OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tuhmatga uchragan kelin

O’tgan zamonda Tutjar qishlog‘ida bir xasis boy yashagan ekan. Uning davlati, moli mulki ko‘kka sig‘mas ekan, biroq qo‘li qattiqlikda tengi yo‘q ekan. Boyning kambag‘al, o‘z mehnati bilan kun ko‘ruvchi bir g‘arib ukasi bor ekan. Boy ukasiga hech qanday yordam bermagan ekan. Natijada, u qiynalib vafot etgan ekan. Mahalladagi kishilar, elu xeshlar pul to‘plashib bechoraning o‘ligini ko‘mishgan ekan. Bu kambag‘aldan qolgan bir o‘g‘il qishloqda podachilik bilan kun kechirgan ekan.
Kunlardan bir kun haligi podachi bola shu qishloqlik bir dehqonning qizini yaxshi ko‘rib qolibdi. Qiz ham yigitga o‘z roziligini bildiribdi. Qizning ota-onasi bu ishdan xabar topib, to‘y qilib, uni podachi yigitga berishibdi.
Yigit bilan qiz qishloqda tinch hayot kechira boshlabdi.
Kunlardan bir kun xasis boy yo‘lda keta turib, suv olib kelayotgan kelinchakka ko‘zi tushib qolibdi. Boy uning husnini ko‘rib, oshiq bo‘libdi. Yonida ketayotgan kishidan:
— Bu kelinchak kimning xotini? — deb so‘rabdi.
U kishi «bilmayman» debdi. Xasis boy kelinchakning orqasidan qorama-qora boraveribdi. U qarab tursa, kelinchak ukasining vayrona xonasiga kirib ketibdi. Boy bu kelinchak jiyanining xotini ekanini bilib, uning payiga tushibdi. Shu kungacha ukasining holidan xabar olmagan, ochlikdan o‘lganida ham narvo qilmagan boy podachi yigitni chaqirib: «Ukamdan qolgan jiyanim, ahvoling qalay, nega mendan qochib yuribsan? Sen mening ukam o‘rnida qolgansan. Menda hamma narsa bor, nega kelmaysan?» — debdi.
Shunda yigit: «Bu qanday bo‘ldi? Otam borida, o‘lganida bir marta xabar olmagan, yordam qilmagan odam, endi nega holimni so‘rayapti? Yo ko‘ngliga xudo rahm soldimi? Nima bo‘ldi ekan», — deb o‘ylabdi.
U boyga:
— Nima xizmatingiz bo‘lsa ayting, amaki, qo‘limdan kelgancha bajaraman, — debdi.
Boy unga:
— Men sen o‘ylagan yomon odamlardan emasman, sen o‘zimnikisan, senga ishonaman, yana ikki kundan so‘ng mening karvonlarim yo‘lga tushadi, sen ham shular bilan bir savdoga borsang, eson-omon yana qaytib kelasan. Asta-sekin sen ham mana shu qattiq kun — kambag‘alchilikdan qutulib qolasan! — debdi.
— Amaki, men karvonlar bilan savdo ishiga borar edim-ku, biroq xotinim yolg‘izlikda qiynalib qoladi, — debdi yigit.
— Ey, qiziq odam ekansan, sen xotiningni tashvishini qilma, kelguningcha men o‘zim kelinga qarab turaman, — debdi boy.
Yigit karvonlar bilan ketishga rozi bo‘libdi. Boy savdogarlarga:
— Shu bolani olib keting, xizmatingizni qiladi, — debdi.
Ularga yigitni topshirib, uzoq yo‘lga jo‘natib yuboribdi. Boy bir necha oy kelinga oz-moz qarashib turgan bo‘libdi, keyin mutlaqo yordam bermay qo‘yibdi. Bir kun boy ukasining uyiga kirib kelibdi. Kelin undan:
— Nima bo‘ldi, jiyaningiz safardan kechikib qoldilar, qachon qaytib keladilar? — deb so‘rabdi.
