OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rustamzod va Sherzod

Bor ekanda yo‘q ekan, och ekanda to‘q ekan. Qadim zamonlarda bir mamlakatda bir kambag‘al bor ekan. U kambag‘alning ikkita o‘g‘li bor ekan. O‘g‘illaridan birining oti Rustamzod va birining oti Sherzod ekan. Ularning onalari o‘lgan ekan. Bu kambag‘al bobo mardikor ishlab, bu bolalarni o‘qitib, parvarish qilib yurar ekan. Shu mahallada bir ayol bo‘lib, bu ayolning eri ham o‘lgan ekan. Shu ayol boboni o‘ziga er qilib olibdi. Bir kuni ayol boboga aytibdiki:
— Siz bunday mardikorchilik qilib yurishingizda biz o‘z ro‘zg‘orimizni to‘g‘rilab ololmaymiz. Yaxshisi, kechasi ko‘chaga chiqib o‘tirsangiz, qaroqchilar o‘tadilar, shularga ergashib borsangiz, bir narsa ajratib beradilar. Mardikorchilikda bir oy ishlagan narsangizni bir kechada topib kelasiz.
Xotinining bu so‘zi boboga ma’qul tushibdi. Bobo kechasi xotini aniqlab bergan yo‘lning bir chekkasiga borib o‘tiribdi. Darhaqiqat, shu yo‘l qaroqchilarning yo‘li ekan. Bobo kechani yarim qilib o‘tirgan edi, qaroqchilar kela boshladilar. Boboni ko‘ra solib “ovimiz baror oldi”, deb uni o‘rab, talamoqchi bo‘ldilar. Qarasalar bir janda chopondan boshqa hech narsasi yo‘q ekan. Hol-ahvol so‘radilar. Bobo: “Bir necha yillardan beri sizlar bilan qo‘shilishni orzu qilar edim. Endi maqsadimga yetdim. Xohlanglar qo‘shib olinglar, xohlanglar boshqa bir chora ko‘ringlar — ixtiyor sizlarda”, dedi. O‘g‘riboshi birpas o‘ylab, o‘g‘rilarga:
— Mayli, olib yuringlar, qayerga tushsak tushgan yerimizga posbon bo‘lib turadi, — dedi. Qaroqchilar boboni o‘zlari bilan olib ketdilar.
— Bir necha fursat yo‘l yurib, bir qorong‘i o‘rmon ichiga kirdilar. Qarasalarki, yerto‘lalar, ot yotadigan joylar tayyor turibdi. Boboga: “Ey, ota, shu makonda to biz kelguncha choyni qaynatib, oshlarni muhayyo qilib, bemalol, qo‘rqmasdan o‘tiravering, biz kelgach, sizning dimog‘ingizni chog‘ qilamiz”, deb o‘g‘rilar jo‘nab ketaverdilar. Haligi bobo choy va oshga o‘t yoqib biroz fursat o‘tgandan keyin, qaroqchilarning ketidan ohista-ohista boraverdi. Qaroqchilar yo‘l yurib bir necha vaqtdan so‘ng bir qishloqqa kirdilar. Qishloq chekkasidagi bir joyga otlarini bog‘lab, o‘zlari qishloq ichiga oralab ketdilar. Shu qishloq ichida bir boy kampir bor edi. Kampirning kasbi-kamoloti doimo bahshilik va qoqinchilik qilish edi. Bu kampir ko‘p badavlat edi. Qaroqchilar shu kampirning uyiga kirdilar. Mol-dunyolarni qirq qop qilib yukladilar. Bular yuklarni orqalashib turaversinlar, endigi gapni bobodan so‘rang. Bobo ham bularning ketidan poylab shu kampirning uyiga kirgandan so‘ng u yoq-bu yoqqa qaradi-yu, haligi kampirning doirasiga ko‘zi tushdi. Keyin doirani olib, bir kamgak joyga kirib oldi, doirani to‘xtovsiz chala boshladi. Kampir o‘z choli bilan qattiq uyquda yotgan edi. Bir vaqt chol doiraning ovozidan uyg‘onib qarasaki, doira maqomiga kelib “gumbang, gumbang” qilib chalinib turibdi. Chol kampirning parilari kelib doirani chalyapti deb o‘yladi. Kampirni uyg‘otib: “Hoy, kampir, sening parilaring meni kechasi uyquda ham tinch qo‘ymaydi. Тur, borib qaragin”, dedi. Kampir turib qarasaki, ko‘p kishilar uyini g‘orat qilib, mol-mulklarini orqalab turibdilar. Kampir “dod” deb chapak chala boshlagan edi, chol ham “dod-faryod” qila boshladi. Ularning ovoziga qishloq xalqi yig‘ilib kelib, o‘g‘rilar qo‘lidagi barcha mollarini tortib olib qoldilar. O‘g‘rilar sarosima bo‘lib, otlarini minib qochib ketaverdilar. Qishloq odamlari yig‘ilib qarasalar, haligi bobo doirani hamon chalib yotibdi.
Qishloq xalqidan biri boboni kamgakdan tortib chiqarib: “Sen odamzodmisan yoki parizodmisan?” degach, bobo:
— Men odamzodman, — dedi.
— Odamzod bo‘lsang hamma yig‘i-sig‘i qilib, xafa bo‘lib turibdi, sen bo‘lsang, doimiy shodlik qilib turibsan, nima sababdan doirani to‘xtovsiz chalaverasan? — dedilar. Bobo aytdiki:
— Mening doira chalishimga sabab shuki, qaroqchi-o‘g‘rilar sizlarning mol-dunyolaringizni shipirma-shaqshul qilib ko‘tarib ketadigan vaqtida, men shu xayolni o‘ylab, sizlarni ogohlantirdim. Endi sizlardan talabim shuki, mening xizmatimga yarasha quruq qo‘ymangizlar, bir nima berib, rozi qilib yuborsangizlar.
Cholning bu gapi qishloq xalqiga ma’qul tushdi, ular kampirga aytdilarki, haqiqatan ham bu bobo sizning mollaringizni saqlab qolishda katta xizmat qilgan ekan. Bir nima berib, cholni rozi qiling. Shunda kampir bobodan xursand bo‘lib, unga minnatdorchilik izhor qildi. Kampirning bir ko‘zachasi bor edi; shu ko‘zachani boboga taqdim qildi. Bu ko‘zacha tilla va tangalar bilan to‘latilgan edi.
Bular bu yerda tursinlar. Bobo ko‘zachani olganicha, chopib o‘g‘rilar ko‘rsatgan joyga kelib, osh va choylarni pishirib, hech nima ko‘rmagandek bo‘lib turdi. Haligi ko‘zachani esa, ichidagi g‘animatlarini olib, o‘zi ketadigan yo‘lning bir chekkasiga ko‘mib, ustiga nishona yasab qo‘ydi. Bobo ichida: “Qachon o‘g‘rilardan xafa bo‘lib, zerikadigan bo‘lsam, albatta shu tillalarni olib ketaman”, deb o‘yladi.
