OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ahmoq podsho

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda bir kambag‘al odam bor ekan. Peshonasida bittagina uyi bo‘lib, u ham qulab tushgan ekan. Kambag‘al ko‘p mashaqqatlar bilan qaytadan uy solibdi. Tomiga bordon yopib, yarmini tuproq bilan bostirgandan keyin qolgan yarmini yopishga pul topolmay, ustaga javob berib yuboribdi va «qolganini kuchim yetganda o‘zim yopib olarman», deb yangi uyga kirib o‘tiraveribdi.
Bir o‘g‘ri bu kambag‘alning uyini ko‘rib: «Bu odam boyib qolganga o‘xshaydi: yangi imorat solibdi, buni bir boplash kerak», deb tomga chiqadigan joyni kunduz kuni mo‘ljallab ketibdi.
O’g‘ri tun yarmiga kelib, tomga chiqibdi, endi hovliga tushaman deb tom ustida ketayotganda tomning omanatgina qilib bordon bilan yopib qo‘yilgan joyi o‘pirilib ketibdi. Shu paytda kambag‘al uyda yotgan ekan, o‘g‘ri «tap» etib uning ustiga tushibdi. Kambag‘al qo‘rqib ketib o‘g‘rini ushlayolmay qolibdi. O’g‘ri bo‘lsa kambag‘alning uyida hech narsa yo‘qligini ko‘rib, g‘azablanib chiqib ketibdi, ertasiga erta bilan podshoga arzga boribdi. Podsho:
— Kimsan? Nima arzing bor? — deb so‘rabdi. O’g‘ri:
— Shohim, men katta o‘g‘rilardan bo‘laman. Shu kecha birovnikiga o‘g‘rilikka borib edim, tomini bordon bilan omonat yopib qo‘ygan ekan, o‘pirilib ketdi, men uy ichpga yiqilib tushdim, oyog‘im sinishga sal qoldi, — degan ekan, podsho:
— Ha, talabing nima? — deb so‘rabdi. O’g‘ri:
— Uy egasiga jazo bersangiz edi, — debdi. Podsho uy egasini chaqirib, undan:
— Shu kecha bu odam tomingdan yiqilib tushgani rostmi? — deb so‘ragan ekan, kambag‘al:
— Rost, shohim, yaxshiki mening ustimga tushdi, bo‘lmasa oyog‘i sinardi, — debdi. Keyin podsho:
— Rost bo‘lsa seni dorga osish kerak, — deb kambag‘alni o‘limga buyuribdi.
Bechora kambag‘al, nima qilishini bilmay, yig‘lab podshoga:
— E shohim, mening nima gunohim bor. Tomni usta shunday bo‘sh yopib ketgan, — degan ekan, podsho:
— Unday bo‘lsa, buni bo‘shatib yuborib, dorga ustani keltirib osinglar! —debdi.
Yasovullar ustani olib kelishibdi. Jallod gunohsiz ustani dorga osmoqchi bo‘lganda, usta:
— Podsho, arzim bor, — debdi. Bu gapni jallod podshoga yetkazibdi. Podsho ustani chaqirtirib:
— Nima arzing bor? — deb so‘ragan ekan, usta:
— Shohim, bu ishda mening hech aybim yo‘q. Bordonchi bordonni siyrak to‘qib qo‘ygan ekan, bilmay yopaveribman. Agar bordon pishiq to‘qilganda ustiga odam chiqsa ham teshilmas edi, — debdi.
Podsho ustani bo‘shatib yuborib, bordonchini chaqirtiribdi:
— Bordonni sen to‘qiganmisan? — deb so‘rabdi. Bordonchi:
— Men to‘qiganman, — debdi. Podsho:
— Dorga buni osing! Hamma ayb shunda ekan, — debdi.
— Shohim, sizga arzim bor. Men bordonni hamma vaqt pishiq to‘qir edim, qo‘shnim yaqindan beri kaptarvoz bo‘lib qolgan. Shu qo‘shnim kaptarlarini havoga uchirganda, ularga qarab bordonni siyrak to‘qib qo‘yibman. Gunohimni kechirishingizni so‘rayman, — debdi bordonchi.
