OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Iqbol Mirzo (1967)

http://ziyouz.com/images/iqbol_mirzo1.jpgIqbol Mirzo (Iqboljon Mirzaaliyev) 1967 yil 1 mayda Farg‘ona viloyati, Bag‘dod tumaniga qarashli Qo‘shtegirmon qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoiri (2005). Dastlabki she’rlar to‘plami — «Yurakning shakli» (1993). Shundan so‘ng shoirning «Ko‘ngil» (1993), «Seni sog‘inaman» (1994), «Meni eslaysanmi» (2000), «Tanlangan she’rlar» (2002), «Qo‘shiqlarim» (2004), «Seni bugun ko‘rmasam bo‘lmas» (2005), «Sizni kuylayman» (2007), «Agar jannat ko‘kda bo‘lsa...» (2010), «Vatan haqida qo‘shiq»«Aytgil, do‘stim, nima qildik Vatan uchun?!» (2014) singari kitoblari nashrdan chiqqan. «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (1999).
 
KO‘NGILDAGI GAP
 
    Men 1967 yilning birinchi mayida Farg‘onaning Bag‘dod tumanidagi Qo‘shtegirmon qishlog‘ida tug‘ilganman. Qishlog‘imdan uchta ariq oqib o‘tadi. Shu ariqlarda cho‘milib, baliq ovlab ulg‘ayganman. Hamqishloqlarim dehqonchilik, duradgorlik, temirchilik  va qisman chorva bilan mashg‘ul. “Qo‘shtegirmon” nomi  “Boburnoma”da bir necha joyda uchraydi. Shu bilan ham maqtanishim mumkin. 
    O‘qituvchilar oilasi bo‘lganidan, tabiiy, kitobga, adabiyotga alohida e’tibor qaratilardi. Esimda, beshinchida o‘qiyotganimda Sergey Yeseninning “Zamin darg‘asi” (Ustoz Erkin Vohidov tarjimalarida) kitobini yod olganim uchun dadam mukofot tariqasida Qo‘qon shahriga tomoshaga olib borgandi. O‘sha davrdagi vahimali hikoyalar ta’siridami, har qalay, xon O‘rdasi menga juda sovuq va omonat tuyulgan edi. Keyin mavlono Muqimiy uy muzeyiga kirib, tasodifan Charxiy domla bilan uchrashganimiz, u kishining ba’zi so‘zlari, jumladan, “she’r nonday tabarruk” d?ganlarini aniq-tiniq eslayman. Men ilk bor tirik shoir bilan yuzma-yuz turardim, hayajonim zo‘rligidan duduqlanib, gapirolmay qolganim, dadamning hijolat bo‘lib kulgani, keyin erkalatib, siz hammadan zo‘r shoir bo‘lasiz, deb peshonamdan o‘pgani, kaftining harorati ham yodimda. 
    Hozir ham yaxshi shoirlar oldida hayajonim bor, buning sababi, azbaroyi adabiyotga hurmat-e’tiqodimdan. 
Bolaligim paxtaning qora mehnatida kechgan. Bugun o‘ylasam, naqadar  shafqatsiz, adolatsiz kunlar bo‘lgan ekan. O‘sha rangsiz kunlarda ham she’r bilan ovunib, kitob bilan andarmon bo‘lib kulfatlarni sezmagan ekanman... 
    Ilk mashqlarimni 7-8 yoshlarda tog‘am G‘ulom Abdulla ta’sirida yoza boshlaganman. Lekin ular shunchaki mashqlar edi, xolos. Rostakamiga, keyinroq, 20 yoshlarimda she’r yozadigan bo‘ldim. Bu jismoniy balog‘at bilan ham bog‘liq ekan-da...Menga muhabbat qalam tutqazgan. Keyinroq bu tuyg‘u yurt ishqiga, vatan sevgisiga aylandi. 
    Bir paytlar vatan mavzuida yozsang, kimdandir nimadir ta’ma qilayotgandek tuyularding. U kunlar ham o‘tdi. Tushundimki, shoir millat taqdiri uchun eng mas’ul shaxs ekan. Shoir o‘z xalqisiz hech kim emas, hech narsa emas. 
    Shoir o‘z ixtiyori bilan o‘ziga dard yuqtiradigan tabibga o‘xshaydi. Hamma yaxshi shoir-adiblarni va Muhammad Yusufni ustoz deb bilaman. Uning samimiyligi, chapaniligi yoqadi. O‘zi ham she’rlariga o‘xshardi: birovga yomonligi yo‘q, sodda odam edi. Agar shoir o‘z asarlariga o‘xshamasa, chinakam fojea, aslida, shu... Kim nima desa, og‘zi o‘zida,  Muhammad akachalik millatni, shu tuproqni sevgan odamni ko‘rmaganman. Men shoirlar orasida yomon odamni uchratmadim. Ular ichida kayfiyat va muhit kishilari bor. Lekin yaqinroq borib, samimiyroq bo‘lsangiz, shoirning go‘zal qalbini ko‘rishingiz mumkin.
    Odam ulg‘aygani sari muammolari, savollari ham ulkanlashib borarkan. Shu savollar kurashga, mas’uliyatga, ijod va yashashga undaydi. Men ham shu qorako‘z, bag‘rikeng, oqibatli xalqni, ya’ni Sizni yaxshi ko‘raman. Hamma yozganlarim Sizga bag‘ishlangani uchun to‘plam nomini “Sizni  kuylayman” deb qo‘ydim. Xudo umr bersa, Sizning xizmatingizdaman. 
Ehtirom bilan Iqbol Mirzo,
15.01.2007.

Istaysizmi-yo‘qmi

Istaysizmi-yo‘qmi, gardun aylana,
Istaysizmi-yo‘qmi, qaytib kelaman.
Sog‘inmagan ko‘zingizdan aylanay,
Istaysizmi-yo‘qmi, sizni sevaman.

Oy botadi – yulduzlarning habibi,
Tong otadi, ta’nasi yo‘q samimiy.
Tabiatning qonunidek tabiiy –
Istaysizmi-yo‘qmi, sizni sevaman.

Quchog‘iga yashirmaydi xiyobon,
O‘rtamizda udum otlig‘ biyobon.
Sizga nima, kuysam o‘zim kuyaman,
Istaysizmi-yo‘qmi, sizni sevaman.

Chaqmoq kalit bo‘ldi qulfi dilimga,
Tegmagan bir qizning zulfi dilimga.
Sizdan o‘zga xon yo‘q mulki dilimga,
Istaysizmi-yo‘qmi, sizni sevaman

Boshingizda yaproq bo‘lib aytaman,
Poyingizda tuproq bo‘lib aytaman.
Tuproqdayam mushtoq bo‘lib aytaman,
Istaysizmi-yo‘qmi, sizni sevaman.

1998

Yodingda qolmoqchi edim

Fuzuliy lutf etib ketgan bir zamon,
Go‘zallar vafosiz, aldoqchi dedim.
Yoningda qolishga yo‘q edi imkon, 
Men sening yodingda qolmoqchi edim.

Negadir istardim qiynalishingni,
Yuragingga kamand solmoqchi edim.
Onangga aytolmay qolsang tushingni...
Men sening yodingda qolmoqchi edim.

Do‘stlar kechib qo‘ygan edi bahrimdan,
Kimlardandir qasos olmoqchi edim.
Haydab chiqardilar hayotlaridan,
Men sening yodingda qolmoqchi edim.

Alamim, hasadim, ginam tufayli,
Ehtimol ustingdan kulmoqchi edim.
Sog‘insang, o‘rtansang, yig‘lasang mayli,
Men sening yodingda qolmoqchi edim.

Ko‘zingni ko‘zimga bermading sira,
Ishondingmi, yo‘qmi, bilmoqchi edim.
Seni ko‘p o‘yladim. She’r yozdim qara,
Men sening yodingda qolmoqchi edim.

1998


Yolg‘iz

Milyon yilda meni yaratdi hayot,
Meni so‘rab, tog‘lar qator cho‘kdi tiz.
Nahot anglamaysan, bilmaysan nahot,
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz.

Bug‘lanib, qaytadan to‘kiladi suv,
Quyoshdan ishorat – ko‘z yorar ildiz.
Men, axir ularga o‘xshamayman-ku,
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz.

