OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Simadzaki Toson (1872-1943)

http://ziyouz.com/images/stories/jahon_adab/simadzaki_toson.jpgYaponiya romantik she’riyatining yirik vakillaridan biri Simadzaki Toson (1872–1943) ajoyib she’rlar va romanlar muallifi sifatida mashhur edi. U she’riyatning yangi – “sintaysi” shaklini yaratdi. Bu hol shoirning to‘rtliklarida o‘z ifodasini topdi. Uning she’rlari xalq qo‘shiqlariga hamohangdir. Oddiy dehqon oilasida dunyoga kelgan S.Toson nazm va nasrda qadrdon tabiat manzaralarini mehr bilan tasvirlaydi. Shoirning eng sara she’rlari yapon she’riyatining oltin fondiga kiritilgan.


SHADDOD QIZ OSUTA

Navqiron yoshligim – bahoriy kecha,
Lekin unda aslo ko‘rinmas gullar.
Onamni, otamni eslolmam hecham,
Zulmatga soyadek singdilar ular.
Dunyoda soyalar soyasi bo‘lib,
Kimsasiz yetimcha qoldim o‘kinib.
So‘ng bir dono yigit bo‘ldiyu paydo,
Avvalo o‘ziga etdi u shaydo.
So‘ngra afsonaviy shahzodaga xos,
Meni g‘am-g‘ussadan ayladi xalos.

Dono yigit menga anglatdi shuni:
– Agar kuta olsang tayinli kunni,
Uzarsan xurmoning eng sarxilini.
Men shaddod Otsuta qaytardim javob:
– Lekin yetib keldi kamolot kuzi,
Mana buni ko‘ring, – dedim-da uzib,
Xurmoni uzatdim yigitga shu tob.
Xurmoga labini bosib ko‘rgach sal, 
Dedi: – Xo‘p mazali ekan-ku, xurmong,
Nega indamading bu haqda avval?

Dono yigit tag‘in anglatdi shuni:
– Yaxshi bo‘lsin desang hayot mazmuni,
Sarxush aylaguvchi sharobdan ichma.
Quvonch bilan unga qaytardim javob:
– Huzurbaxsh etishga qodirdir sharob.
Hozir esa bahor, no‘sh etib yayrang, –
Deya tutdim unga sharob tillarang.
Yigit dedi ichgach, qizarib sal-pal:
– Bunchalar huzurbaxsh bo‘lmasa sharob,
Nega indamovding bu haqda avval?

Dono yigit yana ayladi tayin;
– Desang gar dunyoda baxtli yashayin,
Qo‘shiq tinglamagin, ozdirar yo‘ldan...
Men javob qaytardim quvonib dildan:
– Qo‘shiqda mujassam qalb ifodasi,
E’tibor bering deb, ko‘ngildan jo‘shib,
Kuylab berdim unga ishqiy bir qo‘shiq.
U bo‘lsa qo‘shiqdan mast bo‘lib tugal:
– Qo‘shiq sharobdan ham o‘tkirligini
Bilmasdim, aytmabsan bu haqda avval?

Dono yigit menga anglatdi so‘zlab:
– Bilsang, men yuribman haqiqat izlab.
Sen-chi, qiziqtirib qo‘yding juda ham.
Quvonch bilan javob qaytardim shu dam...
– Haqiqatga sevgi eltishi mumkin.
Dardi ayon bo‘ldi dil fig‘onida,
Ehtiros uyg‘ondi jismi-jonida:
– Bilmasdim ishq shunday zo‘rligin go‘zal,
Nega indamovding bu haqda avval?

Atrofga kuz shomi cho‘kkach, ikkovlon,
Tentirab yurdik biz urgancha javlon.
Ko‘zim tushib yerdan toshchani darhol
Qo‘lga oldim, oddiy, oppoq qor misol.
Dono yigit shunda anglatdi menga:
– Donolik hikmati yor bo‘ldi senga.
Toshchani bera qol, men balogardon,
Asrayman yomon ko‘z va balolardan!


QUSHLARSIZ QISHLOQ

Qushlarsiz qishloqda ko‘rshapalak ko‘p,
Yelkasida omoch, borar Sosuke,
Baliqchi to‘rini sudrar Kosuke,
Tog‘dadir Sosuke, suvda Kosuke.

