Bor ekan-da, yo‘q ekan, och ekan-da, to‘q ekan, qadim zamonda, Marg‘ilon tomonda Aql bilan Davlat bo‘lgan ekan. Bir kuni Aql bilan Davlat uchrashib qolishibdi. Ikkovlari bahslashib qolibdilar. Shunda Davlat Aqlga:
— Men sendan ustun turaman. Sen bo‘lmasang ham, men kun ko‘raveraman. Sen keyingi o‘rinda turasan, — debdi. Aql:
— Kel, unda kuch sinashamiz, — debdi.
Ular yurib-yurib bir yerga boribdilar. Qarasalar, bir bola bir yoniga tosh, bir yoniga mayda kesak olib, jo‘xori qo‘riyotgan emish. U bir boyning xizmatkori ekan. Har kuni ertadan-kechgacha jo‘xoriga qo‘nadigan chumchuqlarni qo‘rib o‘tirar ekan. Shunda Aql Davlatga:
— Qani, hunaringni bir ko‘rsat-chi, — debdi-da, o‘zi ketibdi.
Davlatning buyrug‘i bilan bolaning har bir otgan toshi tilla, har bir kesagi esa gavhar bo‘lib yerga tushaveribdi. Shu vaqt podsho o‘z odamlari bilan sayrga chiqqan ekan. Shunda podshoning yoniga bir tilla kelib tushibdi. Podsho hayron bo‘lib, uni qo‘liga olib qarasa, haqiqatdan ham tilla ekan. Ketma-ket gavhar ham kelib tushibdi. Podsho va uning odamlari bu sir bilan qiziqib qolib, tilla va gavharlarning qaerdan kelayotganini qidira boshlashibdi. Ular jo‘xori qo‘riyotgan bolani ko‘rib qolishibdi. Bola har bir otgan toshi tillaga, har bir otgan kesagi esa gavharga aylanib qolayotganini bilmas ekan. O‘zi parishonxotir o‘tirar ekan. Chunki unda davlat bo‘lgani bilan, aql yo‘q ekan-da.
Podsho bolani o‘zi bilan saroyga olib ketibdi. Bola saroyda nimani ushlamasin, hamma narsa tilla va gavharga aylanib qolaveribdi. Podshoning ziyrak vaziri bor ekan. U podshoga:
— Shunday sehrli bolani qo‘ldan chiqarmasdan, unga kizingizni berib, kuyov qilib oling, — deb maslahat beribdi.
Podshoning bir go‘zal qizi bor ekan. Podsho tilla va gavharlardan qasr soldiribdi. Qirq kecha-yu, qirq kunduz katta to‘y qilib, bolani o‘ziga kuyov qilibdi va qurdirtirgan qasrini ularga beribdi. Lekin bola gapirmas, gapirsa ham, hech tushunib bo‘lmaydigan qilib gapirar ekan. Qiz rosa kutibdi, lekin bola hech narsa demasmish.
Shunda podsho qiziga:
— Nima qilib bo‘lsa ham, gapga solgin, gapirtir, — debdi.
Podshoning qizi unga gapirsa, bola qizni shunday tepib yuboribdiki, qiz ancha nariga borib tushibdi. Podshoning xizmatkorlari qizni podsho huzuriga olib kelibdilar.
Podsho kuyovini chaqirib, nega bunday qilganligini so‘rabdi. Bola "bilmayman" deb turaveribdi. Podshoningjahli chiqib, bolani osishga buyuribdi. Uni dor tagiga olib borganlarida, aql yordamga kelibdi. Bola es-hushini yig‘ib qarasa, dor ostida turgan emish. Shunda:
— Nega meni dorga osyapsizlar? Men nima gunoh qildim? — deb so‘rabdi bola.
Podsho odamlari bo‘lgan voqeani unga aytib beribdilar. Bola hayron bo‘lib:
— Men hech qanday gunoh ish qilganim yo‘q edi-ku? Meni qo‘yib yuboringlar. Mening bir qari enam bor, u — yolg‘iz. Men jo‘xori qo‘rishim kerak, bo‘lmasa xo‘jayinim urishadi, — deb yig‘labdi. Keyin podshoning rahmi kelib, bolani ozod qilibdi.
Shundagina Davlat Aqlning kuchliligiga, usiz hech qanday ish bitmasligiga tan beribdi.