OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Turob Niyoz (1959)

Turob Niyoz 1959 yilda Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidagi Qoratosh qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan. “Muhabbat osmoni”, “Gullagan bog‘lar”, “Muhabbat gullari”, “Ochiq yurak”, "Ko‘ngilga murojaat", "Ummon yurak" nomli she’riy kitoblar muallifi.

OILANG TINCH BO‘LSA

Oilang tinch bo‘lsa, ko‘ngil xotirjam,
O‘zingni qushlarday yengil sezasan.
Mag‘lub qo‘shin kabi chekinadi g‘am,
Umringni baxt, shodlik bilan bezaysan.

 Mehrga ko‘milib yashaysan doim,
Yolg‘izlik azobin bilmay o‘tasan.
Kelajakka ishonch bo‘lar hamrohing,
To‘siqlarni pisand qilmay o‘tasan.

G‘ALLAOROL SHAMOLI

Tong otib ochiladi qishlog‘imning jamoli,
O‘sha onda boshlanar G‘allaorol shamoli.

Bir zum bo‘lsin tinmaydi uning “g‘ir-g‘ir” ovozi,
Quyosh botdi deguncha taqqa to‘xtar parvozi.
 
Men uni sog‘inaman shaharda yurgan chog‘lar,
Ko‘z oldimga keladi ko‘kni ko‘targan tog‘lar.

Arg‘umoqday yugurib yurganday tuyuladi,
Men borsam chopib kelar – naqadar suyunadi.
 
Bag‘riga olar meni eng yaqin odam kabi,
Sochlarimni silaydi mehribon onam kabi.
 
GUMON

Men seni ilk bora ko‘rib turibman,
Ichingda nima bor – bilmasman hali.
Shundan gumonlarga borib yuribman,
Senga ishonmoqning kelmadi gali.
 
Azizam, sen mendan qilmagin gina,
Ishonib kuyganman o‘tda necha bor.
Ba’zilarni ko‘rdim, ishongan da’fa,
Asl basharasin etgaydir oshkor.

MANZARA

Tog‘lar – uzun karvon, chiqmas bir sado,
Yo‘lda davom etar qator, tizilib.
Ammo qaerdandir soy bo‘ldi paydo,
Karvon teng yarmidan qoldi uzilib.

TO‘RTLIKLAR

Parijni ko‘rmadim – bu armon emas,
Badavlat bo‘lmadim – bu armon emas.
Baxtliman, vatanim, bag‘ringda yashab,
Mehringga qonmadim – bu yolg‘on emas.

* * *

Vatanni sevmagan hech kimni sevmas,
Hech nimani aziz, muqaddas demas.
Unday odam bormi, yo‘qmi, bilmadim,
Mabodo bor bo‘lsa, u odam emas.

* * *

Birinchi hofizdir, albatta, ona,
Olam loldir alla aytganda ona.
Hayot o‘zi nima? Nimadir vatan?
Ularni ham bizga anglatgan ona.

* * *

Muhabbatda bor rostdan sehr,
Yuraklarni qo‘yar sehrlab.
Agar shunday bo‘lmasa axir,
Bo‘ysinmasdi unga qaysar qalb.

* * *

Ba’zida o‘zimga yetmaydi kuchim,
Ojizlikdan yonar vujudim, ichim.
O‘zini yengolgan chinakam marddir,
Shunday inson bo‘lish muqaddas burchim.

* * *

Sodiq do‘stni qanday topmoq kerakdir,
Odamlarga qanday yoqmoq kerakdir?
Ushbu savollarga javobim bitta:
Odamga odamday boqmoq kerakdir.

* * *
Goho olov, gohi namdir ko‘zimda,
Goho shodlik, gohi g‘amdir ko‘zimda.
Ko‘zlarimga boqib bo‘lmagil hayron,
Yurak tug‘yonlari jamdir ko‘zimda.

* * *
Ortidan quvgandim, baxt tura qochdi,
Hayot ham ayamay zahrini sochdi.
Qo‘lni siltab, o‘zni mehnatga urdim,
Baxtning o‘zi kelib, bag‘rini ochdi.

IKKI DARYO ORALIG‘IDA

Ulug‘ insonlarning avlodi yashar,
Ular bo‘stondagi gullarga o‘xshar,
Dunyoning husniga husn, ko‘rk qo‘shar,
Ikki daryo oralig‘ida.

Xalqimning bardoshi metindan, toshdan,
Sonsiz sinovlarni kechirdi boshdan,
Intilib baxt topdi hurlik – quyoshdan,
Ikki daryo oralig‘ida.

Dunyo ahli bizga boqar hayratda,
Duch kelmagan edi bunday g‘ayratga,
Xalqim maqsadiga yetar albatta,
Ikki daryo oralig‘ida.

YAXSHI ODAMLAR

Unutib bo‘lmas hech xizmatingizni,
Bebaho fazilat, xislatingizni,
Joyiga qo‘ydimmi izzatingizni,
Ey, menga yaxshilik qilgan odamlar?

