Bir kuni meni muharririmiz huzuriga chorlab, tuyqusdan so‘rab qoldi:
– Sen otasan, a?
– A? – Men hovliqib qoldim. – Kimga?
– Masalan, men – otaman, uch farzandim bor. Senam otasan, shundoqmasmi!
– Shunday, shunday... Xudoga shukur, besh farzandim bor.
– Ana! Shundoq ekan, otalarga hurmat qandoqligini hech o‘ylab ko‘rganmisan? Otalar hurmati joyiga qo‘yilyaptimi? Qani menga insof bilan ayt-chi, qaysi shoir dunyodagi barcha otalar yodlab yoki xirgoyi qilib yurgudek bitta qo‘shiq yaratdi? Yoxud ota haqida roman, qissa qoralagan yozuvchi bormi? Yo‘q!.. Hatto, sadag‘anggina ketay, payg‘ambarimiz ham “otang bilan onang baravar chaqirib qolsalar, uch martagacha oldin onangning oldiga bor, keyin otangga bor”, deya lutf qilganlar. ...Xo‘sh, biz faqirlarning yozug‘imiz nima?
O‘ylab ko‘rsam, ayni haqiqat.
– Shu bois, – dedi muharrir oxirida, – biz ikkalamiz otalar hurmatini joyiga qo‘yaylik.
– Qanday qilib qo‘yamiz?
– Boplab maqola yozasan! Yozgandayam shunaqangi boplab yozasanki, shu paytgacha behafsala yurgan kimsalar ota fazilatlarining naqadar serqirraligidan voqif bo‘lsin. Farzandning otaga bo‘lgan hurmatiniqo‘l yetmas cho‘qqilarga ko‘tar. Senga bir oy muhlat!..
Odatdagidek maqola bo‘lganda-ku, menga ozgina muddatning o‘ziyoq kifoya edi. Ammo, bunaqa muammoli masala uchun bir oylik muddat, menimcha, erta o‘tib, indinga yetib keladigandek tuyuldi.
Harqalay, topshiriqni bajarish kerak. Qolaversa, o‘zimning ham otalik g‘ururim g‘imirlab qoldi, shekilli. Lekin, miya qurg‘urga hech vaqo kelmadi. Tun bo‘yi to‘lg‘onib chiqdim. Ertasiga yana. Uchinchi kuni hamma uyquga yotgach, miyamga bir fikr kelgandek bo‘ldi. Shu taxlit boshlayman, dedim xayolan, hamma hayron qolsin:
...Qadimda bolalar otalari keksaygach, opichlab olib, kimsasiz joylarga tashlab kelar ekan. Hozir, xudoga shukur, to‘rga o‘tkazib, e’zozlaydi...
Yo‘q, bo‘lmaydi! Ba’zi aqli noqislar “eski urf-odatlarni qayta tiklayman” deb qolsa-chi, otalarini allaqaylarga oborib tashlash payiga tushib qolsa-chi!
Cho‘chib tushdim. Qayta xayolga cho‘mdim. Topdim! Mana, bundoq boshlayman:
...Bir farzand o‘z otasini opichlab, Ka’baga oboribdi... Yo‘q, to‘xta, to‘xta. Afsonaga ko‘ra, “o‘z onasini” deb aytiladi, shekilli... Anig‘ini bilmagan narsaga alag‘da bo‘lmay qo‘yaqolay.
Yoki. ...Ha bo‘ldi, mana bunday yozaman:
...Bir chol bilan kampirning yolg‘iz o‘g‘li bor ekan. Uni, ittifoqo, shaharga katta mansabga taklif qilishibdi. Biroq, kampir-cholning ovuldan ketgisi kelmabdi. Shunda o‘g‘li otasini rozi qilish uchun o‘tirgan yeriga ikki qavatli muhtasham saroy qurdirib beribdi...
Bo‘lmaydi! Ichkarisida nevaralari chopqilab o‘ynamaydigan, o‘g‘li har kun ertalab Tangri salomini bermaydigan, kelini saharlab tahorat suvini ilitib bermaydigan muhtasham saroyning kimga keragi bor?!
