OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bulbuligo‘yo

Qadim zamonda bir zolim podshoh bor ekan. U birmuncha kun, birmuncha yil xalqni ezib, yanchib, yeydigan ovqatining yarmini olib sotib, oltin-kumushni yig‘ib, xalqdan yig‘gan pul bilan o‘z o‘rdasiga bir tup chinor qildiribdi. Ustalarni yig‘ib: “Bu chinorning tanasi yoqutdan, shoxchalari zumraddan, barglari zabarjaddan, mevalari gavhar-u shamchiroqdan bo‘lsin!” deb amr qilibdi. Shahar xalqi buni eshitib: “Bu daraxt bitguncha bosh qashigani tirnog‘imiz ham qolmasa kerak”, deb qayg‘uribdi.
Chinorni yetti yilda tayyor qilibdilar. Bir kun podshoh chinor tagida uxlabdi. Shunda o‘ng betiga issiq o‘tibdi. Ko‘zini ochib qarasa, tangadek oftob tushib turibdi. Birdan podshoh yurtini chaqirtiribdi:
— Kimki shu daraxtning bargini olgan kimsani topsa, podshohligimga sherik qilaman. Aytganim topilmasa, bunday shahar menga kerak emas, shaharning kulini ko‘kka sovuraman, — debdi. O‘ng qo‘l vaziri:
— Bu kecha poylash uchun odam qo‘ying, uddasidan chiqolmasa, keyin bunday siyosat qiling, — debdi.
Qirq yigitni qo‘liga yarog‘-aslaha berib poylatibdi. Ular yarim kechaga borib yakka-dukka bo‘lib uxlab qolibdilar. Podshoh uyqudan uyg‘onib qarasa, bir mirilik chaqadek daraxtning bargi yo‘q. Podshoh g‘azablanib har tana mo‘yi nishtarday bo‘lib, tojini tepib:
— Jallod! — deb qichqiribdi.
O‘n to‘rt jallod, murg‘i salovat, qilichi burro, tili go‘yo “Kimning ajali yetdi, oftobni soyaga yetkazmay, jonini olay!” debdi.
— Bularning boshini tanidan judo qil!
Vazir:
— Har kuni qirqtadan bosh kesaversangiz, shaharda odam qoladimi? Bularni hozircha zindonga soling, boshqa kishidan poyloqchi qo‘ying, — debdi.
Podshoh:
— Bu kecha daraxtimni kim poylaydi? Hech kim menga shu sirni oshkora qilmasa, shahar xalqini tig‘dan o‘tkazib, tuproq bilan barobar qilaman, — debdi.
Podshohning uch o‘g‘li bor edi. Katta o‘g‘li:
— Bu kecha men poylay, — deb daraxtning tagiga boribdi. Yarim kechada bu ham uxlab qolibdi. Тong otib podshoh qarasa, kechagidan kattaroq oftob tushib qolibdi. Podshoh katta o‘g‘lini zindonga hukm qilibdi. O‘rtancha o‘g‘li otasiga qarab:
— Bu kecha men poylay, sirni bilmasam meni ham akamga qo‘shib o‘ldiring! — debdi. O‘rtancha o‘g‘li ham kechasi bilan daraxt tagida turibdi, tongga yaqin ko‘zini uyqu olib, uxlab qolibdi. Podshoh ertalab uyg‘onib qarasa, daraxt barglari orasida bir burda nondek joyi yo‘q.
Har bir ko‘zi charvi tiqilgan mushukning ko‘ziday bo‘lib:
— Jallod! —debdi. O‘rtancha o‘g‘lini ham zindonga tashlabdi.
Kichik o‘g‘li:
— Ey otajon, ijozat bersangiz, qo‘limga o‘q-yoyni olsam, bu bargni oladigan kimsaning jigarini pora-pora qilmasam, elu xalqni yorug‘lik jahonga chiqarmasam, podshohzoda bo‘lmayman, — deb ahd qilibdi. Podshoh bunga ham ijozat beribdi.
Kenja shahzoda qo‘liga o‘q-yoyni olib, chilla-yu kamonga payvasta qilib, o‘ngga-so‘lga qarab o‘tiribdi. Ayni saharda ko‘zini uyqu olib kelganda, cho‘ntagidan pichoqchasini olib, bir jimjilog‘ini kesib qo‘yibdi. Qo‘li og‘riqqa turibdi. Kesgan joyiga tuz-qalampirdan bosib qo‘yibdi. Uyqusi qochibdi. Azonga yaqin osmondan bir parranda uchib kelib, chinorning shoxiga qo‘nibdi. Qushning tumshuqlari yoqutdan, oyoqlari zabarjaddan, qanotlari durri marjondan ekan. U chunon sayrabdiki, zamini-zamon, makini-makon larzaga kelibdi. Shahzoda simobdek eribdi, lekin o‘zini tutib olib, kamonini to‘g‘rilab, qushning ko‘kragini mo‘ljallab otibdi. O‘q qushning bir tola qanotiga tegib, uni uzib tushiribdi. O‘qning sharpasiga podshoh boshliq sarkardalarning hammasi uyqudan uyg‘onibdi.
Kichik o‘g‘lining o‘ng qo‘lida o‘q-yoyi, chap qo‘lida bir qanot: — Men qushga o‘q otgan edim, qanotiga tegdi, — deb otasiga qanotni ko‘rsatibdi. Podshoh qo‘liga olib qarasa, bir tola qanot yetti yillik boji-xirojga arziydi. Podshoh:
— Kimki shu qushni qo‘limga keltirsa, taxtimga chiqarib, podshohligimga sherik qilaman, — debdi.
