Ba'zi-ba'zida quloqqa chalinib qoluvchi gaplar orasida ilm manbai bo‘lmish kitob mutolaasi bilan bog‘liq so‘zlarni ham eshitamiz. Necha asrlar osha zamonlar zalvorini ajdoddan avlodga yetkazayotgan, insoniyatni buyuk tamaddunlarga yetaklayotgan va uning shon-shuhratini o‘zida abadul-abad muhrlab kelayotgan kitoblarga nisbatan odamzotning bunday sust munosabati, albatta, aksariyat ziyoli kishilarni tashvishlantirmay qo‘ymaydi. Fan-texnika, avtomatika, informatika kabi sohalarning jadal taraqqiy etishi zamirida kitob mutolaasiga bo‘lgan ehtiyojning susayishini ayrimlar tabiiy hol tarzida qabul qilishadi, ular kitob insonga hamisha ham tirgak bo‘lolmasligi, u qachondir o‘z o‘rnini o‘zidan mukammalroq vositaga bo‘shatib berishi lozimligini va o‘sha "voris" mavjudligini ta'kidlab tolmaydi. Yana ayrim toifadagilar esa kitobdan voz kechishning iloji yo‘qligi, madaniyat, tarix va xayolot olamiga sayohat qilishda undan yaxshiroq manbani topib bo‘lmasligiga alohida urg‘u beradi. Bizningcha ham kitob hech qachon zamon va makon maslagiga, zayliga bosh egmaydi.
Quyida aziz gazetxonlarni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlaridagi eng yirik va qadimiy kutubxonalar bilan yaqindan tanishtirishga harakat qilamiz.
"Urbatagirk" - armanlarning birinchi bosma kitobi
Armaniston poytaxti Yerevan shahrida joylashgan Milliy kutubxona o‘zining ko‘hna va navqiron tarixiy faoliyatiga egaligi bilan boshqalaridan ajralib turadi. Kutubxonaga 1832 yil Yerevan gimnaziya maktabi kitob g‘aznasi bahonasida asos solingan bo‘lib, dastlabki yillarda kitoblar g‘oyatda kam edi. 1843 yilda kutubxona har tomonlama kengaytirilib, unga mashhur arman yozuvchisi Xachatur Abovyanning nomi berildi. Ushbu ziyo maskani yillar davomida jadallik bilan turli sohalarga taalluqli ilmiy qo‘llanmalar, badiiy kitoblar, majmualar, publitsistik asarlar, nodir qo‘lyozmalar bilan boyib bordi.
Armaniston Milliy kutubxonasi ayni paytda faqatgina MDHda emas, butun dunyoda eng badavlat, eng yirik kutubxonalardan biri sanaladi. Undagi ulkan javonlarda turli bosmaxonalarda chop etilgan 6,5 mln.ga yaqin kitob saqlanadi. Bundan tashqari, elektron katalogiga 417250 dona kitob matnlari kiritilgan. Armanistonning milliy boyligiga aylanib qolgan, 1512 yilda Venetsiya shahrida chop etilgan arman tilidagi birinchi bosma kitob - "Urbatagirk", 1695 yilda Amsterdamda bosilgan Birinchi arman geografik xaritasi, 2172 ta eng qadimgi arman matbaachiligi, 1341 ta eng qadimgi rus matbaachiligi, 4149 ta ingliz va frantsuz matbaachiligi bilan bog‘liq yodgorliklar qaysidir ma'noda kitobxonani yarim muzeyga aylantirgan. Demakki, Milliy kutubxonaga mahalliy o‘quvchilar bilan birga sayyohlar ham tashrif buyurib turishadi.