Shu vaqt o‘g‘rilar haligi qishloqdan qaytib, boshqa tomonlarga borib ov ovlab, g‘animat qidirib yurar edilar. Oxiri bir joyga bordilar, qarasalar baland paxsalar bilan o‘ralgan bir boyning chorbog‘i ko‘rindi. Qo‘rg‘on atrofidan aylanib qarasalar chorbog‘ga kirishning iloji yo‘q. Chorbog‘ning bir chekkasida bir baland daraxt ko‘rdilar. Shu daraxtning ustida bir qancha qushlar yotibdilar. Qaroqchilardan biri o‘q-yoyini olib, qushlar to‘dasiga qarab o‘q uzdi. O‘q bir qushga tegib, u daraxtdan yiqilib tushdi. O‘g‘rilar haligi qushni ushlab, xurjunga solib, boboga poylatib ketgan makonlariga keldilar. Ovlari baror olmagan o‘g‘rilar juda och va charchab kelgan edilar. O‘g‘rilarning boshlig‘i boboga qarab, do‘q urib:
— Sen shumqadam bo‘lding. Bizning ishimiz hamma vaqt rivojli bo‘lar edi. Qancha-qancha g‘animatlarga ega bo‘lib kelar edik. Qachonki sen bilan birga keldik, ishimiz rivoj topmadi, — dedi.
O‘g‘rilar chol tayyorlagan ovqatlarni yeb, burchak-burchakda tirishib uxlab qoldilar. Ertasi choshgoh bo‘ldi, o‘g‘rilar o‘rinlaridan turdilar. Bir vaqt qarasalarki, haligi bobo choylarni qaynatib, oshlarni pishirib turibdi. Yana xursand bo‘lishib, ovqatlarini yeyishib, salla-kallalarini o‘rab, shahar ichiga mehmondorchilikka ketishdi. O‘g‘rilar, odatda, kunduzi hamisha sallakalon bo‘lib, shayx bo‘lib, xalqning ko‘ziga mard-boobro‘ bo‘lib yurar edilar. Ammo kechasi o‘g‘rilikni kanda qilmas edilar.
Bu kecha ham o‘g‘rilar o‘z makonlariga yig‘ilishib keldilar. “Bugun falon qishloqda bir tegirmon bor, shunga bosib boramiz”, dedilar.
Ketish oldida boboga kechagidek, choy qaynatib, osh pishirib turishni buyurdilar. Bobo choy va oshga olov yoqib, asta-sekin o‘g‘rilar orqasidan yo‘lga tushdi. O‘g‘rilar mo‘ljal qilgan tegirmonga yetib bordilar. Тegirmonning egasi qulflab ketgan ekan. O‘g‘rilar tegirmon eshigi turmini buzib ochdilar, tegirmonda bor bo‘lgan hamma don va unlarni qirqta otga ortdilar. Shu paytda chol tegirmonga yetib keldi va tegirmonchining bir karnayini topib, bir pana joyni tanlab olib, karnayni chalaverdi. Buning ovoziga qishloq xalqi uyg‘onib, tegirmon tomonga oqa boshladi. Ular bir voqea bo‘lganidan xabardor bo‘lib, qorakaltak ko‘tarib kelgan edilar. Xalq o‘g‘rilarni ko‘rib qoldi va ular otlarga yuklab turgan don va unlarni olib o‘g‘rilarni kaltaklab, jo‘natib yubordilar. Shunda hamon bobo bir pana joyda karnay chalish bilan ovora edi. Odamlar uni topib: “Hamma o‘z tashvishi bilan-ku, sen bu vaqtda bema’ni ishlar qilib karnay chalib turibsan”, deb koyidilar. Shunda bobo bechora:
— Hay birodarlar, shu qilgan ishimni taroziga tortib ko‘ringlar-chi, sizlarning suyaklaringizga to‘g‘ri keladimi yoki yo‘qmi? Agar to‘g‘ri kelsa, siz yaxshilik alomatini qanday deb tushunasizlar. Agar to‘g‘ri kelmasa, nima desalaringiz men tayyor, — dedi.
Xalqlar o‘ylab ko‘rsa, boboning qilgan ishi haqiqatan ham katta yaxshilik ekan. Shunda odamlar tegirmonchiga:
— Haqiqatan ham bobo sening davlatingni saqlab qolishga sababchi bo‘ldi. Qudrating yetganicha shu boboyni rozi qilib, bir nima berib yubor! —dedilar. Boboga tegirmonchi bir qancha javohirlarni berib, rozi qildi. Bobo g‘animatlarni olib, chopganicha o‘g‘rilar makoniga keldi. O‘g‘rilar boshqa tomonlarga borsalar ham, ovlari baror topmay itdek g‘ingshib kelib qoldilar. Bobo bularning kelayotganini kuzatib turgan edi. O‘g‘rilar bu kecha bir-birlari bilan ahdlashib, “Borsak shu boboning kallasini kesib tashlaymiz, chunki u kelgandan beri ovimiz baror olmaydi. Bilmaymiz, ketimizdan shu bobo borib xabar berar ekanmi?” deb maslahatlashib kelar edilar. Bu gaplarni chol eshitib turgan edi. U vaqtni g‘animat topib, qochishga chog‘landi. Chol kecha o‘g‘rilar ovlab kelgan qushni oldi. Keyin yugurib borib, kechagi nishona qilib ketgan g‘animatlarni oldi. Ularning hammasini jandasiga o‘raganicha chopa-chopa uyiga yetib keldi. Darvozani taqillatdi, kampir chopib chiqib darvozani ochdi. Chol ichkariga kirgach, haligi g‘animatlarni kampirga berdi. Kampirning sevinchi ichiga sig‘may qoldi. Chunki kampir umrida bunday boylikni ko‘rmagan edi. Chol topib kelgan dunyoni yetti yilgacha xarajat qilib yedilar.
Kunlardan bir kun bobo bozorga bormoqchi bo‘ldi. Kampirdan bozor xarjini so‘radi. Kampir sandiqni ochsa, sandiqda hech narsa qolmabdi. Lekin shu yetti yil ichida haligi qush, har yili bir martadan, yetti marta tuxum qilibdi. Bu tuxumlar haqiqiy tuxummi yoki toshmi, nimaligini bilmasdan sir tutib, tuxumlarni sandiqda saqlagan edilar. Pulga zor bo‘lib, haligi tuxumdan bozorga olib borib sotadigan bo‘lib qoldilar. Bobo bir tuxumni olib, qo‘yniga solib, bozorga ketayotgan edi, arkon davlatning darvozasi oldida bir qafas turibdi. U qafas ichiga qarasa, bir tuxum turibdi, u tuxum o‘zining tuxumiga o‘xshaydi. Bobo qo‘ynini hadeb qarayverdi. Bu holni podshoh amaldorlari ko‘rib, voqeani podshohga yetkazdilar. Podshoh cholni olib kelinglar, deb buyurdi.
