OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkajon

Uzoq zamonlarda Buxoro elatida bir podsho bo‘lgan ekan, uning Erkajon degan o‘g‘li bor ekan. Podsho o‘g‘lini juda yaxshi ko‘rar ekan. Usiz tomog‘idan ovqat o‘tmas, ko‘ziga uyqu kelmas ekan. Podsho o‘g‘lini o‘z o‘rniga taxtga ega qilish uchun jami hunarlarni o‘rgatgan ekan. Unga atab shohona kiyimlar tiktirgan va yaxshi bir toy olib bergan ekan. Erkajon toyini shu qadar yaxshi ko‘rar ekanki, hatto egar-qashovini ham birovga ishonmas ekan.
Erkajon o‘n besh-o‘n olti yoshga kirganda onasi o‘libdi, podsho boshqa xotin olibdi. Bu xotin o‘z o‘g‘illarini ham ketida ergashtirib kelibdi, o‘gay ona Erkajonning boshiga ko‘p azob-uqubatlar solibdi. Shohning o‘rniga o‘z o‘g‘illaridan birortasini taxt-u baxt egasi qilmoqchi bo‘libdi. Lekin o‘rtada Erkajon bor. O‘gay ona Erkajonni yo‘qotmoqchi bo‘libdi. Unga ikki-uch marta nonga zahar qo‘shib berganida, toyi kelib yedirmabdi. Buni ko‘rgan o‘gay ona toyni yo‘qotmoqchi bo‘libdi. Lekin hech ilojini topa olmabdi, podshoning g‘azabidan qo‘rqibdi.
Kunlarning birida podsho vafot etibdi. O‘gay ona buni Erkajonga bildirmasdan har kungiday maktabiga yuboribdi. Erkajon maktabga ketayotganida toycha kishnabdi va Erkajonga qarab: “Bugun meni so‘yishmoqchi, mening go‘shtim onangning kasaliga davo emish. Sen maktabdaligingda bir kishnasam, meni so‘yishga taraddud qilayotgan bo‘ladilar, ikkinchi marta kishnasam qassob mening oyog‘imni bog‘layotgan bo‘ladi, uchinchi marta kishnaganimda yetib kelmasang, bo‘g‘zimga pichoq qo‘yiladi; unda kech bo‘ladi. Agar yetib kelsang, onangdan: “Men bir shohona kiyimlarni kiyib, sevimli toyimni oxirgi marta minay”, deb so‘raysan va u yog‘ini mening ixtiyorimga qo‘yasan”, debdi. Erkajon bu gapdan xafalanib, maktabga boribdi. O‘qib o‘tirganida toy bir kishnabdi, buni eshitgan Erkajon muallimidan tashqariga chiqib kelishga javob so‘rabdi, muallimi javob bermabdi, toy ikkinchi marta kishnaganda yana javob so‘rabdi, muallimi yana javob bermabdi. Erkajon chiday olmasdan, tez chopib uyga kelibdi. U uyga kirishi bilan toy uchinchi marta kishnabdi. Erkajon pichoq qayrayotgan qassoblardan va onasidan so‘ymaslikni so‘rab, yolvorib yig‘labdi. Johil onasi unga quloq solmasdan qassoblarga tezda so‘yishni buyuribdi. Bola qassobning qo‘lini ushlab yig‘laganda, uning rahmi kelib, toyiga oxirgi marta minishga ijozat beribdi, toyiga ham yaxshi egar urib, anjomlar bilan bezabdi. U minishi bilan toy saroyning baland devorlari ustidan uchib o‘tibdi va uzoq bir joyga borib tushibdi. So‘ng Erkajonga: “O‘gay onang avval meni, keyin seni o‘ldirmoqchi edi. Endi sen xatardan qutulding, qachon mening yordamim kerak bo‘lsa, mana shu yolimdan bittasini kuydirsang, tezda yetib kelaman”, deb yigitning ko‘zidan g‘oyib bo‘libdi.
