OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tuhmat

Bor ekan, yo‘q ekan, och ekan, to‘q ekan, qadim zamonda, Buxoro shahrida Xondarxon degan podsho o‘tgan ekan. Podshoning vazirlari ichida Qosim jallod degan bir vazir bor ekan. Podsho uning so‘zini e’tiborga olar ekan.
Muhammadjon degan bir yigit orzu-havas bilan bir boyning qizini olgan ekan. Muhammadjon xotini bilan yetti yil birga umr kechirib, hech farzand ko‘rmabdi.
Bir kun Muhammadjon xotiniga qarab aytibdi:
— Ey xotin, men tengi uylanganlar farzand ko‘rdi. Ulardan birortasi bolasini ko‘tarib ko‘chaga chiqqanini ko‘rsam, yerga kirib ketaman. Men sen bilan yetti yil umr qilib, farzand ko‘rmadim. Juda xafaman. Mahallamdagi o‘rtoqlarim bilan bir sayohat qilib kelmoqchiman. Sen meni uch yil kut. Agar uch yil kutmasdan boshqa er qilsang, sendan rozi bo‘lmayman.
Yigit uch yilga yetar-etmas uy xarajatlarini to‘g‘rilab, xotiniga:
— Ostona xatlab eshikka chiqmaysan, — deb safarga ketibdi.
Xotini eridan homilador bo‘lib qolgan ekan. Oradan to‘qqiz oy, to‘qqiz kun o‘tgach, o‘g‘il ko‘ribdi. O’g‘lini yaxshi tarbiyalabdi. Erining ketganiga ikki yarim yil bo‘libdi. Kunlardan bir kun bolasini allalab uxlatayotganida, erining so‘zlari esiga tushib, shunday qo‘shiq aytibdi.

Alla bolam, allayo, alla,
Jon bolam, jonim bolam, allayo, alla.
Baland-baland tepada qush o‘ltirar, alla.
Yo‘qchilik boshimga kulfat keltirar, alla.
Yo‘q bo‘lib otang, yonimda xor bo‘lguncha, alla,
Tog‘dagi arslon bo‘lay to o‘lguncha, alla.
Yaxshi bo‘lsa er yigitning xotini, alla,
Shul chiqarar yigitning otini, alla.
Derazadan oy tushdi yuzimga, alla,
Sizdan boshqa yor ko‘rinmas ko‘zimga, alla.
Kecha-kunduz sabr tilayman o‘zimga, alla,
Jon bolam, jonim bolam, allayo.
Otasini ko‘rmagan, yig‘isini qo‘ymagan, alla,
Jon bolam, jonim bolam, allayo, alla.

Ona bolasini uxlatib, beshikka bosh qo‘yib, uxlab qolibdi. Tushida erini ko‘ribdi. Muhammadjon kelib ko‘cha eshigini taqillatib uni chaqiribdi, yugurib chiqib, eshikni ochib ko‘chaga qarasa, eri loyga botib qolgan emish.
Eri:
— Ey, xotin, kiray desam eshiging berk ekan, loyga botib qoldim. Kel, qo‘limdan tort! — debdi.
U, erining qo‘lidan ushlab tortgan ekan, erining oyog‘i tagiga yiqilib tushibdi. Xotin uyg‘onib qarasa, tong payti ekan. Beshikka bosh qo‘yib uxlab o‘tirgan emish.
«Ajabo, bu nima bo‘ldi, buni kimga aytaman. Erim ostona xatlab eshikka chiqmagin degan edi», deb o‘ylabdi. Choy qaynatib, dasturxon yozib, choydan bir piyola ichmoqchi bo‘lib turgan vaqtida, birdan darvoza taqirlab qolibdi. Bu kim ekan, deb eshik yoniga borib:
— Kimsiz? — deb so‘rabdi:
— Men, och eshikni! —degan ayol tovushi eshitilibdi. Eshikni ochib qarasa, qo‘shnisi Mastura kampir emish. Kampir bu xotinning payida yurar ekan. Ko‘rinishi do‘st bo‘lsa ham, ichdan dushman ekan.
— Keling, ena, xizmat? — debdi uy egasi.
— Aylanay bolam, — debdi kampir, — uyimda gugurtim tamom bo‘lib qolgan ekan. Sizda bo‘lsa, so‘ragani chiqdim.