— Ey, bobo, nimaga qafasga va qo‘yningga tez-tez qarab turibsan? — dedi podshoh. Shunda bobo:
— Men bozorga bir tuxum olib chiqayotib edim, qafasdagi tuxumga ko‘zim tushdi. U tuxum ham mening tuxumimga o‘xshar ekan, deb hayron bo‘lib turgan edim, — dedi. Podshoh akobirlaridan biri:
— E, uying kuygur chol! Podshohlikdan bir gavhar yitib1 edi. Bir necha muddatlardan beri axtarib yurib edik. Shu senda ekan. Sen kim-u gavhar kim! — deb tuhmat qildi. Bobo aytdiki:
— Ey vaziri dono, bilingki, menda bunday tuxum bir dona emas va ikki-uchta ham emas, yetti dona bordir. Agar ishonmasangiz odam qo‘shing, birga borsin, ko‘rib keladi, so‘ngra ishonarsiz.
Shunda podshoh va amaldorlari bir-birlariga qaradilar. Shundan keyin podshoh amaldorlari chol bilan birga boraverdilar. Bobo hovliga yetmasdan xotiniga qichqirib:
— Hoy xotin, haligi tuxumlarning oltovini ham olib chiq! — dedi. Xotin chiqib qarasa, erini podshoh amaldorlari yetaklab kelyapti. Bular uyga kirib qarasalar, haqiqatan ham cholning gapi rost ekan. Amaldorlar podsholikka borib voqeani bir-bir bayon qildilar.
Podshoh boboni chaqirib qancha uzrlar so‘radi. Keyin boboga bosh-oyoq sarpolar berib, undan bir dona tuxum gavharini so‘radi. Keyin podshoh gavharning bahosi qancha deb so‘radi. Chol:
— Buning bahosini men bilmayman. O‘z insofingiz bilan qancha bersangiz, roziman, — dedi.
Podshoh maslahatdonlar bilan maslahatlashib, hisoblashib ko‘rsalar, gavhar tuxumning bahosiga podshohlikdagi tamomi xazinalar ham barobar kelmas ekan. Podshoh bir suruk tuya2ga javohirotlarni yuklab, oldiga qari kishilardan bittasini mindirdi. “Qari kishining tilini qari biladi, qanday bo‘lsa ham shu narsalarga chol rozi bo‘lsa ajab emas”, dedi.
Podshohning tuyalari asasa-yu dabdaba bilan cholning uyiga kirib keldi. Cholning qo‘rg‘oni javohir ortilgan tuyalarga to‘lib ketdi. Chol bu narsalarga rozilik izhor qilib, olib kelgan cholga ko‘p minnatdorchiliklar bildirdi. Chol borib podshohga rozi bo‘lganini aytdi. Podshoh bu cholga ham bosh-oyoq sarpolar berdi. Bular ham shu kayfiyatda bo‘lsinlar, endigi gapni bobodan eshiting.
Bobo dunyodor bo‘lib ketgandan keyin katta-katta savdogarlar bilan tanishib, ular bilan shaharlarga boradigan bo‘ldi. Bobo savdogarchilikka ketganda oradan bir oy yoki bir yarim oy o‘tgan edi. Boboning kampiri choli yo‘qligida begona kishiga erga tegib olibdi. O‘gay onaning bu yomon ishiga Rustamzod bilan Sherzod g‘azablanar edilar.
Kunlardan bir kun kampirning bu eri kelib uyning ichiga kirib ketdi. Bolalar maktabga ketgan edilar. Ikkovlari gaplashib o‘tirgan edilar, shu payt ularning oldidan bir qush o‘tib qoldi. Bu bobo o‘g‘rilardan olib kelgan murg‘imusammo edi. Buni ko‘rgan kishining nafasi biroz ichiga tushib ketdi, keyin so‘radi: “Haligi ko‘ringan tovuq kimniki?” Kampir: “O‘zimizniki,” deb javob berdi: Keyin u:
— Shu murg‘ni so‘yib bersang, ikkalamiz yeb olsak, — dedi. Keyin kampir:
— Bu murg‘ning egasi menga “Shu ikki aziz farzandlarimizdan ham ortiqroq qushni parvarish qilib tur” degan. Shuning uchun mendan boshqa har narsani talab qilsangiz ham bu qushni so‘ramang, — dedi.
— Mening senga muhabbatim baland bo‘lsa-yu, men sendan bir qushni so‘rasam, sen menga shu qushni ham ravo ko‘rmaysan, unday bo‘lsa, endi men ketaman, — deb araz qildi. Kampir uning ketib qolishidan qo‘rqib:
— Ertaga qushni so‘yib bersangiz, ikkovimiz yeymiz, bu qush sizning sadqayi so‘zingiz bo‘lsin, — dedi.
Haligi kishi qushni ko‘rgan hamono uning xislatlarini bilgan edi. Murg‘ning sangdonini kechasi yeb yotib, erta bilan tursa, boshining tagidan bir hamyon tilla chiqar edi. Murg‘ning jig‘ildonini yegan kishining boshi tagidan bir hamyon kumush chiqar edi. Kampirning javobidan qanoat hosil qilgan bu kishi ertasi bolalar maktabga ketgan vaqtda murg‘ni so‘yib tozaladi, qozonga soldilar.
Bolalar maktabdan qorinlari och holda qaytdilar, qarasalar, uyning eshigi ustidan qulflangan. Onamiz bir joyga ketganmikin deb, devorning bir joyidan uyga qarasalar, uyning eshiklari berk, oshxonada esa tutun chiqib turibdi. Qarasalar, qozonda go‘sht qaynayapti. Go‘shtlarni yeyishga o‘gay onadan qo‘rqdilar. Aka-uka maslahatlashib, murg‘ning jig‘ildoni va sangdonini yedilar. Keyin o‘ynagani chiqib ketdilar. Bundan o‘gay ona va eri bexabar qoldilar. Chunki ular qattiq uyquga ketgan edilar. Birmuncha vaqt o‘tgach qorinlari ochib uyg‘ondilar va darhol ovqatdan xabar oldilar. Qozonga qarasalar ko‘p qaynash natijasida go‘shtlar hil-hil bo‘lib pishib, aralashib ketgan ekan, uning orasidan jig‘ildon bilan sangdonini ham ajratib bo‘lmas edi. Haligi kishi noiloj holda aralash go‘shtlarni yeb oldi.
Endigi so‘zni bobodan eshiting.
Bir kuni bobo charchab, o‘ylab yotgan edi, mudroq bosib, ko‘zini uyqu oldi. Тushida ko‘rsa o‘z hovlisida o‘tiribdi. Shu vaqtda bir shaqol kelib, murg‘ni tutib oldi. Bobo yugurib kelib murg‘ni qutqazish uchun ko‘p jahd-u jadal qildi, bo‘lmadi. Axiri shaqol murg‘ni olib ketdi. Bobo uyg‘onib qolib, tush ko‘rganini angladi.
