Qadim zamonlarda bir kambag‘al bir boydan o‘n tilla pul qarz olgan ekan. Boy:
— Pulimni ber, — deb qistayveribdi. Kambag‘al hech ilojini topolmay:
— Pulingni bozordan keyin olasan, agar berolmasam, sonimdan bir qadoq go‘shtimni tilib ola qol, — debdi.
Bozordan keyin boy kelibdi. Kambag‘al bechora nima qilishini bilmay, sonini tutib beribdi. Boy hech tortinmay, pichog‘ini chiqarib bechoraning sonini endi "kesaman" deb terisiga pichoq urgan ekan, jon shirin-da, qattiq og‘ribdi. Kambag‘al:
— Dod! — deb qochib qolibdi. Sonidan bir parcha go‘shti shalvirab osilib boraveribdi. Boy uning orqasidan quvib ketibdi. Kambag‘al qochib ketaveribdi. Qochib borayotgan ekan, yo‘lda boshqa bir boyning xotini sigir sog‘ib o‘tirgan ekan, turtinib borib kambag‘al o‘zini sigirga uribdi, sigir boplab xotinni tepib yuboribdi. Xotin bo‘g‘oz ekan, bola tashlabdi, u boy ham kambag‘alning orqasidan quva ketibdi. Ikki kishi bo‘lib quvlab ketishayotgan ekan, kambag‘al qochib borib, og‘iz ochib, qornini do‘ppaytirib o‘tirgan mullaning qornini bosib olibdi, shunda mulla:
— Voy dod, qornimni yording! — deb, u ham kambag‘alning orqasidan tushibdi. Uchalasi quvib boraveribdi. Bechora kambag‘al urinib-turtinib ketayotgan ekan, yo‘lda yuk ortilgan bir eshakka o‘zini urib, yukni ag‘darib yuboribdi. Eshakning egasi:
— Yukni qayta ortib ber! — debdi. Kambag‘al yukni ortaman deb eshakni botqoqqa botirib qo‘yibdi.
— Eshagimni botqoqdan chiqarib berasan! — deb turib olibdi egasi. Eshakni botqoqlikdan chiqaraman deb, dumidan ushlab tortgan ekan, eshakning dumi uzilib ketibdi. Qo‘rqqanidan yana ura qochibdi. Endi uni to‘rt kishi bo‘lib quvib ketishibdi. Kambag‘al qochib boraveribdi. Qochib borayotgan ekan, oldidan bir katta darvoza chiqibdi. Qorovullarning "hoy-hoy" deganiga qaramay, o‘zini darvozaga uribdi. Darvozadan ichkari kirsa, uyda shu yurtning qozisi bir xotin bilan o‘tirgan ekan. Qozining es-pesi chiqib ketibdi.
— Jon birodar, meni bu xotin bilan o‘tirganimni hech kimga aytmagin, — deb yalinibdi. Kambag‘al:
— Shunday, shunday, mening orqamdan quvlab kelayotgan balo-qazolardan qutqarsang, hech kimga aytmayman, — debdi.
— Men seni har qanday balodan qutqarib olaman, — deb va’da beribdi qozi.
Bir ozdan keyin kambag‘alni quvlab kelayotgan odamlar yetib kelib, qoziga arz qilishibdi. Birinchi da’vogar:
— Mendan bu bachchag‘ar o‘n tillo qarzdor, "qarzingni bermasam, sonimdan bir qadoq go‘sht kesib ol", deb aytgan edi, "kesib olaman" desam, qochib ketdi, — debdi. Qozi:
— Mayli, sonidan o‘sha o‘zing aytgan bir qadoq go‘shtni kesib olaqol, biroq bir qadoqdan ortiq kami bo‘lsa o‘zingning soningni kestiraman, — debdi.
— Kesib olmay turib, men qanday o‘lchayman? — debdi.
— Bo‘lmasa, bor ket! — debdi qozi. Boyning o‘n tillasi kuyib, jo‘nab qolibdi.
Keyin ikkinchi da’vogar kiribdi va:
— Bu odam mening xotinimning bolasini tushirib qo‘ydi, — debdi. Qozi:
— Xotiningni shu kishiga berasan, bir bola bo‘lguncha xotining shu kishinikida turadi, — debdi. Boy unamabdi.
— Sen ham bor, ket! — deb chiqarib yuboribdi. Uchinchi da’vogar mulla kirib:
— Og‘zimni ochib, qornimni to‘ydirib o‘tirgan edim, bu yaramas qornimni bosib o‘tib ketdi, — debdi. Qozi:
— Sen, bo‘lmasa bu kishining qornini yaxshilab to‘yg‘az-da, sen ham uning qornini bosib o‘ta qol, — debdi.
— Men buning ham qornini to‘ydirsam, yana ustiga bossam, hey, bu bo‘lmaydi, — debdi. Qozi uni ham haydab chiqarib yuboribdi.
To‘rtinchi da’vogar kiribdi. Oldingi uchta da’vogarning ishi nima bilan tugaganini ko‘rib, o‘zini bilmasga solibdi. Qozi uning qo‘lidagi eshakning quyrug‘ini ko‘rib:
— Ha, sen nimaga kelding? — debdi.
— Yo‘g‘-e, o‘zim shunday turibman, — deb javob beribdi.
— Qo‘lingdagi nima o‘zi? — deb so‘rabdi qozi.
— Ey, yelpig‘ichim, — debdi.
— Bo‘lmasa, sen ham jo‘na, — debdi qozi. Shunday qilib, bechora kambag‘al balo-qazodanqutulib qolgan ekan.