OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Radioning haqiqiy asoschisi kim?

XIX asr oxiri insoniyat tarixida aloqa vositalarining taraqqiyotida sezilarli siljishlar bo‘lgani bilan sharaflanadi. An'anaviy pochta aloqalari temiryo‘l va avtomobil transportining tatbiq etilishi bilan ancha jadallashdi. XIX asr birinchi choragi yutug‘i bo‘lgan elektromagnit telegraf elektr aloqasi tarixida muhim kashfiyot bo‘ldi. U 80-yillarda akustik aloqa - telefonning vujudga kelishiga olib keldi.

Biz bugungi maqolamizda elektromagnit to‘lqinlari kashfiyoti va bu borada olib borilgan ilmiy izlanishlar haqida fikr yuritib,  sohaning mashhur olimlari hayoti va ilmiy faoliyatiga alohida to‘xtalamiz.

Nemis olimi Genrix Gerts ayni sohaning peshqadam olimlaridan biri bo‘lgan. U elektromagnit to‘lqinlari mavjud ekanini tasdiqlaydigan tajribalarini 30 yosh atrofida 1886-89 yillari amalga oshiradi hamda tajribalar davomida organizmining o‘ta zo‘riqishi oqibatida ko‘p o‘tmay ko‘rish xususiyatini, so‘ngra eshitish qobiliyatini yo‘qotadi va nihoyat qon zaharlanishi oqibatida 37 yoshida vafot etadi.

Uning mashaqqatli mehnatlari Maks­vel o‘z formulalari asosida bashorat qilgan elektromagnit to‘lqinlarining mavjudligi haqidagi xulosalarni tasdiqlaydi va Gertsning nomini insoniyat tarixiga oltin harflar bilan abadiylashtirib, yozib qo‘yadi. Gerts tasdiqlagan eksperimental natijalar ko‘plab olim va ixtirochilarni ruhlantirib, XIX asr oxirlarida simsiz aloqaning vujudga kelishi uchun eng qulay shart-sharoit yaratiladi.

   A.G‘aniev va boshqalar muallifligida 2007 yili nashrdan chiqqan "Fizika" kitobining 5-betida A.Popov radioni G.Gerts tajribalaridan avval kashf qilganidek berilgan. Unda Italiya olimi Markoni umuman tilga olinmagan. Vaholanki, A.Popovning vatandoshlaridan tashqari butun dunyo olimlarining aksariyati Italiya olimi G.Markonini radioning kashfiyotchisi deb biladi va bunga ularning to‘liq asoslari bor.

Markoni 1937 yili vafot etganida jahonda mavjud bo‘lgan barcha radiostantsiyalar 2 daqiqa davomida o‘z eshittirishlarini to‘xtatib, ulug‘ inson uchun o‘z hurmatlarini bajo keltirishgan.

Markoni o‘zi kim va nima ishlar qilgan ediki butun jahon bo‘ylab bunday hurmatga sazovor bo‘lgan?..