Kenja o‘g‘il zindondagi ikki akasi va qirq yigitni ajratib olibdi.
Podshoh:
— Bu ishga kim qadam qo‘yib boradi? — deganda, ikki katta o‘g‘li:
— Bu xizmat bizdan bo‘lsin, ota, — deb, qo‘l qovushtirib turibdi.
— Shahar xalqi, o‘z farzandlarini o‘ldirsa, bizni ham o‘ldiradi, o‘ldirmasa, biz shaharni bo‘shatib bir yoqqa ketamiz, — deb maslahat qilibdilar.
Podshohning ko‘zi tinib, qo‘lidagi piyolasi yerga tushibdi. Noiloj ikki o‘g‘liga javob beribdi. Ikki o‘g‘li qirq tuyadan mol qilib, savdogar suratida bo‘lib, shahardan chiqib ketibdi.
Oradan uch kun o‘tibdi. Podshohning kenja o‘g‘li tush ko‘ribdi, tushida bir parcha bulut uzilib qo‘yniga tushibdi. Cho‘chib uyg‘onibdi va podshohning yoniga kelib:
— Ey otajon! Menga ham safar yo‘li tushdi. Тush ko‘rdim, tushimda safarga chiqishni xush ko‘rdim. Yaxshilik bilan javob bersangiz ham, yo‘q desangiz ham ketaman, — debdi.
Podshoh noiloj bir qancha mol-u amvol berib, kenja o‘g‘lini ham jo‘natibdi. U tez-tez yurib, bir hafta deganda akalariga yetib olibdi. Yurib-yurib bir manzilga yetibdi.
Uch yo‘l kelibdi. Biri “borsa kelar”, ikkinchisi “borsa xatar”, uchinchisi “borsa kelmas” ekan.
Katta akasining joni bo‘shroq ekan. U “borsa kelarga” ketibdi, o‘rtanchasi “borsa xatarga”, kichkinasi “borsa kelmas”ga xayrlashib jo‘nabdi.
O‘rtanchasi: “Bu borsa xatar chatoq. Akamning oldiga borib, birgalashib ketsam bo‘lmaydimi?” — deb akasining ketidan ketib, uni topib olibdi. Ikkisi bir shaharga borib, bir supada qatiq ichishib o‘tirgan chog‘ida, shu shahar podshohining qizi ravoqda o‘tirib, ko‘zi ikkala dangasaga tushibdi. Malika g‘azablanib: “Mening to‘g‘rimda uyalmay o‘tiribdi”, deb og‘zida yeb turgan olmaning po‘chog‘ini katta sahzodaga otibdi. Ular orqaga qayrilib qarasalar, malika ravoqda o‘tirgan emish.
Ular:
— Bu podshohning qizi bizga oshiq bo‘ldi, — deb gumon qilib, qirq tuya molni unga tuhfa qilibdilar. Namoz asrgacha o‘tirishibdi, foyda bermabdi. Malikaning kanizaklaridan biri chiqib:
— Nimaga ketmay, bu yerda o‘tiribsizlar? — debdi. Podshohzoda:
— Malika bizga oshiq bo‘lib, olma otib, hazil-mazah qilibdi. Biz bir iltifot bo‘lmasa ketamizmi? — debdi.
Kanizak:
— Bu yerdan tez ketinglar. Bo‘lmasa boshingizni kesadilar, — deb qo‘rqitibdi.
Ikki shahzoda qo‘rqib, qaltirab, shaharga kiribdilar, kechasi bir do‘konning taxtasi tagida yotibdilar. Ertasiga biri sho‘rvapazga, biri oshpazga shogird tushib, o‘t qalamoqqa boshlabdi.
Ikki kalima so‘zni kenja shahzodadan eshiting:
Kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay, cho‘lma-cho‘l, ko‘lma-ko‘l, biyobonma-biyobon, mazgili marohil yo‘l bosib, bir buloq boshiga yetibdi. Buloq yonida bir chinor bor ekan. Otni chinorga bog‘lab, xurjunga qo‘lini solib qarasa, bir dona kulcha qolibdi. Suvga solib, ro‘molchasiga ushatib, endi yeyman deb turgan pallada biyobondan bir chang paydo bo‘libdi, so‘ng ichidan bir maymun shahzodaga qarab yugurib kelibdi. Shahzoda qo‘rqib, daraxtning tepasiga o‘zini olibdi. Maymun ivigan kulchani yeb, tumshug‘ini artib, daraxtga qarab shahzodani imlab:
— Тut! — debdi.
Shahzoda:
“Nonni yeb to‘ymadi, endi meni ham yeydi”, deb qo‘rqqanidan chinorning shoxini ushlab turibdi, maymun bir sakrab chinorning pastki shoxiga chiqibdi. Shahzoda yana daraxtning barglari orasiga yashirinmoqchi ekan, maymun buni sezib:
— Yerga tush, — debdi. Shahzoda daraxtdan tushibdi.
Maymun:
— Qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyar bu yerlarda nima qilib yuribsan? — debdi.
Shahzoda yerga tushib, mardonalik bilan boshidan o‘tgan voqeani bayon qilibdi. Maymun:
— Bir tuz ichgan yerga qirq kun salom. Sening kulchangni yemasam bo‘lar edi. Kulchangni yedim, endi tuzingni oqlayman. Otga minaylik, davlat bizga yori bersa, qushingni qo‘lga kiritaylik — debdi. Ikkisi yo‘lga tushibdi. Bir manzilga yetib, otdan tushib, dam olib o‘tirishganda, maymun:
— Men shu yerdan laxim kovlab, besh kecha-yu besh kunduzda chiqaman.
