O’tgan zamonda bir podsho bo‘lgan ekan. U hamma narsadan ham otni yaxshi ko‘rar ekan. Kunlardan bir kun, podsho otxonaga kirib qarasa, otlari ancha oriqlab qolgan emish. Podsho otboqarini chaqirib:
— Otlar nima uchun oriqlab qoldi? — deb so‘rabdi. Otboqar podshoning g‘azabidan qo‘rqib:
— E janobi oliylari, otlaringiz bir necha kundan buyon yem-beda yemay, zo‘r berib kishnaydilar. Shahardan chetroqda boshqa otlar bo‘lsa kerak. O’sha otlarning ovoziga bular beda yemasdan qo‘ygan bo‘lsalar kerak, deb o‘ylayman, — debdi
Podsho o‘ng qo‘l vazirini chaqirib:
— E dono vazir, navkarlar bilan shahar tashqarisiga chiq, boshqa otlarni kishnab otlarimning tinchligini buzmaydigan qilib kel! — debdi. Vazir podshoga ta’zim qilib:
— E, podshohim, farmoningiz bekamu ko‘st o‘z yerida qaror topgay, — deb navkarlari bilan shahardan tashqariga chiqib ketibdi, yurib-yurib, shahardan yigirma-o‘ttiz chaqirim narida bo‘lgan bir toqqa yetibdi. Toqqa chiqib ko‘rsalar, bir cho‘pon yilqilarini o‘tloqqa qo‘yib, o‘zi bir katta xarsang toshning ustida cho‘zilib yotgan emish. Vazir cho‘ponning oldiga borib:
— E, ahmoq cho‘pon, hamma yilqilaringni o‘tloqqa qo‘yib yuborib, kishnatib, ularning ovoziga mast bo‘lib yotibsan. Shaharda bo‘lsa sening otlaringning kishnashini eshitib, podshoning otlari beda yemay ozib qolmoqda. Men senga tezda otlaringning og‘izlarini bog‘lab qo‘yishni buyuraman. Agarda buyrug‘imdan bo‘yin tovlar ekansan o‘zingni jallodga, otlaringni podshoga tortiq qilaman, — debdi.
Cho‘pon hayron bo‘lib, noiloj vazirning aytganlarini qilishga majbur bo‘libdi, yilqilarning og‘izlarini latta bilan bog‘labdi. Keyin otlarini bu falokatdan qutqazish yo‘lini o‘ylab, u bir qarorga kelibdi. Yaylovda yurgan bir katta tuyani va soqoli ikki qarich keladigan bir takani ushlab kelib, dadasidan qolgan bir eski kamon bilan o‘qlarini olib, shaharga qarab ravona bo‘libdi. Cho‘pon shahar qal’asidan ichkariga kirib, rastaga boribdi. Rastada nog‘ora chalib o‘tirganlarning nog‘orasini otib yora beribdi. Nog‘orachilar cho‘ponning bu ishidan sarosimaga tushibdilar, o‘rdaga borib cho‘ponning ustidan arz qilibdilar. Podsho o‘z yonidagi vaziriga cho‘ponni ushlab, huzuriga keltirishni buyuribdi. Vazir navkarlar bilan shahar bozoriga borib qarasa, tuyaga minib, bir takani o‘ngarib olgan bir cho‘pon yigit duch kelgan nog‘orani kamon bilan otib yorayotgan emish. Vazir navkarlariga:
— Bu beboshni ushlanglar! — deb buyuribdi. Navkarlar cho‘ponni tuyadan tushirib, qo‘lini orqasiga bog‘lab, tuyasi bilan takasini yetaklab, podsho huzuriga olib kelibdilar
Podsho cho‘pondan:
— Sen kimsan, nima uchun shahar nog‘orachilarining iog‘oralarini otayotibsan? — deb so‘rabdi.
Cho‘pon:
— Men shahar yaqinidagi tog‘da yashovchi xalqdan elchi bo‘lib keldim, — debdi
Podsho cho‘ponning ustidagi eski choponiga, oyog‘idagi yirtiq chorig‘iga tikilib, elchiligiga ishonmabdi:
— Elchilik qilishga sendan boshqa tuzukroq odam yo‘q ekanmi? — debdi. Cho‘pon hayron bo‘lib, podshodan so‘rabdi:
— Sizga qanday tuzukroq odam kerak? Men ham oyoq-qo‘lli odamman-ku, — debdi. Podsho g‘azablanib:
— Men sendan kiyimi yangiroq, bo‘yi balandroq, soqoli uzunroq odam yo‘q edimi, deb so‘rayapman, — debdi. Cho‘pon javob berib:
— Sizga bo‘yi baland, kiyimi yangirog‘i kerak bo‘lsa, mana mening tuyam, u yaqinda tullagan, bo‘yi ham baland. Agarda soqoli uzunrog‘i kerak bo‘lsa, mana mening takam, naq soqoli ikki qarich. Agar sizga aqlliroq odam kerak bo‘lsa, mana mening o‘zim. Menga har qancha savolingiz bo‘lsa beravering, — debdi.
Podsho cho‘ponning bu javobidan keyin:
— Hay mayli, bo‘lmasa sen elchi ekansan, nima uchun shahardagi nog‘oralarni yorib tashlading? — deb so‘rabdi.
