OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asqar O‘razaqin (1935)

Sharqiy Turkiston o‘lkasining Ili muzofotiga qarashli Mukey-Qoratosh qishlog‘ida tug‘ilgan.
Dastlab Sari-buloq maktabida ta’lim olib, G‘ulja shahridagi gimnaziyada o‘qigan.
Ish faoliyatini “ Shinjon ro‘znomasi” da boshlagan. Ilk she’rlari "Shu’la" jurnali sahifalarida e’lon qilingan.
1955 yilda ota yurti Qozog‘istonga kelib, Davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan.
Keyingi ish faoliyati Ch.Valixonov nomidagi Tarix, etnografiya va arxeologiya institutida, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasida, Respublika Kitob palatasida, «Jalin» jurnalida turli lavozimlarda davom etgan.
Uning ko‘plab kitoblari, «Tanlangan asarlar»i, «Saylanma»lari chop qilingan.

O‘LAN

O‘lan desa jon bormi alanglamas,
Uni tinglab uyg‘onar qalbimda sas.
O‘lan yuksak qoyada bitgan guldir,
O‘zing chiqib termasang, to‘manlamas*.

So‘z san’atin kamoli cheksizdir, bil,
Har o‘landa tovlanib, ko‘rk topar til.
Taftsiz, sayoz so‘z uchun titramas hech
Pushkin, Abay she’riga o‘rgangan dil.

Maqom topib har yo‘lda cho‘ng ma’nidan,
Tug‘ilar zo‘r o‘lan el armonidan.
Unday she’rning qog‘sri qalbday oqdir,
Uning o‘chmas siyohi yer qonidan.

Bo‘lay desang o‘landa mag‘rur, g‘olib,
O‘ltirmagin arzimas g‘amdan nolib.
Titrab tursin satringda har bir tuyg‘u,
O‘tli qalbning taqdirin esga solib.

Bo‘lsin o‘lan oqinga bolasiday,
Yashnab tursin qirlarning lolasiday.
Anglaganga har bir she’r titroq bersin —
Ishq deb oqqan ko‘zingning jolasiday.

Ilhom gohi yurakka zo‘r o‘t solar,
Istiqboldan jo‘sh urib goh til tolar.
O‘shanda ko‘r — o‘lanning yuksak zabtin,
Nima bo‘pti Asqar tog‘ — pastda qolar!
__________
* Pastga tushmaydi, ma’nosida.

URUSH VA TINCHLIK

Urush — nayza o‘ylab topdi ilk bor, albat,
Va qoshiga to‘playverdi xatar qat-qat.
Tinchlik — qalqon yasab oldi himoyaga,
To‘xtamasin deya yerda shodon mehnat.

Urush — nayza o‘qtaldi, so‘ng tortdi kamon,
Tinchlik esa — sovut kiyib, qoldi omon.
Urush chiqdi — zambaraklar, tanklar yasab,
Tinchlik — omoch qildi, barin aylab gumdon.

Urush — atom bombam bor, deb suron soldi
Va qilmishi tarixda dog‘ bo‘lib qoldi.
Tinchlik — atom bilan yordi muz bag‘rini,
U zulmatni nuri bilan yengib oldi.

— Uy egasin mahv etib, uyin olgum, —
Deydi Urush, — kiyimin ham kiyib olgum.
Tinchlik deydi: — Bu qilganing qaroqchilik,
Jahon ahli bilan seni tiyib olgum!

TA’TIL PAYTIDAGI MAKTAB

Men ta’til paytida maktab bordim,
Axir, bunda sho‘x suron taralardi.
Sukunatli va jimjit yo‘laklardan
Kulgisini izladim bolalarning.

Tanaffusga xuddi vaqt jindek borday,
Halizamon qo‘ng‘iroq chalinarday —
O‘quvchilar o‘tsin-chun sirtlab yurdim,
Toki bexos birovin turtib olmay.

Birdan barcha eshikni lang-lang ochib
Hamma bola chiqarday tepalashib.
Bir shumtaka daf’atan ko‘ringaydek,
Qiz quvaru oldda u borar qochib.

Keyin bir payt sinfga kirdim o‘zim.
Bo‘tpligiga ishonsin deya ko‘zim.
Nigohimni top-toza taxta tortdi,
Go‘yo qo‘msar yozuvga to‘la kezin.

Bir saf bo‘lib tizilgan parta — o‘ng-so‘l,
Alanglayman xarita tomon biryo‘l.
Qaydadir deb yelvagay shovvozlarim,
Etagimdan tortadi sirlangan pol.

Derazadan qarayman xomush, so‘lib,
Ular balki yugurar maydon to‘lib?
Kirarmi yo yelikib bir o‘quvchi,
Devordagi kemshikka — g‘ishtdek bo‘lib.

O‘quvchi tut quloq gap sirasiga,
Maktabingning oshiqsan nimasiga?
Dengizchisi har yoqqa suzib ketgan,
O‘xshab turar u bilim kemasiga.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.