OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bahs-munozara qilayotgan hind

Maxatma Gandi avlodlari aynan shu yo‘l orqali demokratiyaga intilmoqda


Hindiston Osiyodagi yirik demokratik davlat bo‘lib, qadriyatlar, mezonlar va tartiblar hind jamiyatida juda chuqur ildiz otgan. Janubiy Osiyodagi mazkur davlat dunyodagi eng ko‘p saylovchilariga ega mamlakat hisoblanadi – 2006 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra bu yerda 617 million (!) nafar saylovchi bor. 

Hindiston (hindcha Bharat). Aholisi 1 mlrd 300 million. Hindiston Konstitutsiyasi dunyoda hajmi bo‘yicha dunyodagi eng yirik hujjat bo‘lib, 491 ta maqoladan tashkil topgan.barchasi tahliliy va mayda-chuydasigacha tushuntirib berilgan.

* * *

Davlat tuzumi. Hindiston – federativ respublika. Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdo‘stlik tarkibiga kiradi. Davlat boshlig’i prezident. U parlamentning ikki palatasi va shtatlarning qonun chiqaruvchi organlari a’zolaridan iborat saylovchilar hay’ati tomonidan 5 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni prezident va ikki palata – Shtatlar kengashi (Raja sabxa) hamda Xalq palatasi (Log sabxa)dan iborat parlament, ijroiya hokimiyatni prezident va bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.

* * *

«Parlament» so‘zi frantsuzchasiga «parler» gapirmoq so‘zidan olingan. Ammo negadir birinchi parlament 1265 yilda Angliyada joriy etilgan. Tushunarsiz holat, lekin fakt.
Buning sababi shuki, 1066 yilda Normandiya gertsogi Vilgelm Angliyani istilo qiladi va davlat tuzadi. Davlat tili qilib frantsuz tili belgilanadi. 1265 yili Angliyada birinchi marotaba parlament chaqiriladi. 1362 yilda frantsuz tili bekor qilinadi, lekin parlament so‘zi amalda qolib ketadi.

Mahalliy, mintaqaviy, shtatlar va umummilliy darajadagi saylovlar orqali demokratiyani amalda namoyish qilish va umuman xalqaro hamjamiyat tan olgan hind demokratiyasini 1998 yilgi Nobel mukofoti laureati, iqtisodchi olim Amartiya Sen «Bahs-munozara qilayotgan hind» degan iborasi bilan ifoda qilgan. U saylovlar jarayonida, parlamentda, hukumatda va jamiyatda munozara va bahs yuritish demokratiyaning ajralmas qismi ekanligi haqida gapira turib – munozara to‘xtagan joyda monolog boshlanadi, monolog esa yakkahokimlikni boshlab beradi, degan iborani ilgari suradi.

Mamlakat garchi uzoq yillar davomida turli davlatlar mustamlakasiga aylanib, ko‘p yillik urushlarni boshdan o‘tkazganiga qaramay, Hindiston davlat tizimi borasida o‘ziga xos tajribalar to‘planganligi Bilan ajralib turadi. Odatda dunyoning turli davlatlarida qonun chiqaruvchi organlar har xil nomlar bilan ataladi. Misol uchun, O‘zbekistonda – Oliy Majlis, Angliyada – Parlament, Rossiyada – Duma, AQShda – Kongress, Ukrainada – Rada, Finlyandiya va Polshada Seym deb yuritiladi. Sizga so‘zlamoqchi bo‘lgan Hindistonda esa parlament Sansad deya nomlangan.

Hindiston qonunchiligidagi oliy federal organi sanalgan Sansad tuzilishiga ko‘ra, prezident va ikkita palatani o‘z ichiga oladi. Bular Xalq palatasi (Log Sabxa) nomli quyi palata va Shtatlar kengashi (Raja sabxa) – yuqori palatadan tashkil topgan. Parlament qarorgohi Nyu-Dehlida joylashgan bo‘lib, Sansad Bxavan nomi bilan yuritiladi. Har ikki palata tomonidan ko‘rib chiqilib ma’qullangan qonun loyihasi prezidentga yuboriladi.

