OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Men Marg’ilonman

Men jannatmonand O'zbekistonning so‘lim vodiylaridan biri bo‘lmish Farg‘ona o‘lkasining janubiy qismida, Oloy tog‘i etagida, Marg‘ilonsoy yoqasida, dengiz sathidan 475 metr balandlikda joylashganman. Iqlimim -mo‘'tadil. Iyul oyida o‘rtacha harorat 26 daraja musbat. Yanvar oyida esa, 3 yarim daraja manfiy. Umumiy yer maydonim 4 ming 83 gektar.

2002 yili aholim soni 183 ming 200 kishi edi. Nufusim yil sayin oshib bormoqda, shu yil aholim soni 200 ming kishiga yetishi kutilmoqda. 54 ta mahallam bor.

Xitoy yilnomalarida qayd etilishicha, miloddan avvalgi II-I asrlarda Farg‘ona mamlakatida 70 ta katta-kichik shahar bo‘lgan. Shulardan biri men - Marg‘ilonman. O'zbekiston Fanlar akademiyasi Yahyo g‘ulomov nomli Arxeologiya institutining maxsus ekspeditsiyasi 1994-1999 yillarda olib borgan tadqiqotlar bu fikrni tasdiqlaydi: arxeologik qazuv ishlarining tasdiqlashicha, Marg‘ilonsoy sohili bo‘ylab yuzlab gektar yerlar o‘zlashtirilib, dehqonchilik qilingan. Mashad degan mahallam o‘rnida bundan 2000 yil avval maydoni 20-25 gektarga teng markazim bo‘lgan.

Ma'lumki, jahon fanida qabul qilingan tamoilga ko‘ra biror aholi zich joylashgan maskanni shahar deb atash uchun kamida besh-oltita belgi bo‘lishi shart. Shahar bo‘sh va bo‘z joyda o‘z-o‘zidan birdaniga paydo bo‘lib qolmaydi. Avvalo, shahar o‘troq aholi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining ma'lum bosqichida shakllanadi. Bu chorvachilikdan dehqonchilikning ajralib chiqishi, dehqonchilikdan hunarmandchilikning, hunarmandchilikdan savdo-sotiqning ajralib chiqishi bilan bog‘liq. Htroq turmush tarzining vujudga kelishi shahar shakllanishida birinchi omil bo‘lsa, mehnat taqsimoti va qayta taqsimoti ikkinchi omildir. Mening Marg‘ilon degan nomim, dastlab arab geograflaridan Muqaddasiy asarida, so‘ngra "Boburnoma"da "Marg‘inon" shaklida tilga olingan. Lug‘aviy jihatdan "marg‘" - o‘tloq, ko‘kalamzor ma'nosini anglatadi.

Garchi rosmana shahar sifatida shakllanganimga 2000 yil to‘lgan bo‘lsa-da, hududimda sug‘orma dehqonchilik miloddan avvalgi IX asrdan boshlangan. Milodiy IX asrning ikkinchi yarmidan boshlab bag‘rimdagi zarbxonada tangalar zarb qilingan. Bu mening butun Farg‘ona mamlakati ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotida muhim o‘rin tutganimdan dalolatdir.

Qoraxoniylar sulolasi hokimiyat tepasida bo‘lganida ulkan shaharlardan biriga aylandim. Sohibqiron Temur va temuriylar davrida ham Farg‘ona vodiysidagi yirik shaharlardan biri edim. "Boburnoma"da mening 12 ta darvozam (Yormozor, Yoyilma, Yangiqo‘rg‘on, Toshloq, Nodirmat, Shahrixon, Yozyovon, Shomirza, Boltako‘l, Qo‘qon, Mashad, Surxtepa) borligi ko‘rsatib o‘tilgan. Shu jihatdan birodarim Shoshga o‘xshab ketaman.

