OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sirojiddin Rauf (1967)

 Sirojiddin Rauf 1967 yil Qarshi shahrida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini (1992), Toshkent davlat yuridik institutini bitirgan (2002). «Yig‘layotgan oy» (1994), «Ko‘k gumbaz» (2001) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.


* * *

Barglarida shabnamni tutib, 
Nafisgina chayqalgan gullar 
Iforini o‘g‘irlab ketib 
Sahrolarda yitarkan yellar

Vaqt chaladi besas qo‘ng‘iroq.

Bosh olib ketolmas, tun yaqin, 
Azob chekar quyosh hoynahoy. 
U-ku tongda qaytadi tagan, 
Zaminda turgaymi shu chiroy?!

Vaqt qo‘ngarog‘in chalaveradi...

Go‘zallik bo‘lsa-da matlabi, 
Qoniqolmay lahza umridan 
O’tayotgan kapalak kabi 
Yoshlikka ham qo‘nim yo‘q ekan.

Sen qaydasan?..
Kuyadi dilim, 
Vasling istab, bo‘zlayman zor-zor, 
Rayhondan-da muattar gulim, 
Shabnamdan-da pokiza nigor!..

TAZARRU

Yugurib charchadim, yetar, endi xo‘p, 
Yurganim ko‘nglimning yetaklariga. 
Zor qaqshab topgandan yo‘qotganim ko‘p 
Yopishib dunyoning etaklariga.

Holbuki, birovdan kamim yo‘q edi, 
Hoyu havaslarin ko‘rdim olamning. 
Ta’qib etaverdi armonning hidi –
Sajdada o‘tmagan umri odamning.

Kimdan yuz o‘girib, kimga tikildim,
G’addor nafs pardasi to‘sib ko‘zimni. 
Ishvalar poyiga tutdek to‘kildim, 
O’zimni unutdim o‘ylab o‘zimni.

Ne ko‘rsam lol bo‘ldim mahobatiga, 
Baridan tutmadim har dam ilmni. 
Endi zor turibman inoyatiga, 
Himmatning qo‘riga toblab dilimni.

Jonimga azoblar so‘rarman behad 
Va ishqi ko‘yida xorlik, adolik. 
Jamolin ko‘rsatsa bir kun haqiqat 
Anglarman: ne sharaf ushbu gadolik!..

SONET

Kiprikka ilinmas uyquning to‘ri, 
Uzun tun ko‘ksimda orziqish, hovur. 
Xayoling habibim to tongga dovur, 
Subhidam sezilar hasratning zo‘ri.

Oftob g‘amzasida mujda ko‘rinur –
Ro‘yoni chilparchin qilgan haqiqat. 
Sen - ko‘nglim ko‘shkida ko‘hlik ko‘hinur, 
O’ngammi-tushimmi, tark etma faqat!

Zero, ishq so‘qmog‘in bor-yo‘g‘i jafo, 
Undan yuz o‘girmak xurofot, bid’at. 
Oshiqqa hamisha taxayyul ravo.

Umidvor ko‘ngalda boqiy muhabbat, 
Ishqsiz umr g‘arib, dillar benavo. 
Mudom o‘yimdasan, ilohiy tal’at!

* * *

Maysani maysadek ko‘rdim men, 
Xarsangni xarsangdek, gilni - gil. 
Yomg‘irni bulutdan so‘rdim men... 
Tanfim, ko‘rligim-chun kechirgil!

Oftobga toblanib yayradim, 
Zilol suvdan simirdim qona. 
Tilimni sanoga qayradim, 
Dahri dunga bokdim hayrona.

Asriy tog‘lar haybatin tuyib, 
Aklu hushim tamom adashdi. 
Kiyimlarin irgatib, kiyib, 
Tefamda yuz fasl almashdi.

Hayrat bo‘ldi daraxtda bitgan 
Rizq ham hatto yashirmam, e voh. 
Mo‘‘jizangdan mo‘‘jiza kutgan –
Men g‘ofilni kechirgan, Alloh!

Voh, sajdaga boshimni egdim, 
Seni bilmas bandalar miskin. 
Ko‘p takabbur, ko‘p dahriy edim, 
Biroq rahming ko‘ngilga taskin.

Haq deb yashash - ulug‘ hidoyat, 
Ro‘y berajak birdamas-birda: 
Ishqing tug‘yon urgay nihoyat, 
Yo Rab, uch yuz oltmish tomirda.

Bu olamni etolsa g‘orat 
Majnunligim ovozalari. 
Ujmoh sari ochilgay shoyad 
Asl Vatan darvozalari!..

* * *

Sen ketding,
Bulbulning ko‘zidek yog‘du topmadim,
Shabiston ko‘nglimni yoritmoq istab.

Sen ketding,
Yutib yubormadi meni yolg‘izlik -
Ko‘kragam ichiga berkinib oldi.

Sen ketding,
Qaqroq tillarini bigizdek sanchib,
Jonimni ichadi so‘ngga pushaymon.

Sen ketding,
Muqarrar ajaldan suvlari zilol 
Taxayyul tubiga cho‘kib qutuldim: 
(O, qaytding xayriyat, xayrr...)

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.