Mavjuda Hakimova 1932 yilning 5 may kuni Xo‘jand shahrida tug‘ilgan. Tojikiston davlat Universitetini bitirgan (1958). So‘ngra «Pioneri Tojikiston» gazetasida, «Mash’al»jurnalida mehnat qilgan. «Komsomoli Tojikiston» (1970-1971) gazetasida, «Feruza» (1985-1990) jurnalida muharrir vazifasida faoliyat ko‘rsatgan.
«Surudisehr» (1964), «Ilhom» (1970), «Moshini moshinsavor» (1972), «Ba so‘yi nur» (1976), «Nabzi roh» (1977), «To‘yi bahor» (1980), «Diyori muhabbat» (1987) nomli she’riy majmualar muallifi.
She’rlari o‘zbek va rus tillariga tarjima qilingan. «Xalqlar do‘stligi» ordeni, «Shijoatli mehnati uchun» medali va boshqa davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. 1965 yildan Tojikiston yozuvchilar Ittifoqi a’zosi. 1992 yilda olamdan o‘tgan.
AYTILMAGAN BAYTLAR
Gulbahor faslida sen tutding lola,
Hidlayman dam-badam, qo‘limdan qo‘ymay.
Unda dil so‘zlaring, qalbing havola,
Nenidir angladim, mehringga to‘ymay.
O‘ylarim yetaklar so‘qmoqlar aro,
Kaftga kafting qo‘yding visol tongida.
Tutsang hamki xomush guldasta, ammo
Ko‘rdim yuragingni lola rangida.
Taqdir o‘zga yo‘lga boshladi bizni,
Ikki tomon ketdik iqbol so‘roqlab.
Bora-bora dildan angladim o‘zni,
Afsus, ortda edi tanish so‘qmoqlar.
Ko‘nglimda borini do‘stlarga tutdim,
Qoldi qarashlaring nigohlarimda.
Ishqim ash’origa nomingni bitdim,
Qonday aylanasan yurak-bag‘rimda.
Bilaman, o‘rtada katta masofa,
Birlashtira olgay na Oy, na Quyosh.
Mehrim so‘ngan emas, ishqim musaffo,
Taqdir haziliga berurman bardosh!
Ol lolang bezamish kitob qatini —
Visol damlaridan bevisol tilsim!
Tilsim tilidagi sevging xatini
Yoshliqdan singdirdim yurakka sim-sim!
YAPROQ
Bahor kulganida baland butoqda,
O‘zni ko‘z-ko‘zladi bir yashil yaproq.
O‘zligin unutib zavqlangan chog‘da,
Shabboda mashqiga raqs tushdi quvnoq.
Tong-saharda oshiq o‘z ishqin go‘yo
Izhor etgan kabi shivirlar xursand!
O‘z qo‘rqi, husniga bo‘lib mahliyo,
O‘zga yaproqlarni etmadi pisand.
Kuz ham keldi,
Ilk bora uni
Uchirib tushirdi shafqatsiz shamol.
Ayriliq dog‘idan sarg‘aygan kuni,
O‘sha baland shoxga arz etdi darhol:
«Yana bahor kelar,
Qulf urar maysa,
Menday o‘sib chiqar yana bir yaproq.
Sen mening rangimga kirib yashnaysan,
Men kabi u yaproq kuylarmi biroq?!»
VATAN ISHQI
Quyosh o‘t qalbi-la urganda xandon,
Qulf urib yashnayman tilagim bilan.
Gulshanda sayrasa bulbul — g‘azalxon,
Jo‘r bo‘lgum bulbulga yuragim bilan.
G‘uncha barhayotdir ildizi bilan,
Shabada erkalar g‘uncha bargini.
Gulshanda g‘unchadek yayrab ketaman,
Umrim gulshanida do‘st bilgum uni.
Bahor yomg‘iridan tosharoq alhol
O‘zin sohiliga sig‘masa daryo,
Bamisli Vaxsh, Jayhun, Zarafshon misol
Yuragimda daryo bo‘lg‘usi paydo!
Qalbimga hamohang barcha fasllar,
Yurtim tuprog‘iga bu jonim payvast.
Ishqimni ardoqlar turfarang gullar,
Vatan ishqi bilan olaman nafas!
Tilak Jo‘ra tarjimalari