— Yaxshi chiqibsiz. Ichkariga kiring! Bir piyola choy iching, — debdi uy egasi. Kampir:
— Ha, mayli, ichsam icha qolay, — deb o‘tiribdi. Ikkisi choy ichishibdi. Uy egasi:
— Men sizni enamday ko‘rib yuraman. Bugun bir tush ko‘rdim. Siz shu tushimni yaxshiga jo‘yib bersangiz, — debdi.
— Ayt-chi, bolam, nima tush ko‘rding? — debdi kampir.
— Tushimda, erim kelib chaqirganday bo‘ldi. Quvonib, yugurib borib eshikni ochdim, chiqib qarasam, erim eshik oldida loyga botib qolgan emish. Erim: «Mening qo‘limdan ushla, tortib ol!» dedi. Men erimning qo‘lidan tortaman desam, oyog‘i tagiga yiqilib tushdim, uyg‘onib qarasam, tushim ekan.
— Ey bolam, — debdi kampir, — sen tushingda boyingning oyog‘i tagida loy ko‘rgan bo‘lsang, uning oyog‘i tagiga yiqilgan bo‘lsang, ikki-uch kun ichida bir tuhmatga uchraysan. Seni podshoning oldiga olib borib, bir yuz sakson gaz minoradan tashlab yuboradilar.
Xotin:
— Sening menga dushmanliging bor ekan. Endi kirsang oyog‘ingni sindiraman, dushmanliging o‘zingga yetsin! — deb gugurt bermay, kampirni uydan haydab yuboribdi.
Xotin: «Qurib ketgur, kampir mening o‘chgan o‘timni yondirib, yuragimni kuydirdi, tushimni aytmasam bo‘lar ekan», deb o‘ylabdi. Kampirning so‘ziga, ko‘rgan tushiga eri ketganidan buyon yig‘ib qo‘ygan ipini olib sotib, uch-to‘rt gadoyga sadaqa berib kelmoqchi bo‘libdi. O’ylab, o‘ziga-o‘zi so‘ylab: «Qanday kiyim kiyib borsam ekan? Yoshga o‘xshab kiyinib bozorga borsam, bitta-yarimta yigit ko‘z qirini tashlamasin, har holda kampirlarga o‘xshab boray», deb eski kiyimlar kiyib uydan chiqibdi. Kalava ip bozoriga boribdi. Kalava bozorga yaqin kelib, birovdan:
— Aylanay bolam, kalava bozori qaerda? — deb so‘rabdi. U:
— Yaqin qoldi, — deb kalava bozorini ko‘rsatib yuboribdi.
Kalava bozoriga kirib ketayotsa, bir do‘kondor yigit:
— Qo‘lingizdagi nima? — deb so‘rabdi.
— Aylanay bolam, kalava, — debdi.
— Sotasizmi?
— Sotaman.
Shunda do‘kondor:
— Olib keling, bo‘lmasa, — debdi-da, taroziga solib tortib ko‘ribdi.
— Kalavangiz o‘n qadoq ekan. Qancha so‘raysiz?
— Aylanay bolam, men nima der edim, o‘zingizga insof bersin, — debdi. Yigit:
— Un qadoq kalavangizga o‘n tanga beraman, xo‘p desangiz bering, — debdi...
— Mayli, — debdi xotin. Do‘kondor:
— Men kalavangizni o‘n tangaga oldim, lekin besh tanga pulim bor ekan. Shu rastaning narigi boshida mening o‘rtog‘im bor. Sizga shu o‘rtog‘imdan besh tangangizni olib beraman, — debdi.
— Mayli, bolam! —deb javob beribdi xotin. Endi gapni boshqa tomondan eshiting:
Podsho bir o‘g‘rini dorga osgin, deb farmon bergan ekan. Do‘kondor bilan ketayotgan xotin podsho vaziri Qosim jallod o‘g‘rini kalava bozoridan haydab kelayotganini ko‘rib, qo‘rqqanidan hushidan ketib, boshidan paranjisi tushib, oyog‘iga o‘ralib yiqilibdi. Qosim jallod yuzi ochilib qolgan xotinning husni-jamolini ko‘rib, «yaxshi xotin ekan-da», deb o‘g‘rini haydab keta beribdi. Xotin bir do‘kon taxtasining orqasiga yashirinib qolibdi. Qosim jallod yo‘lda keta turib, mug‘ombir, ayyor, har yaramas ishga tayyor Abdulla chaqqon degan odamni uchratib:
— Sen orqangga qayt! Kalava bozorda bir xotinni ko‘rib qoldim. Shu xotinni olib kelib, men bilan gaplashtirsang, senga bir ot, yuz tanga pul beraman, — deb o‘g‘rini haydab ketibdi.
