Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda bir podsho bo‘lgan ekan. Uning yomon bir xotini bor ekan. O’zi tug‘mas ekan, podsho boshqa xotin olay desa qo‘ymas ekan. Qitmir, badkirdor ekan. Yuzi oq bo‘lsa ham ichi qora ekan, undan ko‘plarning ko‘ngli yara ekan. Podshoning o‘lgan xotinidan bir qiz qolgan ekan. Qiz podshoning yakka-yu yagona farzandi bo‘lsa ham uni yomon ko‘rar ekan. «Qiz bola-tuz bola», deb qizini xafa qilaverar ekan. Lekin podshoning qizi juda chiroyli, dono va chevar ekan. Qiz podshoga ko‘p aqlli gaplarni aytar ekan, lekin podsho xotinining so‘ziga kirib, qizining gapiga quloq solmas ekan, bir gapda turmas ekan. Qizi olim ekan, podsho zolim ekan.
Kunlardan bir kun podsho kayf-safo qilib o‘tirgan ekan, birdan hovuz bo‘yidagi qaramon tepasiga chiroyli bir qush kelib qo‘nibdi. Keyin podsho tomonga qichqirib, sayray beribdi. Podsho odamlariga shu qushni tutinglar, deb buyruq beribdi. Biroq hech kim tuta olmabdi. Qush uchib ketib yana aylanib kelibdi-da, yana haliginday qichqirib, sayrabdi. Podsho vazirlariga:
— Qush nima deyapti, shuni aytib berasizlar, — deb buyruq beribdi. Vazirlar nima deyishlarini bilmay, og‘izlarini ochib o‘tiraveribdilar. Keyin podsho g‘azab qilib:
— Kim shu qushning nima deganini aytib bermasa, o‘zi o‘limda, moli podsholikniki! —debdi.
Vazirlar hayron bo‘lib:
— Bu balodan qanday qutulamiz? — deb tashvish chekibdilar. Vazirlar yurtni aylanib, dono olimlardan qushning nima deganini so‘rabdilar. Hech kim javob bera olmabdi. Eng oxirida vazirlardan bir aqllirog‘i:
— Bu so‘roqqa podshoning qizi javob berar, agar u ham berolmasa, hammamiz mol-jonimiz bilan xayrlasha bersak ham bo‘ladi, — debdi.
Qirq vazir yashirincha borib podshoning qizidan so‘rabdilar. Podshoning qizi:
— Agar otamga aytmasanglar, men savolingizga javob beray, bordi-yu, otam bilib qolsa, unda meni tirik qo‘ymaydi, — debdi.
Vazirlar hammasi qasam ichishibdi.
— Hovuz bo‘yidagi qaramon tepasida o‘tirgan qush: «Jinni erni sog‘ qiladigan ham xotin, sog‘ erni jinni qiladigan ham xotin, hazir bo‘l. Xotining seni jinni qiladi!» degani. Qushning joniqib sayraganining ma’nisi shunda, — deb javob beribdi.
Vazirlar juda suyunib hammalari podshoning oldiga borishibdi. Qiz nima degan bo‘lsa, hammasinn podshoga gapirib beribdilar. Podsho g‘azablanib:
— Sizlarga buni kim aytdi? — deb so‘rabdi.
— O’zlarimiz topdik, — debdilar.
— Sizlarga birov aytgan, tez javob bering, bo‘lmasa hammangizni dorga ostiraman! — deb siyosat qilibdi.
Vazirlar qo‘rqqanlaridan:
— Qizingiz aytdi, — debdilar.
Podsho:
— Qizimni dorga osinglar, — deb buyruq beribdi. Shunda vazirlarning bittasi:
— Podshohim, o‘z qizingizni el orasida dorga ostirmang, yaxshisi, cho‘l-biyobonga oborib o‘ldirsinlar, hech kim bilmaydi, — debdi. Podsho ko‘nibdi.
Vazirlaridan ikkisi ikki jallodni olib, qizning qo‘l-oyoqlarini bog‘lab, otga o‘ngarib, cho‘l-biyobonga qarab ketibdilar. Vazirlar bu qiz gunohsiz, bizni o‘limdan saqlab qoldi, biz ham buni o‘ldirmaylik, degan maslahatga kelibdilar, qizni sahroga olib borib qo‘l-oyoqlariki yechib yuboribdilar-da:
— Hamma balo sening aqlingda, xafa bo‘lma, qiz ajaling yetmagan bo‘lsa, kuningni ko‘rib ketarsan, — deb bir ko‘ylakni qonga bo‘yab, podshoga keltirib beribdilar.
