OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Konstantin Paustovskiy. Sarg‘ish nur (hikoya)

Kulrang tong bilan uyg‘ondim. Xona bir tekis sarg‘ish nurda tovlandi, u chiroqdan taralayotganday. Nur derazadan pastlab oqar, yog‘och shiftlarni yor­qinroq yoritardi. G‘aroyib nur – olis va qo‘zg‘almas quyosh nuri kabi. Bu yarqiroq nurlar – kuzgi barglar edi. Shamolli va uzoq tunda bog‘ qurib qolgan yaproqlarini to‘kdi. Ular yerda shovullab yotar, bilinar-bilinmas nurlanardi. Bu shu’lalardan odamlarning yuzlari qizarinib ko‘rinar, stol ustidagi kitob varaqlari mum qatlamlari bilan qoplanganday edi.
Kuz shunday boshlandi. Nazdimda, u shu tongda kirib keldi. Ungacha men hech narsani anglamagandim: o‘rmonda hali chirigan yaproqlarning hidi sezilmas, ko‘ldagi suv moviy tus olmagan, qirovlar taxta devorlar, tomlarga sochilib ketmagan edi. Kuz kutilmaganda keldi. Bu kirib kelayotgan baxtning sezilar-sezilmas lahzalari, sezgilari – Oka paroxodlarining olis tovushlari yoxud bexosdan tug‘ilgan tabassumday.
Kuz to‘satdan tashrif buyurdi – hammayoqni egallab oldi. Bog‘lar, daryolar, o‘rmonlar, havo, dalalar, qushlar kuznikiga aylandi. Bog‘da chittaklar yugurib yurardi. Ularning qichqirig‘i – singan oynaning jarangiday. Hushtak, shovqin-suron, qag‘-qag‘lar aralashib- quralashib, ko‘kka ko‘tarildi. Bog‘ kunduzlari osoyishta: qushlar janubga uchib ketishmoqda.
Xazonrezgi. Barglar kunu tun to‘kiladi. Ular shamolda yonboshlab, enib, engashib ucha-ucha namxush maysalarni qoplaydi. O‘rmon yomg‘ir aralash uchib- qo‘nayotgan xazonlarga to‘lib ketdi. Sentyabrning oxiriga boribgina o‘rmon etaklari ochildi. Endi daraxtlar orasidan dalalarning ochiq bag‘ri ko‘rinib turardi. Keksa baliqchi Proxor savat to‘qiydi. Solotcheda hamma qariyalar savat to‘qishga odatlanishgan. U menga kuz haqida bir ertak aytib berdi. Men shu kungacha bunday ertak eshitmaganman. Menimcha, Proxor uni o‘zi to‘qigan.
– Sen atrofga qara, – dedi u bigiz bilan chipta kavushni to‘qirkan. – Sinchiklab nazar sol, qimmatli odam! Shu quyosh, har bir tirik jon nima bilan nafas oladi? Qara-da, tushuntirib ber. Mana, yaproq kuzda uchib yuribdi. Nega? Bunisi odamlarga ham tushunarli, ham tushuniksiz. Odam o‘qni o‘ylab topdi. Men ham uning hidini bilaman. Burungi qishloq temirchilari birinchi qurolni yasashibdi-da, uni o‘q bilan to‘ldirishibdi. Bu qurol bir tentakning qo‘liga tushib qolibdi. Tentak o‘rmon bo‘ylab ketaveribdi. Zarg‘aldoqlarni, osmon bo‘ylab uchayotgan qushlarni ko‘ribdi. Ularning qanday sayrashayotgani, bir-birini mehnat qilishga chorlayotganini eshitib qolibdi. Tentak ularga o‘q uzibdi. Shunda oltin par yerga uzilib tushibdi, o‘rmonlarga ko‘chibdi – ular quvrab qolibdi, ulkan ofat yog‘ilibdi. Qushlar qoni sachrab ketgan yaproqlar qizarib-qizarib yerga to‘kilibdi. Shundan o‘rmonda sarg‘ish va qizg‘ish barglar paydo bo‘libdi. O‘sha kungacha barcha qushlar bizning o‘rmonlardan ketmas ekan. O‘rmonlar hamisha yashillanib, qo‘ziqorinlari gurkirab, gullab turarkan. Qor bo‘lmagan ekan, qish kelmas ekan, deyapman. Qish bo‘lmagan!... Tentak birinchi qushni o‘ldirdi – yer g‘amg‘in tortdi. Xazonrezgi boshlandi, namxush kuz keldi. Izg‘irinli shamollardan qo‘rqib ketgan qushlar uzoqlarga ketib qolishdi, odamlardan xafa bo‘lishdi. Ko‘rdingmi, azizim, biz o‘zimizga o‘zimiz zarar yetkazdik. Shuning uchun ham har bir narsani asrab-avaylashimiz zarur.
