Movarounnahr va Xurosonda madaniyat, adabiyot, xalq xo‘jaligi sohalarining turli tarmoqlarida Sohibqiron Amir Temur hazratlari olib borgan olamshumul obodonchiliklarni juda ko‘p gapiramiz. Bobokalonimizning farmoyishlari bilan qurilgan muhtasham binoyu madrasalar, karvon yo‘llariyu katta-katta ko‘priklar, madaniy-maishiy obidalar hamda ko‘plab shaharlarda ul zotdan yodgorlik bo‘lib qolgan bog‘u rog‘lar haqida adiblarimiz, salohiyatli yozuvchiyu olimlarimiz o‘z asarlarida hikoya qilganlar. Sohibqiron hazratlarining bunyodkorlik yo‘lida qilgan ishlari uning avlodlariga an'ana bo‘lib qoldi. Bu an'anadan buyuk vatandoshimiz Zahiriddin Muhammad Bobur ham chetda qolmagan. Bobur vafotidan keyin qariyb besh asr vaqt o‘tishiga qaramay, Boburshoh hazratlari va uning avlodlaridan qolgan tarixiy va madaniy meros hanuzgacha jahon xalqlarini hayratga solib kelmoqda.
Bobur hazratlarining qadamlari yetgan joyda, albatta, bitta iz qolgan. Shulardan biri Afg‘oniston poytaxti Kobul shahrida bunyod etilgan ajoyib, tarovati betakror bog‘ - «Bog‘i Bobur»dir.
Bobur Kobulga qadam ranjida qilar ekan, bu yerning ob-havosi, iqlimi, bepoyon yaylovlari, shifobaxsh suvlari ul zotni hayratda qoldirgani «Boburnoma» asarida takror-takror qayd qilingan. Mazkur bog‘dagi yetti iqlimdan keltirilgan anvoyi gullar, mevali va manzarali daraxtlar hanuzgacha poytaxt shaharning ko‘rki bo‘lib hisoblanadi. Hozirgi kunda «Bog‘i Bobur» sayilgoh bo‘lib, davlat, jamoatchilik tomonidan o‘tkaziladigan ommaviy anjumanlar markaziga aylangan. Boburshoh hayotlik davrida «Bog‘i Istolib», «Bog‘i Navro‘ziy», «Bo‘stonsaroy», «Chorbog‘», «Bog‘i Behishtiy», «Bog‘i Nur», «Bog‘i Xilvat» kabi ajoyib, betakror bog‘larni bunyod etgan. Shunisi ajablanarliki, Kobulning iqlim sharoitidan kelib chiqib, bu bog‘larda anvoyi gullar, mevali va manzarali daraxtlar qisman takrorlangan bo‘lsa-da, ammo ayrim jihatlari bilan keskin farq qilgan. Ya'ni, bog‘larning biri aksariyat mevali daraxtlardan tashkil topsa, boshqasi anvoyi gullar bilan bezatilgan. Shuningdek, bu bog‘larga Movarounnahrdan Quvaning tuyatish anori, Baxmalning qirmizi olmasi, Konibodomning obinovvot o‘rigi, Oltiariqning husayni uzumi, Samarqandning anjiri keltirib o‘tqazilgan. Bunday bog‘larning jumlasiga «Bog‘i Shahraro» (keyinchalik bu bog‘ning nomi boburiyzoda Nuriddin Jahongirshoh (1605-1625 y.) tomonidan «Bog‘u ilmu Ganja» - Ganj ilmi bog‘i deb o‘zgartirilgan), «Bog‘i Jilovxona», «O‘rtabog‘», «Bog‘i Sur'at», «Bog‘i Mohtob»larni misol keltirishimiz mumkin. Afsuski, bu bog‘larning aksariyati hozirgi kunda yozma manbalardagina qolgan.
«Bog‘i Bobur»ning tog‘ yon bag‘riga tutashgan sharq tarafida, ul zotning farmoniga muvofiq, 1508 yilda «Taxti Bobur» ko‘shki qurilgan bo‘lib, u yerdagi taroshlangan toshlarga quyidagi jumla o‘yib yozilgan: «Taxtgohi olampanoh Zahiriddin Muhammad Bobur ibni Umarshayx Ko‘ragon halladulloyi mulki fis sana 887 hijriy» (Mazmuni: Zahiriddin Muhammad Bobur ibni Umarshayx Ko‘ragon olampanoh taxti mulki sanasi 887 hijriy yil).