Erkajon uzoqda ko‘ringan bir chaylaga boribdi, unda bir nuroniy chol gul butoqlarini kesib yurgan ekan. Cholning oldiga borib, odob bilan salom beribdi, chol undan kimligi va qayerdan kelganligini so‘rabdi. Erkajon cholga shahzodaligini bildirmay: “Bir kimsasiz bechoraman”, debdi. Cholning unga rahmi kelib, o‘z yonida qolishini so‘rabdi, yigit bunga jon-dili bilan rozi bo‘lib, gulbutalarga, qovun-tarvuzlarga qarashib yuribdi.
Yigit kelib tushgan elat podshosining uch qizi bor ekan. Ular bir-biridan go‘zal ekan-u, lekin hali baxtlari ochilmagan ekan. Har kuni erta bilan chol shu uch qizga bir savat gul eltib berar ekan. Yigit bir kuni bir dasta gulni cholga bildirmay, savatga qo‘yib yuboribdi. Podshoning kichik qizi gullar orasida choldan boshqa kishi tomonidan yuborilgan guldastani ko‘rib qolibdi. Kunlarning birida qiz ikki opasi bilan cholning bog‘iga kelibdi. Shunda u kiyimlari bir holatda bo‘lsa hamki, qaddi-qomati kelishgan, chiroyli yigitni ko‘rib, choldan kimligini so‘rabdi. Chol ham ko‘p o‘ylamasdan, “Bir yetimcha qul-da, ishlarimga qarashib yuradi”, deb javob qaytaribdi. Qiz o‘zicha, “O‘zi qul bo‘lsa ham qo‘llari gul, mehnatsevar ekan”, deb o‘ylabdi. Qizlar kechgacha o‘ynab-kulib, bog‘lardan gullar terib bo‘lganlaridan keyin qaytmoqchi bo‘libdilar va choldan bittadan yaxshi qovun tanlab berishni so‘rabdilar, shohning kichik qizi yigitdan bir qovun tanlab berishni so‘rabdi.
Shunday qilib uch qiz uch qovunni ko‘tarib uyga qaytibdilar. Shohning katta qizi qovunini otasiga beribdi. Otasi so‘yib ko‘rsa, bemaza ekan, so‘ngra o‘rtancha qizi uzatibdi, bu qovun ham bemaza chiqibdi. Oxiri kichik qizi uzatgan ekan, otasi unga qarab:
— Opalaringning qovunini yeb maza topmadim, seniki nima bo‘lar edi, — deb olgisi ham kelmabdi. Lekin qizining xafa bo‘lganini ko‘rib qovunni olib so‘yibdi. Qarasa, juda shirin ekan. Shoh qizlari chiqib ketgach, bo‘lgan voqeani vaziriga gapirib beribdi, vazir shohga qarab:
— Ikki katta qizingizni erga berish vaqti o‘tibdi, kichik qizingizning vaqti yetibdi, — debdi. Shoh vazirining gapini to‘g‘ri topibdi va qizlarini erga berish to‘g‘risida maslahat so‘rabdi.
Shoh odil shoh ekan, mol-davlati o‘ziga yetib ortar ekan. Shuning uchun uni davlatmand kuyov emas, baxtli kuyov qiziqtirar ekan.
Тez orada shaharning o‘rtasida bir chortoq1 qurib, atrofiga qimmatbaho pardalar tutib bezatibdi. Ustiga qizlarini chiqarib o‘zlariga kuyov tanlashni so‘rabdi. Shaharning butun yigitlari bitta-bitta shu chortoq yonidan o‘tibdilar. Shohning katta qizi qo‘lidagi olmasini bir savdogarning o‘g‘liga otibdi, o‘rtancha qizi olmani bir amaldorning o‘g‘liga otibdi, kichik qizi esa hech kimga otmabdi. Buni ko‘rgan shoh kishilardan yana shaharda kim qolganligini so‘raganida, ular qovun boshidagi bir ko‘rimsiz uvada kiygan quldan boshqa hech kim qolmaganligini aytibdilar. Shoh tezda olib kelishni buyuribdi. Hech gapdan xabarsiz bo‘lgan yigit chortoq yonidan o‘tayotganida boshiga bir olma kelib tegibdi, buni ko‘rgan shoh, qizim o‘ylamay qilayotgandir, deb ikkinchi marta o‘tkazishni buyuribdi. Unga qiz yana olma tashlabdi, shoh oxiri ko‘nishga majbur bo‘libdi.
