Bor ekan-da, yo‘q ekan, qadim zamonda bir cholu kampir bo‘lgan ekan. Ular juda qashshoq yashashar ekan, zo‘rg‘a kunlari o‘tar ekan. Nihoyat qashshoqlik cholning joniga tegibdi va kampiriga shunday debdi:
— Ey, kampir, qachon peshonamizning sho‘ri arir ekan. Hamma balo savodsizligimizda. O‘qigan odamlar o‘z nonini topib yeydi. Bilasanmi, men maktabga bormoqchiman. Zora umrimizning so‘ngida turmushimiz yaxshilansa.
— Qarigan chog‘ingizda o‘qib, endi nima bo‘lardi, — debdi kampir.
Chol maktabga yo‘l olibdi. Muallimning yoniga boribdi.
— Xo‘sh, xizmat, — deb so‘rabdi muallim.
— Men bir iltimos bilan kelgan edim. Meni ham o‘qishga qabul qilsanglar, — debdi chol.
— Sizga nima bo‘ldi, otaxon, qarigan chog‘ingizda? Qo‘ying, boshimni og‘ritmang, — debdi muallim.
— Men o‘qiyman, — deb chol qaysarlik qilib o‘z so‘zida turib olibdi.
Muallim qarasa, choldan hech qutulolmaydi. Oxiri maktabga qabul qilishga rozi bo‘libdi. U ham bolalar qatori maktabga qatnay boshlabdi.
Bir kuni chol maktabdan kelayotib, yo‘lda kattagina, qappaygan hamyon yotganini ko‘rib qolibdi. Chol hamyonni yerdan olib, kampirining yoniga boribdi.
— Ana, omadimiz keldi. Ko‘chadan bir hamyon pul topib oldim, — debdi quvonib.
Kampir ham rosa quvonibdi. Bir-ikki kun o‘tgach, bir odam hovlima-hovli yurib, "hamyon topmadinglarmi?" deb surishtirib boribdi. U cholnikiga ham kelibdi. Chol to‘g‘ri so‘zli, insofli ekan, gapning rostini aytibdi:
— Ha, men bir hamyon topib olgan edim, — debdi chol.
— Hamyonni qachon topgan edingiz, ota? — deb so‘rabdi xursand bo‘lib.
— Maktabdan qaytayotganimda, — debdi chol.
— Ey, hali shunaqa deng. Siz maktabga qatnagan vaqtingizda, men hali dunyoga ham kelmagan edim, — debdi-da, shoshib chiqib ketibdi. Chol u kishining orqasidan tushuntirgancha qolaveribdi.