– Nimalarni?
– Mana – qushlarni, o‘rmonni, suvni, yerni.
Men kuzni hafsala bilan uzoq kuzatdim. Biron bir narsani chinakamiga ko‘rishni istasang, o‘zing ham shuni birinchi marta ko‘rayotganingga ishonishing kerak. Kuz bilan shunday kechdi. Men ham o‘zimni bu kuz umrimga kirib kelgan birinchi va so‘nggi kuz ekanligiga ishontirdim. Shunda kuzga sinchiklab nazar tashladim, oldin ko‘rmaganlarimni ham ilg‘ashga urindim. Ular kuzdagi loygarchiliklar, Moskva tramvaylarining namli tomlari ustidagi xotiralarday erib ketguvchi tuyg‘ular edi.
Men nafaqat tillarang, balki qirmizi, alvon, siyohrang, mallarang, qora, kulrang, oqish barglarni ham ko‘rdim. Bu ranglar kuz qorong‘uligida mayinlashar, havoda qimirlamay osilib turardi. Yomg‘ir yog‘ayotganda ranglar jilvalanadi, bulutli osmon ajib nur taratib turadi. Bu jilvalanishda yomg‘irli o‘rmonlar olis-olisdan tonggi shafaqda lovullab yonayotgan gulxanlarday ko‘zga chalinadi. Qarag‘ayzorda qayinlar sovuqdan diydiraydi, sumalaklarga tilla suvi surtilganday. Boltalar zarbining tovushi, qushlar qanotidan ko‘chgan shamolda titranib ketgan yaproqlar shovdiraydi.
Daraxtlar erta sarg‘aya boshlashdi. Tanasining yarmi qizg‘ish, yarmi yashil tog‘teragini uchratdim. Kun o‘rtasida Prorva bo‘ylab sayrga chiqdim. Janub tomonda quyosh enib bormoqda. Uning sinib-sinmayotgan nurlari qorayib borayotgan suvda akslanadi. Bu nurlar bo‘lak-bo‘laklanib, to‘lqinlanib, qirg‘oq bo‘ylab tekis yuguradi, suvdan ko‘tarilib, daraxt uchlariga singib ketadi. Nur mavjlari qalin maysazor va butazorlarga inib, bir lahzada butun qirg‘oqqa taraladi, tog‘ jinslariga yuzlab bo‘yoqlar shudringday yoyilib ketadi. Nur goho zaharli zamburug‘ning olovrang bosh ki­yimi, goh zarg‘aldoq tusli yarqiroq maysalar, to‘kilib yotgan quruq mevalarni oralab, goho eman barglariga, po‘stloqlariga, tanasiga qorishib ketardi.