Vujudga kelishim, shahar bo‘lib shakllanishim va bugungi kunda gullab-yashnab turishim mening nomim bilan ataluvchi Marg‘ilonsoy bilan chambarchas bog‘liqdir. Soyning uzunligi 45 kilometr. Hrtacha yillik suv sarfi - bir soniyada 5 kub metr suv oqib o‘tadi. Farg‘ona vodiysining Farg‘ona va Oxunboboev tumanlarining ekin maydoni va shu tumanlardagi qishloqlarni suv bilan ta'minlaydi.

* * *

Tarixiy haqiqatga asoslanib aytamanki, men o‘zining ulamolari, olimu shoirlari, qadimiy osori atiqalari bilan mashhur bo‘lgan shaharlardanman. hozirga qadar qadimiy yodgorliklarim haqida yozma manbalar va turli rivoyatu afsonalar saqlanib kelmoqda. Masalan, mening ham baland minoram bo‘lgan. Rus zobiti Filipp Yefremov 1782 yili Farg‘ona vodiysi orqali Koshg‘arga o‘tib keta turib, menda ham qo‘noq bo‘ladi. Markaziy bozorim yonida balandligi 40 sajen - 85 metr 30 santimetrli minoram borligini o‘z esdaliklarida yozib qoldirgan. 1808 yili savdo ishlari bilan kelgan sibirlik tatar savdogari Murtozo Fayzuddin ham bu minorani eslaydi. Bu minora haqida 1812-1813 yillari Qo'qon xonligida bo‘lgan hindistonlik sayyoh Mir Izzatullo va rus zobiti Filipp Nazarovning kundaliklarida ham qayd etib o‘tilgan. Filipp Nazarov minoramning 50 chaqirim uzoqlikdan ham ko‘rinib turishini alohida ta'kidlaydi.

Bundan to‘rt asrcha avval meni to‘rt tarafdan qurshab olgan, balandligi 12 metr, eni 3 metrdan iborat mudofaa devorim bo‘lgan. U XX asr boshlarigacha saqlanib kelgan.

Hozirgi kungacha yetib kelgan yodgorliklarim XVIII asrdan XX asr boshlarigacha qurilgandir. 1889 yilga oid statistik ma'lumotga ko‘ra, menda 57 ta madrasa, 21 ta qorixona, 433 ta maktab mavjud bo‘lib, ularda jami 8 ming 136 nafar tolibi ilm diniy va dunyoviy bilim olgan. Shuningdek, 243 ta masjid bo‘lgan. Madrasa, qorixona, maktab va madrasalarimning binolari o‘z davri me'morchiligi namunalaridir.

Mening hududimda 2003-2005 yillarda olib borilgan tadqiqotlar natijasida 30 dan ortiq muqaddas ziyoratgohlar mavjudligi aniqlandi. Xo‘ja Ma'oz, Pir Siddiq, Ko‘kmozor, Bobo, Safilto‘da, Savdo kushoyish ziyoratgohlari shular jumlasidandir.

Bularda mening olis va yaqin o‘tmishim o‘z ifodasini topgan. Masalan, Pir Siddiq ziyoratgohi yonidagi qabristonda xalq orasida shahid mozor nomi bilan mashhur bo‘lgan ikkita ziyoratgoh bor. Bu yerga amir g‘utayba ibn Muslim bilan VIII asrning boshlarida islom dinini yoyishga kelgan fotihlar dafn etilgan.

Yoyilma degan mahallamda Xo‘ja Ma'oz ziyoratgohi joylashgan. Ma'lumki, Xo‘ja Ma'oz hazrat Muhammad payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vassalamning Farg‘ona o‘lkasiga islom dinini olib kelgan sahobalaridan biridir. Agar buyuk adib Abdulla g‘odiriyning "Htkan kunlar" degan romanini o‘qigan bo‘lsangiz, unda bosh qahramon Otabek Yusufbek hoji o‘g‘li bir kecha Xo‘ja Ma'oz qabristonida Alloh taologa nola qilib, tunni uyqusiz o‘tkazgani tasvirlanadi.

Shu ziyoratgoh yaqinida yana bir muqaddas mozor bor, undagi yodgorlikda Muhammad (s.a.v)ning soch tolalaridan saqlanadi, shuning uchun u Mo‘yi muborak deb ataladi.

