Yapon xalqining buyuk shoiri Saygyo 1118 yili Yaponiyaning Kioto shahrida ziyoli oilasida dunyoga keldi. U yashagan davr Yaponiyada samuray jangchilari katta kuchga ega bo'lgan vaqt edi. Yoshligidan Saygyo imperator Toba armiyasida askar bo'lib xizmat qiladi. Lekin 1140 yili, 22 yoshida dunyodan voz kechib, monaxlikka beriladi.
Saygyo o'z umri davomida ko'p vaqtlar Saga, Koya, Yoshino, Ise va boshqa shaharlarda yasahdi. U o'zining eng yaxshi she'rlarini Shimoliy Xonsyuda yozdi. U Osaka shahridagi Hirokava ibodatxonasida 72 yoshida vafot etdi.
Saygyo o'z she'rlarida ezgulik g'alabasini kuylaydi, tabiat bilan insonni sevishga chaqiradi.
I. BAHOR
Bahorning ilk tongida bitganim
Yil tugadi,erib ketdi qor,
Uxlab qoldim ma'yus,umidvor.
Tushlarimga kirdi tun bo'yi:
'Bahor kelgan emish... Bahor!'
Tongda uni o'ngimda ko'rdim.
* * *
Olisdagi tog'larning boshin
O'rab olmish engil oq bulut.
Ular menga xabar berurlar:
'Mana, keldi, nihoyat
Birinchi ko'klam tongi'.
* * *
Ko'klamning ilk tongida
Qoyalar qisib turgan
Muzlar eriyotirlar.
Chimdan sitilib chiqib
Yo'l izlaydi so'qir suv.
Yashil o't terib yurib o'tmishni eslaganim
Yashil o'tlar terlgan
Dalada yuzar tuman - naqadar qayg'uli u!
Go'yo olis-olisda,oq tumanlar ortida
Bekinmishdir yoshligim -
Mening go'zal yoshligim!
Agar men yashagan vodiyda bulbullar sasi tinsa
Agar uchib ketsalar
Eski inlarin tashlab
Bodiyim bulbullari -
Men ularning o'rnida
Qo'shiq aytib yig'lardim.
Qari ildizlariga qaytdi
Yana bahor ranglari.
Yosino tog'larida
Bahorning o'rnin olib
Hukmini boshladi yoz.
Yoz qo'shig'i
Tog'dagi qishloqqa olib boruvchi
Yo'llar yana tozalandi,
O'tlar qirqildi.
Gullagan olchani qidirib yurgan
Odam yuragini ko'rganday bo'ldim.
Kakku haqida she'rlar
1
Tinglarman - baland cho'qqidan
Uchib kelayotgan
Kakku sayrog'in.
Qoyalar poyiga
Qular bu ovoz.
2
Hali sening sasing pinhondir,
Biroq,seni kutgim kelmoqda
Qimirlamay shu yerda, kakku!
Yamada - na - xara dalasi
Ko'milgan qiyg'os gulga.
3
Birodarim, kakkujon,
Tog' so'qmog'i bo'ylab jim
Ketsam o'lgandan keyin,
Hozirgidek boshim uzra
Sayrog'ing yangrab tursin.
4
Yuragimga mungli hislarni
Olib kirgan qo'shiqlaringni,
Tungi sayroqlaringni
Unutmoq qo'limdan
Kelarmi, kakku?
Tog'dagi kulba yonidagi buloq
Gullari to'kilgan olcha ostida
Shabada esishin kutib turibman.
Kutamanu qaynab turgan
Buloqdan suv ichaman
Hovuchlarim to'ldirib...
Kuz qo'shiqlaridan
Qayg'ularu iztiroblardan
Tinim bilmay shuvirlamoqda
Novdalarni silkitgan shamol.
Ovozidan tanib qoldilar
Kuzni tog'liklar.
* * *
O, buncha dovullab
Son-sanjoqsiz barglardan
Yerga to'kilar shabnam!
Miyagiko dalalarida
Uchib yurar kuzak shamoli!
* * *
Esmoqda sovuq bo'ron.
Bu ochunda neki bor,
U g'am mayin ichirar.
To'rt tarafdan ho'mrayar
Kuz shomining zulmati.
* * *
Xotiramda tiklarman
Har bir xazon bo'yog'in,
Har bo'yoq turlanishin...
Tinmaydi sovuq yomg'ir
Tog' qishlog'i ustida.
* * *
Negaligin kim aytar -
Kuz kirib kelganida
Izohlab bo'lmas hasrat,
Ajib bir qayg'u bilan
Qiynalar har bir odam?
Oy qo'shiqlari
1
Bepoyon tungi falak,
To'lg'in oy chaqnab turar,
Bulutlar orasidan
O'tgan so'qmoqni tanlab
Yo'lga otlanmish shamol.