Oradan bir yarim oy o‘tgach, bobo sovg‘a-salomlar bilan yurtiga qaytdi. O‘z choli safardan qaytganini eshitgan kampir boyagi erini uydan haydab yubordi. Bobo uyiga kelgan hamono hammadan oldin murg‘ni so‘radi. Kampir murg‘ni bolalaringiz urib o‘ldirgan, men uning patlarini falon joydan topib oldim, deb bahona qildi. Chol bolalardan qattiq g‘azablandi. Bolalarni oldiga chaqirib olib:
— Agar shu murg‘ni siz o‘ldirgan bo‘lsalaringiz, sizlardan bezorman, agar o‘ldirmagan bo‘lsalaringiz baxtingiz yor bo‘lsin, — deb uydan haydab yubordi. Bu ikki aka-uka uydan bir qozoncha va o‘q-yoylarini olib “hayyo-hu” deb yo‘lga ravona bo‘ldilar. Yo‘l yursalar ham mo‘l yurib, mo‘l yursalar ham cho‘l yurib borar edilar, oldilaridan bir o‘rmon chiqib qoldi. Shu o‘rmonga chodirlarini tutib, bir necha kun ovlarini ovlab, dovlarini dovlab yurdilar.
Bir kun Rustamzod o‘q-yoyni qo‘liga olib, ov qilish uchun chiqib ketdi. Sherzod uyda qoldi. Havodan ikkita qush kelib, Sherzod yotgan daraxtning tepasiga qo‘nib biri-biriga dediki:
— Ey, dugona, kimki meni otib yesa, qirq kecha-yu qirq kunduz jazirani bosib, qirq kecha-yu qirq kunduz o‘rmonlikda yurib, bir mamlakatga borib podshoh bo‘ladi.
Qushlarning yana biri boshqasiga:
— Ey, dugona, kimki meni otib yesa, qirq kecha-yu qirq kunduz uxlaydi, qirq kecha-yu qirq kunduz yo‘l bosadi, ko‘p azob-uqubatlarni tortib, maqsadiga yetadi, — dedi. Shunda Sherzod darhol o‘q otib ikki qushni ham urib tushirdi. Qushlarning patlarini tozalab, qozonga solib qaynatdi. Go‘sht pishgandan keyin u qushlarning qaysi biri qanday xislatga ega ekanini farq qilolmay, birining go‘shtlarini yedi. Yeb bo‘lgan hamono ko‘zlariga uyqu kelib, badanlari susayib go‘yo behush odamday yiqilib yotaverdi.
Rustamzod ovdan kelib qarasaki, ukasi behush bo‘lib uxlab yotibdi. Qarasa qozonda ovqat tayyor, pishib turibdi. Go‘shtni yeb bo‘lgach, Rustamzod beixtiyor yo‘lga tayyorlanib, mast kishilardek yurib ketdi. U qirq kecha-yu qirq kunduz jaziradan yurib, qirq kecha-yu qirq kunduz o‘rmonlikdan yurib borgach, axiri oldida bir shahar paydo bo‘ldi. Ohista-ohista shu shaharga kirib borsa, shahar podshosi o‘lib, davlat qushi uchib yurgan ekan. Davlat qushi kelib Rustamzodning boshiga qo‘ndi. Podshoh amaldorlari Rustamzodni bir uyga berkitib, davlat qushini boshqatdan uchirib ko‘rdilar, lekin qush xuddi shu uy ustiga borib qo‘ndi. So‘ngra xalq nima bo‘lsa bo‘ldi, deb Rustamzodni podshoh qilib ko‘tardilar. Rustamzod podshoh bo‘lgach, xalqqa katta sayillar qilib berdi. O‘zi xalqparvarlik qildi, mamlakat osoyishta hayot kechirdi. Bular bu yerda tura tursin, endigi gapni Sherzoddan eshiting.
Sherzod qirq kecha-yu qirq kunduz uxlab, bir kun uyg‘onib qarasa, qorinlari tanobdek tortilib, harakati susayib, bir ish qilishga majoli qolmabdi. O‘rnidan arang qo‘zg‘alib, ov ovlab, bir necha kun o‘zini parvarish qilib, akasi ketgan tomonlarni mo‘ljallab yo‘lga tushmoqchi bo‘ldi. Bu aka-uka oralarida bir xislat bor edi. Ular bir-birlarini izlaridan tanir edilar, orada qancha vaqt o‘tgan bo‘lsa ham Sherzod Rustamzodning izini topib borar edi. Sherzod ko‘p yurdi, yo‘lda qattiq mashaqqatlar chekdi. Ba’zan vahshiy hayvonlarga duch keldi, ba’zan ularni o‘ldirdi, ba’zan o‘tkir o‘q bilan ularning ko‘zlarini ko‘r qildi. Shunday qilib jazira va o‘rmonlardan o‘tib oldi. Axiri akasi podshoh bo‘lib turgan shaharga kirib bordi. Shom paytida shahar darvozasini taqillatdi. Darvozabonlar kimligini so‘radilar. Sherzod ularga o‘z ahvolini bayon qildi: uzoq yo‘ldan qattiq mashaqqatlar chekib kelayotgan bir musofir ekanini aytdi. Noinsof darvozabonlar “Kim bo‘lsa bo‘lsin, ko‘chada yotaversin”, deb darvozani ochmadilar. Lekin bu shaharga har kechasi ajdarho kelib, tashqarida qolgan jondor bo‘lsa, o‘z damiga tortib ketar edi. Ajdarho kunduzi bir g‘orga kirib yotar edi. Sherzod tavakkal qilib yotaverdi. Yarim kecha bo‘lganda uzoqdan kuchli shamol kelib qoldi. Sherzod qarasa, uzoqdan ko‘zlari yongan ajdarho kelayotir. Sherzod o‘tkir o‘q bilan ajdarhoning bir ko‘zini ko‘r qildi. Ajdarho zo‘r shitob bilan tashlangan edi, uning sog‘ qolgan ko‘ziga ham o‘q urib ko‘r qildi. Ikki ko‘zi ko‘r bo‘lgan ajdarhoning badanlarini shamshir bilan tilib tashladi. Qon ko‘p ketavergach, ajdarho quvvatsizlanib, to‘lqinlanmay qo‘ydi. Shunda Sherzod ajdarho terisidan bir tasma tilib, beliga bog‘lab oldi. Keyin borib darvozani taqillatdi. Chunki juda charchab, chanqab qolgan edi. Darvozabonlar yomon niyat qildilar. Darvozani ochib Sherzodni qilich bilan chopib o‘ldirmoqchi bo‘ldilar. Uni bir chuqurga ko‘mib, ajdarhoni biz o‘ldirdik deb, podshohdan in’omlar olmoqchi bo‘ldilar. Eshik ochilgach, bu yomon niyatdan bexabar bo‘lgan Sherzod asta-sekin kirib kelayotgan edi, darvozabonlar uning har yog‘idan yopishib, yarador qildilar, keyin bir namatga o‘rab, kulollar tuproq olgan tepaning chuqur joyiga ko‘mdilar. Darvozabonlar podshohga “Ajdarhoni o‘ldirdik”, deb maqtanib in’om-ehsonlarni oldilar va podshoh-likka amaldor bo‘ldilar.