Podsho buni ham bo‘shatib, kaptarbozni oldirib kelib, dorga osishga buyuribdi. Kaptarboz aytibdi:
— Ey janob, men ishqibozlik bilan kaptar o‘ynayman. Bunda mening gunohim bo‘lmasa kerak. Meni o‘ldirganingizdan kimga foyda bor, bir kambag‘alni o‘ldirgandan ko‘ra, o‘sha o‘g‘rini o‘ldirsangiz el tinchir edi.
Buni eshitib podsho:
— Darhaqiqat, o‘g‘rining o‘zi gunohkor, sening gaping to‘g‘ri! O’g‘rini topib dorga osinglar! — debdi.
Yasovullar o‘g‘rini topib dorga osishibdi. Dor past, o‘g‘ri novcha ekan, oyog‘i yerga tegib qolibdi. Jallodlar borib podshoga arz qilibdilar:
— E shahanshoh, o‘g‘ri novchalik qildi, oyog‘i yerga tegib qolib o‘lmayapti, nima qilsak ekan?
Podsho:
— Shuni ham mendan so‘rab o‘tirasanlarmi?! Agar o‘g‘rining oyog‘n yerga tegib qolgan bo‘lsa, guzardan bo‘yi pakanaroq bir odamni topib, o‘g‘ri o‘rniga o‘shani osavermaysanmi? Shunga ham aqllaring yetmaydimi! — debdi.
Jallodlar ko‘chaga chiqib qarashsa, bir pakana odam bir qop orqalab ketayotgan ekan. «Podshoning aytgani xuddi shu-ku», deb pakanani dor tagiga olib boribdilar. Pakana odam:
— Mening nima gunohim bor? Meni nega dorga osasizlar? Podshoga arzim bor, — debdi.
Podsho dor yoniga kelib tomosha qilib turgan ekan, pakanadan:
— Ayt, nima arzing bor? — deb so‘rabdi. Pakana aytibdi:
— Shohim, men bir kambag‘al odamman. Goh tog‘dan o‘tin keltirib sotaman, goh hammollik qilaman. Shu bilan bola-chaqamni boqaman. Nima gunohim borki, meni dorga ostirasiz?
Bunga podsho shunday javob qaytaribdi:
— E ahmoq, sening gunohing bormi, yo‘qmi, mening nima ishim bor. Ishqilib bir kishini dorga osish kerak-da. O’g‘rini dorga ostirsak, bo‘yi novchalik qilib, oyog‘i yerga tegib qoldi. Sen juda bop kelding. Peshonangdan ko‘r.
Pakana yana ruxsat so‘rab:
— Shohim, o‘g‘ri novchalik qilgan bo‘lsa, dor tagini bir oz o‘ydirsangiz, oyog‘i yerga tegmaydi. Gunohkor novcha o‘rniga, bir begunoh kambag‘alni o‘ldirib yuborish adolatdan emas-ku! — debdi.
Podsho o‘ylab turib vazirga:
— To‘g‘ri aytadi, buni bo‘shatilsin. Dor tagidan chuqur qazilib, dorga o‘g‘rini osilsin! —deb buyuribdi.
Jallodlar o‘g‘rini dor tagiga keltirib, chuqur qaziy boshlashibdi. Shunda o‘g‘ri hovliqib:
— Tez qazinglar, vaqt o‘tmasin, meii tezroq osinglar! — deb qistayveribdi. O’g‘rining so‘zini podsho eshitib, undan:
— Nega buncha tiqilinch qilasan? — deb so‘raganda, o‘g‘ri:
— Taqsir, hozir jannatning podshosi o‘ldi, meni tezroq o‘ldirsalar, bitta-yarimta odam podsho bo‘lib qolmasdan, ildamroq borib jannatga podsho bo‘laman. Jannatning podshosi o‘layotganda: «Kim o‘lib, ilgariroq jannatga kelsa, o‘sha odamni podsho qilinglar», debdi. Shuning uchun qistayapman. Qani, tez bo‘linglar, — deb yana qistay boshlabdi.
O’g‘rining bu gapi podshoga yoqib, o‘ylab turib: «U dunyoda ham o‘zim podsho bo‘lay», debdi va jallodlarga qarab:
— O’g‘rini dordan bo‘shatib, o‘rniga meni osinglar! — debdi.
«Podsho amri vojib» deb, o‘g‘rini dordan bo‘shatib, o‘rniga podshoning o‘zini osgan ekanlar.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.