Yoxud mana bu tarzda yozsam-chi:
...Bir amaldor farzand otasiga chaqmoqdek yaltillagan yap-yangi “Neksiya” oberib, ishxonasi hisobidan bir haydovchi tayinlab qo‘yadi.
Yo‘-g‘e! Bu g‘irt jinoyat-ku?..
To‘g‘risi, biror jo‘yali gapning jilovidan g‘ippa ushlamasang, hafsalang pir bo‘lib, xayolingga hech narsa kelmay qo‘yarkan. Shuytib, bu oqshom ham besamar ketdi.
Xalqning “bilmaganni so‘rashning aybi yo‘q” degan naqli bor. Men ham tizginsiz xayollarni yig‘ishtirib, do‘st-yoronlarimdan madad so‘radim. Ular ham har biri baholi qudrat yordamga oshiqdi:
– Otang – tayanch tog‘ing! Otang – Xudodan keyingi ulug‘ing!
– Otang – Olloh taolodan keyingi ijodkoring!
Xo‘sh, shu tariqa balandparvoz so‘zlar bilan boshlarman ham deylik. Keyin-chi? Hayotdan olingan misol bo‘lmasa, nima qizig‘i bor?
Ammo, “chin ko‘ngildan yig‘lasang, so‘qir ko‘zdan yosh chiqar” deganlari rost ekan. Misol topildi. Dushanba edi o‘sha kun. Kallai saharlab, Do‘stmirza degan o‘rtog‘im qo‘ng‘iroq qildi:
– Payshanba kuni Qo‘ng‘irot shahriga, tog‘amning uyiga boramiz. Tadorigingni ko‘raver.
– U yoqda nima bor?
– Sen izlab yurgan misol bor.
– Xo‘sh-xo‘sh?
– Tog‘amning Qutlimurod qalpe (qush ovchisi) degan qo‘shnisi bor. U bir paytlar quyonning qulog‘idan, qirg‘ovulning oyog‘idan ushlay oladigan alomat ovchi bo‘lgan. Hozir ustasi farang tadbirkor. Savdo-sotiq tufayli uning oyog‘i yetmagan yer yo‘q bu olamda. Hatto, tug‘ilgan kuniga Turkiyadan mehmon keladi. Koreyaga yoki Yaponiyaga borib kelish unga cho‘t emas, xuddi o‘zimizning Chimboyga borib kelgandek oson.
– Bunaqa gaplar menga na hojat? Menga otasining hurmatini joyiga qo‘ygan odam kerak.
– Naq shuning uchun aytyapman-da! Hozircha odam oyog‘i yetgudek joyda Qutlimurod qalpedek otasining hurmatini joyiga qo‘ygan odam yo‘q. Ibrat olsa arzigulik farzand. Yaqinda otasining qabri ustiga shohona maqbara qurdirgan. Payshanba kuni o‘sha maqbaraning ochilish tantanasi bo‘larkan. Tog‘am aytdilar. Ikki avtobus, yettita yengil mashina safini tuman DAN mashinasi boshlab borarkan!..
Xullasi kalom, do‘stim meni ko‘ndirdi.
Payshanba kuni ertalab yo‘lga chiqdik. Borib ko‘rdikki, tumonat odam. Qabristonga borishdan oldin “engilgina choyxo‘rlik” bo‘ldi. Rosti, shu “engilgina choyxo‘rlik” dasturxonidagi to‘kin-sochinlik manzarasi mening o‘tgan yili o‘g‘limning sunnat to‘yiga yozilgan dasturxondan ancha dabdabaliroq edi.
Ammo lekigin, qalpe janoblari mullalardan ko‘ra jurnalistlarni ko‘proq xush ko‘rarkan. Do‘stmirza ikkalamizni birinchi mashinaga o‘tqazdi. O‘zi old o‘rindiqqa joylashdi.