Abdulla chaqqon bu so‘zni eshitib kalava bozoriga chopibdi. Kalava bozoriga borsa, kalavafurushning oldida bir xotin turgan emish. Unga kalavafurush:
— Mana, besh tanga, oling. Kalavani bering, — deb turganini eshitgan Abdulla chaqqon otdan tushib kalavafurushning yoqasidan ushlabdi.
— Birodar, men nima ish qildim, meni yoqamdan bo‘g‘asiz? — debdi kalavafurush. Abdulla chaqqon kalavafurushga: — Nega sen bu xotinga pul beryapsan? — debdi.
— E, bolam, bu gapni aytmang? Men bu kishiga kalava sotdim. Shunga pul beryaptilar, — debdi xotin.
— Ha, ha, kalavangiz qaysi?
— Ha, anavi, — debdi.
— Bo‘lmasa, bu kalavani olib taroziga solib ko‘r-chi, qancha kelar ekan.
Kalavafurush uning gapi bilan kalavani olib taroziga qo‘yib:
— Mana o‘n qadoq. Har qadog‘i bir tangadan, o‘n tanga berdim, — debdi.
— Bo‘lmasa sen o‘n tangaga olgan bo‘lsang, aldamaganing shu xotin qolganmi edi. Bu kalavani har kim o‘n besh tangaga oladi-yu, sen o‘n tangaga olasanmi? — debdi Abdulla chaqqon.
Kalavafurush:
— Siz o‘zingiz o‘n besh tangaga olasizmi? — debdi.
— Ha, olaman, — debdi.
— Oling bo‘lmasa, — debdi kalavafurush. Kalavafurushning qo‘lidan Abdulla chaqqon kalavani olib:
— Mana, ena, o‘n tanga, besh tangasini mening uyimdan olasiz. Shu yerdan to‘g‘ri borib, ikkinchi mahallaga yetib «Abdulla chaqqonning uyi qaerda?» deb so‘rasangiz hamma ko‘rsatib beradi, — debdi.
Xotin kalavafurushga o‘n tangasini qaytarib berib, Abdulla chaqqonning so‘ziga ishonib, uning o‘n tangasini olibdi.
Abdulla chaqqon:
— Ena, endi siz bora bering. Mening bozorda ishim bor, — deb bozorda qolgandek bo‘lib, xotinning ketidan qorama-qora bora beribdi. Xotin Abdulla chaqqonning uyiga yetib borib eshigidan qarasa, uyda hech kim yo‘q emish. Qaytib chiqay desa, ko‘cha eshigi bekilib qolibdi. Abdulla chaqqon eshikni bekitib ko‘chada turgan emish. Xotin chiqib ketmoqchi bo‘libdi. Abdulla chaqqon:
— Chiqarmayman seni. Shu yerda bir oz turasan. Agar turmayman desang, qanoting bo‘lsa osmonga uchib ket, ilojini topsang, yerga kirib ket. Lekin seni menga bir odam tayinlagan. O’sha odam kelib: «Shu edi» desa, xo‘p-xo‘p, agar boshqa odam desa, keta berasan, — debdi. Xotin:
— Vo ajabo, bu qanday gap? Uyda yosh bolam qolgan, — deb ko‘ziga yosh olibdi.
Qosim jallod o‘g‘rini dorga tortib, qaytib kelib, Abdulla chaqqondan:
— Nima qilding? — deb so‘rabdi.
— Eshikni ochaman, kirib ko‘ring, — deb javob beribdi Abdulla chaqqon.
— Qani, ochgin, ko‘ray, — debdi jallod. Abdulla ayyor eshikni ochibdi. Jallod eshikdan kirib, o‘zi tayinlagan xotin ekanini ko‘rib, Abdullaga:
— Seni bir kun xursand qilarman, — debdi-da, xotinga qarab:
— E, yanga, cho‘ntagim to‘la tanga. Bu kecha men bilan gapirishsang, o‘n ming tanga beraman, — debdi. Xotin:
— O’n ming tanga ekan, yuz ming tanga bersang ham, senga yuzimni ko‘rsatmayman, — debdi.
Jallod bu so‘zni eshitib, jahli chiqib, Abdulla chaqqonga:
— Hayda buni! Podsho oldiga olib boramiz, bunga podshoning jazosini berdirmasam, Qosim jallod otimni boshqa qo‘yaman, — debdi.
Xotin aytibdi:
— Mayli, meni podshoning oldiga olib bor, nima jazoga tortsa tortsin.