Shu shaharda bir kulol bor edi. Ajdarho paydo bo‘lgan kunlaridan boshlab, shahar chekkasidagi tepadan tuproq ololmas edi. Ajdar o‘ldirilganini eshitib xursand bo‘ldi. O‘g‘liga shunday dedi:
— Ey, o‘g‘lim, ajdarho o‘libdi. Endi tepalikka borib picha tuproq keltiraylik, o‘z kasbimizni davom ettiraylik. Shundan keyin ota-bola tuproq olgani tepaga bordilar. U yerda yumshoq tuproqni ko‘rib ketmon bilan bir urgan edilar, ketmon to‘p etib bir narsaga tegdi. Otasi:
— Ey, o‘g‘lim, xudo berdi-ku! Qoch-qoch bo‘lib turgan vaqtda qochgan kishilar qimmatli narsalarini ko‘mib ketgan bo‘lsalar kerak. Ketmonni sekinroq ur, mabodo sinadigan narsa bo‘lmasin, — dedi. Sekin-sekin ochib qarashsa, bir namatga o‘rog‘liq narsa. Ular dunyo topgan tentakdek ko‘tarishib uyga olib bordilar. Uyda ochib qarasalar qaddi-qomati kelishgan bir alpdek yigit. O‘zi juda pahlavon va zabardast ko‘rinar edi. Lekin badanlarining hammasi chavaqlangan bo‘lib, ramaqijon bo‘lib yotar edi. Kulol:
— E, o‘g‘lim, dunyo topdik deb, bir gala g‘urbat orttirdik. Bu ishning oqibati qayerga yetar ekan, — dedi.
Yana joyiga eltib qo‘yishni xayol ham qildilar. Keyin shunday navqiron yigitning bevaqt vafot etishiga achindilar. Nima bo‘lsa bo‘lsin, bunga shifo qilib jonini saqlab qolishimiz kerak, deb maslahatlashdilar. Kulol bir tabib qoshiga bordi, tabibga shunday dedi: “Mening xotinimning badanlarini pichoq kesibdi, shunga nima dori qilurmiz?” Тabib jarohatlariga mos dorilardan berdi. Kulol ularni keltirib Sherzodning jarohatlariga qo‘ydi. Keyin unga obdob1 ichirib turdi. Kulol axiri Sherzodni tuzatdi. Sherzod sog‘ayib, kulolni o‘z otasidek va uning kampirini o‘z onasidek his qilib yuraverdi. Shularning o‘g‘illari qatori xizmatlarini qildi.
Bir kun podshoh amaldorlaridan ikkitasi o‘ta turib Sherzodga ko‘zi tushib qoldi. Ular bir-birlariga shivirlashib:
— Hu ajdarhoni qiymalab o‘ldirgan pahlavon bola shu emasmi? — dedi. Darhaqiqat, qarasalar, yigitning boshlari va badanlari bog‘liq ekan. Xuddi o‘zlari qilich bilan chopgan odamga o‘xshaydi. Ular Sherzodga siyosat qilib biz qidirib yurgan gunohkor sen ekansan, deb otlariga mindirib, olib ketdilar. Bechora kulol o‘z farzandiga achingandek, xotini va bolasi bilan achinib qoldi.
Amaldorlar hech kimdan so‘ramay, Sherzodni zindonga solib qo‘ydilar. Shu shaharga yangi podshoh tayinlangandan beri hamma shaharlardan muborakbod uchun kelib-ketdilar. Lekin bir uzoq shaharning podshosi hali kelmagan edi. Bu podshoh eshitsa, podshoh yangi bo‘libdi, yurtga oralagan ajdarho o‘libdi, bu mamlakatda omon-omonlik bo‘lib ketibdi. Endi men ham borib, bir muborakbod qilib kelay, deb navkarlari bilan yo‘lga chiqdi.
Rustamzod podshoh ularning kelishini eshitib, o‘z amaldorlari bilan peshvoz chiqdi. Podshoh kelishi bilan Rustamzod otidan tushib, quchoqlashib ko‘rishdi. Bir-birlari bilan ko‘rishib bo‘lganlaridan keyin mehmonlarni hurmat va tavozelar bilan o‘rdaga taklif qildi. Ular o‘rdaga kirib yaxshi ziyofatlarni yedilar. Ziyofatdan so‘ng suhbatlashdilar. Keyin mehmon podshoh qaytishga ijozat so‘radi. Rustamzod ijozat bergach, mehmon podshoh aytdiki:
— Ey, birodar, siz bilan bizning o‘rtamizda bir daryoyi azim bordir. Shu daryodan o‘tar paytda bir kishini suvga tashlab o‘tamiz. Endi biz qaytishimizda ham bir kishini tashlab o‘tishimiz kerak. Shunday qilmasak, daryo to‘lqinlanib hammamizni g‘arq qilishdan qaytmaydi. Shuning uchun bironta gunohkoringiz bo‘lsa, menga bersangiz, men daryoga tashlab o‘tar edim, — degach, Rustamzod “Zindondagi qattiq va og‘ir gunohkorlardan birini chiqarib bering”, dedi. Amaldorlar vaqtni g‘animat bilib, Sherzodni chiqarib berdilar.
Podshoh yo‘lda keta turib Sherzodning pahlavonlarnikidek qaddi-qomatiga hayron bo‘lib undan gap so‘ray boshladi: Sherzod “Nima bo‘lsa bo‘lsin”, deb hech gapirmadi. Javob ololmagan podshoh bu qaysarligidan zindonga tushgan ekan, deb o‘yladi. Daryoga borguncha kech bo‘lib qoldi. Podshoh o‘z odamlari bilan uyquga ketdi. Ular Sherzodni bir daraxtga zanjirband qilib qo‘ygan edilar.
Shu uzoq kechada Sherzod xudoga nola qilib sig‘indi. Erta bilan qarasalar hammalari daryoning narigi betida turibdilar. Podshoh va uning hamrohlari bu sir-asrorni ko‘rib hayron qoldilar. Qarasalar Sherzod ham bir chekkada o‘tiribdi. Uning qo‘l-oyoqlaridagi kishanlari ham yo‘q. Podshoh bu holni bilib: “Bu yigitda bir xislat bor ekan, bo‘lmasa bunday xunxo‘r daryodan biz betashvish o‘ta olmas edik”, dedi va o‘rnidan turib, Sherzodning huzuriga keldi.
— Ey, birodarim, mendan xatolik o‘tgan bo‘lsa kechiring, sizda yaxshi xislatlar bo‘lmasa, bunchalik sir voqe bo‘lmas edi, — dedi.
Podshoh Sherzodni o‘z shahriga olib borib lashkarboshi qilib qo‘ydi. Sherzod lashkarboshi bo‘lgandan so‘ng bir yil ham o‘tib ketdi.