– Men shaxsan o‘zim shuhratparast emasman, – dedi u mashina o‘rnidan qo‘zg‘alish bilanoq. – Ammo, jurnalistlar meni qayoqdan bo‘lmasin izlab topib olishadi. Bir kuni televideniedan, ertasiga radiodan, indiniga gazetadan. Mana, hozir ham, hatto qabristongayam birga boryapti jurnalistlar.
Indamadim. Nima dey? Borayotganim rost-ku.
Qabristonga yetdik. Hamma mashinadan tushdi, o‘ziyam katta bir ma’rakaning odami jamuljam bo‘libdi. Gumbazdek salla o‘ragan imomga ergashib muhtasham maqbara sari ko‘tarildik. Eh, maqbaramisan maqbara bo‘lipti-da. Har bir g‘ishti o‘zgacha bir mehr bilan taroshlanib, o‘zgacha bir bo‘yoq ishlatilgandek yaltillaydi. Tepasidagi yarim oyga tikka qaray olmaysiz – quyosh nuri ko‘zingizni qamashtirib yuboradi.
Gumbazning tevarak-aylanasiga har xil rangdagi naqshinkor toshlar yotqizilgan. Tosh to‘shalmalarning chetiga qubbali temir panjara o‘rnatilgan. Gumbaz oldiga qo‘yilgan yaltiroq marmar toshda oppoq soqolli, sariq chakmonli, ochiq chehrali bir mo‘ysafidning haykali qo‘yilgan. Haykal oldida baxmal to‘shalgan stol. Stol ustida pishirilgan kurka go‘shti, qazi-qarta, olma-uzum, sarxil mevalar. Stolning ikki tomonida yelkalariga sochiq tashlangan ikki zabardast yigit xizmatga shay holda serrayib turibdi.
Yig‘ilganlar gumbaz yoqalab o‘tirdik. Boyagi oq sallali imom qiroat bilan ezib-ezib, qur’on tilovat qildi. Keyin hamma ketma-ket tizilishib, maqbara oldidagi dasturxondan tuz totdik.
Shundan so‘ng miting boshlandi.
– Dunyoga kelgan har bir farzand, – deya bamaylixotir so‘z boshladi imom hazratlari, – otaga mana shu taxlit hurmat bajo keltirmog‘i joiz. Qaniydi, mening ham, sening ham, uning ham o‘g‘il-qizlari Qutlimurodjondek saxovatpesha inson bo‘lib, kelajakda maqbaralar bunyod qilsalar!..
Goh hazratning ma’ruzasini tinglayman, goho og‘zim ochilib, maqbaraga suqlanib qarayman. Gohida biz o‘tirgan joydan yuz qadamcha naridagi oddiy bir qabr ko‘rinishi diqqatimni tortadi. Qabr aftodahol, loysuvoqlari ko‘chib ketgan. Uyam gumbazsimon qilib qurilgan. Lekin, Qutlimurodning otasiga tiklangan maqbara gumbazi bilan taqqoslaganda... e, taqqoslab bo‘lmaydi. Ammo, negadir, bu yerga ziyoratga kelgan kishi borki, hammasi o‘sha qabr tomon qayrilib o‘tyapti, devori tuprog‘ini peshonasiga surishyapti. Seki-in surishtirib bildimki, u allaqaysi shayxning qabri bo‘lib, ushbu qabriston uning nomi bilan atalarkan.
Maqbara oldidagi miting marhum haqida emas, nuqul Qutlimurodning sha’niga aytilgan maqtovlardan iborat tantanaga o‘xshab ketdi-yov.
– Qutlimurod do‘stimiz, kerak bo‘lsa, otasi uchun jonini ham ayamaydi, – dedi qorin qo‘yvorgan bittasi. – Mana, manavi otasining suratini Erondan rassom oldirib chizdirgan. Rassom bu asarini yuz yil asl holida tushirishga kafolat berdi. Qutlimurod aytganini ikki qilmay, unga uch million so‘mni naqd sanab berdi. Men shaxsan o‘zim sanashdim.