Bodringlar gullaydi shom shafag‘ida,
Shabnamlar salqini tut yaprog‘ida.
Chigirtka chirillar tog‘ so‘qmog‘ida,
To‘lqinlarda javlon urar Kosuke.

Barxanlarda o‘sar yashil isona*,
Qumda qaqrab yotar qayiqlar ana,
To‘lqinlar urilar qirg‘oqqa yana,
Tog‘da shunday orzu qilar Sosuke.

Taqdirni taqdirga almashdi ular,
Yelkasida omoch – borar Kosuke,
Baliqchi to‘rini sudrar Sosuke,
Tog‘larda Kosuke, suvda Sosuke.

Tuman tarqab ketdi, to‘shaldi shabnam,
Bahor o‘tib ketdi, yetishdi kuz ham,
Sohilda chechaklar gullar kamdan-kam,
Qum bosib ketishi tayin, bilsangiz.

Yoshlik ham shunaqa – qayda u hozir,
Qani orzularning izi benazir?
Orzusin yo‘qotdi Sosuke izsiz,
Orzusin yo‘qotdi Kosuke izsiz.

Yulduz nilufarlar gulladi yana,
Olxo‘ri gullari kuladi yana.
Qalin o‘rmonzorni oralab, ana –
Borishar Sosuke hamda Kosuke.

_____________
* I s o n a – ozuqabop o‘simlik.


KEMANING YO‘LI

“Shalop” etib quvnoq eshkaklar,
Birin-ketin tushadi suvga.
Ko‘kda uchib yuribdi bulut,
Kema go‘yo botar parquvga.

Osmon tiniq bo‘lib turganda,
Qarasangiz dengiz bag‘riga,
Ko‘rinadi yaproq chirpirak –
Cho‘kar ekan zulmat qa’riga.

Garchi jo‘shqin suv buloq emas,
Maysazorda chopmas paydar-pay,
Cheksiz dengiz dalalarini
G‘arq ayladi suvga butunlay.

Olis yelkan to‘dalarini,
Bulutlarni suruv qo‘y misol,
Shamol-cho‘pon haydar barini
Dengiz cho‘li bo‘ylab bemalol.


KO‘KAT BOLISH

Shomgi qora to‘lqinlar aro
Chorloqlarning qichqiriqlari...
Orzularning yoyib qanotin
Uchgim kelar chorloq singari.

Yosh yuragim hasratga to‘la,
Izlab yupanch topolmayman hech.
O‘ylarimning g‘amgin muzlari –
Erib oqar tinmay erta-kech.

To‘lqinlarning oq ko‘piklari
Quloch kerib bir-birin quvar.
Intilarkan so‘l qirg‘oq sari
Sohildagi toshlarni yuvar.

Men necha bor darvesh misoli
Ko‘kat bolish qo‘ydim boshimga.
O‘t-o‘lanlar dardimni tinglab
Aylandilar qayg‘udoshimga.

Shunday boshin egadi doim
Zarurat-la inson bolasi.
O‘rmon ichra adashgan kabi
Yeru ko‘kni tutsa nolasi.

Mening qayg‘u g‘amimdanmikin,
Na tog‘larda, na dala yoqda –
Tundligicha yorishmas osmon,
Hatto kuz ham o‘tib bormoqda.

Yuragimni bosdi og‘ir g‘am,
Ko‘zyoshlardan ho‘l bo‘ldi yoqa.
So‘lib borar so‘nggi gullar ham,
Daryo shoshar noma’lum yoqqa.

Xo‘p shirindir tonggi bulutga,
Kechki jala bo‘lib quyulish.
Xush yoqadi kechki jalaga
Tonggi jala bo‘lib tuyulish.

Bulut emas, jala emasman,
Bir yaproqman shamol uchirgan.
Adashganman yo‘ldan, havasmand
Parvozlarga shaylanib turgan.

Tongda menga bo‘ldilar hamroh,
Vahimachi sariq bulutlar.
Oqshom chog‘i kuzatib qo‘yar,
Oq yo‘l tilar Oqdaryo qutlab.