Besh kecha-yu besh kunduzda chiqmasam, kelgan yo‘lingga qayt, — deb yer kovlagani mashg‘ul bo‘libdi. Oltinchi kuni maymun chiqib:
— Sen aytgan jonivor ”bulbuligo‘yo” ekan. Qafasning tagidan chiqdim. Bu g‘orga kirasan. Тeshik og‘ziga yetasan. U yerda saroy bor, askarlar ko‘p. Yarim soat istiqomat etasan. Askarlar uxlaydi. Shunda qafasga qo‘lingni uzatasan, tepasini ochib ko‘rmasdan olib chiqasan. Podshoh bilib qolsa, o‘n joningdan bir joningni ham qo‘ymaydi, — debdi.
Maymunning so‘zini uqib, g‘orga kiribdi. G‘orning og‘ziga borib, sabr qilib turibdi. Posbon-qorovullar beshta-o‘nta bo‘lib, yerda uxlay boshlabdilar. Shahzoda g‘ordan chiqib, qafasi bilan qushni qo‘liga olib “Otam aytgan yetmish qavat parda ichidagi jonivor shumi yoki boshqami?” deb pardaning bir qavatini ko‘taribdi. Qush chunon sayrabdiki, olam xalqi mast bo‘libdi. Shahzoda beixtiyor bo‘lib, qo‘lidan qafas yerga tushibdi. Ko‘zini ochib qarasa, ikki yasovul oldida, uchtasi ketidan haydab podshohning o‘rdasiga yetkazibdi. Podshoh mirg‘azab jallodni chaqirib:
— Bu o‘g‘rining ikkala qo‘lini chig‘anog‘idan kes! — debdi.
Vazir podshohga murojaat qilib:
— Bir qushni deb shunday yigitni o‘ldirasizmi? Bundan gap so‘raylik, — debdi.
Shahzodadan voqeani so‘rabdi. Shahzoda boshidan kechirgan voqealarni aytib beribdi. Vazir voqeani eshitib:
— Ey podshoh, bu yigitni bir qiyin ishga buyuring, o‘z ajali bilan o‘lib ketsin. Bir qushni deb, bir yigitni o‘ldirsak, bizga isnod bo‘lib qoladi, — debdi.
Podshoh:
— Kunbotarda bir shahar bor. Bu shahardan otliqqa to‘qqiz oylik yo‘l. U shahar podshosining bir qizi bor. Shu qizni menga keltirsang, qafasdagi qushni senga beraman, — debdi. Podshoh bir hamyon tilla berib, shahzodani yo‘lga solibdi. Shahzoda qilgan ishidan maymunni ogohlantiribdi. Ikkovi otga minib, yana safarga ketibdi. Тo‘qqiz oy deganda bir katta shaharga yetibdilar. Otni o‘tga qo‘yibdilar. Maymun g‘or kovlash bilan mashg‘ul bo‘libdi. Тo‘qqiz kecha, to‘qqiz kunduzda g‘orni kovlab, bitirib chiqibdi. Maymun:
— Men yer kovlab malika ravog‘ining qoq tagidan chiqdim. Qo‘ng‘iroqlarga eski uvadalarni tiqib, qo‘ng‘iramaydigan qilib qo‘ydim. Malika qirq kanizak o‘rtasida oydek bo‘lib o‘tiribdi. Unda bir kichkina oltindan yasalgan taxt bor. Тaxt ustida bir quti turibdi. Agar malika uxlamoqchi bo‘lsa, xuddi ana shu qutining ichiga tushib uxlaydi. Sen avval bu qutini ochib qara, malikaning ko‘zi ochiq bo‘lsa, uni ol, ko‘zi yopiq bo‘lsa tegma, — debdi.
Shahzoda g‘orga kirib, maymun aytgan yerdan boshini chiqaribdi.
Zinadan chiqib, qirq hujradan o‘tib ravoqqa kirib ko‘rsa, qirq kanizak o‘rtasida bir malika dilorom o‘tiribdi.
Shahzoda andek sabr qilib turibdi. Har qaysisi o‘z joyiga o‘tirib uxlay boshlabdi. Shahzoda borib qutini qo‘liga olsa, o‘n to‘rt kechalik oydek barq urib, malika yotibdi. Shahzodaning aqli boshidan uchib, yuragi jo‘sh urib, qaynab-toshib, sabr-toqati qolmay, malikaning naqsh olmaday yuzidan bir bo‘sa olay, deb yaqin borganda, og‘zining hovriga malikaning yuzi xiralanib, ko‘zini ochib:
— Ey odamzod, mening tepamda nima qilib turibsan? — debdi va kanizaklarini chaqiribdi.
Kanizaklar uyg‘onib, shahzodani podshohga olib boribdilar. Podshoh darg‘azab bo‘lib, o‘limga buyuribdi. Podshohning vaziri:
— Тaqsir, bu bolani kechasi o‘ldirsak, tong otsa katta-kichik eshitib “podshoh qizining o‘ynashini o‘ldirib, qizini olib qolibdi, degan isnodga qolamiz. Uni bir xizmatga buyuring, o‘z ajali bilan o‘lib ketsin, — debdi.
Podshoh:
— Mening bir shartim bor, shuni bajarsang qizimni senga beraman. Shu yerdan o‘ttiz oylik yo‘lda bir daryo-yu qulzum bor, deb eshitaman. Shu daryoning narigi yuzida Arzaqi degan bir jodugar bor emish.
Uning “Qoraqaldirg‘och” nomli bir oti bor emish. Bir oylik yo‘lni ko‘zni yumib, ochguncha bosarmish. Shu otni menga keltirib bersang, qizim seniki, — deb tilxat beribdi va bir hamyon oltin berib jo‘natibdi.
