OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mulla Tappak

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir chol bilan kampir bor ekan. Ularning turmushi juda ham xarob ekan. Bir vaqtga kelib chol bilan kampir uch kun och qolibdi. Kampir ochligiga chidolmay, qo‘shnisinikiga chiqib, qornini to‘yg‘azib eri esiga tushib, bir burda non olib chiqibdi. Nonni eriga bera turib shunday debdi:
— Endi, siz ishlamasangiz, men ishlamasam, nima qilishimizni ham bilmay qoldim.
Kampir o‘ylanib turib:
— Siz o‘qimagan bo‘lsangiz ham, men sizni domla qilaman, bugundan boshlab boshingizga salla, qo‘lingizga uzun tasbih va bitta g‘ishtni chorsiga o‘rab, sizni sandalga o‘tqazib qo‘yaman, siz bo‘lsangiz sandalda o‘tirib, tasbihni qo‘lingizga olib, og‘zingizni pichirlatnb o‘tira bering, — debdi.
Kunlarning birida qo‘shnisining bolasi og‘rib qolibdi va bolasini ko‘tarib, qo‘shnisinikiga chiqibdi. U joyda, sandalda bir odam boshiga oppoq sallani o‘rab, qo‘liga tasbihni olib, hadeb pichirlab o‘tirgan emish. Bola ko‘targan xotin cholni ko‘rib qolibdi-da, uning xotinidan so‘rabdi:
— Qo‘shni, pochcham domlami? — debdi. Xotin esa:
— Voy, endi bildingizmi? Mening erim juda ham katta domla-yu, uning domlachiligini hech kim bilmay yurar edi, — debdi. Shunda qo‘shnisi turib:
— Bo‘lmasa aytib ko‘ring-chi, mening bolamga dam solib qo‘ymasmikinlar? — debdi.
Haligi o‘tirgan domla bolani olib dam solibdi. Shu iayt yig‘lab turgan bola tinchib qolibdi, bolaning onasi juda ham xursand bo‘lib domlaga pul berib, chiqib ketibdi. Ertasiga bu gap butun qishloqqa tarqalibdi. Shu kundan boshlab dam solgan cholga «Mulla Tappak» deb nom qo‘yishibdi.
Er-xotin juda ham yaxshi turmush kechira boshlashibdi.
Kunlardan bir kun podsho qo‘lidagi uzugini yo‘qotib, vazirini chaqirtirib:
— Mening yo‘qolgan uzugimni qanday bo‘lmasin topib berasan, bo‘lmasa boshing o‘limda, — debdi.
Shundan so‘ng vazir nima qilishini bilmay, butun domlalarni chaqirtirib, podshoning uzugi yo‘qolganini va uni qanday topish yo‘lini so‘rabdi, lekin hech kim uzukni topolmabdi. Shunda podsho shaharda bu domlalardan boshqa domla qolmadimikan, deb vazirdan so‘rabdi. Shunda vazir turib: «Bitta «Mulla Tappak» degan domla qoldi, undan boshqa hech kim qolgani yo‘q», debdi. Buni eshitgan podsho «Mulla Tappak» domlani chaqirtirib, o‘zining yo‘qolgan uzugi to‘g‘risida aytib: «Agar shu uzukni topmasang, seni o‘ldiraman, buni topish uchui senga uch kun muhlat beraman, topsang ham topasan, topmasang ham topasan», debdi. Shunda «Mulla Tappak» domla nima qilishini bilmay: «Bo‘lmasa meni bitta uyga olib kiringlar va uch kun mening oldimga hech kim kirmasin», debdi. Shunday qilib «Mulla Tappak», domla shu uyda ikki kun o‘tiribdi. Uchinchi kuni domla juda ham xayol surib: Baribir meni podsho o‘ldiradi, deb o‘ylanib o‘tirgan, vazir bo‘lsa u vaqtda qani domla nima qilyapti ekan, deb poylab yurgan ekan.
Domla nima qilishini bilmay o‘rnidan turib, ikki qo‘lini ko‘kragiga qo‘yib: «Voy jon, voy jon, endi sen tutilding», deyotganmish. Vazir uni ko‘rib, qo‘rqib ketibdi va: «Endi uzukning mendaligini va otimni ham topdi, agarda men uning oldiga kirib aytmasam, podsho bilib meni o‘ldiradi», deb o‘ylab shoshilib domlaning oldiga kirib o‘zini tanitibdi. Vazirning ismi «Voyjon» ekan. Voyjon butun voqeani aytib, uzukni «Mulla Tappak» domlaning qo‘liga berib:
— Endi nima qildik, qanday qilib uzukni podshoning qo‘liga beramiz, — deb maslahat so‘rab turganda, domla xursand bo‘lganidan nima qilishini bilmay: — Podshoning tovuqlari bormi? Siz menga bir belgili tovuqnn olib kelib bering, o‘zim to‘g‘rilayman, — debdi.
Vazir bir tovuqni olib kelib, «Mulla Tappak» domlaning qo‘liga topshiribdi. Domla uzukni nonning ichiga o‘rab tovuqqa berib, tovuqni boshqa tovuqlarning ichiga qo‘shib yuboribdi. Ertasiga podsho domlani chaqirtirib, uzukni so‘rabdi. Shunda domla:
— Uzugingiz parrandalar suratida o‘tyapti, agarda mumkin bo‘lsa, siz butun parrandalaringizni ko‘z oldimdan o‘tkazsangiz, — debdi.
Podsho butun parrandalarini domlaning oldidan o‘tkazibdi, shunda belgilangan tovuq kelganda, domla, xuddi shu tovuqni ushlanglar, deb tovuqni so‘yishga buyuribdi. Tovuqni so‘yib, jig‘ildonini yorib, qarashsaki, podshoning uzugi chiqibdi. Podsho uzugini ko‘rib, ko‘p xursand bo‘lib, «Mulla Tappak» domlaga ko‘p pul berib, uyiga jo‘natibdi. Shu bilan «Mulla Tappak» domla xotini bilan bon bo‘lib, yaxshi turmush kechira boshlabdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.