Yuragimdan tashvish, g‘amni oldingiz,
O‘rniga bir olam quvonch soldingiz,
Eng aziz, qadrdon bo‘lib qoldingiz,
Ey, menga yaxshilik qilgan odamlar!

Bildimki, qalbingiz mehrga to‘la,
Uni baxsh etdingiz menga bir yo‘la,
Ko‘nglimda yo‘qoldi gumon, g‘ulg‘ula,
Ey, menga yaxshilik qilgan odamlar!

G‘araz, ta’malardan juda yiroqsiz,
Xalqim deb jonidan kechgan Shiroqsiz,
Umrim yo‘llarida yongan chiroqsiz,
Ey, menga yaxshilik qilgan odamlar!

YURAGIMDA YASHAYSIZ, ONA

Tashvishsiz, baxtiyor bola edim men,
Ochilib, yashnagan lola edim men,
Axir bag‘ringizda o‘sib, undim men –
Yuragim to‘rida yashaysiz, ona.

Ba’zan yo‘qligingiz juda bilinar,
Shunday payt yuragim g‘amdan tilinar,
Kim o‘z nasibasin menga ilinar?
Yuragim to‘rida yashaysiz, ona.

Bilaman, hech kimsa sizdek bo‘lolmas,
Dilimda ne kechar – zinhor bilolmas,
Men uchun jonini fido qilolmas –
Yuragim to‘rida yashaysiz, ona.

Ko‘z o‘ngimdan sira ketmaysiz nari,
Sog‘inchim ortadi vaqt o‘tgan sari,
O‘zingiz baxsh etgan shu jon singari –
Yuragim to‘rida yashayciz, ona.

AYON BO‘LMASA

Qadriga yetmaysan aslo jimlikning,
Gar shovqin bo‘lmasa, bo‘ron bo‘lmasa.
Qadriga yetmaysan hech yaxshilikning,
Yomonlik bo‘lmasa, yomon bo‘lmasa.

Visolning qadriga yetmaysan zarra,
Ayriliq bo‘lmasa, hijron bo‘lmasa.
Tiriklik qadrini bilmaysan sira,
Bir kuni ketishing ayon bo‘lmasa.

TUN

Zaminga hukmron bo‘lar o‘n besh kun,
O‘n besh kun suvdagi baliqday yayrar.
O‘n besh kun qayg‘uni unutadi tun,
O‘n besh kun dunyoni zimiston aylar.

Xuddi lahza kabi o‘tar o‘n besh kun,
Ko‘kka oy chiqadi tig‘day yaltirab.
O‘zini taqdirga topshiradi tun,
O‘n besh kun yashaydi yana qaltirab.

BARG

Ne bir sinovlarga dosh aylagan barg,
Bandidan uzilib tushdi zaminga.
Bu yorug‘ dunyoni mangu etdi tark,
Aziz maskanidan ketdi manguga.

Eng so‘nggi manzilga kuzatdi shamol –
Bilmam, qaylargadir ketdi uchirib.
Keksa daraxt esa turar karaxt, lol –
Ayriliq dog‘ini bo‘lmas o‘chirib.

DUNYO UYDIR...

Dunyo uydir, devorlari yo‘q,
Tomi esa fazo – keng osmon.
Chirog‘idir quyosh – ulkan cho‘g‘,
Mehmon unga barcha tirik jon.

Maqsadiga yetar bu uyda,
Ezgulik deb yashagan inson.
Tushajakdir ming bitta ko‘yga,
Egri qadam tashlagan inson.

TILAK

“Olam go‘zal bo‘lsin,
olam tinch bo‘lsin,
Baxtiyor yashasin
dunyoda hamma!”
Bu tilak ushalar,
ushalar so‘zsiz,
Shunday o‘ylasa,
shunday tilak qilsa,
shunga intilsa
barcha insonlar.

SHAMOL

Noming juda ko‘p erur shamol,
Ular a’molingga qarab qo‘yilgan.
Dovulga aylansang, jon saqlash mahol,
Dengizchilar kemasidan ayrilgan.

Quyunga aylanib, qumli sahroda,
Boshlaysan dahshatli, katta to‘polon.
Ko‘z ochib bo‘lmaydi bu vaqt, orada,
Qahringga yo‘liqqan qolmaydi omon.

Ayovsiz bo‘ronsan qahraton qishda,
Yo‘llarni qorlarga ko‘mib tashlaysan.
Odamlar dastingdan tushar tashvishga,
Tanni qaltiratib, ko‘zni yoshlaysan.

Bahor chog‘larida yeldirsan – mayin,
Maysa, daraxtlarni uyg‘otadirsan.
Tabiat yashnaydi esganing sayin,
Sokin ko‘llarni ham kuylatadirsan.

Yashnagan ekinu ochilgan gulni,
Bevaqt so‘ldirasan garmsel bo‘lib.
Goho yelvizaksan, og‘ritib belni,
Qochasan: “Oyog‘ing qo‘lingga olib!”