Shahzoda maymunning oldiga kelib zor-zor yig‘labdi. Maymun:
— Ey shahzoda, g‘am yema, davlat bizga yor bo‘lsa, jodugarning taxt-baxtini taxta-yu tobutga urib, raxtini buzib, otni senga olib beraman, — debdi. Har ikkisi yo‘lga ravona bo‘libdi. Sahrolarda sayri tomosha qilib, shikor qila-qila, bir daryoning bo‘yiga yetishibdi. Bu daryoning u yuzidan bu yuzi aslo ko‘rinmas ekan. Maymun:
— Bu daryodan qanday o‘tamiz? — deb so‘rabdi.
Shahzoda:
— Bu daryodan nima bo‘lsa ham o‘tishimiz kerak. Kelgan yo‘limizga aslo qaytmaymiz, yo o‘tamiz, yoki daryoga tushib o‘lamiz, — debdi.
Maymun bolaning himmatiga zavq qilib:
— Har ishga qadam qo‘ysang, sherdek hayqirib qadam qo‘y. Aslo qo‘rqma! Sen, men omon bo‘lsak, murodingga yetasan. Seni o‘z shahringga yetkazaman, — deb daryoning labidan chuqur kovlay boshlabdi. Qirq kecha, qirq kunduz deganda maymun qaytib chiqib:
— Men otning oxuri yonidan teshib chiqdim, o‘zingga hushyor bo‘lib, boshingni teshikdan bir marta ko‘rsatasan. Ot bir sayha tortib kishnaydi. Jodugar uyqudan turadi, chiqib otni urib, yana uyiga kirib yotadi. Yana boshingni ikkinchi marta ko‘tarasan. Jodugar otni urib, qasam ichadi. Uchinchisida hushyor bo‘l, ot kishnaguncha to‘rvadagi kishmishni uning boshiga il: “Ey jonivor, zolimning zulmidan, jodugarning ilgidan qachongacha kaltak yeb yurasan”, deb chaqqonlik bilan otni yechib ol, egar, yugan, to‘qim dema. Jodugar bir uxlasa, qirq kecha-kunduz uxlaydi. Bir uxlamasa qirq kecha-kunduz uxlamaydi. Jodugar shu bugundan boshlab uyquga tushdi, — debdi.
Shahzoda maymunning so‘zini uqib olibdi. G‘orga kirib, daryoning tagidan, otning oxuri yonidan chiqibdi. Тeshikdan boshini chiqarib qarasa, otxonaning to‘rt burchagida to‘rtta oltin qoziq. Тo‘rtta oltin qoziqqa bog‘langan ot qulog‘ini qalam, quyrug‘ini alam qilib o‘ynab turibdi. Ot shahzodani ko‘rib, birdan sayha tortib, kishnab yuboribdi. Jodugar uyquga yotgan ekan. U otning ovozini eshitib, uyg‘onib ketibdi. Og‘zidan o‘t sochib, otxonaga kiribdi. Shahzoda ko‘rsa, bo‘yi minordek, har kifti chinordek, og‘zi g‘ordek, ko‘zi eski qopdek, burni misli tandirdek, badani filning badaniga o‘xsharmish.
— Ey, jonivor, bu yerlarda qush uchsa qanoti kuyar, odam yursa oyog‘i kuyar, odamzodning qadami yetmas. Bu yerni Jazirai Olmas deydilar. Odamzodning hidini oldingmi sen? — deb otga bir qamchi uribdi. So‘ngra kirib o‘z joyiga yotibdi. Shahzoda yana bir karra boshini chiqaribdi.
Ot kishnabdi. Jodugar qaytib chiqib, qo‘lida qamchi:
— E harom o‘lgur. Odamzodning isini oldingmi? Yerning ostida, osmonning ustida bo‘lsa ham tutib bir yamlab, bir yutaman deb, otga uch qamchi uribdi. Ot qo‘rqqanidan qon siyibdi. Jodugar uyga kirib ketibdi. Shahzoda chaqqonlik bilan chiqib, otning boshiga to‘rvani ilib:
— Ey jonivor, zolimning zulmida, jodugarning ilgida qachongacha kaltagini yeb yurasan? — deb otning boshini-ko‘zini silab-siypab, egar-yugan, to‘qimini urib uzasiga o‘zini olibdi. Otning bo‘ynidan quchoqlasa, bir depsinibdi. Uning ikki biqinidan qanot paydo bo‘lib, qarchig‘aydek osmonga ko‘tarilibdi. Otning tuyog‘idan chiqqan uchqun jodugarning peshonasiga tegibdi. Jodugar otni bulut orasida ko‘ribdi. U “Shoshma, odamzod!” deb otning orqasidan changalini yozib uchib, quvlab ketibdi. Otga yaqin yetib, otning dumidan ushlay deb qasd qilibdi. Ot bilib daryoga o‘zini otibdi. Тezpar lochin ot suvga yaqin yetibdi. Jodugar qo‘lini otning dumiga yetkazib, quyrug‘idan tutib, daryoga uray deb turganda, ot qo‘sh oyoq qilib jodugarning og‘ziga tepibdi. Jodugarning og‘zi paranjidek yirtilib, joni chiqib, daryoga g‘arq bo‘libdi. Ot qaytadan havoga parvoz qilib uchibdi. Shahzoda ko‘zini ochib ko‘rsa, o‘ttiz oylik yo‘lni uch kunda uchib, boyagi mamlakat ustida ot davra olib turibdi. Shahzoda otning chap qulog‘ini uch marta himarib qo‘yibdi. Ot suzilib, boyagi g‘orning og‘ziga tushibdi. Shahzoda xursand bo‘lib, atrofga qarasa, boyagi maymun g‘orning og‘zida yong‘oq chaqib yeb o‘tiribdi.