Har elat o‘zicha atar shamolni,
Mingta ism bilan yashaydi yulduz.
Sen qaydan topasan boshqa Iqbolni,
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz.

Nafasim – g‘animat, so‘zim – g‘animat,
Fojia – poyimdan uzilgan har iz.
Mening nigohlarim eng ezgu ne’mat,
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz.

Yaratganga borib aytaman seni!
O‘zi hukm etsin odil va xolis.
Men qatib kelmayman, tushunyapsanmi?
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz...

1995


Go‘yo

Bir daraxtni ko‘rdim – mag‘rur, barkamol,
Istagan faslida gullaydiganday.
Pisandiga yaqin kelmas qor, shamol:
Durkun bargi mangu so‘lmaydiganday.

Shul daraxtning oldida xor, g‘aribman,
Yo‘l yarmiga etar-etmas horibman,
Havodan kuz hidin olib turibman,
Bahor menga qaytib kelmaydiganday.

Bir irmoqni ko‘rdim – o‘jar irmoqni,
Surib xasni, loyqa qilib tuproqni,
Tashlab ketayotir bog‘ni, o‘tloqni –
Zum to‘xtasa, sira bo‘lmaydiganday.

SHul irmoqning huzurida kim bo‘ldim?
To‘xtab qoldim, til tishladim, mum bo‘ldim.
Hasrat keldi, ko‘z yoshimga lim bo‘ldim,
Eski ko‘ngil endi to‘lmaydiganday.

Bir dilbarni ko‘rdim – qoshi qaroli,
Qoshlaridan yurak-bag‘rim yaroli,
Bo‘lsam edi xizmatkori, qaroli,
Qul bo‘lmasam, baxtim kulmaydiganday.

Shul dilbarning qoshida bechoraman,
Yuragimdan nolib, qayga boraman.
O‘zim bilan olishib ovoraman,
Men ham unga parvo qilmaydiganday.

Bir kimsani ko‘rdim, aziz yoronlar,
Firib bersa, chap berolmas shaytonlar,
Yig‘mish dunyo, qurmish turlik oshyonlar,
Go‘yo bu zot aslo o‘lmaydiganday.

Shul kimsaning yonida men nimaman,
Balki uning yukin ortgan kemaman.
Siz nimasiz? Dard so‘yladim kimga man,
Kimligimni hech kim bilmaydiganday.

2001


Ayyor qiz

Kulib qarab, kulib ko‘zin obqochgan,
O‘rgatvolib, keyin o‘zin obqochgan,
Quchoqlasam, titrab yuzin obqochgan,
Tugunchagin tugib qo‘ygan tayyor qiz,
Yolg‘on yig‘lab, erga borar ayyor qiz.

Huv, deydi-yu, o‘ylar yostiq-ko‘rpasin,
Ko‘zda yosh yo‘q – ayaydi-da surmasin,
Eshitsinu lekin birov ko‘rmasin…
Tugunchagin tugib qo‘ygan tayyor qiz,
Yolg‘on yig‘lab, erga borar ayyor qiz.

Kuydirmajon edi, qurg‘ur, sho‘x edi,
Ko‘nglim unda edi, ko‘nglim to‘q edi.
Qosh terganda yig‘lagani yo‘q edi…
Tugunchagin tugib qo‘ygan tayyor qiz,
Yolg‘on yig‘lab, erga borar ayyor qiz.

Erta pishar edi qo‘qon gilosi, 
Yuragimdek qop-qora qon gilosi. 
Allaqachon bo‘lgan talon gilosi…
Tugunchagin tugib qo‘ygan tayyor qiz,
Yolg‘on yig‘lab, erga borar ayyor qiz.

Tengdoshini sevgan bo‘lar teng tentak,
To‘yda bildim, ancha ekan deng tentak.
O‘sha kuni sal yig‘labman men tentak…
Tugunchagin tugib qo‘ygan tayyor qiz,
Yolg‘on yig‘lab, erga borar ayyor qiz.

To‘y buzishga etarmidi jur’atim?
Un tortgani tegirmonga jo‘nadim.
Tuguniga sig‘magandir suratim…
Tugunchagin tugib qo‘ygan tayyor qiz,
Yolg‘on yig‘lab, erga borar ayyor qiz.

2002


Entikardi…

Entikardi adirlaru dalalar,
Qizil kiygan qizdek qirmiz lolalar.
Qizil kiygan qizni yaxshi ko‘rardim,
Bilar edi tog‘alaru xolalar.

Dirillardi mendan qochib varraklar,
Varragimdan cho‘chib uchgan laylaklar.
Hurkak-hurkak titrab tunda yuraklar,
To‘lqin-to‘lqin tortar edi nolalar.

Bola edim bo‘shanggina, ko‘ngilchan,
To‘shak bo‘ldi go‘shanggaga ko‘ngilchang.
Mana, bugun bo‘yga etib o‘g‘ilchang
Senga yozgan she’rlarimni yod olar.

Mening esa qonim qaynab jo‘sh urar,
To‘lqin-to‘lqin tortib, gup-gup musht urar.
Qaytib-qaytib yuragimga bosh urar,
Sen tug‘ishing kerak bo‘lgan bolalar.

2002


Bir kun

Bir kun kelib, qabog‘ing qirg‘oq bo‘ladi,
Ikki chashming – ikkita irmoq bo‘ladi,
Kiprigingdan dilda mavj – titroq bo‘ladi,
O‘shanda ham bitta man dengiz bo‘laman.

Bir kun kelib, barmoqlaring shox bo‘ladi,
Tirnoqlaring bittadan yaproq bo‘ladi,
Besamar bosh qo‘yganim – tuproq bo‘ladi,
O‘shanda ham bitta man ildiz bo‘laman.

Bir kun kelib, chor atrof chorbog‘ bo‘ladi,
Oyday to‘lib, olmalaring oq bo‘ladi,
Devoringga epkin urgan – oh bo‘ladi,
O‘shanda ham bitta man olis bo‘laman.

Bir kun kelib, ayriliq adog‘ bo‘ladi,
Tog‘ni quchib, ko‘zyosh to‘kkan – tog‘ bo‘ladi.
Sening umring dunyodan uzoq bo‘ladi,
O‘shanda ham bitta man yolg‘iz bo‘laman.

1995


Tillo zanjir

Bo‘yningizga tillo zanjir solgan kim?
Tillo zanjir solib bog‘lab olgan kim?
Qaysi baland qo‘rg‘onlarning gulisiz?
Kulsangiz ham bunchalar qayg‘ulisiz?

Mohitobonmisiz bulutga tutqun?
Yoki jayronmisiz burgutga tutqun?
Yoki soyning ermagi – sumbulisiz?
Kulsangiz ham bunchalar qayg‘ulisiz?

Yo jilg‘asiz o‘zanidan adashgan,
Yo yulduzsi nogoh erlarga tushgan,
Yoki qora qismatning bir qulisiz?
Kulsangiz ham bunchalar qayg‘ulisiz.

Men-ku hasrat, qayg‘ularga ko‘nganman,
Hammasini she’rlarimga ko‘mganman.
Qaysi shoirning ezilgan dilisiz?
Kulsangiz  ham bunchalar qayg‘ulisiz?

1998


Kuyganyorda yozilgan she’r

Meni yomon ranjitding,
Sendan qattiq xafaman.
Lekin sendek kuydirgi
Qizni qaydan topaman.

Sevgi, sevgi, der ekan,
Sevgi dilni er ekan.
Qizga mehring berguncha
Muzga bag‘ring ber ekan.

Buloqdek qaynab yotsam,
Sochingni o‘ynab yotsam,
Hech kim xalal bermasa,
Ko‘zingni o‘ylab yotsam.

Yuragingni kuydirgan
Sevgi – qizilcho‘g‘ ekan.
Yashnar ekan uf tortsang.
Puf deganda yo‘q ekan.

Azob chekkin, ataylab
Qo‘lingdan suv ichmayman.
Ko‘ylagimning tugmasi
Botmasin, deb quchmayman.

1998


Huzur

Qalampirga qo‘shib eyman holvani,
Ajrata bilmayman misni tilladan.
Qo‘limga uraman doim bolg‘ani,
Jonimni og‘ritib huzur qilaman.

Suv ichsam ko‘zimdan toshadi darrov,
Yig‘lasam, holimga o‘zim kulaman.
Yo‘q joydan yo‘limda yarataman g‘ov,
Jonimni og‘ritib huzur qilaman.

