OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zikrilla Ne’mat (1961)

http://ziyouz.com/rasmlar/poets/zikrilla_nemat.jpgZikrilla Ne’mat 1961-yilda tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini hamda O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasini tugatgan. O‘zbekiston Respublikasi IIV “Postda”, “Na postu” gazetalari va “Kalqon, “?it” jurnallari Birlashgan tahririyatining bosh muharriri.
Shoirning “Ikkimizning yoniq ishqimiz”, “Qaytar dunyo” (hikoyalar), “Ostonadan boshlanar Vatan”, “Spitamenning so‘nmas qo‘shig‘i”, “Ezgulik o‘lkasi” to‘plamlari va “Onam ekkan rayhonlar”, saylanmasi chop etilgan.


 Ishqing deb

Bir bulbuli sayrona bo‘ldim, sani ishqing, deb,
Har go‘shada hayrona bo‘ldim, sani ishqing, deb.

Yiroq ketolmay bir dam, yor, sham’i jamolingdan,
Parvonadek giryona bo‘ldim, sani ishqing, deb.

Kezib junun sahrosin, chekib Laylim jafosin, 
Majnun kabi mastona bo‘ldim, sani ishqing, deb.

Izlab Shirin dudog‘ing, yemirdim hijron tog‘in, 
Farhoddayin mardona bo‘ldim, sani ishqing, deb.

O‘t ichra Samandardek, haq izlab qalandardek, 
Bir Mashrabi devona bo‘ldim, sani ishqing, deb.

May ichmay gulkosangdan, ketmam, deb, darvozangdan,
Oxir poyi ostona bo‘ldim, sani ishqing, deb.

Hajringda, ey jonona, Zikrillo yona-yona, 
Ishq ahliga afsona bo‘ldim, sani ishqing, deb.

 
 Jonim bo‘ling

Ey nigor, sayr aylasam , yonimda sayronim bo‘ling,
Ishq aro lutf aylasam, shirin suxandonim bo‘ling.

Men sadoqat gulshanin ko‘zlab yo‘l olsam, jonginam,
Bir umrlik menga yo‘ldosh, nozli jononim bo‘ling.

Dahr aro necha g‘anim, g‘amlarga bo‘lsam gar duchor,
Barchasini bartaraf etmoqqa imkonim bo‘ling.

Chiqsa jonim nogahon bu ishq yo‘lida, ey nigor,
Siz mani jismim aro, jonim bo‘ling, jonim bo‘ling.

Topsamu Zikriy kamol, boshimga qo‘nsa baxt qushi,
Siz mani bag‘rimdagi eng baxtli insonim bo‘ling.


 Fig‘on

Yetolmay yor visoliga dilim aftoda oh chekkay,
Chidolmay g‘am-firog‘iga kuyib, g‘amboda oh chekkay.

Azaldan oshiq ahlining alamli qismati shulkim:
Nigorim, yori jonim, deb, ikki dunyoda oh chekkay.

Biri Laylim, biri Zuhrom, debon, yor hajrida bo‘zlar,
Ki, Majnun dashtda o‘rtansa, Tohir daryoda oh chekkay.

Menam Layli nahorimni sog‘inib volalar qilsam,
Meni ohu fig‘onimdan kuyib shabboda oh chekkay.

Bo‘lib qon tah-batah qalbim, mayi nob ixtiyor etsam,
Manam tok qonidurman deb, qo‘limda boda oh chekkay.

Manga mayu gulobingdan quy endi, charxi kajraftor,
Umid orzularim butkul bo‘lib barbod-a, oh chekkay.

Sog‘inib yori jonimni, ne tong, Zikrillo yosh to‘ksam,
Ko‘zim marjonlari titrab, shodayu shoda oh chekkay. 

 
 Kelmasmusan?

Sog‘inib yongay dilim, oh, dilbarim, kelmasmusan,
Yoritib ko‘nglim uyin, moh paykarim, kelmasmusan?

Necha yilkim kelmayin, bag‘rimni ko‘p qon aylading,
Bag‘ritoshim, ey sho‘xi siyminbarim, kelmasmusan?

Kechalar uyqumda ham noming tilimdan tushmagay,
Ey labi bolu so‘zi qand, shakkarim, kelmasmusan?

Tobakay qonimni to‘kkay nashtarin kipriklaring,
Ko‘zlari jallod o‘shal, sho‘x axtarim, kelmasmusan?

Zulflari – qalbga o‘yilgan o‘tli ishqim naqshiday ey,
Sochlari sunbulginam, mushk-anbarim, kelmasmusan?

Kelmasang jonon agar, tandin chiqib ketgay bu jon,
Rahm etib jonimga, ey jonparvarim, kelmasmusan?