2
Oqshom qorong'isida
Nihiyat suzib chiqdi
Kuzgi osmonga hilol.
Shunday xira porlarki,
Oygayam o'xshamaydi.
3
Qanday go'zal lahza bu! -
Deya o'ylar zulmatda
Uni kutib turganlar.
Tog'lar cho'qqisi uzra
Porlab turar kuzgi oy.
Qish kirgach tog'dagi kulbani ko'rib
So'qmoq ko'zga ko'rinmas.
Tog'dagi kulbaniyam
Ko'mib tashlabdi xazon.
Mendan oldin kelibdi
Bu yerga yolg'izligim.
* * *
Qirov qoplab yotibdi
So'lgan o'tloq gullarin.
Ularga boqmoq dahshat!
Nima dalda berajak
Endi darvish ko'ngliga?
* * *
Tsu degan mamlakatda,
Naniva qirg'og'ida kezib yurgan, ey, ko'klam,
Tush edingmi sen, nahot?!
Qurigan qamishlarda
Shovqin ko'tarar shamol.
Qish qo'shig'i
Naniva ko'rfazida
O'sguvchi qamishlarni
Qirovlar oqartirmish.
Tongotarda ko'rfazdan
Sovuq shamollar esar.
Xurshid Davron tarjimasi
Eh, agar bu dunyoda
Oy bulutga botmasa
Olcha gullari to‘kilmasa
Men yashayverardim
Dalalardan kelmay umrbod
***
” Yosino ” tog‘laridagi
Olcha butoqlarida
Muzlab yotar qor
Olchalar gullashga
Kechikmasaydi...
***
Duvillab to‘kildi
Uzun - uzun o‘t - o‘lanlardan .
Billur shudringlar .
Kuzgi shamol guvillar
” Myagino ” dalalarida
***
Nixoyat kuzgi osmonda
Qosh qoraygan on
Arang - arang yaltirab
Qo‘rindi uzoq kutdirgan ,
Sog‘intirgan oy
***
Endi qandoq qilaman men ,
Ko‘ylagimning namchil yengida ,
Yalt etdi shu’la
Botib ketdi bulut ortiga
Kuzgi mayus oy
***
Kuz oqshomi , oydinda
Yoprildi bulutlar
Oy yuzin to‘smoq uchun
Yo‘q , ko‘zlarimni aldabdi
G’ozlar galasining ko‘lankalari
***
Osmonda oy yo‘q .
Chiqarmikin u ?
Men ayvonda o‘ltirganimcha
Uzoq kutdim
Oy chiqishin tog‘li qishloqda
***
Kunduzgiday yop - yorug‘ kecha
Ko‘lankam ham ko‘rinmas .
Oy yaraqlab porlar
Borar manzilimni angladim
Qo‘ng‘iroqlar tovushidan
***
Shudringlarin to‘kmay
Uzib oldim men
Gullagan Xagi butog‘ini
Chigirtkalar qo‘shig‘in tinglab
Oy yorug‘ida
***
Qora siyox bilan yozilgan
Xatlarga o‘xshab
G’ozlar qanot qoqib
G’og‘olab uchar
Tungi osmonda
***
O’t - o‘lanlarni qayrib
Yurdim qayg‘uga botib
Shudringlardan og‘irlashdi
Ko‘ylagim yengi
Chigirtkalar menga qo‘shilib yig‘lar
***
Baxor tumanlari,
Qayoqqa , qaysi tarafga
Uchib ketdi ekan qirg‘ovullar ?
Ular tuxum qo‘ygan o‘tloqqa
Bolalar o‘t qo‘yibdi
***
Tuman qoplagan dala
O’raman o‘t - o‘lanni .
Tumanlar qayg‘uli
Bolaligim berkinib olgan
Xuv olisda , tumanlardan ham narida .
***
Tumanli tepaliklar tamonga
Berkingan qirg‘ovullar
Uzoq - uzoqlardan
Qanotlar sharpasi
Sezilar menga
***
Tinchim yo‘qolgan
Qaerda , qaysi o‘ngirda
Qaysi tog‘ yonbag‘irida
Qaysi olcha
Gullar ekan birinchi bo‘lib.
Xoldor Vulqon tarjimasi.
* * *
Halovatni bilmaydi,
Bugun bizning bu dunyo
Misol omonat qayiq.
To‘lqinlarga bermas dosh
Olisda qolgan qirg‘oq.
* * *
Zulmat ortga chekindi,
Qop–qora tun ko‘ksini
Yorib chiqgach to‘lin oy
G‘arbiy qoya tomonga
Og‘ib borar ohista.