Yayrayman tepkilab, toptab dilimni,
Siz bog‘dan kelsangiz, chohdan kelaman.
Eng zarur pallada tishlab tilimni,
Jonimni og‘ritib huzur qilaman.

Yaramni ko‘chirib sepaman tuzni,
Eng ko‘rimli joyga surat ilaman.
Kun bo‘yi ataylab o‘ylayman sizni,
Jonimni og‘ritib huzur qilaman.

Bir so‘zning quliman, bir kalomga zor,
Siz menga achinmang, shafqat tilamang.
Menga ozor bering, azizim, ozor,
Jonimni og‘ritib huzur qilaman.

1998


Seni sog‘inib

Qorako‘z qaldirg‘ochoyimsan o‘zing,
Ko‘ksim ayvon bo‘ldi seni sog‘inib.
Ko‘zimdan bir lahza ketmadi ko‘zing,
Ko‘zim giryon bo‘ldi seni sog‘inib.

Ko‘changdan kechalar o‘tganim pinhon,
Kelmasingni bilib kutganim pinhon,
Oyu yulduzlardan tutganim pinhon,
Ishqim doston bo‘ldi seni sog‘inib.
    
Jonimga tig‘ urib qiynaydi sog‘inch,
Keyin tig‘ sug‘urib qiynaydi sog‘inch.
Xayrlashmay turib qiynaydi sog‘inch,
Yuragim qon bo‘ldi seni sog‘inib.

Belgisiz xilxona, ko‘hna mozorni –
Mozorki, qarovsiz xarobazorni
Eshitganing bormi, ko‘rganing bormi?
Dilim vayron bo‘ldi seni sog‘inib.

Sargardonlik majnun-layliga edi,
Bizniki faqat gul sayliga edi.
Olisda bo‘lsang ham mayliga edi,
Bog‘im xazon bo‘ldi seni sog‘inib.

Netay, peshonamda shu dard bor bo‘lsa!
Qaniydi bu dardga xaridor bo‘lsa...
Seni tanlarmidim, ixtiyor bo‘lsa!
Holim yomon bo‘ldi seni sog‘inib.

2004


O‘zbek

Manglayga kaft qo‘yib olisga boqsam,
Edildan ko‘rinar bo‘ylaring, o‘zbek.
Tush kabi jimirlab ming yil oqsa ham,
Noming aytar enasoylaring, o‘zbek.

Nuh to‘foni, demak, qismat shamoli,
Kimningdir kamoli, kimning zavoli.
Sargashta kun ko‘rding ohu misoli,
Shundan hamon mungli kuylaring, o‘zbek.

Dili qonga to‘lib, ko‘zlari – yoshga,
Alp Tegin bir hikmat chegirdi toshga:
«Bizning qayg‘umiz yo‘q boladan boshqa…»
Bolangga bog‘lidir o‘ylaring, o‘zbek.

Bir zamon olovni iloh bilgan el,
Quyoshga qarashni gunoh bilgan el.
Har bir bosqinchini qo‘noq bilgan el,
Yovga so‘qmoq bo‘lgan ko‘ylaring, o‘zbek.

Ismingni ayirib kechdi asrlar,
Xonlikni beklikka bo‘lgan ne sirlar?
Kentlarga sochilgan o‘rda, qasrlar…
Qumdan qorilganmi loylaring, o‘zbek.

Dil qo‘zg‘alsa, elni to‘xtatib bo‘lmas,
Sel qo‘zg‘alsa, gilni to‘xtatib bo‘lmas,
Zanjir uzgan qulni to‘xtatib bo‘lmas,
Tig‘ bo‘ldi har bitta mo‘ylaring, o‘zbek.

Bo‘yningdan ketgan yo‘q hali dor izi,
Qo‘y, qora kunlarning o‘chsin qorasi!
Sen borsan – temurning ulug‘ vorisi,
Osmoningga qaytdi oylaring, o‘zbek.

Katta qishloq ekan parij, london, rim,
Dalamni sog‘inib ezildi ko‘nglim.
Dunyo go‘zali – sen, qadoqqo‘l singlim,
Go‘zaldir o‘ngigan ko‘ylaging, o‘zbek.

Haftalab yo‘l qarab sarg‘aymas kumush,
Tog‘ni tolqon qildi bobomeros musht,
Tin oldi davonga boqib alpomish,
Tog‘larni qo‘pordi yoylaring, o‘zbek.

Qo‘lingni ko‘zimga suray, otajon,
Yoningda ul bo‘lib yuray, otajon,
Yaxshi kunlaringni ko‘ray, otajon,
Sovimasin qo‘lda choylaring, o‘zbek.

Onajon, havoli bog‘lar muborak,
Handalak band bergan chog‘lar muborak,
Kelin yuzidagi dog‘lar muborak,
Bug‘doylarga to‘lsin uylaring, o‘zbek.

Sumbula – to‘kinlik, to‘ylar mavsumi,
Bir qo‘zg‘alib olar bog‘bonning xumi.
Asli, bir satrdir she’rim mazmuni:
To‘ylarga ulansin to‘ylaring, o‘zbek!

2004


So‘roq

Qoshlaring kamon deymi,
Yuragim nishon deymi,
Kipriging paykon deymi,
Jigar-bag‘rim qon deymi,
Ko‘zlaring cho‘lpon deymi,
Ko‘zlarim giryon deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?

Tunda qo‘ling axtargan
Qo‘limdan so‘zlasammi,
Ko‘zyoshlarim quritgan
Gulimdan so‘zlasammi,
Faqat senga eltuvchi
Yo‘limdan so‘zlasammi,
Nigohing qaratgani 
O‘limdan so‘zlasammi,
Jon deymi, jonon deymi,
Bu nechuk hijron deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?

Eshigingdan ichkari 
Jannatligin aytaymi,
Har qadaming mo‘‘jiza
San’atligin aytaymi,
Tabassuming olamga
Minnatligin aytaymi,
Sensiz yashashning o‘zi
Mehnatligin aytaymi,
O‘zingga oson, deymi
So‘zimga ishon, deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?

Bu benavo ko‘ngilning 
Navosidan so‘ylaymi,
Har oshiqning yolg‘izlik
Da’vosidan so‘ylaymi,
Yoki isming yukidan,
Ma’nosidan so‘ylaymi,
Zamonaning Kumushi
Ra’nosidan so‘ylaymi,
Bu o‘zga zamon deymi,
Bu boshqa doston deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?

Sevgidan yana boshqa
Qayg‘udan gapirsammi,
G‘ubor va hovur bosgan
Ko‘zgudan gapirsammi,
Ertakchini qo‘rqitgan
Mavzudan gapirsammi,
Ochlikdan gapirsammi,
Uyqudan gapirsammi,
Kaftlarim qalqon deymi,
Gaplarim tolqon deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?

Sensiz sendek beparvo
Kezlarimni kuylaymi,
Atirgulga bo‘y bergan
Hislarimni kuylaymi,
Maysa boshga ko‘targan
Izlarimni kuylaymi,
Sen deb mendan yuz burgan
Do‘stlarimni kuylaymi,
Kuylarim – osmon deymi,
O‘ylarim – armon deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?

Sochlaring rayhon deymi,
Borlig‘ing bo‘ston deymi,
Zulfing parishon deymi,
Bir taraf Qo‘qon deymi,
Bir yon Andijon deymi,
Hamma el hayron deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?

2000


Xudoga soldim

Uning qovog‘idan boshimga yoqqan
Qorini Xudoga soldim-da qo‘ydim.
Qonimni qaynatib, jonimni yoqqan
Korini Xudoga soldim-da qo‘ydim.

O‘sha-ku xor kelsa toptagan tikka,
O‘sha-ku zo‘r kelsa darrov bosh bukkan,
O‘shaning Mashrabu Xallojga tikkan
Dorini Xudoga soldim-da qo‘ydim. 

Yulduzlar sayriga tortar sanalar, 
U hamon urug‘ deb sochar kanalar, 
Sillasi qurigan buva, enalar 
Zorini Xudoga soldim-da qo‘ydim.

Shudir el haqidan qasrlar qurgan,
Asli-ku, non urgan, asli Haq urgan, 
Uning alohida qatorda turgan 
Norini Xudoga soldim-da qo‘ydim.  