Parlamentning quyi palata a’zolari majoritar sistemaga ko‘ra to‘g‘ridan-to‘g‘ri yashirin ovoz berish yo‘li orqali saylanadi. Mazkur palata ahamiyati va vakolat ko‘lamiga nisbatan yuqori palatadagiga nisbatan ancha nufuzli sanaladi. Bahs-munozaralarning makoni sanalgan Log sabxi a’zoligiga saylanish xamirdan qil sug’urganday oson kechmaydi. Buning uchun nomzod Hindiston fuqaroligiga ega bo‘lishi, 25 yoshdan oshgan, ruhiy sog‘lom, bankrot holatida va jinoiy qidiruvda bo‘lmasligi lozim. Bu masalaning birinchi tomoni.

Dunyodagi eng katta rasmiy hujjat - Hindiston Konstitutsiyaga muvofiq Log sabxa, Xalq palatasi 552 deputatdan iborat (shtatlardan 530 nafargacha, ittifoqdosh hududlardan 20 nafargacha, shuningdek, asli kelib chiqishi britaniyalik bo‘lgan hindular manfaatini himoya qilish uchun yana ikki nafar deputat prezident tomonidan tayinlanishi mumkin). Log sabxada deputatlar 5 yil muddatga saylanadi, agar mamlakatda favqulotda holat e’lon qilinsa, vakolatlar yana 1, 2, 3 yilgacha uzaytiriladi. Bordi-yu saylovlardan so‘ng biror bir partiya ko‘pchilikni tashkil etmasa yoki koalitsiya tuzolmasa, mamlakat prezidenti muddatidan oldin palatani tarqatib yuborishi mumkin.

O‘n to‘rtinchi Log sabxa 2004 yilning aprel-may oylaridagi saylovlar natijalari asosida shakllantirilgan va 545 a’zoni (530 shtat, 13 ta ittifoqdosh hudud va 2 nafar ingliz-hindu vakillari) o‘ziga birlashtirgan. Saylovchilik qonuniga muvofiq Hindiston fuqarolari shtatlar va ittifoqdosh hududiy vakillarni saylashadi.18 yoshga to‘lgan har bir fuqaro jinsi, irqi, qaysi tabaqaga mansubligi, dinidan qat’iy nazar saylovlarda ovoz berish huquqiga ega.

Parlamentdagi yuqori palata Shtatlar Kengashi (Radja sabxa) sanaladi. Uning a’zolari federatsiya sub’ektlari – Hindiston shtatlari va ittifoqdosh hududlar qonunchilik organlari a’zolari tomonidan bilvosita yo‘l bilan saylanadi. Shtatlar Kengashining 250 nafar a’zosi bo‘lib, ahamiyatli jihat shundaki, mazkur palata tarqatib yuborilmaydi, balki uning a’zolari oldindan tayyorlangan rotatsion grafik asosida tashkil etiladi. Radja sabxa mamlakatda federativ sistemani saqlab qolish uchun o‘ylab topilgan bo‘lib, uning a’zolari soni har bir shtat aholisi soniga bog‘liq. Misol uchun, Ayni paytda Uttar-Pradesh shtatidan 31 nafar, Nagalendadan esa atigi bir nafar vakil Radja sabxada faoliyat olib bormoqda. Mazkur palataga a’zo bo‘lish uchun nomzod eng kamida 30 yoshda bo‘lishi kerak va ular 6 yillik muddatga saylanadi.

Darvoqe, Shtatlar kengashi vakillarining tarqatib yuborilmasligi ularning bu lavozimda umrbod ishlaydi, degani emas. Gap shundaki, yangi saylovlar har ikki yilda palataning uchdan bir qismi uchun o‘tkaziladi. Radja sabxani shakllantirish strukturasi Hindiston konstitutsiyasining 80-betida quyidagicha yozilgan: 12 nafar a’zo prezident tomonidan tayinlanadi. Ular adabiyot, fan, san’at va ijtimoiy sohada maxsus bilim va tajribaga ega bo‘lishlari lozim. Shtatlar vakillari proportsional tizim asosida yagona ovoz berish yo‘li orqali shtatlarning qonunchilik yig‘ilishlari a’zolari tomonidan saylansa, Ittifoqdosh hududlar vakillari esa bilvosita mazkur mintaqa saylovchilari hay’ati tomonidan yangi lavozimga qo‘yiladi.

