O‘tgan zamonda ikki qo‘shni yashagan ekan. Biri boy, lekin befarzand, ikkinchisi esa bola-chaqasi ko‘p-u, biroq nihoyatda kambag‘al ekan.
Bola-chaqasi ko‘p kambag‘al qo‘shnining uyi kecha-yu kunduz shovqin-suron, to‘polon, bag‘ir-bug‘ur bo‘lib, boy qo‘shnisiga hech tinchlik bermas ekan.
Bir kuni boy qo‘shni kambag‘alnikiga chiqib:
— Tinchlik berasizlarmi, yo‘qmi, yeyishga ovqatlaring yo‘q, hamma yoqdan qarz bo‘lib yotibsanlar-ku, kechasi-yu kunduz uylaringda kulgi, shovqin-suron, bu nima degan gap! — deb do‘q uribdi. Shunda kambag‘al javob qaytaribdi:
— Ey, qo‘shni, bizning oltin olmalarimiz bor. Shularni dumalatib o‘ynab, dimog‘imizni chog‘ qilamiz. Shuning uchun bizning uyimizdan kulgi arimaydi, —debdi.
Bu so‘zni eshitgan boy qo‘shni indamay o‘z uyiga kirib xotiniga:
— Xotin, sandiqni och, oltinlarni ol. Men ularni zargarga olib borib, ikkita oltin olma yasatib kelay, so‘ngra biz ham shod-xurram bo‘lib yashaymiz, — debdi.
Xotini sandiqdan oltinlarni olib eriga beribdi. Boy ularni zargarga olib borib ikkita olma yasatibdi. Olmalarni olib kelib uyida er-xotin toza dumalatishibdi. Biroq har ikkisida hech qanday kulgi paydo bo‘lmabdi. Ular oltin olmani dumalata-dumalata charchab, "endi qanday qilsak biz ham kulib, xursand bo‘lar ekanmiz", deb o‘ylashibdi. Nihoyat boy yana qo‘shnisinikiga chiqib so‘rabdi:
— Qo‘shni, biz ham oltin olmani er-xotin juda ko‘p dumalatib-dumalatib hech qanday xursandchilikka ega bo‘lolmadik. Buning siri nimada, aytib beringiz-chi? — debdi. Qo‘shnisi:
— Ey, boy bobo, bizning oltin olmalarimiz, kulgimiz, baxtimiz mana shu bolalarimiz. Biz har kuni shular bilan quvonamiz, kulamiz, yayraymiz. Natijada qiyinchiliklarimiz ham, qarzlarimiz ham unutilib ketadi. Bular bizning bozorimiz, — debdi.
Boy o‘zining befarzandligidan afsuslanib, peshonasiga bir urib, uyiga kirib ketgan ekan.