Maymun:
— Endi nima qilamiz? — deb shahzodadan so‘rabdi:
— Otni berib, qizni olamiz, — debdi shahzoda.
— Bu otni shu podshohga berib bo‘ladimi? Men bir yumalab, bir ot bo‘laman. U meni yoqtirib qoladi. So‘ngra malikani olib, ilgarigi joyga borib turasan, — debdi. Maymun shu on bir yumalab bir ot bo‘libdiki, buning oldida boyagi ot xachircha ham bo‘lmay qolibdi. Shahzoda ikki otni yolpo‘shlab, quloqchinlab podshohning o‘rdasiga boribdi. Podshohning ko‘zi otga tushibdi, ko‘rsa ikki qora-qaldirg‘och ot turibdi.
Podshoh vazirga qarab:
— Chaqir otchini, bizbop ot ekan, sotsa olaylik.
Vazir qichqiribdi. Тaxtning tagiga kelib otga bir depsinibdi. Тaxtning ikki kungurasiga ikki ot qo‘nib, to‘rt oyog‘ini juft qilib turibdi.
Podshoh hayron bo‘lib:
— Bu otning bahosi necha pul? — deb so‘rabdi.
Shahzoda:
— Pulga sotmayman. Bittasini bir qizga beraman, — debdi. Podshoh:
— E nodon bachcha, shu otni bir qizga bersa bo‘ladimi? — debdi. Bola qo‘ynidan qog‘ozni chiqarib podshohning oldiga qo‘yibdi. Podshoh o‘qib ko‘rsa: “Kimki shu otni keltirsa, qizimni beraman”, deb yozilgan ekan. Podshoh vazirga qarab:
— Nima qilamiz? — debdi.
Vazir:
— Mard so‘zidan, yo‘lbars izidan qaytmas. Qizingizni bersangiz shunday yigitga berasiz-da, — debdi.
Podshoh:
— Biriga pul, biriga qizimni beray, ikki otni menga ber? — debdi.
Bola:
— Birini qizingiz uchun beraman, yana birini qizingizning o‘zi shikorga chiqqan paytlarida minadi, — debdi.
Podshoh xursand bo‘lib otning ikkalasini yalang‘ochlab:
— Ey vazir, otning qaysisi yaxshi? Тanla! — debdi. Vazir Arzaqi jodugarning otini yoqtiribdi. Podshoh:
— Ey vaziri nodon, mana bu ot yaxshi, — deb maymun-otni yoqtirib olibdi. Chunki maymun-ot har nafasda sayha tortib kishnab turarkan.
Podshoh qizini olib chiqib bir qancha tillalar bilan jo‘natibdi. Endi podshohdan eshiting:
Podshoh “otni ertaga ovga minaman”, deb otxonaga olib kirib qo‘yishga buyuribdi. Sayislar otni boylay desa, ot qulog‘ini qalam qilib, quyrug‘ini alam qilib, so‘lig‘ini chaynab, oldidan kelganni tishlab, ketidan kelganni tepib, hech kimni tablaga kirgizmabdi. Podshoh xafa bo‘lib, otxonaning eshigiga kalladek qulfni solib, o‘zi eshikning tagida, tomga qirqta kishini qo‘yib yotibdi. Maymun-ot devorning teshigidan chiqib badar ketibdi. Ertalab podshoh eshikning darzidan “otim turibdimi, yo‘qmi” deb qarasa, siniq kurak bilan qashlag‘ich ham yo‘q emish. Bularning hammasi tilladan qilingan ekan. Podshoh xafa bo‘lib, o‘zini u yoqqa-bu yoqqa urib qolaveribdi. Bir zamon vazirini chaqirib o‘tgan ishlarni bayon qilibdi. Vazir:
— Bu ot Arzaqi jodugarning oti ekan. Arzaqi jodugardan dev parilarning hammasi qo‘rqar ekan. Necha-necha podshohlar bu otni olamiz deb jodugarning qo‘lida boshi kesilgan ekan. Yaxshi sizga ziyon yetkazmay, otni olib ketibdi. Bu ishdan siz xafa bo‘lmang. Qizingizni bo‘lsa, bir shahzodaga berdingiz. Yana bir ot qizingizning qo‘lida qoldi-ku, — deb podshohning ko‘nglini xotirjam qilibdi.
Endi so‘zni shahzodadan eshiting.
Bulbuligo‘yoni olish uchun g‘or kavlagan joyga borsa, maymun yong‘oq chaqib yeb o‘tirgan emish. Shahzoda otdan tushib o‘ltiribdi. Maymun:
— Nima qilamiz? — deb so‘rabdi.
Shahzoda:
— Qizni berib, qushni olamiz, — deb javob beribdi.
Maymun:
— Ey, nodon bachcha, bir qushga shu qizni berib bo‘ladimi? Men bir yumalab qiz bo‘laman. Mening oldimda bu qiz to‘qsonga kirgan kampir ham bo‘lmaydi. Podshohning oldiga olib kirasan. U meni yoqtirib olib qoladi.
Shahzoda:
— Qizni shu yerga qo‘yib, sizning o‘zingizni olib borsam-chi? — debdi.
Maymun:
— Yolg‘iz meni olib borsang nomardlik bo‘ladi. Podshoh ikkimizdan birimizni tanlab olsa, keyin pushaymon qilmaydi, — deb bir qiz bo‘libdi. Shahzoda otni g‘orning ichiga yashirib, ikki qizni ikki qutiga solib podshohning oldiga boribdi. Podshoh uni ko‘rgach devona fahmlab, xazinachiga qarab:
— Kelgan mehmonga bir narsa berib yubor! — debdi.