Endi so‘zni podshoning qizidan eshiting:
Qiz cho‘l-biyobonda yolg‘iz o‘zi qolib, nima qilishiii bilmay, boshi oqqan tomonga qarab ketaveribdi. Yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi. Kechga borib, uzoqdan bir yolg‘iz gujumni ko‘ribdi. Shu gujum tomonga qarab ketaveribdi. Yaqin borib qarasa, gujumning tagida bir bostirma, bostirmaning oldidan tiniq bir chashma shildirab oqib turibdi. Qiz asta borib, uyning ichiga qarabdi. Uyning ichida hech kim yo‘q, yerga yirtiq palos tashlangan, har yer-har yerda bo‘yra cho‘plari sochilib yotibdi. Qiz uyga kirib haligi palos ustiga yotibdi-da, qattiq charchaganligidan darrov uxlab qolibdi.
Bir ozdan keyin qizning qulog‘iga uyqu aralash bir ovoz eshitilibdi:
Otim Qulman devona,
Odamlardan begona,
Turar joyim vayrona,
Dunyo bevafo ekan.
Qiz ko‘zini ochib qarasa, sochlari jingalak-jingalak bo‘lib o‘sgan, ko‘zlari o‘tdek chaqnab yonib turgan bir badburush odam tepasida turgan emish. Qiz irg‘ib o‘rnidan turibdi, haligi odam qah-qah urib kulib, o‘z ashulasini aytaveribdi. Qiz bir oz o‘ziga kelib, undan: «Sen kimsan?» deb so‘rabdi. Lekin u odam aljirayveribdi. Qiz: «Bu jinni ekan», deb o‘ylabdi. Qiz haligi odamni boshlab, chashmaning yoqasiga olib boribdi. Uning sochlarini olibdi, soqollarini tarabdi, ust-bosh kiyimlarini yuvib beribdi. Kunlar o‘taveribdi. Qiz turli giyohlardan dori yasab, haligi odamni davolay boshlabdi. Olti oy deganda, haligi devona tuzalibdi. Shunda u odam o‘z boshidan o‘tgan voqealarni bir-bir aytib beribdi.
— Mening bu ahvolga tushishimga xotinim sababchi: kambag‘alsan, mol-dunyong yo‘q, deb meni haydab yubordi, xotinimni yaxshi ko‘rardim, ikki yil sargardon bo‘lib yurdim, undan keyin nima bo‘lganimni o‘zim ham bilmayman, — debdi.
Qiz Qulmanga xotin bo‘lib, birga yashayveribdi. Yigit dehqonchilik qilar ekan, ov ovlar ekan, xotini bo‘lsa, odamlarni davolar ekan, gilam to‘qir ekan, kashta tikar ekan. Oradan ikki yil o‘tibdi, turmushlari juda yaxshi bo‘lib ketibdi. Bir o‘g‘il, bir qiz ko‘rishibdi.
Kunlardan bir kun Qulmanning xotini eriga:
— Agar ko‘nsang, podshoni vazirlari bilan bir ziyofatga chaqiramiz, — debdi.
Eri ham ko‘nibdi. Podsho vazirlari bilan Qulmanning uyiga mehmon bo‘lib kelibdi. Qiz podshoga bo‘lgan voqealarning hammasini birma-bir aytib beribdi. Podsho yomon xotinining jabridan joni azobda qolgan ekan, uning ustiga qizidan ajralib, farzandsizlik o‘tida kuyar ekan. Qizining hikoyasini eshitib podsho yig‘layveribdi. Keyin hammalari yurtga qaytib kelishibdi. Podsho yangidan to‘y-tomosha qilib, qizini Qulmanga nikohlab beribdi. Qulman yurtga podsho bo‘lib, hammalari murod-maqsadlariga yetishibdi. «Erni er qiladigan ham xotin, erni qora yer qiladigai ham xotin», degan naqlning ma’nisi shu ekan.