Yo‘llaringga termulib, Zikrillo zor kutgay sani,
Husn mulkiga xoqonu qaysarim kelmasmusan?


 Dilraboning dastidan

Ohkim, devonaman bir dilraboning dastidan, 
Ishq aro to‘lg‘onaman sho‘x mahliqoning dastidan.

Kiprigin o‘qlab otar ikki hilolin yoy etib,
Dilginam bo‘ldi yaro, ul ikki yoning dastidan.

Zulflari bir juft ilondek jon qushimni ovlagay,
Endi bul qush jon berar, zulfi dutoning dastidan.

Toleim tonggin kutib, vaslin umid ettim, va, lek,
Kunlarim bo‘ldi qaro qoshi qaroning dastidan. 

Ko‘rmadim ko‘ngil berib, ul bag‘ritoshdan bir mehr,
Tun-kun chekdim jafo ul bevafoning dastidan.

Do‘st-yorlardin kechib, tanho o‘ziga dil berib,
Qoldim oshnosiz, netay, nooshnoning dastidan?

Bag‘ri qon bir lola yanglig‘ qovjirar qalbim mani,
O‘rtanib hijron degan dardu baloning dastidan.

Zikri Olloh aylab-aylab qolmadi tanda majol,
Endi men qayga boray javru jafoning dastidan?

 
 * * * 

Dedim: “Ishqingda kuydim, ey maµvashi jonona”.
Dedi: “Otashda kuymas, sham uzra qay parvona?”

Dedim: “Aqlu µushimni olding-ku, ey parivash”.
Dedi: “Bilmasmisan, Qays nechun bo‘lgan devona?” 

Dedim: “o‘tli ishqimni izµor etay, diloro”.
Dedi : “Sadaf ichra dur saqlanmasmu pinµona?”

Dedimki: “Visolingsiz jismimni tark etar jon,
Dediki: “Ahli oshiq ekan bermasmu mardona?!”

Dedim: “Kelgil, ey go‘zal, ishqimga vafo ayla”.
Dedi: “Husn aµliga aµdu vafo begona”.

Dedim: “G‘uncha dudog‘ing µajrida yondim, ey gul”.
Dedi: “Bulbul bo‘lursan, ishqimda yona-yona”. 

Dedim: “Sensiz, nigorim, menga dunyo kerakmas”.
Dedikim: “Sensiz, ey yor, men-da netgum jahona?”

 

SAMARQAND

Siyob sohillarin sarxush kezdim men, 
Xayollarim xayolingga bo‘lib band.
Kezgan sayin dilda mehring sezdim men,
Qadim Afrosiyobimsan, Samarqand.

Tosh asridan guvoh — Zamichchatoshing,
Omonqo‘ton — omon qolgan tosh boshing,
Zirabuloq — asriy oqqan ko‘z yoshing,
Yoshlar tomgan gulobimsan, Samarqand.

Iskandarga darvozasin ochmagan, 
Qutaybaga yurtin tashlab qochmagan,
Chingizlarga qarshi isyon boshlagan —
Shijoatu shitobimsan, Samarqand.

Mehvar aylab seni mulki Turonga,
Temur bobom ot solgan keng jahonga,
Sayqaldursan o‘zing yeru osmonga, 
Go‘zal yuzli mohtobimsan, Samarqand.

G‘ishti Zarafshondan bunyod etilgan,
Vatan turog‘idan obod etilgan, 
Har varag‘i zar va qondan bitilgan, 
Bobomeros kitobimsan, Samarqand. 

Ajdodlarning xazinasin saqlagan,
Ulug‘bekning yulduzlarin asragan,
Taronasi olam uzra yangragan —
Oltin torli rubobimsan, Samarqand.

Boshing uzra esib hurlik shamoli,
Kundan-kunga chiroy ochar jamoling,
Boqiy erur yurtim, baxtu kamoling,
Mangu so‘nmas oftobimsan, Samarqand.

DUNYOGA KELDINGU...

Har tong uyg‘onmasang dilda ishq bilan,
Bulbulga jo‘rovoz zo‘r qo‘shiq bilan,
Yov kelsa, chiqmasang qo‘lda tig‘ bilan,
Dunyoga keldingu kelmading nima,
Yo inson bo‘ldingu bo‘lmading nima?!

Sevsangu sevganing dardin sezmasang,
Majnun bo‘lib dashtu sahro kezmasang,
Yor uchun bir umr qalbing ezmasang,
Ishqida yondingu yonmading nima,
Yo oshiq bo‘ldingu bo‘lmading nima?!