So‘rasang, iblisga taqalar nasli, 
Xoinlik – hunari, kazzoblik kasbi, 
Dunyoni yutmoqqa shay turgan nafsi –
G‘orini Xudoga soldim-da qo‘ydim.

Alamim tog‘cha bor, mayda dard emas, 
Garchi qasd olmagan yigit - mard emas, 
Lekin Xudoyimga yordam shart emas, 
Barini Xudoga soldim-da qo‘ydim. 

2001

* * *

“Seni bugun ko‘rmasam bo‘lmas” (2015) kitobidan she’rlar

Qizim Kumushoy

Menga oltin nima, menga nima dur?
Baridan a’losan, qizim Kumushoy.
Yorug‘ dunyo nima, olam nimadir?
Qarog‘im gavhari – ko‘zim Kumushoy.

Kulsang yorishadi zimiston xonam,
Qoshingda muntazir onangu onam.
Yagona xudoyim bergan yagonam,
Yig‘lasang, yosh yuvar yuzim, Kumushoy.

Kulging kumush bo‘lsa, chehrang to‘linoy,
Kechalar uzanib silar qo‘ling oy.
Quyosh xizmatingda, sodiq quling oy,
Yulduzchalar tizim-tizim, Kumushoy.

Sen dunyoga kelding, dunyo xush bo‘ldi,
Yomon kunlar qoldi, eski tush bo‘ldi.
Jujuqqinam, nega qo‘ling musht bo‘ldi?
Mening aytolmagan so‘zim, Kumushoy.

Senga qo‘shib xudo berdi farog‘at,
Momiq sochlaringda ajib tarovat.
Termulsam bir huzur, o‘ylasam rohat,
Joningdan aylanay o‘zim, Kumushoy.


Shahlolaring

Qo‘sha yulduz bo‘lib yonar shahlolaring,
Yulduz ko‘rar bo‘ldim, mana, kunduzlari.
Bor-u... ko‘kning eng charog‘on yulduzlari,
O‘sha yulduz bo‘lib yonar shahlolaring.

Nima qilay, men ham senga yoqsam deyman,
Nima qilay yonib tursa shahlolaring.
Suydirib so‘ng tonib tursa shahlolaring,
Qarog‘laring tub-tubiga boqsam deyman.

Oramizga kiprigingdan devor qo‘yma,
Bag‘rim o‘yma, xudodan qo‘rq, dilozorim.
Nargis ko‘zim, binafshabo‘y, gul’uzorim,
Oshig‘ingni tashlab qo‘yma, bekor qo‘yma.

Qo‘sha yulduz bo‘lib yonar shahlolaring,
Qara, ko‘kda topishdilar ikki yulduz.
Qora ko‘kda topishdilar ikki yulduz,
O‘sha yulduz bo‘lib yonar shahlolaring.


Malol kelmasin

Yuzimizga yopmang eshigingizni,
Biz kelgan chog‘larda shamol kelmasin.
Egallab olmaymiz beshigingizni,
Sizga muhabbatim malol kelmasin.

Nozik ta’bingiz hech bo‘lmasin xira,
Kelsak, so‘ramaymiz sizdan yo‘lkira.
Sizga og‘irligi tushmaydi sira,
Sizga muhabbatim malol kelmasin.

Shunaqa beqaror turish-turmushim,
Turmushim o‘ylasam keladi g‘ashim.
G‘ashlanib qaraydi tag‘in bu kishim,
Sizga muhabbatim malol kelmasin.

Siz uxlasangiz ham oy sochar ziyo,
Yulduzlar boqadi oyga mahliyo.
So‘rab seving, degan qonun bormi yo?
Sizga muhabbatim malol kelmasin.

Sevgi ham bir bisot – zardan ziyoda,
Bisotim otdayu o‘zim piyoda.
Yashasak yashabmiz biz ham dunyoda,
Sizga muhabbatim malol kelmasin.


Marg‘ilon

Marg‘ilonga borgim kelmaydi,
Borsam alam o‘rayveradi.
“Kumush yaxshi yuribdimi”, deb,
Hamma mendan so‘rayveradi.

So‘rayverar ko‘cha, guzarlar,
So‘rayverib ko‘nglim buzarlar,
Kumushoydan, oygina qizdan
Qandoq qilib umid uzarlar.

“Yaxshi”, deyman, “shukur, sog‘-omon,
Kelib qolar, deyman, Marg‘ilon...”
Qarolmayman Oftoboyimga,
Ich-ichidan kuyar, bag‘ri qon.

So‘roq belgisidek yangi oy
Ergashadi, tinmay so‘roqlar.
Kumushini so‘raydi mendan
Kumushi yo‘q tilla ravoqlar.

Birdan jimib, to‘xtar o‘yindan –
Qizchalarning savolchasi bor.
Yuz ellik yil bo‘ldi – qo‘ynimda
Kumushoyning ro‘molchasi bor.

Marg‘ilonga borgim kelmaydi,
Borsam qayg‘u o‘rayveradi.
“Kumush yaxshi yuribdimi” deb,
Hamma mendan so‘rayveradi.


Aldab yashadim

Ufqda ko‘rinsa qush, xabar kutdim,
Atay sizni ko‘rib tush, xabar kutdim,
Sizdan darak kutdim, xushxabar kutdim,
Meni o‘zimni shunday aldab yashadim.

Ey dil, yo‘l so‘ngida safo bor dedim,
Kuyma, qizlarda ham vafo bor dedim,
U go‘zal bo‘lsa-da, vafodor dedim,
Meni o‘zimni shunday aldab yashadim.

Davralarning guli men emas, boshqa,
Davronning bulbuli men emas, boshqa,
Ichkilikning quli men emas, boshqa,
Meni o‘zimni shunday aldab yashadim.

Jonim g‘aribligin anglab yashadim,
Tanlamaganni men tanlab yashadim,
Eshitgim kelganni aytdim o‘zimga,
Meni o‘zimni shunday aldab yashadim.

Yolg‘onchi dunyoga rost so‘zlaring xayf,
Yolg‘ondan zavq topdim, chindan topdim kayf.
Aldangan bo‘lsangiz o‘zingizda ayb,
Meni o‘zimni shunday aldab yashadim.


Seni o‘ylasam

Gul, kelding umrimning kuz pallasida,
Shamollar guvlaydi seni o‘ylasam.
Gulbo‘ron – ilk qorlar arafasida
Yuragim gullaydi seni o‘ylasam.

Qaysi fe’lim yoqib mehribon xudo
Senday gulni menga ayladi ato?
Endi xato qilsam bo‘ladi xato,
Xudoyim qo‘llaydi seni o‘ylasam.

Qaytmas bo‘lib mendan ketgan gulyuzlar,
Yonimga qaytishga yonib yo‘l izlar.
Olisdan ko‘z qisib bir-bir yulduzlar,
Bo‘salar yo‘llaydi seni o‘ylasam.

Tilim – yuragimning davomidir, gul,
Yuragim ikki yurt dovonidir, gul,
Dovonda bir gulning tovonidir gul,
O‘lib ham bo‘lmaydi seni o‘ylasam.


Bahorning ilk kuni

Bahorning ilk kuni – birinchi martda
Seni uchratgandim birinchi marta...

Taqvim – kalendar ne tabiat uchun?
Mendek qalandar ne tabiat uchun?

Ammo birdan bitdi qahraton qahri,
Tumanday tarqadi izg‘irin zahri.

Bahorning elchisi bo‘lib turarding,
Nafis tarovatga to‘lib turarding.

Ammo atrofingda anov birovlar,
Ivirsib yurardi ko‘ngli qirovlar.

Ha-da, turqi sovuq, qish bandalari,
Bor-ku ishqdan ozod ish bandalari.

Gullayotganimdan hayron edilar,
Obodligim ko‘rib vayron edilar.

Ammo naylayinki asling bilmasdim,
Naylayinki, ko‘ngling faslin bilmasdim.

Bilmasdim borligim sezdingmi, bahor?
Intizor, zorligim sezdingmi, bahor?

Ammo avaylayman shu shirin dardni,
Ilk marta gul tutgan birinchi martni...


Jonim

Jonimdan to‘yganman, hayotdan pand yeb,
Kim so‘z ochsa, qalbim yarasin ochar.
Agar o‘lib ketsam o‘ksimagin, deb
O‘lib ketay agar, yuribman nochor.

