OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Hofiz Ibrohim (1871-1932)

Muhammad Hofiz Ibrohim (1871–1932) - misrlik shoir, "Nil shoiri" nomi bilan mashhur bo‘lgan.

SHE’RIYAT

She’r –bunyod bo‘lgansan orzu-armondan —
Yozgan ahli donish, hisga bo‘lib g‘arq.
G‘ofil el uyquga cho‘mib yotganda,
G‘azal bitdi oqshom bir farzandi Sharq.

She’riyat, tillaring neni kuylardi?
Madh etding shohlarni, ohular ko‘zin.
Kimni shoh ko‘rsatsa, mazax qilarding,
Marhumga azaday sovuqdir so‘zing.

Fanoga sarflading boqiy dahoni,
Surding davroningni, kayfu safoni.
Xalqdan uzoq bo‘lding, shoh so‘zin deding, —
O‘tgan zamonlarda sen shunday eding.

Goh hasrat ham tushdi iste’dodingga,
Ko‘chmanchilik paytin olding yodingga,
Eski do‘stlaringga ochding janoza,
O‘tmish fojesiga tutyapsan aza.

Bugun o‘tgan kunni qo‘msashing nechun?
Kuyma qaqroq sahro, tuyalar uchun.
She’riyat, bugunning dardidan och so‘z, —
Yolg‘onning zilday tosh kishanlarin uz,

Erkingni anglagin, qulligingdan qoch,
Bag‘ringni bo‘ronu shamollarga och…


KIYIM

Bilinglar, odamlar,
bilinglar, do‘st-yor,
Endi mening po‘rim
kiyimlarim bor.

Endi hamma joyda
bu ahli kirom
Kiyimimga qarab,
qilur ehtirom.

Ruhlar charxlaganday
naqshlari zarhal.
Ipi nozik, pishiq,
go‘yoki metall.

O, ranglari ko‘zni
yashnatar, bezar.
Baxt ninasi ila
tikkanday chevar.

Gunohkor tan yayrar
jannatiy iyib,
Subhiy shafaq ila
o‘rasa kiyim!

Ay sen, kiyim,
panoh bo‘l ismatimga.
Sen-la keldi ishonch
bul qismatimga.

Oftobdan nur olgan
naqshin so‘zana,
Seni kirlay olmas
sahro to‘zoni!

Atrofda odamlar -
kiyimim vahma,
Go‘yo men – serhasham,
amir yo shohman.

Mana,
xushomadgo‘y
to‘dalar ham shay,
ayozda sandalga
talpingan jonday!

Ilgari bo‘zlardim
qismatdan to‘yib:
yurardim topganim
jandani kiyib.

Yirtiq kiyim edi
yalang‘och tanda,
Ibn-Xarba to‘niday
juldur bir janda!

Kunduz uyalardim
yo‘lda yurganda,
Hamma qochar edi,
moxov ko‘rganday.

Jandam rangsiz edi,
go‘yo chirmovuq,
Fosh bo‘lgan yolg‘onchi
yuziday sovuq.

O sen, po‘rim kiyim -
nomus, alanga,
Ko‘tarding meni ham
juda balandga.

Qiynalaman endi –
har bitta arab
Baholar
etigim,
to‘nimga qarab.

Xo‘p, elga – to‘n aziz,
lek kerak haq ham,
Istamam bo‘lmoqni
po‘rim muttaham.

Agar poklamasam
gunohkor ruhni,
Jarga otay, Alloh,
hasham, shukuhni!

Karim Bahriyev tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.