Taniqli olim va ulamo Alixonto‘ra Sog‘uniyning yozishicha, payg‘ambarimiz (s.a.v) umrlari mobaynida to‘rt marotaba soch oldirganlar. Sochlarini sahobalar tabarruk qilib o‘zaro bo‘lishib olishgan. Muqaddas mo‘y islomning dastlabki asrlaridan boshlab butun musulmon mamlakatlariga olib kelingan va uni saqlash uchun maxsus binolar qurilgan. Keyinchalik bu binolar aholi tomonidan ziyoratgohga aylangan. Mo‘yi muborak muqaddas ashyo sifatida Pokiston, Turkiya, Eron, Hindistonning masjid, madrasa va muzeylarida saqlanmoqda. XVIII asrning oxiri XIX asr boshlarida yashab o‘tgan, Qo'qon adabiy muhitining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri shoir Ma'dan keltirgan ma'lumotga ko‘ra, Muhammad (s.a.v)ning soch tolalari XVII asrning yetmishinchi yillarida mening bag‘rimga olib keltirilgan. Xullas, men buyuk faqih Burhoniddin Marg‘inoniy kabi olimu fuzalolarga oltin beshik bo‘lib kelayapman.

Ko‘kmozor ziyoratgohim aholi orasida So‘gal mozor va Taqali mozor ham deyiladi. Ko‘kmozorni Amir Temur usta avliyo mulla Oxund mirzoga atab qurdirgan. Bu usta sohibqiron lashkari otlarini uzoq safar oldidan taqalagan. harbiy yurishdan zafar bilan qaytgan Amir Temur mohir taqachi bilan uchrashmoqchi bo‘ladi. Ammo usta bu vaqtda olamdan o‘tgandi. Sohibqiron uning xotirasiga bag‘ishlab maqbara qurdiradi. Keyinchalik bu qadamjo Ko‘kmozor nomi bilan xalq orasida mashhur bo‘lib ketadi. Bu ziyoratgohning Ko‘kmozor deb atalishiga sabab, uning koshinlari ko‘m-ko‘kligidir.

Ziyoratgohlarimdan yana biri - Savdo kushoyish mozori. Bu yerga ulug‘ faqih Burhoniddin Marg‘inoniyning shogirdi Xalfa Zar Eshon dafn etilgan. Bu mozor savdo va hunar ahlining ziyoratgohidir.

2000 yillik to‘yim nishonlanayotgan ekan, meni olamga tanitgan ulug‘ siymo Burhoniddin Marg‘inoniy va uning xotirasiga qurilgan yodgorlik majmui haqida to‘xtalmasam bo‘lmaydi. Bu buyuk zotning to‘liq ismi Abulhasan Ali ibn Abubakr ibn Abduljamil al-Farg‘oniy al-Rishtoniy al-Marg‘inoniydir. Dastlabki ilmni Rishtonda va menda olgan. Keyin Buxoro, Samarqand va boshqa shaharlarda tahsilni davom ettirgan. U ko‘p asarlar yaratgan. Uni butun islom olamida mashhur qilgan asari "Kitob al-hidoya" (qisqacha "hidoya") dir. Zero, bu kitob fiqh ilmi bo‘yicha eng aniq, izchil va mukammal asar.

Burhoniddin Marg‘inoniyning ilmiy merosi o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan va yo‘qotmaydi ham. Jahondagi ko‘p oliy o‘quv yurtlarida, jumladan, Toshkent Islom universitetida musulmon huquqshunosligi fanlari Burhoniddin Marg‘inoniyning fiqh ta'limoti asosida o‘rganilmoqda. Burhoniddin Marg‘inoniy vafotining 800 yilligi, tavalludining 910 yilligi (hijriy sana bo‘yicha) (2000) keng nishonlandi. Shu munosabat bilan mening markazimda Burhoniddin Marg‘inoniy yodgorlik majmui bunyod etilib, shu yerda uning ramziy maqbarasi o‘rnatildi. Bu yer mening gavjum ziyoratgohlarimdan biri bo‘lib qoldi. 2000 yillik to‘yim kunlari bu joy ziyoratchilar bilan yanada gavjum bo‘ladi, albatta.

