Ma'lumki, inson va tabiat o‘rtasida azaliy uyg‘unlik bor. Ularni bir-biridan ajratish mumkin emas. Inson tabiatning bir bo‘lagi sifatida atrof-muhitni asrash, tabiiy muhitni himoya qilish va uning keng imkoniyatlaridan foydalanishga intilib yashaydi. Afsuski, dunyo miqyosidagi bunday "intilish" tabiatning keskin o‘zgarishiga, insoniyat hayotiga jiddiy xavf solishiga sabab bo‘lmoqda. Kutilmagan ofatlar yuz bermoqda. Bunday global tabiiy o‘zgarishlar bugun insoniyatni befarq yashashga qo‘ymayapti. Jumladan, Yer yuzidagi o‘rmonlar sahni har yili o‘n bir million gektarga qisqarib bormoqda. Yer yuzasining o‘ttiz bir million gektargacha bo‘lgan qismi «kislotali yomg‘irlar»dan zararlangan. XXI asrning ikkinchi yarmida «katta qurg‘oqchilik»larning tez-tez sodir bo‘lib turishi oqibatida cho‘llar maydoni yiliga olti million gektarga kengaymoqda. Sanoati rivojlangan Yevropa va Shimoliy Amerika mamlakatlarida minglab ko‘llar biologik jihatdan o‘lik ahvolga tushayapti. Kishilarning atrof-muhitga tazyiq o‘tkazishi, uni xudbinlarcha o‘z manfaatiga xizmat qildirishi, sanoat chiqindilarining salbiy ta'siri kuchayib borayotgani sabab, hayvonot va o‘simlik olami uchun jiddiy xavf yuzaga kelmoqda. Mutaxassislarning fikricha, Yer yuzidagi ekologik o‘zgarishlar oqibatida 2050 yilga borib atmosferadagi o‘rtacha harorat 1,5 - 4,5 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Agar shunday holat yuz bersa, asriy muzliklarning erishi, issiq o‘lkalarning sovushi va sovuq o‘lkalarning iliqlashishi kabi jiddiy tabiiy o‘zgarishlar ehtimoli oshadi. Tabiatda inson sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan metallar va ular birikmalarining yig‘ilib qolishi tufayli hozirdanoq zamondoshlarimiz tanasida ibtidoiy odamlarnikiga qaraganda kadmiy (yurak kasalligi) 70 marta, qo‘rg‘oshin (ateriskleroz va buyrak) 10, simob (asab va genetik o‘zgarishlar kasalligi) 10 marta ko‘p uchramoqda.
Umuman olganda, tabiatning jiddiy ravishda o‘zgarish jarayonlarining tezlashayotgani inson organizmi tabiiy-biologik barkamol rivojlanishiga salbiy ta'sir o‘tkazayotganidan tashqari, ongi va tafakkuri bilan bog‘liq bo‘lgan ruhiy kamolotiga ham putur yetkazayapti. Ana shu holatning o‘zi inson turmush tarzida turli o‘zgarishlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘layotir. Bu bevosita asabiylashish holatlari, ruhiyatning ozurdalanib borishi, o‘zaro munosabatlarda eng kichik masaladan tortib, yirik muammolargacha bo‘lgan holatlarda bir-birini tushunmaslik, jazavaga tushishlik kabi salbiy ko‘rinishlarning ildiz otib borishiga imkon yaratadi.
Ma'lumki, suv oziq-ovqat ishlab chiqarishda, sog‘liqni saqlashda, inson normal rivojlanishi va to‘laqonli yashashi uchun muhim manba hisoblanadi. Suv hayotning eng boy tabiiy resursi bo‘lib, u Yer sharining 70 foizdan ortiqroq maydonini egallaydi. Ma'lumotlarga qaraganda, Yer sharida mavjud bo‘lgan suvning 97 foizi okean va dengizlarda to‘plangan sho‘r suv hisoblanadi. 2 foiz qismi esa muz holatida va atigi 1 foiz qismidan ichimlik maqsadida foydalanish mumkin. Hozirgi kunda suv butun jahon miqyosida eng muhim va dolzarb masalaga aylandi. Qadimda odamzod suvning foyda keltirishini bilgan holda uni asrash va maqsadli foydalanishga ko‘p ham e'tibor bermagan. Keyingi yillarga kelib, insoniyat suvga e'tiborsizlik bilan qaralsa, u katta falokatlarga olib kelishini tushunib yetdi. Ilmiy tadqiqotlar va statistik ma'lumotlar shu darajada keng miqyosda olib borilayaptiki, ular muammo yechimini topishdan ko‘ra, insoniyatning suv va tabiatga bo‘lgan munosabatida tahlikali holatlar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Jumladan, ma'lumotlarga qaraganda, yer yuzidagi chuchuk suvlar zahirasining 70 - 90 foizi rivojlanayotgan mamlakatlar dehqonchiligiga sarflanmoqda. Bir kishining kundalik ehtiyojlarini qondirish uchun 50 litr suv kerak bo‘layapti. 1 kilogramm sholi yetishtirish uchun 3 ming litr suv ishlatilmoqda. Agar bir kishi bir yilda o‘rtacha 58 kilogramm guruch iste'mol qilayotganini hisobga olsak, naqadar hayratli darajadagi suv sarflanayotganini anglash qiyin emas. Bitta nonga yetadigan unni yetishtirish va qayta ishlash uchun esa 550 litr suv kerak bo‘lar ekan...