Ayni saratonda muzdek sabosan,
Rohat bag‘ishlaysan yuzlarni silab.
Ba’zida quvnoqsan – sho‘x shabbodasan,
O‘ynaysan qizlarning sochin tortqilab.

Fe’l-atvor, qilmishu a’moling bilan
O‘xshashib ketasan insonga shamol.
Bedor yurak kabi tinim bilmaysan,
G‘ayrating sig‘mas yer, osmonga shamol.

QISHLOQDOSHLAR

Bir-birini obdan bilishar,
Bir-birining dardiga malham.
Kimki, muhtoj, yordam qilishar,
Ammo minnat qilishmas hech ham.

To‘y-azada birga bo‘lishar,
Quvonch-qayg‘u – o‘rtada bari.
Birga o‘ynab, birga kulishar,
Kattakon bir oila singari.

Ular azim tog‘larga o‘xshar,
Suyanishar bir-birlariga.
Yolg‘izlik ne – bilmasdan yashar,
Minnatdordir taqdirlaridan.

TUNDA

Kuni tug‘di qurbaqalarning –
Ovozlari sukutni buzar.
Osmon – dengiz, yulduzlar – mayoq,
Unda yolg‘iz kema – oy suzar.

Ko‘rshapalak uchar adashmay,
Cho‘g‘day yonar boyqush ko‘zlari.
Bog‘lar aro yel kezar shoshmay,
Sezilmaydi bosgan izlari.

BAHOR

Elchi bo‘ldi yana boychechak,
Uyg‘onishdan berdi-ku darak,
To‘lg‘onadi sog‘ingan yurak –
Bu bahorning ajoyibotlari.

Daraxtlar bir kunda gulladi,
Jim yotgan sabolar so‘yladi,
Bulbul ham zavq bilan kuyladi –
Bu bahorning g‘aroyibotlari.

Yalpizlar ham chiqardi quloq,
Bo‘y ko‘rsatdi xushbo‘y ismaloq,
Qozonlarda qaynar sumalak –
Bu bahorning ziyofatlari.

Qizidi qirlarning yelkasi,
Kuldi lola – tog‘lar erkasi,
Jannat bo‘ldi o‘zbek o‘lkasi –
Bu bahorning iltifotlari.

Bokira dillarga tushdi cho‘g‘,
Ha, endi, ularga orom yo‘q,
Muhabbat tuyular yeru ko‘k –
Bu bahorning kashfiyotlari.

XOTIRA – SO‘LMAS GUL

Qalbimni zabt etding zo‘r alla kabi
Va senga intildim bir marra kabi.
Yoningda qolmoqni istadim juda,
Sochlaringga qo‘ngan gard, zarra kabi.

Ammo bunga iloj, chora yo‘q edi,
U dam mendek baxti qora yo‘q edi.
Yig‘ladim, oh urdim misoli Majnun,
Naylayin, seningdek Layli yo‘q edi.

Xotira – so‘lmas gul, nobud bo‘lmaydi,
Albatta, u kunlar unut bo‘lmaydi,
Eslasam, yuragim yonar lovullab,
Dunyoda sevgidek umid bo‘lmaydi.

TO‘RTLIKLAR

Tug‘ilgan maskani cho‘lmi yo bo‘ston,
Inson uchun buning yo‘q aslo farqi.
Muhimi – vatandir shu yeru osmon,
Uning bahosi yo‘q, yo‘q uning narxi.
 
* * *

Faqat o‘zni o‘ylash – yaramas illat,
Bir-birin qo‘llashdan yuksalar millat.
Ahil, inoq bo‘lib yashagan xalqdan,
Zulmat chekinadi, chekinar zillat.

* * *

Kimga issiq yoqar, kimgadir sovuq,
Kimgadir gul yoqar, kimga chirmovuq.
Har kimning o‘z ta’bi, qarashi bordir,
Meniki to‘g‘ri deb uraverma do‘q.

* * *

Kimdir Alloh taraf, kim shayton taraf,
Kim razolat taraf, kim imon taraf.
Ikkita tarafga bo‘lingan dunyo,
Ketib borayotir qayoqqa qarab?!

* * *

Orzular ko‘p bo‘lar bolalik chog‘i,
Sanasang, ko‘rinmas ular adog‘i.
Bizlarni oldinga chorlar to‘xtovsiz,
Orzular aslida umr bayrog‘i.
 
* * *

Sog‘ligimiz durdir – tengsiz, bebaho,
Lek uning qadriga yetmaymiz goho.
Oqibat chang bosib, tortgaydir xira,
Endi uni hech kim dur demas sira.

* * *

So‘zi bilan ishi boshqa, qarasang,
Yuzi tiniq, ichi qashqa, qarasang.
Bir qarashda bilib bo‘lmas hech neni,
Olmosday tovlanar, toshga qarasang.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.