Kutubxona xalqaro miqyosda kitob yig‘ish loyihasini birinchilardan bo‘lib ishlab chiqqan va amaliyotga qo‘llagan go‘sha hamdir. U ayni kunda 33 ta davlatning 133 ta nashriyotlari, kitob sotuvchi tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Milliy kutubxona mutasaddi vakillari Tbilisi, Moskva, Berlin, Toshkent, Boston, Oslo, Glazgo singari yirik shaharlarda o‘tkazilgan konferentsiyalarda qatnashib, kutubxonalar istiqboliga tegishli fikr-mulohazalarini, takliflarini bayon etib keladi. Armaniston Milliy kutubxonasida 335 nafar xodim kitobxonlarning talablarini qondirish, kerakli kitoblarni keltirib berish, yangi a'zolarni ro‘yxatga olish, binoning diqqatga sazovor ob'ektlarini qo‘riqlash va boshqa yumushlarga safarbar etilgan.
Arman kitobxonasining nufuzi azaldan juda yuqori bo‘lgan, hatto Moskva shahrida istiqomat qiluvchi olimlar izlagani o‘zlarida topilmaganligi tufayli ko‘plab qimmatli vaqtlarini aynan shu kutubxona o‘quv zallarida o‘tkazishga majbur bo‘lgan. 1990 yil kutubxonaning nomi o‘zgartirildi va endi u X.Abovyan nomidagi emas, Aleksandr Myasnikyan nomidagi Milliy kutubxona (www.nla.am) deb yuritiladigan bo‘ldi.
MDHning eng boy kutubxonasi
Belorus markazi Minsk shahridagi kutubxonada shu qadar kitob ko‘pki, xayolingizga kelgan asar nomini aytsangiz, zum o‘tmay keltirib berishadi! 1921 yilda tashkil etilib, 1922 yil 15 sentyabrdan keng kitobxonlar ommasiga ziyo sochish bilan shug‘ullana boshlagan Milliy kutubxonada bugun zamonaviy bosmaxonalarda chop etilgan 8 147 564 ta kitob mavjud bo‘lib, ular safi yildan-yilga boyib bormoqda.
Kutubxona binosi uchun 112670 kvadrat metr maydon ajratilgan, imorat balandligi 72 metrni tashkil etadi. 2000 nafar o‘quvchi uchun mo‘ljallangan 20 ta o‘quv zalida kitobxonlarga 499 nafar xodim malakali xizmat ko‘rsatadi. Kitobxona faqatgina o‘quv zalidan iborat emas, u yerda elektron mutolaa xonalari, oshxona, maxsus kitob do‘koni, kitoblarni manzillar bo‘yicha izlashga ixtisoslashgan internet tizimiga ulangan kompyuter xonasi va boshqa turdagi xizmat ko‘rsatish auditoriyalari mavjud bo‘lib, ular ko‘pincha talabalar bilan gavjum bo‘ladi.
Zamona zayliga shiddat bilan moslashib borayotgan Belorus Milliy kutubxonasi o‘z saytiga ega (www.nlr.by). Unda kutubxona tarixiga, fidoyi xodimlari faoliyatiga, faol o‘quvchilar hayotiga bog‘liq ko‘plab ma'lumotlar kiritilgan. Kutubxonaning davrga osonlikcha moslashishida tarixiy shart-sharoitning ham muhim o‘rni bor. O‘tmishda u sobiq ittifoq davlatlari olimlari tomonidan kashf etilgan informatika sohasiga doir hujjatlar, arxiv materiallari saqlanadigan maxfiy ob'ekt bo‘lgan. Ehtimol shu sababli ham uning avtomatlashtirilishi, elektron dunyoga qo‘shilishi oson kechgandir.
Kutubxona tarixiy ahamiyati jihatidan ham ko‘plab mashhur turdoshlaridan qolishmaydi. Uning kitob javonlarida hozirgi kunda naqd 60 ming qo‘lyozma kitoblar saqlanmoqda, ular ichida yuqori qiymat va nufuzga ega, slavyanlar va ulardan kelib chiqqan xalqlar etnografiyasiga, madaniyatiga, ma'naviyatiga tegishli asarlar juda ko‘p. Har bir milliy kutubxonada o‘zi ishlab chiqarishi uchun mo‘ljallangan nashriyotlar faoliyat yuritadi. Belorus Milliy kutubxonasi nashriyotida har yili o‘nlab yangi-yangi kitoblar, ilmiy-metodik qo‘llanmalar, she'riy, nasriy, falsafiy asarlar bosiladi.
"Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon"
Gruzin xalqida ajoyib bir an'ana bor: qiz uzatayotgan oila farzandining sepiga Shota Rustavelining (nomi yuqoridagi sarlavhada bitilgan) ajoyib asari(1712 y.)ni qo‘shib berishlari shart. Emishki, unda Gruziyaning qadim madaniyati, tili, dinu e'tiqodi, qahramonliklari va kamchiliklari bekamu ko‘st aks ettirilgan. Ana shu kitobning ilk asl nusxasi Tbilisi shahrida I.Chavchavadze nomidagi Gruziya milliy parlamenti kutubxonasi(GMPK)da saqlanadi. Kutubxona sayti: www.nplg.gov.ge. GMPKga 1846 yilda asos solingan. Kutubxonaning ilk ko‘rinishi qanday bo‘lganligi haqida aniq ma'lumotlar yo‘qligi uchun bugungi ahvoli haqida to‘xtalishni ma'qul topdik.
Kutubxona aholiga ziyo tarqatishdan tashqari davlat miqyosidagi hujjatlarni ham saqlaydi, uning hujjatlar bo‘limida ikki yuz mingga yaqin nodir qo‘lyozmalar, osori-atiqalar mavjud va ularning hammasi Gruziyaning milliy boyligidir. Kutubxonada ulug‘ gruzin yozuvchilari I.Chavchavadze, N.Nikoladze, Ye.Veydenbauma, N.Gextmana, D.Chubinashvili, R.Eristavi, D.Bakradze va I.Gogebashvilining barcha asarlari bor, bundan tashqari, A.Pushkinning ayrim qo‘lyozmalari, Yermakova hamda Roinishvilining fotogaleriyasi, IX asrga tegishli "Ierusalimskiy kanonar", XIII asrga taalluqli "Yevangeliya" asari qo‘lyozmalari, 1629 yil Rimda chop etilgan "Gruzincha-italyancha lug‘at" kitobi ham kutubxonaning bebaho mulki hisoblanadi.
7,5 mln. ta kitobga ega kutubxonaning 630 o‘ringa mo‘ljallangan 10 ta o‘quv zali doimo turli toifadagi kishilar bilan gavjum bo‘ladi. Kutubxonaga 12 ming 786 nafar kishi a'zo bo‘lgan, yo‘l-yo‘lakay "kirib-ketuvchilar" bir yilda 400 000 nafarni tashkil etsa, har yili o‘rtacha 955 980 ta kitob varaqlanadi. GMPKda vaqti-vaqti bilan xalqaro konferentsiyalar, dolzarb mavzularga bag‘ishlangan ilmiy anjumanlar ham uyushtirib turiladi. O‘tgan yillar davomida AQSh, Germaniya, Rossiya, Litva davlatlaridan kelgan mutaxassislar hamkorligida bir qator loyihalar ishlab chiqildi va ular hozirgi kunda amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Ziyo maskani muntazam ravishda shug‘ullanuvchi yumush bu - o‘z g‘aznasiga yangi chop etilgan kitoblar, gazeta-jurnallar, fotolar, audio-videokassetalar, xaritalarni qo‘shishdan iboratdir. GMPK har yili 297 nomdagi jurnalga obuna bo‘ladi, ularning 155 tasi rus tilida, 57 tasi ingliz tilida, 50 tasi gruzin tilida, 22 tasi frantsuz tilida va 13 tasi nemis tilida. Bunga qo‘shimcha ravishda 60 ta gruzin tilidagi gazetalarga va 50 ta ruscha nashrlarga obuna bo‘ladi. Shuni alohida ta'kidlab o‘tish joizki, Gruziyada kutubxonaga a'zo bo‘lish, xizmatlardan foydalanish bepul, bu narsa qonun bilan himoyalanadi!