Shunda, boy bir xo‘rsinib; «Uh» debdi-da:
— Kelin, siz xafa bo‘lasiz, deb aytmay yurgan edim, bandalik-da, jiyanim ham dunyodan o‘tibdi, — deb javob beribdi. Kelin bu so‘zni eshitib, dod deb yig‘lab yuboribdi.
— Nega aytmadingiz? Qachon o‘libdi? — debdi kelin.
— Jiyanimning o‘lganiga uch oyu besh kun bo‘ldi. Shariat qonuni bo‘yicha, ayol erini uch oyu o‘n kun kutadi. Bu muddat o‘tgandan keyin erga tegishi mumkin, — debdi boy.
Kelin uvvos tortib yig‘lab, uyga qaytib ketibdi. Shu kechani yig‘i bilan o‘tkazibdi.
Boy ertalab kelinning oldiga borib:
— Kelin, xafa bo‘lmang, yig‘lamang. O’lgan uchun hech kim qayg‘irib o‘lgan emas, ko‘z yoshidan foyda yo‘q. Menda bir maslahat bor, — debdi.
— Qanday maslahat? — deb so‘rabdi kelin. Boy unga:
— Endi siz erga teging, menga tega qoling, — debdi.
Kelin juda xafa bo‘libdi:
— Hali menga bergan maslahatingiz shumi? Keting, uyimdan yo‘qoling, — debdi.
Boy esa, kelindan ko‘z uzmay, unga qo‘lini cho‘zib tegishmoqchi bo‘lgan ekan, kelin jahl bilan yonida turgan oftobani olib boyning boshiga otibdi.
Boy behush bo‘lib yiqilibdi, kelin esa boyni sudrab, ko‘chaga olib chiqib tashlabdi.
Bir ozdan so‘ng boy o‘ziga kelib, boshidan oqqan qonni artib, o‘rnidan turib, uyiga ketibdi. Boy o‘ylab turib, o‘z qoshiga ikki odamni chaqiribdi. Ularga pul berib so‘z o‘rgatibdi.
Ularni boy o‘ziga «guvoh» qilib olibdi. Keyin boy podshoga borib arz qilibdi:
— Ukamning o‘g‘li bir joyga borib kelay, deb xotinini menga topshirib ketgan edi. Uning xotini yaramas, buzuq odamlarni uyiga yig‘ib, har oqshom bo‘lmagan ishlar bilan shug‘ullanadi. Bir kun men o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, ushlagan paytimda, yaramas odamlar meni urib boshimni yordilar.
— Bu ishga shariat bo‘yicha guvohing bormi? — deb so‘rabdi podsho.
— Ha, taqsir, ikki guvohim bor, — debdi boy. Shunda podsho boy bilan birga kelgan kishilarni chaqirib:
— Boyning shu aytgan so‘zlari to‘g‘rimi? — debdi. «Guvohlar» boyning o‘rgatgan so‘zlarini qaytaribdilar.
Podsho:
— Unday bo‘lsa, bu ish haqiqat ekan. Borib gunohkor kelinni olib kelinglar! — debdi.
Kelinni podshoning oldiga olib kelishibdi. Podsho g‘azab bilan:
— Ey falokat, nega bunday yomon ishlarni qilding? Senga qattiq jazo beraman! — debdi.
Kelin o‘z arzini tinglashni so‘rabdi. Boshidan o‘tgan voqealarni so‘zlab, boyning tuhmat qilayotganini aytibdi. Podsho yanada g‘azablanib:
— Ro‘yisiyoh , sening qilgan ishingga ikki guvoh ham bor. Sening jazong o‘lim, — debdi. Podsho yasovullarini chaqirib:
— Buni yo‘l yoqasidagi chuqurga ko‘mib, ustidan tosh to‘king! — debdi. Yasovullar ham xizmatga tayyor bo‘lib turgan ekai, kelinni yo‘lning yoqasidagi chuqurga tashlab, ustidan tosh to‘kibdilar. Chuqurni tosh bilan to‘ldirib, uni o‘lgan qilib ketib qolibdilar.