Bundan tashqari, Kobuldagi «Baloisor» qasri ham Boburshoh tomonidan qurilgan bo‘lib, keyinchalik uning o‘g‘li Mirzo Komron tomonidan ta'mirlangan, hozirgi kungacha uning xarobalari yetib kelgan, xolos. Valiahd shahzoda Mirzo Humoyun Nasriddin 1508 yilda ana shu qasrda tavallud topganligi tarixiy hujjatlarda qayd etilgan. Jalolobod shahri ham shaxsan Boburshohning tashabbusi bilan «Bog‘i Safo» bilan bezatilgan. Boburshoh 1508 yilda vali'ahd farzand tug‘ilishi sharafiga Odinapur shahrida «Bog‘i Vafo» deb nomlangan bog‘ni bunyod qilganlar. Bu bog‘dagi gullar, mevali va manzarali daraxtlar, asosan, Movaraunnahrdan keltirilgan bo‘lib, ul zot bu haqda «ona yurtimni eslatib tursin deb niyat qildim» degan ekanlar. Boburshoh har galgi safari oldidan ana shu bog‘da ziyofatlar, harbiy harakatlarga tayyorgarlik yuzasidan mashvaratlar o‘tkazgan. Boburshoh 1506 yilda Kandaxor shahrida «Chorbog‘i Kandahori», undan so‘ng shu manzilda «Bog‘i Chorbog‘» bog‘ini bunyod qilganlar. Bu bog‘ Arganbob daryosining qirg‘og‘ida joylashgan bo‘lib, hanuzgacha go‘zalligi, tarovati bilan barchani o‘ziga mahliyo qilib keladi.
Kandahor shahrida saksonta sangtarosh to‘qqiz yil toshlarga ishlov berib, «Qirq zina» ansamblini barpo etgan. Bu toshlarga Boburshoh va uning zurriyodlari Mirzo Humoyun, Mirzo Komron, Mirzo Askariy, Mirzo Hindollarning ismlari o‘yib yozilgan. 1542 yili Akbarshoh tavallud topishi bilan, Mirzo Humoyunning amriga muvofiq, uning ismi ham qo‘shib o‘ydirilgan.
1598 yilda Akbarshoh bu toshlarga qo‘shimcha ravishda o‘z farzandlarining ismlarini yozdirgan.
Bobur Kobulda umrguzaronlik qilgan davr shaharning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etgan. Afg‘onistonning atoqli olimi Ustod Ali Ahmadi Ko‘hzod «Baloisori Kobul va uning tarixiy oqimlari» nomli tarixiy asarida Bobur va Kobul shahri to‘g‘risida quyidagi jumlani keltiradi: «Kobulda Boburning ezgu-niyatlari amalga oshdi va Kobulga mehr-muhabbati tushdi, shu nuqtai-nazardan bu maskanni obod, ko‘rkam bo‘lishiga hech qanday mehnat va mablag‘larni ayamadi. Shuning uchun poytaxtni va o‘z qo‘li bilan yaratgan bog‘ni hech qaysi bir farzandiga meros sifatida qoldirmadi, shahar va bog‘ abadiy uning tasarrufida ekanligini takror-takror ta'kidlab ketdi».
Hindistonning Agra shahrida Bobur vafotidan oldin farzandlariga o‘z hokini Kobulda, o‘zi yaratgan bog‘da dafn etishni vasiyat qildi. Bu uning Kobulga bo‘lgan hurmati, mehr-muhabbatini isbotlovchi dalillaridan biridir. Boburshohning jasadini valiahd amirzoda Mirzo Humoyun fillar karvonida Kobulga keltirib, o‘zi vasiyat qilgan boqqa dafn qildi. Movarounnahrlik me'morlar Bobur qabriga sag‘ana, ustiga ko‘shk ayvon bunyod etishdi. Mirzo Humoyun Kobul daryosidan boqqa suv keltirish inshootlarini qurdirib, olampanoh hoki dafn etilgan tepalikka suv chiqardi va bog‘dagi daraxt, gullarni o‘z oqimi bilan sug‘orilishiga imkon yaratdi.
