OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Arpa

Bor ekan-da, yo‘q ekan, och ekan-da, to‘q ekan, bir chol-kampir bor ekan. Ular juda kambag‘al ekan. Bir kuni kampir choliga:
— Chol, shu, arpa eksangiz, balki bir kunimizga yararmidi, — debdi.
Chol ozgina yeriga arpa ekibdi, lekin sal vaqt o‘tmay kasal bo‘lib, o‘lib qolibdi. Arpa o‘sibdi. Kampir bir kun qarasa, arpani bir echki yeb yotgan emish.
Shunda kampir:
— Hoy, echki, qoch, arpani yemagin, — debdi.
— Bir suzaman, ichaging uziladi, — debdi echki. Kampir xafa bo‘lib, yig‘lab ketayotsa, bir itga yo‘liqibdi. Kampir bo‘lgan voqeani itga aytib beribdi. It ham echkining yoniga kelib:
— Hoy echki, qoch, arpani yemagin, — debdi.
— Bir suzaman, ichaging uziladi, — debdi echki. It ham qaytib ketibdi. Keyin kampir o‘ziga o‘xshagan bir kampirga duch kelibdi:
— Ha, o‘rtoqjon, nima qilib yuribsan? — deb so‘rabdi u.
— Echki arpamni yeb qo‘yyapti, — debdi xafa bo‘lib. Kampir ham echkining yoniga borib:
— Hoy echki, qoch, arpani yemagin, — debdi.
— Bir suzaman, ichaging uziladi, — debdi echki unga ham.
U qochib ketibdi. Kampir yo‘lda bir ariga duch kelibdi. Ariga ham bo‘lgan gaplarni aytib berib, undan yordam so‘rabdi. Ari echki yoniga borib, biror og‘iz gapirmabdi ham, faqat chaqib olibdi.
Shunda echki dikirlab sakrab qochib ketibdi. Kampir esa xursand bo‘lib, arpani yig‘ib olgan ekan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.