O‘zbekning kechmishi ko‘chgan nurxona...
1870 yilda tashkil topgan Toshkent xalq kutubxonasida dastlabki yillarda 1200 nomdagi 2200 jildlik qo‘lyozma va bosma kitoblargina bor edi. Ammo shunga qaramay, xalq kutubxonasi Markaziy Osiyo mintaqasida yagona va eng yirik tafakkur tarqatish o‘chog‘i bo‘lib kelgan.
Kutubxonaning uzoq yillik tarixi qatlarida yuzlab siymolarning mehnati, mashaqqati zohir. Ular elma-el kezib, kezi kelganda uyma-uy kirib, madaniyatimiz, ma'naviyatimizga daxldor asarlarni izlashgan, xorijiy tillarda bosilgan qo‘lyozmalarni o‘zbekchalashtirgan. Kutubxonaning ramziy to‘ridan joy olgan asarlar ichida nafaqat ota-bobolarimizning nodir ijod mahsullari, balki o‘zga millat vakillarining ham bitiklari nomi qayd etilgandir.
Eng qimmatli yodgorliklar sifatida aynan Usmonli turk davrida ko‘chirilib, xon saroyidagi kutubxonada saqlangan "Usmon Qur'oni" (yaqindan boshlab poytaxtimizdagi Hastimom masjidida saqlanmoqda), N.I.Veselovskiyning Samarqand shahri va Go‘ri Amir maqbarasiga taalluqli ma'lumotlar bitilgan me'moriy yodgorligi, chorizm qo‘shinining yurtimizga bostirib kirib, o‘lkani talon-taroj qilganligidan guvohlik beruvchi hujjatlarni keltirib o‘tish mumkin.
1920 yilning may oyida Toshkent xalq kutubxonasiga Davlat kutubxonasi maqomi berildi. Oradan to‘rt yil o‘tgach, 1924 yil 26 dekabrda Turkiston davlat kutubxonasi O‘rta Osiyo kutubxonasi nomini oldi. Yana ko‘p o‘tmasdan, O‘zbek Davlat kutubxonasi degan atama ostida faoliyatini davom ettira boshladi.
1948 yilning may oyida kutubxona tarixida unutilmas voqea ro‘y berdi, Ikkinchi jahon urushi sababli orqaga surilib kelgan buyuk shoir Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligi munosabati bilan muassasa nomi yana bir bor o‘zgartirildi: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek Davlat kutubxonasi! Bu o‘sha yillardagi o‘zbek xalqi, millati qo‘lga kiritgan eng katta yutuq edi. 1930 yildan deyarli 1956 yilgacha kutubxona uchun sho‘ro hukumatining "tashqi olam"dagi siyosiy holati tufayli xalqaro munosabatlar mavzusi "eshiklari" yopildi va tabiiyki, turkistonliklar faqat ruscha va mahalliy tilda chop etilgan kitoblarnigina qabul qilishga, kitobxonlarga tavsiya etishga majbur bo‘ldi. 70-yillarda esa aholining kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishi oshdi va kutubxonadan boshqa joylardan ham kitoblarni topib o‘qish mumkinligini anglab yetdilar. Shuning uchun totalitar tuzum ma'murlari kutubxonada xalqaro munosabatlarning qayta tiklanishiga monelik qilolmadi va Bolgariya, Germaniya, Vengriya, Polsha, Ruminiya, Chexoslavakiya (hozirgi Chexiya va Slovakiya), keyinchalik AQSh, Frantsiya va Yaponiya singari davlatlardagi jahonga tanilgan kutubxonalar bilan "kitob almashtirish" borasida hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.