Kelin yarim oqshom bo‘lganda o‘ziga kelib ingrab, yig‘labdi. Shu kecha ko‘chadan karvonlar o‘tayotgan ekan. Karvon boshlig‘i yig‘i tovushining chuqurdan chiqayotganini bilib, toshlarni olgan ekan, chuqurdan hamma joyi qonga bo‘yalib yotgan ayol chiqibdi. U ayolni ko‘tarib, tuyasiga qo‘yibdi, so‘ng uyiga olib ketibdi. Bir necha kun uni parvarish qilibdi. Kelinning yaralari tuzalib, o‘z holiga qaytibdi. Boy uning husniga qarasa, u o‘zi yashab turgan qishloqdagi hamma ayollardan chiroyli ekan. Shunda boy kelinga aytibdi:
— Endi siz menga ixtiyoringizni bering, — debdi. Kelin unga:
— Siz meni o‘z qizingiz kabi boqib, parvarish qildingiz. Endi bu so‘zni aytishga qanday yuzingiz chidadi? — debdi.
Boy:
— Sen unday dema! Men seni o‘limdan qutqarib parvarish qildim, tirik qolding, endi menga xotin bo‘l, — debdi. Kelin:
— Mening safarga ketgan erim bor. Qanday qilib sizga xotin bo‘laman? — deb javob beribdi.
Boyning xotini kelinga yomon qaray boshlabdi, rashk qilib kelinga ozor beribdi. Boy bo‘lsa unga uylanish orzusi bilan yuraveribdi.
Boyning eshigida bir xizmatkor qul bor ekan. U kelinni ko‘rib, oshiq bo‘lib qolibdi. Bir kun kelin suvga chiqqanda, xizmatkor unga qo‘l uzatib tegishibdi.
Kelin:
— Huv qo‘ling shol bo‘lgur, — deb qarg‘abdi. O’sha kuni kechasi xizmatkorning bir qo‘li shol bo‘lib qolibdi. Xizmatkor kelindan o‘ch olmoq payiga tushibdi. Bir kun kechasi el yotganda xizmatkor uyning tuynugidan tushibdi. Ichkari kiribdi. Boyning uch yoshli o‘g‘liga pichoq urib uni yarador qilibdi. Pichoqni esa kelinning yostig‘i ostiga qo‘yibdi-da, keyin o‘zi tuynukdan chiqib ketibdi. Bola pichoq zarbidan dodlab yig‘labdi. Uydagilar turib qarasalar, bola yaralangan, u yoq-buyoqni ko‘zdan kechirib, kelinning yostig‘i tagidan qonli pichoqni topib olibdilar.
Boy hayron bo‘lib:
— Bu qanday ish? — deb kelindan so‘rabdi. Kelin bu ishdan bexabar ekanini aytibdi. Boy: «Xotinim kelinga rashk qilib tuhmat qilmoqchi bo‘lgandir, kelinda gunoh bo‘lmasa kerak», deb o‘ylabdi-da, kelinga:
— Endi sen bu yerda turma, boshqa biror joyga bor, — deb jo‘natib yuboribdi.
Kelin boyning uyidan chiqib yo‘lga ravona bo‘libdi. U bir joyga borganda odamlar to‘planib turganini ko‘ribdi. Podshoning jallodlari bir odamni dorga osmoqchi bo‘lib turgan ekanlar.
Kelin borib bir kishidan:
— Bu odamni jallodlar nima uchun dorga osmoqchilar? — deb so‘rabdi:
U kishi:
— Bu o‘g‘rilarning boshlig‘i, kim qirq tilla bersa, buni ozod etib yuboradilar, — debdi.
Yana bir kishi:
— Buni tuhmatdan shunday qilyaptilar, — debdi. Kelinning yonida qirq tillasi bor ekan, uni jallodlarga berib, o‘g‘rini o‘limdan qutqarib olibdi-da, yana yo‘lga ravona bo‘libdi. O’g‘ri esa, kelinning izidan boraveribdi. Shu vaqt, kelinning oldidan karvon chiqib qolibdi. Orqadan borayotgan o‘g‘ri:
— Hoy karvonlar, o‘sha ayolni tutinglar! — deb baqiribdi. Kelin karvonlarga bo‘lgan voqeani aytibdi. Karvonlar uning gapiga quloq solmay, ushlab turibdilar.
