OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qaysar odam qismati

Qadim zamonda bir odam bor ekan. U yolg‘iz o‘zi ish axtarib yo‘lga tushibdi. Yo‘lda bir odam uchrab qolibdi, unga:
— Yo‘l bo‘lsin, oshna, — debdi.
— Xudo bersa, mo‘l bo‘lsin, — deb javob beribdi u.
— Yaxshi bo‘ldi, endi ikkimiz do‘st bo‘lamiz, — debdi.
Yo‘lda yana bir kishi uchrab qolibdi. U ham ularga sherik bo‘libdi. Yo‘lda dam olish uchun katta bir daraxt tagida to‘xtabdilar. Dam olayotib ko‘zlari uyquga ketibdi. Birdan ulardan ikkitasi seskanib uyg‘onib ketibdi. Qarasalar, yonlaridagi sheriklarini ilon yutayotgan ekan. Ular tezda u kishini uyg‘otishibdi va oyog‘idan boshlab ilon yutayotganini unga aytishibdi. Ikki do‘st undan so‘rashibdi:
— O‘rtoq, ilonni o‘ldiraylikmi?
— Yo‘q o‘ldirmanglar. Yutaversin-chi, — debdi u kishi.
Ilon u kishini yutib, belbog‘igacha kelibdi. Sheriklari yana:
— Axir o‘ldirmasak, seni butunlay yutib yuboradi-ku! — deyishibdi.
U yana:
— Yo‘q, — debdi.
Ilon yutib uning ko‘kragigicha kelibdi. Oxirgi marta yana bir so‘rashsa ham, u kishi indamabdi. Shunday qilib, ilon bu kishini butunlay yutib yuboribdi.
Keyin ilon asta-sekin terakka chiqib ketibdi. Ikki sherigi hayron bo‘lib qarab turishibdi. Ilon daraxtga ikki marta o‘ralibdi, shunda u yutgan odamningsuyaklari qirsillab sinibdi.
Do‘stlari, "agar bizning gapimizga kirganda edi, sog‘ qolar edi", deb rosa achinishibdi. Ha, ortiqcha qaysarlik yaxshilikka olib kelmas ekan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.