Bu podshohning bir singlisi bor edi. Uni Malikayi Nusrat der edilar. Malika ko‘p sohibjamol va xushsurat edi; u suv ichsa tomog‘idan va sabzi yesa biqinidan ko‘rinar edi. Agar qorong‘i uyga kirsa, uning jamoli uyni munavvar qilar edi. Podshoh: “Shu podshohlikka qarashli bir dahada sher bor, u vaqt-vaqti bilan chiqib, odamlarga ko‘p ofatlar yetkazadi. Shu sherni kim o‘ldirsa, singlim o‘shaniki bo‘ladi”, deb qo‘ygan edi. Bu ahdga kirishgan odam yo‘q edi. Bu so‘zni Sherzod eshitib qoldi. U bir temirchi jo‘rasiga “Menga bir temir engil-bosh qilib ber”, dedi. Sherzod o‘z niyatini temirchi jo‘rasiga aytib, sher bilan kurashgani chiqib ketdi. Lekin sirni temirchi jo‘rasidan boshqa hech kimga bildirmadi. Shu yo‘lda uchragan vahshiy hayvonlarning ba’zilarini o‘ldirar va ba’zilarini band qilar edi. Bir necha kun shu holda yurib, oxiri sherning makoniga yaqinlashdi. Qarasa, bir daraxtning tagida bir qora narsa yotibdi; haybatining zo‘rligidan jami hayvonlar tovush chiqarmay qochar edilar. Sherzod o‘zini dadil tutib, sherning ro‘parasiga bordi va unga qattiq tikildi. Sher odam hidini bilib ko‘zini ochib qarasa, to‘g‘risida bir odam turibdi. Sher ham o‘rnidan turib Sherzodga tikildi. Ikkovlari yonma-yon aylandilar. Bularni bu holda ko‘rgan parranda-yu darrandalar odamzodga rahmlari kelib, uning atrofidan aylanar edilar. Bir necha fursat tikilma jang qildilar, oxiri sherning ko‘zi qamashdi, bor kuchini oyoqlariga to‘plab, o‘zini Sherzodning ustiga qarata otdi. Sherzod ham epchillik bilan bir sakrab, daraxt shoxini ushlab oldi. Sher dushmanni tagimga oldim deb gumon qilib, ko‘kragi bilan yerni ezaverdi. Sherzod vaqtni g‘animat bilib, qo‘lidagi temir gurzisini sherning boshiga mo‘ljal qilgani holda, kuchli zarb bilan sher ustiga tashlandi. Sher bir zo‘r berib silkingan edi, Sherzod besh-o‘n gaz yerga otilib ketdi. Sher yana uning ustiga tashlanishga o‘zini chog‘lab ko‘rdi, lekin miyasining qatig‘i chiqib, holsizlangani uchun majoli kelmadi. Sherzod o‘rnidan turib, sherning boshiga yana bir gurzi urdi, shamshirini chiqarib, sherning terisidan tasma olib, yo‘lga ravona bo‘ldi.
Тemirchi jo‘rasi shu daha boshigacha Sherzodni kuzatib kelib, uning omon qolishini kutib duo qilib turar edi. Sherzodning omon kelayotganini ko‘rib, quchoqlab ko‘rishib ketdi. Keyin podshohlikka xabar bergani ot choptirib ketdi. Podshohga borib haqiqatni bayon qildi. Podshoh lashkarlari bilan dahaga bordi. Ular yo‘lda Sherzodni uchratdilar, borgan sari yo‘lda vahshiy hayvonlarning o‘liklarini uchratib bordilar. Dahaga yetganlarida sherning o‘lib yotgan jasadini ko‘rib, uning qahramonligiga tillarini tishlab, tahsin va ofarinlar qilar edilar. Dahadan qaytgandan keyin podshoh tamom olamga shunday mazmunda noma yozdi:
“Bilinglar va ogoh bo‘linglar! Sherzod nomli bir pahlavon chiqib, falon dahadagi hamma vahshiy hayvonlarni va sherni o‘ldirdi.
Shuning uchun singlim Malikayi Nusratni falon kunda to‘y qilib, unga nikohlab berurman. Тo‘yga kelaveringlar”, deb chaqirtirdi.
Odamlar to‘yga aytilgan kunga yig‘ilishib keldilar. Podshoh qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y berdi. Тo‘y qiyomga kelganda pahlavon Sherzodga singlisi Malikayi Nusratni nikohlab berdi.
Kunlardan bir kun Sherzod, podshoh va akobirlari bazm qilib o‘tirgan edilar, shunda Sherzod bir oh urib yubordi. Podshoh so‘radi:
— Ey, do‘stim Sherzod, nimaga oh urasan? Yeyardan kamchiliging bormi? Ichardan kamchiliging bormi? Yoki xotindan bir jabr-u sitam o‘tdimi? Nima uchun oh urasan? — dedi. Sherzod yana bir oh urgan edi, go‘yo og‘zidan olov uchqunlari chiqib ketgandek bo‘ldi, aytdiki:
— Ey, podshohi olam va sultoni bokaram. Siz meni bir bandi bachcha deb o‘ylamang. Mening ham Rustamzod degan og‘am bor edi. Shu jondan azizroq og‘amdan ajralganimga ko‘p yil bo‘ldi, lekin har kecha-yu kunduz og‘am mening yodimdan chiqmaydi. Sizdan o‘tinib so‘rar edimki, menga ruxsat bersangiz, qolgan umrimni g‘ayrat qilib mehribon akamni qidirib topishga sarf qilsam, — deb so‘zini tugatdi. Podshohga bu gap qattiq ta’sir qildi. Yo‘lga tayyorlanib, ketishga ijozat berdi. Buni eshitgan xotini Malikayi Nusrat:
— Shunday jondan aziz yorim ketsa-yu, men qolsam, yaxshi bo‘lmas. Erim qayerda bo‘lsa, men ham shu yerda bo‘laman, — deb akasidan ruxsat oldi. Bularga podshoh bir qancha kishilarni ham qo‘shib yubordi.
Yo‘lda haligi kishilar malikaning husn-jamolini ko‘rib oshiqi beqaror bo‘ldilar.
Ular bir-birlari bilan maslahatlashib, daryo yoqasiga borib tushdilar. Sherzod hamma vaqt ov ovlashni yaxshi ko‘rar edi. Qarasa, daryo yoqalarida bir qancha daraxtlar bor. Qushlar uchishib, bulbullar sayrashar edilar. Sherzod qo‘liga o‘q-yoyni olib, xizmatkorlariga aytdiki:
— Sizlar shu yerda turing, men sayohat qilib, qushlardan otib kelay.
Xizmatkorlar bir joyga to‘planib maslahatlashdilar. Ular daryo yoqasidagi bir sabza joyga gilamlar to‘shadilar, kundol1 ko‘rpachalarni daryo tomonga soldilar. Shu daryo tomonga Sherzodni o‘tqizib, payt poylab uni gilam aralash daryoga tashlamoqchi bo‘ldilar. “Keyin xotin bizga qoladi”, deb o‘yladilar.