O’g‘ri yetib borib:
— Bu ayol mening xizmatkor cho‘rim. U mening uyimdan qochib ketayotir, — debdi. O’g‘ri kelinni karvonlarga sotibdi.
Kelinning arzi-dodiga karvonlar quloq solmay, uni o‘zlari bilan birga olib ketibdilar.
Kelin ketayotib, o‘g‘riga qarab: «Sen pes bo‘lgin!» deb qarg‘agan ekan, o‘g‘ri pes bo‘lib qolibdi. Kelin karvonlarning cho‘risi bo‘lib ketaveribdi. Karvonlar bir daryoga yetibdilar. Karvonlar kemaga tushib, daryoda ketayotganlarida, qattiq shamol va bo‘ron bo‘libdi. Kema g‘arq bo‘libdi, karvonlar daryoga cho‘kib ketibdilar. Kelin esa, bir taxta pora ustida qolibdi. Daryo uni oqizib qirg‘oqqa chiqarib qo‘yibdi.
Kelin erkak kiyimini kiyib, yo‘lda borayotganida, qirq o‘g‘riga duch kelibdi. O’g‘rilar buning erkakmi, ayolmi ekanini bilmay, undan kimligini so‘rabdilar.
Kelin o‘g‘rilarga:
— Otim Hasan, — debdi. O’g‘rilardan biri:
— Hasan, Hasan emas, qizga o‘xshaydi, ko‘zi qizlarning ko‘zidek, o‘zi erkak emas, asli qizdir, — debdi.
Kelin o‘g‘riga qarab:
— He, ko‘zing ko‘r bo‘lsin! — degan ekan, o‘g‘rining ko‘zi ko‘r bo‘lib qolibdi.
U o‘g‘rilar orasidan tezlik bilan qochib, jo‘nab ketibdi.
Kelin yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, bir shaharga yetib boribdi. Qarasa, shaharning darvozasi berk, qulflangan ekan. Kelin shu kecha darvoza oldida yotib qolibdi.
Bu shaharning rasmi shunday ekan: podsho o‘lsa, shaharga kim birinchi bo‘lib kirsa, uni podsho qilib ko‘tarar ekanlar.
O’sha kecha shaharning podshosi o‘lgan ekan. Tongda shahar xalqi yig‘ilib, darvozani ochib qarasalar, bir yigit darvozaning oldida turgan emish. Shahar xalqi undan hech narsa so‘ramay, uni to‘g‘ri podsho saroyiga olib ketibdilar.
Erkakcha kiyingan kelin:
— Voy dod, men nima qildim. Men bir begunoh bechora, faqir bo‘lsam, hech kimga zararim tegmasa, hattoki darvozani ham taqillatgan bo‘lmasam, qayoqqa olib borasizlar! — debdi.
Olomondan biri:
— Ey g‘arib, sen avval tushunib ol, bu bizning rasmimiz. Biz seni olib borib, podsho qilib ko‘taramiz, — debdi.
Kelin:
— Qaerga borishga makon topolmay sarson bo‘lib yurgan bir g‘arib kishi ham podsho bo‘ladimi? — deb avvalgidan battar yig‘layveribdi. Odamlar buning so‘ziga quloq solmay, ko‘shkka olib borib shohona liboslar kiydirib, taxtga mindirib, podsho ko‘taribdilar.
Kelin yurtni so‘ray boshlabdi. Bir necha vaqt o‘tgach, bu odil podshoning dong‘i dunyoga ketibdi. U shaharni obod qilibdi, xalqning kamchiligi bo‘lsa, uni to‘ldiribdi. Hatto o‘zi podsholikdan tashqari vaqtlarda tabiblikni o‘rganib, zo‘r hakim bo‘libdi, og‘ir kasallarni ham tuzatib, elga mashhur bo‘libdi.
Shunday qilib kelin odil podsholigicha tura tursin, endigi so‘zni kelinning sevgan yori — yigitdan eshiting:
Yigitning amakisi — xasis boy o‘z boyligi va davlatidan ajralib, ikki ko‘zi ko‘r bo‘lib qolgan ekan.