Ko‘rgan kunim qursin, kunimni ko‘rdim,
Yuzlab yuzsizlarga bo‘ldim yuzma-yuz.
Xudo urganlarga o‘zimni urdim,
Yo‘ldan urgan bilan ketdim izma-iz.

Azizam, o‘zing ayt, bedilda ne dil?
O‘t-o‘lan ichra o‘t ichradir o‘lan.
Azizam, egilsang osmonga egil,
Suhbat qur ko‘nglini qurganlar bilan.

Kimga keragim bor? Yashashga yo‘q ep...
Qo‘lsiz, oyoqsiz g‘am yuragim ochar.
Agar o‘lib ketsam xafa bo‘lma, deb
O‘lib ketay agar, yuribman nochor.


Borligingni o‘ylasam

Meni ko‘rsang yuzlaring
Qizarardi, qizirdi.
Isming aytsam ichimda
Yurakkinam isirdi.

Maktab payti ortimdan
Asta-asta borarding.
Qarasam yuz burarding,
Qaramasam qararding.

G‘aroyib-da chindan ham,
Bolamiz-ku o‘zimiz.
To‘lib ketadi o‘pkam
Uchrashganda ko‘zimiz.

Darslikda yo‘q bu saboq:
Bunday suygin suyganda!
Yuragim toshar nogoh
Sen jilmayib qo‘yganda.

Yoshimizni aytmayman,
Cho‘pchakmi bu, ertakmi?
Balo bormi deyishar,
Jinnimi bu, tentakmi?

Endi ko‘nglimni ochsam,
Eshigin yopolmayman.
Ko‘zing yodimda, ammo
Ismingni topolmayman.

Uyalaman o‘zimdan
Darrov yuzim qiziydi.
Borligingni o‘ylasam
Yurakkinam isiydi.


Qaydadir

Jonki, topolmas oromin, oromu jonim qaydadir?
Oromni jondan ayirgan oromijonim qaydadir?

Ozoridan ming o‘rgilib, ketmas edimku qoshidan,
Endi degayman o‘rtanib, qoshi kamonim qaydadir?

O‘tdimi davrim debon dardim ziyoda kun sayin,
Davru davron gultoji avvalzamonim qaydadir?

Poyiga gullar sochib, jonim poyandoz yo‘liga,
Ruhimi tez aylagan ruhi ravonim qaydadir?

Necha oy xufton dilim, tundek qorong‘u kunduzim,
Ko‘nglima yog‘du sochar mohi tobonim qaydadir?

Kim so‘rar ishqda tovon, boshdan tovonim bo‘ldi cho‘g‘,
Yor demas, so‘rmaydi hech ul notavonim qaydadir?

Yaxshidir o‘zi, vale so‘zi yomondir bunchalar,
Iqboling der, ey xudo, yaxshi-yomonim qaydadir?


Kuyaymi

Og‘aynilar, yoshlik tez o‘tganiga kuyaymi?
Yurakdan qo‘r, ko‘zdan nur ketganiga kuyaymi?
Olachalpoq tush kabi sudralar qora turmush,
Sochu soqol mosh-guruch bitganiga kuyaymi?

Ko‘z yoshingga qaramas, ko‘ngil o‘zi yosh axir,
Ko‘ngil qurg‘ur tamanno etganiga kuyaymi?
O‘zim-ku yo‘l istagan, qarab kulgim qistagan,
Etagimdan birovlar tutganiga kuyaymi?

Tegajoq qiz-juvonlar, oq-do‘mboq qiz juvonlar
She’rim aytib menga gap otganiga kuyaymi?
Kecha kaltak yeganlar, suykalganni suyganlar
Qariganda o‘ranib o‘tganiga kuyaymi?

Tez botadi oftob ham, tez tugaydi sharob ham,
Ulfat cho‘qishtirmay “g‘o‘lt” yutganiga kuyaymi?
Eski qo‘shig‘im tinglab, eski rasmimni o‘pib,
Sodda qizlar haliyam kutganiga kuyaymi?


Tabassum

Qanday totli bu baxt, bu safo!
Boshda sochar boshdan zar sevgi.
Yoz tongidek toza, musaffo
Tabassumdan boshlanar sevgi.

Tomiringga qorishar ziyo,
Nari ketar yomonlik, riyo.
Qiz to‘xtaydi. Qaraydi qiyo...
Tabassumdan boshlanar sevgi.

Birdan o‘pkang to‘lib ketadi.
Tushunganlar kulib ketadi.
Hamma yaxshi bo‘lib ketadi,
Tabassumdan boshlanar sevgi.

Aylanasan xayol bog‘ida,
Qiynalasan hijron dog‘ida,
Qo‘shiq aytging kelar gohida
Tabassumdan boshlanar sevgi.

Kim biladi qiz bola sirin,
Yuragingga tashlar ko‘z qirin,
Ming va’da, ming hiyla yashirin
Tabassumdan boshlanar sevgi.

Qanday shirin bu baxt, bu safo,
Shunday achchiq bu dard, bu jafo.
Ko‘zyosh bilan tugaydi, ammo
Tabassumdan boshlanar sevgi.


Buloq

Buloq ko‘zyoshining asl asosi
Anov cho‘qqilarda, tumanli tog‘da.
Mening g‘ussalarim manbai, rosti,
O‘smirlik yoshimda, juda yiroqda.

Buloq ko‘zyoshidan tiniqib ichib,
Chanqog‘i bosilib, yo‘lchi minnatdor.
She’rlarimni o‘qib, yorishib ichi
Yana sevib qopti, deguvchi ham bor.


Men o‘zimni yengdim

Men o‘zimni yengdim – seni unutdim.
Yana bakor keldi kuchli irodam.
Yana gul hayotga yuzimni tutdim,
Yana el qatori odamman, odam.

Ammo yo‘l qo‘ymayman unutishingga,
Chekkan jabrim uchun tortgaysan jazo.
Kechalar sharpadek kirib tushingga
Eslataveraman men – Iqbol Mirzo.

Kitob muqovasin eshikdek ochib,
O‘rnashib olaman fikru o‘yingga.
Qaygayam borarding zamondan qochib,
Qo‘shig‘im bostirib kirar uyingga.

Abadiy tirikdir shoir qarg‘ishi,
Men yutsam, seni deb iztirob yutdim.
Alvido! Buyog‘i xudoning ishi,
Men o‘zimni yengdim – seni unutdim.


Kuni kecha uchrashdik

Kuni kecha uchrashdik, biroq
Mahallangda o‘sgandayman men.
Hushtak chalib goh o‘yinqaroq,
Goh yo‘lingni to‘sgandayman men.

Katta sinflardan qizg‘onib,
O‘n yil birga o‘qigandayman.
Birdan yigit bo‘lib o‘yg‘onib,
Ismingga she’r to‘qigandayman.

Qo‘rg‘onchadan to‘ydan qaytishda
Qo‘llaringni topgandayman-a,
Boshim gangim, ko‘rganday tushda
Tutqatorda o‘pgandayman-a.

Harbiyda xo‘p sog‘inganim bor,
Oy seni eslatib o‘tardi.
Sen meni kutarding intizor,
U paytlarda... qizlar kutardi.

Kuni kecha uchrashdik, biroq
Birga-birga o‘sgandayman men.
Gaplar otib goh o‘yinqaroq,
Goh yo‘lingni to‘sgandayman men.


Mening Bag‘dodimning qizlari

Bodomqovoq, qiyiq ko‘zlari,
Begonadan tiyiq ko‘zlari.
Quralaymi, kiyik ko‘zlari?
Mening Bag‘dodimning qizlari.

G‘o‘rlik paytim, beboshlik paytim
Sizni tashlab ketibman daydib.
Mana, keldim bosh egib qaytib,
Mening Bag‘dodimning qizlari.

Umrimda ko‘p tannozni ko‘rdim,
Suhbatlashdim, o‘tirdim, yurdim.
Hammasidan chiroyli yurtim –
Mening Bag‘dodimning qizlari.

Ko‘z bo‘yash yo‘q, ulama soch yo‘q,
Nazar qattiq – bunga iloj yo‘q.
Qayda bo‘lmay, sizdan ko‘nglim to‘q,
Mening Bag‘dodimning qizlari.