Bahs-munozaralarga boy parlament majlislari Sansad Bxavanda o‘tkaziladi. Ushbu bino o‘ziga xos me’moriy uslubga egaligi bilan ajralib turadi. Inshoot aylana shaklda bo‘lib, 1912-1913 yillarda britaniyalik arxitektorlar Edvin Lachens va Gerbert Beyker loyihasi asosida bunyod etilgan. Binoning tashqi xalqasini 144 ta granit ustunlar ushlab turibdi. Parlament saroyida shuningdek, 1958 yildan buyon Hindiston yuqori sudi ham ish olib boradi.

Quyi palata betaraf bo‘lgan spiker tomonidan boshqariladi va unga o‘rinbosar yordam beradi. Palata rahbari o‘z navbatida reglamentni rad qilish, doimiy komissiyani shakllantirishda hal qiluvchi so‘zni aytish, deputatlarni tartibga chaqirish va boshqa huquqlarga ega. Boshqa davlatlardagi kabi palatada partiya fraktsiyalari tuzilib, tarmoqlar bo‘yicha doimiy komissiyalar shakllantiriladi, asosan texnik ishlarni olib boruvchi palata kotibiyati tashkil etiladi. Har bir partiya fraktsiyasi o‘zining lideriga ega.

Parlamentning asosiy funksiyasi – deputatlar tomonidan mamlakat milliy manfaatlarini ifoda etadigan qonunlarni qabul qilishdan iborat. Agar qonun loyihaga biror palata tomonidan tuzatish kiritilgudek bo‘lsa, u holda loyiha birinchi qabul qilingan palataga qaytariladi. Deylik, quyi palata tomonidan yangi qonun qabul qilindi, ammo bu mazkur hujjat hayotga tatbiq etiladi, degani emas. Mazkur qonun yuzasidan Shtatlar kengashi to‘rt oy ichida o‘z e’tirozini bildirsa, har ikki palata yagona kelishuvga kelishlari lozim bo‘ladi, agar bu yo‘l ham foyda bermasa, prezident qaroriga ko‘ra, har ikki palataning qo‘shma yig‘ilishi o‘tkaziladi va bahsli mavzu ko‘pchilik ovoz orqali hal etiladi.

Agar 6 oy davomida Shtatlar kengashi qonun loyihasi yuzasidan biror qaror qabul qilmasa, demak bilingki, Xalq palatasining qonun loyihasi qabul qilingan. “Pulli” qonun loyihalari Shtatlar kengashi tomonidan 14 kun davomida ko‘rib chiqilishi darkor. Mabodo Shtatlar kengashining qarori e’tirozlarga sabab bo‘lsa, ular bu qonunni odatiy tartibda ikkinchi marotaba qabul qilish yo‘li bilan yengib o‘tishlariga to‘g’ri keladi.
Napoleon Banopart «Hindiston davlati kimning qo‘lida bo‘lsa, o‘sha davlat dunyoga hukmronlik qiladi», degan edi. Bu bejiz emasdi. Zero, qadimdan nafaqat madaniyat va san’ati yuksak darajada rivojlangan, balki o‘zining tabiiy boyliklari, oltin va duru-javohirlari bilan dong taratgan Hindiston asrlar osha dunyo hamjamiyatini o‘ziga jalb etib kelgan. Yillar silsilasi hind jamiyati uchun o‘ziga xos maktab vazifasini bajardi. Ayniqsa, 19-20 asrlarda angliyalik mustamlakachlarga qarshi olib borilgan kurashlar, turli qo‘zg’olonlar Hindiston tarix sahifalarida o‘chmas iz qoldirgan. Maxatma Gandi, Javoxarlal Neru, Lal Bahodir Shastri kabi buyuk siyosatchilarni tarbiyalagan yurt dunyoda o‘zi tanlagan yo‘li borligini ko‘rsatdi va bunga ular haqli, albatta.

Behbud Botirov

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.