Yigit safardan qaytibdi. Ko‘r amakisi bilan ko‘rishib, yig‘lashib, o‘tgan voqealarni eslashibdi.
Boy jiyaniga:
— Ey uka, sen ketganingdan so‘ng ayoling uyiga ro‘yisiyohlarni yig‘ib, kayfu safo qilib, sharmanda bo‘ldi. Men buni ko‘rib yaramaslarni ushlamoqchi bo‘lganimda, ular tosh bilan urib, mening boshimni yordilar. Oxiri kelinii podsho toshbo‘ron qildirib, o‘ldirib yubordi, — debdi. Yigit bu so‘zga ishonib, xotinidan g‘azablanibdi. Boy bir oh tortibdi.
Yigit boyga:
— Biz savdodan qaytib kelayotganimizda bir shaharni ko‘rdik. U shaharning podshosi odil ekan. U podsho har bir dardga davo topa olar ekan. Men sizni o‘sha podshoning oldiga olib borayin, balki ko‘zingizning ochilishiga yordam berar, — debdi.
Boy bu so‘zni ma’qul ko‘rib, amaki va jiyan yo‘lga tushibdilar. Yo‘lda ketib borayotganlarida ularga qo‘li shol bo‘lgan xizmatkor uchrabdi, odil podshoni ta’rif qilganlarida: «Men ham boraman», deb birgalashib, yo‘lga ravona bo‘libdi.
Yo‘lda bularga yana bir pes odam qo‘shilibdi. To‘rt kishi odil podshoning saroyiga yetib boribdilar. Qorovullardan saroyga kirishni so‘rabdilar. Qorovul podshoga xabar beribdi.
— Taqsir, to‘rt kishi sizning oldingizga kelishdi. Sizga aytadigan arzlari bor emish, — debdi. Podsho kirishga ruxsat etibdi. Bular podsho oldiga kirganlarida, kelin hammalarini tanibdi. Lekin bularning hech biri ham uni tanimabdilar.
Podsho:
— Qani, nima arz bilan keldingiz? — debdi. Kelganlarning har biri o‘z dardini bayon qila boshlabdi.
Podsho avval ikki ko‘zi ko‘r bo‘lgan boyning arzini eshitibdi:
— Balki sen bir katta gunoh qilgandirsan, shu sababdan ko‘zing ko‘r bo‘lgandir, — debdi.
Boy:
— Yo‘q, men hech gunoh qilgan emasman, — deb gunohini yashiribdi.
Podsho:
— Yo‘q, to‘g‘risini ayt, sen katta gunoh qilgansan, buni o‘z bo‘yningga olishing kerak! — debdi.
Boy.
— Shohim, men hech qanday gunoh qilgan emasman, — deb yana qaytaribdi.
Podsho g‘azablanib:
— Jallod! — deb chaqiribdi. Boy:
— To‘xtang, podsho, to‘xtang! Men qilgan gunohlarimni birma-bir aytib beraman, — debdi. U o‘z boshidan kechirgan voqealarni, qilgan gunohlarini, birma-bir so‘zlab beribdi.
Bu so‘zlarni eshitib turgan jiyani qichqirib yuboribdi:
— Boy, la’nati, sen hali menga do‘st bo‘lib, dushmanning ishini qilgan ekansan-da, sen haromi mening xotinimga shunchalik zulm o‘tkazgan ekansan-da! — Yigit o‘zini tutolmay, musht ko‘tarib uni urmoqchi bo‘lganda, podsho:
— To‘xtang, yigit, hovliqishning o‘rni yo‘q, oxirini eshitaylik. Mening oldimda shunday beadablik qilsangiz. yasovullarni chaqiraman, oldiga solib kerakli joyga eltib qo‘yadi, — debdi.
Podsho xizmatkorga qarab:
— Sen ham bir gunoh qilganga o‘xshaysan, bo‘lmasa, sening qo‘ling shunday shol bo‘lmas edi. Sen ham to‘g‘risini ayt! — debdi. Bu ahvolni ko‘rgan xizmatkor qo‘rqib, o‘z gunohlarini birma-bir hech qoldirmay aytib beribdi:
Bundan g‘azablangan yigit:
— Podshohim, ruxsat bersangiz, buning boshini tanasidan judo qilay, — debdi.