Ohanjama so‘zlar begona,
Mehnat bilan tug‘ma dugona,
Iqboljoni uchun yagona,
Mening Bag‘dodimning qizlari.

Oyxonlari, Dilrabolari,
Dilnozlari, Gulhayolari,
Kumushlari va Ra’nolari...
Mening Bag‘dodimning qizlari.

Asli manov yerim sizniki,
Ko‘zdan to‘kkan terim sizniki,
Hamma yaxshi she’rim sizniki,
Mening Bag‘dodimning qizlari.

Oy qizlarim, oyday to‘ling siz,
Oydin bo‘lsin yurar yo‘lingiz,
Men uchun ham baxtli bo‘ling siz –
Mening Bag‘dodimning qizlari.


Askarlikdan qaytish

Xayr, moviy diyor! Eh, kim biladi,
Balki yo‘lim tushmas bag‘ringga qaytib.
Poezd jilar. Bir qiz zor yuguradi
Shpalga qoqilib, ismimni aytib.

Kupeda to‘rt kishi. Gurji o‘rtog‘im
O‘rtaga to‘kadi topgan-tutganin
Va hikoya qilar qolsin deb nomin
Devorga, daraxtga o‘yib bitganin.

Vodillik og‘aynim uni ma’qullar,
Shu-da bizdan qolar xotira, axir.
Qumiq do‘stim yozib qo‘yganin aytar
Ismini xarsangga, yana qaygadir.

Beun cho‘zilaman o‘rnimga, alhol,
Hech qayga ismimni qo‘ymadim bitib.
Ko‘zimni yumaman: bir qiz zoru zor
Ortimdan yugurar ismimni aytib...


Meni kechir

Toshbaqaning yelkasida vaqt,
Yalmog‘izning xaltasida baxt.
Kunlar o‘tar sudralib, karaxt,
Meni kechir, gunohimdan o‘t.

Qizg‘aldoqning tubida dog‘lar,
O‘zi bilmas nimani xohlar.
Yig‘lab chopib borar irmoqlar,
Meni kechir, gunohimdan o‘t.

Naykamalak senga o‘q otar,
Dilga hilol xanjardek botar.
Yuragingni qor bosib yotar,
Meni kechir, gunohimdan o‘t.

Qumrilarning bo‘g‘zida tolqon,
Navolarning rostligi yolg‘on.
Yolg‘onlarga mayliga ishon,
Meni kechir, gunohimdan o‘t.

Hayotingni yog‘duga to‘ldir,
Qalbingdagi Iqbolni o‘ldir.
Sevolmadim, gunohim shuldir,
Meni kechir, gunohimdan o‘t.


Yodingdami?

Yodingdami, gul sayli edi,
Ko‘ngil sayli, dil sayli edi.
Bahor ham biz tufayli edi,
Men sen uchun, sen men uchun.

Lolalardek qizargan yuzing,
Xushbo‘y edi nafasing, so‘zing.
Ko‘zim tushsa qochardi ko‘zing,
Men sen uchun, sen men uchun.

Yurak qushdek tipirlar edi,
Jismu jonim jimirlar edi.
Nigohlaring shivirlar edi:
“Men sen uchun, sen men uchun”.

Lolazordek bugun qon dilim,
Ochildingmi mensiz ham, gulim?
Armon bo‘ldik endi, sevgilim,
Men sen uchun, sen men uchun.

Tabiatning bormidi qasdi?
Xazon bo‘ldi qizg‘aldoq fasli,
Bu dunyoga kelgandik asli
Men sen uchun, sen men uchun...


Esingizga kimlar tushdi

Marjon-marjon turnalarga termuldingiz,
So‘ng parishon xo‘rsindingiz, so‘ng kuldingiz.
Lekin kulgu xo‘rsiniqdan og‘ir bo‘ldi,
Xayolingiz qayga uchdi, bilolmadim,
Esingizga kimlar tushdi, bilolmadim.

Turna safi paykon kabi ketdi tamom,
Yana neni izlayapsiz ko‘kdan hamon?
Ko‘zingizga tushgan tomchi – yomg‘ir bo‘ldi,
Nigohingiz neni quchdi, bilolmadim,
Esingizga kimlar tushdi, bilolmadim.

So‘ray desam, bilamanki, aldagaysiz,
Esim-hushim, muhabbatim senda deysiz.
Ko‘zyosh tomib ishq sharobi taxir bo‘ldi,
Majnun uni qandoq ichdi, bilolmadim,
Esingizga kimlar tushdi, bilolmadim.

Nahot menga yo‘ldosh bo‘lsa yolg‘on sevgi,
Qachonlardir, kimlardandir qolg‘on sevgi.
Nahot hayot shunchalar toshbag‘ir bo‘ldi,
Ne deb o‘zni ovutishni bilolmadim,
Esingizga kimlar tushdi, bilolmadim.

Boshqa qizda edi mening ko‘nglim axir,
Mana men ham ayrilmoqqa ko‘ndim axir.
Sizni menga bog‘lab qo‘ygan taqdir bo‘ldi,
Bu o‘ngimmi yoki tushmi, bilolmdim,
Esingizga kimlar tushdi, bilolmadim.


Oshiqligimni ayting

Ey yaxshilar, dildorga
oshiqligimni ayting,
Hamroz bo‘ldi dil torga,
oshiqligimni ayting.

Dilnavozu dilrabo,
ko‘rgaymikin dil ravo?
Dilafro‘z, dilozorga
oshiqligimni ayting.

Holi yomon deb ayting,
bog‘i xazon deb ayting,
Gulzoda, gulbahorga
oshiqligimni ayting.

Chohlar qazib yurmasin,
ko‘nglin buzib yurmasin,
Dushmanimga, ag‘yorga
oshiqligimni ayting.

Yuragi dog‘liq mardlar,
yurakka bog‘liq dardlar,
Taskin bo‘lar, bemorga
oshiqligimni ayting.

Qanoti yo‘q ne xabar?
El qolmasin bexabar,
Jarchi solib bozorga
oshiqligimni ayting.


Gulmisiz

Gulmisiz, jambilmisiz, rayhonmisiz?
Hurmisiz, paykarmisiz, jononmisiz?
Hajringizda o‘lmagan jonim mening,
Men-ku lol, siz ham menga hayronmisiz?

Qosh bo‘lib qo‘nmish ikki kuygan hilol,
Qoshiga yulduzchalar uygan hilol,
Yolvorurman, ko‘zni och, uyg‘on, hilol,
Oymisiz, oftobmisiz, osmonmisiz?

Gulmisiz, jambilmisiz, rayhonmisiz?
Qumrimi, gulmohmi yo jayronmisiz?
Durmisiz, injumisiz, olmosmi yo?
Bormisiz rostdan yoki yolg‘onmisiz?

Xo‘p g‘alat holat emish oshiq ishi,
Kim degay rohat emish oshiq tushi.
Behol, betoqat emish oshiq kishi,
Bir nafas ko‘z qirini solg‘onmisiz?

Gulmisiz, jambilmisiz, rayhonmisiz?
Tog‘misiz, daryomisiz, sayhonmisiz?
Voajab, mendan so‘raydir do‘stlarim
Qulmisiz, shoirmisiz, qurbonmisiz?


Kipriklaring

Kipriklaring quyuqdir biram,
Tirnoqlaring tabiiy guldor.
Tirnog‘ingga arzimasam ham
O‘tib ketma beparvo, dildor!

Fursat ketib borar qasdma-qasd,
Bu ne alam, bu ne sitamki,
Ketib qolma, senga shu nafas
Bevafolik yarashsa hamki.

Xayr, dema, xayr qil menga,
Toshko‘chada bo‘lmasin dil xor.
Yuragimni beray qo‘lingga
Bir erkalab o‘pib qo‘y, dildor.

Jilmayasan she’rimni tinglab,
Tashna labga tutma zaharni.
Qo‘y, yaramni uyg‘otma tirnab,
Qo‘y, eslatma anavilarni.

Dilginamga tushdi yalt-yult cho‘g‘,
Behalovat ziraklaridan.
O‘zim ketdim, haydashgani yo‘q
Dang‘illama yuraklaridan.

Keyin senga bo‘lguncha oshiq
Osmonga ham yerga sig‘madim.
Chaqmoqlardan o‘rgandim qo‘shiq,
Bulutlarga yotib yig‘ladim.