Sherzod kelgandan keyin uni izzat va hurmat bilan gilamning daryo tomoniga o‘tqizdilar. Sherzod o‘tirgan hamono bir chekkasidan ko‘tarishib, gilamga o‘rab daryoga tashlab yubordilar.
Bechora Sherzod daryoga tushib ketaversin, endi so‘zni Malikayi Nusratdan eshiting. Xizmatkorlar xotinni bir sandiqqa solib, daryodan o‘tkazib edilar. Daryo qirg‘og‘iga chiqqanlarida, u tomonda Rustamzod tomosha qilib yurar edi. Rustamzod ko‘rdiki, ko‘p odamlar bir sandiqni bir otga yuklab keladilar. Rustamzod bularning oldiga kelib:
— Bu sandiqda nima bor? — dedi. Xizmatkorlarning biri “bo‘xcha bor”, biri “dunyo bor”, yana biri “mening xotinim bor” dedi. Har qaysisidan har xil javobni eshitib podshoh kuldi, keyin qo‘shinlariga buyruq berdi:
— Тutinglar, bu o‘g‘rilarni, mening baxtimga yaxshi sayd topildi. Bundan ortiq sayd bo‘lmas, — dedi. Xiyonatkorlar tutib bog‘langach, podshoh qo‘shinlari bilan kelib sandiqni ochib ko‘rdi. Ko‘rsalar bir pari surat malikaki, bir qoshiq suv bilan yutib yuborsa bo‘lur.
Rustamzodning ko‘ngli vayron bo‘lib, aytdiki:
— Hay darig‘! Dunyoda hech kishi bunday ayriliqda yurgan emas. Men og‘amdan ayrilib, ko‘ngillarim vayron bo‘lib yuribman. Bu bechorani ham o‘z sevganidan ayirgan bo‘lsalar kerak. Buning egasi chiqar. Bunga biz ko‘ngil bersak, noinsoflik qilgan bo‘lurmiz, — dedi va malikani o‘rdaga qo‘yib yubordi. Xiyonatchilarni esa zindonga solib qo‘ydi. Bular tura tursinlar, endigi gapni Sherzoddan so‘rang.
Sherzod gilamga o‘ralganicha jarga quladi, undan daryo ichiga tushdi, keyin daryoyi xunxo‘r to‘lqinlariga aralashib oqib ketdi. Shu joyda bir baliqchi bor edi. Qarab ko‘rsa, to‘lqinlar orasidan bir ajoyib narsa goho ko‘rinib, goho suv ichiga g‘arq bo‘lib kelayotir. Bu holni ko‘rgan baliqchi o‘g‘li bilan daryoga qarab yugurdi. O‘g‘lini belidan bog‘lab daryoga tashladi. Baliqchi bola suza-suza Sherzodga yetib, uni tutib oldi. Arqonni tortib qarasalarki, bir pahlavon yigit gilamga o‘ralgan. Sherzodni daryodan olib chiqib hushiga keltirdilar va undan hol-ahvol so‘radilar.
Sherzod so‘zni qisqa qilib shunday dedi:
— Ey, otajon, men bir gunohkori azim edim, gunohimga asosan daryoga tashladilar. Siz mening o‘lmay qolishimga sababchi bo‘ldingiz. Meni uyga olib boring, men sizning o‘g‘lingiz bo‘lay. Nima xizmat buyursangiz jon-u dilim bilan qabul qilaman.
Baliqchi chol uni uyiga olib ketdi. Sherzod ovga chiqib, daryo atrofida yurar edi. Baliqchi chol baliqchi o‘g‘lim ikkita bo‘ldi, deb mehnatdan qutulib, shaharlarga tushib, tomosha qilib yurar edi.
Baliqchi chol bir kun shaharda yursa, podshohlikdan qo‘yilgan jarchilar: “Kimki mening og‘amning daragini eshitgan bo‘lsa, kelib aytsa, shunday kishiga bosh-oyoq sarpo beraman, dunyolikdan saraproz qilurman. Agar ukamni ko‘rgan bo‘lsa, undan ziyodaroq qilurman. Agar kimki o‘zini olib kelsa, bir mamlakatni uning bekligiga beraman!” — der edilar.
Bu xabarni eshitgan baliqchi bobo kechqurun bo‘lib, hammalari ovqatlanib turganlarida:
— Ey, o‘g‘illarim, shu bugun bir gap eshitdim, ko‘p ajoyib gap, — deb qo‘ydi. Buni eshitgan Sherzod bobodan: “Nima gap?” deb so‘radi.
Bobo: “Ey, o‘g‘lim, ovqatlanib bo‘lgandan so‘ng aytaman”, dedi. Sherzodning ichi g‘uvillab yana: “Nima gap?” deb so‘ragan edi, bobo tilga kelib, podshoh jarchilarining e’lonini birma-bir aytib berdi. Axiri bobo: ”Ey, o‘g‘lim, qani biz ham shunday podshohning ukasini ko‘rgan bo‘lsak yoki ovozasini eshitgan bo‘lsak. Qolgan umrimizni dunyoda osoyishtalik bilan o‘tkazgan bo‘lar edik”, deb kallasini chayqab qo‘ydi. Bu gapni eshitgan Sherzodning yegan ovqatlari tomog‘iga tiqilib, nafasi ichiga tushib, shaytonlagan odamday bo‘lib qoldi. Birozdan so‘ng o‘zini tutib olib, ko‘zlari yoshlik va dili g‘ashlik holatda, hasrat-u nadomatlar bilan:
— Ey, otajon, biz og‘amiz bilan ovchilikda yuraversak, siz bilan kampirni boqolmay qolarmidik? — deb boboning ko‘nglini ko‘tardi.
Bobo ham Sherzodga qarab:
— Ey, o‘g‘lim, xafa bo‘lmay ovqatingni yeyaver, shu arzimagan gap uchun ko‘zga yosh olishning hojati yo‘q, — deb qo‘ydi. Bobo ham sezgir odam edi, u Sherzodning dilidagi orzularini sezdi.
Ovqat yeb bo‘lgandan so‘ng hammalari yotdilar, ammo Sherzod boboning yoniga kelib: “Ey, ota, bu gapingiz menga yoqib ketdi. Ertaga podshohlikka borib aytingki: “Mening bir qizim bor, qo‘li shol, oyog‘i shol, ko‘zi ko‘r, go‘yoki bir tulum shaklida. Lekin gapirishga tili bor. Shu qizim sizning ukangizning qayerda ekanini bilar emish. Agar shuni olib kelsak, sizga anig‘ini aytadi”, deb kelavering. U yog‘ini o‘zim aytaman. Dunyolikdan beniyoz bo‘lasiz”, dedi.
Ertasi bobo borib podshohlikning darvozasini taqillatdi. Darvozabonlar darvozani ochib:
— Nima xizmatingiz bor! —deb so‘radilar.
— Podshoh bilan ro‘para bo‘lib gapiraman, — dedi bobo.