Podsho qirq kecha-kunduz to‘y-tomosha qilib, uch opa-singilni erga beribdi. U ikki kuyovidan rozi, lekin uchinchi kuyovi uchun ikki qizidan ko‘p ta’na eshitibdi. Xafa bo‘lib, oxiri kichik qizi bilan kuyovini ikki katta qizidan ajratib, uzoq joyga eltib joylashtiribdi. Kunlarning birida podsho ikki kuyoviga shikorga chiqib bittadan qush otib kelishni buyuribdi. Ikki kuyov yaxshi otlarda, shohona kiyimlarda shahar o‘rtasidan o‘tib ketibdilar. Shohning kichik qizi buni ko‘rib, eriga: “Siz ham ularga qo‘shilib borsangiz-chi, qush olib kelib otamga ma’qul bo‘lardingiz”, debdi. Yigit oldin unamabdi, so‘ngra chiqishga rozi bo‘libdi. Shahar o‘rtasidan qirchang‘i otda o‘tib ketayotganida uni ko‘rgan kishilar kulibdilar. Yigit shahardan chiqib, toyning yolini kuydiribdi, tezda toyi yetib kelibdi. Yigit podshoning qush ota olmay charchab kelayotgan ikki kuyovi oldiga kelibdi-da, boshlari ustida uchib yurgan qushlardan ikkitasini otibdi, boshini kesib, tanasini ularga tashlab ketibdi. Ular qushlarni shahardan tantana bilan olib o‘tibdilar va shohga beribdilar. Shoh ularga minnatdorchilik bildiribdi.
Endi gapni shohning kichik kuyovidan eshiting.
U yana o‘sha cho‘loq otida, ikki qushning boshini iрga bog‘lab, yelkasiga tashlab kelibdi. Buni ko‘rgan kishilar yana kulibdilar.
Erkajonning qaynatasi bilan uning ona yurtidagi podsho bir-biriga yov ekan. Oradan ko‘p o‘tmay bu yurtga dushman podsho o‘z lashkarlari bilan bostirib kelibdi. Podsho lashkari bilan ikki kuyovini jangga yuboribdi. Jang boshlanibdi. Erkajon yana bir o‘zi cho‘loq oti bilan jangga chiqayotganda, boshqalarga kulgi bo‘libdi. U jang maydoniga yetar-etmas otining yolini kuydiribdi. Ko‘z ochib-yumguncha toyi yetib kelibdi. Erkajon shohona kiyimlarni kiyib, toyiga minib, jangga kiribdi. Dushman lashkarini bir boshdan qirishga tushibdi, podshoning ikki kuyovini o‘limdan qutqaribdi. Bir joyga borsa, podshoning bir o‘ziga o‘gay onasining ikki o‘g‘li hamla qilayotgan ekan, tezda yetib borib, ularni o‘ldiribdi. Erkajon ular bilan olishayotganida qo‘liga shamshir tekkan ekan. Podsho uning yarasini boshidagi sallasi bilan bog‘labdi. Dushman yengilgach, yigit yana ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi. Podsho ikki kuyovi bilan yigitni ko‘p axtaribdi va topa olmaganiga achinib, eliga qaytibdi. Xalq uni g‘alaba bilan qutlabdi. Saroyga bora turib yo‘lda kichik qizinikiga kiribdi, uyga kirgach, uning sallasi bilan qo‘li bog‘liq yotgan yigitni ko‘ribdi va kichik kuyovi ekanligini bilib, uni quchoqlabdi.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Erkajon o‘z eliga qaytibdi, o‘gay onasi va o‘g‘illari dastidan azob chekkan xalqlarga ozodlik beribdi va otasining o‘rniga podsho bo‘lib murod-maqsadiga yetibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.