Cho‘pon:
— Shaharingizda har kuni nog‘ora chalinadi. Nog‘ora ovoziga bizning yaylovdagi yilqilarimiz hurkib, tek turmay qo‘ydilar. Nog‘oralarning ovozini o‘chirsam zora yilqilarim tek tursalar, deb ko‘ringan nog‘oralarni yora berdim, — debdi.
Podsho cho‘ponning javobidan kulib:
— Shahardan yigirma-o‘ttiz chaqirim uzoqda bo‘lgan otlarning nog‘ora ovoziga tek turmasliklari hech aqlga to‘g‘ri keladimi? Bu bo‘lmagan gap, — debdi. Cho‘pon ham podshodan:
— Shahardan yigirma-o‘ttiz chaqirim narida bo‘lgan otlarning kishnashiga shahardagi otlarning beda yemasdan oriqlashlari hech aqlga to‘g‘ri keladimi? — debdi.
Podshoning o‘ng qo‘l vaziriga bergan buyrug‘i esiga tushibdi. Bu cho‘ponni so‘z bilan yenga olmasligiga aqli yetib, cho‘ponga:
— Tila tilagingni! — debdi. Cho‘pon:
— Agar loyiq ko‘rsangiz, menga shu shahardan besh ho‘kiz terisidek yer bersangiz, — debdi.
Podsho cho‘ponning tilagini nazariga ilmay, munshisiga qarab:
— Bu cho‘ponning nomiga mening tarafimdan «besh ho‘kiz terisidek yer berilsin», deb vasiqa qilib ber! — debdi.
Munshi vasiqa yozib muhrlatib beribdi. Cho‘pon vasiqani olib uyga qaytibdi.
Cho‘pon o‘zi singari uch-to‘rtta do‘stini yig‘ib, ularga bo‘lgan voqeani aytib berib, so‘ngra:
— Endi men bir ish qilaman, hamma hayron qoladi, — debdi. Cho‘ponning o‘rtoqlari:
— Qanday ish qilmoqchisan? — deb so‘rabdilar. Cho‘pon:
— Hammamiz bir bo‘lib, beshta ho‘kiz topishimiz kerak. So‘ngra men sizlarga qiladigan ishimni aytaman, — debdi. Cho‘ponlar bittadan ho‘kiz olib kelibdilar. Beshta ho‘kizni so‘yishibdi. Terilarni bir chekkasidan kanop ip qalinligida qilib qirqibdilar. Teri iplar tayyor bo‘lgandan keyin, iplar bilan birga bir qancha qoziqchalar olib shahar qal’asiga kelishibdi. Qal’a bo‘ylab qoziqlarni qoqib qoziqlarga teri iplari bog‘lab, shaharni aylantirib chiqibdilar. Besh ho‘kiz terisidan qilingan ip shaharni aylantirib chiqishga yetibdi-yu, shu bilan tamom bo‘libdi.
Cho‘pon o‘rtoqlari bilan shu ishlarni qilib bo‘lgandan keyin qo‘liga podsho tomonidan berilgan vasiqani olib, podsho oldiga boribdi. Cho‘pon ta’zimni bajo keltirgach, podshoga qarab:
— Ey podsho, o‘z farmoningizdan qaytmaysizmi? — debdi. Podsho:
— Muhrim bo‘lsa qaytmayman, — debdi. Cho‘pon qo‘lidagi vasiqani ko‘rsatib:
— Mana shu vosiqaga binoan shu shahar butun xalqi bilan meniki bo‘ldi, — debdi.
Podsho hayron bo‘lib:
— Bu so‘zni qanday asos bilan aytasan? — debdi. Cho‘pon javob berib:
— Agar mening asosimni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishni istasangiz men bilan shahar tashqarisiga chiqing, — debdi.
Podsho cho‘ponning so‘zini qabul qilib, butun amaldorlari bilan shahar qal’asiga chiqibdi. Podsho cho‘ponga.
— Qani, asosingni ko‘rsat? — debdi.
Cho‘pon podshoni boshlab shahar qal’asini aylantirib, teridan qilingan iplarni ko‘rsatib, shaharni aylanib chiqqanlaridan so‘ng, o‘rtoqlariga hamma teri iplarni yig‘ishtirib chiqishni buyuribdi. O’rtoqlari iplarni yig‘ishtirib kelgandan so‘ng, cho‘pon har bir ho‘kiz terisining rangiga qarab boshqa-boshqa qilib ajratib, teri iplarni qirqilib olingan joylariga qo‘yib, har bir ho‘kiz terisini o‘z holiga keltirib podshoga ko‘rsatibdi. Podsho cho‘ponning aqliga qoyil qolib, o‘zining bergan vasiqasini qaytarib olishga amaldorlardan uyalib, cho‘ponga:
— Bor, senga shu shaharni berdim, — deb o‘zi shahardan cho‘l tomonga chiqib ketibdi. Podsho amaldorlari o‘sha yerda cho‘ponga podsholik tojini kiydirib, karnay-surnaylar chaldirib, o‘rdaga kelishibdi. Shunday qilib cho‘pon shaharga podsho bo‘libdi. Yordamlashgan to‘rtta cho‘ponni o‘ziga yordamchi qilib, ularni yaramas amaldorlar o‘rniga tayinlabdi. Zindonda yotgan begunoh kambag‘allarni ozod qilibdi. O’zi odil podsho bo‘lib, murod-maqsadiga yetibdi.