Boboni ichkariga olib kirdilar. U podshoh bilan salomlashib bo‘lgandan keyin, haligi gapni gapirdi. Shu gapni aytib bo‘lgach, o‘zi uyga qaytaverdi. Cholning orqasidan podshohlikdan yuborilgan xizmatkorlar qizni olib ketgani kelib qoldilar. Shunda Sherzod podshoh xizmatkorlariga qarab:
— Bu bir qiz bola bo‘lsa, sizlar nomahram bo‘lsanglar, bu sira to‘g‘ri kelmaydi. Buni olib borish uchun podshohlikdan bir zambil tayyorlab kelinglar, unda joypo‘shlar ham bo‘lsin. Shu joypo‘shlarga o‘rab zambil ichida olib borsanglar yaxshi bo‘ladi. Bundan boshqa iloji yo‘q, — dedi.
Xizmatkorlar podshohlikka borib zambil va joypo‘shlarni muhayyo qilib keltirdilar. Shundan keyin Sherzod zambilni ichkariga olib kirdi va uning ustiga o‘zi cho‘zilib yotdi. Boboga aytdi:
— Meni joypo‘shlar bilan yaxshilab o‘rang, hech bir joyim ochiq qolmasin! —dedi. Bobo Sherzod aytganidek qilib o‘rab, xizmatkorlarni chaqirdi. Ular zambilni ko‘tarib podshohlikka jo‘nab ketdilar.
Podshohlikka borgach, podshoh, akobirlari va jami xizmatkorlar qiziqib yig‘ilishdilar. Zambilni o‘rtaga qo‘ydilar. Zambil ichidan ovoz chiqdi:
— Assalomu alaykum! Ey, ahli jamoalar! Men tilga kelib, sizga o‘xshagan podshoh va sizlarga o‘xshagan navkarlar haqida yaxshi-yomon gapirsam, xafa bo‘lmasanglar.
Hamma xalq: ”Mayli, gapiring” deyishdi. So‘ngra Sherzod tilga kelib:
— Bor ekan, yo‘q ekan, bir shaharda bir kambag‘al bor ekan. Bu kambag‘alning Rustamzod va Sherzod nomli ikki o‘g‘li bor ekan. Ularning onalari o‘gay ekan. Ularni otasiga oq fotiha berdirib, uydan haydatibdi...
Keyin Sherzod o‘z boshidan o‘tkazgan voqealarini birma-bir hikoya qila boshladi: aka-uka ko‘p yo‘l yurib axiri o‘rmonga borganlari, Sherzod qushlarning gapini eshitib, otib pishirib yegani, o‘zining beixtiyor uxlagani, akasi Rustamzod izidan qidirib ketgani, bir kun oqshom paytida shu shahar darvozasi oldiga kelgani, ajdar bilan olishgani, darvozabonlar Sherzodni yarador qilib, bir namatga o‘rab ko‘mib, ajdarni o‘ldirdim deb, podshohdan in’om olganlari va Sherzod kulolnikida tarbiya topib tuzalgani, podshohda amaldor bo‘lgan darvozabonlar buni ushlab siyosat qilib, zindonga solganlarini gapirib berayotgan edi, gap shu yerga yetganda darvozabonlar o‘rinlaridan turib chiqib ketmoqchi bo‘ldilar. Sherzod “Yaxshi-yomon gaplarga chidam berib o‘tirsalar, gapiraman”, deb oldindan pisanda qilganini eslatdi va hikoya tamom bo‘lguncha hech kimni chiqarib yubormaslikni podshohdan talab qildi. Podshoh eshikka qorovullarni qo‘yib, hech kimni chiqazmaslikka buyruq qildi. Shundan keyin Sherzod gap boshlab: “Agar gapimga ishonmasangiz falon joydagi kulol boboni chaqirtirib keling”, dedi. Darrov odamlar borib haligi kulol otani keltirdilar. Kulol qo‘rqqanidan gaplari og‘zidan tushib, quruq surobi kirib keldi. Chol kirganda gapirishga ham majoli kelmadi. Shunda podshoh kulol otaning yoniga o‘tirib, u yoq-bu yoqdan gapirib, ko‘nglini ko‘tarib, gap so‘radi:
— Ey, otajon, ajdarho o‘lgandan so‘ng siz nima sir ko‘rdingiz? — dedi. Bobo birpas turib, qo‘rquvlari ko‘nglidan ketib, yuragining qattiq urishi to‘xtab, tuproqqa borib bir pahlavon yigitning namat orasiga o‘rab ko‘mib tashlanganini ko‘rib qolgani, uning butun badani yaralangani, tabibdan dori olib kelib tuzatib, o‘g‘il qilib olgani, podshoh amaldorlarining gunohkor deb Sherzodni olib kelganlarini gapirib berdi. Podshoh kulol otani izzat va obro‘lar bilan bir chekkaga o‘tqazdi.
Keyin zambil ichidan yana ovoz keldi. Endi Sherzod muborakbodga kelgan mehmon podshoh bilan bo‘lgan voqealarni hikoya qildi. Bunda daryoga tashlanish uchun zindondan chiqib mehmon podshoh bilan ketgani va daryodan o‘tish voqealarini, mehmon podshoh Sherzodning xislatlariga qoyil qolib, o‘ldirmay, o‘z mamlakatiga olib ketgani, unda lashkarboshi bo‘lib xizmat qilgani, dahadagi sherni o‘ldirib, podshohning singlisini olgani, bir kungi bazmda og‘asini eslab oh urgani, podshohdan ruxsat olib akasini qidirishga yo‘llangani, unga o‘z yori Malikayi Nusratning ergashgani, yo‘lda xizmatkorlar bilan bo‘lgan voqea, suvda oqib ketganlarini birma-bir hikoya qildi. Hikoyaning so‘nggida Sherzod baliqchi ota suvdan qutqarib olganini izhor qildi. Baliqchi otadan podshoh gap so‘raganda, u o‘z hikoyasini bayon qilib, axiri: “O‘sha topilgan yigit shu zambilda turib gapirgan odamning o‘zidir” deyishi bilan Sherzod o‘rnidan silkinib turdi. Shundan so‘ng aka-uka ikkovlari quchoqlashib ko‘rishganlaricha, go‘yo mast kishilardek bir necha vaqt behush bo‘lib turdilar. Keyin hol-ahvol so‘rashib, topishganlari uchun juda xursand bo‘lib o‘tirdilar. Rustamzod dushmanlarni qattiq jazoladi. Kulol bilan baliqchiga in’om-ehsonlar berdi. Ular bilan ota-bola tutinib, xayrlashib, kuzatib qo‘ydi.
O‘rda ichidagi Malikayi Nusratga “Eringiz Sherzod topildi”, deb xabar berdilar. Malika sevinch va quvonch bilan o‘z yorining oldiga yugurib kelib ko‘rishdi.
Rustamzod podshoh ukasining topilishiga va xotini bilan topishganiga atab el-yurt uchun katta hashamatli sayil qilib, to‘y-tomoshalar qilib berdi.
Ular yetdi murodga, biz ham yetaylik murodga, shu hikoyani o‘qigan va eshitganlar ham yetsinlar murodga, lekin dushmanlar qolsin uyatga.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.