Kulib boqsang sadaqa jonim,
Mendan kulib ketmagin zinhor.
Qaytib kelmas mening zamonim,
O‘tib ketma beparvo, dildor!


Noz va firoq

O‘lay agar, arazning xo‘p gashti bor,
Agar araz beg‘araz, begard bo‘lsa.
Endi yetar! Xizmatiga men tayyor –
Yarashtirib qo‘yadigan mard bo‘lsa.

Jon-jon derdim agar jonim olsa ham,
Sovib ketmay o‘rtansaydi, kuysaydi.
Uchrashganda yolg‘on qovoq solsa ham,
Chetga qarab rostdan kulib qo‘ysaydi.

Sal cho‘zilib ketdi firoq bu safar,
O‘yindan o‘q chiqmasa deb qo‘rqaman.
Shayton bor-da o‘rtada, shu bachchag‘ar
Tumshug‘ini tiqmasa deb qo‘rqaman.

Aloq-chaloq tushga o‘xshar hayotim,
Ko‘nglim bog‘da, o‘zim esa tog‘daman.
Ucholmasang, ortiqcha yuk qanoting,
Bir bahona topolmasdan dog‘daman.

Muddat kerak ekan nozu arazga,
Agar ishqda shu qiynoqlar shart bo‘lsa.
Sovg‘a oberardim aytib u qizga
Yarashtirib qo‘yadigan mard bo‘lsa.


Kirib borayotgan mahalim kuzga

Kirib borayotgan mahalim kuzga,
Ko‘ngil chak-chak yog‘di, ko‘ngil tinmadi.
Guldastadek xushbo‘y, xushro‘y bir qizga
Yur, baxtli bo‘lamiz, desam ko‘nmadi.

Lolazor misoli dog‘ edi bag‘rim,
Necha yil bu dashtda chechak unmadi.
Shudringdek tovlanib ketdi-da mehrim,
Yur, baxtli bo‘lamiz, desam ko‘nmadi.

Men kuzdan bahorga hatlamoqchiydim,
Gullamoqchi edim, yana bo‘lmadi.
Yana binafshani hidlamoqchiydim,
Yur, baxtli bo‘lamiz, desam ko‘nmadi.

Daraday huvillar edi quchog‘im,
Ko‘zim va quchog‘im birdek to‘lmadi.
Menga ishonmadi, tushunmadi chog‘im,
Yur, baxtli bo‘lamiz, desam ko‘nmadi.

Bu balki eng so‘nggi jur’at, qasd edi,
Baxt qushi aylanib o‘tdi, qo‘nmadi.
Qaerga bo‘lsa ham ketsak bas edi,
Yur, baxtli bo‘lamiz, desam ko‘nmadi.


Unutma

Unutma, xudoyim bizni erkalab
Uchrashtirib qo‘ygan kunni unutma.
Unutma, yuzingdan olgunimcha lab
Qushdek uchib ketgan tunni unutma.

Bir tola sochingni aylagan tumor,
Bo‘ylaringdan mastu bo‘yingga xumor –
Kim bo‘lsa, o‘shani unutma zinhor,
Bag‘ri qon, yuragi xunni unutma!

Umrim orom bilmay o‘tar alomat,
Sen qaerda bo‘lsang, shunda halovat.
Qaylarda bo‘lsang ham bo‘lgin salomat,
Men seni sevaman, shuni unutma!


Senga xatlar yozdim

Senga xatlar yozdim, yetib bormadi,
Yomg‘irlarda qolib qunishdi kaptar.
Mahzun kuy taratdi yomg‘ir torlari,
Yurakka ko‘ylakdek yopishdi dardlar.

Senga xatlar yozdim, alanga bo‘ldi,
Oy ham quyosh kuydi, qoraydi olam.
Ingichka yuragi tutunga to‘ldi
Va o‘zini yerga tashladi qalam.

Senga xatlar yozdim, boychechak bo‘yli,
Gullatib yubordi qog‘ozni – qorni.
Koshki, eriyversang o‘qigan ko‘yi,
Koshki, unutmasang meni, bahorni.


Ozorlar yetdi

Yomg‘irlar sochildi, g‘uborlar ketdi,
Senga gul tutolmay bahorlar ketdi.
Yellar hovuchida uforlar ketdi,
Shamolcha himmatim bormidi mening?
Mendan senga faqat ozorlar yetdi.

Barcha go‘zallarni rashk qilguvchi – men,
Boqmasa yuragin ham tilguvchi – men,
Qo‘l yetmas yulduzga intilguvchi – men,
Dilimda illatim bormidi mening,
Mendan senga faqat ozorlar yetdi.

Oqshom umid bilan chirog‘ing yoqib,
Toshkent tomonlarga yuraging oqib,
Unsiz yig‘lagansan rasmimga boqib...
Yuragim, bilmadim, bormidi mening...
Mendan senga faqat ozorlar yetdi.

Endi har bitta so‘z – zaharli tikan,
Ey, nadomat yuki boshini eggan!
Koshki, ko‘z yoshingga arzisam ekan,
Bir pullik qimmatim bormidi mening
Mendan senga faqat ozorlar yetdi.


Yuragimning tutuni

Tirik daraxt kesildi,
Qurimadi o‘tini.
Ko‘zimdagi yoshlarim –
Yuragimning tutuni.

Tog‘lar ko‘rkam ko‘rinar
Boshidagi qor sabab.
Boshimdagi qirovlar
Ul bevafo yor sabab.

Yupqapo‘choq bodomning
Ilma-teshik ko‘zi bor.
Bodomchadek yurakda
Tikonlarning izi bor.

Kuz yomg‘iri o‘chirdi
Muhabbatning o‘tini.
Ko‘zda yoshimga sabab
Yuragimning tutuni.

Arosatda oshiqlar –
Sanoqda bor, yo‘q sonda.
Eslamasam, sen yo‘qsan,
O‘ylamasam, yo‘qsan-da!

Dumalagan tosh borki,
Bir kun joyin topadi.
Osmon qolmas yulduzsiz,
Osmon oyin topadi.

Qor yog‘adi – sochilar
Boshimdan ishq kukuni.
Ko‘zlarimni yoshlatar
Yuragimning tutuni.


O‘zing

Hamma go‘zal qizlar senga o‘xshaydi,
Go‘zal, o‘xshamaysan hech kimga o‘zing.
Yuragimni qirib, shirin o‘rtaydi,
Ayniqsa, qoshlaring, ayniqsa, ko‘zing.

Chiroyli qizlardan seni axtardim,
Xayoliy timsollar yaratdim takror.
Tobora yuk solib, ulg‘aydi dardim,
Ey, barcha go‘zallar jam bo‘lgan dildor!

O, mening navrasta orzularim, o!
O, mening tubi yo‘q, notovon ko‘nglim!
Istardim: meniki bo‘lsaydi dunyo,
O‘ylardim: hech qachon topmasman o‘lim.

Shoirona yengil kayfiyat bilan
Yangi may ichgandek sarhush yurardim.
Yashardim pok dilu sof niyat bilan
Men hamma insonni yaxshi ko‘rardim.

Hozir ham shunaqa...
Qo‘yaver, mayli...
Kel, ruhim erkala, ayt shirin so‘zing.
Hamma go‘zal qizlar senga o‘xshaydi,
Ammo o‘xshamaysan hech kimga o‘zing.

Sening jamolingda tajalli husn,
Sening visolingga eltajak yo‘lim.
Muhabbat muborak bo‘lsin sen uchun,
Sen menga muborak, Nargizim, gulim!


Sen bo‘lmasang

Sen bo‘lmasang nima qilardim?
Qanday yig‘lab, qanday kulardim?
Yana kimdan baxtim tilardim?
Sen bo‘lmasang nima qilardim?

Suyaklarim qaqshaydi yomon,
Iskanjaga oladi dardim.
Yaxshiyamki, sen bor, mehribon
Sen bo‘lmasang nima qilardim?

Chalg‘uvchilar tinmay chaladi,
Yiqilsamu loy bo‘lsa qadrim.
To‘g‘riligim kim ham biladi,
Sen bo‘lmasang nima qilardim?

Yulduz uchsa tegar boshimga,
Men hammani do‘st deb bilardim.
O‘zing guvoh achchiq yoshimga,
Sen bo‘lmasang nima qilardim?

