OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zolim xon bilan cho‘pon

O‘tgan zamonda bir zolim, qonxo‘r xon bo‘lgan ekan. Xonning qirq xotini bo‘lib, bitta ham farzand ko‘rmagan ekan. Xon umrining oxirida eng kichik xotinidan bir o‘g‘il ko‘ribdi.
Kundan kun, oydan oy, yildan yil o‘tibdi. O‘g‘li o‘sib ulg‘ayibdi, qomati kelishgan, aqli raso, rahmdil yigit bo‘lib yetishibdi.
Xon ko‘zining oqu qorasi, bitta-yu bitta o‘g‘liga shamolni ham ravo ko‘rmas ekan. U o‘g‘lining rahmdilligidan g‘azablanar ekan. Lekin o‘g‘liga hech nima deyolmay, u bilan so‘zlashgan odamni o‘ldirtirar ekan.
Kunlardan bir kuni shaharning chetidagi bir o‘rmonda yovvoyi to‘ng‘iz paydo bo‘lib, ekinlarni payhon qilib, xalqqa ko‘p zarar yetkazibdi. Hech kim to‘ng‘izni ushlolmabdi. Aksincha, to‘ng‘iz o‘rmonga borgan odamlarni halok qilar ekan.
Buni eshitgan xonning o‘g‘li o‘rmonga borib to‘ng‘izni o‘ldirib kelish uchun otasidan ijozat so‘rabdi. Xon javob bermabdi.
Oxiri xonning o‘g‘li otasiga bildirmay kiyinib, yarog‘-aslaha olib, bir o‘zi o‘rmonga otlanibdi. Darvozada turgan soqchilardan biriga:
— Men uch kunda qaytib kelsam kelganim, bo‘lmasa meni o‘ldi deb bilinglar, — debdi. Yigit o‘rmonga qarab yo‘l olibdi.
Yosh yigit o‘rmonga borib ikki kecha-yu ikki kunduz to‘ng‘iz bilan olishibdi. Uchinchi kuni to‘ng‘iz uni ezg‘ilab, majaqlab tashlabdi. U halok bo‘libdi. Xon o‘g‘lining ko‘rinmaganiga hayron bo‘lib, surishtiribdi. Hech kim aytmabdi. Oxiri soqchilardan biri xonning o‘g‘li o‘rmonga ketganini va undan haligacha darak yo‘qligini aytibdi. Xon xavotir olib o‘rmonga kishilar yuboribdi. Soqchilar, xizmatkorlar o‘rmonga borib uni ko‘p axtarishibdi, bir joyga borib qarasalar, yigitning kiyimlari va qurol-aslahalari har yer, har yerda yotgan emish, o‘zi bir daraxtning tagida o‘lib yotgan emish. Yigitning halokatga uchragani ma’lum bo‘libdi. Xon:
— Kimki o‘g‘lim to‘g‘risida sovuq xabar keltirsa, qornini yorib qo‘rg‘oshin quyaman, — degan ekan. Juda xafa bo‘lishibdi. Xonga bildirish yo‘llarini o‘ylashibdi. Xonga aytsak bizni o‘ldiradi deb, qo‘rqqanlaridan nima deyishlarini bilmabdilar. Zolim xonning aytgan so‘zini eslab, toqqa chiqib ketishibdi.
Tog‘da so‘zga chechan, qo‘shiqchi Ali degan cho‘pon yashar ekan. Saroy xizmatkorlari bo‘lgan voqsani cho‘ponga aytib berishib:
— Endi sen bizga yo‘l ko‘rsat, xonga bu voqeani qanday aytamiz, — deyishibdi. Cho‘pon:
— Xafa bo‘lmanglar, hozir bir oz dam olib turinglar. Bu baloni men daf qilaman, — debdi.
Cho‘pon bir daraxtdan kesib olib, qorni teshik dutor yasabdi. Xonning xizmatkorlari oldiga kelib:
— Qani yuringlar, xonning dargohiga boramiz, — debdi.
Ular xon saroyiga kelganlaridan keyin cho‘pon dutorni qo‘liga olib asta-sekin chala boshlabdi. Dutor nola qilibdi.
Yosh yigitning o‘rmonga borgani, to‘ng‘iz bilan olishgani va oxirida qahramonona halok bo‘lgani to‘g‘risida kuylabdi. Xon dutorning yurakni ezuvchi g‘amli nolasidan o‘g‘lining halok bo‘lganini sezib qolibdi. G‘azablanib baqiribdi:
— Jallod, o‘rmonga borib kelgan bu kyshilarning qornini yorib, qo‘rg‘oshin quy, — debdi.
Cho‘pon o‘rnidan turib:
— Ey xon, sen esingni yeb qo‘yibsan? Bu xabarni senga biz emas, mana bu dutor yetkazdi. Qo‘rg‘oshinni dutorning qorniga quyaver, — debdi.
Zolim xon nima qilishini bilmay, g‘azabiga chidolmay dutorning qorniga qo‘rg‘oshyn quydiribdi.
Shunday qilib, xizmatkorlar zolim xon zulmidan qutulib qolishgan ekan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.