Injener-elektrik va kashfiyotchi Gulelmo Markoni 1874 yilning 25 aprelida Bolonya (Italiya)da tug‘ilgan. U yer-suv egasi Juzeppa Markonining irlandiyalik Anni Jeymson bilan bo‘lgan nikohidan tug‘ilgan ikkinchi farzand edi. Anni Jeymson mashhur fabrikachi Endryu Jeymsonning qizi bo‘lib, ushbu familiyani Shotland viskisi etiketkalarida hozir ham ko‘rish mumkin. Livernodagi texnika o‘quv yurtiga kirgunicha Markoni Bolonya va Florentsiyada uy o‘qituvchilaridan, xususan, Livernolik professor Vinchentso Rozadan ta'lim oladi. 19 yoshida u fizikaga qiziqib, Bolon universitetida (u yerda qachonlardir Dante, Petrarka, Kopernik, Galvani o‘qigan) professor Augusta Rigining qator ma'ruzalariga qatnashib yuradi. Rigi Gerts tajribalariga birinchi e'tibor bergan inson edi. Markoni ushbu ma'ruzalarda, ayniqsa, Klark Maks­vell, Genrix Gerts, Eduard Branli, Oliver Lodja va Augusto Rigining elektr bo‘yicha bajargan izlanishlari natijalari haqidagi mavzularga ko‘proq qiziqardi. U 19 yoshida o‘zi mus­taqil ravishda Volt ustunini yasab, Faradey tajribalarini takrorlaydi va Morze kodini yodlab oladi. Markoni 1894 yili Gerts tajribalari asosida  ikki zaryadlangan metall shar oralig‘ida chaqnayotgan elektr uchqunlari davriy tebranishlarni hosil qilishi haqidagi tajribalar yozilgan maqola bilan tanishib qoladi. Shunda Markonida ushbu to‘lqinlardan foydalanib axborotlarni uzoq masofalarga simsiz uzatish g‘oyasi tug‘iladi. Hayoti oxirlaridagi esdaliklarida Markoni «Atlantika okeanining narigi qirg‘og‘idan signallar olishni o‘sha paytlardayoq oldimga maqsad qilib qo‘ygan edim», deydi. U Rigidan maslahat olib, Gerts vibratori va Branli kogereridan (to‘lqinlarni elektr tokiga aylantiruvchi Gerts to‘lqinlar detektori) foydalangan holda 20 yoshida otasining Grifon villasi tomida tajriba o‘tkazishni boshlaydi. Rigi Gerts to‘lqinlari (elektromagnit) haqida eshitar-eshitmas, Markoniga eksperimentlarni o‘tkazishda shoshilmasdan, avval nazariyani chuqur o‘rganish kerakligini ta'kidlaydi. Lekin ko‘p o‘tmay Markoni simsiz aloqani yaqin masofaga (villa tomi o‘lchamlari kattaligida), keyinchalik esa uzoq va yanayam uzoqroq masofalarga o‘rnata boshlaydi. U 1894 yilning qishini ko‘pincha ovqatlanish va dam olishni yodidan chiqargan holda tajribalar o‘tkazishga bag‘ishlaydi. 1895 yilning bahorida Markonining izlanish markazi villa tomidan bog‘iga tushadi va u otasining yer-mulkida joylashgan ko‘lmakning narigi tomonida joylashgan elektr qo‘ng‘irog‘iga signal uzatishga erishadi. U o‘z qurilmasida boshqa ixtirochilarning asbob-anjomlarini (masalan, kogerer) takomillashtirib borish natijasida signalni 1,5 mil masofaga uzatishga erishadi (signalni birinchi uzatishda erishgan masofasi 40 sm. dan oshmagan). Ushbu natijaga erishish uchun u telegraf kalitini uzatkich zanjiriga ulaydi, vibratorni esa yerga ulab, uning bir simini yerdan ancha balandda joylashtirilgan metall plas­tinkaga tutashtiradi. Otasi uning bu izlanishlarini ma'qullamaydi va takomillashayotgan qurilmaning qimmatbaho uskunalarini sotib olish uchun mablag‘ bermaydi. Markoni o‘sha paytlarda tajribalarni o‘tkazish uchun qurilmalar xarajatlarini o‘zining kiyimlarini sotish orqali qoplashga majbur bo‘lgan. Shu yili sentyabr oyi­ning oxirlarida signal yetkazuvchi to‘lqinlar to‘siq bo‘lib turgan tepalikni ham oshib o‘tadi. Bu tarix uchun unutilmas voqea bo‘ladi. Chunki shu voqea bilan Gulelmo Markoni radioni ixtiro qilgan edi. Ammo Italiya hukumati Markoni tajribalariga qiziqish bildirmaydi. Chunki u o‘z ixtirosini Italiya pochta va telegraf vazirligiga taklif etgan, lekin ular kashfiyotchini tushunishni istashmaydi. Shundan so‘ng Markoni 1896 yili Angliyaga jo‘nab ketadi. Biroq Angliyaga kirishda bojxona xodimlari Markonining qurilmasini buzib, sindirib tashlashadi. Lekin u tushkunlikka tushmay, tezlik bilan qurilmasini qaytadan yig‘ishga va  Londondagi boshpochtamt binosida uni namoyish etib, ushbu bino tomidan Morze alifbosidan foydalangan holda 2 mil masofada joylashgan boshqa binoga signal yuborishga erishadi va Pochta muassasasi hamda harbiy flot boshqarmasini qiziqtira oladi. Ular ixtironi foydali deb topishib, Markonining ixtiyoriga butun boshli laboratoriyani topshirib qo‘yishadi. Markoni shu asnoda 1896 yilning iyun oyida amakivachchasi Genri Jeyms yordamida o‘zining birinchi radiotelegrafiya patentini olish uchun talabnomani tuzadi va 1897 yilning 2 iyulida "Elektr impulslari va signallarini uzatish va buning uchun qurilmalarni takomillashtirish" patentini olishga erishadi. Shu kezlari Italiya hukumati uni harbiy xizmatga chorlab qoladi. Markoni Italiyaning Angliyadagi elchixonasi qoshidagi harbiy-dengiz flotida o‘quv yurtining tinglovchisi sifatida xizmat qilib, o‘z izlanishlarini shijoat bilan davom ettiradi hamda Bristol qo‘ltig‘i ustidan 9 mil masofaga signal uzatishga erishadi. Shu yilning iyul oyida Markoni va uning bir necha hamkori "Simsiz telegraf va signallar kompaniyasi"ni tuzishadi. Ushbu kompaniya Angliya qirg‘oqlari bo‘ylab suzib yuruvchi kemalar hamda yer usti mayoqlariga o‘z qurilmalarini joylashtirish bilan shug‘ullanadi.