Umrim bo‘lsin ko‘yingda ado,
Men baribir senga kelardim.
Bu kimsasiz olamda, xudo,
Sen bo‘lmasang nima qilardim?


Javob

Ko‘p kitob o‘qidim yoshlik kezimda,
Gohi G‘arb, gohi Sharq hushimni oldi.
Atay yodlamadim, lekin esimda –
Muhammad akaning she’rlari qoldi.

O‘zbekdek samimiy, o‘zidek toza,
Beshik bolasining ko‘zidek toza,
O‘spirin oshiqning so‘zidek toza
Muhammad akaning she’rlari qoldi.

Muhammad Yusufdan kuylar irmoqlar,
Tog‘ni tilimlagan kiyikso‘qmoqlar,
Oq cho‘girma kiygan momqaymoqlar...
Muhammad akaning she’rlari qoldi.

Kim bor tag‘in ona xalqqa qayishgan,
Qayg‘usidan cho‘kkan, baxtidan jo‘shgan.
Kuychi shoir edi ko‘klardan tushgan,
Muhammad akaning she’rlari qoldi.

Uzr, ey shoirman, zo‘rman deganlar,
Noma’qul buzoqning go‘shtin yeganlar,
So‘zga no‘noqlaru gapga chechanlar,
Muhammad akaning she’rlari qoldi.

Aylanib bag‘ri keng O‘zbekistonni
Sekin gapga soling mo‘min dehqonni,
Shoir desa, eslar Mahammadjonni,
Muhammad akaning she’rlari qoldi.

Sofdil inson edi shoir bo‘lib ham,
Quladi paymona lim-lim to‘lib g‘am.
Endi qutilmasmi sizdan o‘lib ham,
Muhammad akaning she’rlari qoldi.

Mujmal satringizni kim yod oladi?
Eshitsa chumchuqlar ham dod soladi,
Qolsa, sizdan faqat isnod qoladi,
Muhammad akaning she’rlari qoldi.


Jonim

Raqiblarim bir poda,
G‘animlarim ko‘p, jonim.
Zahrim sochsam mabodo,
Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

Ko‘zday yaqin do‘stlarim,
O‘yishga shay ko‘zlarim.
Nordon bo‘lsa so‘zlarim,
Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

G‘ussa yog‘ar samodan,
Qayg‘u sapchir daryodan.
Men ketsam, bu dunyodan,
Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

Ko‘ngli siniq edimmi,
Ko‘ksi tiniq edimmi,
O‘z boshimni yedimmi,
Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

Mana bu bog‘i nazm,
Ilonlar qurar bazm.
Ikki tillilik – rasm...
Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

Yosh boshimga ming savdo,
Dushmanim to‘p-to‘p, jonim.
Jahl qilsam mabodo,
Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

Yurak bag‘rim qon bugun,
Topganim yolg‘on bugun.
Tomog‘imda jon bugun...
Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

To‘rt tarafga chopaman,
Faqat ozor topaman.
Men dunyodan xafaman,
Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

Go‘zalsan malakdayin,
Senga ne tilak deyin,
Sevmagin mendan keyin,
Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

Yuzlarimdan o‘p, jonim,
Ko‘zlarimdan o‘p, jonim,
Ranjitsam ham kulib tur,
Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.


Kosa

Nukusdagi Savitsskiy muzeyida kosa uchun teridan tikilgan g‘ilof bor.

Bir teri ichida necha bor ozib,
Necha bor semirar ushoq mol, derlar.
Ultonda avval ham tuzbo‘ron to‘zib,
Yana lim-lim to‘lgan Ko‘k Orol derlar.

Umidim bor Tangrim marhamatidan,
Qardoshim xo‘rsinsa, ko‘zim to‘la yosh.
U ham bovurim deb tushib otidan
Chinni kosasida tutar go‘ja osh.

Oyog‘im tagida kuldirgichim bor,
Bitta joyni bosib turolmayman hech.
Axir, yo‘llarimda Xiva intizor,
O‘shdaman saharda, Mo‘ynoqdaman kech.

Qo‘shiqlar to‘qiyman og‘ir va quvnoq,
Jon berib tinglayman el bayotini.
Safarda topganman, do‘st qoraqalpoq,
Ko‘ngil kosasining ehtiyotini.

Ustyurt cho‘llarida yuragim kuygan
(Qo‘y yungin jingala qilar bu oftob).
Sarvinoz, qimizmi, qimrondan quygin,
Yuragim bug‘lanib ketadi shu tob!

Ko‘ngil ko‘ngildan suv ichsa qonajak,
Jonon kosa berdim senga, jonona.
Ajiniyoz bo‘lib sochayin chechak,
Roziman, qo‘lingda to‘lsin paymona!

To‘nkarib qo‘yilgan kosa – o‘tov bor,
Qo‘biz bor, chanqovuz, shu-da chang‘aroq.
O‘rtada muhabbat yoqqan olov bor,
Tutuni yo‘q hisob, cho‘g‘i yarqiroq.

Terisiga sig‘mas diydordan o‘zbek,
Firoqqa topolmas ayni dam bardosh.
Do‘ppimni qo‘ynimda saqlaganimdek
Qora qalpog‘ingni asragil, qardosh!


Tavakkal

Bir o‘zinga tavakkal, Tangrim, sendan so‘rayman,
O‘ylarimni ilohiy chechaklarga o‘rayman.
Tillo o‘g‘illar berding, kumushdayin qiz berding,
Imkon ham ber, shularning farog‘atin ko‘ray man.

Kumushimga Kumushning qolgan umrin qo‘shib ber,
O‘g‘illarga mirzolar shashtini ham jo‘shib ber.
Baxt berganda, iltimos, gashtini ham qo‘shib ber,
Sihatlikda keksalik gashtini ham suray man.

Izzat qildim kelgancha qo‘limdan va dilimdan,
Dadamga extiromim qaytsayoq bas o‘g‘limdan.
Yurtin sevishsa bo‘ldi, men sevgandek ko‘nglimdan,
Yo‘qsa sho‘r devor kabi nursizgina nurayman.

Ishonganim o‘zingsan, begona tutma, Tangrim,
Xayolimdasan doim, sen ham unutma, Tangrim,
Majolim yetganidan ko‘pini kutma, Tangrim,
Baytim bilan dillarda Baytullohlar quray man.

Do‘sti nodon yetarli, boshqa mol kerak emas,
Sevgili yor so‘zidan o‘zga bol kerak emas.
Dam shu damdir, shu holdan o‘zga hol kerak emas,
Ko‘pga ber, ko‘p qatori hovuch ochib turay man.

Har zarrangda hikmat bor, zarra qadar illat yo‘q.
Himoyatingdan o‘zga men faqirga himmat yo‘q,
Sendan so‘rayveraman, bitta senda minnat yo‘q,
Shafoat qil, bir sening poyingga bosh uray man!

* * *

Shoir she‘rlari MP3 formatda:

Iqbol Mirzo - Ayyor qiz.mp3
Iqbol Mirzo - Bobolarga munosib bo'l.mp3
Iqbol Mirzo - Bu dunyoga kelganim.mp3
Iqbol Mirzo - Dala. Mezon. Qizlar. Tarozi.mp3
Iqbol Mirzo - Faqat biz birgamiz.mp3
Iqbol Mirzo - Istaysizmi-yo'qmi sizni sevaman.mp3
Iqbol Mirzo - Ko'nglingda nima bor bilmayman.mp3
Iqbol Mirzo - Ko'ylaklari bilan cho'milgan qizlar.mp3
Iqbol Mirzo - Kuni kecha uchrashdik.mp3
Iqbol Mirzo - O'zbekiston.mp3
Iqbol Mirzo - Ona.mp3
Iqbol Mirzo - Pushaymon.mp3
Iqbol Mirzo - Senga barmog'imni tegizmayman, Oy.mp3
Iqbol Mirzo - Shavkat Rahmon.mp3
Iqbol Mirzo - Yolg'iz.mp3
Iqbol Mirzo - Yurt qo'shig'i.mp3
Iqbol Mirzo - Zamonni yomonlama.mp3

* * *

Shoir videolari:

Iqbol Mirzo bilan intervyu
Iqbol Mirzo "Rakurs" ko'rsatuvida
Iqbol Mirzo "XXI asr she’riyati" ko‘rsatuvida

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.