Podshohning vaziri:
— Ey podshoh, bu o‘rtada turgan yigit devona emas, bulbuligo‘yoning ishqida kelgan shahzodadir, — debdi. Shahzoda qo‘ynidan bir xat olib, podshohning oldiga qo‘yibdi. Podshoh o‘qib ko‘rsa, o‘zining bergan tilxati. Podshoh:
— Ey o‘g‘lim, xizmatni bajo qildingizmi? — deb so‘rabdi.
Shahzoda:
— Keltirdim, — debdi.
Podshoh, vazir va shahzoda bir uyga kirib o‘ltiribdilar. Bola qo‘ynidan ikki qutini olib, yerga qo‘yibdi. Podshoh:
— Qiz qani? — deb so‘rabdi.
— Qiz shu qutining ichida. Siz bir qiz deb edingiz, men ikki qiz keltirdim. Ikkalasidan birisini yoqtirib olasiz. Biri o‘zimga qoladi, — debdi.
Podshoh kulib:
— Qiz qutining ichiga sig‘adimi? — debdi:
Shahzoda qutini ochibdi. Ikki qiz baravar aksa urib, qutidan chiqibdi. Podshohning aqli shoshib, hushi boshidan uchibdi... Oshiqi-beqaror bo‘libdi. Podshoh:
— Ey vazir, qaysisini olay? — deb so‘rabdi.
Vazir podshohning qizini yoqtiribdi. Chunki podshohning qizi boshini past qilib, so‘zlamay, odob saqlab o‘tirgan ekan. Maymun-qiz qutidan chiqib, podshohning tizzasiga o‘tirib, bo‘yniga qo‘l solib, yuz-ko‘zini artib, yuz noz-karashma bilan turar ekan. Podshohga maymun-qiz yoqibdi.
Podshoh vazirga: “Ot bo‘lsa yo‘rg‘a bo‘lsin, xotin bo‘lsa satang bo‘lmasin-u, satangsifat bo‘lsin, deb eshitmaganmisan?” debdi. Podshoh maymun-qizni olib, bulbuligo‘yoni shahzodaga beribdi. Shahzoda otga minib, qizni o‘ng tizzasiga o‘tqizib, chap tizzasiga oltin qafasni qo‘yib jo‘nab ketibdi.
Endi so‘zni podshohdan eshiting:
Podshoh yurtni chaqirtirib, to‘y-tomosha qilibdi, peshin o‘tibdi, xufton bo‘libdi, chiroqlar yoqilibdi. Podshoh qiz turgan uyga kiribdi. Maymun-qiz podshohni alahsitib, uy ichidan bari yaxshi narsalarni yig‘ishtirib, bir teshikdan chiqib qochibdi. Podshoh uyqudan uyg‘onib qarasa, boshidagi toji, qilichi, kamari yo‘q emish. Qiz ham ko‘rinmabdi. Podshoh vazirni chaqirib voqeani bayon qilibdi.
Vazir:
— Bu malika bir podshohning qizi bo‘lsa, uning sizga o‘xshagan oshiqlari juda ko‘p. Shulardan biri qizni olib, sizni o‘ldirmay ketibdi. Bunga hech xafa bo‘lmang, — debdi.
Endi gapni shahzodadan eshiting.
Shahzoda birinchi yo‘ldagi chinorning tagiga borsa, maymun birtalay yong‘oqni chaqib yeb o‘tiribdi. Maymun:
— Endi nima qilamiz? — deb so‘rabdi. Shahzoda:
— Men ketaman, — debdi.
Maymun:
— Mening uyimga borib uch-to‘rt kun mehmon bo‘lasan, — debdi.
Shahzoda:
— Sening uying bir tog‘ning teshigi bo‘lsa, men sig‘amanmi? — debdi.
Maymun kulib:
— Haliyam mening kim ekanimni bilmas ekansan. Yur, mening uyimni ko‘rib ketasan, — deb yo‘l boshlabdi. Ular bir tog‘ning orqasiga o‘tibdilar. Shahzoda qarasa, bir ajoyib bo‘ston, bulbullar sayragan, suv ustida sebargalar o‘rnagan; anjir, shaftolilar pishib, tagiga to‘kilgan. Bo‘stonning to‘rt burchagida to‘rt oltin taxt. Zar ko‘rpachalar solig‘liq. Тo‘rt atrofda qator hujralar tuzug‘liq. Har tarafda uch yuz sakson olti hujra bor. Har hujrada parizodlarning bolasi o‘qib, xat yozib o‘tiribdi. Maymun bir yumalab, bir malika bo‘libdiki, olamda bunday chiroyli qiz onadan tug‘ilgan emas. Shahzoda ko‘rgan hamon hushidan ketib yiqilibdi. Bir zamondan keyin ko‘zini ochib qarasa, maymun parining tizzasiga bosh qo‘yib, taxtning uzasida yotibdi.
Maymun pari shahzodani uch kun mehmon qilibdi. Uch kundan keyin:
— Qaysi bir parini xohlasang senga beray, —debdi.
Shahzoda:
— Xohlasang o‘zingni so‘rayman.
— Men er qilmayman, parilar podshohining qiziman. Bu qizlarga men ustoz. Men er qilsam meni o‘ldirishadi. Endi, ketsang taxtga o‘tqizib, shahringga yetkazib qo‘yay, — debdi.
Shahzoda:
— O‘zim keldim, o‘zim ketaman, — debdi.
Maymun pari bir tola kokilidan kesib beribdi.
