
g‘unchalar ochilar xayollarimda
muhabbat ildizi ko‘ksimga botar
ulg‘ayib bormoqda umidning guli
tong endi mening ko‘ksimda otar
* * *
1
xotiramga yopirilib kirmoqda tuman
fikrimga sanchilar qopqora yellar
yalang tavonimda muz qotgan Vatan
2
sukut alangasi o‘rlar havoga
quyosh ham qorayar tobotosh misol
ruhni asir etar iblis navoga
3
ko‘zim endi mening ko‘milmas qabr
qon emas tomirimda oqayotir muz
to‘nib borayotir xaloskor tovush
4
ko‘ngil darchasida zulmat qushchasi
ne deb sayrayotir titkilab endi
ko‘ksimda quyoshning sovuq kulini
5
dilim yaproqlari to‘kilib bo‘ldi
gul bo‘lib ochilgan g‘unchalar emas
novdaga sanchilgan muzning parchasi
6
ey ko‘hna Osiyo, ey ko‘hna qayg‘u
kiprigimga osilgan toshlarning yuki
sening yig‘ing meni bormoqda ezib
* * *
tobora yaqindir men kutgan tovush.
tobora mavhumdir men tutgan qalam
xiralashib borar ko‘zgu tobora
tobora sukutga aylanar mazmun
tovushlar yo‘lagi tobora uzun
tobora qisqarar bu bitik afsun
tobora mavhumdir bu mavhum fasl
yo‘qlik singib borar qonga tobora
tobora ulg‘ayar ko‘ksimdagi choh
unutilib borar muqaddas vasl
* * *
1
tun kapalak qo‘ndi ko‘ksimga
va ko‘ksimda ochildi bir gul
gul ifori keldi yodimga
va yodimga aylandi butkul
butkul endi chehrangdayin oy
va oydayin chehrang axtarib
izlaringni quchadi g‘ubor
izlaringni quchgan g‘uborlar
xayolimni kelarkan bosib
men o‘zimdan ketdim uyalib
2
Sevmoq nedir
bilmasman aslo
ko‘zlaringga tikilgancha jim
ayroliqni o‘ylayveraman
sevmoq nedir
yo‘q yo‘q bilmasman
o‘rtar ekan hijron yurakni
ko‘zlaringni ko‘zim sog‘inar
3
ko‘lmak ko‘kdan yiqilgan yulduz —
sen unutib qoldirgan oyna —
chil-chil sindi o‘rikning guli —
shamollarga to‘kilganida
ko‘kda bulut olis xotira —
kuzda ketib qolgan qizning ro‘moli
yodga solar yana yomg‘irli kunni
nahot sog‘ingandim bahormas kuzni
* * *
1
yo‘lsizlikning yo‘ldoshi bo‘lmas
manzil bo‘lmay bo‘lmaydi yo‘l ham
endi ortga qaytib ham bo‘lmas
gulday so‘lib boradi quyosh
bir siqim oy boradi sinib
peshonamga tegar qora tosh
bu ro‘yomi bu tushmi bilmam
adashgan ruh beradi taskin
vujudimni yuvar achchiq yosh
singan ko‘zgu sochilib yotar
holsiz kundan men ne kutaman
yiqilaman qop-qora tunga
2
adashdimmi yo‘l adashdimi
bilolmadim tun qora qarg‘a
tinmayin yuragim g‘ajinar
tun ko‘zimga kiradi oqib
tobora qonimga singar bu zulmat
yana so‘na boshlar ruhim yulduzi
tazarruga shaylanar dilim
iltijoni aytib ulgurmay
ufqda ko‘rinar dorning sirtmogi
* * *
menga taskin emas menga so‘z kerak
turarkan soyadek chayqalib zero
xotirotning g‘arib maskani
menga taskin emas menga so‘z kerak
xanjarday keskirmas gul kabi oddiy
quyoshday ulug‘vor xayolday mag‘rur
menga taskin emas menga so‘z kerak
bu sovuq fasldan yo‘qkan omonlik
hali xasta ekan bu zaif yurak
menga taskin emas menga so‘z kerak
shamollar poyiga yiqilsa sabr
xazonday to‘kipsa bu azal qo‘rg‘on
asrlardan buyon bu tashna qabr
xaloskor bir so‘zni kutarkan intiq
menga taskin emas menga so‘z kerak
* * *
Qulab tushgan yulduzday
chinorning yaproqlari
suv yuzida jimgina
qalqib
qalqib oqadi
bo‘zraygan kunlar ham
qorayadi kunma-kun
to‘p-to‘p bulutlar ko‘kda
chaqinlarin chaqadi
tiyramoh izg‘irini
olib kelar qayg‘uni
va yuvar kuz yomg‘iri
ko‘klamgi xayollarni
* * *
ketishingni istamasdim hech
vaqt esa kech
nigohingda aks etdimi oy
oyda akslandimi yoxud nigohing
bilolmadim va lek
yorur edi negadir bu tun
tundan yorur edi xayoling
asir edi bizga yulduzlar
yulduzlarning asiri bizlar
tun qo‘yniga borardik singib
tun gul edi senga atalgan
g‘unchalari borardi yashnab
ko‘zlaringdan ichar ekan suv
suvdek oqib borardi tun ham
bir-bir cho‘kib asta yulduzlar
yorishardi nigohingda tong
yuksalardi ko‘ksimda quyosh