* * *

Mamnuniyat va iftixor ila aytamanki, men azaldan adabiyot va san'at markazlaridan biri bo‘lib kelayotibman. Shoir va shoiralarim haqida gap ketganda, eng avval Uvaysiy - Jahon otin yodga tushadi. Andijon hokimi Rahmonqulning qizi Mohlar oyim - Nodira bu yerga kelin bo‘lib keladi - mening o‘sha vaqtdagi hokimim Umarxonga turmushga chiqadi, mashhur maktabdor Jahon otinga shogird tushadi, keyinchalik malika va yetuk shoira sifatida mashhuri jahon bo‘ladi.

Men o‘zbek san'atining oltin beshiklaridan biriman. Yusufjon qiziq Shakarjonov, Madali hofiz, Usta Olim Komilov, Muhiddin g‘oriyoqubov, Tamaraxonim, Gavharxonim, Lizaxonim, Nurxon Yo‘ldoshxo‘jaeva, Boltaboy Rajabov, Mamatbobo Sattorov, Mukarrama Turg‘unboeva, Boborahim Mirzaev, Saodat g‘obilova, Berta Davidova, Ma'murjon Uzoqov, Jo‘raxon Sultonov va boshqalar shu yerda kamolga yetishgan. Bugungi kunda ularning ishini iste'dodli va umidli izdoshlari muvaffaqiyat bilan davom ettirmoqdalar.

Men ayni paytda ma'naviyat, ma'rifat va madaniyat o‘chog‘iman. hozir menda 31 ta umumta'lim maktabi, futbol maktabi, 2 ta sport maktabi, "Istiqbol" gimnaziyasi, Milliy hunarmandchilik va aniq fanlar litseyi, 10 ta kasb-hunar kolleji, 36 ta maktabgacha ta'lim muassasalari ishlab turibdi. Ularda kelajagimni yaratuvchi fidoyilar tarbiya topmoqdalar.

168 ming kitobga ega 12 jamoat va bolalar kutubxonalari, 6 madaniyat uyi, memorial muzey, madaniyat va san'at muzeyi, "Nurxon" xalq teatri, madaniyat va istirohat bog‘i bor. Televidenie va radioeshittirishlar qo‘mitasi ishlab turibdi. "Marg‘ilon haqiqati" va "Turon shoyisi" gazetalari chiqarilmoqda.

1000 dan ortiq o‘ringa ega kasalxonalar, 2 tibbiyot sanitariya qismi, salomatlik markazi, tez tibbiy yordam markazi va boshqa tibbiy muassasalarda 420dan ortiq vrach, 1 ming 560 ga yaqin o‘rta tibbiy xodim xizmat qilmoqda. "Atlaschi" va "Turon" stadionlari, 33 sport zali, ko‘plab voleybol, basketbol va futbol maydonlari, 3 bolalar va yoshlar sport maktabi bor. 56 ta jismoniy tarbiya jamoasida 43 ming nafardan ziyod yoshlar shug‘ullanmoqda.

Meni qo‘li gul hunarmandlar shahri, deydilar. Darhaqiqat, men asrlar davomida "Ipak yo‘li" shahri ekanligimni saqlab kelayapman, aholim doimo ota-bobolari udumiga sodiq bo‘lib keldilar. Menda og‘ir sho‘rolar zamonida ham bironta hunar turi yo‘qolib ketgani yo‘q. Oilaviy hunarmandchiligimni havas qilsa arziydi. Usta ham, shogird ham, hunarmand ham baqamti ishlaydi. Menda ayniqsa do‘ppido‘zlik, tandirchilik, misgarlik rivojlangan. Lekin mening atlasim, shoyi gazlamalarimga taraf yo‘q.

 "Ma'rifat" gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.