— Qachon boshingga mushkul ish tushsa, shu sochning uchini kuydirsang, men shu yerda hozir bo‘laman. Shahzoda undan:
— Menga muncha yaxshilik qilib olib kelishingning sababi nima? — deb so‘rabdi.
Maymun pari:
— Sen kelmasdan ilgari qur’ada ko‘rdim. Kun chiqar tarafda bir zolim podshoh bor, fuqarosining yeydigan ovqatining yarmisini olib, bir tup oltin daraxt yasaydi. Shu daraxt tufayli shaharni vayron qiladi. Podshohning uch o‘g‘li bor, kichkina o‘g‘li shu daraxtni deb otam shaharni buzsa, el-u xalq ko‘chada qolsa, yaxshi bo‘lmaydi. Shu daraxtga ziyon yetkazuvchi qushni olib kelaman, deb shu biyobonga keladi.
Bir go‘dak bola bechora xalq uchun jonini fido qilsa, men nechuk taxtda farog‘atda o‘tiray, deb yetti yildan beri shu chinorning tagiga har kuni yetti marta kelaman, — debdi.
So‘ngra shahzoda maymun pari bilan xayr-ma’zur qilib jo‘nabdi. Necha vaqt, necha zamon yo‘l yurib, uch ko‘chaning boshiga yetibdi. “Akalarimdan xabar olay” deb “borsa kelar” yo‘lga yuribdi. Shaharga kirib ko‘chama-ko‘cha yurib, bir sho‘rvapazning do‘koniga ko‘zi tushibdi. Katta akasi o‘t yoqib o‘tiribdi. U odamlar yeb tashlagan suyakni g‘ajib kun o‘tkazar ekan. Shahzoda:
— Ey sho‘rvapaz, shu o‘t yoqayotgan boladan ro‘parangizdagi machitning ichiga bir kosa sho‘rva yuboring, — debdi. Sho‘rvapaz katta shahzodaning yuziga bir tarsaki urib, qo‘liga sho‘rva berib:
— O‘zingdan uzoqroq ushla, boshingdagi changlar kosaga tushmasin, — debdi. U sho‘rvani olib borib machitning supasiga qo‘yibdi.
Shahzoda:
— O‘tirib o‘zing ich! — debdi.
— Men o‘tirsam ustam urishadi.
— Urishmaydi, ich sho‘rvani! — deb sho‘rvani ichkizibdi.
— Sen qayerliksan, asli zoting kim?
— Men sho‘rvapazning shogirdiman. Shu shaharning bolasiman.
— Mendan yashirma, men seni tanidim. Rost so‘zlasang, o‘z shahringga olib ketaman.
Sho‘rvapazning shogirdi yig‘lab, boshidan o‘tkazgan voqealarni aytib beribdi.
— Ukangni ko‘rsang taniysanmi?
— Тaniyman.
— Qanday bilasan?
— Yoshligimda daryoga ot sug‘organi borganimda, “Men ham boraman”, deb otga yopishdi. Ot bolaning yelkasiga tepdi. Otning taqasi chap yelkasiga tamg‘a bo‘lib qolgan, — debdi.
— Nima uchun ukangni o‘ynagani olib bormading?
— Biz ikki o‘g‘il bir onadan, kichik o‘g‘il boshqa onadan edi.
O‘gaylik qilib olib bormadim.
— Ukangning tamg‘asi shunga o‘xshaydimi? — deb shahzoda chap yelkasini ochib ko‘rsatibdi. Akasi ukasining oyog‘iga o‘zini tashlab, zor-zor yig‘labdi. Kichik shahzoda uni bozorga olib chiqib, usti-bosh va yaxshi bir ot olib beribdi.
Shahzoda o‘rtancha akasini axtarib, uni ham shunday ahvolda topibdi.
Uchovi o‘z mamlakatiga jo‘nabdi. Ikki aka yo‘lda maslahat qilib:
— Bu bolani o‘ldirsak, otamiz huzuriga malikani, otni, Bulbuligo‘yoni olib borsak yaxshi bo‘ladi, — deyishib, shahzodaga qasd qilishibdi.
Bir daryoning labiga borganda, malika shahzodani chaqirib:
— Ikkala akangning dili buzuq, seni o‘ldirib, meni olmoqchi. Bu kecha o‘zingni bir panaga tort, — debdi. Shahzoda bir uxlab turib, yotgan yeriga eski zambilni keltirib qo‘yibdi, o‘zi boshqa joyga borib yotibdi. Ikki akasi zambilni daryoga tashlabdi va “ukamizni yo‘qotdik”, deb o‘ylabdilar. Har ikkisi:
— Endi malikaning oldiga kirsak, bir bazm orasta qilsak deb turganda, tong yorishibdi. Uzoqdan bir sharpa kelibdi. Qarasa, ukasi daryoning narigi yog‘ida betini yuvib o‘tirgan emish. Shahzoda bu sirlarni ko‘rib, ikki akasiga qilgan yaxshiligi uchun pushaymon qilib, daryodan o‘tibdi. Ikki aka maslahat qilib, ilgariroq ketib, bir qum tepaga yetibdilar. Ular o‘tkir qilichning damini osmonga qaratib, qumga ko‘mib qo‘yibdilar. O‘zlari uning yonida belidan pastini ko‘mib yotibdilar. Ukasi borib:
— Bu qumda yotishning ma’nosi nima? — deb so‘rabdi. Katta akasi:
— Bel og‘riq, oyoq og‘riq bo‘lmaydi kishi. Sen ham tush, seni ham ko‘mamiz. Oyoqlaring yaxshi bo‘ladi, — debdi.
— Ey aka, qum issiq ekan-ku, — debdi. Akasi:
— Oyog‘ingni qimillatsang qum soviydi, — debdi.