El dardi o‘tmasa yurak-bag‘ringdan,
Yovlar titramasa g‘azab-qahringdan,
Yuraklar yonmasa yozganlaringdan,
Tug‘yonga to‘ldingu to‘lmading nima,
Yo shoir bo‘ldingu bo‘lmading nima?!

So‘nggi dam ortingdan faryod qolmasa,
Ezgu bir xotira, bir ot qolmasa,
Insoniy nomingdan isbot qolmasa,
Dunyoga keldingu kelmading nima,
Sen odam bo‘ldingu bo‘lmading nima?!

KO‘NGIL QOLMASIN

Qo‘l yo oyoq sinsa tuzalgay bir kun, 
Darz ketgan belni ham davolash mumkin.
Mehr ko‘zgusiga darz ketib, lekin,
Beg‘ubor dillarga hech gard yuqmasin,
Ko‘ngil sovumasin, ko‘ngil qolmasin.

Diydorning g‘animat ekanin anglang,
Do‘stu yorlar izin to‘tiyo aylang,
Ko‘zning qarosidek asrab-avaylang,
Dillardagi mehr o‘ti so‘nmasin,
Ko‘ngil sovumasin, ko‘ngil qolmasin.

Aqlning o‘rnini jahl olsa goh,
Vujudingiz g‘azab ichra qolsa goh, 
Qabohat lashkari qutqu solsa goh,
Adolat lashkari dog‘da qolmasin,
Ko‘ngil sovumasin, ko‘ngil qolmasin.

Kimningdir so‘zlari sinsa-da, sinsin,
Ayriliq muzlari sinsa-da, sinsin,
Ko‘zmunchoq ko‘zlari sinsa-da, sinsin,
Ammo qalb darz ketib, hech o‘ksinmasin,
Ko‘ngil sovumasin, ko‘ngil qolmasin.

MEHR ISTAB 

Ajoyibdir bu go‘zal hayot,
Mehr istar butun mavjudot.
Toki tirik ekan odamzot,
Muhabbatin qo‘msab yashaydi,
Ko‘ngil mehr istab yashaydi!

Diydorlashar yulduzu oylar,
Daryolarin tush ko‘rar soylar,
Oshiqlar yor yo‘lini poylar,
Visol borki olam yashnaydi,
Ko‘ngil mehr istab yashaydi!

Qaylardasan, ey nozli yorim,
Muhabbatim, ko‘ngilda borim,
Sog‘indim-ku, kel ey, bahorim,
Sensiz jonim, qalbim qaqshaydi,
Ko‘ngil mehr istab yashaydi!

Bog‘laringda kezib to‘zonlar,
Boshlansa-da bargi xazonlar,
O‘tsa hamki ne-ne zamonlar,
Sog‘inch bir kun ko‘zni yoshlaydi,
Ko‘ngil mehr istab yashaydi!

G‘animatdir har kun, har lahza,
Umr — ishqdan yaralgan maysa,
Kimki uning qadrin bilmasa,
So‘ng bir umr bo‘zlab yashaydi,
Ko‘ngil mehr istab yashaydi!

SOG‘INCH DARVOZASI

Qizilqum qo‘ynidan yor sasi keldi, 
Ona Buxoromning nafasi keldi, 
Ko‘kdan to‘lin oyning shu’lasi keldi,
U seningmu ilhaq ko‘zing, Buxorom,
Sog‘inch darvozasi — o‘zing, Buxorom!

Ko‘k birla sirlashur minoralaring,
“Mohi xosa” kabi sitoralaring,
Naqshinkor toqlaring — dilporalaring,
Somon yo‘li — nurli izing Buxorom,
Olam ostonasi — o‘zing Buxorom!

Minorai Kalon — qalbing mehvari,
Tarix ganjinasin noyob gavhari,
Talpinib yashaydir mudom ko‘k sari, 
Udir sening aytar so‘zing, Buxorom,
Quyoshday yorug‘dir yuzing, Buxorom!

Tuprog‘larin changin ko‘zimga surtay,
Gumbazlaring gardin kiprik-la artay,
Seni sog‘inganim oh, kimga aytay,
Ucharmu sening ham ko‘zing, Buxorom,
Sog‘inch darvozasi — o‘zing, Buxorom!

Momolarim yotar mozorlaringda,
Bobolarim ruhi — ozorlaringda,
Gul o‘stirar xalqim gulzorlaringda,
Garchi ko‘p bag‘ringda tuzing, Buxorom,
Tin bilmas bahor, yoz, kuzing Buxorom!

Onamdek turarsan, yo‘lga ko‘z tikib,
Men uchun goh ipak, goho bo‘z tikib, 
Sog‘inib borurman har gal entikib, 
Aylanayin sendan o‘zim, Buxorom,
Dilimdagi sog‘inch so‘zim — Buxorom!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.