Shukrki, xalqimiz 1991 yil azaliy orzusi - istiqlol sururiga yetishdi. Ko‘plab nuragan, qattol tuzum ta'qiblaridan vayron holatga kelib qolgan madaniy yodgorliklarimiz qatori Milliy kutubxonamizga ham ayricha ahamiyat qaratildi. Kitoblar soni sezilarli darajada ortdi. Bir vaqtlar rus tilida bo‘lgan, Sharq aholisi uchun mutlaqo yetti yot madaniyat, kommunizm mafkurasi singdirilgan asarlardan xoli etilib, o‘rniga ulug‘ ajdodlarimizning atayin chang ostiga tashlangan jabrdiyda asarlari muhrlangan kitoblar keltirilib, adolat tarozusi tiklandi. Endilikda kitobxonlar bu yerda xohlagan muallifning istalgan kitobini o‘qishlari mumkin.
Kutubxonaga har yili kitobxonlarning o‘rtacha qatnashi 500 000 atrofida, o‘qiladigan kitoblar taxminan 1 mln. 700 mingtani tashkil etmoqda. Darvoqe, Milliy kutubxonaning veb-sayti ochildi: www.natlib.uz. Unga muassasaga taalluqli ko‘plab qimmatli ma'lumotlar joylashtirilgan bo‘lib, bosh vazifasi quyidagicha belgilab olingan: milliy hujjatlarning eng to‘liq to‘plamini, shuningdek, insoniyat bilimlarini, eng avvalo, O‘zbekistonga va uning milliy manfaatlariga tegishli bo‘lgan ilmiy ahamiyatli materiallarning universal fondini to‘plash, saqlash va jamiyat foydalanishi uchun taqdim etish. Kutubxonada asosan beshta fond-bo‘lim mavjud, ular - nota nashrlari, ovozli yozuvlar fondi(230 ming), matbuot nashrlari saqlash fondi(7 mln.), depozitlar saqlash bo‘limi(260 ming), xorijiy tillardagi adabiyotlar saqlanadigan fond (350 ming), bibliografik ma'lumot nashrlari fondi(35 ming)dan iborat. Qo‘shimcha ma'lumot tarzida aytish mumkinki, Milliy kutubxonamiz respublikamizda chop etiladigan 150 ga yaqin gazeta va jurnallarga, 45 dona xorijiy matbuotga obuna bo‘lgan. Yuqoridagi fondlar har yili uzluksiz ravishda materiallar bilan boyib bormoqda.
Hozirgi kunda kutubxonaning umumiy xazinasida dunyoning 75 tilidagi 10 mln.dan ortiq nusxa hujjatlar mavjud bo‘lib, ularning 3 mln.dan ziyodrog‘i mahalliy matbuot nashrlari, 2 mln.ga yaqini esa texnika adabiyotlari va ilmiy-texnika hujjatlaridir. Kutubxonaning umumiy fondiga har yili 15-20 ming nusxa adabiyotlar qo‘shiladi. Sayyoramizning 24 davlatidagi (Malayziya, Rossiya, Latviya, Litva va boshqalar) 30 dan ko‘proq tashkilot kitob almashish masalasida Milliy kutubxonamiz bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Bundan tashqari, kutubxona YuNYeSKO, IFLA, Yevroosiyo kutubxona Assambleyasi, Elektron kutubxonalar va yangi axborot texnologiyalaridan foydalanuvchilar hamda ishlab chiqaruvchilar xalqaro Assotsiatsiyasi bilan rasmiy ishlar yuzasidan do‘stona munosabatlarni yo‘lga qo‘ygan.
Abay boboning kitobxonlari
Qozog‘istonda ikkita Milliy kutubxona bor ekan: 2004 yil 23 aprelda prezident N.Nazarboev tashabbusi bilan ochilgan Qozog‘iston Milliy akademik kutubxonasi va 1910 yilda asos solingan Qozog‘iston Milliy kutubxonasi(QMK). Ammo birinchisi hali kitob zahirasiga ega emas, shu bois ikkinchi kutubxonani ta'riflashni afzal bildik.