Qosim jallod bilan Abdulla chaqqon xotinni podshoning oldiga olib borishibdi. Podsho:
— Qosimboy, nima gap-so‘z topib keldingiz? — deb so‘rabdi. Qosim jallod aytibdi:
— Kecha yarim kechada Chordanzi mahallasidan o‘tib ketayotsam, bir uyning ichidan gangur-gungur ovoz chiqayotganini eshitib qoldim. «Yarim kechada bu ovoz qaerdan kelayotir?» deb tomga chiqib, mo‘ridan qarasam, bu xotin qirqta yigitga musallas quyib berib o‘tiribdi: «Hap senimi? Senga ko‘rsatib qo‘ymasam», deb tomdan tushib, eshikdan kiray desam, hovlisining orqa tomoni bog‘ ekan, bu xotin qirq yigitni bog‘ tarafdan qochirib, eshikni ochdi. Menga:
— Nima ko‘rding? — dedi. Men: — Bu yerda o‘tirgan yigitlar qani? — deb so‘rasam. U: «Qo‘ling bilan tutgin-da, nima qilsang qila ber», deb menga do‘q qildi. Shuning uchun sizning oldingizga keltirdim. Shunga jazo berishingizni so‘rayman, — debdi.
— E ayol, yosh ekansan, mening zamonimda bunday ish uchun o‘limga buyurishimni bila turib, shu ishni qilishga qo‘rqmadingmi? — debdi. Xotin:
— Ey podshohi olam, sultoni bokaram, men ham arzimni aytay, eshiting, — deb yolvoribdi.
Podsho:
— Ayt, — debdi.
Xotin eri sayohatga chiqib ketgani, unga ikki yarim yil o‘tgani, bir kun bolasini allalab uxlab qolgani, tush ko‘rgani va boshidan kechirgan butun voqeani podshoga so‘zlab beribdi. So‘zining oxirida: «Qilgan gunohim shul taqsir», debdi. Podsho:
— E Qosimboy, buning aytgan so‘zi to‘g‘rimi? — deb so‘rabdi: Jallod:
— Taqsir, o‘g‘ri: — o‘g‘riman, yomon: — yomonman, buzuq: — buzuqman deydimi?! Sizga men xizmat qila boshlaganimdan beri yolg‘on gapirganmanmi? Agar buning gapiga ishonib, mening gapimga ishonmasangiz, o‘zingiz bilasiz, — debdi. Podsho jallodga qarab:
— Bu xotinning gapi yolg‘onligiga to‘rtta guvoh topib kelsangiz, uni jazoga buyuraman, — debdi. Qosim jallod:
— Xo‘p, bo‘lmasa, men guvoh topib kelay, — deb chiqib ketibdi. Bir qimorxonaga borib, to‘rtta yutqizgan qimorbozni topib, bozor boshiga yetganda, to‘rttoviga ham mullalar kiyadigan kiyim kiydirib, oshxonaga olib kirib, qornini to‘yg‘azibdi, gap o‘rgatibdi, podshoning oldiga olib boribdi. Podsho:
— Qosimboy, bularni nimaga olib kelding? — debdi. Qosim jallod:
— Siz guvoh olib kel, deganingiz uchun guvohlikka olib keldim, — debdi. Podsho kelganlarga qarab:
— Sizlar Qosimboyga guvohmisizlar? — debdi. Qimorbozlar:
— Ha, guvohmiz, — deyishibdi. Podsho ularga qarab:
— Qosimboy bu xotinni fohisha deydi, bu xotin esa, «Men fohisha emasman», deydi. Qosimboyning gapi to‘g‘rimi, yo xotinning gapi to‘g‘rimi? — debdi. Qimorbozlar:
— E podsho, sizga tasadduq bo‘laylik. Qosimboyning gapi to‘g‘ri. Biz bilamiz: bu xotin buzuq, har qanday jazo bersangiz arziydi, — deyishibdi. Podsho:
— Xo‘p, mening davrimda, shu odam yomon deb to‘rt odam guvohlikka o‘tsa, uni qilgan ishiga qarab jazoga buyuraman, — debdi va xotinga qarab. — Fohishaliging yo‘rig‘idan seni o‘lim jazosiga buyuraman. Jazo minorasidan tashlataman, yo ostiraman yoki to‘pga tutdiraman. Shu uch jazodan qaysi biriga rozisan, ayt! — debdi. Xotin:
— Ey podsho, sizga bularning tuhmati ma’qul bo‘lib, mening gapim noma’qul bo‘lsa, mening yana sizga bir arzim bor, mana shu kalitni bir odamingizga bersangiz. Mening uyimga borib eshikni ochib kirsa, beshikda qolgan bolam bor. Shu bolamni oldirtirib keltirsangiz. Agar oldirib keltirmasangiz, bolam uyda qolib, meni jazoga torttirsangiz, rozi emasman. Bolamni oldirib kelib, shu bir yuz sakson gazlik minoradan tashlating, roziman, — debdi.