Markoni izlanishlari davomida signallarni uzatish uzoqligi antennalarning soni va uzunligiga bog‘liq ekanini aniqlaydi. La-Mansh bo‘g‘ozi orqali 28 mil masofaga signalni uzatish uchun u har birining balandligi 150 futli antennalar to‘pidan foydalanadi. Tajribalar o‘tkazish bilan bir qatorda Markoni olimlar, jurnalistlar ishtirokida ko‘p  konferentsiyalar tashkil etib, vazirlar, hatto qirol bilan uchrashishga muyassar bo‘ladi. 1900 yilning oxirlariga kelib Markoni signallarni uzatish uzoqligini 150 milgacha uzaytirishni uddalagan. U 1901 yili Angliya qir­g‘oqlaridagi oralig‘i 186 mil bo‘lgan punktlar o‘rtasida simsiz bog‘lanish o‘rnatgan. Shu yilning oxirida Nyu-Faundlend orolida (Kanada) joylashgan Sent-Jonda turib Buyuk Britaniyadagi Kornuolladan Atlantika okeani bo‘ylab yuborilgan signalni qabul qilgan. Bu birinchi transatlantik signal bo‘lib, u 2100 mil masofani bosib o‘tgan edi. Ushbu tajriba ko‘pgina skeptik-fiziklarning, yer sirtining egriligi natijasida elektromagnit to‘lqinlar 300 km.dan ortiq masofaga bormaydi, degan qarashlarini chippakka chiqaradi. 1902 yili Markoni Atlantika okeani bo‘ylab g‘arbdan sharq­qa birinchi simsiz signal yuboradi. 1905 yili u yo‘naltirilgan signallarni uzatish patentini oladi. 1907 yili birinchi transatlantik simsiz aloqa xizmatini ochadi. 1912 yili esa uzatilayotgan to‘lqinlar generatsiyasini vaqt bo‘yicha boshqaradigan takomillashgan uchqun sistemasi uchun patent oladi. Radioto‘lqinlarning birinchi amalda qo‘llanishi dengizda emas, balki daryoda ro‘y beradi: 1898 yili Markoni Dublinning "Deyli ekspress" gazetasiga grebli regat bo‘yicha musobaqalar natijalarini o‘z qurilmasi yordamida uzatadi va shundan keyin  uning kompaniyasi aktsiyalari bahosi ko‘tarilib ketadi. Keyingi yilning mart oyida Saut-Forlanddagi mayoq sayoz joyga o‘tirib qolgan kemadan «markonigramma» oladi - shunday qilib, radio birinchi marotaba odamlarni halokatdan qutqaradi. 1903 yili 50 ta kema, 1905 yili esa 80 ta kema radiouzatgichlar bilan jihozlandi.  Bularning barchasi so‘zsiz radio edi. Tinglovchilar uchun radio davri radiosignallarni modulyatsiyalaydigan vakuum trubkasi ixtiro etilgandan so‘ng boshlandi. 1906 yilning 24 dekabrida professor Rejinald Fessenning AQShdagi uyida tarixdagi birinchi ovozli radiouzatish ro‘y beradi. Bunda u Rojdestvo bayrami munosabati bilan Gunoning "Ey muqaddas kun" kuyini skripkada o‘zi ijro etadi hamda Yevangeliyaning Luki bobidan parchalar o‘qib beradi. Keyinchalik 1912 yili "Titanik" "SOS" signalini yuborganida radio ko‘plab odamlarni halokatdan asrab qolgan. Markoni va nemis fizigi M.Braunga (Markonining ixtirosini takomillashtirgani uchun) 1909 yili  simsiz telegrafni rivojlantirishdagi xizmatlari uchun Nobel mukofoti topshiriladi. Birinchi jahon urushi davrida Markoni qator harbiy missiyalarni bajarib, Italiya harbiy-dengiz floti qo‘mondoni darajasiga yetadi. U Italiya qurolli kuchlari hojati uchun telegraf dasturining bajarilishini boshqaradi. 1919 yili uni Parijda bo‘lib o‘tgan tinchlik konferentsiyasiga Italiyaning muxtor vakili qilib tayinlashgan. Olim Italiya nomidan Avstriya va Bolgariya bilan bo‘lgan shartnomalarni imzolagan. Markoni o‘zining bug‘li "Elettra" yaxtasini uy, laboratoriya va ish kabinetiga aylantirib, 1921 yili qisqa to‘lqinli telegrafni jadal o‘rgana boshlaydi. 1927 yili Markoni kompaniyasi qisqa to‘lqinli kommertsiya telegraf aloqalarining xalqaro tarmog‘ini ochadi. 1931 yili u ultraqisqa to‘lqinlarni o‘rganadi va keyingi yili birinchi radiotelefon ult­raqisqa to‘lqin aloqasini o‘rnatadi. 1934 yili olim ultra qisqa to‘lqin telegrafining ochiq dengiz navigatsiyasidagi istiqbolini namoyish qiladi.