– Og‘aynilar! “Yomon chinini aytaman deb, sirini aytadi” degan naql bor, – dedi yana bir galstuk taqqan arbob. – Naqlda aytilganidek, menam chinimni aytsam, so‘nggi o‘n yildan buyon otamning qabriga bormaganman. Har yili xotira kunida bola-chaqalarni yuboraman. Sababi, vaqt ham yo‘q, qunt ham yo‘q. Otamning qabri hali-hanuz qarovsiz. To‘g‘ri, qabrni ta’mirlashga, biror lavha o‘rnatishga qurbim yetadi. Lekin... Endi shu... Mana shu maqbara oldida turib, qasamyod qilamanki, kelgusi yili, albatta, otamning qabriga lavha o‘rnataman. Chunki, Qutlimurod do‘stim bugungi saxovatpeshaligi bilan barchamizga ibrat bo‘ldi, meni mulzam qildi!
Munozara musobaqaga aylandi:
– Qutlimurodjon ushbu maqbara uchun o‘ttiz uch million sarfladi!
– Yo‘q, o‘ttiz yetti milliondan oshiqroq. Qurilishning bosh-qoshida o‘zim bo‘lganman!
– To‘g‘ri! Lekin u otasi uchun atigi o‘ttiz so‘m sarflaganchalik ham og‘rinmadi.
– Otaga sarflangan xarajat – o‘ta savob ishdur!
– Taqsir, oqilona naql qildingiz. Ota Ollohdan keyingi ijodkorimiz, axir!
Xullas, “kim o‘zarga” nutqlar irod qilindi. So‘zga chiqqanlarning har biri “meni ko‘rdimikin” qabilida asosan Qutlimurod qalpega qarab gapirdi. U esa har bir gapni berilib tinglagan sari, bir o‘kchadan bir o‘kchaga minib, viqor bilan gerdayib turadi.
Kun oqqandan so‘nggina qabristondan arang qaytdik. “Xomtalashning kattasini tuya so‘yganda ko‘ring” deganlaridek, dasturxonning kattasi keyin bo‘ldi. Boya unchalik e’tibor qilmagan ekanmizki, bu uy shaharning tor ko‘chasiga o‘xshamaskan. Aslida, atrofidagi to‘rt qo‘shnisining yer maydonini ko‘taraga sotib olib, o‘rniga uzundan uzoq saroy qurdirgan ekan. Saroyning oxiriga biri-biridan hashamdor uch o‘tov tiklangan.
Qalpe jurnalistlarni “qadrlash” aqidasiga amal qildi, shekilli, bizni birinchi o‘tovga taklif qildi. Bu yerda kazo-kazolar, gapirganda og‘zining bir chekkasidan millionlar chiqib ketaveradigan biznesmenlar, so‘ng katta-kichik mansabdorlar edi. Eng g‘aribi Do‘stmirza ikkalamiz bo‘ldik.
Meni bir narsa qiziqtira boshladi. “Bu kishining otasi tirikligida kim bo‘ldiykin? Suratdagi kelbatiga qaraganda, sal mundayroq din peshvosi yo karomatli eshon bo‘lsa kerag-ov”. Shu bois, yonimda “ertaga kechqurun Eronga ketaman” deb o‘tirgan tijoratchi yigitdan asta shivirlab so‘radim:
– Jo‘ra, Qutlimurodning otasi tirikligida kim bo‘lgan?
U, xuddi orqasidan ergashib kelgan serxarxasha bolaga qaragandek, bir olayib qaradi-yu, yana gurungini davom qilaverdi.
Biroz o‘tirib, yana qo‘zg‘aldim. Bu gal tijoratchi yigitning naryog‘ida uchinchi bo‘lib o‘tirgan kishining yelkasi osha so‘radim:
– Yoshulli, Qutlimurodning otasi kim bo‘lgan?
U menga baqrayib boqdi:
– Nima, yozmoqchimisan? Siz jurnalistlarning dastidan, hatto, o‘liklargayam tinchlik yo‘q!
Zang‘arning ovozi qattiqroq chiqib ketdi, shekilli, hamma menga yovqarash qildi. Noshudlikdan o‘ng‘aysizlanib, bu o‘tovni tark etishga majbur bo‘ldim.