Qozoq xalqining otashin millatparvar shoiri Abay nomi O.Jondasov, A.Pushkin nomlari eslanganda nima uchundir unutildi?! Aks holda, ushbu kutubxona ularning nomi bilan emas, aynan Abay boboning ismi bilan atalishi kerak emasmidi... Bu ham yetmagandek, Milliy kutubxona 1981-1994 yillar oralig‘ida Rossiya Federativ Respublikasiga vaqtincha sotib yuborilgandi. Lekin bu tarixiy dalil gazetxonlarda mustabid davrda qozoqlar kitob mutolaasiga nisbatan sovuqqon kayfiyatda bo‘lgan, degan xulosani keltirib chiqarmasligi lozim. Ular shunga majbur etilgan, bu totalitar tuzumning millatlar ma'naviyatini bo‘g‘ishdagi "oddiy uslubi" edi, xolos!
Kutubxonaning umumiy maydoni 29 ming kvadrat metr, 2 qavatli binosi joylashgan hudud 20 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Unga 16 yoshdan oshgan fuqarolar a'zo bo‘lishi mumkin. Mabodo QMKga yo‘lingiz tushib qolsa, kitob o‘qishdan tashqari barcha turdagi xizmatlar uchun naqd pul to‘lash lozimligini unutmang.
280 nafar ilmiy xodim darajasidagi a'zoga ega kutubxona 5 752 400 bosma, 25 000 qo‘lyozma kitoblar sohibi hamdir. Ushbu kitob xazinasi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan muntazam ravishda aloqalar o‘rnatib keladi. Ilmiy anjumanlar, konfernetsiyalarda o‘zaro istiqbolli rejalar tuzadi, bunga albatta, bir mintaqada, bir tarixiy sharoitda shakllangan xalqlar ekanligimiz sababchi omildir. Ayniqsa, QMK "Oltin xazinasi"ga kiritilgan nodir asarlar ichida Navoiy bobomiz "Devon"ining 1649 yilda qayta ko‘chirilgan qo‘lyozmasi, Xoja Ahmad Yassaviy "Hikmatlar"i bitilgan beshta qo‘lyozma kitoblar biz uchun g‘oyatda qadrli yodgorlikdir. XII asrda qayta ko‘chirilgan "Qur'oni Karim" kitobi, Nizomiyning 1488 yilda ko‘chirilgan "Xamsa"si, Firdavsiyning turkiy tilga o‘girilgan "Shohnoma" asari qo‘lyozmalari borligi aksariyat hollarda kitobxonlar qiziqishining yana-da ortishiga sabab bo‘ladi.
Har ikki kunda kutubxonani 2-2,5 ming kishi ziyorat qiladi, umumiy a'zolari soni 671,1 ming nafar o‘quvchini tashkil etadi. Ushbu kutubxona haqida ko‘proq ma'lumot to‘plashni istovchi yoki elektron katalogidan kitob tanlab mutolaa qilmoqchi bo‘lgan yurtdoshlarimiz uchun QMK sayti: www.nlrk.kz.
Xulosa: MDH milliy kutubxonalarida integrasiya
Maqola so‘ngida aytish mumkinki, MDHdagi Milliy kutubxonalarda bugun har tomonlama integratsiyalashuv davom etmoqda. Bundan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad, jamiyatning ma'naviy boyligini oshirish, har bir millat vakilini ona yurtiga sadoqatli, munosib farzand sifatida tarbiyalash, jahon fan-texnikasi yutuqlari bilan aholini tanishtirish, o‘zaro do‘stlik, hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, mavjud munosabatlarni mustahkamlash, eng muhimi, kutubxonalardagi tarixiy qo‘lyozmalarni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashdan iboratdir. Shunday ekan, har bir kitobxon milliy kutubxonalarning kelajak avlod uchun bekamu ko‘st yetkazilishiga ma'lum ma'noda javobgardir. Zero, ajdodlar rohat-farog‘at suvlarini ichgan ilmu ziyo buloqlaridan avlodlar ham foydalanishlari shart!
Zohidjon Xolov,
“Ma’rifat” gazetasidan olindi