To‘kilayotgan kuzgi barglarga sinchkovlik bilan qarayman. Men aynan barg chirt etib uzilib tushayotgan damni ko‘rish ilinjida, o‘sha bildirmaygina o‘tib ketadigan lahzani ushlab olish istagidaman. Bandidan uzilib, yerga tushayotgan yaproqqa tikilaman. Kitoblarda to‘kilayotgan yaproqlar shivirlari haqda ko‘p o‘qiganman, ammo bu tovushni eshitmagan edim. Barglar faqat yerda, oyoq ostida shovullardi. Bargning havoda shovullashi bahor chog‘i maysalarning o‘sib borishini ilg‘ashdek tasavvurga sig‘mas holat bo‘lib ko‘rindi.
Shahar ko‘chalarining tinimsiz shovqin-suronidan garangsib turgan tovushlar ham o‘ziga kelishi, tup­roqning eng toza va tiniq ovozigacha chulg‘angan kuzni tinglash uchun kutish kerak edi. Kech tushishi bilan boqqa chiqdim, yog‘och quduq yoniga keldim. Bir chetiga fonusni qo‘ydim, suv oldim. Chelakda barglar suzib yurardi. Ular hammayoqda ko‘zga chalinadi, go‘yo ulardan qutilib bo‘lmasdi. Nonvoyxonadan hozirgina olib kelingan qora nonga ham ho‘l barglar yopishib qolibdi. Shamol hovuch-hovuchlab stol usti, o‘rindiqlar, yer, kitoblarga barglar to‘kardi. Bog‘ yo‘laklarida yurib bo‘lmasdi: qor ustida yurganday xazonlarni g‘ijirlatib o‘tasan. Biz ularning ustida ag‘anardik, ulardan anqiyotgan hidlarga to‘ymasdik. Na tili, na qulog‘i bor bu kuz oqshomlarining! Shamol esmay qo‘ydi. O‘rmon etaklari shu qadar tinchki, qorovul to‘qmog‘ining zarbigacha eshitiladi.
Tun. Fonus quduq, devor ostidagi keksa zarang daraxti, sochilib-sarg‘ayib ketgan butoqlar, gultuganaklarni yoritib turardi. Zarang daraxtiga qaradim. Shoxlardan asta-astagina ajralib chiqayotgan qiz­g‘ish bargga ko‘zim tushdi, titrab ketdim. U bir muddat havoda to‘xtab qoldi. So‘ng engashib, shitirlab, chayqalib oyoqlarim ostiga tusha boshladi. Shunda birinchi bor to‘kilayotgan yaproq shitirini eshitdim – tushuniksiz, xuddi go‘dakning shivir- shiviriga o‘xshaydi. Tinch, osoyishta yer uzra tun hukmron. Yulduzlar jilvasi shu qadar tiniqki, tasavvurga sig‘maydi.
 Men junjikdim. Kuz osmonidagi yulduz turkumlari chelakdagi suvda ham, kichikkina kulba darchasida ham jilvalanardi, mavjlanardi. Persiya va Orion yulduzlar burji yer bo‘ylab sokingina oqib o‘tishardi, titranib, bo‘rilar mudrab yotgan chakalaklarda xiralashib, Starise va Prorvaning sayozliklarida to‘kilib yotgan baliq tangalarida ham nurlanib ketardi.
Tongotarda moviy Sirius yonib ko‘rindi. Uning enib kelayotgan olovlari tol barglariga urildi. Yupiter qorayib ko‘ringan g‘aramlar uzra o‘tloqzorlar, loyli ko‘chalardan chayqalib o‘tardi. Saturn esa osmonning bir chetidan o‘rmonlar, bo‘yi unutilgan go‘shalarni oralab ko‘tarildi. Borliqda yulduzli tun porlaydi, meteoritlarning sovuq nurlari parchalanadi, kuzning nordon suvida qamishlar shovullaydi, ularning hidi chor-atrofni tutib ketadi. Kuz oxirlayotganda Pror­vada Proxorni ko‘rib qoldim. To‘zg‘igan oppoq sochlariga baliq tangalari yopishib, yaltillab turibdi. Tolzorda olabug‘a baliq ovlardi. Ko‘rinishidan yuzga kirganday. Tishsiz og‘zini ochib kuldi, do‘ppayib turgan cho‘ntagidan olabug‘a baliqni chiqarib ko‘rsatdi – yog‘li o‘ljasi bilan maqtandi. Baliqning yonboshlariga urib-­urib qo‘ydi – baliq tutdik!