Markoni qator muvaffaqiyatlari uchun Franklin institutining Frank­lin medali va Londondagi qirollik san'at jamiyatining Albert medali bilan taqdirlangan. Nobel mukofoti olgan yiliyoq Italiya qiroli uni senator qilib tayinlaydi va 1929 yili ajdoddan avlodga o‘tuvchi markiz unvoni hamda Italiya tojining katta xoch ordeni bilan taqdirlaydi. 1930 yili Italiya qirolligi akademiyasining prezidenti qilib saylangan Markoni umrining oxirini ushbu yurt ilm-fan rivojiga bag‘ishlab, u yerda elektromagnit to‘lqinlarining tibbiyotga tatbiqi (markoniterapiya) bilan shug‘ullanadi.  

Albatta, Markoni simsiz aloqa o‘rnatish va uni takomillashtirish yo‘lida o‘zi tanho emas edi. Bu haqda keyingi sonlarda o‘qiysiz.

Radiotexnika ravnaqida Amerikaning Nyu-Jersi shahrida 1847 yili tug‘ilgan Tomas Alva Edisonning 1889 yili kashf etib, Edison effekti deb atalgan termoion emissiyasi va elektron emissiyasi hodisalari hamda amerikalik olimlar Flemingom va Lide-Forest tomonidan radiolampalarning kashf qilinishi ham muhim rol o‘ynagan. Elektromagnit to‘lqinlarini uzatish bo‘yicha birinchi patent Edisonga tegishli bo‘lgan.

   Asli nasli serblardan bo‘lgan, zamonamizning eng sirli odamlaridan biri amerikalik injener Nikola Teslagina (1856-1943) (Nobel mukofotini olishdan voz kechgan tanho olim!) o‘z ixtirolari soni bo‘yicha Edison bilan bahslashishi mumkin. Bu ikki olimning har biri 300 (3000 ga yaqin degan qarashlar ham bor) ixtiro patentiga ega bo‘lgan.  Tesla va Edison birga ishlagan paytlari ham bo‘lib, keyinchalik ajralib ketishgan. Edisonni fanning moddiy foyda olish mumkin bo‘lgan qirralari qiziqtirsa, Teslaning e'tiborini yechimi qiyin bo‘lgan muammolar tortgan. 1891 yili Tesla olis masofalarga simsiz elektr energiyasini uzatish imkoniyatiga ega bo‘lgan "rezonans-transformator" deb nomlanuvchi qurilmani yasaydi. (1908 yilgi Tungus fojiasini Teslaning ushbu qurilmasiga bog‘lash hali-hanuz davom etmoqda). U amplitudasi bir necha million volt kuchlanishga ega yuqori chastotali avtogenerator bo‘lgan. Tesla ish chastotasi va foydali signallar kattaligi bilan farqlanuvchi generatorlarning bir necha variantini taklif qilgan. U "rezonans - transformator"da hosil bo‘luvchi elektromagnit tebranishlari orqali simsiz telegrafni joriy qilish mumkinligini bilgan bo‘lsa-da, o‘z qurilmasini birinchi nav­batda simsiz aloqada ishlatishni istamagan. Balki katta masofalarga chastotasi yuzlab kilogerts bo‘lgan elektroenergiyani uzatishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Tesla 1897 yilning sentyabrida  hujumdagi suzuvchi qurilmani masofadan bosh­qarish uchun (masalan, torpedo) qabul qiluvchi va uzatuvchi qurilma patentini  rasmiylashtirgan. Ko‘p o‘tmay, uni amalda namoyish ham etgan. Agar barcha ikir-chikirlari yaxshilab o‘rganib chiqilsa, radiotexnika fan sifatida N.Teslaning izlanishlaridan so‘ng ro‘yobga chiqqanini bilish mumkin. Shu paytgacha radioqurilmalarning ulkan majmualari uchun generatorlar va to‘lqinli radiouzatgichlar ham Teslaning ilmiy qarashlariga asoslangan.