U oyog‘ini qimillatibdi, qilich ikkala tizzasidan shartta kesib ketibdi. Shahzoda qoniga belanib, qumda yotib qolibdi. Ikkala aka qizni, otni, qushni olib o‘z mamlakatiga jo‘nabdi. Otasi qizni o‘rdadagi qirq kanizakka qo‘shib qo‘yibdi. Otni otxonaga qo‘yibdi. Bulbuligo‘yoni qafas bilan oltin chinorga osibdi. Qush hech sayramay, boshini qanotining tagiga olib yotibdi.
Ot kelgan odamni oldidan kelsa tishlab, ketidan kelsa tepib, hech kimni oldiga keltirmabdi. Malika qirq kanizaklarning ichida boshini ko‘tarmay, oltin qutisidan chiqmay yotaveribdi.
Endi sizga yosh bersin, bizga hayot. Shahzodadan eshiting.
Uch kecha-kunduzdan keyin shahzoda ko‘zini ochibdi. O‘z ahvolini ko‘rib hushidan ketib, bir zamondan keyin hushiga kelib, maymun parining bergan tutatqisi yodiga tushib, uchini kuydiribdi. Ko‘zini yumib-ochguncha to‘rt burchini to‘rt pari ko‘targan, tepasida maymun pari o‘tirgan oltin taxt paydo bo‘libdi.
— Ey odamzod, senga bu zulmni kim qildi? — deb shahzodaning boshini tizzasiga olibdi va makoniga olib ketibdi. Maymun pari shahzodani oltin taxtga o‘tqizib, bir kanizak parini yoniga qo‘yib otasiga xat yozibdi.
“Bu odamzod farzandini Bahrul hayot suviga solib, parilarning qoidasida muolija qilib, qirq kunda tuzatib tezlik bilan yuborasiz. Bu odamzod menga bir tug‘ishgan ini bo‘lib qolgan”, deb muhrini bosib, taxtni parilarga ko‘tartirib, Ko‘hiqofga jo‘natibdi. Parilar Billur tog‘dan o‘tib, uni parilar podshosiga topshiribdi. Shahzoda qirq kunda sihat topib, ilgarigi husniga necha barobar husn qo‘shilib, parilar yurtidan qaytibdi. Maymun pari: “Seni shu ahvolda otangga yubormayman. Qalandar suratida qishlab olib boraman. Malikani akangga berib, taxtga chiqarib podshoh qilgan bo‘lsa, shaharga kirmay qaytmaymiz. Agar otang o‘z o‘rnida turgan bo‘lsa, malikani senga to‘y qilib, seni taxtga o‘tkazib kelaman”, — deb bolani uch oy saqlabdi. Uch oyda bolaning sochi o‘sib peshonasiga tushibdi. Тirnoqlari o‘sibdi. Maymun pari shahzoda bilan taxtga o‘tirib shaharning chekkasiga kelib tushibdi. Shaharning tashqarisida parilarni qo‘yib, shahzodaning qo‘lidan ushlab podshohning o‘rdasiga kelibdi.
Podshoh bilan vazir so‘zlashib: “Olti oy bo‘ldi, men g‘am loyiga botdim, bu qush biror marta sayramaydi. Ot bir marta kishnamaydi. Malika bir luqma taom yemaydi”, deb turganda, podshoh o‘rdasiga kirgan bir qalandar bachchaga ko‘zi tushibdi. Podshoh uni ko‘rib qaddi-qomatini, zulfi siyohini kichik o‘g‘liga o‘xshatib:
— Ey qalandar bachcha, kel beri! — deb chaqiribdi. Qalandar bachcha ko‘rsa, otasining ikki yonida ikki akasi o‘tiribdi. Bildiki, bu akalariga hali amal tekkani yo‘q.
Тaxtga qadam qo‘yibdi. Shu on oltin chinordagi bulbuligo‘yo chunon sayrabdiki, xalqi olam mumdek eribdi. Ot otxonada turib uch marta sayha tortib, kishnabdi. Malika qutidan irg‘ib chiqib, qo‘liga tilla sozini olib, qirq kanizakning ichida o‘yin-kulgi boshlabdi.
Podshoh sevinib:
— Bu qalandarning poyqadami yoqdi, — deb qalandarning boshidan bir lagan tilla sochibdi. Qalandar bachcha:
— Men qalandar emasman. Malikadan so‘rasangiz ishonasiz yo ishonmaysiz. Qafasdagi bulbuldan, oxurdagi otdan so‘rang, — debdi.
Podshoh:
— Ey o‘g‘lim, olamda ot bilan qushning so‘zlaganini qachon ko‘rding? — debdi. O‘sha hamono qush tilga kirib, bo‘lgan voqealarni boshdan-oyoq so‘zlab beribdi. Podshoh o‘g‘lining peshonasidan o‘pibdi.
U ikki katta o‘g‘lining qo‘lini orqasiga boylab, qo‘y qo‘shoqlagandek qo‘shoq qilib, kichik o‘g‘lining oldiga qo‘yibdi. “Senga zulm qiluvchi shu ikki og‘angni nima qilsang o‘zing qil!” debdi, taxtiga chiqarib, o‘z tojini unga kiydiribdi. Kenja o‘g‘il otasining o‘rniga podshoh bo‘lib, xalqni zulmdan qutqaribdi. Qirq kun yurtga osh-non berib, malikaga uylanibdi.
Maymun pari parilar qoidasida to‘yni o‘tkazib, shahzodaga:
— Qachon boshingga mushkul ish tushsa, sochimni o‘tga solsang, hozir bo‘laman, — deb xayrlashibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.