Mitinoka kashtalariga
O‘xshab ketar hislar tug‘yoni*.
Darbadarman meni tortadi
Miyaganing cho‘li, yoboni.

O, ehtiros yondirib turgan
Yuragimga qo‘nolg‘a go‘sha!
O‘t-o‘lani sog‘inch ufurgan
Sen quvonchsan menga hamisha.

Darvesh uchun cho‘l shamollari
Jaranglaydi misoli chiltor.
Rangsiz toshlar jonlanib birdan
Gullar bo‘lib ko‘rsatar ruxsor.

Agar kimki hayot yo‘lida
Yurgan bo‘lsa yolg‘iz, darbadar –
Bu qayg‘uli qish manzarasin
Anglab yetar, albat, bir qadar.

Men poytaxtga tashlayman nigoh,
Ko‘k yuzida bulutlar sanqir.
Aralashib qor bilan ko‘zyosh
Yengim uzra muzlamoqdadir.

Do‘l aralash shamol ufurar
Muz ostida daryo nega jim?
Yo‘q, suv hamon oldingidayin
Dengiz tomon shoshmoqda, balkim?

Qanot qoqar, yig‘laganicha,
Bulutlarga g‘arq bo‘lar hakka.
Bu joylarda sho‘rlik zag‘izg‘on
Ko‘z yoshiga ko‘milar yakka.

Quyuqlashdi qorong‘ilik ham
Ko‘zyoshlari muz bo‘lib qotdi.
G‘oyib bo‘ldi odam, o‘t-o‘lan,
Yolg‘iz o‘zim qayg‘uga botdim.

Marjon-marjon muz parchalari
Ingrar go‘yo – dardi qayg‘uning,
Nima uchun yig‘layapti u?
Muncha mungli qo‘shig‘i uning!

Cholg‘udan-chi, qo‘pol barmoqlar
Qo‘shiqqa mos bir kuy chaldimi?
Yaralmoqda musiqiy ohang,
Yo mug‘anniy bo‘lib qoldimi?

Yosh-yalanglar, murg‘ak bolalar,
Qalblarida sevgi yo‘q hali,
Qo‘l ushlashib, o‘tib borishar
Yo vaqt erta suhbatlashgali?

Sog‘inch meni quvar daladan –
Muzlab qolgan o‘tlar g‘ichirlar.
Birinchi bor qishki dengizga
Yo‘lsiz chiqdim, titrab, pichirlab.

Tong mahali sohilda turib,
Aziz yerlar, poytaxt yolqinlab –
Qolgan joyga qarayman g‘amgin,
Atrofimda faqat to‘lqinlar.

Shom oldidan qumloq sohildan
Kechki shafaq qizartgan yoqqa –
Sovuq dengiz tomon boqaman,
Ko‘zim yoshga to‘ladi jiqqa.

Qoyalarga urilar to‘lqin
Parchalanib dengizga qaytar.
To‘lqin bilan so‘lg‘in oftob ham
Tunash uchun ufqqa botar.

Ko‘rgan chog‘i quyosh botishin
Olis uyin eslamaydi kim?
Ko‘rib qolsa suvning qaytishin,
O‘ylar hayot so‘ngini balkim?!

Bu kimsasiz bo‘m-bo‘sh sohilda
Butunlayin to‘xtab qoldi vaqt.
Xo‘mrayishgan qorli bulutlar.
Suvga qulab bo‘ldilar karaxt.

Olislardan kelar to‘lqinlar,
Uriladi kelib sohilga.
Va daf’atan kutilmagan sas –
Tonggi qushcha kirdimi tilga?

Kim bo‘ldi bu tongda sayragan 
Taralmoqda yangi bir qo‘shiq?
Yo bulbulmi – o‘sha yayragan,
Kuylamoqda munchalar jo‘shib?

Yoki bahor kirib keldimi?
Garchi hali hammayoqda qor,
Nazarimda qum barxanlarda
Yashil maysa ko‘rsatar viqor.

Nahot bahor boshlangan bo‘lsa?
Ko‘rsam deyman ko‘klam tusini.
Dengizda ham hidlayman go‘yo
Gullab turgan olcha isini.