Radiotexnika taraqqiyoti va tarqalishi hamda radio ixtirosida kim birinchi bo‘lgani sud ishlarida ko‘p bora bahs etilgan. 1915 yili AQSh Federal sudi bu sohadagi hamma ishlarda Markonining birinchi ekanini e'tirof etib hukm chiqargan, lekin 1943 yili - Markoni bu olamni tark etib ketganidan 6 yil o‘tgach, AQSh Oliy sudi Markonining ko‘pgina asosiy patentlarini chippakka chiqarib, N.Teslaning birinchi ekanini e'tirof etgan. Biz bunga xolis baho berishda 1943 yili ikkinchi jahon urushi davri bo‘lib, Markoni Italiya fuqarosi ekanini hamda AQSh va Italiya o‘rtasida o‘sha paytda urush ketayotganini e'tibordan chetda qoldirmasligimiz kerak.

Radio to‘lqinlari sohasining yana bir zabardast olimi Ernest Rezerforddir. Rezerford Yangi Zelandiyada yashab yurgan yillari yuqori chastotali razryadlar orqali temirni magnitlash hodisasini o‘rganib, o‘z izlanishlari natijasini "Yangi Zelandiya instituti maqolalari to‘plami"da  1894 yili chop ettirgan. U Kembrijga o‘tganidan so‘ng izlanishlarini davom ettirib, elektr tebranishlari ta'sirida po‘lat sterjen magnitlanishining susayishini aniqlaydi va ushbu effektdan elektr to‘lqinlarini detektorlashda foydalanishni taklif qiladi. Rezerfordning "Elektr to‘lqinlarining magnit detektori va uning ba'zi tatbiqlari" nomli maqolasi 1897 yili bosmadan chiqadi. U ushbu maqolasida elektromagnit to‘lqinlarini katta masofalarda aniqlash uchun detektordan foydalanishni taklif qiladi.

Ushbu maqolasi bosilib chiqqach, Rezerford Markoni olgan natijalar bilan tanishib qoladi hamda o‘z detektori bilan boshlagan tajribalarini to‘xtatib, radioaktivlikni o‘rganishga kirishadi. Natijada u atom yadrosi va birinchi yadro reaktsiyalarini kashf qilib, Nobel mukofotiga sazovor bo‘ladi.