Kech tushgunga qadar ikkovlon qotib qolgan nonni kavshandik, yarim ovozda yaqinda ro‘y bergan o‘rmon yong‘inidan so‘zlashdik. Yong‘in Lopux qishlog‘i yonida boshlangan. U yerda o‘roqchilar gulxan o‘chirishni unutib qoldirishgan. Quruq shamol esardi. Olov shitob bilan shimolga yo‘naldi. U poezd tezligida – soatiga yigirma kilometr yo‘l bosardi. Pastlab-pastlab uchib o‘tayotgan uchoqlar kabi g‘uvillardi. Tutun bilan qoplangan osmonda osilib turgan quyosh oppoq -kulrang qalin po‘panakning to‘q qizil o‘rgimchagiga o‘xshardi. Yomg‘ir ishqorlanib yog‘ardi. Kulrang daryo suvini bosib, qoplab turardi. Ahyon-ahyonda ko‘kda kulga aylangan barglar uchib o‘tardi. Ular sal tegib ketgan uchqundan ham changga aylanib ketardi.
Tundlashib borayotgan tunda shafaq sharq tomonda aylanaga o‘ralar, hovlilarda sigirlar bo‘kirib qo‘yar, otlar kishnar, ufqda raketalardan sachrayotgan oqish nurli signallar yarqirab ketardi. Bu – harbiy qismlardan, ular o‘tni o‘chirishgan. Bir-biriga signal yuborib, yaqinlashib kelayotgan yong‘indan xabar berishardi. Biz Prorvadan kechga yaqin qaytdik. Quyosh Oka ortiga endi. Shunda biz va quyosh o‘rtasida rangsiz kumush halqalar to‘shaldi. Quyosh nurlari kuzgi o‘rgimchak uyalarida akslanar, bu butun o‘tloqzorni o‘rab olgan edi.
Kunduz payti po‘panaklar havoda uchib yurar, qo‘l urilmagan maysalarga qorishib ketar, eshkak, yuzlar, suvliq, sigir shoxlariga kalava ipday ilashib qolardi. Tong chog‘i o‘rgimchak uyalarida shudringlar tovlanib, bir zumda erib bitardi. Po‘panaklar va shud­ringli tollar quyosh ostida olis yurtlardan bizning o‘lkaga kelib qolgan ertakchi daraxtlarday turishardi. Har bir o‘rgimchak uyasida mitti o‘rgimchak o‘tirardi. U uya to‘qirdi. Bu o‘rgimchak parvozi kuzgi qushlar uchishiga o‘xshab ketardi. Shu kungacha nima uchun o‘rgimchaklar yupqa kalava iplari bilan yer yuzini qoplab uchishlarini kim yaxshi bilarkin, bilmadim...
Uyga kirib, yuzlarimga yopishib qolgan po‘­pa­naklarni yuvib tashladim-da, pechga o‘t qaladim. Qayin tutunining hidi kalava ip bo‘yi bilan qorishib ketdi. Keksa qora chigirtka kuylay boshladi. Pastda sichqonlar zir yugurishadi. Ular qishlik g‘amida – uyalarini qattiq non ushoqlari, qand, qotib qolgan pishloq bo‘laklari bilan to‘ldirishmoqda. Tun yarmidan oqqanda uyg‘onib ketdim. Xo‘rozlar ikkinchi bor qichqirishdi. Yulduzlar qimir etmay yonib turishar, tongni entikib kutayotgan shamol bog‘ uzra sokingina shivirlardi.

Rus tilidan Oygul Suyundiqova tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 9-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.