Men balandroq chiqdim qoyaga,
Keldimi deb, qarayman, bahor?
Olis ufqda turar yaltirab
Jo‘shayotgan to‘lqinlar qator.

______________
* VIII–IX asrlarda yapon she’riyatida ko‘p ishlatilgan mashhur ibora.


ILK MUHABBAT

Turar eding olma tagida
Peshonangda o‘ynar kokiling.
Unga gulli taroq taqibsan
O‘zing xuddi olmaning guli.

Oppoqqina mayin qo‘l bilan,
Menga qizil olma uzatding.
Uning qirmiz tovlanishida
Ilk muhabbat sehrini totdim.

Men nafasim ichimga yutib
Gultaroqqa tekkizdim qo‘lim.
Astagina bosdim labimni
Go‘zalliging mayiga gulim.

O‘z-o‘zidan olmalar ora
Paydo bo‘ldi kimningdir izi.
Sen bo‘lsang-chi, ayyorlik ila,
Kim keldi? – deb so‘rashing qiziq!


SUZUVCHI BULUT

Yolg‘iz boqqa chiqaman asta,
Guldan uzmay ko‘zim qirini,
Ko‘kda esa suzuvchi bulut
Menga ochar ijod sirini.


SENING QALBING

Sening qalbing chirildoq misol,
Tinmay sayrar kuz shamolida.
Maysa uzra tong yorug‘ida
Ko‘zyosh qilish bor a’molida.

Gar chiltoring bitta toriga
Qo‘lingni sal tekkizsang bormi,
Musiqaga to‘ladi qalbing
Va butunlay yozar xumorni.

Qalbing uchun buncha mayinlik
Ham sezgirlik ne uchun kerak,
Axir mening ehtirosimni
Sezmaydi u! Qayg‘ur, ey yurak!


IKKI SADO

TONG

Tong sadosin eshitdingizmi?
Uxlayotib tushlar orasi,
Sal qizargan bulutlar bilan
Taralganda chumchuqlar sasi.
Ko‘tarilib baland osmonga
Kuylar: – Sharqdan balqimoqda nur.
Tong – Ibtido hamda Vaqt erur.
Tong – Yo‘l ila Kuch-quvvat jonga.
Tong – Tuyg‘udir, So‘zdir aslida.
Tong – Muhabbat bahor faslida.
Hayot degan shan qo‘shiq bilan
Intiladi Sado ko‘k tomon,
Charx uradi nurga hamohang.
Yerga qaytgach, so‘nggi yulduzlar
Bilan kunga berkinadi Tong.

OQSHOM

Shom sadosin eshitdingizmi?
Horib-charchab, yel otlarida,
Bulutlarni beliga bog‘lab
Uchar tuman qanotlarida.
Kuni bilan tinmay bosgan yo‘l,
Shudringlardan etaklari ho‘l,
Tun bag‘ridan ko‘rshapalak-la,
Chiqqanicha do‘q qilar nuqul:
– Shom – Soyadir hamda g‘ulg‘ula,
Shom – Zimiston, hordiq bir yo‘la.
Shom – Mangulik, cheksizlik to‘la,
Shom – O‘limdir. Shu qo‘shiq bilan
Intiladi o‘t-o‘lan tomon.
Quyosh botgach, charchab batamom
Tun bag‘riga berkinadi Shom.


KUZ QO‘SHIG‘I

Kuz ham keldi, lovullar bog‘lar,
Shudringga g‘arq bo‘ldi yaproqlar.
Xazonlarni uchirar shamol,
Uzum yetmay obi-tobiga,
Do‘ndi kuzning ol sharobiga.

Kuz ham keldi. Ko‘rinib bir rov
Yashnab turgan gullar barini
Birday g‘orat ayladi qirov.
Keling, qayg‘u qadahlarini
To‘ldiraylik kuz sharobiga.

Xazonrezgi. Yuvildi changlar.
Sarxushlikdan sarg‘aydi ranglar.
Kuzda kim ham mast bo‘lmas, axir?
Qo‘y, qayg‘urma donoligim, hay!
Chal sozingni, men qo‘shiq aytay.

Ruschadan Fayzi Shohismoil tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.