   Zamonaviy radio ixtirosida muhim o‘ringa ega bo‘lgan yana bir olim rossiyalik muhandis Aleksandr Stepanovich Popovdir. U 1859 yilning 16 martida Uraldagi Turin koni posyolkasida ruhoniy oilasida dunyoga kelgan. 1877 yili Perm ruhoniy seminariyasini tugatib, Peterburg universitetining fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kirgan. Popov kogerer haqida ma'lumotga ega bo‘lganidan keyin masofaga simsiz signal uzatish qurilmasi ustida ishlay boshlaydi. A.Popovning tirikchiligi harbiy flot bilan bog‘liq bo‘lgan. 1901 yili Rossiyaning "General-admiral Apraksin" bronenosetsi sayoz joyga o‘tirib qolganida uning rahbarligida ikki radiostantsiyaning ishlatilgani haqida ma'lumot bor, lekin bu radiostantsiyalarning ishlash tamoyili butkul Popov ixtirosiga asoslanganmi yoki Markonining jahon bo‘ylab keng tarqalgan qurilmalariga suyanganmi, bunisi noma'lum. Lekin o‘shanda A.Popov mukofot bilan taqdirlangani rost. A. Popov tomonidan birinchi radiogrammaning uzatilishi sanalari haqida ham noaniqlik mavjud. Ayrimlar uni 1896 yilning bahori edi desa, boshqalar 1897 yilning oxirgi oylarini aytishadi. Ikki xil fikrdagilar soni ko‘p bo‘lgani sababli ushbu muhim masala hal etilmasdan qolgan. Rus fizika-kimyo jamiyatining 1896 yil 7 may (eski sana bilan 24 aprel)dagi majlisi protokolida "A.S.Popov Gerts tajribalarini demonstratsiya qilish uchun qurilmalarni namoyish etyapti", deb yozib qo‘yilgan, xolos. Albatta, bunday to‘kis bo‘lmagan ta'rifdan (buni ba'zi birovlar Popovning ishi Dengiz harbiy muassasasi tomonidan sir saqlangan, deb ham talqin qilishadi), sababi qanday bo‘lishidan qat'i nazar, A.Popov tarixda birinchi radiogrammani yuborgan odam, degan xulosani chiqarib bo‘lmaydi.

Popov hamda Markoni o‘rtasida birinchilikni talashish uchun raqobat bo‘lmagan, balki o‘z paytida Markoni firmasi boshqa mutaxassislar qatori rus olimini ham hamkorlikka taklif etgani ma'lum. Markonining izlanishlari haqida ma'lumotlar matbuotda ko‘payib qolgach, "Kotlin" gazetasining 1897 yil 20 yanvar sonidagi maqolani Popov go‘yo o‘zining birinchiligini himoya qilish uchun yozgan, degan qarashlar ham bor. Lekin Popov izlanishlarini nashr qilishga shoshmay, balki asosan dengiz zobitlari va olimlariga axborot berish bilan qanoatlangan. Balki u o‘z kashfiyotining jahonshumul ahamiyatini Markonichalik o‘z vaqtida sezmagandir? Chunki Popov ixtirosini hech qachon va hech qaerda patentlamagan. Ixtirosini takomillashtirishdagi va amaliyotga tatbiqi uchun harakati o‘ta sust bo‘lgan. Hukumat uning ixtirosini qo‘llab-quvvatlamagan. Markonining muvaffaqiyatlari oldida Popov erishgan yutuqlar u darajada ta'sirchan ko‘rinmaydi. Boshqacha bo‘lishini kutish ham mushkul edi. Chunki Popovning tajribalar o‘tkazish uchun mablag‘ so‘rab qilgan iltimosnomasiga dengiz vaziri "Bunday xomxayollarga pul ajratishga ruxsat bermayman", deb imzo chekkan. Popov Markoni kabi kurashuvchan tabiatga ega bo‘lmagan, balki o‘z ixtirosini ilgari surishda o‘ta vazmin edi. (Adolatli bo‘lish uchun aytish kerakki, boshqa davlat muassasalari ham ushbu yangilikka bundan yaxshiroq qarashmagan. Masalan, Ernest Rezerford o‘zining yoshligida simsiz signal uzatish bilan shug‘ullangan kezlari o‘z izlanishlarini davom ettirish uchun hukumatdan bir pens ham undira olmagan. Bunga faqat o‘ta uddaburon, shijoatli va mislsiz g‘ayrat egasi Markonigina erishgan). Keyinchalik vaziyatni anglagan vazir Popov ixtirosini qo‘llash uchun mablag‘ ajratgach, 1898 yili frantsiyalik tadbirkor Dyukrete juda katta xarajat hisobiga "Popov-Dyukrete" radiostantsiyasini yo‘lga qo‘ygan. Lekin Popov Markoni egallagan yutuqlar ketidan quvib yeta olmaydi, chunki Markoni juda ham ilgarilab ketgan edi. "Popov-Dyukrete" radiostantsiyasi 1900 yili Parijda o‘tgan jahon ko‘rgazmasi oltin medalni oladi. 1904-1905 yillardagi rus-yapon urushida Rossiya kemalarining radiostantsiyalar bilan o‘ta yomon jihozlangani ushbu urushda rus dengizchilarining mag‘lubiyatiga asosiy sabab bo‘ladi va shuning natijasi bo‘lsa kerak, "Popov-Dyukrete" radiostantsiyalarini ishlab chiqarish 1906 yili to‘xtatiladi. Popov dengizchilar bilan 1901 yili Peterburg elektrotexnika instituti fizika kafedrasi professori bo‘lgunicha ishlagan. 1902 yili Markoni tushgan kema Kronshtadga kelganida Popov ushbu kemaga borib, Markoni bilan uchrashadi. Ushbu uchrashuvda «Kim birinchi?» degan masala umuman ko‘rilmagan, balki unda ikki olimning ilmiy mavzudagi samarali suhbati bo‘lib o‘tgan. 1905 yil Popov institutning direktori qilib saylanadi. U 1906 yilning 13 yanvarida vazirning navbatdagi kamsitishi va haqoratlari ta'sirida miyasiga qon quyulib, jon beradi. Shu tariqa jaholat insoniyatni yirik olimdan bevaqt ajratgan edi. Uning dafn marosimi ham Markoni bilan vidolashuvdagi tantanalar kabi ulug‘vor bo‘lmay, balki achinarli tusda o‘tkaziladi.