Ushbu raqamlardan ayon bo‘ladiki, qishloq xo‘jalik mahsulotlari, oziq-ovqat yetishtirish va maishiy xizmatda suv sarfini kamaytirishning zamonaviy texnologiyalarini yaratish fan oldida turgan muhim masalalardan biridir.
Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasidan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, 1961 yilgacha Orol dengizining umumiy maydoni 66 ming kilometr kvadrat maydonni tashkil etgan bo‘lib, undan yiliga 25-27 ming tonna qimmatbaho baliqlar tutilgan.
1984 yilga kelib esa, dengiz o‘zining sanoat ahamiyatini butunlay yo‘qotdi.
O‘sha davrda Orol bo‘yidagi qurigan yerlarda sun'iy o‘rmonzorlar tashkil etish ishlari boshlandi. Buning uchun daraxt ko‘chatlari va butalar yetishtirib beradigan 4 ta botanik xo‘jalik tashkil etildi.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston hukumatining sa'y-harakati tufayli dengizning qurigan maydonlarida Germaniya bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgan «Orol dengizining qurigan maydonlaridan foydalanish va o‘rmonchilikni tashkil etish» hamda Orolni saqlash xalqaro jamg‘armasining «Orol dengizining qurigan qismlarini o‘zlashtirish, qum ko‘chishlarining oldini oladigan (saksovul, cherkez va boshqalar) ko‘chatlarini ekish» loyihalari doirasida keng miqyosdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada qator ilmiy tadqiqotlar, tajriba almashish va yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish borasida tadbirlar amalga oshirilayapti. Natijada, so‘nggi paytlarda 250 ming gektarga yaqin maydonda yangi o‘rmonzorlar tashkil etildi.
Ayni paytda ushbu hududda ishbilarmonlar va tadbirkorlar faoliyati keng rivojlanmoqda. Kichik va o‘rta biznesni yo‘lga qo‘yish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va shu asosda aholi ijtimoiy-iqtisodiy hayotini yaxshilash borasida qator ishlar amalga oshirilayapti. Xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi bir qator xorijiy bank tizimlari va xalqaro kredit tashkilotlari orqali aholiga mikrokreditlar berishni yo‘lga qo‘ydi. Ana shu kreditlar yordamida magistral zovurlar tizimi qayta tiklanayapti, orolbo‘yi aholisi uchun toza ichimlik suvi yetkazib beradigan tizimlar yaratilmoqda.
2006 yili Qo‘ng‘irot soda zavodi ishga tushirildi. Ustyurt va Orol dengizi hududida xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda gaz va neft konlarini aniqlash hamda qazib olish ishlari jadal olib borilmoqda.
Bir necha loyihalarga muvofiq shamol erroziyasini kamaytirish, qum ko‘chkilarining oldini olish choralari ko‘rilayapti. Bu bilan sug‘oriladigan maydonlar zaharlanishining oldi olinmoqda. Ekologik vaziyatni yaxshilash orqali mahalliy aholi o‘rtasidagi turli kasalliklarni kamaytirish, dengiz atrofidagi maydonlarni qishloq xo‘jaligi uchun foydalanishga tayyorlash tufayli chorvachilikni rivojlantirish va sho‘r tuproqqa chidamli ekinlarni ekish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, Qorao‘zak tumani o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi 2006 yilning o‘zida ana shu loyiha doirasida 93 million so‘mdan ortiq hajmdagi ishni bajarib, 557 mingta saksovul ko‘chati ekdi.
Orolbo‘yi ekologik vaziyatini yaxshilash borasida GEF agentligi xalqaro tashkilotlar va jahon hamjamiyati bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
2006 yili agentlik vakillari O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi tarkibida Italiya parlamenti deputatlar palatasining Orol bo‘yi muammosiga bag‘ishlangan davra suhbatida ishtirok etdi. Uchrashuv natijasida parlament huzurida Orol muammosi bo‘yicha maxsus ishchi guruhi tuzildi. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti ham bir qator qo‘shma loyihalar doirasida faoliyat ko‘rsatayapti.
Aytish mumkinki, Orol dengizi qurishi bilan bog‘liq ekologik vaziyatni yaxshilash ishlari tizimli va ko‘p qirrali tarzda olib borilmoqda. U tufayli yuzaga kelgan tanglik yechimini topish uchun O‘zbekiston va boshqa bir qator davlatlarda aniq maqsadli loyihalar amalga oshirilayapti.
Shahina Jo‘rayeva,
"Ma'rifat" gazetasidan olindi