Ikkinchi o‘tovda haligi imom bilan mulla gumashtalari o‘tirgan ekan. Ular mening bo‘sag‘a yoniga kelib o‘tirganimga parvo ham qilishmadi.
Bir narsani bilgisi kelsa, odam tinchini yo‘qotar ekan. Bu gal shivirlashni yig‘ishtirib, dangaliga ko‘chgim keldi. Ustiga ustak, mullalar savol-javobni yoqtirishadi-ku.
– Taqsir! – dedim imomga murojaat qilib. – Bir narsa so‘rasam maylimi?
– So‘rang, bo‘tam! – dedi u viqor bilan.
Hamma jimib, mening og‘zimga tikildi.
– Qutlimurod do‘stimiz bugun otasining hurmatini joyiga qo‘ydi. Ofarin. Endi men bir narsani bilgim kelyapti. Shu do‘stimizning otasi aslida kim bo‘lgan?
Imomning yuzi tundlashdi.
– Bo‘tam! – dedi u biroz tin olib. – Ikkinchi bora ulamolarga murojaat qilishdan oldin obdan o‘ylab ol. Qolaversa, bu olamdan o‘tgan mo‘minlar haqida g‘iybat kovlama!
Peshonamga payg‘ambar asosi bilan urgandek, karaxt holda o‘tovdan chiqib ketganimni bilmay qoldim. Bo‘sag‘adan chiqishim bilanoq orqamdan g‘ovur ko‘tarildi.
– Taqsirim, ko‘nglingizga olmang.
– Shaharda ulg‘ayib, befarosat bo‘p ketgan zang‘ar-ku!
– To‘g‘ri, o‘ziyam savol berganiga pushaymon bo‘lgandir...
Uchinchi o‘tovga kirishniyam-kirmaslikniyam bilmadim. Do‘stmirza boya birinchi o‘tovda qolgandi. Yaxshiyamki, o‘zi kelib qoldi:
– Nima qilding? Biloldingmi? Kim bo‘lgan ekan otasi?
– Hech kim aytmadi.
Shu payt qo‘lida qumg‘on ushlagan bir qariya o‘tov ortidan chiqib keldi. Nazarimda, har qanday gapdan tap tortmaydigan, dangalchiga o‘xshaydi. Men yana tavakkal qilishga bel bog‘ladim. “Shu kishidan ham so‘rab ko‘ray, nari borsa bitta so‘kinar. So‘kishni-ku eshitaverib...” dedimu qariyaga avval salomimni, keyin savolimni berdim. U javob berishdan oldin u yoq-bu yog‘iga qarab oldi.
– Inim, – dedi qariya keyin xushlamayroq, – bu atrofga ko‘chib kelganimga atigi o‘n yil bo‘ldi. Nariyog‘ini bilmayman.
– Oqsoqol, u kishi o‘tgan yili qazo qilgan-ku. Siz o‘n yildan buyon shu atrofda...
– Axir, men ko‘chib kelganda u kishi yo‘q edi-da! Qariyalar uyiga oborib tashlaganlariga bir yil bo‘lgan ekan. Shundan beri... mana, o‘tgan yili o‘ldi. O‘sha yoqda o‘ldi. Murdasini olib kelishganlarida, kelin uyiga kiritmay, anavi mullalar o‘tirgan o‘rtadagi o‘tovga qo‘yishdi. Yuvg‘uchlar o‘sha joyda yuvishdi. Yuvishda menam qatnashganman...
Do‘stmirza ikkalamiz hangu mang bo‘lib qoldik. Qariya tahorat qumg‘onini o‘tovning qaptaliga suyab qo‘yib, o‘zi ichkariga kirib ketdi.
O‘shandan buyon oradan o‘n yil o‘tdi. Muharrir bir oy muhlat bergan maqola hamon yozilgani yo‘q. Men esa, rosti, otaning hurmati qanday bo‘lishi kerakligini haligacha bilolmay dog‘da yuribman.
Ahmad Oqnazarov tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 4-son.