   Radioning kashf bo‘lishi Maksvell nazariyasining haqqoniyligini amaliyotda yana bir bor tasdiqladi. Maksvell nazariyasi fiziklar oldiga qator jiddiy va chuqur jumboqlarni qo‘ygani va ular yechimining topilishi fizika tarixida yangi inqilobiy davr­ni ochib berdi. 

Chet elda birinchi muntazam radiostantsiya 1920 yil 2 noyabrda Pitsburg (AQSh)da ishga tushirilgan. G‘arbiy Yevropada dastlabki radiostantsiyalar 1922 yili London va Parijda ishlay boshladi. 1923 yili Germaniya, Belgiya, Chexoslovakiyada, 1924-26 yillarda yana 14 mamlakatda, jumladan, Vengriya, Polsha, Yugoslaviya, Yaponiyada, 1927 yili Ruminiyada, 1929 yili Bolgariyada radiostantsiyalar ishga tushdi. Sobiq ittifoqda radio karnayi orqali 1922 yili Nijgorod shahrida Bonch-Burevich rahbarligida matnlar o‘qib beriladi va radiokontsertlar uzatiladi. 1924 yil 23 noyabrda radiogazetaning birinchi soni o‘qib eshittiriladi. 1925 yili efirda birinchi marta Moskva qizil maydonidan Oktyabr tantanalariga bag‘ishlangan reportaj olib eshittiriladi, birin-ketin boshqa dasturlar paydo bo‘ladi.

Toshkentda muntazam radioeshittirishlari boshlanganiga 80 yil bo‘ldi.O‘zbekistonda tajriba tariqasida dastlabki radioeshittirishlar 1926 yili Toshkent radiostantsiyasidan berildi. 1927 yilning 11 fevralida Toshkentda 2 kvt quvvatli ommaviy radiostantsiya ishga tushirilib, muntazam radioeshittirishlar olib boriladi. 1929 yili shu radiostantsiya orqali dastlabki radiogazetalar berila boshladi. 1930 yili Toshkentda 20 kvt quvvatli «RV-11» radiostantsiyasi ishga tushadi. Uning eshittirishlari O‘rta Osiyoning eng uzoq joylari - Pomir, Xorazm, Qoraqalpog‘istongacha yetib boradi. Radiostantsiyalarni musiqali eshittirishlar bilan muntazam ta'minlash maqsadida 1927 yilda xalq cholg‘u ansambli tuziladi. Keyinchalik uning asosida maqom ansambli tashkil topadi. Radioeshittirishlarning shakl­lari kengayib, mavzusi boyib boradi. O‘sha yillarda Safo Mug‘anniy, Mulla To‘ychi Toshmuhammedov, Domla Halim Ibodov, Muhiddin Qori Yoqubov, Hoji Abdulaziz Rasulov, Tamaraxonim, Halima Nosirova, Rizqi va Yunus Rajabiy, Imomjon Ikromov kabi mashhur hofizlar, usta sozandalar radioeshittirishda faol ishtirok etishgan. Urush yillari Hamid Olimjon, Oybek, G‘afur G‘ulom, Shayxzoda, Uyg‘un hamda bosh­qa yozuvchi va shoirlar O‘zbekiston radiosi eshittirishlarida bir necha bor ishtirok etishgan...

Mansurxon Toirov, 
fizika-matematika fanlari doktori, professor
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.