Bobur bog‘i o‘z nomi bilan shu kungacha jahonga mashhur. Boburning qabri bir necha marta ta'mirlangan. Birinchi da'fa Shoh Jahon buyuk bobolari dafn etilgan sag‘ana va masjidni, bog‘ni qaytadan ta'mirlab, sayyohlar ziyorat qiladigan maskanga aylantirgan.
Dunyoning barcha qit'alaridan bu tabarruk qadamjoga tashrif buyurgan davlat rahbarlari, olimu fuzalolar, oddiy sayohlar ushbu dargohni ziyorat qilmasdan, donishmand olim, sulton Zahiriddin Muhammad Boburga ta'zim bajo etmasdan ketmaydilar.
Boburning bunyodkorlik faoliyati ham huddi Sohibqiron Amir Temur kabi farzandlarga me'ros bo‘lib qoldi.
Asrlardan beri butun jahon ahlini lol qoldirib kelayotgan Lal Qal'adagi Toj Mahal yodgorligi Shoh Jahon davrida qurilgan bo‘lib, bunga 28 yil Movarounnahr va Xurosonning eng atoqli minglab usta-me'morlarining xizmatlari singgan. Ushbu binoda barcha maqsadlarga mo‘ljallangan qurilmalar bo‘lib, uning ichidagi hammom alohida o‘rinni egallaydi. o‘aroyib tomoni shundaki, hammom bitta sham bilan isitilgan. Olimlar bu sirni ochish uchun ko‘p yillar mobaynida tahlil o‘tkazib, hammom qozonxonasining tepa qismi, atrofi, devorlari simmetrik ravishda bo‘lgan yorug‘likni o‘ziga qabul qilib, uni issiqlik energiyasiga aylantirib beradigan kuchli quvvatga ega bo‘lgan oynavand linza moslamalaridan tashkil topganligini, linzalarning joylashtirilishidagi mutanosiblik hatto bir millimetrga ham farq qilmasligini aniqlaganlar. O'rug‘lik to‘qqiz karra bo‘yicha sinib tushib, geometrik progressiya shaklida to‘qqiz marta to‘qqiz karra to‘qqizga ko‘paytirish quvvatiga ega bo‘lgan, bitta shamning yorug‘ligi natijasida 80-1000 S issiqlik darajasini bergan.
Inglizlar Hindistonni istilo qilgan davrlarda bu sirni ochish maqsadida ushbu oynalarni va g‘ishtlarni alohida-alohida ajratib olganlar, natijada qayta joyiga qo‘yilganda isitish quvvati yo‘qolgan va o‘z xoliga qaytmagan.
Boburiylar zamonida Lal Qal'ada podshohlar oilasi taom yeydigan maxsus oshxona bo‘lgan. Taom tayyorlash, dasturxonga tortish va iste'mol qilish o‘ziga xos usulda amalga oshirilganligi haqida ham ajoyib ma'luomtlar bor. Boburshoh hazratlari va ul zotning zurriyodlari hindlarning urf-odatlariga ehtirom bilan qaragan holda, mahalliy xalq uchun muqaddas bo‘lgan qoramol go‘shti va boshqa ibodatga kiritilgan o‘simliklardan taom tayyorlashni ta'qiqlaganlar, bu esa boburiyzodalarga nisbatan hind xalqining hurmatini oshirgan.
Taomni forsiyzabon oshpaz qizu ayollar pishirgan, dasturxonga tortish vazifasi hind qizlariga topshirilgan. Podshoh oilasi dasturxonidagi har bir taomlarni oldin turkiy qizlar tatib ko‘rgan. Bu bilan Boburshoh o‘z tasarrufidagi barcha millatlarga hurmat-ehtiromini bildirgan. Bu hislat Zahiriddin Muhammad Bobur hazratlaridan avlodlariga meros sifatida o‘tib kelganligini saroy yozuvchilari bir necha bor o‘z asarlarida ta'kidlab o‘tganlar.
Abdullo Olim,
“Ma’rifat” gazetasidan olindi