O‘tgan zamonda bir podshoning go‘zal qizi bor ekan. Shu mamlakatda bir kambag‘al dehqon bo‘lib, uning ham yolg‘iz o‘g‘li bor ekan. U podshoning qiziga oshiq bo‘lib qolibdi-da, sovchi jo‘natibdi. Podsho unga:
— Dunyoda yo‘q hunarni o‘rgansa, qizimni beraman, — debdi.
Endi dehqon o‘g‘lini turli hunarlarga o‘rgatmoqchi bo‘libdi va uni bir kashmirining uyiga olib boribdi, unga shogird qilib beribdi. Kashmiri kishi o‘z hunarini birovga o‘rgatmas ekan, shogirdlarini o‘n kun och qo‘yib o‘ldirar ekan. Bu yigitni qamayotganda kashmirining qizi ko‘rib qolibdi va yigitga otasidan yashirincha yordam berib, otasi bilgan hunarlarning hammasini unga o‘rgata boshlabdi. O‘n kun o‘tgach, dehqon kelib o‘g‘lini olib ketibdi. Kashmiri yigitning o‘lmaganini ko‘rib hayron bo‘libdi. Yigitning payiga tushibdi. Yigit qizdan shunday bir duo o‘rgangan ekanki, uni o‘qib bir dumalab, xohlagan narsasining qiyofasiga kira olar ekan.
Bir kuni yigit ajoyib tulpor ot bo‘libdi, otasi uni bozorga olib borib sotibdi, chol uyiga kelsa, o‘g‘li ham otasining orqasidan yetib kelibdi. Otasi hayron bo‘libdi. Kelgusi bozor kuni yigit katta bir nor tuya bo‘libdi, otasi uni yana bozorga olib boribdi, bu safar tuyani bozorda kashmiri kishi ko‘rib, yigit ekanini bilibdi-da, uni darrov sotib olibdi, uyiga olib borib so‘ymoqchi bo‘libdi. U qizga:
— Pichoq olib chiq! — debdi. Qiz ham yigitni tanibdi. Uyga kirib pichoqlarni bekitibdi-da:
— Тopolmadim, — debdi. Otasi qiziga tuyani berib, o‘zi pichoqqa kirib ketibdi. Qiz otasining yo‘qligidan foydalanib, tuyani qo‘yib yuboribdi. Тuya kaptar bo‘lib uchib ketibdi. Qizning otasi bir dumalab burgut bo‘libdi-da, uning orqasidan quvlabdi. Ular quvlashib bir-biriga yetay deganda, yigit baqa bo‘lib suv ostiga yashirinibdi, kashmiri laylak bo‘lib uni axtaribdi, ushlab olay degan ekan, yigit bedana bo‘lib uchibdi. Chol qirg‘iy bo‘lib quvibdi. Nihoyat, unga yetay deganda yigit podshoning bog‘idagi ochilib turgan gullari orasiga kirib gul bo‘lib olibdi, chol qaysi gul yigit ekanini ajrata olmay, bulbul bo‘lib sayray beribdi, shu vaqtda podshoning qizi kelib haligi gulni uzib olibdi-da, otasiga beribdi. Kashmiri darrov musiqachi bo‘lib yaxshi kuylarni chala boshlabdi, podsho juda miriqib, bu kuyni tinglabdi. U kishi shohdan gulni so‘rabdi, podsho bermabdi, yana so‘rabdi, shoh yana bermabdi. Kashmiri xiralik qilib so‘ray bergan ekan, podsho g‘azablanib gulni yerga uribdi, gul qo‘noq bo‘lib sochilib ketibdi, kashmiri jo‘jali tovuq bo‘lib, qo‘noqni yeya beribdi va yeb tamom qilibdi. Podsho kavushining ichida bir dona qo‘noq qolgan ekan, u qo‘noq katta olg‘ir mushuk bo‘libdi-da, haligi jo‘jali tovuqni bir chekkadan yeb bitiribdi va bir dumalab odam bo‘lib, podshoga ta’zim qilibdi. Podsho yigitning o‘rgangan hunariga qoyil qolibdi-da, qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-tomosha qilib haligi yigitga qizini beribdi, shunday qilib yigit murod-maqsadiga yetgan ekan.