Podsho shu onda xotin tayinlagan joyga odam yuborib, bolasini oldirib, xotinning qo‘liga beribdi. Xotin bolasini olib, bir yuz sakson gazlik minoraning tagiga borib, bolasini emizib turib, xalqqa qarab:
— E xaloyiq, podsho meni nohaq jazoga tortayotir. Shuning uchun shu bolamni kim oladi? Agar olgan odam asrab katta qilsa, xursand bo‘ladi, xafalik tortmaydi, — debdi.
Bir chol kelib:
— Mening qizim, o‘g‘lim yo‘q edi, farzandga zor edim. Sen mening qizimsan, o‘g‘lim o‘rniga o‘g‘limsan. Bolangni men olay, boqib katta qilay, — deb bolani olibdi.
Podsho xizmatkorlari xotinni qopga solib, bir yuz sakson gazlik minoraning tepasidan: «Hukmi podsho vojib», deb tashlab yuborishibdi. Xotin aylanib-aylanib azob tortmay, xuddi tomdan sakrab tushganday tikka yerga tushibdi. Xalq xotinning tirik qolganini ko‘rib hayron bo‘libdi. Xalq ichidan uch-to‘rtta odam chiqib jallodga:
— E, Qosimboy, berahmlik bilan nohaq tuhmat qilgan ekansan-da, bu minoradan tashlagan odamlar parcha-parcha bo‘lib, zambardagi loyday yoyilib ketar edi. Bu xotin parcha-parcha bo‘lmay, tik tushib qoldi. Sening gaping nohaq gap, tuhmat, bu xotinning yolborgani to‘g‘ri ekan, — deyishibdi.
Qosim jallod turib:
— Bu xotin jodugar, sehrgar ekan, shuning uchun o‘lmadi, yana qaytadan tashlataman, — debdi. Odamlar:
— Sen qanday odamsan? Tag‘in minoradan tashlash kerak deysan. Senda insof bormi? Lekin biz podshoga borib aytamiz: «Siz minoradan tashlashga buyurgan xotin, vohaq jazo berilgani uchun minoradan azob chekmay, sog‘-salomat tushdi, o‘lmadi», deymiz. Podsho «yana minoradan tashlanglar» desa, tashlaymiz, bo‘lmasa, yo‘q, — deb xotinning tarafini olishibdi. Qosim jallod minora tagida qolibdi, besh-olti odam podshoning oldiga borib, bo‘lgan voqeani birma-bir bayon qilishibdi. Podsho ularga:
— Unday bo‘lsa, xotinni minoradan yana tashlanglar! — debdi.
Bir vazir turib:
— Siz bir marta hukm chiqargansiz. Xotin haq bo‘lgani uchun minoradan tushib o‘lmabdi. Endi uni ozod qilib, bolasini qo‘liga berib jo‘natish kerak. Qosim jallodni esa, begunoh bir odamga tuhmat qilgani uchun jazoga tortish kerak, — debdi.
Podshoga bu gap ma’qul tushibdi.
— Boringlar, xotinni ozod qilib, choldan bolasini olib qo‘liga berib, yana unga o‘n tanga ham berib, uyiga eltib qo‘yinglar. Qosim jallod, Abdulla chaqqon va to‘rtta guvohini bu yerga olib kelmasdan, shahardan chiqarib haydab yuboringlar, —deb farmon beribdi. Bu odamlar minora tagiga borib, xotinni qopdan chiqarib, choldan bolani olib, qo‘liga tutqazib, o‘n tanga berib jo‘natishibdi.
Qosim jallod va guvohlarni esa boshqa tomonga haydab yuborishibdi. Xotin uyiga kelib uch oy turgandan keyin eri kelibdi.
Hol-ahvol so‘rashib:
— Men hayallab qoldim. Xafa bo‘lmay yurdingmi? — debdi. Xotini u ketgandan keyin boshidan kechirgan sarguzashtlarini aytib beribdi.
Eri:
— Shunchalik malomatga qolibsan, joning salomat qolibdi. Endi xafa bo‘lmay ikkovimiz yaxshi yashaylik, — debdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.