Podsho:
— Mening yurtimda o‘z gunohini bo‘yniga olgan odamga o‘lim yo‘q, — deb o‘ldirishga ruxsat bermabdi.
Podsho pes bo‘lgan o‘g‘riga qarab:
— Sen nima deysan? — debdi.
— Men uyteshar o‘g‘riman, podsho meni tutdirib dorga osmoqchi bo‘lganda, yo‘ldan o‘tkinchi bir ayol mening ahvolimni ko‘rib rahmi kelib, jallodlarga qirq tilla berib meni o‘limdan qutqarib qoldi. Men bo‘lsam, u ayolga yaxshilik qilish o‘rniga, uning ketidan quvib: «Bu mening cho‘rim, qochib ketayotir», deb karvonlarga sotib yubordim. U ayol: «Men senga yaxshilik qildim, sen menga yomonlik qilasanmi?!» deb qancha yalinsa ham, quloq solmadim, noinsoflik qildim. Ayol menga qarab, «pes bo‘l!» degan edi, men shu zahoti pes bo‘lib qoldim, — debdi. Podsho:
— Gunohingiz ma’lum bo‘ldi. Kasallaringizni bildim. Endi sizlar mehmonxonaga kirib, damlaringizni olinglar. Lekin bir-biringiz bilan urishmanglar. Kasallaringizdan qutulasizlar, ko‘zlaringiz ochiladi, dardlaringizga shifo topasizlar, — debdi.
Ular mehmonxonaga kirib o‘tiribdilar. Yarim kechada podsho yasovul yuborib, yigitni chaqirtiribdi. Yigit xavotir olib:
— Nimaga podsho meni chaqirgan ekan. Podsho endi meni o‘limga buyuradi, — deb vahimaga tushibdi. Yasovul bilan podshoning oldiga boribdi. Yigit qarasa, o‘z sevgili yori bosh egib salom berib turgan emish.
Kelin yigitga:
— Keling, ey sevgili yorim, bu taxt sizniki bo‘lsin, men sizning vafodor yoringizman, — debdi.
Yigit o‘ylab qarasa, xotnni podsho bo‘lgan ekan. U, o‘z yori bilan quchoqlashib ko‘rishibdi. Keyin o‘z boshidan kechirgan voqealarni birma-bir aytib beribdi. Erini podsho qilibdi.
Yigit:
— Senga zulm qilgan gunohkorlarni o‘limga buyuraylik, — debdi.
Xotini unga:
— Yo‘q, ular bilan teng bo‘lish kerak emas, — deb javob beribdi.
Kasalga yo‘liqqan mehmonlar erta bilan turib qarasalar, o‘z dardlariga shifo topgan emishlar. Ko‘r: «ko‘zim ochildi!» desa, o‘g‘ri: «badanimdan peslik aridi!» dermish. Xizmatkor bo‘lsa: «qo‘lim yozildi!» deb shodlanar emish.
Mehmonxonaga podsholikdan yasovul kelib:
— Sizlarni podsho chaqiradi, — deb ularni saroyga olib boribdi. Ular qarasalar, taxtda yigit podsho bo‘lib o‘tirgan emish. Kelin esa, uning yonida turgan emish. Kelganlarning hushlari boshlaridan uchib ketibdi. Xuddi ustlaridan qaynoq suv quyilgandek bo‘libdi. Boshlarini egib qolibdilar.
Kelin:
— Endi tanidingizlarmi? — debdi.
Ular qo‘rqkanlaridan nima deyishlarmni bilmay, javob qaytarishga og‘izlari bormay qolibdi.
Kelin:
— Endi bunday qo‘rqib, titrashib turmanglar, mei sizlar bilan teng kelib o‘tirmayman. Sizlar endi o‘z yo‘lingizga ketaveringlar, — deb ularni jo‘natib yuboribdi. Kelin bilan kuyov birgalikda elni so‘rab murod-maqsadlariga yetgan ekanlar.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.